TURK TILIDA RANG BILDIRUVCHI SIFATLARNING ORTTIRMA
DARAJA SHAKLLARI
SUPERLATIVE DEGREE FORMS OF COLOR ADJECTIVES IN THE
TURKISH LANGUAGE
ФОРМЫ ПРЕВОСХОДНОЙ СТЕПЕНИ ПРИЛАГАТЕЛЬНЫХ
ОБОЗНАЧАЮЩИХ ЦВЕТА В ТУРЕЦКОМ ЯЗЫКЕ
https://zenodo.org/records/20666939
Selma Ozan Yujel
Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti
mustaqil izlanuvchisi,
Oriental universiteti tillar-2 kafedrasi Stajyor-o‘qituvchisi
Tel.:+998 97-726-94-96
E-mail: selmaozan702@gmail.com
https://orcid.org/0009-0009-0017-1321
Annotatsiya. Ushbu maqola turk tilidagi rang bildiruvchi sifatlarning orttirma
darajasi (pekiştirme) shakllarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Maqolada rang
sifatlarining orttirma darajasi hosil qilishning birinchi usuli sifatning oldiga /m/,
/p/, /r/, /s/ undoshlari qo‘shilishi orqali (fonetik-morfologik vosita), ikkinchi usuli
esa so‘z takrorlanishi (reduplikatsiya) va /mi/ so‘roq yuklamasi orqali amalga
oshishi misollar bilan ko‘rsatildi. Shuningdek, turk tilining zamonaviy badiiy
matnlaridan misollar keltirilib, rang leksemalarining ma’no intensivligi va
nutqdagi tasviriyligi izohlangan. Tadqiqot natijalari turk tilida orttirma darajadagi
rang sifatlarini shakllantirishning morfologik, fonetik va sintaktik imkoniyatlarini
tushunishga xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: Rang, sifat, orttirma daraja, pekiştirme, fonetik-morfologik
vosita, reduplikatsiya, mi so‘roq yuklamasi.
Annotation. This article is dedicated to the study of the intensive degree
(pekiştirme) forms of color adjectives in the Turkish language. The article
demonstrates, with examples, that the first method of forming the intensive degree
involves adding the consonants /m/, /p/, /s/ before the adjective (a phonetic-
morphological device), while the second method is realized through word
repetition (reduplication) and the /mi/ interrogative particle. Additionally, historical
and contemporary Turkish texts are analyzed, explaining the semantic intensity of
color lexemes and their expressiveness in speech. The results of the study
contribute to understanding the morphological, phonetic, and syntactic
mechanisms for forming intensive color adjectives in Turkish.
Key words: Color, adjective, comparative degree, intensification, phonetic-
morphological device, reduplication, “mi” interrogative particle.
Аннотация. Данная статья посвящена изучению форм усиленной
степени (pekiştirme) прилагательных цвета в турецком языке. В статье с
примерами показано, что первый способ образования усиленной степени
осуществляется путём добавления согласных /m/, /p/, /s/ перед
прилагательным (фонетико-морфологический приём), а второй способ
реализуется через повторение слова (редупликация) и вопросную частицу
/mi/. Кроме того, анализируются исторические и современные турецкие
тексты, поясняя семантическую интенсивность цветовых лексем и их
изобразительную выразительность в речи. Результаты исследования
способствуют пониманию морфологических, фонетических и
синтаксических механизмов формирования усиленной степени
прилагательных цвета в турецком языке.
Ключевые слова: Цвет, прилагательное, степень усиления, усиление,
фонетико-морфологическое средство, редупликация, вопросительная
частица «ми».
