SUG‘D YOZMA YODGORLIKLARI TARIXIY MANBA SIFATIDA
SOGDIAN WRITTEN MONUMENTS AS A HISTORICAL SOURCE
СОГДИЙСКИЕ ПИСЬМЕННЫЕ ПАМЯТНИКИ КАК
ИСТОРИЧЕСКИЙ ИСТОЧНИК
https://zenodo.org/records/20666982
Mansurov Uktamjon Nosirboevich
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy
pedagogika universiteti
Tarix fanlari nomzodi, professor
Tel: +998 90-933-64-76
E-mail: mansurov.u@tdpu.uz
Annotatsiya. Mazkur ilmiy maqolada sug‘d yozma yodgorliklarining tarixiy
manba sifatida o‘rganilishi tarixi, ularning O‘zbekistonning o‘tmish tarixini
o‘rganishdagi ahamiyati, mazmuni va mohiyati, Sug‘d hujjatlarini siyosiy,
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotga qay darajada ta’sir ko‘rsatganliging tarixiy
manba va adabiyotlar asosida tahlil etilgan. Sug‘dcha tarixiy yozma manbalarni
o‘rganish bo‘yicha XX asr davomida olimlar tomonidan bajarilgan ishlarning
tarixshunoslik tahlili, Sug‘d yozma yodgorliklarining mazmuni, vazifa va
maqsadlariga ko‘ra tasnifi berilgan.
Kalit so‘zlar: Yozma yodgorlik, tarixiy manba, tahlil, davriy chegaralar,
siyosiy munosabat, ijtimoiy hayot, mahalliy hokimlik, tashrif, diplomatik aloqalar.
Annotation. This scientific article analyzes the history of studying Sogdian
written monuments as historical sources, their significance in researching the past
history of Uzbekistan, as well as their content and essence. It also examines, based
on historical sources and literature, the extent to which Sogdian documents
influenced political, socio-economic, and cultural life. Furthermore, a
historiographical analysis of the studies conducted by scholars during the 20th
century on Sogdian written sources is presented, along with their classification
according to content, function, and purpose.
Keywords: Written monument, historical source, analysis, chronological
boundaries, political relations, social life, local governance, visit, diplomatic
relations.
Аннотация. В данной научной статье проанализирована история
изучения согдийских письменных памятников, как исторического источника,
их значение в исследовании прошлого Узбекистана, а также их содержание и
сущность. На основе исторических источников и литературы
рассматривается степень влияния согдийских документов на политическую,
социально-экономическую и культурную жизнь. Также представлен
историографический анализ работ, выполненных учёными в XX веке по
изучению согдийских письменных источников, и дана их классификация по
содержанию, функциям и целям.
Ключевые слова: Письменный памятник, исторический источник,
анализ, хронологические границы, политические отношения, социальная
жизнь, местная власть, визит, дипломатические связи.
