QO‘QON XONLIGI YOZMA MANBALARIDA AMIR TEMUR VA
TEMURIYLAR TARIXI YORITILISHI
HE DEPICTION OF THE HISTORY OF AMIR TEMUR AND THE
TIMURIDS IN THE WRITTEN SOURCES OF THE KOKAND KHANATE
ОСВЕЩЕНИЕ ИСТОРИИ АМИРА ТЕМУРА И ТЕМУРИДОВ В
ПИСЬМЕННЫХ ИСТОЧНИКАХ КОКАНДСКОГО ХАНСТВА
Qo‘ldashev Sherali Temuralievich
Oriental universiteti v.b. professori, tarix fanlari doktori
Tel.:+998909268360
E-mail:sherali.kuldashev@gmail.com.
Annotatsiya. Ushbu maqolada, Amir Temur va temuriylar tarixiga oid
ma’lumotlar Qo‘qon xonligi (1709-1876) qo‘lyozma asarlarida yozilishi haqida
berilgan. Qirqqa yaqin turkiy, forsiy tillardagi manbalarda Amir Temur shaxsiy,
temuriylar davriga oid ma’lumotlar, Oltin Beshik afsonasi haqida tahlil qilingan.
Asarning Amir Temur va temuriylar davri tarixiga tegishli ma’lumotlar
Sharofiddin Ali Yazdiyning (vafoti 1454) “Zafarnoma”, Muhammad bin
Xovandshohning (1438-1498) “Ravzat us-safo”, 1552-yilda yozilgan Mavlono
Ahmad ibn Muhammad al-G‘afforiyning “Tarixi Nigoriston”, Mirzo Muhammad
Haydarning (1500-1551) “Tarixi Rashidiy”, Xondamirning (1475-1536) “Habib
us-siyar” kabi o‘nlab asarlardagi ma’lumotlardan foydalanilganligi berilgan.
Kalit so‘zlar: Amir Temur, temuriylar, Qo‘qon xonligi, Oltin Beshik,
manba, qo‘lyozma asarlar, ilmiy tahlil, xulosa.
Annotation. This article presents information on the history of Amir Timur
and the Timurids written in manuscripts of the Kokand Khanate (1709-1876).
About forty sources in Turkic and Persian languages are analyzed, including
information about Amir Timur personally, the Timurid period, and the legend of
the Golden Cradle. It is noted that the information on the history of Amir Timur
and the Timurid period in the work is based on information from dozens of works,
such as Sharafiddin Ali Yazdi’s (d. 1454) "Zafarnoma", Muhammad bin
Khovandshah’s (1438-1498) "Rawzat us-safa", Mawlana Ahmad ibn Muhammad
al-Gaffari’s "Tarihi Nigoristan" written in 1552, Mirzo Muhammad Haydar’s
(1500-1551) "Tarihi Rashidi", and Khandamir’s (1475-1536) "Habib us-siyar".
Key words: Amir Temuri, Timurids, Kokan Khanate, Oltin Beshik, source,
manuscript works, scientific analysis, conclusion.
Аннотация. В данной статье представлена информация об истории
Амира Тимура и Тимуридов, записанная в рукописях Кокандского ханства
(1709–1876). Проанализировано около сорока источников на тюркских и
персидских языках, включая информацию о личном Амире Тимуре, периоде
правления Тимуридов и легенде о Золотой колыбели. Отмечается, что
сведения об истории Амира Тимура и периода Тимуридов в работе основаны
на сведениях из десятков произведений, таких как «Зафарнома»
Шарафиддина Али Язди (ум. 1454), «Равзат ус-сафа» Мухаммада бин
Ховандшаха (1438-1498), «Тарихи Нигористан» Мауляны Ахмада ибн
Мухаммада аль-Гаффари. написанные в 1552 году, «Тарихи Рашиди» Мирзо
Мухаммада Хайдара (1500-1551) и «Хабиб ус-сияр» Хандамира (1475-1536).
Ключевые слова: Амир Темур, Тимуриды, Коканское ханство, Алтин
Бешик, источник, рукописные произведения, научный анализ, заключение.
