AMIR TEMUR DAVRIDA MAMLUKLAR SULTONLIGI BILAN OLIB
BORILGAN ALOQALAR
DIPLOMATIC AND MILITARY RELATIONS WITH THE MAMLUK
SULTANATE DURING THE REIGN OF AMIR TEMUR
ДИПЛОМАТИЧЕСКИЕ И ВОЕННЫЕ ОТНОШЕНИЯ С
МАМЛЮКСКИМ СУЛТАНАТОМ В ЭПОХУ АМИРА ТЕМУРА
Bobojonov Islombek Usmonaliyevich
Oriental universiteti Ijtimoiy-gumanitar
fanlar kafedrasi dotsenti, t.f.f.d. (PhD)
Tel.:+998 97-454-66-88
E-mail:islombekbobojonov1989@gmail.com
Orcid 0009-0002-2504-8505
Annotatsiya. Ushbu maqolada XIV asr oxiri va XV asr boshlarida
Temuriylar saltanati hamda Misr Mamluklar sultonligi o‘rtasidagi diplomatik,
harbiy va iqtisodiy munosabatlar tahlil qilinadi. Tadqiqotda Amir Temurning
tashqi siyosatidagi strategik maqsadlari, xususan, savdo yo‘llari xavfsizligini
ta’minlash va mintaqaviy barqarorlikni o‘rnatishga qaratilgan intilishlari yoritilgan.
Shuningdek, Anqara jangidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi kuchlar muvozanatining
o‘zgarishi, Mamluklar sultonligining siyosiy va iqtisodiy jihatdan bo‘ysunish
jarayoni hamda xutba va tanga zarbi kabi itoatkorlik belgilarining huquqiy
ahamiyati manbalar asosida ko‘rib chiqiladi.
Tayanch so‘zlar: Amir Temur, Mamluklar sultonligi, Sulton Barquq, Sulton
Faraj, diplomatiya, xutba, tanga zarbi, xiroj, geosiyosat.
Annotation. This article analyzes the diplomatic, military, and economic
relations between the Timurid Empire and the Mamluk Sultanate of Egypt during
the late 14th and early 15th centuries. The study highlights the strategic objectives
of Amir Temur’s foreign policy, particularly his efforts to ensure the security of
trade routes and establish regional stability. Furthermore, based on historical
sources, the research examines the shift in the balance of power between the two
states following the Battle of Ankara, the process of the Mamluk Sultanate’s
political and economic submission, and the legal significance of vassalage signs
such as the mentioning of the name in the khutbah and the minting of coins.
Keywords: Amir Temur, Mamluk Sultanate, Sultan Barquq, Sultan Faraj,
diplomacy, khutbah, minting of coins, kharaj, geopolitics.
Аннотация. В данной статье анализируются дипломатические, военные
и экономические отношения между империей Тимуридов и Мамлюкским
султанатом Египта в конце XIV – начале XV веков. В исследовании
освещаются стратегические цели внешней политики Амира Темура, в
частности, его стремление к обеспечению безопасности торговых путей и
установлению региональной стабильности. Также на основе исторических
источников рассматриваются изменение баланса сил между двумя
государствами после Анкарской битвы, процесс политического и
экономического подчинения Мамлюкского султаната, а также правовое
значение признаков вассалитета, таких как упоминание имени в хутбе и
чеканка монет.
Ключевые слова: Амир Темур, Мамлюкский султанат, Султан Баркук,
Султан Фарадж, дипломатия, хутба, чеканка монет, харадж, геополитика.
KIRISH
XIV asrning so‘nggi choragida Markaziy Osiyodan Yevrosiyo kengliklari
tomon yoyilgan Amir Temur saltanati va Yaqin Sharqning an’anaviy qudrati –
Misr Mamluklar sultonligi o‘rtasidagi munosabatlar o‘rta asrlar diplomatiyasi va
harbiy strategiyasining eng murakkab sahifalaridan birini tashkil etadi.
Sohibqironning G‘arbiy Osiyo tomon yurishlari boshlanishi bilan ikki islomiy
davlat o‘rtasidagi geosiyosiy muvozanat yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu aloqalar
shunchaki ikki hukmdor o‘rtasidagi muloqot emas, balki buyuk savdo yo‘llari
ustidan nazorat o‘rnatish, islom olamida ma’naviy-siyosiy ustunlikka erishish va
mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi ulkan kurashning ifodasi edi.
