ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Qo‘qon xonligining xalqaro savdo aloqalari, sayyoh va elchilar esdaliklarida: tarixiy manbalar tahlili

Berdiyev Abduvali Abdugʻaniyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

QO‘QON XONLIGINING XALQARO SAVDO ALOQALARI, SAYYOH

VA ELCHILAR ESDALIKLARIDA: TARIXIY MANBALAR TAHLILI

INTERNATIONAL TRADE RELATIONS OF THE KOKAND KHANATE

IN THE ACCOUNTS OF TRAVELERS AND ENVOYS: AN ANALYSIS OF

HISTORICAL SOURCES

МЕЖДУНАРОДНЫЕ ТОРГОВО-ЭКОНОМИЧЕСКИЕ СВЯЗИ

КОКАНДСКОГО ХАНСТВА В ЗАПИСКАХ ПУТЕШЕСТВЕННИКОВ И

ДИПЛОМАТИЧЕСКИХ ПОСЛАННИКОВ: АНАЛИЗ

ИСТОРИЧЕСКИХ ИСТОЧНИКОВ

https://zenodo.org/records/20667051

Berdiyev Abduvali Abdugʻaniyevich

Shahrisabz davlat pedagogika instituti

Tarix kafedrasi dotsenti, (PhD)

Tel.: +998 97-811-11-04

E-mail: abduvali4111104@gmail.com

https://orcid.org/0009-0003-6958-0605

Annotatsiya. Ushbu maqolada XVIII asrda Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo

xalqlari, shuningdek, Xitoy, Sharqiy Turkiston bilan savdo aloqalari o‘rnatgan

vositachi davlat bo‘lib qolganligi haqida ma’lumotlar berib o‘tiladi. Shuningdek,

Xitoy tovarlari Qo‘qon xonligi orqali Buxoro va Xiva xonliklariga, ular orqali esa

Sharq davlatlariga kirib borganligiga izoh beriladi. Qo‘qon xonligining Rossiya

bilan aloqasi alohida ahamiyatga ega bo‘lganligi, Toshkentning xonlik tasarrufiga

kiritilishi bilan Rossiyaning Qo‘qon xonligiga kirib borishi haqida ayrim

ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, maqolada O‘rta Osiyo xonliklarining tashqi

iqtisodiy aloqalari to‘g‘risida ayrim ma’lumotlarni to‘liq tasavvur qilish imkonini

berilgan.

Kalit so‘zlar: Xiva xonligi, Buxoro amirligi, Sharqiy Turkiston, Dashti

Qipchoq, Rossiya, Hindiston, Xitoy, V.V. Vel’yaminov-Zernov.

Annotation. This article provides information on the fact that since the

XVIII century the Kokand Khanate has become an intermediary state, which

established trade relations with the peoples of Central Asia, as well as China and

East Turkestan. It is also explained that Chinese goods entered the Bukhara and

Khiva khanates through the Kokand khanate, and through them to the Eastern

countries. Some information is given about the importance of the relations of the

Kokand khanate with Russia, the entry of Russia into the Kokand khanate with the

annexation of Tashkent to the khanate. The article also provides an overview of

some of the details of the foreign economic relations of the Central Asian khanates.

Keywords: Khiva Khanate, Bukhara Emirate, Eastern Turkestan, Dasht-i

Qipchaq, Russia, India, China, V.V.Velyaminov-Zernov.

Аннотация. В этой статье приводится информация о том, что с XVIII

века Кокандское ханство стало промежуточным государством, которое

установило торговые отношения с народами Центральной Азии, а также

Китая и Восточного Туркестана. Также объясняется, что китайские товары

поступали в Бухарское и Хивинское ханства через Кокандское ханство и

через них в восточные страны. Приводится некоторая информация о

важности отношений Кокандского ханства с Россией, вступлении России в

Кокандское ханство с присоединением Ташкента к ханству. В статье также

дается обзор некоторых деталей внешнеэкономических связей центрально-

азиатских ханств.

Ключевые слова: Хивинское ханство, Бухарский эмират, Восточный

Туркестан, Дешт-и-Кыпчак, Россия, Индия, Китай, В.В. Вельяминов-Зернов.

KIRISH

Vatanimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi bilan jamiyatimizning turli

sohalarida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi, jumladan tarix sohasida ham ko‘zga

tashlanar darajada ilmiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Haqqoniy tarixni yoritish

borasida keng imkoniyatlar ochilib, tadqiqotchilarga barcha imkoniyatlar

davlatimiz tomonidan yaratib berildi, bu yo‘ldagi qo‘yilgan asosiy talab va maqsad

esa faqatgina tarixni xolisona yoritishdan iborat. Mazkur maqolada ham Rossiya

imperiyasi, Angliya va boshqa qo‘shni davlatlarning Markaziy Osiyo, shu

jumladan uchala xonlik bilan olib borgan savdo-iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy va

diplomatik munosabatlarda elchilar va sayyohlarning esdaliklariga katta e’tibor

qaratilgan. O‘rta Osiyo davlatlari uzoq davrlar mobaynida Xitoy, Hindiston, Eron,

Afg‘oniston va Sharqdagi boshqa mamlakatlar hamda Rossiya davlati bilan

iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqada bo‘lib keldi. Ayniqsa, O‘zbekistonning

qo‘shni davlatlar bilan hozirgi kundagi yaqin do‘stona aloqalarining ildizlari ana

o‘sha uzoq tarixiy davrga borib taqaladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI

Qo‘qon xonligining xalqaro savdo aloqalari masalasi tarixshunoslikda
nisbatan keng yoritilgan bo‘lib, mazkur mavzuni o‘rganishda mahalliy qo‘lyozma
manbalar, rus sayyohlari va elchilari esdaliklari, shuningdek, XIX-XX asr ilmiy
tadqiqotlari muhim o‘rin tutadi. Ushbu manbalar Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo,
Sharqiy Turkiston, Hindiston, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan olib borgan
savdo-iqtisodiy munosabatlarini yoritishda asosiy ilmiy tayanch vazifasini
bajaradi.