KIRISH
Amir Temur va temuriylar tarixiga oid ma’lumotlar nafaqat o‘z davriga
tegishli birlamchi manbalar bilan birga, undan keyingi avlodlar tomonidan
yozilgan asarlarda ham uchraydi. Jumladan, Qo‘qon xonligi (1709-1876) tarixiga
oid bo‘lgan qo‘lyozma asarlarda ham Amir Temur shaxsi, faoliyati, janglari,
ma’muriy boshqaruv tizimi, harbiy mahorati va tajribasi, qo‘shni davlatlar bilan
olib borgan munosabatlari, bunyodkorlik ishlari kabi masalalarga oid ko‘plab
qiziqarli ma’lumotlar uchraydi. Qo‘qon xonligi markaziy qismi bo‘lgan Farg‘ona
vodiysida tarixnavislik an’analarining shakllanishi XVIII asrning ikkinchi yarmida,
aniqrog‘i Norbo‘tabiy (1763-1798) va Olimxon (1798-1810) hukmronligi davridan
boshlansa-da, Amir Umarxon (1810-1822) hukmronligi davridan boshlab ancha
keng tus oladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Qo‘qon xonligida yaratilgan tarixiy manbalarning aksariyati musulmon
tarixnavisligi an’analariga ko‘ra, Muhammad payg‘ambar (s.a.v)ga na’t bilan
boshlanib, ba’zilari muallif yashagan zamondan, ba’zilari esa Qo‘qon xonligining
vujudga kelishi tarixiga oid bo‘lgan rivoyatlar (Masalan, Oltin Beshik afsonasi)
hamda aniq tarixiy shaxslar faoliyati bilan bog‘langan holda boshlanganligini
ko‘rish mumkin. Xronologik jihatdan bu manbalarni uch guruhga ajratish mumkin:
XIX asr boshlarida yozilgan qo‘lyozma asarlar, XIX o‘rtalarida bitilgan manbalar
hamda mustamlakachilik davrida yozilgan asarlarga ajratish mumkin. Xonliklar
davrida yozilgan 20 dan ortiq, Qo‘qon xonligi tugatilgandan so‘ng esa uning
tarixiga bag‘ishlangan 10 dan ortiq asarlar yozilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot, bevosita qiyosiy tahlil va analiz metodlari asosida mavzuga
oid ilmiy asarlar va tarixiy hujjatlarni o‘rganish asosida tadqiq qilindi.
Manbashunoslik nuqtayi nazardan qiyosiy tahlil qilish va germanivtika usullari
ham qo‘llanildi. Adabiy jarayonlarga nisbatan tarixiy faktaloglik masalalarga
kamroq e’tibor qaratildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Xonlik manbalari turkiy va forsiy tillarda bitilgan bo‘lib, ularning aksariyati
Amir Temur va temuriylar davri bilan boshlangan. Bu manbalarda Amir Temur
nomi Temur ,(تيمور)Temurxon Kurogon ,(تمورخان گوەگان)Mir Asad (مير اسد)
shaklida kelgan bo‘lib, deyarli barcha manbalarda yozilgan. Temuriy
hukmdorlardan Mirzo Ulug‘bek (ميرزا اولوغبيك)nomi “Tarixi jadidai Toshkand”
asarida (Muhammad Solihxo‘ja Toshkandiy, 689а, 704б в), “Ansob us-salotin va
tavorihi havoqin”da esa bir marta (Mirzoolim Mushrif., 1995:4) keltirilgan.
Temuriy hukmdorlardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning nomi ham bu
manbalarda ko‘p uchraydigan ismlardan biridir. Uning nomi deyarli barcha
manbalarda Bobur ,(بابور)Bobir ,(بابر)xon “ ,(خان)Tarixi Aziziy” va “Tarixi
jahonnoma”larda Mirzo ,(ميرزا)shoh “ ,(شاە)Mirat al-futuh”da podshoh ,(پادشاە)
“Shohnomai Umarxoniy”da sulton “ ,(سلتان)Maktubchai xon”da Zahiriddin
Muhammad Bobur ,(ظهيرالدین محمد بابر)va boshqa manbalarda Muhammad
Zahiriddin ,(محمد ظهيرالدین)Mirzo Zahiriddin (ميرزا ظهيرالدین)nomlari bilan
keltirilgan.
1801-yilda yozilgan Shermuhammad Akmal Ho‘qandiyning “Amirnoma”
asarida Oltin Beshik afsonasi orqali Qo‘qon xoni Umarxonni shajarasini
Zahiriddin Muhammad Boburga taqab yozgan. Fazliy Namangoniyning
“Umarnoma” asarida ham “Dar bayoni nasl va avlodi Temurxon sohibqiron” (20ab) qismida shu mavzuni davom ettiradi. Bu bilan muallif Qo‘qon xonlarini Amir
Temurning avlodi ekanligiga urg‘u berib, buni alohida ta’kidlaydi. Fazliy o‘z
asarida “Oltin Beshik” rivoyatini keltirmasa-da, u ham Qo‘qonning birinchi
hukmdori Shohruxxon (1709-1721)ning shajarasini Boburga bog‘laydi.
