QASIDALARDA TEMURIYLAR MADHI
PRAISE FOR THE TIMURIDS IN QASIDAS
ВОСХВАЛЕНИЕ ТИМУРИДОВ В КАСЫДАХ
Xasanova Mashxura Jumanovna
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti
Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti
mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi dotsenti
Tel: +998 93-994-66-80
E-mail: ikaroy1984@gmail.com
Annotatsiya. Mumtoz adabiyotning murakkab janrlaridan biri bo‘lgan
qasidaning shakllanishi va taraqqiyot bosqichlarini hukmdorlar faoliyati va
homiyligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu janr tabiatan ijtimoiy-siyosiy xarakterga
ega bo‘lib, uning rivoji bevosita davlatchilik an’analari va saroy madaniyati bilan
bog‘liq. Qasidaning shakllanishi va taraqqiy etishi saroy adabiy muhitining
shakllanishi, ijtimoiy buyurtma va janr mundarijasi, moddiy rag‘bat (sila) va
mansab berish an’anasi, qasidalarning yangi turlari paydo bo‘lishi yoki
hukmdorning ijodkor ekanligi kabi omillarga bog‘liq bo‘lgan.
Kalit so‘zlar: Qasida, mamduh, adolat, saxovat, olim, podshoh, temuriylar,
turkiy qasidalar
Annotation. The formation and developmental stages of the qasida, one of
the most complex genres of classical literature, cannot be envisioned without the
influence and patronage of rulers. By its nature, this genre possesses a socio-
political character, and its evolution is directly linked to the traditions of statehood
and court culture. The growth of the qasida depended on several key factors: the
emergence of a courtly literary environment, social demand and genre content, the
tradition of material rewards (sila) and appointments to office, the appearance of
new types of odes, and the creative involvement of the rulers themselves.
Key words: Qasida, mamduh (the praised one), justice, generosity, scholar,
monarch, Temurids, Turkish odes
Аннотация. Становление и этапы развития касыды – одного из
сложнейших жанров классической литературы – невозможно представить без
деятельности и покровительства правителей. Этот жанр по своей природе
носит общественно-политический характер, а его расцвет непосредственно
связан с традициями государственности и придворной культурой.
Формирование и эволюция касыды зависели от таких факторов, как
становление придворной литературной среды, социальный заказ и
содержание жанра, традиции материального вознаграждения (сила) и
присвоения чинов, возникновение новых видов оды, а также творческая
деятельность самих правителей. Важную роль в развитии тюркского
касидописания сыграла эпоха Тимуридов.
Ключевые слова: Касыда, мамдух (восхваления), справедливость,
щедрость, ученый, падишах, Темуридов, турецких одах
KIRISH
Qasidaning shakllanishi va taraqqiyot bosqichlarini hukmdorlar faoliyati va
homiyligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu janr tabiatan ijtimoiy-siyosiy xarakterga
ega bo‘lib, uning rivoji bevosita davlatchilik an’analari va saroy madaniyati bilan
bog‘liq. Qasidaning shakllanishi va taraqqiy etishi saroy adabiy muhitining
shakllanishi, ijtimoiy buyurtma va janr mundarijasi, moddiy rag‘bat (sila) va
mansab berish an’anasi, qasidalarning yangi turlari paydo bo‘lishi yoki
hukmdorning ijodkor ekanligi kabi omillarga bog‘liq bo‘lgan.
Sharq davlatchiligida, xususan, Qoraxoniylar, Somoniylar, Gʻaznaviylar,
Saljuqiylar va Temuriylar davrida hukmdorlar o‘z atrofiga eng iste’dodli shoirlarni
to‘plashgan. Saroyda “malik ush-shuaro” (shoirlar sultoni) lavozimining joriy
etilishi qasidago‘ylikni kasbiy darajaga ko‘tardi. Hukmdorlarning she’riyatga
bo‘lgan qiziqishi shoirlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yuzaga keltirdi, bu esa
janrning badiiy jihatdan mukammallashuviga xizmat qildi. Qasida janri
hukmdorlarning g‘alabalarini, adolatini va bunyodkorlik ishlarini tarixga muhrlash
vositasi bo‘lgani uchun hukmdorlar o‘z siyosiy nufuzini mustahkamlash uchun,
nomlari tarixda qolishi uchun shoirlarga murojaat qilishgan. Shu tariqa, qasida
nafaqat she’riy asar, balki davlatning mafkuraviy quroliga ham aylangan. Mahorat
bilan yozilgan qasidalar uchun shoirlarga hukmdorlar tomonidan beriladigan
qimmatbaho sovg‘alar, tilla va mansablar janrning yashab qolishini ta’minladi.