Dastlabki diplomatik ehtiromlar bilan boshlangan bu jarayon, keyinchalik Mamluk
sultonlarining Oltin O‘rda va Usmoniylar bilan Amir Temurga qarshi tuzgan
yashirin ittifoqlari sababli shiddatli to‘qnashuvlarga aylanib, Sharq va G‘arbni
bog‘lovchi o‘q ildizlarini tarixiy sinovdan o‘tkazdi.
Amir Temur va Mamluk sultonlari (ayniqsa, Sulton Barquq va Sulton Faraj)
o‘rtasidagi aloqalar murakkab va ziddiyatli xarakterga ega bo‘ldi. Dastlabki
yillarda bu munosabatlar diplomatik elchilar almashinuvi va savdo yo‘llari
xavfsizligini ta’minlash kabi tinch maqsadlarda boshlangan bo‘lsa-da, keyinchalik
mintaqaviy ustunlik uchun kurash natijasida keskinlashdi. Sulton Barquqning Amir
Temurga qarshi Usmoniylar va Oltin O‘rda bilan ittifoq tuzishga urinishi,
shuningdek, Amir Temur elchilarining hibsga olinishi kabi voqealar ikki davlat
o‘rtasidagi ochiq harbiy to‘qnashuvlarga olib keldi.
Amir Temur vafotidan so‘ng, uning vorislari – Shohrux Mirzo va boshqa
Temuriy hukmdorlar davrida Mamluklar bilan munosabatlar yangi bosqichga
ko‘tarildi. Bu davrda harbiy qarama-qarshiliklar o‘rnini diplomatik muloqot va
madaniy-ma’rifiy aloqalar egalladi. Xususan, Ka’ba yopinchig‘ini (kisva) yuborish
huquqi kabi ramziy masalalardagi raqobat ikki davlatning islom dunyosidagi
obro‘-e’tibori naqadar yuqori bo‘lganidan dalolat beradi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur davridagi Mamluklar sultonligi bilan munosabatlar tarixi
tarixshunoslikda o‘zining murakkabligi va strategik ahamiyati bilan markaziy
o‘rinlardan birini egallaydi. Mazkur mavzuga doir mavjud adabiyotlar va
tadqiqotlarni zamonaviy ilm-fan yo‘nalishlaridan kelib chiqib, shartli ravishda
quyidagi ikki yirik guruhga – mahalliy adabiyotlar va xorijiy olimlarning
tadqiqotlariga ajratish mumkin.
Mahalliy tarixshunoslikda ushbu masala asosan Temuriylar davri
diplomatiyasi, manbashunoslik va mintaqaviy xavfsizlik kontekstida tahlil
qilingan. Xususan, atoqli olim Ubaydulla Uvvatov (1996) o‘zining “Amir Temur
va mamluklar” kabi ko‘p yillik izlanishlari orqali Sohibqironning Mamluklar
sultonligi bilan aloqalarini yoritishda ulkan hissa qo‘shdi. Shu bilan bir qatorda,
yetuk mutaxassis, uzoq yillar SSR ning Misrdagi elchixonasida tarjimon bo‘lib
faoliyat yuritgan Ahadjon Hasanov (1996) o‘z tadqiqotlarida e’tiborni elchilik
aloqalarining amaliy jihatlariga qaratdi.
Zuxra Aripova (2021) O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo – Misr munosabatlari
nomli monografiyasida Temuriylar va Mamluk sultonlari o‘rtasidagi munosabatlar
tarixini chuqur tahlil qildi. Akademik Bo‘riboy Ahmedov (1996) esa ushbu
munosabatlarni umumiy tarixiy fon va harbiy-siyosiy jarayonlar bilan bog‘lagan
holda o‘rgandi. Olim forszabon manbalar va arxiv hujjatlari asosida ikki qudratli
davlat o‘rtasidagi ziddiyatlarning tub sabablari hamda ularning mintaqa taqdiriga
ko‘rsatgan ta’sirini asoslab berdi.