“Shohnomai Umarxoniy” asarida esa Umarxonning ham ota, ham ona tomonidan
shajarasi berilgan (53b-54b). 1821-yilda yozilgan “Shohnomai nusratpoyom”
asarini o‘rgangan Sh. Vohidov Oltin Beshik vositasida Qo‘qon xonlari nasabai
Zahiriddin Muhammad Boburga bog‘lash xonlik tarixnavisligida birinchi bo‘lib,
Mirzo Qalandar Mushrif Isfaragiyning ushbu asarida keltirgan va unda Umarxon
nasabi Oltin Beshik orqali Boburga yetkazilgan (Vohidov Sh., 1998: 134). Biroq
bu ma’lumotlar rivoyatlarga asoslangan.
Amir Temur va temuriylar davri tarixiga oid yana bir ma’lumotlar an’anaviy
tarixiy manbalarni yozishdagi sulolaviy uslubda yozilishi jarayonida e’tibor
qaratilganligi hisoblanadi. Sulolalarning davriy ketma-ketlikda yozilishida Amir
Temur va temuriylar davriga oid ma’lumotlarni avvalgi tarixiy manbalardagi
ma’lumotlarni qiyosiy tahlil qilib yozilgan yoki qanday bo‘lsa shunday holatda
ko‘chirilgan. Jumladan, 1844-yilda yozilgan Muhammad Hakimxonto‘raning
“Muntahab ut-tavorix” (“Tarixiy yilnomalar”) asari 5 bob, 12 toifa, ya’ni sulolalar
tarixiga ajratilgan holda yozilgan. Bu sulolalar safforiylar, somoniylar,
daylamiylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar, xorazmshohiylar, chingiziylardan so‘ng
sakkizinchi toifa sifatida temuriylar va boburiylar, shayboniylar, ashtarxoniylar,
mang‘itlar hamda minglar tarixi alohida qilib yozilgan (Muhammad
Hakimxonto‘ra., 1844: 89-125-varaqlar). Avaz Muhammad Attorning “Tarixi
jahonnoma” asarida esa, kirish qismidan so‘ng, Odam alayhissalom, Muhammad
alayhissalom, islomgacha hukmronlik qilgan forslar, halifalar, ummaviylar,
abbosiylar, tohiriylar, chingiziylardan so‘ng to‘qqizinchi bobi temuriylar bilan bir
qatorda shayboniylar, safaviylar, boburiylar, yilnomalar, joniylar, Nodirshoh,
mang‘itlar va Hindistondagi boburiy podshohlar tarixi hamda xulosa bilan
tugatgan (Avaz Muhammad Attor Ho‘qandiy., 1999: 582). Asarda Chingizxon
avlodlaridan bo‘lgan Alnakxon va Toyzixonlarning Amir Temur huzuriga borgani,
uning hizmatiga kirgan hamda Temur o‘limidan so‘ng bu chingiziylar
Qoraqurumga, ya’ni qalmoqlar yurtiga ketganligi haqidagi ma’lumotlar berilgan.
Xuddi shu kabi manbalardan biri Muhammad Solihning “Tarixi jadidai-Toshkand”
asari bo‘lib, unda so‘zboshi, Odam alayhissalom, usmoniylar, chingiziylargacha
hukm surgan Turkiston podshohlari, chingiziylardan so‘ng Amir Temur (95a-
200a) va temuriylar (200b-201a), shayboniylar va ashtarxoniylar, Abulfayzxon va
mang‘itlar, minglar, Toshkent tarixi, muallif tarjimayi holi kabi boblarga
ajratilgan. Bu asarlardagi ma’lumotlar asosan Sharofiddin Ali Yazdiyning
“Zafarnoma”, Muhammad Hotifiyning “Temurnoma”, “Temur tuzuklari” va
boshqa manbalardagi ma’lumotlar asosida yoritilgan.
