AMIR TEMUR BUYUK SARKARDA VA DAHO DAVLAT ARBOBI
АМИР ТЕМУР ВЕЛИКИЙ ПОЛКОВОДЕЦ И ГЕНИАЛЬНЫЙ
ГОСУДАРСТВЕННЫЙ ДЕЯТЕЛЬ
AMIR TEMUR WAS A GREAT COMMANDER AND A BRILLIANT
STATESMAN
Ahmadali Asqarov
Nizomiy nomidagi O‘zMPU Tarix fakulteti
professori, tarix fanlari doktori, akademik
Tel.: +998 90-937-55-87
Annotatsiya. Mazkur maqolada Amir Temur shaxsiyati, uning davlatchilik
faoliyati va harbiy-siyosiy strategiyasi ilmiy-nazariy jihatdan tahlil qilinadi. Uning
Movarounnahrni birlashtirish yo‘lidagi harakatlari, markazlashgan davlat barpo
etishdagi o‘rni va “Tuzuklar” orqali qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari
yoritilgan. Shuningdek, Amir Temurning shaxsiy fazilatlari, jumladan, ziyraklik,
strategik tafakkur va diplomatik mahorat kabi xususiyatlari ochib berilgan. Ibn
Xaldun va boshqa xorijiy olimlarning fikrlari asosida uning tarixiy shaxs sifatidagi
bahosi ko‘rib chiqilgan. G‘arb va Sharq tarixshunosligidagi turli yondashuvlar
solishtirilib, obyektiv xulosalar keltirilgan. Amir Temurning davlat boshqaruvi,
harbiy san’ati va madaniyatlar uyg‘unligiga qo‘shgan hissasi uning jahon
tarixidagi alohida o‘rnini belgilaydi. Uning merosi bugungi kunda ham siyosiy va
ma’naviy ahamiyatga ega ekanligi asoslab berilgan.
Kalit so‘zlar: Amir Temur, davlatchilik, Tuzuklar, strategiya, Movarounnahr,
tarixshunoslik, Ibn Xaldun, siyosat.
Annotation. This article provides a scientific and theoretical analysis of Amir
Temur’s personality, his state activities, and military-political strategy. His efforts
to unify Mawarannahr, his role in creating a centralized state, and the issues of
ensuring the rule of law through the "Tuzuk" are highlighted. It also reveals the
personal qualities of Amir Temur, including his intelligence, strategic thinking,
and diplomatic skills. Based on the opinions of Ibn Khaldun and other foreign
scholars, his assessment as a historical figure has been examined. Various
approaches in Western and Eastern historiography are compared, and objective
conclusions are drawn. Amir Temur’s contribution to state governance, military
art, and the harmony of cultures defines his special place in world history. It is
substantiated that his legacy still holds political and spiritual significance today.
Keywords: Amir Temur, statehood, constitutions, strategy, Mawarannahr,
historiography, Ibn Khaldun, politics.
Аннотация. В данной статье с научно-теоретической точки зрения
анализируется личность Амира Темура, его государственная деятельность и
военно-политическая стратегия. Освещены его действия по объединению
Мавераннахра, его роль в создании централизованного государства и
вопросы обеспечения верховенства закона через "Уложения." Также
раскрываются личные качества Амира Темура, такие как проницательность,
стратегическое мышление и дипломатическое мастерство. На основе мнений
Ибн Халдуна и других зарубежных ученых рассматривается его оценка как
исторической личности. Сопоставлены различные подходы в западной и
восточной историографии и сделаны объективные выводы. Вклад Амира
Темура в государственное управление, военное искусство и гармонию
культур определяет его особое место в мировой истории. Обосновано, что
его наследие и сегодня имеет политическое и духовное значение.
Ключевые слова: Амир Темур, государственность, Уложения,
стратегия, Мавераннахр, историография, Ибн Халдун, политика.