Eng avvalo, Qo‘qon xonligining tashqi savdo aloqalarini o‘rganishda
mahalliy sharq manbalari alohida ahamiyatga ega. Zahiriddin Muhammad

Boburning “Boburnoma” asarida Andijon va Farg‘ona vodiysining Sharqiy
Turkiston bilan qadimiy savdo yo‘llari, ayniqsa karvon savdosi haqida muhim
ma’lumotlar uchraydi. Muallif Xitoydan Andijonga kelgan yirik savdo
karvonlarini tilga olib, bu hududning Sharq va Movarounnahr o‘rtasidagi
vositachilik mavqeini ko‘rsatadi. Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror” asarida esa
Toshkent, Farg‘ona va Sharqiy Turkiston o‘rtasidagi savdo yo‘llari, eksport
mahsulotlari hamda dorivor o‘simliklar savdosi xususida qimmatli ma’lumotlar
keltirilgan (Маҳмуд ибн Вали, 1977: 57).

Rus sayyohlari va elchilari qoldirgan esdaliklar Qo‘qon xonligining savdo
aloqalarini tadqiq etishda eng muhim tashqi manbalar sirasiga kiradi. Jumladan,
Filipp Nazarovning “Записки о некоторых народах и землях средней части
Азии” asari Qo‘qon xonligining XIX asr boshlaridagi savdo-iqtisodiy holatini
yorituvchi dastlabki rus manbalaridan biridir. Muallif Qo‘qonning Xitoy, Buxoro,
Xiva va Sharqiy Eron bilan olib borgan savdo aloqalari, karvon yo‘llari va elchilik
munosabatlari haqida muhim ma’lumotlar beradi (Назаров Ф., 1968). Ushbu asar
Qo‘qon xonligining tashqi savdosini bevosita kuzatgan muallif tomonidan
yozilgani bilan alohida qimmatlidir.

Shuningdek, rus davri statistik va ilmiy nashrlari ham mavzuni yoritishda
muhim ahamiyatga ega. “Туркестанский сборник”, “Азиатский вестник”,
“Вестник ИРГО”, “Обозрение Кокандского ханства” kabi to‘plamlarda Qo‘qon
xonligining ichki bozorlari, karvonsaroylari, eksport-import mahsulotlari va savdo
yo‘llari haqida ko‘plab statistik ma’lumotlar jamlangan (О нынешнем
состоянии..., 1826: 229-230; Обозрение Кокандского ханства 1849: 186).

Zamonaviy tadqiqotlarda ham Qo‘qon xonligining savdo aloqalari masalasi
alohida o‘rganilgan. Xususan, M.Yu.Yunusxodjayeva Toshkentning Rossiya va
Sharqiy Turkiston o‘rtasidagi vositachilik rolini ochib bergan bo‘lsa
(Юнусходжаева М.Ю., 1990: 140), A.Sh.Shamansurova O‘rta Osiyo-Afg‘oniston
savdo aloqalarini tahlil qilgan (Шамансурова А.Ш., 1963: 12-б). Ushbu
tadqiqotlar Qo‘qon xonligining xalqaro savdo tizimidagi o‘rnini chuqurroq ochib
berishga xizmat qiladi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI

Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida tarixiy-tahliliy, qiyosiy,

manbashunoslik, tizimli-yondashuv hamda statistik metodlardan foydalanildi.

Shuningdek, tizimli yondashuv metodi asosida savdo aloqalari iqtisodiy, siyosiy va

ijtimoiy omillar bilan uzviy bog‘liqlikda o‘rganildi. Bu esa Qo‘qon xonligining

xalqaro savdo tizimidagi faoliyatini kompleks tarzda tahlil qilish imkonini berdi.

TAHLIL VA NATIJALAR

Qo‘qon xonligi O‘rta Osiyo xonliklari, qo‘shni Xitoy, Hindiston, Qirg‘iz

dashtlari bilan jadal savdo munosabatlarini o‘rnatgan. Ammo qo‘shni ikki davlat

o‘rtasidagi XVIII va XIX asrlardagi aloqalar etarli darajada o‘rganilgan emas.

Vaholanki, bu davr tarixini o‘rganish uchun muhim qo‘lyozma manbalar, rus

sayyohlari va elchilarining hisobotlarida qiziqarli ma’lumotlar mavjud. O‘rta

Osiyo bilan Sharqiy Turkiston hamda Xitoy o‘rtasidagi XVI-XVII asrlarda mavjud

bo‘lgan o‘zaro munosabatlar to‘g‘risida Zahiriddin Muhammad Boburning

“Boburnoma”, Mahmud ibn Valining “Bahr ul-asror”, Sang Muhammad

Badaxshiyning “Tarixi Badaxshon”, Mirza Olim Toshkandiyning “Ansob us-

salotin va tavorix ul-xavoqin”, Niyoz Muhammad Xo‘qandiyning “Tarixi

Shohruhiy”, Qurbon Ali Ayog‘uziyning “Tavorixi xamsayi sharqiy” asarlarida

noyob ma’lumotlar mavjud. Zahiriddin Muhammad Boburning Xitoydan

kelayotgan Andijon karvonida ming odam bo‘lganligi haqidagi ma’lumoti, bu ikki

davlat o‘rtasida iqtisodiy aloqalarning uzoq o‘tmishga borib taqalishidan guvohlik

beradi.

Qo‘qon xonligining nisbatan taraqqiy etishiga uning qulay geografik hudud,

karvon yo‘llari kesishgan va dehqonchiligi qadimdan taraqqiy etganligiga nisbatan

bo‘lishi mumkin. Xonlikning markazi va bosh shahri bo‘lgan Qo‘qonga oid

ma’lumotlarga ko‘ra, uning yoshi 2000 yildan ortiqdir. Qo‘qon shahri XVIII-XIX

asr birinchi yarmida nafaqat xonlikning, ayni paytda O‘rta Osiyoning yirik

shaharlaridan biri edi. O‘tmishda Qo‘qon shahri bir necha marta dushmanlar

tomonidan talanib, vayron qilingan. Ma’lumki, XIII asrda mo‘g‘ullar O‘rta

Osiyoni istilo qilgan davrda juda ko‘p shaharlar vayron qilinib, yer bilan yakson

qilingan edi. Shunday shaharlar orasida Qo‘qon ham bor edi. Shundan so‘ng

Qo‘qon faqat 1709-yili qayta tiklangan va 1740-yilda shahar xonlik poytaxtiga

aylantirildi. Qo‘qon mustahkam mudofaa devori bilan o‘rab olingan. Qo‘qon

shahri xonlikning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaziga aylantirilgan.

Qo‘qon honligining iqtisodiy hayotida tashqi savdo ham muhim ahamiyat

kasb etgan. Mamlakat g‘arb va janubda Buxoro, Xiva, Afg‘oniston, Eron, Turkiya,

Hindiston, sharqda Xitoy (Qashg‘ar orqali), shimolda Dashti Qipchoq

ko‘chmanchilari va ayniqsa Rossiya bilan keng savdo aloqalar o‘rnatgan. Ayrim

manbalarda xonlikda yaponiyalik va angliyalik savdogarlar ham kelganligi eslatib

o‘tiladi.