Tojirning “G‘aroyibi sipoh” asarida “Farg‘ona shohlarining nasabi fasli”da
Qo‘qon xonlarining nasabi bir necha vosita bilan Chingizxonga bog‘lanishini
aytilsa-da, Zahiriddin Muhammad Bobur yoki Amir Temur hamda Temuriylar
davri xususida so‘z yuritilmagan. Bu holatni muallifning o‘z oldiga qo‘ygan rejasi
(faqatgina Olimxon, Umarxon va Muhammad Alixon davrini bayon qilish) va asar
hajmidan kelib chiqqan holda ham baholashishmiz mumkin. Biroq asarda berilgan
Qo‘qon xonlari xonlikdagi davlat boshqaruvi, ma’muriy tizim, davlat va hokimiyat
idoralarining ishlash prinsiplari bevosita Amir Temur va temuriylar davlat
boshqaruvining davomchisi hisoblanishini yozib o‘tgan. Ayniqsa, diplomatik
aloqalarda bu o‘xshashlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, Qo‘qon xoni
Muhammad Alixon (1822-1842) Xitoyning hukmron sulolasi bo‘lmish
manjurlarning imperatori Daogun ( 綿寧, 1820-1850)ga yozgan to‘rtta maktubi
Amir Temur va uning o‘g‘li Shohrux Mirzoning Xitoy imperatorlariga yozgan
xatlari mazmuni bilan aynan bir xildir. Maktub shunday yozilgan edi:
“Mening ya’ni Muhammadalixon gardunmador qoshidan sen Chinning
Bodoy hoqoni huzuriga. Bil va ogoh bo‘lginkim, mening nasabim tanma-tan
Chingizxonga borib yetadi. Pushtma-pusht xon va xonzoda bo‘lib kelganman.
Hudoga shukurkim, ajdodlarimdan musulmonman va hozirda bu mamlakat menga
padarimdan meros qolgan. Endilikda davlat nag‘orasini mening adolat tomimda
chalmoqdalar. Ibrat ko‘zini ochib, mening nimalar qilganimni ko‘r. To Qashqar
mulkigacha borib g‘azot qildim. Ikkinchi bor xizmatkorim Haqquli mingboshiga
amr qildim, borib g‘azot qilib, sizlarning kulingizni ko‘kka sovurib keldi. Bu
tarafda to Istravshan, Yom va Zomin hamda Achchi suvigacha iotat kamarini
mening egarim uzangisiga bog‘ladilar. Xudo xohlasa, jahonni Yaratuvchidan
umidim tez kunlarda Rumdan to Xitoy mulkigacha farmonbardor qilsa.
Ey Chin hoqoni, uch ishdan birini tanlashing lozim. Biri Bojin (hozirgi Pekin
shahri) ga olib ketgan o‘sha hojalarni bu tarafga yuborishing kerakkim, ular
payg‘ambar avlodlaridir. Yana biri shuki, sening hukming ostidagi Yetti shahar
(Hozirgi Shinjong-Uyg‘ur tumani) dagi musulmonlar hukumatini menga ber. Toki,
biz o‘zimiz hokim tayinlab, shariati sharifga muvofiq boshqaramiz.Yana biri (17a)
shuki, har yili bizga Bojindan o‘n ming yombu miqdorida boj berasan. Shu
uchchalasidan biri ixtiyoring. Illo, shulardan birini tanlamasang tayyor bo‘l,
qo‘shin tuzib borib, ul viloyatlarni to Qumbul tegrasigacha kulini ko‘kka
sovurmasam Umarxonning o‘g‘li emasman. Elchining og‘zidan bayon qilingan
har bir so‘z to‘g‘ridir” (Tojir., 2014:456). Muhammad Alixon manjur
imperatorida ular talab qilgan narsalarni talab qilish bilan garchi, Chingizxon
avlodi deb tilgan olinsa-da, o‘zini Amir Temur ishining davomchisi, izdoshi
ekanligini ko‘rsatishga harakat qilgan (Sultonov., 2010:73). Shuningdek,
Muhammad Alixon buyrug‘i bilan “Temur tuzuklari” asarining fors tilidan turkiy
tilga tarjima qilinganligini yuqoridagi faktlarning isboti sifatida ko‘rishimiz
mumkin.
Abdulg‘afforboyning “Zafarnomayi Xudoyorxoniy” asarida Qo‘qon xoni
Xudoyorxonning nasabini turkiy qabilalarning ilk ajdodi bo‘lgan bo‘ri bilan
bog‘laydi. U keltirgan nasabnomada Xudoyorxon nasabi asli ajdodlari bo‘ri
bo‘lgan Oltin Beshik orqali Boburga va u orqali Amir Temurga yetkazilgan
(Abdulg‘ofur., 6b-varaq).