Xorijiy tarixshunoslikda esa mavzu ko‘proq xalqaro munosabatlar tizimi,
geosiyosiy muvozanat va iqtisodiy raqobat yo‘nalishida tadqiq etiladi. Bu borada
amerikalik olima Anna Brodbridjning (2008) “Musulmon va mo‘g‘ul dunyosida
hukmdorlik va mafkura” (Kingship and Ideology in the Islamic and Mongol
Worlds) asari fundamental ahamiyatga ega. Olima Temuriylar va Mamluklar
o‘rtasidagi diplomatik muloqot tilini mukammal tahlil qilib, maktublardagi
murojaat shakllari orqali har ikki davlatning islom dunyosidagi siyosiy mavqeyini
ko‘rsatib berdi. Yana bir amerikalik tadqiqotchi, Tuft universiteti (Tufts
University) professori Beatris Forbes Manz (1989) esa o‘zining “Amir Temurning
hokimiyatga kelishi va boshqaruvi” (The rise and rule of Tamerlane) asarida Amir
Temurning Yaqin Sharqdagi harbiy strategiyasini batafsil yoritib, Mamluklar bilan
to‘qnashuvlarini yirik geosiyosiy tartib o‘rnatishga bo‘lgan urinish sifatida
baholadi.
Turkiyalik tarixchi Ahmad Shimshirgilning (2023) “Amir Temur” asari
Sohibqiron shaxsiyati va u qurgan ulkan saltanat tarixini xolis va ilmiy-ommabop
uslubda yoritib beradi. Shimshirgil ushbu asari orqali G‘arb tarixshunosligidagi
“shafqatsiz fotih” obrazini inkor etib, Amir Temurning islom olami va turk
dunyosi tarixidagi buyuk birlashtiruvchilik rolini ko‘rsatib bergan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Amir Temur va Temuriylar bilan Mamluklar o‘rtasidagi murakkab
munosabatlarni yoritishda tarixiy-qiyosiy metoddan foydalanilib, ikki davlatning
siyosiy boshqaruv tizimi va diplomatik muloqot uslublari o‘zaro qiyoslandi.
Shuningdek, tizimli tahlil metodi orqali aloqalar nafaqat harbiy to‘qnashuvlar,
balki iqtisodiy, diniy va madaniy jarayonlar majmuasi sifatida ko‘rib chiqildi.
Diplomatik maktublarni o‘rganishda kontent-tahlil usuli qo‘llanilib, ulardagi
ramziy ma’nolar va mafkuraviy unvonlar talqin qilindi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Amir Temurning 1392-1396-yillardagi besh yillik harbiy va siyosiy faoliyati
eng yirik strategik missiyalardan biri hisoblanadi. Ushbu yurish davomida
Eronning katta qismi, Iroq, Ozarbayjon va Armaniston hududlarida Amir Temur
ta’siri o‘rnatildi. Muzaffariylar va Jaloiriylar kabi raqib sulolalar zaiflashtirildi.
Yaqin Sharq eshiklari ochilib, aynan shu yurish yakunida Amir Temur va
Mamluklar sultonligi o‘rtasidagi to‘qnashuv muqarrar bo‘lib qoldi.
Ubaydulla Uvatovning tadqiqotlariga ko‘ra, Amir Temur va Misr sultoni
Barquq o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar 1385-yildan boshlanganini qayd etadi.
Nisbatan qisqa muddat ichida, ya’ni 1386-yildan 1405-yilgacha bo‘lgan davrda
Barquq va uning vorisi Sulton Faraj ibn Barquq, shuningdek ularning Suriyadagi
noiblari bilan o‘zaro aloqalar faol bo‘lgan. Bu davr mobaynida tomonlar o‘rtasida
taxminan 25 marotaba maktublar almashilgan va elchiliklar yuborilgan (U.Uvatov,
1996: 64).
1382-yilda Mamluklar sultonligida hokimiyatga Sayfiddin Barquqning kelishi
bilan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi boshlandi. Bundan
tashqari, Misr mamluklari Sohibqiron Amir Temurning ashaddiy dushmani Sulton
Ahmad ibn Uvaysga mamlakatdan panoh bergan edilar. Shunga ko‘ra, Sohibqiron
maktublaridan birida Misrga qochib kelgan Bag‘dod hokimi Sulton Ahmad ibn
Uvaysni yuborishni, ya’ni Misrdan chiqarib yuborishni talab qilgan edi (U.Uvatov,
1996: 65).