KIRISH
Tarixni xolisona, ashyoviy dalillar va yozma manbalar asosida o‘rganish
muhim va murakkab vazifadir. Manbalar uzoq o‘tmishdan qolgan,tabiat va
jamiyatning ma’lum bosqichidagi kechmishni o‘zida aks ettirgan moddiy va
ma’naviy yodgorliklardir. Ayniqsa VI-XI asrlar oralig‘idagi o‘tmish tarixga nazar
solsak shunday bosqichlar bo‘lganki, ular jamiyat taraqqiyotining hayotiy
zaruriyati sifatida amal qilgan. Jamiyatning barcha qatlamlari bu jarayonning
rivojidan baravar manfaatdor bo‘lgan. Bu o‘rtada ilg‘or tendensiyalar va reaksion
qarashlar ziddiyatini harakatlantiruvchi omil sifatida u yoki bu xalq, millat va
jamiyatning yalpi rivoji yuzaga keladi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixining
qadimgi davri va ilk o‘rta asrlar bosqichiga tegishli ko‘plab muammolarni hal
qilishda sug‘d yozma yodgorliklarining boy va rang-barang ma’lumotlarini to‘la
jalb etgan holda ulardan xolisona xulosalar chiqarish muhim ahamiyatga ega.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ma’lumki, XX asr boshlarida Sug‘d va sug‘d xalqidan qolgan yozma
yodgorliklar kashf etilishi fanda sug‘dshunoslik nomi bilan ataluvchi tarixiy,
filologik, arxeologik, etnografik va boshqa bir qator sohalarni birlashtiruvchi ilmiy
yo‘nalishni yuzaga keltirdi. XX asr davomida sug‘dshunoslikda samarali
tadqiqotlar olib borildi. Bizga qadar faqat yodgorliklardagina yetib kelgan sug‘d
yozuvi va tili ilmiy ma’noda qiyosiy usul bilan qayta tiklandi. O‘nlab, yuzlab
katta-kichik sug‘d matnlari o‘qib izohlandi va ilmiy nashrlar yuzaga keldi. Eng
muhimi, ana shu ilmiy nashrlar orqali sug‘d yozma yodgorliklari tarixiy
manbashunosligi sohasi rivoj topa boshladi. Sug‘dcha manbalar turli ilmiy va
o‘quv adabiyotlariga jalb etila boshlandi. Mazkur ilmiy maqolada vazifalar yozma
manbalar asosida alohida o‘rganilayotgan mavzu sifatida tahlil etilgan bo‘lsa-da,
bir qator tarixiy manba va adabiyotlarda mavzuga doir ma’lumotlar keltirilgan va
qayd etilgan. Jumladan, В.А.Шишкиннинг «Афрасиаб – сокровищница
древней культуры» (1966), В.А.Лившицнинг «Надписи на фресках из
Афрасиаба» (1965), В.А.Лившицнинг «Правители Панча» (1979),
С.Г.Кляшторный ва В.А.Лившицнинг «Серебряный камень» (1983),
Р.Сулейманов, М.Исхаков, Ш.Ташходжаевларнинг «Древний Самарканд»
(1981), М.М.Исхаковнинг «Палеографическое исследование согдийских
письменных памятников» (1992) номли асарлари ва тадқиқотларида таҳлил
этилаётган масала доирасига оид маълумотлар келтирилган.
Sug‘d mamlakati haqidagi ilk manbalar talqini, sug‘d yozma yodgorliklari
asosida qilingan umumlashmalar va nazariy yechimlar, arxeologik manbalarni
izohlash va boshqalardagi turli-tumanlik, o‘zaro farqli, ba’zan esa zid fikrlarning
ko‘pligida ko‘zga tashlanadi. Jumladan, Sug‘dning davlat tuzumi masalasi, uning
tarkibiy qismlari (Buxoro Sug‘di, Qashqadaryo Sug‘di, Samarqand Sug‘di), ular
o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, Sug‘dning ilk o‘rta asrlarda Turk xoqonligi bilan
munosabatlari, mahalliy hokimliklarning o‘zaro pog‘onalashgan bordi - keldilar
kabilar. Bugungi kunda tarix fani biz o‘rtaga qo‘ymoqchi bo‘lgan masalalar
bo‘yicha ko‘p miqdordagi noyob sug‘d yozma manbalari majmuiga ega. Ular
sug‘d tilida yaratilgan ko‘plab hujjatlar, yozishmalar, axloqiy-falsafiy risolalar,
siyosiy, diplomatik, huquqiy, xo‘jalik hujjatlari kabilardir. Masalan VI-XI asrlar
sug‘d yozma yodgorliklariga nazar tashlasak quyidagilarga guvoh bo‘lamiz. Bu