Mirzo Olim Mirzarahim Toshkandiyning “Ansob al-salotin va tavorix al-
xavoqin” asarida Amir Temur ismi ikki marta uchraydi. Dastlab Qo‘qon xoni
Xudoyorxonning shajarasi Mirzo Boburga va undan Amir Temurga borib taqalishi
(4b, 65a) haqida ma’lumot bergan.
Muhammad Aziz Muhammad Rizo o‘g‘li Marg‘iloniyning “Tarixi Aziziy”
asarining katta qismi Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan. “Tarixi Aziziy”
asarining ham yagona nusxasi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik
instituti qo‘lyozmalar fondidan saqlanadi. Asarning to‘rtinchi va beshinchi
boblarida Qo‘qon xonligi davrida va xonlikning tugatilgandan keyingi yillardagi
Farg‘ona tarixiga oid ma’lumotlar o‘rin olgan. Asarning so‘nggi ikki bobi
muallifning o‘zi yashagan davriga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bayon qilingan
voqealarga muallif shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganligi, boshqa manbalarda
uchramaydigan ma’lumotlar, ishonchli odamlardan eshitgan axborotlar
jamlanganligi bilan ajralib turadi. Asar tadqiqotlarda muayyan qolipga solinmagan
va ma’lum tizimga ega bo‘lmagan manba sifatida baholangan. Muallif aslida ham
yaxlit tizimga ega mukammal tarix yaratishni maqsad qilmagan, balki tarixiy
saylanma yaratishni ko‘zlagan. Buni muallifning “Tavorixi Nigoriston” dan
intixob qildim (6a), Xotif (vaf 1842)ning forsiydan turkiyga o‘girgan “Tuzuki
Temuriy” kitobidan “intixob etub ko‘tarildi” (55b) deb izoh bergan (Mulla Aziz
Marg‘iloniy., 2016:13). Asarning Amir Temur va temuriylar davri tarixiga tegishli
ma’lumotlar Sharofiddin Ali Yazdiyning (vafoti 1454) “Zafarnoma”, Muhammad
bin Xovandshohning (1438-1498) “Ravzat us-safo”, 1552-yilda yozilgan Mavlono
Ahmad ibn Muhammad al-G‘afforiyning “Tarixi Nigoriston”, Mirzo Muhammad
Haydarning (1500-1551) “Tarixi Rashidiy”, Hondamirning (1475-1536) “Habib
us-siyar” kabi o‘nlab asarlardagi ma’lumotlardan foydalanib yozgan. Asarning 2
bobi “Amir Temur Ko‘ragonning qilgan g‘azotlarini va iqbolu saodatlarini va
tariqai shukuhi saltanatlarini va xurujini va kuch-quvvati va hukumatini
miqdorining va ham valiahd bo‘lgan avlodlaridan bayon” deb nomlangan. Keyingi
faslda “Tuzuki Temuriy”dan olingan parcha va “Zafarnoma”dan Amir Temurning
Bag‘dod hukmdori Sulton Ahmad Jaloyir ustiga yurishi to‘g‘risidagi xabar havola
etiladi. Asarning 85-faslida esa “Hazrat Xoja Ahmad Yassaviyning muborak
mozorlari shariflarig‘a Amir Temurni vaqf tayin qilg‘oni bayoni” deb nomlangan
(Muhammad Aziz Marg‘iloniy., 90b-91a varaqlar). Bu fasl forsiyda yozilgandir.
“Ushbu vaqtda ham qadim zamonda yer yuzida qanday katta shaharlar bor” deb
nomlangan 108 faslda Turkistondagi “hazrat Sulton al Orifin Xoja Ahmad
Yassaviyning qabrlari ustida bino qilingan gumbazning yerdan balandligi qirq
sakkiz gazdur”, deb ma’lumot beradi (Muhammad Aziz Marg‘iloniy., 105a-varaq).