Amir Temurning tashqi siyosatdagi bosh strategik maqsadi – o‘z tasarrufidagi
va unga qo‘shni bo‘lgan hududlarda savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlash hamda
xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish edi. Shu maqsadda u Misr va Shom
hukmdori Sulton Barquq huzuriga elchi sifatida mashhur Shayxni qimmatbaho
sovg‘alar va maxsus maktub bilan yuboradi. Maktubda Sohibqiron o‘zining siyosiy
mavqeyini va mintaqadagi yangi voqelikni bayon etadi. U Abu Said Bahodirxon
vafotidan so‘ng Eron va Iroqda yuzaga kelgan tarqoqlikka chek qo‘yganini,
Ollohning inoyati bilan Turon va Eronni yagona bayroq ostida birlashtirganini
ta’kidlaydi (Sharafiddin Ali Yazdiy, 1997: 158).
Mazkur tarixiy voqelik Amir Temurning nafaqat zabardast fotih, balki uzoqni
ko‘ruvchi tinchliksevar hukmdor hamda savdo-iqtisodiyot homiysi bo‘lganini
yaqqol namoyon etadi. Uning siyosati zamirida harbiy qudratni faqatgina adolatni
o‘rnatish va yo‘llarda osoyishtalikni saqlash vositasi deb bilgan yuksak
davlatchilik tafakkuri yotadi. Sohibqiron o‘zining diplomatik tashabbuslari orqali
musulmon dunyosining yaxlitligini asrash va xalqaro savdoni jonlantirishga
intilgan islohotchi rahbar sifatida ish tutdi. Shuningdek, u chegaradosh davlatlar
bilan yaxshi qo‘shnichilik siyosatiga alohida e’tibor qaratadi va bu ishini Islom
qoidalariga ko‘ra sharhlaydi.
“Arab diyori tasxir etilgach, 795-yilda Amir Temur Gurgon kelib chiqishining
ulug‘ligi va shaxsiy xizmatlarining buyukligi jihatidan yuqori bo‘lgan Sova
shayxini elchi sifatida Misr va Shom sultoni Malik Barquq oldiga yuborgan edi.
Unga yaxshi, tiniq va puxta so‘zlar va ma’qul kalimalar aytib xabar jo‘natdi, ammo
Barquq aqlli podshohlar qoidasiga xilof ravishda “elchiga o‘lim yo‘q,” deyishga
qaramasdan, Shayx va uning sheriklarini o‘ldirib yubordi.
U paytda jahongir Sohibqiron Dashti Qipchoqda To‘xtamishxon bilan jon
olib, jon berayotgan hamda Qora Yusuf Turkman bilan Avnik qal’asi qutvoli
Otlamish Qavchin o‘rtasida urush ro‘y berayotgan edi. Taqdir ekan, Otlamishni
mahbus etib, bu voqeani sobiq jazo hisobiga ilova qildi” (Xondamir, 2013: 210-
211).
Shu vaqtda Rum yerlaridan g‘alaba bilan qaytgach, Amir Temur Malotiyadan
turib Misr sultoniga yana elchi jo‘natadi. Ushbu elchilikda Amir Temur Amir
Otlamishni zudlik bilan qaytarish talabini qo‘yadi va buning evaziga elchini
o‘ldirganlik gunohidan o‘tadi. Biroq Misr sultonlari bu talabni mensimay, Amir
Temurga rad javobini beradi.
Yaqin Sharqda Amir Temurga nisbatan katta harbiy-siyosiy ittifoq tashkil
qilinayotganligi sababli Sohibqiron og‘ir-vazminlik bilan yo‘l tutishiga to‘g‘ri
keldi. Bu ittifoq To‘xtamishxon, Sayfiddin Barquq hamda Yildirim Boyazid
o‘rtasida yuzaga kelayotgan edi. Ayni shunday murakkab siyosiy vaziyatda Amir
Temur har uch raqib bilan bir vaqtda jang qilish qiyin ekanligini to‘g‘ri anglagan
holda, bu raqiblarga qarshi bosqichma-bosqich kurash olib boradi. U avvalo
To‘xtamishxon bilan ayrim janglarda ustunlikka erishgach, e’tiborini Misr
mamluklariga qaratadi. Shom diyori, Iroq va Bag‘dod hududlariga bir necha harbiy
yurishlar tashkil etib, u yerlarda mamluklar ta’sirini zaiflashtiradi.
