AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRI SAN’ATI NAMOYANDALARI
TARIXIDAN
ON THE HISTORY OF REPRESENTATIVES OF ART OF THE AMIR
TEMUR AND TIMURID PERIOD
О ИСТОРИИ ПРЕДСТАВИТЕЛЕЙ ИСКУССТВА ЭПОХИ АМИРА
ТЕМУРА И ТЕМУРИДОВ
Hojiakbar Hamidov
Oriental universiteti professori, tarix fanlari doktori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi,
Turon FA vitse-prezidenti, Turon xalq hofizi
Tel: +998 90-315-62-65
Annotatsiya. Mazkur maqolada Amir Temur va Temuriylar davrida
shakllangan san’at va madaniyat muhitining rivojlanish jarayonlari hamda ushbu
davr san’at namoyandalarining faoliyati yoritiladi. Ayniqsa, musiqa san’ati,
bastakorlik, ijrochilik an’analari hamda ularning jahon madaniy merosiga qo‘shgan
hissasi tahlil qilinadi. Shuningdek, Samarqand va Hirot kabi madaniy markazlarda
san’at rivojining o‘ziga xos jihatlari ko‘rib chiqiladi.
Kalit so‘zlar: Amir Temur, Temuriylar davri, san’at, musiqa, bastakorlik,
madaniyat, Samarqand, Hirot.
Annotation. This article examines the development of artistic and cultural
life during the period of Amir Temur and the Timurids, as well as the activities of
prominent representatives of art in that era. Particular attention is paid to musical
art, composition, performance traditions, and their contribution to world cultural
heritage. The study also highlights the unique features of artistic development in
major cultural centers such as Samarkand and Herat.
Keywords: Amir Temur, Timurid period, art, music, composition, culture,
Samarkand, Herat.
Аннотация. В данной статье рассматриваются процессы развития
художественной и культурной жизни в эпоху Амира Темура и Темуридов, а
также деятельность выдающихся представителей искусства данного периода.
Особое внимание уделяется музыкальному искусству, композиторской и
исполнительской традиции, а также их вкладу в мировое культурное
наследие. Также анализируются особенности развития искусства в таких
культурных центрах, как Самарканд и Герат.
Ключевые слова: Амир Темур, эпоха Темуридов, искусство, музыка,
культура, Самарканд, Герат.
KIRISH
Amir Temur va Temuriylar davri Markaziy Osiyo tarixida yuksak madaniy,
ilmiy va badiiy taraqqiyot davri sifatida alohida o‘rin egallaydi. Ushbu davrda
shakllangan sivilizatsiya nafaqat siyosiy va iqtisodiy jihatdan, balki san’at,
adabiyot, musiqa va me’morchilik sohalarida ham ulkan yutuqlarga erishgan.
Temuriylar davri madaniy muhiti o‘zining serqirraligi, estetik mukammalligi
hamda ilmiy asoslanganligi bilan jahon sivilizatsiyasi tarixida muhim
bosqichlardan biri hisoblanadi.
Mazkur davrda faoliyat yuritgan san’at namoyandalari, hususan bastakorlar,
sozandalar, xonandalar, shoirlar va musiqashunoslar o‘z ijodlari orqali nafaqat o‘z
zamonining, balki keyingi davrlar madaniy taraqqiyotiga ham sezilarli ta’sir
ko‘rsatganlar. Ayniqsa, Samarqand va Hirot kabi madaniy markazlarda musiqa va
sahna san’atining rivojlanishi, ijodiy muhitning shakllanishi hamda ustoz-shogird
an’analarining takomillashuvi muhim ahamiyat kasb etgan.
Shu bois, Amir Temur va Temuriylar davri san’ati namoyandalari faoliyatini
o‘rganish, ularning ijodiy merosini ilmiy tahlil qilish hamda ushbu merosning
zamonaviy san’at taraqqiyotidagi o‘rnini aniqlash dolzarb ilmiy vazifalardan biri
hisoblanadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati hamda san’ati masalalari
tarixshunoslik va san’atshunoslikda muhim tadqiqot yo‘nalishlaridan biri
hisoblanadi. Ushbu davrga oid ilmiy izlanishlar Sharq va G‘arb olimlari tomonidan
turli davrlarda amalga oshirilgan bo‘lib, ular orasida tarixiy, adabiy hamda
musiqashunoslik manbalari alohida ahamiyat kasb etadi.