Hukmdorlar shoirlarni moddiy jihatdan to‘liq ta’minlaganlari sababli, ijodkorlar
bor diqqatini qasidaning tili va mazmunini sayqallashga qaratganlar.
Podshohlarning faoliyati faqat urush yoki siyosat bilan cheklanib qolmagan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Temuriylar davri adabiyoti XV asrdan buyon o‘rganilib kelinmoqda
deyishimiz mumkin. Bunga birinchi bo‘lib o‘z davrining buyuk siymosi Alisher
Navoiy qo‘l urgan edi. Uning “Majolis un-nafoyis” (1997), “Muhokamat ullug‘atayn” (2000), “Badoye’ ul-bidoya” (1987) debochasida temuriylar zamonida
yashagan shoirlar, temuriy ijodkorlar haqida dastlabki ma’lumotlarni beradi.
Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” (1960) asarida ham o‘z
zamonasining yetuk ijodkorlari qatori she’riyat bilan mashg‘ul bo‘lgan temuriylar
haqida ham ma’lumot olishimiz mumkin. Zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligida
temuriylar davri adabiyoti V.Abdullayev (1968), B.Valixo‘jayev (2002),
N.Mallayev (1965), E.Rustamov (1963), S.Erkinov (1965), E.Ahmadxo‘jayev
(1978), S.G‘aniyeva (1968), Abduqodir Hayitmetov (1996), Aziz Qayumov
(1996), M.Muhiddinov (2005) va boshqa bir qator adabiyotshunos olimlarimizning
monografik tadqiqotlarida, maqolalarida u yoki bu tarzda yoritildi. Asarlari,
devonlari nashr etildi. To‘plamlarga, antologiyalarga kiritildi. XV asr qasidachiligi,
xususan, temuriylarga bag‘ishlangan qasidalar maqola muallifining “XV asr turkiy
she’riyatida qasida janri” mavzusidagi PhD dissertatsiyasida tadqiq etildi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada tarixiy-komparativ, qiyosiy-tarixiy, ilmiy-tahliliy, qiyosiytipologik, germenevtik, analitik, lingvopoetik metodlardan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Taroziy “Funun ul-balog‘a”da “qasidaning aqalli yigirma yetti bo‘lur yo
andin o‘ksukrak va aksari muayyan ermas. Har necha qofiya dast bersa ayturlar.
Va har ne maqsud bo‘lsa, bayong‘a keltirurlar” (Шайх Аҳмад Тарозий. 1996: 32),
- deb mamduhning adl-u insofini, shijoatini, saxovatini, va bu to‘rt sifatdan boshqa
sifatlarini bayon etish shoirning ixtiyorida ekanini ta’kidlab o‘tgan.
XV asrda yashagan deyarli barcha shoirlar qasida janrida ijod qilishgan.
Alisher Navoiy “Majolis un-nafoyis”da Mavlono Kotibiy, Xoja Ismatullo, Mir
Islom Gʻazzoliy, Abdurahmon Jomiy, Mavlono Sohib Balxiy, Mavlono Toliiy,
Bobo Savdoiy, Mavlono Sohidiy, Mavlono Orifiy, Xoja Avhad Mustavfiy,
mavlono To‘tiy, Mavlono Faseh Rumiy, Darvesh Mansur, Sayid Kamol Kachko‘l,
Sayid Kozimiy, Mavlono Qanbariy, Mavlono Volah, Mavlono Ishqiy, Mavlono
Abdulvahhob, Mavlono Ayoziy, Mavlono Lutfiy, Amir Shayxim Suhayliy,
Mavlono Hasanshoh, Bobo Sho‘rida, Mir Husayn Ali, Mavlono Ahliy (Navoiy A.,
1997: 16-156) kabi qasidanavis shoirlarni tilga oladi. Shulardan o‘ndan ortig‘i
madh qasidalar yozgan bo‘lsa, qolganlari ulug‘ qasidanavis shoirlarning
qasidalariga falsafiy tatabbu’lar qilishgan.