Xonlikdan chet elga asosan ipak va ipak matolar, paxta, charm, qimmatbaho

toshlar, oltin, kumush, zargarlik buyumlari va boshqa mahsulotlar chiqarilgan.

Chet eldan asosan choy, metall, chinni, uy-ro‘zg‘or buyumlari, tayyor gazlama,

kiyim-kechak, poyafzal va boshqalar keltirilgan.

Xonlikda Qo‘qon, Toshkent, Andijon, Namangan kabi yirik shaharlar mavjud

bo‘lib, ularda xo‘jalik tarmoqlaridan hunarmandchilik sohasi keng ko‘lamda

taraqqiy topgan edi. Masalan: Qo‘qonda hunarmandchilikning quyidagi turlari bor

edi: misgar, zargar, o‘ymakor, qurolsoz, kulol, qog‘ozgar, to‘qimachi, do‘ppi

tikuvchi, kashtakach, ko‘priksoz, temirchi, nonvoy, aravasoz, baxmalbof. bujgun,

buyoqchi, gilkor, dorikash, jibachi, devorzan, degrez, yormado‘z, ko‘nchi,

miltiqsoz, najjor, nayzagar, panjarasoz, pillakash, po‘stindo‘z, taqachi, to‘brez,

paranjido‘z, chodirchi, chevar, chitgar, gilamchi va hakozolar. Qo‘qon shahrida

haftaning chorshanba va yakshanba kunlari bozor bo‘lgan. Qo‘qon xonligida keng

tarmoqli hunarmandchilik sohasining rivojlanganligi uning qo‘shni davlatlar bilan

savdo aloqalari o‘rnatishga imkon yaratgan.

Zargarlikning rivojlanishiga Qo‘qonga qarashli bo‘lgan hududda oltin

konlarining mavjudligi sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, oltin Kosonsoydan,

Qoratog‘ shimolidagi Ko‘krev daryosidan, Chirchiq daryosi bo‘ylaridan, Chatkol

daryosi yuqori oqimlaridan olingan.

XVIII-XIX asrlarda Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish tanazzulga

ketayotgan davrda Qo‘qonda qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yila boshlanadi. Bu

tovarni tayyorlash samarqandlik qog‘oz ishlab chiqaruvchi ustalarning Qo‘qonga

ko‘chib kelishi bilan bog‘liq. Buning natijasida Qo‘qon Orol dengizidan

Xitoygacha qog‘oz ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi monopoliyaga aylanib qolgan

desak xato bo‘lmaydi. Qo‘qon qog‘ozi Koshg‘ar, hattoki shimoliy Afg‘onistonga

ham olib borilgan. Qog‘oz ustaxonasi Qo‘qon shahrining Mo‘yi Muborak

darvozasi orqasidagi maqbara yonida joylashgan. Qog‘oz juvozi oddiy saroydan

iborat bo‘lib, sathi 25-30 kvadrat metr, ayvonning bir tomonida juvozxona, boshqa

tomonida qog‘oz xamiri uchun katta moslama joylashgan. Usta o‘z xalfalari

yordamida bir kunda 300 varaq qog‘oz tayyorlagan. Qo‘qondan tashqari boshqa

joylarda ham qog‘oz ishlab chiqilardi. Ammo Qo‘qon qog‘ozi o‘zining sifati va

ko‘pligi bilan ulardan ancha ustun bo‘lgan. So‘nggi o‘rta asrlarda O‘rta Osiyolik

olimlar, tarixchilar, shoirlar o‘z asarlarini Qo‘qon qog‘ozida yozishadi. Bu

qog‘ozlardan devonxonada ham keng foydalanilgan. Mahalliy qo‘lyozma asarlar

va turli xil diplomatik hujjatlar Qo‘qon qog‘ozida yozilgan. XIX asr boshlarida

Toshkentda bo‘lgan Sibir kazaki Maksimovning ta’kidlashicha ... qog‘oz Qo‘qon

va Toshkentda tayyorlanadi. ... deb ma’lumot qoldiradi (Максимов М., 1820: 28).

Qo‘qon qog‘ozining hajmi uzunligi 58 sm, eni 50 sm bo‘lgan. Uning 240

varog‘i 1 bog‘ bo‘lib, birinchi jahon urushi arafasida va boshlarida birinchi navi 6

rub, ikkinchi navi 4 rub va uchinchi navi 3 rub turgan (Иванов И., 1914: 124).

Qo‘qonda ipakdan tayyorlangan, juda sifatli qog‘oz ham bo‘lgan. Ipak

qog‘ozi juda qimmat bo‘lganligi uchun ehtiyoj kam edi. Ipak qog‘ozi maxsus

buyurtma asosida tayyorlangan.

Qo‘qon xonligi O‘rta Osiyo xonliklari, Xitoy, Hindiston, Eron, Rossiya va

boshqa mamlakatlar bilan karvon yo‘llari orqali bog‘langan bo‘lib, xonlik ular

bilan qizg‘in savdo munosabatlarga kirishgan. Rossiyaning Qo‘qon xonligi bilan

savdo-siyosiy munosabatlari boshqa O‘rta Osiyo xonliklariga nisbatan biroz sust

rivojlangan. Bu esa xonlikning Rossiyadan anchagina uzoqligi va Toshkent bekligi

bilan ajralib turishi bilan bog‘liq. Rossiya bilan Qo‘qon xonligi o‘rtasidagi siyosiy-

savdo munosabatlari XIX asrning ikkinchi o‘n yilliklaridan boshlab o‘rnatila

boshlaydi. Qo‘qon xonligining chet davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlari

masalasi rus elchilari va sayyohlari hisobotlarida, hamda maxsus asarlarda ham o‘z

aksini topgan. Xususan, 1813-yili Sibir korpusi tarjimoni Filipp Nazarov maxsus

topshiriq bilan, Qo‘qonga, ya’ni Petropavlovskda Peterburgdan kelayotgan Qo‘qon

xoni elchisining o‘ldirilishi natijasida kelib chiqqan mojaroni hal qilish maqsadida

keladi. F.Nazarovning 1813-1814-yillarda Qo‘qon xonligiga qilgan sayohati

natijasida, 1821-yilda “Zapiski o nekotorix narodax i zemlyax sredney chasti Azii”

kitobi nashrdan chiqadi. Asar tarixiy-etnografik xarakterga ega. Kitobda

qo‘qonliklarning Koshg‘ar, Xitoy, Xiva, Buxoro va Sharqiy Eron bilan savdo

aloqalari haqida xabar berilgan. U Qo‘qon xonining elchilarini qabul qilish

marosimida ishtirok etib, qabul marosimi chog‘ida Xitoy, Xiva, Buxoro va boshqa

o‘lkalar elchilarini ko‘rgan (Назаров Ф., 1821). F.Nazarov O‘ratepa shahri haqida

yozib, u yerda aholi loy (paxsa – A.B.) uylarda yashab, xonadonlarida pux

ro‘mollar to‘qiydi, deb e’tirof etadi. Asarda O‘ratepa aholisi turkmanlar, eroniylar,