Sohibqiron Misr hukmdoriga shunday xat yo‘lladi: “Bilginkim, biz Xudoning
lashkarlarimiz, u bizni g‘azabga kelgan paytida yaratgan va qahrga uchraganlarni
jazolashni topshirgan... Biz bilan birga bo‘lmaganlarning boshlariga kulfat va yana
kulfat yog‘ilgay! Agar siz qarshi isyon ko‘rsatsangiz, o‘zingizdan o‘pkalang...
Muhoraba o‘ti yoqilmasdan oldin bizga javob yozishga shoshiling... Biz sizga
elchilar yuborib, adolat bo‘yicha ish tutdik, ularni ham birinchi elchilar kabi qatl
ettirsangiz, o‘zingizdan xafa bo‘ling!” (Keren L., 1999: 101).
1399-yilda Sayfiddin Barquqning vafoti vaziyatni yanada o‘zgartiradi va
masalani yumshoqroq hal qilish imkonini beradi. Uning o‘rniga taxtga chiqqan an-
Nosir Faraj avvalgi sultonga nisbatan siyosiy jihatdan mustahkam irodaga ega
emasligi, hali yosh ekanligi sababli Amir Temurga qarshi qat’iy qaror qabul
qilishga jazm qila olmaydi. Unga Otlamishni qaytarish talabi bilan Amir Temur
elchi jo‘natganda uning talabini bajarishni paysalga soladi.
Mavlono Badriddin Ahmad ibn Shayx Shamsuddin Muhammad Jazariyni
elchi sifatida Misrga jo‘natdi va Malik Farajga: “Ul diyorda bizning humoyun
ismimiz va laqabimizga xutba o‘qitilishi va tangalar zarb qilinishi kerak!” deb
xabar jo‘natdi. “Otlamish hibsdan ozod etilib, bu tomonga shoshilsin, aks holda
jahongir Rum viloyatidan qaytib kelgach, ul chegara va mamlakatga yurish qiladi”,
degan so‘zlarni ham aytdi (Xondamir, 2013: 245). Mamluklar saroyidagi amirlar
bu talablarni qabul qilishdan bosh tortishdi va Mavlono Badriddin Jazariyni
talablariga dastlabki rad javobini berishdi. Aslida bu vaqtda Amir Temur Usmonli
imperiyasiga yurish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.
Elchilarga rad javobi berilgach, 1401-yilda Amir Temurning Shom yurishlari
davomida Damashq shahri qamal qilinadi. 1401-yil 5-aprel seshanba kuni Bu
davrda mashhur tarixchi va mutafakkir Ibn Xaldun Misr mamluklari tomonidan
Damashqqa yuborilgan edi. Shahar Amir Temur qo‘shinlari tomonidan qurshab
olingach, Ibn Xaldun vaziyatni chuqur anglagan holda Amir Temur huzuriga
borishga qaror qiladi. Bu uchrashuv oddiy diplomatik tashrifdan ko‘ra kengroq
mazmunga ega bo‘ladi. Amir Temur Ibn Xaldunni hurmat bilan kutib oladi va ular
o‘rtasida bir necha bor uchrashuvlar tashkil etiladi. Taxminan bir oy davom etgan
bu suhbatlarda davlat boshqaruvi, tarixiy jarayonlar, xalqlar taqdiri va siyosiy
strategiyalar haqida fikr almashiladi. Ibn Xaldun o‘zining keng bilim va tajribasiga
tayangan holda Amir Temurga Mag‘rib – Shimoliy Afrika hududlari, u yerdagi
sulolalar va siyosiy vaziyat haqida batafsil ma’lumot beradi. Amir Temur esa
uning bilimidan manfaatdor bo‘lib, savollar beradi va muhokamalarni
chuqurlashtiradi. Bu muloqot ikki buyuk shaxsning intellektual darajasini
namoyon etgan tarixiy voqea sifatida e’tirof etiladi (Ahmad Shimshirgil, 2023:
207-209).
1400-1401-yillardagi janglarda Amir Temur Misr mamluklarini
mag‘lubiyatga uchratgach, 1402-yil Anqara jangida Yildirim Boyazidning
mag‘lubiyatga uchrashidan so‘ng, Sulton Faraj endi Amir Temurga teng kela
olmasligini payqaydi va Amir Temurning elchilarini talabini qondiradi. Sulton
Faraj Amir Temur hukmronligini tan olishga majbur bo‘ladi.
