XXI ASR BOSHLARIDA O‘ZBEK XALQI ETNOGENEZINI
O‘RGANISHDA ZAMONAVIY ILMIY YONDASHUVLAR
MODERN SCIENTIFIC APPROACHES TO THE STUDY OF THE
ETHNOGENESIS OF THE UZBEK PEOPLE IN THE EARLY 21st
CENTURY
РОЛЬ СОВРЕМЕННЫХ НАУЧНЫХ ПОДХОДОВ В ИЗУЧЕНИИ
ЭТНОГЕНЕЗА УЗБЕКСКОГО НАРОДА В НАЧАЛЕ XXI ВЕКА
https://zenodo.org/records/20667009
Djurayev Ikrom Nematovich
Guliston davlat pedagogika instituti,
“Tarix kafedrasi” dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
Tel: +998 97-902-20-81
E-mail: ikromgdu@mail.ru
Aliqulov Ramazon Bahrom o‘g‘li
Guliston davlat pedagogika instituti
(Tarix) yo‘nalishi 2-kurs magistranti
Tel: +998 993-548-77-22
E-mail: aliqulovramazon25@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi etnogenezini
o‘rganishda shakllangan zamonaviy ilmiy yondashuvlar tahlil qilinadi. Mustaqillik
davrida milliy tarixshunoslikda yuz bergan metodologik o‘zgarishlar, arxeologiya,
antropologiya va tarixiy genetika fanlari asosida olib borilgan tadqiqotlar
yoritiladi. Ayniqsa, Qovunchi madaniyati misolida mahalliy madaniy uzviylik,
shuningdek, etnik integratsiya jarayonlari ilmiy asosda tahlil etiladi. Maqolada
Ahmadali Asqarov, Aleksandr Yakubovskiy, Alexander Bernshtam, Choongwon
Jeong, Mikhail Masson, I.N.Djurayev, N.A.Sattorov hamda Vasily Bartold
asarlariga tayangan holda yangi konseptual xulosalarni ilgari suradi.
Kalit so‘zlar: etnogenez, avtoxtonizm, Qovunchi madaniyati, antropologik tip,
paleogenetika, fanlararo yondashuv.
Annotation. This article examines modern scientific approaches to the study
of the ethnogenesis of the Uzbek people in the early 21st century. It analyzes
methodological transformations in national historiography during the
independence period and highlights interdisciplinary research based on
archaeology, anthropology, and historical genetics. The study proposes a renewed
conceptual framework based on the works of Asqarov, Yakubovskiy, Bernshtam,
Choongwon Jeong, Masson, Djurayev, Sattorov, and Bartold.
Keywords: ethnogenesis, autochthonism, archaeology, anthropology,
genetics, interdisciplinary approach.
Аннотация. В статье анализируются современные научные подходы к
изучению этногенеза узбекского народа в начале XXI века. Рассматриваются
методологические изменения в национальной историографии периода
независимости, а также результаты археологических, антропологических и
генетических исследований. Особое внимание уделяется
междисциплинарному анализу и новой концепции этногенеза, основанной на
трудах Аскарова, Якубовского, Бернштама,Чонгвон Чон, Массона, Джураева,
Саттарова и Бартольда.
Ключевые слова: этногенез, автохтонизм, археология, антропология,
генетика, междисциплинарный подход.
KIRISH
XXI asr boshlarida o‘zbek xalqining etnogenezini o‘rganish masalasi
mamlakatning tarixiy, madaniy va ilmiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
Mustaqillik davri bilan birga, milliy o‘zlik, tarixiy xotira va xalqning kelib
chiqishini chuqur anglash siyosiy va ilmiy e’tiborda ustuvor vazifa sifatida
belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida
milliy tarix va etnik ildizlarni chuqur anglashning muhimligini bir necha bor
ta’kidlagan. U milliy til va tarix nafaqat muloqot vositasi, balki xalqning ruhiy va
madaniy o‘zligini ifodalaydigan omil ekanligini qayd etgan Mirziyoyev,
21-oktabrga bag‘ishlangan nutqi. Shu bilan birga, Prezidentning mustaqillik yillari
va tarixiy jarayonlar haqidagi fikrlari milliy tarixni qayta tiklash, etnogenezni ilmiy
asosda o‘rganish va milliy birlikni mustahkamlash zaruratini ko‘rsatadi
(Mirziyoyev Sh., 2019: 2-3). O‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganish masalasi nafaqat
tarixiy, balki madaniy, antropologik va ijtimoiy sohalarda ham doimiy e’tibor
markazida bo‘lib kelgan. XXI asr boshlarida ilm-fanning turli yo‘nalishlarida,
xususan arxeologiya, antropologiya, tarixiy genetika va tarixshunoslikda yangi
tadqiqot metodlari vujudga kelishi, o‘zbek xalqi tarixini chuqurroq, tizimli va
fanlararo yondashuv asosida o‘rganish imkonini yaratdi. Shu sababli, o‘zbek xalqi
etnogenezini o‘rganish bugungi kunda nafaqat akademik, balki milliy merosni
asrab-avaylash, tarixiy ongni mustahkamlash va yosh avlodni tarixiy haqiqat bilan
tanishtirish nuqtayinazaridan ham juda dolzarb ahamiyat kasb etadi. 2025-yil 29-
avgust kuni “Repressiya qurbonlari xotirasi kuni” marosimida Prezident tarixiy
voqealarni qayta tiklash va ularni yosh avlodga yetkazish muhimligini ta’kidlab,
tarixni “tirik tarix”ga aylantirish zarurligini bildirib o‘tdi. U: “Shu kabi tarixiy
sahnalar yoshlarimizga nafaqat tarixiy dalil sifatida, balki milliy ruh va munosabat
shakllantiruvchi asos bo‘lib xizmat qilishi zarur”. Bu ifoda ilmiy tadqiqotlar uchun
strategik yo‘nalish beradi – o‘tgan tarixni qayta tiklash va ilmiy jihatdan o‘rganish
hozirgi milliy ma’naviyat va milliy o‘zlikni anglashda muhim rol o‘ynaydi
(Mirziyoyev Sh., 2025).
