ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Amir Temur va Temuriylar davrida Xitoy bilan olib borilgan aloqalar

Mamataxunov Nozim Azizovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA XITOY BILAN OLIB
BORILGAN ALOQALAR

RELATIONS WITH CHINA DURING THE ERA OF AMIR TEMUR AND
THE TIMURIDS

ОТНОШЕНИЯ С КИТАЕМ В ЭПОХУ АМИРА ТЕМУРА И
ТЕМУРИДОВ
Mamataxunov Nozim Azizovich
Oriental universiteti Rektori
t.f.f.d. (PhD), dotsent
Orcid 0009-0000-0601-222X

Annotatsiya. Ushbu maqolada Amir Temur va Temuriylar davlatining Xitoy
(Min sulolasi) bilan olib borgan diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalari
tadqiq etiladi. Maqolada ikki mintaqa o‘rtasidagi elchilik munosabatlari, Buyuk
Ipak yo‘lining qayta tiklanishi va ushbu aloqalarning Markaziy Osiyo
taraqqiyotidagi o‘rni tarixiy manbalar asosida tahlil qilingan. Shuningdek,
Temuriylar diplomatiyasining o‘ziga xos xususiyatlari va Xitoy imperatorlari bilan
yozishmalarning ahamiyati yoritib berilgan.

Tayanch so‘zlar: Amir Temur, Temuriylar renessansi, Min sulolasi,
diplomatiya, Buyuk Ipak yo‘li, elchilik aloqalari, savdo munosabatlari,
Samarqand, tarixiy manbalar.

Annotation. This article examines the diplomatic, trade, economic, and
cultural relations between the state of Amir Temur and the Timurids and China
(the Ming dynasty). Based on historical sources, the study analyzes the
ambassadorial ties between the two regions, the revival of the Great Silk Road, and
the role of these relations in the development of Central Asia. Furthermore, the
specific features of Timurid diplomacy and the significance of correspondence
with Chinese emperors are highlighted.

Keywords: Amir Temur, Timurid Renaissance, Ming Dynasty, diplomacy,
Great Silk Road, ambassadorial relations, trade relations, Samarkand, historical
sources.

Аннотация. В данной статье исследуются дипломатические, торговые и
культурные связи государства Амира Темура и Темуридов с Китаем
(династия Мин). На основе исторических источников анализируются
посольские отношения между двумя регионами, возрождение Великого
шелкового пути и роль этих связей в развитии Центральной Азии. Также
освещаются особенности дипломатии Темуридов и значение переписки с
китайскими императорами.

Ключевые слова: Амир Темур, Темуридский ренессанс, династия Мин,

дипломатия, Великий шелковый путь, посольские связи, торговые

отношения, Самарканд, исторические источники.

KIRISH
Amir Temur va Temuriylar davlatining Xitoydagi Min sulolasi bilan olib
borgan munosabatlari o‘rta asrlar diplomatiyasining eng murakkab va strategik
ahamiyatga ega sahifalaridan biri hisoblanadi. Ushbu ikki buyuk qudrat o‘rtasidagi
hamkorlik asosida, birinchi navbatda, diplomatik aloqalarning strategik maqsadlari
yotgan bo‘lib, bu munosabatlar nafaqat siyosiy tan olish, balki mintaqaviy
xavfsizlik va “Buyuk Ipak yo‘li” ustidan nazorat o‘rnatish niyatida shakllangan.
Munosabatlarning muvaffaqiyati ikki tomonning iqtisodiy imkoniyatlari bilan
ham bevosita bog‘liq edi. Temuriylar davlati G‘arb va Sharqni bog‘lovchi asosiy
chorraha hamda yirik savdo markazi sifatida Xitoy mollarini jahon bozoriga
chiqishida muhim vositachi rolini o‘ynagan. Shu bilan birga, Samarqand va
Hirotdan Xitoy imperator saroyiga yuborilgan zotdor otlar, qimmatbaho toshlar va
paxta mahsulotlari savdo aylanmasining asosini tashkil etgan. O‘z navbatida, Min
sulolasi o‘zining ulkan sanoat salohiyati – ipakchilik, chinni va qog‘oz ishlab
chiqarish texnologiyalari bilan Temuriylar bozorida yuqori mavqega ega bo‘lgan.
Bu jarayon nafaqat tovar ayirboshlash, balki ilm-fan, tibbiyot va san’at sohasidagi
o‘zaro tajriba almashinuviga ham keng yo‘l ochgan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur va Temuriylar davlatining Xitoydagi Min sulolasi bilan
munosabatlari tarixshunoslikda o‘ziga xos konseptual xususiyatlar va metodologik
yondashuvlar asosida tahlil etiladi. Ushbu mavzuning o‘rganilishida eng ko‘zga
tashlanadigan xususiyat – diplomatik muloqotlarning siyosiy maqomini talqin
qilishdagi qarama-qarshilikdir; xususan, an’anaviy Xitoy manbalari ushbu
aloqalarni “sinotsentrizm” g‘oyasi doirasida, ya’ni Temuriylarni o‘lpon keltiruvchi
vassal sifatida tasvirlashga moyil bo‘lsa, o‘zbek tarixshunosligi Asom O‘rinboyev
(1961) va Akademik Bo‘riboy Ahmedov (1996) kabi olimlarning tadqiqotlariga
tayanib, bu munosabatlarni o‘zaro manfaatli va teng huquqli sheriklik sifatida
asoslab beradi. Shu bilan birga, tarixshunoslikda munosabatlarning
davriylashtirilishi ham muhim o‘rin tutadi: agar Amir Temur davri tadqiqotlarda
ko‘proq geosiyosiy raqobat va harbiy to‘qnashuv xavfi bilan tavsiflansa, Shohrux
Mirzo va Mirzo Ulug‘bek davri “diplomatiyaning oltin davri” hamda intellektual
almashinuv bosqichi sifatida tahlil qilinadi. T.f.d. professor Omonulla Bo‘riyev
yozma manbalar, tarixiy geografiya va diplomatiya yo‘nalishlarida chuqur ilmiy