KIRISH
Amir Temur jahon tarixida nafaqat yirik sarkarda, balki kuchli davlat arbobi
sifatida alohida o‘rin egallaydi. U XIV asrning murakkab siyosiy sharoitida
parchalanib ketgan Movarounnahr hududini birlashtirib, markazlashgan va
mustahkam davlat barpo etishga erishgan. Temur faoliyati nafaqat harbiy yurishlar
bilan, balki davlat boshqaruvi, qonunchilikni shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy
barqarorlikni ta’minlash kabi muhim jihatlar bilan ham ajralib turadi. Ayniqsa,
“Temur tuzuklari” orqali davlatni boshqarishning aniq qoidalari ishlab chiqilgani
uning siyosiy tafakkuri yuksak darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Shu bois, Amir
Temur merosini o‘rganish nafaqat tarixiy, balki zamonaviy siyosiy va ijtimoiy
jarayonlarni anglashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur shaxsiyati va uning faoliyati turli davr va maktablarga mansub
olimlar tomonidan keng o‘rganilgan. Sharq tarixchilari orasida Ibn Xaldun (2004)
uning shaxsiga xolis va yuksak baho bergan bo‘lsa, Ibn Arabshoh (1992) asarlarida
tanqidiy yondashuv ustunlik qiladi. Bu esa tarixiy manbalarda turli qarashlar
mavjudligini ko‘rsatadi. G‘arb olimlari, jumladan, zamonaviy tadqiqotchilar Amir
Temurni kuchli strateg va davlat islohotchisi sifatida baholaydilar. Sovet davri
tarixshunosligida esa uning faoliyatiga biryoqlama, asosan salbiy munosabat
bildirilgan. Mustaqillikdan keyingi tadqiqotlarda esa xolislikka intilish kuchayib,
Amir Temurning davlatchilik, harbiy san’at va qonunchilik sohalaridagi xizmatlari
keng yoritilmoqda. Shu tariqa, mavjud adabiyotlar tahlili ushbu mavzuning ko‘p
qirrali va bahslarga boy ekanligini ko‘rsatadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda kompleks yondashuv asosida bir nechta ilmiy usullar
qo‘llanildi. Jumladan, tarixiy usul orqali Amir Temur faoliyati muayyan davr
kontekstida o‘rganildi. Taqqosiy tahlil usuli yordamida turli manbalardagi
ma’lumotlar solishtirilib, ularning o‘xshash va farqli jihatlari aniqlandi.
Manbashunoslik usuli orqali ilmiy va tarixiy asarlarning ishonchliligi va ahamiyati
baholandi. Shuningdek, tizimli tahlil usuli orqali Amir Temurning davlat
boshqaruvi, harbiy strategiyasi va qonunchilik tizimi o‘zaro bog‘liq holda
o‘rganildi. Bunday yondashuv mavzuni har tomonlama chuqur va xolis tadqiq
etish imkonini berdi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Amir Temur 1336-yil 9-aprelda Keshda, Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida, amir
Tarag‘ay Bahodirbek barlos oilasida tug‘ilgan, onasi Buxorolik Takina begim edi.
Temurbek yoshligidan ovchilik, kamondan nishonga o‘q uzish, qilichbozlik
kabi harbiy o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgan. U tulporlarni saralab, ajrata oladigan
mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo‘lib yetishgan. Yoshligidan teran fikrli va
idrokli, nihoyatda ziyrak va qobiliyatli inson bo‘lib voyaga yetgan. Yoshligidan
atrofiga do‘st va maslakdoshlarini to‘play oladigan tashabbuskor, tinmay harbiy
mashqlar o‘tkazib, o‘z harbiy bo‘linmasini shakllantirib borgan. Uning yoshlikdagi
harbiy do‘stlari – Abbos Bahodir, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek,
Idiku Temur, Qarqara, Sayfuddinbek, Hindushoh va boshqalar bo‘lib, ularning
barchasi umrbod bir-birlariga sodiq bo‘lishgan va Amir Temurning yaqin
maslahatchilarining asosini tashkil etganlar. Otasi 1360-yilda vafot etgan. Otaonasi yaqinlariga umrbod yaxshiliklar qilib, ularning ruhini shod etishni
unutmagan.
Amir Temurning Movarounnahrni birlashtirish yo‘lidagi amaliy harakatlari
1360-yildan, qachonkim Tug‘luq Temur xizmatiga o‘tgan kundan boshlangan.
Ma’lumki, XIV asrning 50-yillar oxirida Movarounnahr hukmdori amir Qozog‘on
o‘limidan keyin mamlakat 10 ga yaqin mayda bekliklarga bo‘linib ketgan edi.
Ularning har biri o‘zlarini mutloq hokim deb e’lon qilgan edilar.