Avvalo, Temuriylar davri tarixini yoritishda klassik tarixiy manbalar –
Mirxondning “Ravzatus-safo” (1998) asari muhim o‘rin tutadi. Ushbu asarda
Temuriylar davridagi ijtimoiy-madaniy hayot, jumladan, xalq sayllari, tomoshalar
va san’at rivojiga oid qimmatli ma’lumotlar berilgan. Shuningdek, Zahiriddin
Muhammad Boburning (2002) “Boburnoma” asari ham o‘z davrining madaniy
hayoti, xususan, musiqa va san’at namoyandalari haqida muhim tarixiy dalillarni
taqdim etadi.
Temuriylar davri san’ati va musiqasini o‘rganishda Alisher Navoiyning
asarlari alohida ahamiyatga ega. Uning “Majolis un-nafois”, “Mahbub ul-qulub”,
“Mezon ul-avzon” (2000, 2001) kabi asarlarida nafaqat adabiyot, balki musiqa,
bastakorlik va ijrochilik san’ati rivojiga oid muhim fikrlar va ma’lumotlar uchraydi.
Navoiy o‘z asarlarida zamonasining mashhur san’atkorlari, sozandalar va
bastakorlar faoliyatini tilga olib, ularning ijodiy merosini yoritib beradi.
Musiqashunoslik nuqtayi nazaridan esa Abdurahmon Jomiyning “Risolai
musiqiy” (1987) asari Temuriylar davri musiqa nazariyasi va amaliyotini
o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Ushbu asarda musiqa ilmining nazariy
asoslari, uning estetik va badiiy xususiyatlari ilmiy jihatdan tahlil qilingan.
Shuningdek, Darvesh Ali Changiy, Najmiddin Kavkabiy va Abdulqodir Marog‘iy
kabi musiqashunos olimlarning asarlari ham o‘sha davr musiqa madaniyati rivojini
chuqurroq anglash imkonini beradi.
XX asr olimlaridan V.V. Bartold (1918) Temuriylar davrini tarixiy jihatdan
o‘rganib, ayniqsa Ulug‘bek davrining ilmiy va madaniy yuksalishiga alohida
e’tibor qaratgan. Uning tadqiqotlari Temuriylar davri ilm-fani va san’atining jahon
sivilizatsiyasidagi o‘rnini aniqlashda muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, Abdurauf Fitratning (1993) ilmiy ishlari o‘zbek musiqa madaniyati
tarixini o‘rganishda muhim manbalardan biri hisoblanadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqot Amir Temur va Temuriylar davri san’ati namoyandalarining
faoliyatini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, unda tarixiylik, tizimlilik va qiyosiylik
tamoyillariga asoslangan ilmiy yondashuvlardan foydalanildi. Shuningdek,
Temuriylar davriga oid yozma manbalar, jumladan, tarixiy asarlar, tazkiralar,
musiqiy risolalar hamda badiiy adabiyotlar tahlil qilindi. Ayniqsa, Alisher Navoiy,
Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdurahmon Jomiy, Mirxond kabi mualliflarning
asarlariga murojaat qilinib, ularda keltirilgan ma’lumotlar ilmiy asosda
umumlashtirildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Temuriylar davrida O‘rta Osiyoda maydonga kelgan buyuk tsivilizatsiya
buyuk tarixiy shaxslarni - faylasuf va donishmandlarni, shoir va san’atkorlarni,
me’mor va turli sohibi hunarlarni yetishtirdilarkim, ular o‘z navbatida jahon
madaniy taraqqiyotini boyitishga hissa qo‘shganlar.
Shuning uchun ham Temur shaxsi, uning siyosiy, ijtimoiy faoliyati, falsafiy
qarashlari besh yuz yildan ziyod jahon olimlarining diqqat markazida bo‘lib
kelgan. O‘rta Osiyo tarixining bu yorqin va hayratomuz sahifalarini o‘rganish, uni
barchaning ma’naviy mulkiga aylantirish hozirgi kunning ham muhim vazifasi
bo‘lib qolmoqda.
Bu davr madaniyati, ilm-fani, san’ati, uning badiiy-estetik qadr-qiymati
chuqur va to‘la o‘rganilgan deb ayta olmaymiz. Temur va temuriylar davri
madaniyati va san’atiga aloqador manbalarning ko‘pchiligi o‘tgan asrlar
mobaynida o‘zaro urushlar, to‘polonlar, tabiiy ofatlarda yo‘qolib, uning izlari kam
qolgan. Sharqshunoslik institutidagi shu davrga aloqador minglab qo‘lyozmalar
haligacha to‘la ravishda o‘rganilmagan. Dunyo muzey va qiroatxonalarida
saqlanayotgan manbalar, xujjatlarning barchasi to‘planib tarjima qilinmagan.