izlanishlar olib borgan. Uning “Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy

Osiyo” (1997) monografiyasi mashhur hisoblanadi.

Xorijiy, xususan amerikalik tarixchi Morris Rossabi “The Ming and Inner

Asia” (2008) asarida Temuriylar va Min imperiyasi o‘rtasidagi munosabatlarni

o‘rganib, ularni “iqtisodiy pragmatism”ga asoslangan aloqalar deb ta’riflaydi.

Uning fikricha, har ikki tomon ham siyosiy ambitsiyalardan ko‘ra, savdo

yo‘llaridan keladigan daromadni ustuvor deb bilgan.

Turkiyalik tarixchi Ahmad Shimshirgilning (2023) “Amir Temur” asarida

Sohibqironning tashqi siyosati keng qamrovda yoritilib, uning Xitoy bilan

munosabatlari ham muhim geosiyosiy yo‘nalish sifatida talqin etiladi. Muallif

Amir Temurni nafaqat buyuk sarkarda, balki uzoqni ko‘ra oladigan strategik davlat

arbobi sifatida tasvirlaydi.

Xitoylik taniqli olim, Nankin universitet professori Liu Yingsheng (2003)

Amir Temur va Temuriylar davri tarixini xitoy va fors manbalari asosida tadqiq

qilgan eng nufuzli xorijiy mutaxassislardan biri hisoblanadi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotning metodologik asosi Amir Temur va Temuriylar
davlatining Xitoydagi Min sulolasi bilan olib borgan diplomatik hamda iqtisodiy
aloqalarini tizimli va xolis tahlil qilishga qaratilgan. Tadqiqot jarayonida tarixiylik
va obyektivlik tamoyillariga tayanilgan holda, ikki buyuk davlat o‘rtasidagi
munosabatlar o‘sha davrning geosiyosiy voqeliklari va xalqaro aloqalar tizimi
kontekstida o‘rganildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
XIV asrning so‘nggi choragi va XV asr boshlarida Xitoydagi Min imperiyasi
hamda Markaziy Osiyodagi Temuriylar davlati o‘rtasida faol diplomatik aloqalar
yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, ushbu mavzu tadqiq etilganda tarix fanida qator
noaniqliklar va chigalliklar ko‘zga tashlanadi. Bunday ziddiyatli holatlarning
vujudga kelishi turlicha omillar bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zan ilmiy
yondashuvlarning chalkashishiga va tarixiy haqiqat chegaralaridan og‘ishishiga
sabab bo‘ladi.
Eng avvalo, shuni ta’kidlash joizki, Amir Temur va Xitoy hukmdorlari
o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘z davrida yetarli darajada batafsil
yoritilmagan. Mavjud manbalardagi uzuq-yuluq ma’lumotlar qat’iy ilmiy xulosalar
chiqarish uchun kamlik qiladi. Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlarning ishonchlilik
darajasi ham hamisha yuqori emas. Har ikki tomon (Xitoy va musulmon dunyosi)
manbalarida “saroy tarixchiligi” an’analari ustuvorligini hisobga olgan holda,
ushbu mavzu yuzasidan manbalar bilan ishlashda tanqidiy yondashuv talab etiladi.