KIRISH
Har bir madaniyatda ranglar muayyan ramziy va semantik ma’nolarni
ifodalaydi. Turli madaniyatlarda ranglarning kasb etgan ma’nolari hamda ularning
tarixiy jarayon davomida qanday o‘zgarib borganini aniqlash uchun madaniy
merosga oid yozma va og‘zaki manbalarni tarixiy davrlardan boshlab hozirgi
davrgacha izchil tahlil qilish zarur. Turklar qadimdan ranglarga farqli ma’nolar
yuklagan. Shu bilan birga rang mavzusi turli jabhada tadqiq etilishi mumkin
bo‘lgan dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ranglar ijtimoiy hayotda ramz
sifatida milliy madaniyatni o‘zida aks ettirar ekan, jamiyatdagi shaxslarning his-
tuyg‘ularini yetkazib berishda, ifodalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, rang bildiruvchi leksemalarning orttirma daraja shakllari nutqda
hissiyot va tasviriylikning intensivligini oshirish orqali semantik va ekspressiv
effekt yaratadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur maqolada turk tilidagi rang bildiruvchi leksemalarning orttirma
darajalarini fonetik, morfologik, sintaktik usullarda hosil qilinishini dalillash
maqsadida turk tilidagi rang bildiruvchi leksemalarning orttirma darajalarini
o‘rganish vazifasi qo‘yilgan. Tilshunoslikda rang bildiruvchi leksemalarning
lingvistik tabiati, nutqda qo‘llanilish darajasi tadqiq etilgan. Chunonchi, ingliz
tilida rang bildiruvchi leksemalarning lingvistik tahlili N.Kemertelidze,
M.Giorgadze (2023), N.Hansen, E.Chemla (2017) kabilar tomonidan olib borilgan.
Shu bilan birga, L.Cheung, L.Zhang (2016) maqolasi ingliz tilidagi sifatlarning
qiyosiy va orttirma darajalari uchun sintetik (-er, -est) va analitik (more, most)
shakllar o‘rtasidagi tanlov nimaga bog‘liq ekanini tushuntirishga qaratilgan. Turk
tilshinosligida Şahin H., Arzybaeva Z (2018) rang nomlarining orttirma daraja
hosil qilishi yuzasidan Qirg‘iz tili bilan Turk tilining qiyosiy tahlili olib borilgan.
Y.Çürük esa turk tilidagi rang nomlari hamda rang leksemalariga qo‘shiladigan
qo‘shimchalar tadqiqini olib borgan. O‘zbek tilshunosligida esa sifatlarda orttirma
daraja tahlili A.Ibodullayeva., O.K.Xakimbayevalar tomonidan olib borilgan.
Tadqiqot ishida ingliz va o‘zbek tili miqyosida sifat so‘z turkumining darajalanishi
haqida ma’lumotlar berilib o‘tilgan. Rang fenomenining izohi sifatida hamda
ranglarning plastik ko‘rinishdan tashqari madaniyatda ramziy ma’nolarni kasb
etishini S.Y. Ozan (2025) o‘z tadqiqotlarida ta’kidlab o‘tgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqola mavzusini yoritishda fonologik, morfologik,sintaktik va leksik-
semantik tahlil usullaridan foydalanildi. Turk tilida rang bildiruvchi
leksemalarning sifat so‘z turkumi doirasida orttirma daraja hosil qilishini o‘rganish
uchun mazkur tildagi asosiy ranglar ko‘rib chiqildi. Jadvallar asosida tahlili olib
borildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Til inson tafakkuri, madaniyati va dunyoqarashini aks ettiruvchi muhim
ijtimoiy hodisadir.Til nutqni tashkil etib, fikr, his-tuyg‘u, istak kabilarni
ifodalashda xizmat qiladigan fonetik, leksik va grammatik vositalar tizimidir, shu
bilan birga kishilar orasida asosiy va eng muhim aloqa-aralashuv, fikrlashuv quroli
bo‘lib xizmat qiladigan ijtimoiy hodisadir (Hojiyev A., 2002:105). Har bir til
o‘zining leksik va grammatik tizimi orqali borliqdagi predmet va hodisalarni
ifodalaydi. Shu jihatdan sifatlar predmet belgisini bildiruvchi so‘zlar turkumi
bo‘lib, tilning muhim so‘z turkumlaridan biridir (Hojiyev A.,2002:91). Qolaversa,
ushbu termin turk tiliga arab tilidan o‘zlashgan bo‘lib, turk tilida önad deb
yuritiladi. Biroq sifat termini önad terminiga nisbatan kengroq qo‘llaniladi
(Hengirmen M.,1998:46). Shu bilan birga sifat predmetlarning turli belgilarini,
xususan rang, hajm, shakl va sifat xususiyatlarini bildiradi.