Bunga sovet davridagi siyosiy va mafkuraviy ta’qiblar ham katta sabab bo‘ldi.
Ming shukurki, bugungi kunda tarix g‘ildiragi bizning foydamizga aylanmoqda.
Binobarin, Temur va temuriylar davri san’atini ham o‘rganish, hozirgi zamon
san’ati taraqqiyotida uning boy an’analaridan foydalanish yo‘llarini izlash
san’atkorlar va san’atshunoslik fanining qadrli va sharafli vazifalaridan bo‘lib
kelmoqda, hamda bu sharafli ishlarni amalga oshirish jarayonlari keng qanot
yozmoqda.
XIV asrning ikkinchi yarmida va XV asr boshlaridagi gavjum hayot
Samarqandda musiqa, raqs va tomosha san’atining jonlanishiga olib kelgani turli
yozma manbalarda va miniatyuralarda o‘z aksini topgan. Klavixo (1990:43)
tantanalarni shunday ta’riflaydi: “Imperator o‘tirgan xiyobon yonida juda ko‘p
sozanda, hofizlar va raqqosalar o‘tirmoqda. Musiqa sadolari ko‘kka yoyilmoqda.
Shu kuni turli tomoshalar ko‘rsatildi, har bir san’atkor qiziq o‘yinlar ko‘rsatib,
xalqni xursand qildi. Ularning o‘yini tomoshabinlar qiyqiriqlariga sabab bo‘lar,
o‘zining serzavqligi bilan barcha tomoshabinlarni hayajonga solar edilar”.
Shuningdek, Klavixoning yozishicha, Sohibqiron davlat ishlari va harbiy
yurishlardan xorigan kezlarida shoirlarning she’rlarini, shuningdek, sozanda va
hofizlarning hazin kuylarini tinglashni sevgan. Movarounnahr madaniyati, san’ati,
ilm-fani ayniqsa Ulug‘bek zamonida yanada yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan.
Uning davrida ilm-fan bilan bir qatorda musiqa va raqs san’ati taraqqiy topib,
Samarqand nafis san’at markaziga aylandi. Ulug‘bek faqat fan bilan mashhur
bo‘lib qolmay, she’riyat va san’at bilan ham qiziqar, mushoiralarda qatnashar,
san’at va adabiyot taraqqiyotiga hamda uning namoyondalariga ko‘maklashar edi.
XX asrning buyuk olimi professor Abdurauf Fitrat (1993:33) Ulug‘bek
davrida Samarqandda ijod qilgan darvesh Ahmadiy, Qonuniy, Sulton Ahmad Naiy,
musiqiy risola yozgan Hisoriy, Xorazmlik Hofiz, Ali Vafo, musiqa ilmi sohibi
Mavlono Sohib Balxiy, Shahrisabzlik bastakor Abul Baraka, mashhur sozanda,
Navoiyning muallimi Xoja Yusuf Burhon, Navoiyning tog‘asi Muhammad
G‘aribiylar kabi o‘sha zamonning mashhur sozanda va bastakorlari nomini eslab
o‘tadi. Mashhur musiqa olimi Xofiz Darvesh Ali Changiyning qalamiga mansub
“Tuhfat us-surur” (1992) asarida aytilishicha, Ulug‘bek Mirzoning o‘zi ham
musiqa olimlaridan sanalgan. “Muhit at-tavorix” (2020:284) tarixiy kitobida esa
Ulug‘bekning o‘zi ijod etgan “Billujiy”, “Shodiyona”, “Axloqiy”, “Tabriziy”,
“Usuli ravon”, “Usuli bahr” kabi musiqa asarlari xususida so‘z boradi. Ulug‘bek
zamonida bog‘i maydonda “Chihil ustun”, “Chinnixona” kabi go‘zal qasrlar
qurilib, unda ilmiy munozaralardan so‘ng mushoiralar bo‘lib, mamlakatning turli