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganishdagi ilmiy-nazariy
murakkabliklar alohida ilmiy muammo sifatida namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston
mustaqillikka erishganidan so‘ng milliy tarix va etnik ildiz masalalari
tarixshunoslikning markaziy ilmiy yo‘nalishiga aylandi. Bu jarayonda o‘zbek xalqi
etnogenezini o‘rganish o‘ta murakkab ilmiy muammo sifatida ko‘rinadi, chunki u
tarix, arxeologiya, antropologiya, etnologiya va genetik ma’lumotlarni
birlashtiruvchi fanlararo tadqiqot talab qiladi. An’anaviy uslubda etnogenez
masalasi ko‘pincha turkiy ko‘chmanchi qabilalar va siyosiy jarayonlar bilan
bog‘lab talqin qilingan. Masalan, turkiy qabilalar va qabila ittifoqlari
markazlashtirilgan yondashuvlar Markaziy Osiyo xalqlarining shakllanishini
siyosiy tarix kontekstida ko‘rsatadi. Biroq bu yondashuv o‘zbek xalqi etnogenezini
faqat migratsiya jarayoni bilan chegaralaydi va mahalliy madaniy uzviylik,
iqtisodiy va antropologik omillarni yetarlicha hisobga olmaydi. Mustaqillik
davrida O‘zbekiston ilmiy hamjamiyati etnogenez masalasini chuqurroq va tizimli
o‘rganishga intildi. Bu borada tahliliy tadqiqotlar yetakchi rol o‘ynaydi: o‘zbek
xalqi etnogenezining murakkabligiga oid ilmiy ishi yoritilgan manba mavjud
bo‘lib, bu tadqiqotlar milliy tarixshunoslikda metodologik o‘zgarishlarning yuzaga
kelganini ko‘rsatadi (Abirov V., 2024). Shuningdek, ilmiy adabiyotlar o‘zbek xalqi
etnogenezini boshqa Markaziy Osiyo xalqlari bilan solishtirish orqali ham tahlil
qilishga intiladi. Masalan, turkiy hamda qadimgi turli madaniyatlarning o‘zaro
ta’siri natijasida o‘zbek etnosining shakllanish jarayoni murakkab, ko‘p qatlamli
tarixiy jarayon sifatida ko‘riladi. Bu jarayon faqat migratsion tushunchalar asosida
yoritilishi yetarli emas, balki qadimgi shaharsozlik, agroiqtisodiy
transformatsiyalar hamda boshqa antropogen omillarni ham o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, ilmiy muammo quyidagilar bilan boyitiladi: o‘zbek xalqi
etnogenezining bosqichlari hali to‘liq aniqlanmagan, ular orasida qaysi davr yoki
hududning avtoxton komponenti ustuvor ekanligi ham bahsli hisoblanadi. Masalan,
mualliflar etnogenez jarayonida qadimgi Sug‘d, Xorazm, Buxoro madaniyatlari
bilan turkiy elementlarning uyg‘unligi haqida turlicha qarashlarni ilgari suradi. Shu
nuqtayinazardan, fanlararo tadqiqotlar orqali ularning bir-biri bilan o‘zaro
bog‘liqligini ilmiy asosda aniqlash muhim ilmiy vazifa hisoblanadi (Djuraev I.,
2019: 658–661).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotda ko‘chmanchi chorvador va o‘troq aholi o‘rtasidagi ijtimoiy,
iqtisodiy va xo‘jalik aloqalarining tarixi hamda etnogenez masalalari tarixiy
asoslarini o‘rganishda xolislik tamoyiliga amal qilinib, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil,
umumlashtirish, tarixiy tahlil hamda xronologik yondashuv kabi ilmiy usullardan
foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganish masalasi tarixiy diskursning eng
murakkab va ko‘p qirrali yo‘nalishlaridan biridir. Tadqiqot adabiyotlarini chuqur
tahlil qilganda, bu boradagi ilmiy qarashlar ikki asosiy yo‘nalishda shakllanganini
ko‘rish mumkin: an’anaviy tarixiy-manbashunoslik yondashuvi va XXI asr
metodologik innovatsiyalari asosida fanlararo integratsiya. O‘zbekiston
mustaqillikka erishgunga qadar etnogenez masalasi ko‘pincha qisman siyosiy
kontekstda va migratsion nazariyalar orqali talqin qilingan. Sovet davrida bu
yo‘nalish ko‘proq qabila ittifoqlari, siyosiy tuzilmalar va ko‘chmanchilik
jarayonlari bilan bog‘liq bo‘lib, etnik jarayonni cheklangan ijtimoiy tarix
kontekstida ko‘rgan. Masalan, arxiv hujjatlarida keltirilishicha, XX asr boshlarida
O‘zbekiston hududidagi xalq etnogenezini o‘rganish bo‘yicha ilk ilmiy izlanishlar
podsho Rossiyasi tuzilmalaridan boshlangan bo‘lsa-da, ularning asosiy e’tibori
ko‘proq hududiy chegaralash va siyosiy tasnifga qaratilgan edi. Bu holat etnogenez
nazariyasining dastlabki formulalarida “migratsiya” nazariyasi mavjudligini
ko‘rsatadi (Abdullayev A., 2024). Mustaqillik yillarida etnogenez nazariyasi yangi
metodologik bosqichga o‘tdi. O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida o‘z milliy
tarixini qayta ko‘rib chiqishni boshladi, shuningdek, tarixiy jarayonlarni faqat
siyosiy kontekstdan emas, balki madaniy, antropologik va arxeologik faktlar
asosida ham tahlil qilish zarurati paydo bo‘ldi.
Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi – XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi
etnogenezini o‘rganishda shakllangan zamonaviy ilmiy yondashuvlarni har
tomonlama, tizimli va fanlararo metodologiya asosida tahlil qilishdan iborat.
O‘zbek xalqi etnogenezi masalasi tarixshunoslik, arxeologiya, antropologiya,
etnologiya hamda so‘nggi yillarda rivojlanayotgan tarixiy genetika kabi fanlar
kesishgan nuqtada joylashgan murakkab ilmiy muammo hisoblanadi. Shu sababli
tadqiqotning bosh maqsadi mazkur yo‘nalishlarda erishilgan ilmiy natijalarni bir
butun konseptual tizimga keltirish, ularni o‘zaro qiyosiy tahlil qilish va zamonaviy
ilmiy yondashuvlarning ustuvor jihatlarini aniqlashdan iboratdir. Tadqiqot
jarayonida avvalo mustaqillikdan keyingi davrda milliy tarixshunoslikda yuz
bergan metodologik o‘zgarishlar tahlil qilinadi. Xususan, sovet davrida ustuvor
bo‘lgan migratsion konsepsiya hamda siyosiy-tarixiy talqinlar bilan mustaqillik
davrida shakllangan mahalliy madaniy uzviylik va avtoxtonizm nazariyalari
o‘rtasidagi farqlar ochib beriladi. Shu orqali etnogenez masalasining talqinidagi
evolyutsiya va ilmiy qarashlar transformatsiyasi aniqlanadi. Bundan tashqari,
tadqiqotning muhim maqsadlaridan biri arxeologik, antropologik va paleogenetik
ma’lumotlarni uyg‘un holda tahlil qilishdir.
Arxeologik madaniyatlar, jumladan, o‘troq dehqonchilik va shaharsozlik
an’analari bilan bog‘liq topilmalar, antropologik tiplarning shakllanishi hamda
zamonaviy genetik tadqiqotlar natijalari o‘zaro bog‘liqlikda ko‘rib chiqiladi. Bu
yondashuv o‘zbek xalqi etnogenezini faqat bitta fan doirasida emas, balki ko‘p
omilli tarixiy jarayon sifatida talqin qilish imkonini beradi. Shuningdek,
tadqiqotning yana bir maqsadi – o‘zbek etnogenezida mahalliy komponentning
o‘rni va turkiy migratsiyalarning integratsion rolini aniqlashdir. Bu jarayonda
mahalliy madaniy uzluksizlik, iqtisodiy hayotning barqarorligi, qabila va
elatlarning o‘zaro qo‘shilishi hamda siyosiy jarayonlarning etnik shakllanishga
ta’siri kompleks ravishda o‘rganiladi. Natijada etnogenez jarayoni ko‘p bosqichli,
tarixiy uzviylikka ega va turli etnik elementlarning integratsiyasi asosida
shakllangan murakkab tizim sifatida talqin qilinadi. Umuman olganda, mazkur
tadqiqotning asosiy maqsadi – o‘zbek xalqi etnogenezini zamonaviy ilmiy
yondashuvlar asosida qayta ko‘rib chiqish, mavjud nazariy qarashlarni qiyosiy
tahlil qilish va fanlararo metodologiya asosida yagona konseptual model ishlab
chiqishdan iboratdir. Bu esa milliy tarixshunoslikni boyitish, etnik tarixni
chuqurroq anglash hamda ilmiy asoslangan xulosalar chiqarish imkonini beradi.
Mazkur tadqiqotning maqsadidan kelib chiqib, quyidagi asosiy ilmiy
vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutiladi. Ushbu vazifalar o‘zbek xalqi
etnogenezini XXI asr boshlaridagi zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida
kompleks va tizimli o‘rganishga qaratilgan. Birinchi navbatda, o‘zbek xalqi
etnogenezi masalasining tarixshunoslikdagi rivojlanish bosqichlarini aniqlash va
tahlil qilish vazifasi qo‘yiladi. Bunda sovet davri tarixshunosligida shakllangan
migratsion konsepsiya, siyosiy-etnik jarayonlarga asoslangan talqinlar hamda
mustaqillik davrida yuzaga kelgan mahalliy avtoxtonizm va madaniy uzviylik
nazariyalari o‘rtasidagi metodologik farqlar ochib beriladi. Mazkur vazifa orqali
etnogenez masalasining talqinidagi ilmiy evolyutsiya va konseptual o‘zgarishlar
aniqlanadi.