Rang yakka o‘zi xabar berishi, xatti-harakatlarni boshqarishi va inson
psixologiyasida kuchli ta’sirga ega bo‘lishi mumkin (Ozan S.Y., 2025y №6 (1)
:97).
Rang Ötüken lug‘atida, 1. Bir manbadan yoki biror jismdan qaytgandan so‘ng
ko‘zga keladigan yorug‘likning turli to‘lqin uzunliklariga bog‘liq holda ko‘zda
hosil qiladigan ajratuvchi sezgi. 2. Bo‘yoq moddasi. 3. Kundalik tilda qora, oq va
kulrangdan tashqari bo‘lgan spektr sezgilari sifatida keltirilgan bo‘lib, (Çağbayır
Y., 2007:3955) turk tilida “renk” tarzida qo‘llanilgan ushbu termin fors tilidagi
“rang” so‘zidan kelib chiqqan (Türkçe sözlük.,1983:988).
Shu bilan birga Turk tilining eski davrlarida rang so‘zi öng ( Ergin M.,
2011:108) va tüs (Arat R.R.,1979: 1257) ko‘rinishlarida ifodalangan. Hozirgi
kunga kelib mazkur so‘zlar Turk tilining faqat ayrim lahjalarida qo‘llaniladi
(Vasiliev Y., 1995:221., Yudahin F., 1988:852).
Ranglar orqali ifodalanadigan ma’nolar insondan insonga o‘zgarsa-da,
madaniyat va sivilizatsiya kontekstida bu mavzu bo‘yicha umumiy nuqtayi nazar
shakllangan. Ushbu nuqtayi nazarlarning shakllanishiga irq, geografiya, iqlim
sharoitlari, turmush tarzi, iqtisodiy sharoitlar, siyosat, tafakkur va e’tiqod kabi
ko‘plab omillar ta’sir qiladi (Eren A., 2008:32). Ko‘plab jamiyatlarda ranglar
ma’lum ma’nolarni anglatadi; masalan, qora rang odatda motamni bildiradi. Biroq,
ba’zi Sharqiy Osiyo mamlakatlarida motam rangi qora emas, balki oqdir. Qizil
rang ham odatda qon va urushni anglatadi (Aksan D., 2015:43).
Tabiatda ranglar nihoyatda xilma-xil bo‘lishiga qaramay, rangshunoslikda
sariq, qizil va ko‘k ranglar asosiy ranglar sifatida e’tirof etiladi. Mazkur
ranglarning asosiy ranglar deb belgilanishi ularning tabiatda nisbatan sof
ko‘rinishda uchrashi bilan izohlanadi. Shuningdek, boshqa ko‘plab ranglar aynan
shu uch rangning o‘zaro aralashuvi natijasida hosil bo‘lishi bilan tavsiflanadi
(Kavasoğlu R., 2021:18).
Biroq qora va oq ranglar, ranglar tizimida alohida xususiyatga ega. Fizik
jihatdan qaralganda, prizma yordamida oq nur ajratilganda turli ranglarga
bo‘linadi. Shu sababli oq rang barcha ranglarning yig‘indisi sifatida talqin qilinadi
va mustaqil rang sifatida emas, balki ranglar majmuasining birligi sifatida qaraladi.