tomonlaridan kelgan sozanda, hofizlar o‘z san’atlarini namoyish qilar ekanlar.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davr san’atkorlari safida yallachi ayollar va
raqqosalar ham kam bo‘lmagan. Bu ma’lumotni Ulug‘bek davrini o‘rgangan
mashhur olim V.V.Bartold ham tasdiqlagan (1918:45). Zaxiriddin Muhammad
Bobur Alisher Navoiyning musiqa olami, hatto bastakorlikdan ham xabari
bo‘lganini yozib, uning bir qator musiqalar ijod qilganini, jumladan, peshravlari,
naqshlari borligini hikoya qiladi. Mashhur adabiyotshunos olim Natan Mallaev
(1961:3) zanjirlangan she’r surati she’rladidan biriga asoslanib, uning kuyini
Navoiy ijodiga tegishli ekanini ta’kidlab o‘tgan. “Majolis un-nafois” (2020)
asarida Navoiy musiqa bilan shug‘ullangan shoirlarning nomlarini keltirar ekan,
xorazmlik olim va shoir Xo‘ja Abdullo Vafoiy Xorazmiy XV asrda musiqa haqida
risola yozganini ta’kidlaydi. Bulardan tashqari Binoiy, Muhammad G‘aribiy,
Mavlono Shayxiy, Pahlavon Muhammad, Xo‘ja Abdullo kabi san’atkorlarning
musiqiy taraqqiyotga qo‘shgan hissasi ta’kidlab o‘tiladi. Ushbu asarda Navoiy o‘z
zamonasidagi mashhur sozanda va bastakor, o‘zining sevimli ustozi Xoja Yusuf
Burhon nomini ham eslab o‘tadi. “Mahbub ul-qulub” (Navoiy, 2020) asarida esa
mutrib va mug‘anniylarning musiqalarini inson ruhiga kuchli ta’siri to‘g‘risida
ham qimmatli fikrlar bayon etadi.
“Mezon ul-avzon”da (Navoiy, 2001) Alisher Navoiy tuyuq, turkiy, orzuvoriy,
muhabbatnoma, mustazod kabi xalq qo‘shiqlarining sakkiz turi va ularning vazn
xususiyatlari haqida juda qiziqarli ma’lumotlar yoritadi. “Hamsat ul-mutahayyirin”
(2011) asarida esa Navoiy Mavlono Ali Shohning tengi yo‘q sozanda, nazariyotchi
ekanligini alohida ta’kidlab o‘tadi. Undan tashqari ustod Qulmuhammad, Xo‘ja
Shahobiddin, Abdulla Marvardiy, Mavlono Binoiy kabi musiqashunoslarning
musiqaga oid asarlar yozganini ko‘rsatib o‘tadi. Navoiy “Holati Pahlavon
Muhammad” (1996) asarini o‘z davrining buyuk bastakori, 12 maqomning
takomillanishida katta hissa qo‘shgan Pahlavon Muhammadning musiqiy ijodiga
bag‘ishlab yaratgan.
Hirot musiqa madaniyati haqida Bobur ma’lumotlari ham katta ahamiyatga
ega. Uning yozishicha, dong‘i chiqqan ustozlar Qulmuhammad Abdulla
Marvardiy, Husayn Udiy, Darveshbek, Yusuf Ug‘loqiy (qubus chaluvchi), G‘ulom
Shodiy, Shayx Noyi, Shayx Quliy (g‘ijjak)lar Navoiyning homiyligi tufayli o‘z
san’atlari bilan shuhrat qozonganlar. Ular juda ko‘p naqsh va peshrav
yo‘nalishlarini yaratganlar. Bobur 1506-1507-yillarda Hirotda bo‘lganida Bog‘i
Safidda qurilgan maxsus tomoshaxonada o‘tkazilgan bazmda sozandalardan Xo‘ja
Hofiz, Jaloliddin Mahmud Noyi, Shohi Bachcha, Hofiz Mirjon Samarqandiylar
qatnashganini yozadi.