Mashhur tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida ham bu ulug‘
voqea haqida quyidagilar yozilgan: “Uning gumbazini shunday bunyod etsinlarki,
aylanasi yuz o‘ttiz gaz va o‘z chizig‘i qariyb qirq gaz kelsin. Qurilish tamom
bo‘lgach, balandligi ham o‘ziga munosib tarzda ko‘tarilsin, devoru qubbasi
koshinlar ila bezatilsin, eshigi yetti xil ma’dan qotishmasidan tayyorlansin,
o‘rtasida bir hovuz barpo etib, uning yuzini ham yetti ma’dan qotishmasidan
qoplasinlar. Qabr ustiga qo‘yish uchun tabriziy marmar keltirsinlar, uni noziklik
bilan tarashlasinlar va ajoyib naqshlar-la bezasinlar”. Ushbu an’anani davom
ettirgan Qo‘qon xonlari Ahmad Yassaviy mozoriga alohida e’tibor qaratganlar.
Jumladan, Toshkent hokimi Normuhammadga mozor vaqflari bo‘yicha topshiriqlar
berilgan. Mozorni qayta ta’mirlashda Umarxon, Muhammad Alixon hamda
Xudoyorxon tashabbusi bilan amalga oshirilgan.
Qo‘qon xonligidagi davlat boshqaruv apparati asosan Amir Temur davrida
shakllangan va keyinchalik Shayboniylar davrida isloh qilingan an’analarga
asoslangan. “Amir al-muslimin” va “Xon” kabi oliy unvonlar, shuningdek, davlat
iyerarxiyasidagi vazirlik va devonbegilik lavozimlari Temuriylar davlatchilik
maktabining merosi sifatida saqlanib qolgan. Olimxon kabi hukmdorlar o‘z
faoliyatida Amir Temur davlatining chegaralarini tiklash va markazlashgan kuchli
qo‘shin tuzishga alohida e’tibor qaratgan.
Amir Temur va Temuriylarning ilm-fan va adabiyotga homiylik qilish
an’anasi Qo‘qonda Umarxon va Nodirabegim davrida o‘z cho‘qqisiga chiqdi.
Qo‘qon adabiy muhiti o‘zini “Temuriylar Renessansi”ning ma’naviy davomchisi
deb bilgan. Temuriylar sulolasi va hokimiyati (1370–1506) musulmon sharqining
ko‘p mamlakatlari uchun namunaviy model sanalib, unga bir necha yuz yil
mobaynida taqlid qilib kelingan. Ayni jarayonda Amir Temur shaxsiyati va
so‘nggi temuriylardan bo‘lmish Husayn Boyqaro davridagi Hirot madaniy, adabiy
muhitining o‘rni katta bo‘lgan (Erkinov., 2021:271-274).
Xonlik poytaxti Qo‘qonda qurilgan masjid va madrasalar, xususan
Xudoyorxon o‘rdasining bezaklari va me’moriy yechimlarida Temuriylar davriga
xos koshinkorlik va muhtashamlik an’analari qayta jonlantirilgan.
Amir Temurning lashkar tuzish, qismlarga bo‘lish va jang olib borish
taktikalari Qo‘qon xonligi harbiy tizimining asosini tashkil etgan. Asosiy
o‘xshashliklar quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Qo‘shin tuzilishi va taqsimoti: Amir Temur qo‘shinni o‘nlik, yuzlik, minglik
va tuman (o‘n minglik)larga bo‘lib boshqargan. Qo‘qon xonligida ham ushbu tizim
saqlanib qolgan bo‘lib, o‘nboshi, yuzboshi va mingboshi kabi unvonlar
qo‘llanilgan.
Lavozim va unvonlar taqlidi: Xonlikda, ayniqsa Umarxon davrida, Amir
Temur va Sulton Husayn Boyqaro zamoniga taqlid qilgan holda unvonlar va davlat
lavozimlari joriy etilgan.
Jang taktikasi (Go‘l va Qanbul): Temuriylar harbiy san’atidagi markaz
(go‘l), o‘ng va chap qanotlar hamda ularning pistirmalari (qanbul) kabi tartiblar
O‘rta Osiyo xonliklarida, shu jumladan Qo‘qonda ham asos sifatida qabul qilingan,
garchi vaqt o‘tishi bilan ayrim o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa-da.
Mafkuraviy maqsadlar: Xonlik hukmdorlari, xususan Olimxon, kuchli
qo‘shin tuzish orqali Amir Temur davlatining chegaralarini tiklashga intilgan.
Jangovar tayyorgarlik: Har ikki tizimda ham otliq qo‘shin asosiy kuch
hisoblangan. Temur qo‘shinida bo‘lgani kabi, xonlikda ham tezkor harakatlanish
va intizomga katta e’tibor berilgan.