Buxoroga qarashli bo‘lgan joylardagi ko‘chmanchi arablar bilan savdo qilishadi,

deb ta’kidlanadi.

1826-yili “Aziatskiy Vestnik” jurnalida e’lon qilingan maqolada Qo‘qon

aholisi paxta va ipak yetishtirish bilan shug‘ullanishi, qo‘qonliklar Xitoy, Xiva va

Eron bilan savdo qilishi haqida ma’lumot berilgan (Азиатский Вестник, 1826:

229-230).

Qo‘qonning asosiy savdo sheriklaridan biri Toshkent (beklik davrida)

hisoblangan. O‘rta Osiyoning sharq davlatlari bilan tashqi iqtisodiy aloqalarida

Toshkent shahri azaldan alohida mavqega ega bo‘lgan. Toshkent 2000 yildan ortiq

tarixga ega bo‘lib, dastlabki ma’lumotlar qadimgi sharq manbalarida miloddan

avvalgi II asrdan tilga olina boshlaydi. Rus manbalarida Toshkent shahri XVI

asrda Tashkura nomi bilan “Kniga Bol’shogo Cherteja”ga ham kiritilgan. XVI

asrning ikkinchi yarmida Toshkent Buxoro xonligiga qo‘shib olingan. O‘rta

asrlarda Toshkent o‘z tovarlari bilan mashhur bo‘lgan. Mahmud ibn Vali

Toshkentdan olib ketiladigan tovarlar haqida yozib, qalmiq asirlari, dorivor

o‘simliklar, jumladan, qon ketishini to‘xtatishda qo‘llaniladigan o‘simliklar haqida,

eslaydi (Маҳмуд ибн Вали, 1660:57). Bu dorilar Xitoyga ham eksport qilingan.

Mahmud ibn Vali o‘z asarida darmana deb ataluvchi ko‘p yillik yarim buta haqida

ma’lumot berib, uning barglarida va gul to‘dasida terpenoid santonin bo‘lib, uning

gijjani yo‘qotadigan xususiyatga ega ekanligini bayon qiladi. Darmana

Toshkentdan ko‘plab Yevropa mamlakatlariga olib borilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra,

XVIII asrning 30-yillarida savdogarlar Toshkentda o‘sadigan darmana urug‘ini

Eron va Turkiyaga, Turkiyadan esa nemis davlatlariga olib borishgan (Бартольд

В., 1963: 96-97).

XVII-XVIII asrlardan boshlab Toshkentning Rossiya bilan savdo-iqtisodiy

aloqalari rivojlana boshlaydi. Toshkent savdogarlari tez-tez Sibir shaharlariga

borib turishgan. 1739-yilda Orenburgdan Toshkentga birinchi rus savdo karvoni

keladi. XVIII asrning 2-yarmiga kelib mustaqil Toshkent bekligi tashkil topadi.

XIX asrda Toshkent o‘z mustaqilligini yo‘qotib, Qo‘qon xonligiga

bo‘ysundirilgan. XVIII asrning 2-yarmida O‘rta Osiyo xonliklarining Rossiya va

Qozog‘iston bilan savdo aloqalari rivojlangan sari Toshkent shahri savdo aloqalari

markaziga aylanib qola boshlaydi. Shu davrda Toshkent shahri hunarmandchilik

sohasiga qarab quyidagi mahallalarga bo‘lingan: pichoqchi, misgarlik, sog‘bon-

itboqar, o‘qchi, konchi, degrizon-qozon yasovchilar. Taxtapul, Sebzor, Labzak,

Qorasaroy mahallalari aholisi bog‘dorchilik, hunarmandchilik va boshqalar bilan

shug‘ullanganlar. Oxunguzar, Parchabof, Janggoh aholisi hunarmandchilik,

to‘quvchilik va savdo bilan shug‘ullangan. Toshkentlik to‘quvchilar bo‘z,

beqasam, olacha, baxmal to‘qishgan va savdogarlar bu tovarlarni qo‘shni

mamlakatlarga olib borib sotishgan.

Toshkentda bir necha karvon saroylar bo‘lib, unda turli mamlakatlardan

kelgan savdogarlar to‘xtashgan, jumladan Sayidazim, Nurmuhammad Qushbegi,

Namangan va boshqalar (Хорошхин А., 1876:307). A.P.Xoroshxin Toshkent

shahrida 29 ta karvonsaroy borligini eslatadi. U shahar bozoridagi tovarlar

sotiladigan rastalar sonini ham qayd etgan (Хорошхин А., 1876: 29).

Tarixdan ma’lumki, O‘rta Osiyodagi shaharlar kabi Toshkent ham Sharq

bilan G‘arbni bir-biriga bog‘lab turuvchi Buyuk ipak yo‘li ustida joylashgan.

Karvon yo‘li Koshg‘ardan O‘sh orqali Toshkentga kelgan. Toshkent O‘rta

Osiyoning muhim shaharlaridan biri hisoblanib, Qo‘qonning Rossiya bilan savdo

aloqalarida vositachilik rolini ham o‘tagan. Shu bilan birga rus hukumati Toshkent

orqali O‘rta Osiyo xonliklari bilan va hattoki u orqali Xitoy bilan savdo qilishga

harakat qilgan.