Professor Abdurauf Fitrat XIV-XV asrda Movarounnahr va Hirotda ijod
qilgan mashhur sozandalardan Ishrat nomli cholg‘uni chaladigan ustod
Abduqosim, Husayn Bayqaroning musiqiy muallimi, andijonlik Mavlono Yusuf
Badiiy, tanburda bir tor orttirgan Mahmud Shayboniy, Abdulqodir Marg‘iloniy,
Habibulla Changiy, Ali Shunqor, Mehtar Shamsiddin nogorachi, Mehtar Imom
nog‘orachi, Alijon doira kabi o‘sha zamon musiqa ustalarining nomini sanab
o‘tgan. Ushbu davrlarda Sulton Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy tashabbusi
bilan qasr, saroy va ko‘rkam bog‘larda san’atkorlar to‘planib, o‘z hunarlarini
namoyish etishi rasm bo‘lgan. Shoir Vosifiy shunday yig‘ilishlardan biri haqida
quyidagilarni hikoya qiladi: bu bazmaro yig‘ilish Dilkushod bog‘ida bo‘lib, ularga
badihago‘y, ustozlardan Hofiz Basir, Hofiz Mir, Hofiz Husayn Ali, Hofiz Sulton
Mahmud, Shoh Muhammad xonanda, Siyohchi xonanda, Hofiz Abaxiy, Hofiz
Turbatiy, sozandalardan Hasan Noyi, Qulmuhammad Udiy, Hasan Boloboniy,
Muhammadiy, Hoji Qaxitoy Nayi, Ahmad G‘ijjakchi, Ali Kuchak Tanburiy kabi
qator mashhur san’atkorlar taklif qilingan. Vosifiy o‘sha davr xonanda, sozanda va
raqqosalarning ijrochilik san’ati nihoyat yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilganini
ta’kidlab, shunday yozadi: Qosim Ali Qonuniy degan bir sozanda bor ediki, u
qonun sozini betakror mahorat bilan chalganda, barcha tinglovchilar barobar
o‘rinlaridan turib, uzoq olqishlar edilar.
Vosifiy yana shunday tasvirlaydi: Mashhaddagi shahar maydonida bo‘lgan
tomoshada bir ayol ashulachi Abdulloh Marvaridiy bastalagan va xalq ichida keng
tarqalgan “Bayot” qo‘shig‘ini shu darajada ta’sirli ijro etganki, ijrodan so‘ng
barcha yig‘ilgan yoshu-qari, ayolu-erkak uning san’atini uzoq muddat o‘rnidan
turib olqishlaganligini yozadi. Ustoz Hasan Udiy, sozandalarining nodirlaridan
bo‘lib, uning oldida boshqalar o‘zlarini uning shogirdlari qatorida tutib, undan
faxrlanardilar. Ustod Husayn Noyi, kamolotga yetgan mashhur “Iroqi arab” va
“Iroqi ajam” quylarini betakror ustalik bilan ijro etib, ulkan shuhrat qozongan edi.
Bobur ma’lumotlariga ko‘ra, Hirotning mashhur raqqoslaridan Sayd Badrning
o‘zi kashf etgan Hurotiy nomli o‘yini yuqori darajada shuhrat toptirgan. Tehron
muzeyida saqlanayotgan bir miniaturada Husayn Boyqaro saroyidagi bazmlardan
bir lavha berilgan. Unda saroyning bir zalida o‘n ikki raqqosa davra aylanib, zavq
va jilva bilan raqs ijro etmoqdalar, qo‘llari juda nozik uchmoqda, mayda qadam
tashlab, barmoq uchida o‘ynamoqdalar. Raqqosalarning kiyimlari maxsus tikilgan.
Bir xilda go‘zal saroyning ikkinchi qavatidan joy olgan sozandalar o‘yinga jo‘r
bo‘lmoqda. Hirot raqs san’atini tasvirlovchi bunday miniatyura raqslari juda
maroqli edi.
Umuman, Hirot xalq sayllari turli xildagi tomoshalar haqida Mirxondning
“Ravzatus-safo” (1998) asarida ham juda qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.
Vosifiyning yozishicha, Hirotning Malik darvozasiga yaqin joyda, “tarabxona”,
ya’ni maxsus tomosha ko‘rsatadigan maydon bo‘lgan. Unda sozanda, xonaning
hofiz, raqqos va so‘z ustalarining chiqishlari muntazam o‘tib turgan,
masxarabozlarning qiziq o‘yinlari ham ushbu san’at maskanida namoyish etilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sohibqiron Temur fikriga binoan, oddiy
xalq orasida tarqalgan milliy cholg‘u asboblarimiz qonuniy ravishda hokim va
lashkarboshilarning ijtimoiy va harbiy mavqeini belgilab beruvchi timsolga
aylangan. Temur va Temuriylar davriga xos ma’naviy ko‘tarinkilik musiqa
san’atini deyarli barcha jabhalari uchun keng imkoniyat yaratib berdi. Sozandalik
va xonandalik, musiqa ta’limi, bastakorlik ijodi, musiqa ilmi - bularning barchasi
kamol topib, rivojlandi, yuksaldi.
Asrlar qa’rida shakllangan an’anaviy ustoz-shogirdlik ta’lim tizimi keng
quloch yoydi. Bu jarayonlarda nafaqat Temur saltanatining poytaxti Samarqandda,
balki uning avlodlari – Shohrux, Ulug‘bek, Xusayn Bayqaro, Bobur va boshqalar
davridagi Buxoro, Xiva, Kitob, Balx, Kobul shaharlarida ham qizg‘in kechdi.