O‘z davrining siyosiy manfaatlaridan kelib chiqqan holda, Xitoy yilnomalarida

ham, musulmon muarrixlarining asarlarida ham hukmron sulolani ulug‘lash va

raqib tomonning kamchiliklarini bo‘rttirib ko‘rsatish holatlari uchrashi tabiiy hol.

Shunga qaramay, turli tarixiy manbalarni xolislik va adolat tamoyillari asosida

o‘rganish orqali tarixiy haqiqatni birmuncha aniq tiklash imkoniyati mavjud.

Amir Temur bilan Xitoy imperatorlari o‘rtasida elchilik aloqalarining qachon

boshlanganligi masalasi tarixiy adabiyotlarda turlicha talqin qilinadi. Masalan,

ba’zi tadqiqotchilar Min imperiyasi XIV asrning 70-yillaridayoq Amir Temur

huzuriga o‘z elchilarini yuborganligini qayd etadilar. Bundan ko‘zlangan asosiy

maqsad – G‘arbiy mamlakatlarga Xitoyda yangi sulola (Min) hokimiyat tepasiga

kelganini ma’lum qilish bo‘lgan. Biroq, Amir Temur tomonidan ushbu tashrifga

javob elchiligi jo‘natilmagani ta’kidlanadi (Zsombor Rajkai, 2015: 50).

Fransuz sharqshunosi R. Grussening fikricha, dastlabki elchilik 1385-yilda

Xitoy imperatori Xun’u (1368-1398 yy.) tomonidan yuborilgan. Ushbu missiya

Xami, Turfon va Ilibaliq orqali kelib, Chig‘atoy (aniqrog‘i Jeta) va Dug‘lat beklari

haqida ma’lumot to‘plagan hamda Samarqandga yo‘l olgan. Fu An boshchiligidagi

mazkur elchilik vakillari Samarqandda ushlab qolinib, uzoq muzokaralardan so‘ng

ortiga qaytishiga ruxsat berilgan (Р. Груссэ, 1996: 55).

Amir Temur tomonidan Xitoyga keyingi yillarda bir necha marotaba elchilar

jo‘natilganligi tarixiy adabiyotlarda qayta-qayta ta’kidlanadi. Min sulolasi tarixiga

oid manbalardan sanaluvchi “Min shi lu” (“Min sulolasining haqiqiy tarixi”)

kitobida 1389-1398-yillarda Xitoyga Amir Temur saltanatidan to‘qqiz marta elchi

kelganligi qayd etilgan (С.Саидқосимов, 2001: 121). Min sulolasi manbalarida

tilga olingan Amir Temur elchilari quyidagilar: 1387 va 1389-yillarda ikki

marotaba Manla Xafeyszы (Mulla Hofiz), 1388-yilda Tachjudin (Toj ad-Din),

1391-yilda Shaxali (Shoxalil), 1392-yilda Nimaopudin (Nig‘mat ad-Din), 1394 va

1395-yillarda ikki marta Daeryueshi (Darvesh) hamda 1396-yilda Alamadan

(Alomat ad-Din) boshchiligidagi elchilar guruhi Amir Temur nomidan Xitoy

imperatori qabulida bo‘lganlar (A. Хўжаев, 2007: 199).

Amir Temurning tashqi siyosatida Xitoy bilan aloqalar keskinlashganining bir

qancha sabablarini keltirib o‘tish mumkin. Xususan, Xitoydagi Min sulolasi o‘zini

dunyoning eng oliy davlati deb bilgan va boshqa hukmdorlardan bo‘ysunishni,

ya’ni soliq yuborishni talab qilgan. Bunday talablar esa Amir Temur kabi mustaqil

va qudratli hukmdor uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat edi. Xitoy elchilari

orqali Temuriylar davlatidan doimiy ravishda ulkan sovg‘a va to‘lovlar talab

qilinishi, shuningdek, Xitoy imperatorining o‘zini ustun qo‘yib, go‘yoki boshqa

hukmdorlarni o‘ziga qaram deb ko‘rsatishga urinishlari Amir Temurning g‘azabiga

sabab bo‘lgan.