Ikkinchi vazifa – arxeologik manbalarni tahlil qilish orqali etnik shakllanish
jarayonining moddiy asoslarini yoritishdir. Qadimgi dehqonchilik madaniyatlari,
sug‘orish tizimlari, shaharsozlik an’analari, hunarmandchilik va ishlab chiqarish
texnologiyalarining rivojlanishi etnogenez jarayonining iqtisodiy negizi sifatida
ko‘rib chiqiladi. Arxeologik madaniyatlar o‘rtasidagi uzviylik va davomiylikni
aniqlash orqali mahalliy madaniy asosning barqarorligi ilmiy dalillar bilan
asoslanadi.
Uchinchi vazifa – antropologik materiallarni o‘rganish asosida biologik
uzviylik masalasini tahlil qilishdir. Kraniologik, osteologik va boshqa antropologik
tadqiqotlar natijalari yordamida o‘zbek xalqi shakllanishidagi asosiy antropologik
komponentlar, ularning tarixiy bosqichlari hamda o‘zaro integratsiyasi aniqlanadi.
Bu orqali etnogenez jarayonida biologik va madaniy omillarning o‘zaro bog‘liqligi
ochib beriladi.
To‘rtinchi vazifa – zamonaviy paleogenetik va DNK tadqiqotlari natijalarini
tahlil qilish va ularni tarixiy hamda arxeologik ma’lumotlar bilan solishtirishdir.
Markaziy Osiyoning migratsion chorraha sifatidagi o‘rni, genofond tarkibidagi
mahalliy va tashqi komponentlar nisbati hamda populyatsion tarix masalalari
fanlararo yondashuv asosida baholanadi. Bu vazifa etnogenezni yanada aniqroq va
ilmiy asoslangan tarzda talqin qilish imkonini beradi.
Beshinchi vazifa – mavjud ilmiy qarashlarni qiyosiy tahlil qilish orqali
yagona konseptual model ishlab chiqishdir. Migratsion nazariya va mahalliy
uzviylik konsepsiyasining kuchli va zaif tomonlari aniqlanadi hamda ularni
uyg‘unlashtiruvchi integrativ yondashuv taklif etiladi. Bu orqali o‘zbek etnogenezi
ko‘p bosqichli, ko‘p omilli va murakkab tarixiy jarayon sifatida asoslanadi.
Shuningdek, tadqiqot vazifalari qatorida o‘zbek xalqi etnogenezining ijtimoiy,
madaniy va siyosiy omillar bilan bog‘liqligini aniqlash, etnik integratsiya
jarayonlarining tarixiy mexanizmlarini tushuntirish ham muhim o‘rin tutadi.
Natijada mazkur vazifalarning amalga oshirilishi o‘zbek xalqi etnogenezini
biryoqlama talqindan chiqarib, uni fanlararo ilmiy asosda yoritishga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqotning ilmiy yangiligi, avvalo, o‘zbek xalqi etnogenezini XXI
asr boshlarida shakllangan zamonaviy fanlararo metodologiya asosida kompleks
tarzda tahlil qilishga qaratilganligi bilan belgilanadi. Ilgari etnogenez masalasi
ko‘proq tarixiy-siyosiy jarayonlar yoki alohida arxeologik va antropologik
ma’lumotlar doirasida o‘rganilgan bo‘lsa, ushbu tadqiqotda arxeologiya,
antropologiya, tarixshunoslik va paleogenetika natijalari yagona konseptual
tizimga keltiriladi. Bu yondashuv etnogenezni biryoqlama emas, balki ko‘p omilli
va uzluksiz tarixiy jarayon sifatida talqin qilish imkonini beradi.
Tadqiqotning muhim ilmiy yangiliklaridan biri – migratsion konsepsiya va
mahalliy avtoxtonizm nazariyalarini qarama-qarshi qo‘yish emas, balki ularni
integrativ model asosida uyg‘unlashtirishga urinishdir. Ilmiy adabiyotlarda ushbu
ikki yondashuv ko‘pincha alohida va muqobil nazariyalar sifatida talqin etilgan.
Mazkur ishda esa o‘zbek etnogenezi mahalliy madaniy uzviylik asosida
shakllangan bo‘lib, turkiy migratsiyalar esa integratsion va transformatsion omil
sifatida qatnashganligi ilmiy asosda yoritiladi. Bu esa mavjud konsepsiyalarni
sintez qilish orqali yangi nazariy model taklif etishga xizmat qiladi. Shuningdek,
tadqiqotda arxeologik madaniyatlarning uzviyligi va davomiyligi masalasi
zamonaviy ilmiy qarashlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Qadimgi dehqonchilik, sug‘orish tizimlari, shaharsozlik va hunarmandchilik
an’analari etnik shakllanish jarayonining moddiy-iqtisodiy asosi sifatida
baholanadi. Bu jarayonda madaniy merosning uzluksizligi etnogenezning muhim
omili sifatida ilmiy dalillar bilan asoslanadi. Yana bir ilmiy yangilik – antropologik
va paleogenetik ma’lumotlarning qiyosiy tahlili orqali biologik uzviylik va
populyatsion tarix masalasining kengroq kontekstda ochib berilishidir. Zamonaviy
DNK va paleogenetik tadqiqotlar natijalari arxeologik hamda tarixiy ma’lumotlar
bilan solishtiriladi. Natijada o‘zbek xalqi genofondida mahalliy komponentning
ustuvorligi va tarixiy davrlardagi migratsion jarayonlarning integratsion xarakteri
aniqlanadi.