O‘rni kelganda ushbu ma’lumotlarni ham yanada nazarda tutishni lozimki,
Temuriylar davrining eng yirik vakillaridan biri bo‘lmish Alisher Navoiy san’atga
alohida, nihoyatda yaqin bo‘lgan munosabati xaqida ham to‘xtalib o‘tishni joiz deb
xisoblash mumkin. Musiqa ustozini hammadan ustun qo‘yib, “Ustozlar ustozi” deb
ulug‘langan Alisher Navoiy o‘zi ham musiqa ilmga ega bo‘lib, bu borada muayyan
asarlar yaratgani ma’lum.
Alisher Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatida (1441-1501) musiqaning
o‘ziga xos o‘rin egallaganligi tasodif emas albatta. Qolaversa, Navoiy taxallusining
o‘zi ham nufuzli musiqiy ajam - “navo” so‘zidan o‘zak olingan. Alloma musiqiy
asoslarni bolaligidan, alifbe saboqlari bilan o‘rgana bordi. Uning ustozi Xoja
Yusuf Burhon o‘z davrining yirik musiqashunosi va bastakori edi. Navoiy
ustozining she’rlaridan namuna keltirar ekan, mashhur Isfahon kuyining yaratilish
tarixiga alohida to‘xtalib o‘tadi.
Bu ma’lumotlar Xoja Yusuf Burhon ijodining maqomlar shakllanishiga
bevosita aloqasi bo‘lganligidan dalolat beradi. Zero, zikr etilgan kuy, aniqrog‘i,
maqom (parda tizimi) temuriylar davridagi “Duvozdah” (o‘n ikki maqom) turkumi
tarkibida o‘ninchi edi. Navoiy musiqa madaniyatini izchil e’tirof etishiga uning
Xoja Yusuf Burhon qo‘lida ta’lim olgani, umri davomida musiqa san’atining
namoyondalari bilan doimiy muloqotda bo‘lganligi ijobiy ta’sir qilgan. Shoirning
tog‘asi Muhammad Ali G‘aribiy shular jumlasidandir. Navoiy ta’birida ushbu
inson qator sozlarda yaxshi chalar edi. Alisher Navoiy (2000) “Majolis un-nafois”
asarida, bastakorlardan Abdulla Marvarid, Hofiz Sharbatiy, Pahlavon Muhammad;
xonandalardan Mavlono Ayni, Hofiz Qozoq; sozandalardan Xo‘ja Kamoliddin
Udiy, Ali Karmal, Xo‘ja Abdulloh Sadr; musiqiy risolalar mualliflari Jomiy,
Binoiy, Mavlono Salimiy, Mavlono Riyoziylar Navoiyning eng yaqin do‘stlari
bo‘lganlar.
Alisher Navoiyning qomusiy hamsasini besh qo‘shiq deb aytish mumkin.
Ya’ni: “Hayratul abror” – falsafiy, axloqiy mazmunga ega qo‘shiq, “Farhod va
Shirin” – jasorat va vatanparvarlik qo‘shig‘i, “Layli va Majnun” – betakror sevgi
qo‘shig‘i, “Sabai sayyor” – vafodorlik qo‘shig‘i, “Saddi Iskandariy” – axloqiy
qo‘shiq deb atalishi mumkin.
Alisher Navoiyning musiqiy ijodiyotiga bevosita aloqadorligini Zahiriddin
Bobur ham e’tirof etgan. Alisher Navoiy naqshlar (ashula-cholg‘u asarlari) hamda
peshravlar (cholg‘u asarlari) muallifi bo‘lganligi Boburnomada keltirilgan.
Qolaversa, yarim asrdan keyin, ya’ni XVI-XVII asrlar bo‘sag‘asida yashab ijod
qilgan olim Darvesh Ali Changiy shu davrdagi ommabop 24 usuldan - bir nechtasi
Ulug‘bek, o‘n ikkitasi Husayn Bayqaro, yettitasi esa Alisher Navoiy qalamlariga
mansub ekanligiga guvohlik beradi.