davrda Sug‘d yozuvi taraqqiyotida va uning ijtimoiy vazifalari doirasining
kengayishini ko‘rish mumkin. Ayni shu davrdan hozirga qadar eng ko‘p miqdorda
yozma yodgorliklar yetib kelgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur ilmiy maqolada vazifalarni yozma manbalar asosida tarixiy-qiyosiy
tahlil va davrlashtirish, tarixiylik, xolislik, ma’lumotlarni tizimlashtirish kabi
tamoyil hamda usullardan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Sug‘d yozma yodgorliklarining katta guruhi Sharqiy Turkistonda VI-VII
asrlardan boshlab u yerda savdo ishlari bilan shug‘ullangan sug‘dlar orasida
buddaviy, suryoniy, moniy jamoalari ehtiyoji uchun yaratilgan axloqiy-falsafiy,
diniy asarlardan iborat. Ular madaniy va ma’naviy hayot tarixini o‘rganishda
muhim manbalardir. VI-VII asrlarda sug‘d yozuvi o‘zining ilk va o‘rta taraqqiyot
bosqichlarini bosib o‘tib, lapidar va yarim kursiv shakllaridan tez yozuv – kursiv,
yugurik shakllariga o‘ta boshlagan. Yozuvning hayot jarayonidagi dastlabki
ma’muriy, xo‘jalik va turmush zaruratlaridan kengroq ma’naviy vazifalari vujudga
keldi. Yozuv qo‘llanish zaruratining doirasi sertarmoq holga kirdi. Shu bilan birga
sug‘d yozuvining ishlatilishi ma’lum turkum yodgorliklarining yuzaga kelishiga
xizmat qildi. Masalan, VI-XI asrlar oralig‘ida ko‘plab monumental (xotirot)
yozuvlar yaratilgan. Bulardan alohida katta majmuani tashkil etuvchi Shatial
tashrifnomalarini ko‘rsatish mumkin. Holbuki, Shatial qoyalarida yozib qoldirilgan
sug‘dcha tashrif bitiklarining xronologik chegaralari milodiy II-III asrlardan
boshlansa-da, ularning so‘nggi xronologik chegaralari VI, hatto VII asr
boshlarigacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga olgan deb hisoblanadi (Humbach H., 1980:
201). Shatial sug‘diy bitiklarining dastlabki o‘rganilish bosqichida
X.Humbachning mazkur nashri alohida o‘rin tutdi. Unda Shatial
tashrifnomalaridan 136 yozuv ko‘chirmalari, o‘qilishi va ilmiy tasnifi joylashgan.
Keyinchalik ingliz olimi N.Sims-Williams tomonidan ushbu majmua qayta
o‘rganilib, salkam 1000 ta sug‘dcha tashrifnoma haqida ma’lumotlar yig‘ildi va
maxsus albomda ularning fotonusxalari chop etildi (Sims-Williams N., 1987: 133).
Shatial bitiklarining sug‘diy qatlami paleografiyasi M. M. Is’hoqov tomonidan
maxsus o‘rganilgan (Исхаков М. М., 1992: 184–192).
Shatial sug‘diy yodnomalarining tarixiy ahamiyati favqulodda qimmatlidir.
Ularni 1970-yillarning oxirida pokistonlik arxeolog va tarixchi A.Hasan Dani
hamda daniyalik etnograf olim Karl Jettmar Hind daryosining yuqori oqimidagi
yolg‘izoyoq tog‘ dovoni oldida joylashgan qadimiy buddaviy muqaddas manzildan
topishgan. Bu manzil o‘z davrida nafaqat sug‘d buddaviylari uchun, balki bu din
jamoalarining boshqa ko‘plab etnik guruhlari uchun ham ziyoratgoh hisoblangan.
U yerdagi ulkan xarsangtoshlar sirtiga buddaviy muqaddas namozgohlar, ya’ni
stupalar tasvirlari tushirilgan. Stupalar atrofida yuzlab sug‘d ziyoratchilarining
ismlari va kelgan ona yurtlari nomlaridan iborat nisbalarning yozib qo‘yilgani
sug‘d jamiyatida budda dini jamoalari qanday nufuzga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.
Masalan, nisbalar orasida Smarkandich (Samarqandlik), Maymirg‘ich
(Maymurg‘lik), Kashinak (Keshli), Puxarik (Buxorolik) va boshqalar bor. Bundan
tashqari, Shatial bitiklarida aks etgan shaxs ismlarining leksik-ma’no xususiyatlari
ham alohida onomastika va antroponimika tarixi uchun muhim manbadir.