Rossiya davlati Toshkent orqali Qo‘qon xonligi bilan savdo va diplomatik

aloqalar o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lgan. Chunki Rossiya Toshkent va Qo‘qon

orqali Koshg‘arga ham chiqishi mumkin edi. Rossiya Sharqiy Turkiston bilan

bo‘ladigan savdo aloqalarida toshkentlik savdogarlarning vositachilik rolini ko‘ra

bilgan edi. Ruslar toshkentliklarning Koshg‘ar tovarlarini Qo‘qon orqali Rossiyaga

yetqazib berishlaridan katta foyda ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, XVIII asr

oxirlarida Semipalatinsk bojxonasi hujjatlarida Rossiyaning Sharqiy Turkiston

bilan aloqasida toshkentlik savdogarlar rolining ortib borganligini aks ettiruvchi

ma’lumotlar uchraydi.

Fikrimizning tasdig‘i sifatida XVIII asr oxirlarida, ya’ni 1791-yil noyabr

oyida Yamishevga quyidagi tovarlar olib borilgan: 612 rub 50 koplik 19 pud 30

funt Toshkent oq qog‘ozi, 814 rub 70 koplik 894 arshin guldor va yo‘l-yo‘l

Toshkent matosi, 9735 arshin Toshkent pardasi, 799 dona Toshkent chaponi,

chakmon, ko‘k zenden. 1792 yil oktabr oyida Yamishevga quyidagi tovarlar

keltirilgan: 22 rub 64 koplik 38 (o‘lchov birligi ko‘rsatilmagan) tuya juni, 1.479

rub 20 koplik 1301 bosh qo‘y, 3902 rublik 344 bosh ho‘kiz, 4 bo‘lak Toshkent oq

bo‘zi, 119 bo‘lak ko‘k bo‘z va boshqalar. O‘sha yili Toshkent tovarlari bilan birga

Xitoy va Sharqiy Turkiston tovarlari ham, jumladan, 17 rublik 17,5 (og‘irligi

no‘malum) dur, 1 rub 80 koplik 18 funt qora choy, 1 rub 50 koplik 10 funtlik taxta

choy, 5 rublik 15 funt ko‘k choy va boshqalar olib kelingan (Семипалатинск

божхона ҳужжатлари, 1792: 140).

Semipalatinskda toshkentliklarning hovlilari bo‘lib, unda olib kelingan xitoy,

koshg‘ar, Toshkent tovarlari rus tovarlariga ayirbosh qilingan. Savdo-sotiq mol

ayirboshlash yo‘li bilan amalga oshirilgan va naqd pulga ham sotilgan.

Manbalarning guvohlik berishiga qaraganda, Qo‘qon xonligining O‘rta Osiyo

mintaqasidagi siyosiy jarayonlar va o‘zaro munosabatlarga faol aralashuvi ham

Umarxon davridan boshlanadi. O‘z darvida Umarxonning elchilari Xiva, Xitoy va

Turkiya davlatlariga jo‘natilganligi ma’lum.

XIX asr o‘rtalariga taalluqli ma’lumotlarga ko‘ra, Qo‘qondan va xonlikning

boshqa shaharlaridan har yili Toshkentga 16 ming tuya mol kelgan. Shundan 4

ming tuya paxta, 200 tuya yigirilgan ip, 10 ming tuya ip gazlama, yarim ipak va

ipak matolar, chapon, ko‘rpa, chalvor (teridan tiqilgan) va boshqalar, qolgan 2

ming tuyada ho‘l mevalar keltirilgan. Har yili chetdan mol kiritish 4580 ming rub.

gacha yetgan (Потанин Г., 1856:186). Qo‘qonga va xonlikning boshqa

shaharlariga Toshkentdan ko‘proq rus tovarlari keltirilgan. Chunki Rossiya bilan

savdo Toshkent orqali amalga oshirilgan. Qo‘qon bilan Toshkent o‘rtasidagi savdo

aylanishi bir yilda taxminan 7 mln. rub.ni tashkil qilgan. Toshkent bilan Qo‘qon

oralig‘idagi masofaning yaqinligi Toshkent savdogarlariga jo‘shqin savdo

qilishlariga katta imkoniyat bergan. Yillik tovar aylanishi hisobga olinsa, Toshkent

savdogarlarining Qo‘qon bilan aloqalari muhimroq bo‘lgan.

Qo‘qon xonligi azaldan Qozog‘istonning janubiy va janubiy-sharqiy

tumanlari bilan an’anaviy savdo aloqalari o‘rnatgan. Qo‘qon savdogarlari chopon,

ko‘rpa va turli xil matolarni qozoq ko‘chmanchilarining chorva, teri, yog‘, jun va

mo‘ynalariga ayirbosh qilgan (Колмогоров Г., 1863: 159).

XIX asrning 20-30-yillarida Qo‘qon hukmdorlari Janubiy Qozog‘istonda bir

qator qal’alar, jumladan, Yangi-Qo‘rg‘on, Julek, Din-Qo‘rg‘on, Oq-Machit,

Qamish-Qo‘rg‘on, Avliyo-Ota va boshqalar qurgan edi. Ularning har birida harbiy

qismlar, machitlar, ombor va temirchilik ustaxonalari, savdogarlar uchun uylar,

do‘konlar va bozorlar bunyod qilgan.

Qo‘qon savdogarlarining qozoq cho‘llariga keltiradigan tovarlarining

aksariyatini ip gazlama va quritilgan mevalar tashkil qilgan. Meva qoqilari cho‘l

hududlariga har yili 15 minggacha tuyada, ip gazlama esa 3 minggacha tuyada

keltirilgan (Вельяминов-Зернов В., 1856:363). G.Kolmogorovning

ma’lumotlariga ko‘ra, har bir qozoq oilasi tayyor kiyim-boshni Buxoro, Qo‘qon va

Xitoydan sotib olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘rta Osiyo savdogarlari o‘z tovarlarini mayda va yirik

qoramollariga ayirbosh qilgan. Masalan: har yili Toshkentga 200 ming bosh,

Qo‘qonga 100 ming atrofida va Buxoroga 100 ming bosh qo‘y haydab borilgan.

Mol ayirboshlashda qo‘y muomala vositasi (pul o‘rnida) hisoblangan. Qo‘y narxi 1

rub 50 kopdan 20 rub kumush pulgacha baholangan.

1852-yil fevral-may oylarida Rostovlik savdogar S.Y.Klyucharev Toshkentda

bo‘lib, o‘zi shohidi bo‘lgan voqealarni kundaligiga yozib borgan.

V.V.Velyaminov-Zernov kundalikdan foydalanib, uni izohlar va qo‘shimchalar

bilan boyitib “Istoricheskiya izvestiya o Kokandskom xanstve, ot Muhammeda-Ali

do Xudayar-Xana” asarini yozgan (Вельяминов-Зернов В., 1856: 364).