Temuriylar davrida yashab ijod etgan yana bir yirik musiqashunos
Abdurahmon Jomiy (1414-1492) bo‘lgan. U Alisher Navoiyning ustozi bo‘lgani
bilan ham mashhur. Ma’lumki, Jomiy (1987) musiqiy asarlar hamda “Risolai
musiqiy”ning muallifidir. Asarning birinchi bo‘limida an’anaviy ravishda
musiqaning kelib chiqishi, “musiqa” so‘zining mazmuni, san’atlarning burchi kabi
masalalar yoritiladi. Jomiyning fikriga ko‘ra, musiqaning tarkibiy qismlarini
o‘rganish “yanada go‘zal va nafis san’at” yaratish uchun kerakdir. Muallif o‘z
fikrlarini o‘rtaga tashlar ekan, oldingi davrlar musiqa ilmi – (Abu Nasr Farobiy)
hamda o‘z zamondoshlari tajribasiga tayanadi.
Risolaning ikkinchi qismida o‘sha davr mutaxassislari orasida keng tarqalgan
usullar batafsil yoritilgan. Risolada yigirmadan ortiq usullar haqida ma’lumotlar
bor. Shuni alohida qayd etish zarurki, Amir Temurning o‘zi xis tuyg‘ularga ta’sir
imkoniyatlaridan bohabar bo‘lib, amaliyotda undan moxirona foydalangan.
Zamondoshlarning ko‘rsatmalariga binoan Temur saroyida o‘tkazilgan
tantanalarda doimiy ravishda musiqachilarning ijrosini maroq bilan tinglab, yangi
yaratilgan asarlarga baho berishni yaxshi ko‘rgan. Uning bu fazilatlarini
merosxorlardan tortib, sarkardarlargacha butun saroy ahli yaxshi bilgan.
Amir Temurning musiqiy asboblarga bo‘lgan mehri uning harbiy yurishlari
tasvirlangan ko‘pgina miniaturalar ham tasdiqlaydi. Temur va Temuriylar davrida
musiqiy ijod va ijroning shiddat bilan rivojlanishi musiqiy risolanavislikka ham
yuqori darajada ta’sir qilgan. Masalan, Zaynulobiddin Al-Husaynining qonuni ilmi
va amali musiqiy, Najmiddin Kavkabiyning (Ашуров Б.Ш. 2008, 2009) “Risolai
musiqiy”, “Risolai darbayoniy duvozdaxmaqom”, Darveshali Changiy asari,
“Tuhfat us-surur” (ya’ni, yana bir nomi “Risolai musiqiy”) bo‘lib, XII asr
voqealari tasvirlangan, unda 350 ga yaqin bastakor, xonanda, sozanda va ularning
homiylari haqida ma’lumotlar bor.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Olib borilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, Amir Temur va
Temuriylar davri Markaziy Osiyo tarixida nafaqat siyosiy va iqtisodiy yuksalish
davri, balki san’at va madaniyatning har tomonlama rivojlangan bosqichi sifatida
alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu davrda shakllangan madaniy muhit, ayniqsa,
musiqa, adabiyot, me’morchilik va sahna san’ati sohalarida yuksak natijalarga
erishilganini tasdiqlaydi.
Temuriylar davrida san’at namoyandalarining faoliyati davlat siyosati
darajasida qo‘llab-quvvatlanganligi, saroy madaniyati va homiylik tizimining
rivojlanganligi ijodkorlar uchun qulay sharoit yaratgan. Natijada bastakorlik,
ijrochilik, musiqashunoslik va boshqa san’at yo‘nalishlari tizimli ravishda
shakllanib, yuksak badiiy-estetik darajaga ko‘tarilgan.
Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi
buyuk siymolar faoliyati Temuriylar davri san’atining yuksak darajada
rivojlanganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, musiqa san’ati va uning nazariy asoslari chuqur
ishlab chiqilganligi ushbu davr madaniyatining mukammalligini tasdiqlaydi.
Umuman olganda, Amir Temur va Temuriylar davri san’ati
namoyandalarining faoliyati keyingi davrlar madaniy taraqqiyoti uchun
mustahkam poydevor yaratgan bo‘lib, ularning merosi bugungi kunda ham o‘z
ilmiy va amaliy ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Tadqiqot natijalariga asoslanib quyidagi ilmiy-amaliy takliflarni ilgari surish
mumkin:
Temuriylar davri san’atiga oid manbalarni tizimli o‘rganish zarur. Ayniqsa,
hali to‘liq tadqiq etilmagan qo‘lyozmalar va arxiv materiallarini ilmiy muomalaga
kiritish muhimdir.
Musiqa va san’at tarixiga oid merosni raqamlashtirish hamda zamonaviy
texnologiyalar asosida saqlash va targ‘ib qilish maqsadga muvofiqdir.