Bu esa etnogenezni ilmiy asosda yanada chuqurroq talqin qilish imkonini
beradi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundaki, unda o‘zbek etnogenezi ijtimoiy,
iqtisodiy, madaniy va siyosiy omillar bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqiladi.
Etnik shakllanish jarayoni faqat biologik yoki siyosiy omillar bilan emas, balki
xo‘jalik tizimi, hududiy barqarorlik, qabila ittifoqlari va madaniy almashinuv
jarayonlari bilan bog‘liq kompleks jarayon sifatida talqin etiladi. Umuman
olganda, mazkur tadqiqot o‘zbek xalqi etnogenezini XXI asr ilmiy yondashuvlari
asosida qayta ko‘rib chiqib, fanlararo integratsiyalashgan konseptual modelni taklif
etadi. Bu esa milliy tarixshunoslikni yangi bosqichga olib chiqish, mavjud ilmiy
qarashlarni boyitish hamda etnik tarixni yanada chuqurroq va ilmiy asoslangan
holda tushuntirishga xizmat qiladi. Masalan, maqolalardan biri o‘zbek xalqi
etnogenezining shakllanishida moddiy madaniyat va yozma manbalar sezilarli rol
o‘ynaganini qayd etadi. Bu tadqiqot o‘zbek xalqi ilk ajdodlarining elat bo‘lib
shakllanish jarayoni, ularning urug‘-qabila tuzilishidan millat darajasiga o‘sish
jarayonini moddiy madaniyat orqali yoritadi.
Shuningdek, Yuldosheva va Rustamova tomonidan chop etilgan maqolada
mintaqaviy antropologik va etnik transformatsiyalar orqali o‘zbek xalqining
turmush tarzi va etnik tarkibini o‘rganish masalalari tahlil qilingan. Ular
etnogenezni faqat biror etnik guruhdan kelib chiqqan bir jarayon sifatida emas,
balki boshqa xalqlar bilan o‘zaro munosabatdagi madaniy va geografik
o‘zgarishlar orqali ko‘rishga intilgan. Bu yondashuvlar etnogenezni kompleks
jarayon sifatida ko‘rishga urinib, faqat migratsion yoki siyosiy izohdan tashqari,
antropologiya va geografiya orqali ham tahlilni talab qiladi (Yuldosheva B.,
Rustamova Sh., 2024: 4-6). So‘nggi yillarda etnogenez tadqiqotlari ancha fanlararo
yondashuvga ega bo‘lib bormoqda. Bu uslub tarix, antropologiya, arxeologiya va
genetika bilimlarini integratsiyalashga asoslanadi. Masalan, Sattorovning
maqolalarida qadimgi etnik guruhlar, milliy xususiyatlar va antropologik
tipologiyalar tahlil qilinadi, bu esa etnogenez jarayonining biologik va madaniy
omillarini ko‘rsatadi. Zamonimizda ilmiy tahlil etnogenezni faqat tarixiy
manbalarga tayanib o‘rganishdan o‘tib, antropologik ma’lumotlar va
antropokulturni integratsiyalashga intilmoqda. Masalan, jahon ilmiy jurnalida chop
etilgan maqolada O‘zbekiston hududidagi kichik etnik guruhlar (masalan, Qurama
etnik guruhi) tarixiy kontekstda o‘rganilib, ularning umumiy millat jarayoni bilan
aloqasi tahlil qilingan. Bu kabi tadqiqotlar etnogenezni yanada nozik va ko‘p
qirrali tasvirlashga imkon beradi (Ibragimova M., 2024: 110-116). Nurbek
Sattorovning “O‘zbek xalqi etnogeneziga oid ma’lumotlar tahlili” (2022) maqolasi
etnogenez bo‘yicha arxiv va tarixiy manbalarga asoslanib, qadimgi davrlardan
boshlab bir nechta etnik komponentlar o‘zaro integratsiyasi jarayonini sistematik
tarzda tahlil qiladi. Ushbu ilmiy maqolada etnogenez jarayonining qadimgi
bosqichlari va tarixiy dalillar ko‘rib chiqiladi, shuningdek, bu jarayonni ilmiy
adabiyotlardagi turli qarashlar bilan solishtirish imkoniyati mavjud. Ahmadali
Asqarovning “O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi” (2007) asari o‘zbek
xalqi etnogeneziga bag‘ishlangan ilk yirik ilmiy monografiyalardan biridir. Mazkur
kitobda muallif O‘zbekiston hududida etnik jarayonlarning uzluksiz rivojlanishiga
asoslanib, o‘zbek etnosining shakllanishi qadimgi turkiy va eroniy tilli xalqlar
(masalan, sug‘diylar, xorazmiylar) hamda turkiy qabilalar o‘zaro integratsiyasi
natijasida yuzaga kelganini ko‘rsatadi. Asqarov bu qarashni arxeologik topilmalar
hamda yozma manbalar tahlili bilan mustahkamlaydi. Uning yondashuvi ilmiy
jihatdan salmoqli bo‘lib, mahalliy madaniy uzviylik va turkiy migratsiyalarni
birgalikda tahlil qilishga urg‘u beradi. Bu qarash etnogenezni bir tomonlama
migratsion emas, balki ko‘p qatlamli tizimli jarayon sifatida talqin qiladi (Аскаров
А., 2007: 56-61). Karim Shoniyozovning “O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni”
(2001) asari an’anaviy tarixiy va etnografik yondashuvga asoslanadi. Unda o‘zbek
etnogenezining mintaqaviy kontekstdagi murakkab jarayoni yoritilgan bo‘lib, u
etnik birliklar tarixi, qadimgi qabila tuzilmalarining roli va ularning o‘zaro
munosabatlarini yoritadi. Shoniyozovning ilmiy ishlari ko‘p jihatdan o‘zbek xalqi
tarixi va etnik tafakkurining to‘liq bashoratli ko‘rinishini rivojlantirishga
qaratilgan. U etnogenezni davrlashtiradi va davlatshunoslik jarayonlarini etnik
tarix bilan uyg‘unlashtiradi (Amonkulova D., 2023: 180-183).
XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganishda yangi ilmiy
yo‘nalishlardan biri tarixiy genetika va paleogenetika hisoblanadi. Ushbu
yondashuv qadimgi va zamonaviy aholining DNK namunalarini tahlil qilish orqali
etnik guruhlarning kelib chiqishi, migratsiya jarayonlari va genetik integratsiyasini
aniqlash imkonini beradi. Genetik tadqiqotlar tarixiy manbalar va arxeologik
ma’lumotlar bilan birgalikda qo‘llanilganda etnogenez jarayonining yanada
aniqroq rekonstruksiyasini yaratishga yordam beradi. So‘nggi yillarda Markaziy
Osiyo hududida olib borilgan genetik tadqiqotlar mintaqa aholisi genofondining
murakkab va ko‘p qatlamli shakllanish jarayonini ko‘rsatmoqda. Tadqiqotlar
natijalariga ko‘ra, hozirgi o‘zbek aholisining genetik tarkibida qadimgi eroniy tilli
dehqonchilik madaniyatlari, turkiy ko‘chmanchi qabilalar hamda boshqa
mintaqaviy etnik guruhlarning izlari mavjudligi aniqlangan. Bu holat o‘zbek
xalqining etnogenezi bir martalik migratsiya natijasi emas, balki uzoq davom etgan
etnik integratsiya va madaniy sintez jarayoni ekanligini tasdiqlaydi (Damgaard P.,
2018: 369-374; Djuraev I., 2019: 658-661). Genetik tahlillar, ayniqsa Y-
xromosoma va mitoxondrial DNK asosida olib borilgan tadqiqotlar Markaziy
Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbeklar turli tarixiy davrlarda sodir bo‘lgan migratsiya
va etnik aralashuv jarayonlari natijasida shakllanganini ko‘rsatadi. Bu tadqiqotlar
qadimgi ko‘chmanchi turkiy qabilalar va mahalliy dehqonchilik madaniyatlari
o‘rtasidagi genetik aloqalarni ham aniqlash imkonini beradi (Jeong C., 2020: 890-
904). Shuningdek, paleogenetik tadqiqotlar orqali qadimgi arxeologik
yodgorliklardan topilgan inson suyaklari DNKsi o‘rganilib, mintaqaning tarixiy
demografik jarayonlari haqida yangi ilmiy ma’lumotlar olinmoqda. Bunday
tadqiqotlar natijalari arxeologiya va antropologiya bilan birgalikda qo‘llanilganda
o‘zbek xalqi etnogenezining ko‘p qatlamli va uzoq davom etgan tarixiy jarayon
ekanligini yanada aniqroq ko‘rsatib beradi (Calafell F., Mateu E., 1998: 1824-
1838). Shu tariqa, tarixiy-genetik yondashuv o‘zbek xalqi etnogenezini
o‘rganishda muhim metodologik vosita bo‘lib, u arxeologik, antropologik va
tarixiy manbalar bilan integratsiyada qo‘llanilganda etnik jarayonlarning ilmiy
rekonstruksiyasini yanada to‘liqroq yoritish imkonini beradi.
XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganishda muhim
metodologik yo‘nalishlardan biri fanlararo konsepsiya hisoblanadi. Mazkur
yondashuv etnogenez jarayonini faqat tarixiy manbalar asosida emas, balki turli
fanlar – arxeologiya, antropologiya, etnologiya, lingvistika va genetika
ma’lumotlarini integratsiyalash orqali kompleks tarzda tahlil qilishni nazarda
tutadi. Etnogenez masalasi murakkab tarixiy jarayon bo‘lgani sababli uni birgina
fan doirasida to‘liq izohlash qiyin. Shu bois zamonaviy tarixshunoslikda fanlararo
metodologiya muhim ilmiy konsepsiya sifatida shakllanmoqda. Fanlararo
yondashuv asosida olib borilgan tadqiqotlar o‘zbek xalqi etnogenezini ko‘p
qatlamli tarixiy jarayon sifatida talqin qilish imkonini beradi. Masalan, arxeologik
tadqiqotlar orqali qadimgi madaniyatlar, aholi manzilgohlari hamda moddiy
madaniyat namunalari o‘rganilib, mintaqada aholi uzviyligi va madaniy rivojlanish
jarayonlari aniqlanadi. Bu borada olib borilgan izlanishlar qadimgi Markaziy
Osiyo hududida turli madaniyatlar o‘rtasida doimiy madaniy aloqalar va iqtisodiy
munosabatlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Shuningdek, antropologiya fanining
ma’lumotlari insonlarning biologik xususiyatlari va antropologik tiplarini
o‘rganish orqali etnik guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni aniqlash imkonini beradi.