Manbalarda qayd etilishicha, Amir Temur Xitoydan kelgan elchilarni bir

muddat o‘z saroyida ushlab turadi va ularning qaytishiga darhol ruxsat bermaydi.

Bu esa uning Xitoy siyosatiga nisbatan keskin munosabat bildirganidan dalolat

beradi. Shu bilan birga, Amir Temur dunyoning yirik imperiyalaridan birini barpo

etgan hukmdor sifatida o‘z davlatining qudratini yanada kengaytirishni maqsad

qilgan edi. Xitoyga yurish ham uning yirik harbiy-siyosiy rejalarining bir qismi

bo‘lib, bu orqali u nafaqat siyosiy mustaqilligini himoya qilish, balki o‘z ta’sir

doirasini kengaytirishni ko‘zlagan.

Ba’zi manbalarda bu yurish diniy jihatdan, ya’ni islomni yoyish va musulmon

bo‘lmagan xalqlarga qarshi kurash sifatida ham talqin qilinadi. Biroq tarixchilar

fikriga ko‘ra, diniy omil bilan birga siyosiy, diplomatik va strategik manfaatlar

bilan bog‘liq edi.

1395-yilda Fu An boshchiligidagi Min elchisi 1500 kishi bilan kelgan, ammo

Temur ularni 13 yil ushlab turgan, bu esa razvedka uchun ishlatilgan.

Imperatorning fikricha, Temur unga tegishli hududlarni ham ishg‘ol qilgan

emish. Bularning solig‘ini to‘lashi kerak ekan, u esa yetti yildan beri to‘lamay

kelayotgan emish. Imperator o‘sha yetti yillik soliqni to‘lashni talab qilibdi. Temur

Chin elchilariga shunday javob berdi:

Chin xoqonining buni talab qilishga haqqi bor. Ammo yetti yillik soliqni

elchilar olib ketishi juda mushkul. Shuning uchun bu soliqlarni to‘plab bo‘lgach,

o‘zimiz yetkazamiz. Xotirjam bo‘lsin (Аhmad Shimshirgul, 2023: 275).

Sohibqiron Xitoy imperatorining tanobini tortib qo‘yish payti kelganini

anglab yetdi. Samarqandda bir necha kun dam olib, charchog‘ini chiqargan Amir

Temur shahzoda va amirlarini huzuriga chaqirib, rejasini shunday bildirdi: “Buyuk

Robbimiz bizga shunday kuch-qudrat berdiki, qilichning kuchi bilan dunyoni fath

etib, yer yuzidagi podshohlarni itoatimiz ostiga oldik. Allohga shukrlar bo‘lsinki,

U Zot bizga ato etgan ne’mat juda oz sonli sultonlarga nasib etgan. Endi niyatimiz

shuki, bundan keyin ham kofirlarning ustiga bostirib borib, jihod qilish va u

kofirlarni Allohning inoyati bilan iymon yo‘liga kiritishdir. Xitoy ustiga yurish

qilib, u yerdagi butxona va otashparastlik ibodatxonalari o‘rniga masjidlar,

xonaqohlar quramiz” (Аhmad Shimshirgul, 2023: 276).

Amir Temur Xitoyga katta yurish boshlash arafasida bo‘lgan, biroq 1405-

yilda O‘tror yaqinida vafot etgani sababli bu reja amalga oshmay qolgan. Shunday

qilib, umumiy xulosa qilganda, Amir Temurning Xitoyga yurish rejalari asosan

diniy omil bilan bog‘liq bo‘lish bilan birga, siyosiy mustaqillikni saqlash,

diplomatik bosimlarga javob berish va imperiyani kengaytirish kabi maqsadlarga

ham qaratilgan edi.

Amir Temur vafotidan keyin Xitoy bilan munosabatlarda iliqlik kuzatildi.

Ayniqsa, Shohrux Mirzo davrida xalqaro diplomatik aloqalar rivojlangan. Shohrux

davrida Temuriylar davlatining Xitoy bilan elchilik aloqalari 1409-yildan, Hirotga

Xitoy elchilari kelgan paytdan boshlanadi. Hofiz Abruning “Zubdat at-tavorix”

asarida va u orqali Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla us-sa’dayn” kitobida

Xitoydan kelgan va Temuriylar davlatidan yuborilgan elchilar haqida xabar

beriladi (N.Karimova, 1996: 48).