Amir Temur Ko‘ragonning Rum iqlimidagi g‘alabasi va Boyazid
Yildirimning asir olinishi Yaqin Sharqdagi geosiyosiy muvozanatni butkul
o‘zgartirib yubordi. Buning mantiqiy davomi o‘laroq, Misr va Shom
mamlakatlarining barcha nohiyalarida jahongir Sohibqironning mutloq hokimiyati
tan olinib, u zotning muborak nomlariga xutba o‘qitildi hamda tangalar zarb
qilindi. Mazkur harakat o‘rta asrlar islomiy davlatchilik huquqida Mamluklar
sultonligining amalda Temuriylar vassaliga aylanganini tasdiqlovchi oliy legitim
belgisi edi.
Diplomatik aloqalarning qayta tiklanishi ramzi sifatida, Sulton Faraj uzoq
vaqt asirlikda saqlangan Amir Temur amiri – Otlamishni o‘zining maxsus
mulozimlari Ahmad va Aqta hamrohligida, munosib ehtirom bilan Sohibqiron
qarorgohiga yo‘lladi. Bu bilan Mamluklar hukmdori ilgari yo‘l qo‘yilgan
diplomatik xatolar va adovat uchun uzr so‘rab, Temuriylar saltanatiga bo‘lgan
sadoqatini amalda namoyon etdi.
Ushbu bo‘ysunish nafaqat siyosiy, balki ulkan iqtisodiy majburiyatlarni ham
qamrab olgan edi. Sulton tomonidan yuborilgan sanoqsiz naqd mablag‘lar, javohir-
u marjonlar, nodir Misr matolari, mashhur arabiy tulporlar va o‘tkir tig‘li qilichlar
oliy hukmdorga taqdim etiladigan sadoqat tuhfasi hisoblangan. Eng muhimi,
Sulton Faraj bundan buyon Misr o‘lkasidan yig‘iladigan boj va xirojni muntazam
ravishda Temuriylar xazinasiga yetkazib turish majburiyatini rasman qabul qildi.
Otlamish va hamrohlari Oqshahar mavzesida Sohibqiron huzuriga yetib
kelganlarida, Mamluklar elchilari oliy darajadagi diplomatik protokolga muvofiq,
yer o‘pish marosimini bajarib, o‘z itoatkorliklarini izhor etdilar. Bu voqea Amir
Temurning Nil vodiysidan to Hind daryosigacha bo‘lgan ulkan makonda yagona
va mutloq rahbar sifatida tan olinganini, Mamluklar sultonligi esa uning irodasiga
to‘liq bo‘ysunuvchi ma’muriy birlikka aylanganini tarixiy haqiqat sifatida
muhrladi. (Xondamir, 2013: 250)
Ushbu voqeadan so‘ng Misr ham Amir Temurga o‘z itoatkorligini izhor etdi
va Amir Temur Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika tutashgan
nuqtada barqaror siyosiy muhit yaratib, o‘z davrining eng qudratli global
imperiyasini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Amir Temurning Yaqin Sharq yo‘nalishidagi tashqi siyosati yangi hududlarni
egallash emas, balki qit’alararo savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlash va
musulmon dunyosida yagona iqtisodiy makon yaratishga qaratilgan uzoqni
ko‘zlovchi strategiyasi bo‘lgan. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi
munosabatlarning keskinlashuviga Mamluk sultoni Barquq diplomatik etika
qoidalarini buzib, Amir Temur elchilarini qatl ettirishi hamda Sohibqironning
ashaddiy raqiblariga, ya’ni Ahmad Jaloir va Qora Yusufga panoh berishi asosiy
sabab bo‘lgan. Bu esa diplomatiyaning harbiy to‘qnashuvga aylanishiga olib
kelgan asosiy sabablardan biri bo‘ldi.
Amir Temur uch buyuk raqib – Oltin O‘rda, Mamluklar va Usmonli turklar
ittifoqiga qarshi “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” tamoyili asosida bosqichmabosqich kurash olib bordi. Avval harbiy, Anqara jangidan so‘ng ruhiy ustunlikka
erishish orqali Mamluklarni jangsiz bo‘ysundirishga muvaffaq bo‘ldi. Natijada
Mamluklar sultonligining bo‘ysunishi xutba o‘qitish, tanga zarb qilish va boj-xiroj
to‘lash kabi huquqiy majburiyatlar bilan mustahkamlandi. Bu voqea Amir
Temuriylar imperiyasining Nil daryosidan Hind daryosigacha bo‘lgan ulkan
hududda geosiyosiy nazorat o‘rnatganini ko‘rsatadi.