Ziyoratchilar budda dinida bo‘lsalar-da, zardushtiylikka va uning mahalliy
ko‘rinishlariga xos ismlarga ega bo‘lganlar. Masalan, Chitbantak (“Oliy ruh
bandasi”), Uxshbantak (“Vaxsh ilohining bandasi”), Taxsichbandak (“Taxsich
ilohining bandasi”), Nandipar (“Nana ilohasi bergan farzand”), Aspg‘om Navsarj
o‘g‘li (“Ot poyqadami bilan yangi yilda tug‘ilgan bola”), ya’ni ot yilining boshida
dunyoga kelgan odam va hokazo. Ismlarni tahlil qilishga M.M.Is’hoqov alohida
e’tibor bergan. Ammo bu masalani maxsus o‘rganish zarurligicha qolmoqda.
Sug‘d tashrifnomalari turkumiga mansub yana bir yozma yodgorlik VII asr
Sug‘d davlatining tashqi aloqalari bilan bog‘liq Afrosiyob devoriy yozuvidir. Bu
yozuv VII asr o‘rtalariga oid podsholik saroyi devorlariga ishlangan (Шишкин В.
А., 1965: 21). Bu yozuvning mazmuni va izohlari В. А. Лившиц tomonidan e’lon
qilingan (Лившиц В. А., 1965: 13-17). Keyinroq Afrosiyob yozuvi mazmuniga bir
necha bor murojaat etilgan. Jumladan, 1980-yilda nashr qilingan «Древний
Самарканд» nomli ommabop kitobda bu yozuvga yana murojaat etilib, uning
birinchi o‘qilishiga jiddiy tuzatish kiritilgan (Сулейманов Р., Исхаков М.,
Ташходжаев Ш., 1980: 17). Xususan, unda dastlabki talqindagi “Xun podshosi
Varxuman” jumlasi xitoy manbalaridagi Samarqand podsholari sulolasi kelib
chiqqan urug‘ nomi – “Unash” urug‘i atamasi ekanligi qayd etiladi. Demak,
“Unash” urug‘iga mansub xonadon vakili podsho Varxuman deb izohlash
maqsadga muvofiqdir (Лившиц В. А., 1979: 29). Afrosiyob devoriy yozuvi
paleografik jihatdan ham maxsus o‘rganilgan va yozuvning matn qatorlari
yuqoridan pastga – vertikal yo‘nalishli tez yozuv xat turi deb ta’riflangan
(Исхаков М. М., 1992: 321). Afrosiyob devoriy yozuvi qimmatli tarixiy manbadir.
Unda 650-yillarning o‘rtalarida Sug‘d tarixiga oid Varxuman bilan diplomatik
aloqalarga kirishgan Chag‘oniyon hokimligining Burgzoda ismli vakili
rahbarligida Samarqandga kelgan elchilik tashrifi haqida ma’lumot saqlangan. Bu
esa o‘ziga xos diplomatiya tarixi voqeligidir.
Ilk o‘rta asr tashrifnomalaridan yana biri 762-yilga oid. U Uyg‘ur xoqoni Igi
Yag‘laqar buyrug‘i bilan Mo‘g‘uliston hududidagi Sevresomon nomli manzilda
tosh yuzasiga sug‘d xati bilan bitilgan. Yozuv Xitoy ustiga yurish davomida qo‘lga
kiritilgan g‘alaba haqidagi zafarnomadir. Sevresomon yozuvi ham birlamchi o‘qish
va izoh tarzida nashr etilgan (Кляшторный С. Г., Лившиц В. А., 1971: 32–34).