Qora rang esa, aksincha, barcha ranglarni yutib yuborishi bilan tavsiflanadi; ya’ni u
yorug‘likning yo‘qligi yoki ranglarning mavjud emasligini ifodalaydi (Kavasoğlu
R., 2021:21).
Biror predmet yoki mavjudot belgi-xususiyatlarining ustunligi hamda eng
yuqori darajasi orttirma daraja (pekiştirme) sifatlari yordamida ifodalanadi
(Hengirmen M., 1998:134). Turk tilida rang bildiruvchi sifatlar orttirma daraja
shaklida turli morfologik va leksik vositalar orqali ifodalanadi. Ushbu jarayonda
eng ko‘p uchraydigan usullardan biri sifatning birinchi bo‘g‘iniga undosh qo‘shish
orqali hosil qilinadigan pekiştirme shakllaridir.
Ilk navbatda turk tilida sifatlarda orttirma daraja hosil qilish uchun sifatning
oldiga m, p, r , s undoshlaridan hosil qilingan bo‘g‘in keltiriladi. Orttirma
darajadagi sifatlar ot so‘z turkumidan oldin yokida keyin kelishi mumkin
(Hengirmen M., 1998:134).
“İncecik vazosunda, kıpkırmızı, upuzun saplı gül, ne de güzel bulmuştu
yerini” ( Türkali V.,2004:167) .
Muallif tarjimasi, “Ingichka vazasida, qip-qizil, upuzun sopli gul o‘z o‘rnini
naqadar chiroyli topgan edi.”
Mazkur kıpkırmızı so‘zida /p/ undoshi rang bildiruvchi leksemalar tarkibida
qo‘llanib, sifatning orttirma darajasini hosil qiluvchi fonetik vosita sifatida
funksional ahamiyat kasb etgan. Undoshlar vositasida hosil qilinadigan orttirma
daraja shakllanishida, avvalo, sifatning boshlang‘ich qismidagi dastlabki ikki harf
ajratib olinadi. So‘ngra talaffuz xususiyatlari hamda fonetik muvofiqlik asosida
/m/, /p/, /r/, /s/ undoshlaridan biri tanlanib, mazkur qismga qo‘shiladi va
leksemaning to‘liq shakli bilan birgalikda takrorlanadi. Natijada rang bildiruvchi
sifatlarda orttirma daraja ifodalovchi kuchaytirilgan shakl yuzaga keladi.
1-jadval
“P” undoshi orqali rang bildiruvchi leksemalarda orttirma daraja
kara p Ka+p+kara
sarı p Sa+p+sarı
kırmızı p Kı+p+kırmızı
turuncu p Tu+p+turuncu
kızıl p Kı+p+kızıl
ak p A+p+ak
gri p Gı+p+gri
“Parkın ağırdan yelle kımıldayan yemyeşil dalları ardından Boğaz
görünüyordu (Türkali V.,2004:406) .”
Muallif tarjimasi, “Parkning sekin esayotgan shamolda qimirlayotgan
yemyeşil shoxlari ortidan Bo‘g‘oz ko‘rinib turardi.”
“Yemyeşil” – bu “yashil” rang sifatining orttirma darajadagi shakli bo‘lib,
jumla ichida dal ya’ni shox so‘zini yanada yorqin va jonli rangda tasvirlash uchun
ishlatilgan. Bu yerda “yeşil” rangining ma’nosi takror va /m/ undoshi yordamida
kuchaytirilib, sifatning orttirma darajasi hosil qilingan.
2-jadval
“M” undoshi orqali rang bildiruvchi leksemalarda orttirma daraja
Beyaz m Be+m+beyaz
Yeşil m Ye+m+yeşil
Siyah m Si+m+siyah
Gök m Gö+m+gök
Zamonaviy Türk tilida /r/ undoshi orqali rang bildiruvchi leksemalarning
orttirma darajada hosil qilinishi kuzatilmaydi, bu fonetik vosita rang sifatlarini
kuchaytirish jarayonida ishlatilmaydi.