1412-yilda Xitoy imperatorining elchilari Samarqandga tashrif buyurgan. Bu

elchilar orqali imperator Shoxrux saroyiga 3 tilda – fors, mo‘g‘ul belgisi bilan

turkiy hamda xitoy tillarida bitilgan maktublarni jo‘natgan edi. U.Chambers

asarida ham bu voqea xuddi shunday berib o‘tilgan. Ma’lumotlarga umumiy

qaraladigan bo‘lsa, muallif o‘z asarida Xitoydan Sulton Shohrux huzuriga jami 4

marta – 1408, 1412, 1417 va 1419-yillarda elchilar kelganini qayd etgan.

Temuriylar davlatining Shohrux Mirzo va uning vorislari davridagi Xitoy

(Min sulolasi) bilan munosabatlari o‘rta asrlar tarixining eng samarali va

tinchliksevar diplomatik davrlaridan biri hisoblanadi. Amir Temurdan keyingi

hukmdorlar, ayniqsa, Shohrux Mirzo tashqi siyosatda harbiy to‘qnashuvlardan

ko‘ra iqtisodiy pragmatizm va savdo aloqalarini ustuvor deb bildilar, natijada ikki

buyuk davlat o‘rtasida “Buyuk Ipak yo‘li”ni qayta tiklashga qaratilgan strategik

hamkorlik qaror topdi. Ushbu davrda diplomatik muloqotlar avvalgi keskinlikdan

xoli bo‘lib, o‘zaro teng huquqlilik va ehtirom tamoyillari asosida shakllandi.

Shohrux Mirzo va Xitoy imperatori o‘rtasidagi doimiy elchilik almashinuvlari

yaqqol misol bo‘ladi. G‘iyosuddin Naqqosh kabi elchilarning safar kundaliklari

orqali Xitoy madaniyati va davlatchilik tizimi musulmon dunyosiga keng tanitilgan

bo‘lsa, Xitoy saroyida ham Temuriylar elchilariga yuksak hurmat ko‘rsatilib,

ularning zotdor otlari va hunarmandchilik mahsulotlari imperatorlar tomonidan

yuqori baholangan. Bu hamkorlik nafaqat iqtisodiy daromad keltirdi, balki

madaniy va ilmiy integratsiyaga ham yo‘l ochdi; natijada Temuriylar san’atida

Xitoy uslubi unsurlari boyisa, Xitoyda astronomiya va islom sivilizatsiyasi

yutuqlariga bo‘lgan qiziqish ortdi. Umuman olganda, Temuriylar va Min sulolasi

o‘rtasidagi ushbu davr munosabatlari XV asr jahon savdo tizimining barqarorligini

ta’minlagan va ikki mintaqaning ham iqtisodiy yuksalishiga xizmat qilgan buyuk

diplomatik renessans namunasi bo‘lib xizmat qildi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Amir Temur va Temuriylar davlatining Xitoydagi Min sulolasi bilan olib
borgan ko‘p qirrali munosabatlarini tadqiq etish natijasida quyidagi xulosalarga
kelindi:

Birinchidan, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar bir tekisda kechmagan. Agar

Amir Temur davrida munosabatlar ko‘proq geosiyosiy raqobat va harbiy

ustunlikka intilish harakati bilan xarakterlansa, Shohrux Mirzo va uning vorislari

davrida bu aloqalar o‘zaro teng huquqlilik, tinch-totuv qo‘shnichilik va iqtisodiy

pragmatizm tamoyillariga asoslangan “oltin davri”ga kirdi.

Ikkinchidan, Temuriylar va Min sulolasi o‘rtasidagi hamkorlikning

harakatlantiruvchi kuchi “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro savdo tarmog‘ining

xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan. Savdo aloqalari nafaqat davlat xazinasini

boyitgan, balki mintaqalararo tovar ayirboshlash orqali hunarmandchilik va

sanoatning rivojlanishiga turtki bergan.

Uchinchidan, diplomatik aloqalar faqat siyosiy doirada cheklanib qolmay,

chuqur madaniy ta’sirlashuvga yo‘l ochdi. Temuriylar san’atidagi xitoy uslubi

unsurlari hamda Xitoyda islom sivilizatsiyasi yutuqlari, ayniqsa, astronomiya va

tibbiyotga bo‘lgan qiziqishning ortishi bu aloqalarning madaniy integratsiya

kuchini ko‘rsatadi.