Sug‘d tashrifnomalarining yana bir yorqin namunasi X asr oxiri – XI asr
boshlariga oid Yettisuv va Talas vodiysida saqlangan qoyatosh bitiklaridir. Ularni
В. А. Лившиц 1-А, 1-Б, 2-А, 2-Б, 2-Г, 2-Е, 2-Ж raqamlari bilan belgilagan
(Лившиц В. А., 1981: 15–17). Tereksoy tashrifnomalari bu yerga muqaddas
manzil sifatida ziyorat uchun kelgan turklar tomonidan yozilgan. Bitikni yozishga
buyurgan shaxsning nomi Qoraxoniylar davri yirik arboblaridan biri Alp Tarxon
Kultegin deb o‘qilgan. Matn mazmunida uning yozilgan vaqti Xusrav yil hisobiga
bo‘yicha 275-yil deb ko‘rsatilgan. Bu sana Sosoniylarning so‘nggi podshosi
Yazdigird III joriy qilgan era – 632-yildan boshlangan. Avvalo, XI asr boshida,
aniqrog‘i 1007-yilda turk mansabdori Alp Tarxon Kulteginning sug‘d tili va
uyg‘urlashgan sug‘d yozuvidan xotirot tashrifnomasini yozdirishda foydalangani
alohida diqqatga sazovor hodisadir (Исхаков М.М., 1992: 321). Yana shu kabi
sug‘d tashrifnomalaridan biri Tereksoy yaqinidagi Qulonsoydan topib o‘rganilgan.
Bu yozuv ham turklar tomonidan, xususan Iltak Tartosh O‘runchur tomonidan
buyurilgan. Tereksoy va Qulonsoy bitiklari orasida turkiy ijtimoiy atamalardan
Tarxon, Chur, Xotun kabilar va bular qatorida turk amaldorlariga nisbatan xvanbu
kabi sug‘dcha hokim martaba nomining qo‘llanishi turk-sug‘d madaniy-tarixiy
simbiozi va bu bilan bog‘liq sug‘d-turk etnik-madaniy munosabatlariga ishorat
qiladi. Bulardan tashqari Tutuq, Tarxon, Elchi, Tangri quli kabi ijtimoiy
atamalarning ishlatilishi bitik mualliflarining qadimgi turkiy jamiyatga xosligini
ko‘rsatadi.
Tereksoy va Qulonsoy bitiklarida qo‘llangan sanalarning eng so‘nggi yili
milodiy 1025-yil bilan chegaralanadi. Yana bir sana qo‘yish usuli qadimgi
turklarda muchal yil hisobi amal qilganini ko‘rsatadi. Masalan, sug‘dcha
Mushsard, Nokosard kabilar “sichqon yili” va “ilon yili” demakdir. Qulonsoy va
Tereksoy tashrifnomalari ilk o‘rta asrlar sug‘d yozuv an’anasi sug‘diy tosh mangu
bitikchiligi ko‘rinishida turkiylar orasida uzoq davom etganini ko‘rsatadi. Ikkinchi
tomondan, bu hol Movarounnahrdan tashqarida arab yozuviga o‘tish nisbatan sekin
kechganidan ham dalolat beradi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Sug‘d yozma yodgorliklari tahlil etilgan manbalar va ma’lumotlar asosida
quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Avvalo, VI-XI asrlar orasida bevosita Sug‘diyonada sug‘d yozuv madaniyati
o‘zining eng yuksak pallasiga ko‘tarilgan.
VI-XI asr sug‘d yozma yodgorliklarining janr va tur xilma-xilligi, ularning
vazifalari rang-barangligi ham sug‘d jamiyatining madaniy saviyasi yuqori
bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Sug‘d yozuv madaniyati Markaziy Osiyoda, ikki daryo oralig‘ida Samarqand,
Buxoro, Qashqadaryo vohalarida shakllanib, Choch, Farg‘ona, Yettisuv, Janubiy
Qozog‘iston, Oltoy o‘lkasi, Sharqiy Turkiston, Mo‘g‘uliston yerlarigacha
yoyilgan.