Chig‘atoy ulusining Yettisuv va Sharqiy Turkiston hududlarida hukmronlik
qilayotgan mo‘g‘ul xoni Tug‘luq Temurxon Movarounnahrda yuz bergan bu og‘ir
siyosiy vaziyatdan foydalanib, 1360-yilda bu zaminga bostirib keladi va
Movarounnahrni egallaydi.
Ulus beklari umumiy dushmanga qarshi birlashib kurashish o‘rniga, har
tomonga qochib ketadilar. Tug‘luq Temurxon Xo‘jand yaqinida Sirdaryodan o‘tib,
Temurbekka, Hoji barlos va Amir Boyazid Jaloyirga yorliq yuborib, ularni o‘z
huzuriga yetib kelishni talab etadi. Shunda Temurbek darhol ustozi Shayx
Zaynuddin Tayobadiyga chopar orqali xat yuborib, maslahat so‘raydi. Piri ustoz
chopar orqali yuborgan o‘z javobida: “Hozir Tug‘luq Temurxonning oldiga borib,
uning ishonchini qozonginda, qo‘lidagi yoq-yoyni tortib olgin”, deb maslahat
beradi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, uch amir - Hoji barlos, Boyazid Jaloyir
va Temurbek uchrashib, kengashadilar va ular Temurbekdan: “O‘z el-ulusimiz
bilan Xurosonga ketaylikmi yoki Tug‘luq Temurxon qoshiga boraylikmi?” deb
so‘raganlarida, Temurbek: “Tug‘luq Temurxonning huzuriga borsangiz ikki foyda,
bir ziyon, Xuroson tomonga o‘tib ketishning esa, ikki ziyoni, bir foydasi bordir.
Shunga qarab ish qilinglar” deb javob qiladi. Ammo, ular o‘z qavmi bilan Xuroson
tomonga qochib ketadilar. Temurbek esa, Tug‘luq Temur huzuriga borib, uning
xizmatiga o‘tadi va tezda Tug‘luq Temurxon ishonchiga kiradi. Biroq, uning
o‘g‘li-taxt vorisi Ilyos xo‘ja bilan aloqasi murakkablashib, qayn og‘asi, ya’ni ko‘z
ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshining akasi amir Husayn bilan do‘stlashib,
mo‘g‘ullarga qarshi kurashishga ahd qiladi. Afsuski, amir Husayn Temurbekning
qayn og‘asi bo‘lishiga qaramay, o‘zining ochko‘zligi, ziqnaligi bilan do‘sti –
Temurbekka Chinoz qal’asi yaqinidagi “Loy jangi”da xiyonat qilib, jangni tashlab
ketadi. Natijada oraga sovuqlik tushadi. Nihoyat, ikki o‘rtada Movarounnahr uchun
1370-yilda Balx jangida amir Husayn yengilib, halok bo‘ladi.
Amir Temur 1370-yilda, Balx jangida, Movarounnahr hokimiyatini qo‘lga
kiritib, o‘zi tuzgan davlatga 35 yil bosh bo‘ldi, 27 mamlakatni birlashtirib, buyuk
imperiyani tuzdi. U o‘z imperiyasini Turon, ya’ni turkiy xalqlar davlati deb atadi.
Shuning uchun uning nomidan chiqqan farmonlar “Men kim Turon hukmdori
Temurbek so‘zim....” deb boshlangan. U tarixda Movarounnahr va Xuroson
bekliklarining markazlashgan harbiy-feodal davlatga birlashtirgan buyuk davlat
arbobi, Iskandar Zulqarnayn, Jaloliddin Manguberdi, Aleksandr Suvorovlar
qatorida turgan harbiy sarkarda, turk davlatchilik tarixiga ilk bor mukammal
qonunchilikni, mamlakatni qonun asosida boshqarishni kiritgan daho rahbar bo‘lib
yetishadi.