Kundalikda keltirilgan dalillar ko‘proq xonliklar o‘rtasidagi siyosiy aloqalar va

savdo munosabatlarini yoritishga yordam beradi. Jumladan: 3 va 29-aprelda

Buxorodan Toshkentga savdo karvonlari kelgan. 3-aprelda kelgan karvondagi

tovarlarning aksariyati opium bo‘lgan. Kundalikda “savdogarlar, G‘ulja,

Chuguchak, Koshg‘ar va Xitoyning barcha chegara shaharlarida bu tovardan foyda

ko‘pligini bilganliklari uchun hamma opiumni o‘sha zahotiyoq naqd pulga sotib

olishdi”,- deb yozilgan edi (Тетервников А., 1867: 56).

O‘sha kezlarda Toshkentda qo‘qonlik savdogarlar ham bo‘lishgan.

Toshkentga qozoqlar cho‘ldan chorva mollari haydab kela boshlashgan va bir

kunda 20.000 qo‘y sotilgan. 8-aprelda Toshkentdan Troitsk va G‘uljaga karvon

jo‘nagan. G‘uljaga ketgan karvonda oltin (quyma va pul holida) va opiumdan

boshqa tovar bo‘lmagan ekan. 13-aprelda Toshkentdan Troitsk, Petropavlovsk,

Buxoroga, 15-aprelda esa Petropavlovsk va Semipalatinskga karvon jo‘nagan.

V.V.Velyaminov-Zernov asaridan shu narsa aniqlandiki, Toshkent O‘rta

Osiyo xonliklari o‘rtasidagi, qolaversa, Rossiya bilan Qo‘qon o‘rtasidagi, Qo‘qon

xonligining Xitoy bilan savdo aloqalaridagi markaziy vositachi shahar

hisoblangan. Ammo Toshkentdagi notinchlik oqibatida Toshkentga kelayotgan

karvonlar kam tovar keltirib, va aksincha ko‘proq tovarlar olib ketishgan.

A.P.Teterevnikovning ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asrning 60-yillarida

savdogarlar Toshkentdagi umumiy savdo mablag‘ini 10.000.000 rub bo‘lishi

mumkin deb taxmin qilganligini xabar bergan (Тетервников, А., 1867: 53).

Qo‘qon xonligining Qashg‘ar bilan savdo munosabatlari xuddi Buxoro

amirligi kabi bo‘lib, Koshg‘ardan Qo‘qonga afyun, chinni idishlar, kumush, xitoy

ipak matolari, tola va gilamlar olib kelingan. Qozoq juzlarining Rossiyaga tobe

etilishi hukmdor tabaqalar o‘rtasidagi o‘zaro urushlarning to‘xtashiga sabab bo‘ldi

va bu holat O‘rta Osiyoning, jumladan, Qo‘qon xonligining Sibir, Ural, Volga

bo‘yi bilan savdo aloqalariga keng yo‘l ochdi.

Xonlik Hindiston bilan ham muntazam savdo aloqalarini olib borgan.

Manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistondan yiliga Qo‘qon, Toshkent, Buxoro va

Qashg‘arga Kobul orqali 10.000 dan 15.000 tuyagacha mahsulot yuborilgan. Ular

orasida ip gazlamalar, ipak, echki juni, otlar va boshqalar chiqarilgan. Otlar

savdoning katta foyda keltiradigan manbalaridan biri bo‘lgan. Hind savdogarlari

xonlikdagi shaharlarda yashab tijorat va hatto, sudxo‘rlik bilan

shug‘ullanganliklari haqida ham ma’lumotlar bor. Xonlikning savdogarlari Buxoro

va amirlik chegaralaridagi shaharlar bilan muntazam savdo aloqalari olib

borganlar. Har ikkala davlatning savdogarlari savdo ishlarida faol ishtirok etib,

qo‘qonlik savdogarlar Buxoro amirligiga xo‘jalik hayotida zarur bo‘lgan rus

temiri, po‘lat va cho‘yandan yasalgan buyumlar, tamaki, ro‘mol, guruch va ba’zi

xitoy yoki mahalliy ipak gazlamalari, choy, chinni idishlar olib borishgan bo‘lsa,

buxorolik savdogarlar esa Qo‘qonga hind choyi, surp mato, harir, buyoq, afyun

(taryok), zardo‘zlik mahsulotlari, ip va gazlama olib kelishgan.

Rus chiti Buxoroning Qo‘qon xonligi bilan savdosida alohida o‘rin

egallagan. Bu mato Orenburg yoki Petropavlovskdan Kazalinskka, undan Buxoro,

Samarqand va Xo‘jand orqali Qo‘qonga olib kelingan. Shuningdek, xonlikda

Mashhaddan olib kelinadigan ingliz gazlamalari, oz miqdorda bo‘lsa ham

Kobulning to‘n va sallalari, hind attorlik mollari ham keltirishgan.

Savdo aloqalarining doimiy, bir me’yorda davom etishi va rivojlanishi

transport va karvon yo‘llarining ahvoliga bog‘liq bo‘lgan. Bu o‘rinda Qo‘qon bilan

Buxoro o‘rtasidagi savdo aloqalari alohida mavqega ega bo‘lgan. Ular o‘rtasidagi

karvon yo‘li tekis bo‘lib, tovarlarni tashishda aravalardan foydalanilgan.

N.V.Xanikovning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita asosiy Qo‘qon karvonining

birinchisi Buxoroga yozning boshida va ikkinchisi kuzning oxirida kelgan, kichik

karvonlar esa yil davomida qatnab turgan. Qo‘qonliklar Buxoroga mahalliy

hunarmandchilik buyumlaridan tashqari, xitoy tovarlari - choy, kumush yombi,

chinni buyumlar va marjon hamda boshqa rus tovarlarini olib kelgan (Ханыков Н.,

1843: 175). Qo‘qondan Buxoroga eksport qilinadigan asosiy tovarlar ipak va ipak

gazlamalar bo‘lib, har yili 8 ming pudgacha keltirilgan. Eng sifatli ipak “chilla”

deb atalib, u Qo‘qonda ishlab chiqarilgan.

Qo‘qon bilan Buxoro o‘rtasida yaxshi savdo aloqalari o‘rnatilgan. Qo‘qon

tovarlari nafaqat Buxoro bozorlarida, hattoki Buxorodan Kobulga olib borib

sotilgan. Qo‘qon ipagi sifati jihatidan Buxoro ipagidan ustun turgan. Shuning

uchun uning narxi bir pudi 16 tillo, Xo‘jand ipagi esa 15 tillo turgan (Миддендорф

А., 1882: 414).