"Elindeki kitaba dönünce, ben, o şişik, mosmor gözlerin, hâlâ okuyabilmesine
şaşarak orada dikilip kaldım ( Pamuk O.,1991:288)."
Muallif tarjimasi, “Qo‘lidagi kitobga qayta qaraganida, men , shishgan,
ko‘kargan ko‘zlarning, hamon o‘qiy olishiga hayron bo‘lib tikilib qoldim.”
Ushbu jumlada mosmor ya’ni binafsharang leksemasi mo+s+mor tarzida
hosil qilingan bo‘lib, rangning intensivligi oshirilgan va vizual ta’siri orttirma
daraja hosil qiluvchi /s/ undoshi orqali kuchaytirilgan. sifatning orttirma darajasi
hosil qilingan.
3-jadval
“S” undoshi orqali rang bildiruvchi leksemalarda orttirma daraja
Pembe s Pe+s+pembe
Mor s Mo+s+mor
Mavi s Ma+s+mavi
Turk tilida orttirma darajani hosil qilishning ikkinchi usuli leksemaning
takrorlanishi orqali yasalishidir (Bangüoğlu T.,2024:287). Bunda rang bildiruvchi
leksemalar takror qo‘llanilishi orqali jumlada ot so‘z turkumi oldidan kelib
orttirma darajadagi sifatni hosil qiladi. Ranglarning barchasi ushbu ko‘rinishda
qo‘llanilishi mumkin. Misol tariqasida:
Balkona yaklaşıp baktı;çiseleyen yağmurlu kara kara bulutlarıyla gök,
esintili, çırpıntılı deniz hiç de çağrı yapmıyordu dışarılara ( Türkali V.,2004:280).
Muallif tarjimasi, “Balkonga yaqinlashib qaradi,mayin yog‘ayotgan
yomg‘irli qora qora bulutlari bilan osmon,shamol esib to‘lqinlanayotgan dengiz,
hech ham uni tashqariga taklif qilmayotgan edi”.
Berilgan gapda “kara kara” birikmasi rang bildiruvchi sifatning orttirma
(kuchaytirilgan) darajasini ifodalaydi. Ushbu shakl sifatning oddiy darajasi
(kara)ning takrorlanishi orqali hosil qilingan bo‘lib, bu jarayon turk tilida
reduplikatsiya (takrorlash) usuli sifatida izohlanadi.
Shu bilan birga turk tilida /mi/ so‘roq qo‘shimchasi orqali ham orttirma daraja
hosil qilish mumkin.
Yerden yeşil mi yeşil ot kopardı atın burnunu sildi (Kemal Y., 2022 :293).
Muallif tarjimasi, “Yerdan yam-yashil o‘t yuldi va otning burnini artti.
Jumladagi yeşil mi yeşil birikmasi rang sifatining ta’kidlovchi (ekspressiv)
shakli bo‘lib, takror + mi so‘roq yuklamasi orqali hosil qilingan. Mi so‘roq
yuklamasi turk tilida har doim so‘zdan ajratilgan holda yoziladi va singormanizm
hodisasiga rioya qiladi.
Turk tilida rang bildiruvchi sifatlarning orttirma darajasi nafaqat fonetik-
morfologik vositalar, balki takrorlash (reduplikatsiya) va /mi/ so‘roq yuklamasi
kabi sintaktik-ekspressiv usullar orqali ham ifodalanib, nutqning tasviriylik va
ta’sirchanlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Mazkur maqolada turk tilida rang bildiruvchi sifatlarning orttirma daraja
shakllari fonetik, morfologik va semantik jihatdan atroflicha tahlil qilindi. Tadqiqot
natijalariga ko‘ra, rang sifatlari til tizimida nafaqat predmet belgisini ifodalovchi
birlik sifatida, balki kuchli tasviriy va emotsional-ekspressiv vosita sifatida ham
muhim o‘rin egallashi aniqlandi.