XIV-XV asr arab dunyosida, Misr tarixchilar orasida jahon tarixidan o‘ta
bilimdon Ibn Xaldun ismli tarixchi bo‘lib, u Amir Temur bilan bir necha marta
uchrashib suhbatlashgan. Amir Temurning ilmiy va ma’naviy salohiyatiga tan
berib, u haqda o‘z xotiralarini yozib qoldirgan Ibn Xaldun, o‘zining “Muqaddima”
asarida: “forslar va arablar dunyoda peshvo millatlik asrini o‘tab bo‘ldi, endi
bu rol Amir Temur dahosi tufayli turklarning qo‘liga o‘tdi” degan yuksak
bahoni bergan. Ibn Xaldundek o‘tmishda Amir Temur shaxsiga to‘g‘ri baho bergan
xorijiy olimlar bo‘lmasa kerak. Hatto yoshligidan Temur saroyida yashab, uning
soyasida tarbiya topgan ibn Arabshoh ham Amir Temur ruhiyatini tushunib
yetmagan. Amir Temur Suriyaga harbiy yurishi davrida (1401-yil yanvar-fevral)
Damashq qal’asida Amir Temur qo‘shini tomonidan asirga olingan Ibn Xaldun
haqida eshitadi va uni zudlik bilan o‘z huzuriga olib kelishni buyuradi. Bundan
xabar topgan buyuk olim qo‘rquvdan: Damashqdan qochish yoki Amir Temur
huzuriga borishga ikkilanadi. Nihoyat, taqdirga tan berib, uning huzuriga boradi.
Amir Temur esa buyuk olimga hurmat bajo keltirib, Ibn Xaldun bilan Sohibqiron
o‘rtasida 35 kun bir necha bor davomli suhbatlar bo‘ladi. Ular bir-birlarini obdon
o‘rganadilar. Ibn Xaldun Sohibqironga Alloh nasib etgan tarixiy vazifasini yuksak
darajada bajarganligini ta’kidlaydi. Suhbat davomida Ibn Xaldunning buyuk
alloma ekanligiga ishongan Amir Temur esa, unga hurmat bajo keltirib, Ibn
Xaldun iltimosiga ko‘ra Damashq uchun arablarga yengil sulhga rozilik bildiradi.
Amir Temur Ibn Xaldunni o‘zi bilan Samarqandga olib ketmay, “o‘z xalqingga
xizmat etgil” deb Qohirada qoldiradi. Shundan keyin Ibn Xaldun Amir Temur
serqirrali faoliyati va har jabhada iqtidorini yanada chuqurroq o‘rganish bilan
shug‘ullanib, 7 jildlik “Ibratli kitobi”da Amir Temurning daholik iqtidori haqida
o‘z xotiralarini yozgan.
Ibn Xaldunning yozgan xotiralarida Amir Temurga nisbatan biror marta ham
salbiy o‘xshatishlar ishlatmay, uni hurmat bilan tilga oladi. Ibn Xaldun arab
tarixchilari orasida Amir Temur shaxsiyatiga juda to‘g‘ri baho bergan daho bo‘lib,
Amir Temur uning tasavvurida nafaqat “yirik sarkarda va davlat arbobi, balki
o‘ta bilimdon, o‘qimishli, o‘z davrining ma’rifatli kishilaridan biri” bo‘lgan.
Shukronalar bo‘lsinkim, 2025-yilda arabshunos o‘zbek olimi Said Komil
Muhammad Karim Ibn Xaldunning “Asabiya” (ijtimoiy birdamlik) konsepsiyasi
asosida yaratilgan 7 jildli “Ibratli kitobi”ning “Muqaddima”sining ikki jildini arab
tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib chop ettirdi. Ularni men obdon mukammal o‘qib
chiqib, Amir Temurni tarixda kam uchraydigan daho siymo ekanligiga yana bir bor
ishondim.
Darhaqiqat, Amir Temur ulkan saltanatning asoschisi va rahbari sifatida butun
faoliyatini o‘z davlatining mustahkam asosi bo‘lgan yaxlit ijtimoiy-iqtisodiy va
siyosiy tizimni yaratish va saqlab qolishlikning nazariy prinsiplari, qonun va
qoidalarini to‘g‘ri belgilashga qaratgan. Amir Temur fuqarolarning, davlatning
hayotida tartib o‘rnatish mexanizmlari bo‘lib ishlaydigan qonunlarning belgilashni
o‘zining eng yuksak burchi deb bilgan. Shu bois, u mamlakat qonunchiligining
asosi bo‘lgan “Tuzuklar”ni farzandlari va nabiralari uchun, ularni Sohibqironga
kamarbasta bo‘lib tarbiyalanishlarini istab, ona tili turkiyda yaratdi. Unga amal
qilishni qat’iy yo‘lga qo‘ydi. Temur tuzuklarining turkiy tilda yozilgan asliyatining
bir nusxasi Yaman qiroli Ja’far poshshaning kutubxonasida saqlanar ekan. Boburiy
allomalaridan Abu Tolib Muhammad Turbatiy haj safaridan qaytishda Ja’far
poshsha ruxsati bilan uning kutubxonasida yaqin bir yil ishlab, tuzuklarni asl turkiy
nusxasi bilan tanishadi va uni forsiyga tarjima qilib, Hindistonga qaytadi.