Sug‘d yozuvi umumsug‘d ijtimoiy-madaniy va ma’naviy ehtiyojlariga xizmat
qila borib, turli diniy jamoalarda diniy-falsafiy-axloqiy matnlarni ko‘chirib
ko‘paytirishga xizmat qilgan. Bular buddaviylik, moniylik, xristianlik dinlariga
mansub yodgorliklar, dunyoviy adabiyot, xo‘jalik hisob-kitoblari, o‘zaro
yozishmalar, taqvimlar, tashrif xotiranomalari, qabr toshlariga o‘yib bitilgan
yozuvlar va boshqalardir.
Sug‘d yozma yodgorliklarining O‘zbekiston tarixi uchun ahamiyati
beqiyosdir. Chunki ularning yaratilgan bosh makoni Sug‘d bugungi
O‘zbekistonning uch viloyati – Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo hududlariga
to‘g‘ri keladi. Sug‘d yozma yodgorliklarining eng muhim tarixiy xususiyati
shundaki, ularda voqealar chetdan kuzatilib emas, balki bevosita ichidan turib
yozilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Corpus Inscriptionum Iranicarum (1987) / Ed. N. Sims-Williams. London.
– 133 p.
2. Humbach H. (1980) Die Sogdischen Inschriftenfunde vom oberen Indus
(Pakistan) // Allgemeine und vergleichende Archäologie – Beiträge. München. Bd.
2. – S. 201.
3. Исхаков М. М. (1992) Палеографическое исследование согдийских
письменных памятников: Дисс. … д-ра ист. наук. – Т. – С. 184-193, 321.
4. Кляшторный С. Г., Лившиц В. А. (1971) Севрейский камень //
Советская тюркология. – № 3. – С. 32-34.
5. Лившиц В. А. (1965) Надписи на фресках из Афрасиаба // Тезисы
докладов сессии, посвящённой истории живописи стран Азии. – Ленинград. –
С. 13-17.
6. Лившиц В. А. (1979) Правители Панча // НAA. – № 4. – С. 29.
7. Лившиц В. А. (1981) Согдийцы в Семиречье: Лингвистические и
эпиграфические свидетельства // ПП и ПИКНВ. КС XV годичной научной
сессии ЛО ИВАН. – Москва. – С. 15-17.
8. Сулейманов Р., Исхаков М., Ташходжаев Ш. (1980) Древний
Самарканд. – Т.: Фан. – С. 17.
9. Шишкин В. А. (1965) Афрасиаб – сокровищница древней культуры. –
Т. – С. 21.
REFERENCES:
1. Corpus Inscriptionum Iranicarum (1987) / Ed. N. Sims-Williams. London.
– 133 p. (In English)
2. Humbach H. (1980) Die Sogdischen Inschriftenfunde vom oberen Indus
(Pakistan) // Allgemeine und vergleichende Archäologie – Beiträge. München. Bd.
2. – S. 201. (In German)
3. Iskhakov M. M. (1992) Paleograficheskoe issledovanie sogdiyskikh
pis’mennykh pamyatnikov: Diss. … d-ra ist. nauk. – T. – S. 184-193, 321. (In
Russian)
4. Klyashtornyy S. G., Livshits V. A. (1971) Sevreyskiy kamen’ // Sovetskaya
tyurkologiya. – № 3. – S. 32–34. (In Russian)
5. Livshits V. A. (1965) Nadpisi na freskakh iz Afrasiaba // Tezisy dokladov
sessii, posvyashchyonnoy istorii zhivopisi stran Azii. – Leningrad. – S. 13-17. (In
Russian)
6. Livshits V. A. (1979) Praviteli Pancha // NAA. – № 4. – S. 29. (In Russian)
7. Livshits V. A. (1981) Sogdiytsy v Semirech’e: Lingvisticheskie i
epigraficheskie svidetel’stva // PP i PIKNV. KS XV godichnoy nauchnoy sessii
LO IVAN. – Moskva. – S. 15-17. (In Russian)
8. Suleymanov R., Iskhakov M., Tashkhodzhaev Sh. (1980) Drevniy
Samarkand. – T.: Fan. – S. 17. (In Russian)
9. Shishkin V. A. (1965) Afrasiab – sokrovishchnitsa drevney kul’tury. – T. –
S. 21. (In Russian)