Antropologik tadqiqotlar natijasida Markaziy Osiyo hududida yashagan qadimgi
aholining antropologik tarkibi turli davrlarda turli etnik komponentlar bilan boyib
borganini ko‘rish mumkin. Bu esa etnogenez jarayoni uzoq davom etgan etnik
integratsiya va madaniy o‘zaro ta’sirlar natijasida shakllanganini ko‘rsatadi.
Fanlararo konsepsiyada lingvistika ham muhim o‘rin tutadi. Til tarixini o‘rganish
orqali turli etnik guruhlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, madaniy ta’sirlar va
migratsiya jarayonlari haqida muhim ma’lumotlar olish mumkin. Turkiy tillarning
Markaziy Osiyoda keng tarqalishi hamda mahalliy eroniy tilli aholining madaniy
merosi bilan uyg‘unlashuvi o‘zbek xalqi etnogenezining muhim bosqichlaridan biri
sifatida qaraladi. Bu jarayon tilshunoslik va tarixiy manbalarni birgalikda tahlil
qilish orqali yanada aniqroq tushuntiriladi. So‘nggi yillarda genetika fanining
rivojlanishi fanlararo tadqiqotlarni yanada boyitdi. Paleogenetik tadqiqotlar orqali
qadimgi inson suyaklaridan olingan DNK namunalarini tahlil qilish imkoniyati
paydo bo‘ldi. Bu esa mintaqa aholisi genofondining shakllanishi, migratsiya
jarayonlari va etnik aralashuv haqida yangi ilmiy ma’lumotlar olish imkonini
berdi. Genetik tadqiqotlar Markaziy Osiyo aholisi genofondining ko‘p qatlamli
shakllanish jarayonini ko‘rsatib, bu hudud qadimdan turli xalqlar va madaniyatlar
chorrahasi bo‘lganini tasdiqlaydi. Shunday qilib, fanlararo konsepsiya o‘zbek xalqi
etnogenezini o‘rganishda eng samarali metodologik yondashuvlardan biri
hisoblanadi. Turli fanlar ma’lumotlarini integratsiyalash orqali etnogenez
jarayonini yanada chuqurroq va ilmiy asosda tahlil qilish imkoniyati yaratiladi. Bu
yondashuv o‘zbek xalqining shakllanishi uzoq tarixiy davr davomida turli etnik
komponentlar, madaniy jarayonlar va ijtimoiy omillarning o‘zaro ta’siri natijasida
yuzaga kelgan murakkab tarixiy jarayon ekanligini ko‘rsatadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, XXI asr boshlarida o‘zbek xalqi etnogenezini
o‘rganish yangi metodologik bosqichga ko‘tarildi. Mustaqillik yillarida milliy
tarixshunoslikda yuz bergan ilmiy va konseptual o‘zgarishlar natijasida etnogenez
masalasini o‘rganishda an’anaviy yondashuvlar qayta ko‘rib chiqildi hamda
zamonaviy fanlararo metodologiya keng qo‘llanila boshlandi. Bu jarayon tarixiy
manbalar, arxeologik materiallar, antropologik tadqiqotlar hamda genetik
ma’lumotlarni kompleks tahlil qilish imkoniyatini yaratdi. Tadqiqotlar shuni
ko‘rsatadiki, o‘zbek xalqining shakllanishi uzoq davom etgan tarixiy jarayon
bo‘lib, unda qadimgi mahalliy dehqonchilik madaniyatlari, eroniy tilli aholi hamda
turkiy qabilalar o‘rtasidagi etnik va madaniy integratsiya muhim rol o‘ynagan.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoda shakllangan arxeologik madaniyatlar, jumladan
Qovunchi madaniyati, mintaqada madaniy uzviylik va aholi davomiyligini
ko‘rsatuvchi muhim tarixiy manba hisoblanadi. Shuningdek, zamonaviy ilmiy
tadqiqotlar etnogenezni faqat migratsiya jarayonlari orqali izohlash yetarli
emasligini ko‘rsatmoqda. Aksincha, etnogenez jarayoni iqtisodiy, madaniy va
ijtimoiy omillarning o‘zaro ta’siri hamda turli etnik guruhlarning uzoq davom
etgan integratsiyasi natijasida shakllangan murakkab tarixiy hodisa sifatida
qaralmoqda. Bu jarayonni o‘rganishda arxeologiya, antropologiya, lingvistika va
genetika fanlari ma’lumotlarining integratsiyasi muhim ilmiy natijalar
berayotganini ko‘rish mumkin. Demak, o‘zbek xalqi etnogenezini tadqiq etishda
fanlararo yondashuv zamonaviy tarixshunoslikning eng samarali metodologik
vositalaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Kelgusida ham yangi arxeologik topilmalar,
antropologik tahlillar va genetik tadqiqotlar asosida bu jarayonni yanada chuqurroq
o‘rganish o‘zbek xalqining tarixiy ildizlari va etnik shakllanish bosqichlarini ilmiy
jihatdan yanada to‘liqroq yoritishga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abdullayev A. (2024) O‘zbekiston hududida xalq etnogenezini
o‘rganishning dastlabki bosqichlari va migratsion nazariya masalalari // Ilmiy
tadqiqotlar jurnali.
2. Abirov V. (2024) Main directions and scientific results of research on the
ethnic history of the Uzbek people // Scientific Journal.
3. Ahmadali Asqarov (2007) O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. –
Toshkent: Fan. – 304 b.