Buxoro bozorlarida choy, chinni idishlar, qisman Xitoy va Qo‘qon ipak

gazlamalari va ko‘plab rus temir, cho‘yan va po‘lat buyumlari sotilgan.

Toshkentning Sibir chegaralariga yaqinligi, toshkentlik savdogarlarga qisqa

muddatda tovarlarni Buxoro bozorlariga yetkazib berishga imkoniyat bergan. Bu

temir, cho‘yan va po‘lat buyumlarning kattagina qismi Hisor, Badaxshon, Xulm,

Maymand va boshqa joylarga toshkentlik va xivalik savdogarlar tomonidan olib

borib sotilgan.

Qo‘qondan Hindistonga va Afg‘onistonga “chilla” deb ataluvchi ipak

gazlamasi olib ketilgan. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, xuddi Buxoroda

bo‘lganidek Qo‘qonda ham hindlar va afg‘onlar yashagan bo‘lib, ular Qo‘qon-

Buxoro aloqalarida muhim rol o‘ynagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Buxoroda 70

ga yaqin bo‘lishgan.

Qo‘qon Buxoro orqali Hindiston bilan savdo qilgan. Jumladan, Peshavordan

Buxoro orqali Qo‘qonga ingliz-hind tovarlari keltirilgan. Peshavordan Kobul,

Qarshi, Samarqand va Qo‘qon yo‘li orqali O‘rta Osiyoga har yili 10-15 ming

tuyada tovarlar keltirilgan. Keltirilgan tovarlar asosan oq mal-mal, gul tikilgan

ko‘ylaklik matolar, shakar, indigo, qalin surp va chitlardan iborat edi. Peshavordan

O‘rta Osiyoga keltirilgan 10-15 ming tuya tovarlardan 1000 tuyasi bombey

choylari bo‘lgan.

Hindistonda Qo‘qon ipagiga talab katta bo‘lgan. Har yili Qo‘qondan, Buxoro

va Hindistonga 1000 tuyada ipak jo‘natilgan.

XIX asrda O‘rta Osiyo xonliklaridagi savdoni qo‘lga kiritish maqsadida

inglizlar tovarlarini Buxoro va Qo‘qon xonliklariga tarqatish yo‘llaridan biri

sifatida Shimoliy Hindistondagi Peshavor yaqinida yashaydigan hindistonlik

musulmonlar yordamidan foydalangan. Ular parachlar deb atalgan Ingliz

savdogarlari o‘z tovarlarini uch yil muddat bilan parachlarga qarzga bergan, o‘z

navbatida parachlar mollarini Buxoro va Qo‘qonda qarzga (nasiyaga) sotishgan.

Parachlarning ba’zilari Buxoro va Qo‘qonda joylashib olganlar va shu yo‘l bilan

ingliz tovarlarini kengroq yoyishga harakat qilganlar. Ingliz tovarlari O‘rta

Osiyoga ikki yo‘l, ya’ni Kobul va Mashhad orqali kirib kelgan. Toshkentga esa u

yer bilan doimiy muomalada bo‘lib turgan hindlar olib kelganlar. Hindlar ingliz

tovarlari bilan birga mahalliy hind tovarlarini ham keltirishgan. Muallifning

aytishicha, ularning asosiy ishi sudxo‘rlik bo‘lgan. A.N.Teterevnikov, keyingi

vaqtda Toshkentga ingliz tovarlari kam keltirilayotganligi, ular faqat ilgari olib

kelingan tovarlardan qolganlarinigina sotilayotganligini ko‘rganligini yozadi.

Demak, hindlar nafaqat Buxoro yoki Samarqandda, balki Toshkentda ham

sudxo‘rlik bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkin. Muallif 1865-yili Toshkentning

Rossiya tomonidan ishg‘ol qilinganidan so‘ng ingliz tovarlarini keltirilganligini

ko‘rmagan bo‘lishi mumkin.

Teterevnikov savdogarlarning ma’lumotiga tayanib, Peshavordan keltirilgan

tovarlarning yarmi Xo‘jand orqali Qo‘qon xonligiga qarashli shaharlarga, 2000

tuyadan oshmagan tovarlar esa Toshkentga keltiriladi, deb yozadi. Demak, agar

O‘rta Osiyoga jo‘natilgan 10-15 ming tuya molning yarmi 5-7 ming tuya bo‘lsa,

shundan 2 mingi Toshkentga jo‘natilsa, u holda Qo‘qon xonligi shaharlariga 3-5

ming tuya mol keltirilgan bo‘ladi. Keltirilgan 10-15 ming tuya tovarning 1 minggi

Bombey choylari hisoblangan. Bu choy Toshkentga ham keltirilgan bo‘lib, aholi

choyning tami haqida yaxshi baho berishmagan. Choy ko‘rinishi jihatidan G‘ulja

va Chuguchak choylaridan farq qilmagan, lekin tami unga nisbatan pastroq, ya’ni

bemaza bo‘lgan. Shuning uchun uning narxi boshqa choylarga qaraganda uch

barobar past yurgan. Teterevnikovning fikricha, O‘rta Osiyoga keladigan ikki

savdo yo‘lidan faqat Kobul yo‘li orqali tovarlar Qo‘qonga keltirilgan bo‘lsa,

Mashhad yo‘li orqali esa Buxoroga keltirilgan.

Qo‘qonlikning tashqi aloqalarida Qo‘qon-Rossiya savdo munosabatlari ham

alohida o‘rin tutgan. Manbalarga ko‘ra, 1861-yildan keyin rus sanoatining jadal

rivojlana boshlaganligi, xom ashyo bazasi va tashqi bozorga bo‘lgan ehtiyojning

yanada kuchayganligi Rossiyaning Qo‘qon bozorini faol egallab, undan cheksiz

foydalanishning asosiy sabablaridan biri bo‘lgan. Rossiyadan Qo‘qonga temir, mis,

po‘lat, cho‘yan va temir buyumlar, chit va sifatsiz gazlamalar, oz

miqdorda baxmal, shakar, oynalar, charm, Rossiyaga tobe bo‘lgan qozoq

cho‘llaridan qo‘ylar va uning terisi, charm va charm mahsulotlari, kigiz olib

kelingan. Xonlikdan esa Rossiyaga asosan paxta olib chiqilgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR

Qo‘qon xonligi O‘rta Osiyo xonliklari, Xitoy, jumladan Sharqiy Turkiston,

Hindiston, Eron, Turkiya, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy

aloqalar o‘rnatgan. Qo‘qon xonligi ayniqsa, Xitoy, jumladan, Koshg‘ar bilan yaqin

savdo munosabatlariga kirishgan. Qo‘qon Koshg‘ar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo

qilishdan tashqari Xitoyning O‘rta Osiyo xonliklari, Hindiston, Eron va Rossiya

bilan savdo aloqalarida vositachi rolini ham bajargan. Qo‘qon karvonsaroylarida

Hindiston, Tibet, Koshg‘ar, Buxoro amirligi, Afg‘oniston, Rossiyadan olib

kelingan mollar to‘plangan. Mazkur savdo aloqalarida Toshkent alohida mavqega

ega bo‘lganligi ham alohida ta’kidlanishi lozim.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Вельяминов-Зернов В. В. (1856). Исторические известия о

Кокандском ханстве, от Мухаммеда-Али до Худаяр-Хана. СПб., с. 364.

2. Вамбери А. (1974). Путешествие по Средней Азии. М., с. 372.

3. История Узбекистана в источниках. (1988). Т., с. 96-97.

4. Колмогоров Г. О. (1855). О промышленности и торговле в

Киргизских степях Сибирского ведомства // Вестник ИРГО. Т. XIII, с. 159.

5. Махмуд ибн Вали. (1977). Море тайн относительно доблестей

благородных (география) / Введение, перевод, примечания, указатели Б. А.

Ахмедова. Т., с. 57.

6. О нынешнем состоянии некоторых областей и городов в Средней

Азии. (1826) // Азиатский Вестник. Т. 1. СПб., с. 229-230.

7. Обозрение Кокандского ханства. (1849) // ЗИРГО. Кн. 3. СПб., с. 186.

8. Потанин В. (1860). Показание сибирского козака Максимова о

Кокандском владении // ИРГО, с. 28.

9. Разводовский В. К. (1940). Кустарное производство бумаги в

Узбекистане // Советская этнография. Т. 3. М.–Л., с. 147.

10. Сведения о произведениях и торговле Бухарии. (1840). Выр. из

журнала «Мануфактура и торговля». Хмыр. Кол. Средняя Азия. Т. 1, с. 414.

11. Тетеревников А. Н. (1867). Очерк внутренней торговли Киргизской

степи. СПб., с. 56.

12. Туркестанский сборник. (б.г.). Т. 5, с. 307.

13. Филипп Назаров. (1968). Записки о некоторых народах и землях

средней части Азии. М.: Наука.

14. Ханыков Н. (1843). Описание Бухарского ханства. СПб., с. 175.

15. Хорошхин А. П. (1876). Очерки Тошкента // Сборник статей,

касающихся Туркестанского края. СПб., с. 29.

16. Шамансурова А. Ш. (1963). К вопросу о среднеазиатско-афганских

отношениях в первой половине XIX в. // Взаимоотношения народов Средней

Азии и сопредельных стран Востока в XVIII – начале XX в., с. 12.

17. Юнусходжаева М. Ю. (1990). Роль Ташкента в торговле России и

Восточного Туркестана во второй половине XVIII в. // Позднефеодальный

город Средней Азии. Т.: Фан, с. 140.

REFERENCES:
1. Velyaminov-Zernov V. V. (1856). Istoricheskie izvestiya o Kokandskom
khanstve, ot Mukhammeda-Ali do Khudayar-Khana. SPb., s. 364. (in Russian)

2. Vamberi A. (1974). Puteshestvie po Sredney Azii. M., s. 372. (in Russian)

3. Istoriya Uzbekistana v istochnikakh. (1988). T., s. 96-97. (in Russian)

4. Kolmogorov G. O. (1855). O promyshlennosti i torgovle v Kirgizskikh

stepyakh Sibirskogo vedomstva // Vestnik IRGO. T. XIII, s. 159. (in Russian)

5. Makhmud ibn Vali. (1977). More tayn otnositel’no doblestey blagorodnykh

(geografiya) / Vvedenie, perevod, primechaniya, ukazateli B. A. Akhmedova. T., s.

57. (in Russian)

6. O nyneshnem sostoyanii nekotorykh oblastey i gorodov v Sredney Azii.

(1826) // Aziatskiy Vestnik. T. 1. SPb., s. 229-230. (in Russian)

7. Obozrenie Kokandskogo khanstva. (1849) // ZIRGO. Kn. 3. SPb., s. 186.

(in Russian)

8. Potanin V. (1860). Pokazanie sibirskogo kozaka Maksimova o

Kokandskom vladenii // IRGO, s. 28. (in Russian)

9. Razvodovskiy V. K. (1940). Kustarnoe proizvodstvo bumagi v Uzbekistane

// Sovetskaya etnografiya. T. 3. M.–L., s. 147. (in Russian)

10. Svedeniya o proizvedeniyakh i torgovle Bukharii. (1840). Vyr. iz zhurnala

«Manufaktura i torgovlya». Khmyr. Kol. Srednyaya Aziya. T. 1, s. 414. (in

Russian)

11. Teterevnikov A. N. (1867). Ocherk vnutrenney torgovli Kirgizskoy stepi.

SPb., s. 56. (in Russian)

12. Turkestanskiy sbornik. (b.g.). T. 5, s. 307. (in Russian)

13. Filipp Nazarov. (1968). Zapiski o nekotorykh narodakh i zemlyakh

sredney chasti Azii. M.: Nauka. (in Russian)

14. Khanykov N. (1843). Opisanie Bukharskogo khanstva. SPb., s. 175. (in

Russian)

15. Khoroshkhin A. P. (1876). Ocherki Toshkenta // Sbornik statey,

kasayushchikhsya Turkestanskogo kraya. SPb., s. 29. (in Russian)

16. Shamansurova A. Sh. (1963). K voprosu o sredneaziatsko-afganskikh

otnosheniyakh v pervoy polovine XIX v. // Vzaimootnosheniya narodov Sredney

Azii i sopredel’nykh stran Vostoka v XVIII – nachale XX v., s. 12. (in Russian)

17. Yunuskhojaeva M. Yu. (1990). Rol’ Tashkenta v torgovle Rossii i

Vostochnogo Turkestana vo vtoroy polovine XVIII v. // Pozdnefeodal’nyy gorod

Sredney Azii. T.: Fan, s. 140. (in Russian)