Temuriylar davri san’ati namoyandalarining ijodini o‘quv dasturlariga
kiritish, ayniqsa oliy ta’lim muassasalarida san’atshunoslik va tarix fanlari
doirasida kengroq yoritish lozim.
Temur va Temuriylar davrining yana bir eng mashhur san’at bilimdonlaridan
biri Abdulqodir Marog‘iy ham umrining ko‘p qismini Temur va Temuriylar
saroyida o‘tkazgan va bastakor sifatida 200 dan ortiq asar yaratgan. Xulosa qilib
shuni aytish mumkinki, Temur va Temuriylar davri san’ati namoyondalari tarixi
keyingi davrlar turkiy xalqlarining san’ati rivojiga ulkan poydevor vazifasini
o‘tagani bilan nihoyatda bebaho va qadrlidir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ашуров Б.Ш. (2009). Наджмиддин Кавкабий ва унинг мусиқий
рисоласи. Тошкент давлат педагогика университети Республика илмийпедагогик конференцияси материаллари. Тошкент.
2. Бартольд В.В. (1918). Улугбек и его время. Петроград: Академия
наук.
3. Бобур З.М. (2002). Бобурнома. Тошкент: Шарқ нашриёти.
4. Фитрат А. (1993). Ўзбек классик мусиқаси ва унинг тарихи.
Тошкент: Ғафур Ғулом.
5. Жомий А. (1987). Рисолаи мусиқий. Теҳрон: Cultural Heritage Press.
6. Клавихо Р.Г. де (1990). Дневник путешествия в Самарканд ко двору
Тимура (1403–1406). Москва.
7. Маллаев Н. (1961). Ўзбек адабиётида ғазал ва унинг ривожида
Навоийнинг роли ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. – 1961. – № 1. – Б. 3.
8. Мирхонд (1998). Равзатус-сафо. Теҳрон: Islamic Culture Publishing.
9. Муҳаммад Амин Бухорий (2020). Муҳит ат-таворих. Тошкент: Фан. –
284-б.
10. Навоий А. (2000). Мажолис ун-нафоис. Тошкент: Фан нашриёти.
11. Навоий А. (2000). Маҳбуб ул-қулуб. Тошкент: Шарқ нашриёти.
12. Навоий А. (2001). Мезон ул-авзон. Тошкент: Ғафур Ғулом нашриёти.
13. Восифий (1994). Бадоеъ ул-вақоеъ. Тошкент: Шарқ нашриёти.
REFERENCES:
1. Ashurov B.Sh. (2009). Najmiddin Kavkabiy va uning musiqiy risolasi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti Respublika ilmiy-pedagogik
konferensiyasi materiallari. Toshkent. (In Uzbek)
2. Bartol’d V.V. (1918). Ulugbek i ego vremya. Petrograd: Akademiya nauk.
(In Russian)
3. Bobur Z.M. (2002). Boburnoma. Toshkent: Sharq nashriyoti. (In Uzbek)
4. Fitrat A. (1993). O‘zbek klassik musiqasi va uning tarixi. Toshkent: G‘afur
G‘ulom. (In Uzbek)
5. Jomiy A. (1987). Risolai musiqiy. Tehron: Cultural Heritage Press. (In
Persian)
6. Klavixo R.G. de (1990). Dnevnik puteshestviya v Samarkand ko dvoru
Timura (1403–1406). Moskva. (In Russian)
7. Mallayev N. (1961). O‘zbek adabiyotida g‘azal va uning rivojida
Navoiyning roli haqida // O‘zbek tili va adabiyoti. – 1961. – № 1. – B. 3. (In
Uzbek)
8. Mirxond (1998). Ravzatus-safo. Tehron: Islamic Culture Publishing. (In
Persian)
9. Muhammad Amin Buxoriy (2020). Muhit at-tavorix. Toshkent: Fan. – 284-
b. (In Uzbek)
10. Navoiy A. (2000). Majolis un-nafois. Toshkent: Fan nashriyoti. (In
Uzbek)
11. Navoiy A. (2000). Mahbub ul-qulub. Toshkent: Sharq nashriyoti. (In
Uzbek)
12. Navoiy A. (2001). Mezon ul-avzon. Toshkent: G‘afur G‘ulom nashriyoti.
(In Uzbek)
13. Vosifiy (1994). Badoe’ ul-vaqoe’. Toshkent: Sharq nashriyoti. (In Uzbek)