4. Amonkulova D. (2023) Karim Shoniyozov ilmiy merosida o‘zbek xalqi
etnogenezi masalalari // Tarix va madaniyat. – B. 180-183.
5. Бернштам А. Н. (1951) Древняя Фергана. – Москва–Ленинград:
Академия Наук СССР. – 248 с.
6. Бартольд В. В. (1963) Туркестан в эпоху монгольского нашествия. –
Москва: Наука. – 760 с.
7. Calafell F., Mateu E., Comas D. et al. (1998) Trading genes along the
Silk Road: mtDNA sequences and the origin of Central Asian populations //
American Journal of Human Genetics. – Vol. 63. – Pp. 1824-1838.
8. Damgaard P. de B. et al. (2018) The first horse herders and the impact of
early Bronze Age steppe expansions into Asia // Nature. – Vol. 557. – Pp. 369-374.
9. Djuraev I. (2019) On the Question of the Relationship of the Population of
the Steppes Eurasia and Central Asia in the Bronze Age // Theoretical & Applied
Science. – No. 11. – Pp. 658-661.
10. Ibragimova M. A. (2024) Ethnogenesis and Historical Dynamics of the
Qurama Ethnic Group in the Tashkent Oasis // European Science Methodical
Journal. – Vol. 2(12). – Pp. 110-116.
11. Jeong C. et al. (2020) A Dynamic 6,000-Year Genetic History of
Eurasia’s Eastern Steppe // Cell. – Vol. 183(4). – Pp. 890-904.
12. Массон М. Е. (1959) Древняя культура Средней Азии. – Ташкент:
Издательство АН УзССР. – 312 с.
13. Mirziyoyev Sh. M. (2019) O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining
30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. – Prezident rasmiy sayti.
14. Shoniyozov K. (2001) O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent:
Sharq. – 352 b.
15. Uzdaily (2025) Shavkat Mirziyoyev: “It is important to bring living
history to the people”.
16. Якубовский А. Ю. (1941) Из истории узбекского народа. – Москва–
Ленинград: АН СССР. – 210 с.
17. Yuldosheva B., Rustamova Sh. (2024) O‘zbekiston tarixiy geografiyasida
etnik va madaniy o‘zgarishlar // Pedagogik tadqiqotlar jurnali. – B. 4-6.
REFERENCES:
1. Abdullayev A. (2024) O‘zbekiston hududida xalq etnogenezini
o‘rganishning dastlabki bosqichlari va migratsion nazariya masalalari // Ilmiy
tadqiqotlar jurnali. (In Uzbek)
2. Abirov V. (2024) Main directions and scientific results of research on the
ethnic history of the Uzbek people // Scientific Journal. (In English)
3. Ahmadali Asqarov (2007) O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. –
Toshkent: Fan. – 304 b. (In Uzbek)
4. Amonkulova D. (2023) Karim Shoniyozov ilmiy merosida o‘zbek xalqi
etnogenezi masalalari // Tarix va madaniyat. – B. 180-183. (In Uzbek)
5. Bernshtam A. N. (1951) Drevnyaya Fergana. – Moskva-Leningrad:
Akademiya Nauk SSSR. – 248 s. (In Russian)
6. Bartold V. V. (1963) Turkestan v epokhu mongolskogo nashestviya. –
Moskva: Nauka. – 760 s. (In Russian)
7. Calafell F., Mateu E., Comas D. et al. (1998) Trading genes along the Silk
Road: mtDNA sequences and the origin of Central Asian populations // American
Journal of Human Genetics. – Vol. 63. – Pp. 1824–1838. (In English)
8. Damgaard P. de B. et al. (2018) The first horse herders and the impact of
early Bronze Age steppe expansions into Asia // Nature. – Vol. 557. – Pp. 369-374.
(In English)
9. Djuraev I. (2019) On the Question of the Relationship of the Population of
the Steppes Eurasia and Central Asia in the Bronze Age // Theoretical & Applied
Science. – No. 11. – Pp. 658-661. (In English)
10. Ibragimova M. A. (2024) Ethnogenesis and Historical Dynamics of the
Qurama Ethnic Group in the Tashkent Oasis // European Science Methodical
Journal. – Vol. 2(12). – Pp. 110-116. (In English)
11. Jeong C. et al. (2020) A Dynamic 6,000-Year Genetic History of
Eurasia’s Eastern Steppe // Cell. – Vol. 183(4). – Pp. 890-904. (In English)
12. Masson M. E. (1959) Drevnyaya kul’tura Sredney Azii. – Tashkent:
Izdatel’stvo AN UzSSR. – 312 s. (In Russian)
13. Mirziyoyev Sh. M. (2019) O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining
30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutq. – Prezident rasmiy sayti.
(In Uzbek)
14. Shoniyozov K. (2001) O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent:
Sharq. – 352 b. (In Uzbek)
15. Uzdaily (2025) Shavkat Mirziyoyev: “It is important to bring living
history to the people”. (In English)
16. Yakubovskiy A. Yu. (1941) Iz istorii uzbekskogo naroda. – Moskva–
Leningrad: AN SSSR. – 210 s. (In Russian)
17. Yuldosheva B., Rustamova Sh. (2024) O‘zbekiston tarixiy geografiyasida
etnik va madaniy o‘zgarishlar // Pedagogik tadqiqotlar jurnali. – B. 4-6. (In Uzbek)