Qo‘qon xonlari, xususan Abdurahimbiy (uni tarixchilar "Sohibqiron" deb
atashgan) va Umarxon, qal’alar qurishda Temuriylarning shaharsozlik va mudofaa
an’analariga taqlid qilishgan. Masalan, Qo‘qondagi dastlabki istehkom Eski-
Qo‘rg‘on Amir Temur davridagi qal’alar kabi markaziy boshqaruv nuqtasi sifatida
tiklangan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Qo‘qon xonligi tarixnavisligiga mansub manbalarda Amir Temur va
temuriylar masalalarini yoritishga ikki xil munosabat yuzaga kelgan. Birinchidan,
bu masalaga Sharqning islom mamlakatlari tarixnavisligi tamoyillari va
qonuniyatlari asosidagi yondashuvlar. Bu masala musulmon mamlakatlarida hukm
surgan sulolalar tarixining tarkibiy qismi sifatida davriy tartibot asosida yozilgan.
Bu an’anada tarixiylik, mantiqiylik va haqqoniylik tamoyillari nisbatan ustun
hisoblanadi. Albatta, ushbu o‘rinda temuriylar sulolalari tarixiga oid asosiy tarixiy
qo‘lyozma asarlar – “Zafarnoma”, “Ravzat us safo”, “Habib us siyar”,
“Boburnnoma” kabi asarlar muhim tarixiy manba vazifasini o‘tagan. Shuningdek,
“Temur tuzuklari”, “Nigoriston” kabi asarlardagi ma’lumotlar asosida ham ko‘plab
xonlik davri qo‘lyozma asarlarining asosi sifatida ko‘rish mumkin. Qo‘qon xonligi
tarixnavisligiga mansub asarlarda temuriylar davrida yaratilgan tarixiy asarlar
muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.
Ikkinchidan, XIX asrning birinchi choragida shakllangan Qo‘qon
tarixnavisligi an’analari va tamoyillari asosida yondashuvlar hisoblanadi. Bunda
Amir Temur va temuriylarga (Zahiriddin Muhammad Bobur, Umarshayx mirzo)
xonlik hukmdorlarining ajdodi sifatida qarash aksariyati saroyga yaqin kishilar
bo‘lgan ushbu maktab vakillarida panegrizmning ustunlik qilishiga olib kelgan. Bu
an’anada voqealar bayonidagi tarixiy jarayonlarning asosiy nuqtalari rivoyat
asosida bayon qilingan. Natijada tarixiy shaxslar faoliyati va davri rivoyat zamirida
o‘z tarixiyligi va mantiqiyligini yo‘qotgan.
Qo‘qon xonligi manbalarida Amir Temur shaxsiga ikki xil yondashuv mavjud
bo‘lib, birinchidan, sarkarda Turonzamin va Dashti Qipchoqda hokimiyatni o‘z
aqli va harbiy salohiyati bilan qo‘lga kiritgan hukmdor, tarixiy shaxs sifatida
qaralgan bo‘lsa, ikkinchidan, Amir Temurga, Qo‘qon tarixnavisligi an’analaridan
chetga chiqolmagan holda, xonlarning ajdodi deya ta’riflanuvchi Zahiriddin
Muhammad Boburning ajdodi sifatida baho bergan.
Amir Temurning shaxsi, davlatchilikda o‘z o‘rniga ega bo‘lganligi uchun
uning avlodlari uning tarixiy merosiga ko‘proq murojaat qilgan. Uning davlat
boshqaruvi, harbiy tajribasi, salohiyatidan ibrat olishga harakat qilgan. Qo‘qon
xonlari taxtga egalik qilish huquqini aynan Amir Temurga olib borib taqash, taqlid
qilishni merosxo‘r sifatida bilganlar. Bu davrda nafaqat Qo‘qon xoni Umarxon
bilan qo‘shni Xiva xoni Muhammad Rahimxon (1806-1825) va Buxoro amiri
Haydar (1800-1825) ham bu masalada taqlid qilib, she’riy aytishuvlar olib
borishgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abdulg‘ofur. Zafarnomayi Xudoyorxon. O‘zR FA SHI, qo‘lyozma №
598.
2. Avaz Muhammad Attor Ho‘qandiy (1991). Tarixi jahonnamoyi /
forschadan Sh. Vohidov tarjimasi // Sharq Yulduzi. – Toshkent, 1991. – № 8. – B.
119-137.