Xususan, turk tilida rang sifatlarining orttirma darajasi bir necha usullar orqali
hosil qilinishi kuzatildi. Eng faol usullardan biri sifatning boshlang‘ich bo‘g‘iniga
/m/, /p/, /s/ undoshlaridan birini qo‘shish orqali hosil qilinadigan fonetik-
morfologik model ekanligi aniqlandi. Ushbu model orqali hosil qilingan shakllar
(kıpkırmızı, yemyeşil, mosmor va boshqalar) rangning intensivligini oshirib,
nutqning tasviriylik darajasini sezilarli ravishda kuchaytiradi. Shu bilan birga, /r/
undoshi orqali orttirma daraja hosil qilinmasligi zamonaviy turk tilining muhim
fonetik xususiyatlaridan biri sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari, rang sifatlarining orttirma darajasi reduplikatsiya
(takrorlash) usuli orqali ham hosil qilinishi (kara kara) hamda /mi/ so‘roq
yuklamasi yordamida ekspressiv-ta’kidlovchi shakl yuzaga kelishi (yeşil mi yeşil)
aniqlanib, ushbu usullar rangning semantik intensivligini oshirishda muhim
stilistik vosita ekanligi asoslab berildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, rang bildiruvchi sifatlarning orttirma daraja
shakllari turk tilining nafaqat grammatik, balki stilistik imkoniyatlarini ham
namoyon etadi. Ular badiiy matnlarda obrazlilikni kuchaytirish, vizual tasvirni
jonlantirish va muallifning subyektiv munosabatini ifodalashda muhim rol
o‘ynaydi.
Umuman olganda, rang sifatlarining orttirma darajasi turk tilining boy ifoda
imkoniyatlarini aks ettiruvchi muhim lingvistik hodisa bo‘lib, u fonetik,
morfologik va semantik qatlamlarning o‘zaro uyg‘unlashuvi natijasida yuzaga
keladi.
Natijada, turk tilida rang bildiruvchi sifatlarning orttirma darajasi tilning ifoda
imkoniyatlarini boyituvchi muhim lingvistik vositalardan biri ekanligi aniqlanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROYXATI:
1. Aksan D. (2015). Her yönüyle dil. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.
2. Arat R.R. (1979). Kutadgu Bilig. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınlar
3. Banguoğlu T.(2024).Türkçenin grameri. – Ankara:TDK. – Ankara.
4. Çağbayır Y. (2007). Ötüken türkçe sözlük. 5-x cilt. – Istanbul: Ötüken
neşriyat. – 5744 s.
5. Çürük Y.(2017) Türk dilinde renk adları ve renk adlarına gelen ekler //
Kitabevi yayınları. – S. 201-230.
6. Eren A. (2008). Bâkî divanında kırmızı renk/Atatürk Üniversitesi, Sosyal
Bilimler Enstitüsü Dergisi. – №37.– S. 31-68.
7. Ergin M.(2011). Orhun abideleri. –İstanbul:Boğaziçi yayınları. –188s.
8. Hengirmen M. (1998).Türkçe temel dilbilgisi. –Ankara:Engin. – 427 s.
9. Ibodullayeva A., Xakimbayeva O.K.(2022).Ingliz va o‘zbek tillarida sifat
so‘z turkumining ifodalanishi//Models and methods in modern science. – №1. – B.
28-30.
10. Kavasoğlu R.(2021). Renk. – Ankara: Iksad. – 85 s.
11. Kemal Y.(2022). Ince Memed. – 368 s.
12. Ozan S.Y. (2025). Ranglarning lingvomadaniy talqini va ramziy
mazmuni// Ta’limdagi ilmiy islohatlar va izlanishlarning Yangi O‘zbekiston
taraqqiyotidagi o‘rni va rivojlanish omillari. –№6 (1). – B.95-100.