Mavzuni tadqiq etish natijasida quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
Ushbu yo‘nalishda dastlab manbashunoslik sohasini kengaytirish taklif
etiladi. Xususan, Temuriy va Mamluk munosabatlarini o‘rganishda nafaqat
Markaziy Osiyo, balki Misr va Suriya arxivlarida saqlanayotgan arab tilidagi
birlamchi manbalarni, masalan, Ibn Tag‘riberdi, al-Maqriziy asarlarini kengroq
ilmiy iste’molga kiritish lozim.
Shuningdek, ushbu tarixiy tajribani zamonaviy xalqaro munosabatlar
kontekstida o‘rganish, xususan, mintaqalararo transport yo‘llarini tashkil etishda
“tinchlik va xavfsizlik – iqtisodiy taraqqiyot garovi” degan Temuriy tamoyillardan
namuna olish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ahadjon Hasanov. (1996) Sohibqiron va Misr sultonlari. – Xalq so‘zi.
1996-yil 20-fevral, № 37 (1290)
2. Anna Brodbridge. (2008) Kingship and Ideology in the Islamic and
Mongol Worlds. – New York
3. Aripova Z. (2021) O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo – Misr munosabatlari. –
Toshkent.
4. Beatris Forbes Manz. (1989) The rise and rule of Tamerlane. –
Cambridge.
5. Xondamir Gʻiyosiddin Muhammad. (2013) Habib us-siyar. – Toshkent.
6. Аhmad Shimshirgul (2023) Amir Temur. – Тoshkent.: “Nasim Kutub” .
7. Аминов Ҳ. (2018) Амир Темур дипломатияси: илмий-оммабоп
қўлланма. – Тошкент: “Ijod-press”.
8. Аҳмедов Б. (1996) Амир Темур. – Тошкент: Ўзбекистон.
9. Ибн Арабшоҳ (1960) Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур. – Қоҳира.
10. Ибн Халдун (2004) Муқаддима. – Байрут: Dar al-Fikr.
11. Керен Л. (1999) Амир Темур салтанати. – Тошкент: Шарқ.
12. Муқминова Р. (1994) Темурийлар даврида Ўрта Осиё. – Тошкент:
Фан.
13. Низомиддин Шомий (1996) Зафарнома. – Тошкент: Фан.
14. Уватов У. (2005) Амир Темур ва мамлуклар. – Тошкент.
15. Шарафиддин Али Яздий (1997) Зафарнома. – Тошкент.
REFERENCES:
1. Ahadjon Hasanov. (1996) Sohibqiron va Misr sultonlari. – Xalq so‘zi.
1996-yil 20-fevral, № 37 (1290) (In Uzbek)
2. Anna Brodbridge. (2008) Kingship and Ideology in the Islamic and
Mongol Worlds. – New York (In English)
3. Aripova Z. (2021) O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo – Misr munosabatlari. –
Toshkent. (In Uzbek)
4. Beatris Forbes Manz. (1989) The rise and rule of Tamerlane. –
Cambridge. (In English)
5. Xondamir Gʻiyosiddin Muhammad. (2013) Habib us-siyar. – Toshkent.
(In Uzbek)
6. Ahmad Shimshirgul (2023) Amir Temur. – Toshkent.: “Nasim Kutub”.
(In Uzbek)
7. Aminov H. (2018) Amir Temur diplomatiyasi: ilmiy-ommabop
qo‘llanma. – Toshkent: “Ijod-press”. (In Uzbek)
8. Ahmadov B. (1996) Amir Temur. – Toshkent: O‘zbekiston. (In Uzbek)
9. Ibn Arabshoh (1960) Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur. – Qohira. (In
Arabic)
10. Ibn Xaldun (2004) Muqaddima. – Bayrut: Dar al-Fikr. (In Arabic)
11. Keren L. (1999) Amir Temur saltanati. – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
12. Muqminova R. (1994) Temuriylar davrida O‘rta Osiyo. – Toshkent: Fan.
(In Uzbek)
13. Nizomiddin Shomiy (1996) Zafarnoma. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
14. Uvatov U. (2005) Amir Temur va mamluklar. – Toshkent. (In Uzbek)
15. Sharafiddin Ali Yazdi (1997) Zafarnoma. – Toshkent. (In Uzbek)