Boburiylar farmoniga ko‘ra “Temur tuzuklari” forsiyda chop etiladi. Bu haqda
ko‘p jildlik Hindiston tarixining muqaddimasida yozilganligi haqida akademik
Bo‘riboy Axmedov o‘zining asarida eslaydi (Axmedov B., 2023:425-441). Endi,
ma’ruzamning bevosita bayon etishga qaytsam, tuzuklarni qisqacha tahlil qilganda,
bu Amir Temur davlatining boshqaruv qomusida:
Birinchidan, Islom axloq va odob normalari bilan uyg‘unlashgan davlat
qonunchiligining yaratishga qat’iy e’tibor berildi, qonun chiqarish va farmoyishlar
berish, odamlarni qonunlar bilan taqiqlangan ishlardan tiyish, har bir mansabdor
shaxs o‘z vazifalarini adolat bilan bajarish va undan chetga chiqmaslik, qabul
qilingan qoida va qonunlar, farmoyishlar bosh kuchga ega bo‘lishi hamda hukm
faqat qonun bo‘yicha chiqarilishi lozim bo‘lgan.
Ikkinchidan, rahbarlarni tanlashda nomzodning ishchanligi, tashabbuskorligi,
uddaburonligi, adolatparvarligi, uning tili bilan dilining birligi, axloq-odobi, vijdon
va e’tiqod yakdilligi, o‘z qarorida qat’iy turabilishi kabi fazilatlari hisobga olinishi
mezon qilib belgilangan.
Uchinchidan, tashqi va ichki siyosat yuritishda do‘st va dushman bilan
qanday yo‘l tutishni bilish, ziyrak, hushyor, sergak bo‘lish, muomalada
mulozamatli, farosatli bo‘lish, ezgu ishlarni ko‘proq qilish, bo‘htonga quloq
solmaslik, xiyonatga yo‘l qo‘ymaslik, har bir rahbar uchun o‘z jamoasida,
jamiyatda yaxshi fazilatlar bilan ibrat bo‘lishlikka intilish, arzgo‘yni eshita bilish
va uni mushkuli yechimiga yordam berish ta’kidlangan.
To‘rtinchidan, davlat miqyosidagi muhim vazifalarni hal etishda soha
bilimdonlari bilan maslahatlashish, janjalli masalalarda har ikkala tomonni
xotirjam eshitish, ayniqsa dono kishilarning, birinchi navbatda, piru-ustozlar,
shayxlar va olimlar fikriga quloq solish, qaror chiqarishda shoshma-shosharlikka
yo‘l qo‘ymaslik talab etilgan. Amir Temurning o‘zi har bir muhim qaror qabul
qilishda u yoki bu pirlari bilan maslahat qilishga odatlangan. Uning pirlari 4 ta
bo‘lib, ular Shayx Shamsuddin Kulol, Shayx Said Baraka, Shayx Zayniddin
Tayobodiy, Shayx Said Jurjoniylar bo‘lgan.
Bugungi kunda Amir Temur faoliyatiga baho berishda jahon ilmiy va badiiy
ijod ahlida ikki xil yondashuv mavjud.
Sovet davri tarixshunosligida Amir Temur faoliyatiga baho berishda, bir
yoqlama salbiy qarashlar hukm surdi. Uni bosqinchi, qonxo‘r, vahshiy qilib
ko‘rsatishga moyillik kuchli bo‘ldi. Lekin, G‘arbiy Yevropa tarixshunosligida
obyektivlik ancha yuqori bo‘lgan. Masalan, Germaniyalik professor Bert Fragner
“Amir Temurning ma’muriy islohotlari va ularning O‘rta Osiyo, Eron va Hindiston
davlat idoralariga ta’siri” nomli maqolasida shunday deydi: Amir Temur hech
qachon o‘zini Chingizxon izdoshi deb hisoblamagan. Shuning uchun ham u davlat
boshqaruv ishida o‘ziga xos alohida diplomatik prinsiplar ishlab chiqqan. Amir
Temurning davlatni boshqarish prinsiplari uning “Tuzuklar”ida o‘z aksini topgan.