Mavzuni yanada chuqurroq o‘rganish va uning ilmiy-amaliy ahamiyatini

oshirish maqsadida quyidagi takliflar ilgari suriladi:

- qiyosiy manbashunoslikni rivojlantirishga zarurat seziladi. O‘zbekiston va

Xitoy tarixchilari hamkorligida fors va xitoy tillaridagi birlamchi manbalarning

(xususan, hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan Min sulolasi yilnomalarining

Markaziy Osiyoga tegishli qismlari) qiyosiy akademik nashrlarini tayyorlash

lozim;

- O‘zbekiston hududidagi Temuriylar davri shaharlaridan (Samarqand, Hirot,

Shahrisabz) topilgan Xitoy chinnilari va boshqa artefaktlarni kimyoviy va

san’atshunoslik nuqtayi nazaridan chuqur tahlil qilib, savdo yo‘nalishlarining aniq

xaritalarini ishlab chiqish zarur.

- mazkur tarixiy tajribani zamonaviy “Bir makon, bir yo‘l” kabi global

loyihalar kontekstida tahlil qilib, oliy o‘quv yurtlarining tarix va xalqaro

munosabatlar yo‘nalishlari uchun maxsus o‘quv modullarini yaratish tavsiya

etiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Аҳмедов Б. (1991). Амир Темур: Тарихий-биографик очерк. –
Тошкент: Қомуслар бош таҳририяти.
2. Бартольд В.В. (1964). Сочинения. Том II, часть 2. Работы по истории
Центральной Азии. – Москва: Наука.
3. Груссэ Р. (2006). Империя степей: Аттила, Чингиз-хан, Тамерлан
(Перевод Х.Хамраева). – Алматы: Санат.

4. Каримова Н. (1996). Темурийлар билан Хитой алоқалари (Хитой

манбалари бўйича) // Шарқшунослик. – Тошкент, №7.

5. Кароматов Ҳ. (2001) Амир Темур жаҳон тарихида / Масъул муҳаррир:

– Тўлдирилган ва қайта ишланган иккинчи нашри. – Тошкент: Шарқ.

6. Liu Yingsheng. (2005). The Relations between the Timurids and the Ming

Court. – Nanjing University Press.

7. Rossabi M. (1998). The Ming and Inner Asia // The Cambridge History of

China. Vol. 8. – Cambridge University Press.

8. Ртвеладзе Э.В. (1996). Китайские посольства ко двору Амира Темура

и Темуридов // Общественные науки в Узбекистане. – Тошкент: Фан, № 7-10.

9. Sharafuddin Ali Yazdiy. (2003). Zafarnoma. – Toshkent: Sharq.

10. Ўринбоев А. (1961). Абдураззоқ Самарқандийнинг Ҳиндистон

сафарномаси. – Тошкент.

11. Хўжаев А. (2007). Буюк ипак йўли: муносабатлар ва тақдирлар. –

Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси Давлат илмий нашриёти.

REFERENCES:
1. Ahmedov B. (1991). Amir Temur: Tarixiy-biografik ocherk. – Toshkent:
Qomuslar bosh tahririyati. (In Uzbek)
2. Bartold V.V. (1964). Sochineniya. Tom II, chast 2. Raboty po istorii
Tsentralnoy Azii. – Moskva: Nauka. (In Russian)
3. Grusse R. (2006). Imperiya stepey: Attila, Chingiz-xan, Tamerlan (Perevod
X. Xamraeva). – Almaty: Sanat. (In Russian)
4. Karimova N. (1996). Temuriylar bilan Xitoy aloqalari (Xitoy manbalari
bo‘yicha) // Sharqshunoslik. – Toshkent, №7. (In Uzbek)
5. Karomatov H. (2001). Amir Temur jahon tarixida / Mas’ul muharrir. –
To‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashri. – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
6. Liu Yingsheng. (2005). The Relations between the Timurids and the Ming
Court. – Nanjing University Press. (In English)
7. Rossabi M. (1998). The Ming and Inner Asia // The Cambridge History of
China. Vol. 8. – Cambridge University Press. (In English)
8. Rtveladze E.V. (1996). Kitayskie posolstva ko dvoru Amira Temura i
Temuridov // Obshchestvennye nauki v Uzbekistane. – Toshkent: Fan, № 7-10. (In
Russian)
9. Sharafuddin Ali Yazdiy. (2003). Zafarnoma. – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
10. O‘rinboev A. (1961). Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston
safarnomasi. – Toshkent. (In Uzbek)
11. Xo‘jayev A. (2007). Buyuk ipak yo‘li: munosabatlar va taqdirlar. –
Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. (In Uzbek)