3. Бабаджанов Б.М (2010). Кокандское ханство: власть, политика,
религия. Токио-Ташкент.
4. Бейсембиев Т (2009). Кокандская историография (исследование по
источниковедению Средней Азии XVIII – XIX веков). Алматы.
5. Erkinov A (2021). Navoiyni anglash sari. Anqara.
6. Mirzoolim Mushrif, (1995). Ansob us – salotin va tavorix ul-havoqin /
Nashrga tayorlovchi A. Matg‘oziev, M. Usmonova. Toshkent.
7. Muhammad Aziz Marg‘iloniy. Tarixi Aziziy // qo‘lyozma, O‘zbekiston
Respublikasi fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondi. №11108-432 v.
8. Muhammad Hakimxonto‘ra. Muntahab ut-tavorih – qo‘lyozma. O‘zR FA
SHI, inv № 594. – 445a-varaq.
9. Muhammad Solihxo‘ja Toshkandiy. Tarixi jadidayi Toshkand – O‘zR FA
SHI, qo‘lyozma № 7791. –1040 v.
10. Mulla Aziz Marg‘iloniy (2016). Tarixi Aziziy. Faksimile nashr. Kirish va
ko‘rsatkichlar tuzuvchi Iroda Qayumova. Toshkent.
11. Sultonov O‘, (2010). Qo‘qon xonligi tarixnavisligida Amir Temur va
temuriylar mavzusining yoritilishi // Temuriylar davriga oid manbalar. To‘plam. –
Toshkent., 2010. – B. 73.
12. Tojir (2014). G‘aroyib sipoh. Tarjimon va sharhlar muallifi O‘ktam
Sultonov // Xrestomatiya. 3-tom. Toshkent.
13. Vohidov Sh (1998). XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qo‘qon xonligida
tarixnavislikning rivojlanishi.: Tarix fan. dokt. ... diss.
REFERENCES:
1. Abdulg‘ofur. Zafarnomayi Xudoyorxon. O‘zR FA SHI, qo‘lyozma № 598.
(manuscript)
2. Avaz Muhammad Attor Ho‘qandiy (1991). Tarixi jahonnamoyi /
forschadan Sh. Vohidov tarjimasi // Sharq Yulduzi. – Toshkent, 1991. – № 8. – B.
119-137. (In Uzbek)
3. Babadjonov B.M. (2010). Qo‘qon xonligi: hokimiyat, siyosat, din. Tokio-
Toshkent. (In Russian)
4. Beysembiyev T. (2009). Qo‘qon xonligi tarixshunosligi (XVIII–XIX asrlar
O‘rta Osiyo manbashunosligi bo‘yicha tadqiqot). Almati. (In Russian)
5. Erkinov A. (2021). Navoiyni anglash sari. Anqara. (In Uzbek)
6. Mirzoolim Mushrif. (1995). Ansob us-salotin va tavorix ul-havoqin /
Nashrga tayyorlovchilar A. Matg‘oziev, M. Usmonova. Toshkent. (In Persian)
7. Muhammad Aziz Marg‘iloniy. Tarixi Aziziy // qo‘lyozma, O‘zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondi. № 11108-432 v.
(manuscript)
8. Muhammad Hakimxonto‘ra. Muntahab ut-tavorih – qo‘lyozma. O‘zR FA
SHI, inv № 594. – 445a-varaq. (manuscript)
9. Muhammad Solihxo‘ja Toshkandiy. Tarixi jadidayi Toshkand – O‘zR FA
SHI, qo‘lyozma № 7791. – 1040 v. (manuscript)
10. Mulla Aziz Marg‘iloniy (2016). Tarixi Aziziy. Faksimile nashr. Kirish va
ko‘rsatkichlar tuzuvchi Iroda Qayumova. Toshkent. (In Uzbek)
11. Sultonov O‘. (2010). Qo‘qon xonligi tarixnavisligida Amir Temur va
temuriylar mavzusining yoritilishi // Temuriylar davriga oid manbalar. To‘plam. –
Toshkent, 2010. – B. 73. (In Uzbek)
12. Tojir (2014). G‘aroyib sipoh. Tarjimon va sharhlar muallifi O‘ktam
Sultonov // Xrestomatiya. 3-tom. Toshkent. (In Uzbek)
13. Vohidov Sh. (1998). XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Qo‘qon xonligida
tarixnavislikning rivojlanishi. Tarix fanlari doktori... diss. (In Uzbek)