Bu bosh yo‘riqnoma Amir Temur faoliyatining ko‘p qirrali jihatlari va uning o‘zi
qanday hukmdor bo‘lganligini namoyon etadi. Tuzuklar Amir Temurning davlat
boshqaruv asnosida chiqarilayotgan qonunlar va farmonlari Temur va Temuriylar
davlat asoslarini qurish va rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ular har tomonlama
puxta ishlangan, daho hukmdor qalbida Alloh irodasi sifatida pishib yetilgan Oliy
Tangri amri darajasida talqin etiladi.
G‘arbiy Eron va Sharqiy Anadoliyadagi Qora Quyunli va Oq Quyunli
turkman hukmdorlari Amir Temur va uning avlodlarini yoqtirmasalar-da, ammo
farmon chiqarishda Amir Temur uslubini to‘liq qo‘llaganlar. Eron Safaviy
shohlari, Shayboniy va Ashtarxoniylar, Xiva xonlari va Mang‘it amirlari, Qo‘qon
xonlari ham farmon chiqarishda Amir Temur boshqaruvi tomonidan o‘rnatilgan
namunalarga rioya qilganlar.
AQSH olimi Richard Nelson esa “Temur harbiy strateg va ulkan siyosatdon
sifatida hozirgi davr talqini” nomli maqolasida ajnabiy g‘arb olimlarining Amir
Temur shaxsi haqidagi xulosalarini 13-bandda bayon etadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Amir Temur harbiy sarkarda sifatida o‘z jangchilarini doimo kurashchan
vaziyatda tutgan. Dushmanni qattiq ta’qib qilish Temurga xos fazilat edi. U jangga
uzoq tayyorlanish orqali tez va shiddatli hujum uyushtirishni afzal bilgan. Amir
Temur “Tuzuklar”ida: “Noto‘g‘ri tanlangan holatda 1000 askar bilan turgandan
ko‘ra, to‘g‘ri holatda turib, 10 ta askar bilan jangga kirish g‘alabaga olib keladi”
deydi. Amir Temur harbiy yurishlar chog‘ida ko‘plab shaharlarni jangsiz taslim
etish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Chunki, unda oldiga qo‘ygan maqsadiga jangsiz
erishish uslubi va diplomatik mahorati kuchli bo‘lgan. Amir Temur katta strategik
sezgiga ega bo‘lgan daho edi. Amir Temurda jang paytida kerakli joyda bo‘la
olishlikdek ajoyib fazilat mavjud edi. Bu unga dushmanlari uning maqsadini uqib
olishga ulgurmasdan, o‘z vaqtida oqilona qarorlar qabul qilish va ularning
bajarilishini nazorat qilish imkonini bergan. Jang maydonida Temurni paydo
bo‘lishi armiyani og‘ir vaziyatdan olib chiqib ketishga doimo turtki bo‘lgan.
Amir Temur madaniyatlar aro yaxshigina ko‘prik o‘rnata olgan buyuk
shaxsdir. Yutqiziqsiz maqsadga erishish Temur dahosining asosini tashkil etadi.
Amir Temur o‘z davrining shaxmat bo‘yicha jahon chempioni darajasidagi
shaxmatchi bo‘lgan. U hatto donalari ikki barobar ko‘paytirilgan maxsus shaxmat
taxtasini o‘ylab chiqqan.
Amir Temur dahosining yana bir muhim jihati shu ediki, u saltanat
taraqqiyotini faqat bir milliy madaniyat doirasida ko‘rmasdan, aksincha turli
madaniyatlarni qo‘shib, bugungi kungacha yashab kelayotgan Yevrosiyo g‘oyasini
o‘z vaqtida shaxsan ishlab chiqqan birinchi shaxs edi. AQSH olimi Richard Nelson
Amir Temur daholigiga qoyil qolib, “Hamma madaniyatlar ma’lum ma’noda
o‘ziga xosdir, lekin ularning ilg‘or ibratli jihatlari vaqt o‘tishi bilan umumbashariy
strategik qadriyatlar bilan uyg‘unlashib boradi. Temur bu nazariy imkoniyatni
tushunib yetgan Markaziy Osiyodagi birinchi shaxs edi va uning taktik dahosi buni
amalga oshirdi”, deydi.