13. Ozan S.Y. (2025). Olamning lisoniy manzarasida rang tadqiqi// Ta’limdagi
ilmiy islohatlar va izlanishlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni va
rivojlanish omillari. – №6 (1). – B.101-104.
14. Pamuk O.(1991). Kara kitap. – Istanbul: Şefik Basımevi. – 445 s.
15. Türkali V.(2004) Kayıp romanlar. – Istanbul: Everest yayınları. – 631 s.
16. Türkçe sözlük.(1983). Cumhuriyet Basımevi. – 669 s.
17. Vasiliev . (1995). Türkçe-Sahaca (Yakutça) sözlük. Ankara: Türk Dil
Kurumu Yayınları.–312 s.
18. Yudahin K. (1988).Kırgız sözlüğü (Çev.Taymas, A.), Ankara: Türk Dil
Kurumu Yayınları.– 815 s.
REFERENCES:
1. Aksan D. (2015). Her yönüyle dil. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları.
(In Turkish)
2. Arat R.R. (1979). Kutadgu Bilig. Ankara: Türk Dil Kurumu Yayınları. (In
Turkish)
3. Banguoğlu T.(2024).Türkçenin grameri. – Ankara:TDK. – Ankara. (In
Turkish)
4. Çağbayır Y. (2007). Ötüken türkçe sözlük. 5-x cilt. – Istanbul: Ötüken
neşriyat. – 5744 s. (In Turkish)
5. Çürük Y.(2017) Türk dilinde renk adları ve renk adlarına gelen ekler //
Kitabevi yayınları. – S. 201-230. (In Turkish)
6. Eren A. (2008). Bâkî divanında kırmızı renk/Atatürk Üniversitesi, Sosyal
Bilimler Enstitüsü Dergisi. – №37.– S. 31-68. (In Turkish)
7. Ergin M.(2011). Orhun abideleri. –İstanbul:Boğaziçi yayınları. –188s. (In
Turkish)
8. Hengirmen M. (1998).Türkçe temel dilbilgisi. –Ankara:Engin. – 427 s. (In
Turkish)
9. Ibodullayeva A., Xakimbayeva O.K.(2022).Ingliz va o‘zbek tillarida sifat
so‘z turkumining ifodalanishi//Models and methods in modern science. – №1. – B.
28-30. (In Uzbek)
10. Kavasoğlu R.(2021). Renk. – Ankara: Iksad. – 85 s. (In Turkish)
11. Kemal Y.(2022). Ince Memed. – 368 s. (In Turkish)
12. Ozan S.Y. (2025). Olamning lisoniy manzarasida rang tadqiqi //
Ta’limdagi ilmiy islohatlar va izlanishlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi
o‘rni va rivojlanish omillari. – №6 (1). – B.101-104. (In Uzbek)
13. Ozan S.Y. (2025). Ranglarning lingvomadaniy talqini va ramziy
mazmuni// Ta’limdagi ilmiy islohatlar va izlanishlarning Yangi O‘zbekiston
taraqqiyotidagi o‘rni va rivojlanish omillari. –№6 (1). – B.95-100. (In Uzbek)
14. Pamuk O.(1991). Kara kitap. – Istanbul: Şefik Basımevi. – 445 s. (In
Turkish)
15. Türkali V.(2004) Kayıp romanlar. – Istanbul: Everest yayınları. – 631 s.
(In Turkish)
16. Türkçe sözlük.(1983). Cumhuriyet Basımevi. – 669 s. (In Turkish)
17. Vasiliev . (1995). Türkçe-Sahaca (Yakutça) sözlük. Ankara: Türk Dil
Kurumu Yayınları.–312 s. (In Turkish)
18. Yudahin K. (1988).Kırgız sözlüğü (Çev.Taymas, A.), Ankara: Türk Dil
Kurumu Yayınları.– 815 s. (In Turkish)