G‘arb olimlari ta’kidlaganlaridek, “Uning imperiyasi turkiy-forsiy,
qonunchilik sistemasi turkiy-mo‘g‘uliy, siyosiy-diniy tartibi-arabiy bo‘lgan”.
Darhaqiqat, Amir Temur dahosiga nazar tashlar ekanmiz, - deydi Richard Nelson,-
“uning yetuk davlat arbobi va buyuk sarkardalik dahosi turklarga xos jasorat,
mo‘g‘ullarga xos shiddat va qattiq qo‘llik, o‘troq tub joyli aholi tabiatiga xos
musulmonchilik iymon-e’tiqodini o‘zida mukammal mujassamlashtira olishida
yorqin namoyon bo‘lgan”.
Amir Temur o‘z kamchilliklarini sergaklik bilan tushunar edi, lekin buni
boshqalar kamchilligidan to‘g‘ri xulosa chiqarish bilan to‘g‘rilab borgan. Masalan,
u To‘xtamishni bir ishni paysalga solishi, Boyazidni manmanligi, fors amirlarining
o‘zlariga bino qo‘yishlaridan to‘g‘ri xulosalar chiqara bilgan.
Ajnabiy olimlarning yakdillik bilan kelgan xulosasiga ko‘ra: “Amir Temur
hozirgacha yashagan ajdodlar orasida ham, bundan so‘ng yashaydigan
avlodlar orasida ham eng buyuk shaxs bo‘lib qolaveradi”.
Bu adolatli yakdillik bilan qabul qilingan xulosaviy qaror 1996-yil oktyabr
oyining oxirgi dekadasida Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan
“Amir Temur va uning jahon tarixidagi o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro
anjumanning yakuniy protokolida (18 ta xorijiy davlatlardan 38 ta olimlar
qatnashgan) o‘z aksini topgan. Ana shu xalqaro anjumanning jonli va faol
ishtirokchisi sifatida Amir Temur shaxsiga berilgan ushbu yuksak bahoni
tasdiqlayman.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ахмедов Б. (1996) Амир Темур: тарих ва замон. – Тошкент:
Ўзбекистон.
2. Амир Темур ва унинг жаҳон тарихидаги ўрни. 1996. Халқаро
конференция материаллари. – Тошкент.
3. Ибн Арабшоҳ. (1992) Амир Темур тарихи. – Тошкент: Фан.
4. Ибн Халдун. (2004) Муқаддима. – Қоҳира: Дар ал-Фикр.
5. Ибн Халдун. (2025) Ибратли китоб (7 жилдлик). – Араб тилидан
таржима. – Тошкент.
6. Карим С.К.М. (2025) Ибн Халдун таълимоти ва “Асабия”
концепцияси. – Тошкент.
7. Нельсон Р. (2010) Темур ҳарбий стратег ва сиёсатдон сифатида //
Илмий мақола. – АҚШ.
8. Темур тузуклари. (1991) – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт.
9. Ўзбекистон тарихи (кўп жилдлик). (2010) – Тошкент: Шарқ.
10. Fragner B. (2000) Amir Temur’s administrative reforms and their
influence // Scientific article. – Germany.
REFERENCES:
1. Ahmedov B. (1996). Amir Temur: tarix va zamon. – Toshkent:
O‘zbekiston. (In Uzbek)
2. Amir Temur va uning jahon tarixidagi o‘rni. (1996). Xalqaro konferensiya
materiallari. – Toshkent. (In Uzbek)
3. Ibn Arabshoh. (1992). Amir Temur tarixi. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
4. Ibn Xaldun. (2004). Muqaddima. – Qohira: Dar al-Fikr. (In Arabic)
5. Ibn Xaldun. (2025). Ibratli kitob (7 jildlik). – Arab tilidan tarjima. –
Toshkent. (In Uzbek)
6. Karim S.K.M. (2025). Ibn Xaldun ta’limoti va “Asabiya” kontseptsiyasi. –
Toshkent. (In Uzbek)
7. Nelson R. (2010). Temur harbiy strateg va siyosatdon sifatida // Ilmiy
maqola. – AQSh. (In Uzbek)
8. Temur tuzuklari. (1991). – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot.
(In Uzbek)
9. O‘zbekiston tarixi (ko‘p jildlik). (2010). – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
10. Fragner B. (2000). Amir Temur’s administrative reforms and their
influence // Scientific article. – Germany. (In English)