Ularning eng mashhurlari Mavlono Sakkokiy, Mavlono Lutfiy, Hofiz
Xorazmiy, Haydar Xorazmiy, Shayx Ahmad Taroziy, Mavlono Gadoiylardir. Ular
tomonidan o‘ttizdan ziyod qasidalar yaratilgan. Birgina temuriyzodalarga
bag‘ishlangan, bizga hozirgacha ma’lum bo‘lgan, turkiy qasidalarning o‘zi
yigirmadan ortiq. Ulug‘bek Mirzoga bag‘ishlangan to‘qqizta (beshtasi Mavlono
Sakkokiy, uchtasi Shayx Ahmad Taroziy (“Funun ul-balog‘a” orqali qisman yetib
kelgan), bittasi Abdurazzoq Baxshi qalamiga mansub), Iskandar mirzoga
bag‘ishlangan bitta (Mavlono Haydar Xorazmiy qalamiga mansub), Xalil sultonga
bag‘ishlangan bitta (Mavlono Sakkokiy qalamiga mansub), boshqa sulton Xalilga
bag‘ishlangan bitta (Gadoiy qalamiga mansub), Shohrux Mirzoga bag‘ishlangan
uchta (bittasi Mavlono Lutfiy, ikkitasi Hofiz Xorazmiy qalamiga mansub),
Boysunqur Mirzoga bag‘ishlangan ikkita (Mavlono Lutfiy qalamiga mansub),
Alovuddavlaga bag‘ishlangan bitta (Mavlono Lutfiy qalamiga mansub) qasidalar
shular jumlasidandir.
Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’ us-sa’dayn” asarida juma
namozlaridan birida Ahmad Lur degan ko‘rnamak tomonidan pichoqlangan
Shohrux mirzo haqida “… go‘shanishinlar dilu jondan samimiy duoda
bo‘lganliklari uchun pichoq kor qilmadi; zahm kuchli emas edi…Shunday qilib
haq taolo (xoqoni saidga) to‘la sihatlik karomat qildi…” (Самарқандий
Абдураззоқ. 1969:351-353) deb ma’lumot beradi. Mavlono Lutfiyning shu
munosabat bilan yozilgan qasidasi kompozitsion jihatdan an’anaviy tarzda
tuzilmagan. Uning muqaddimasi tugun bo‘lib, u keyingi qismlarda yechiladi.
Ya’ni, boshida, birinchi baytda shoir Tangri Taolo ulug‘ podshohga sihatlik ato
etganligi uchun shukrlar aytadi. Ikkinchi baytdan boshlab Shohrux mirzoni shariat
mulkining shohi, viloyat charxining qutbi, saodat jismining ruhi, xilofat taxtining
xoni; Sulaymon saltanatliq; Mu’in ud-din vad-dunyo; ochunning yorug‘i, havovu
hilmning bahri, safovu sidqning koni; Temurbek xonadonining chirog‘i-yu yoruq
ko‘zi, malak siyrat, Nabiy xilqat deb maqtaydi. Shohrux sulton hukmronligi
davridagi adolatli jamiyat, Jamshid, Iskandar, Mahmud, Sanjarlar orzu qilgan, ular
o‘rganishi lozim bo‘lgan hukmdorlik, podshohlik haqida fikr yuritadi. Uning
davlatida sanamlar sochidan o‘zga yomonlik qilguvchi yo‘q ekanligi, zaiflar uchun
podshohning adolati kuchli ekanligi, uning davrida bo‘ri tayog‘iga tayanib
qo‘ylarga cho‘ponlik qilayotganligi, uning singari haqiqiy podshohni yer
qiyomatgacha aylanib topmasligini uqtiradi. Keyingi baytda esa, yana tugunga
qaytiladi. Ya’ni, Shohrux Sultonning kasal bo‘lganligi voqeasi barcha el-ulusni,
xususan Mahdi ulyo - Gavharshodbegimni qattiq tashvishga solib qo‘ygani, uning
iztiroblari, dod-u faryodi, Ollohga iltijolari tufayli Olloh inoyati bilan shohning
shifo topgani haqida gap boradi:
Shaho, bir necha kun sizga takassur bo‘lmag‘ay voqe’,
Jahon barham ura yozdi, ulusning qolmadi joni.
Begimni shukrlillahkim, niyozi bo‘lmadi zoye’,
O‘g‘an faryodig‘a yetti, chu ko‘ktin oshti afg‘oni.
Bu holatdin xabar borgach, Muhammad Jo‘gi Mirzog‘a,
Nag‘u qatlong‘a qildi deb yuz urdi ming pushaymoni (Мавлоно Лутфий.
2010: 18).
Bir kulfat kelmasdan qadr bilinmasligidek, shunday jahon podshosining
qadrini el-ulus endi bilganini bayon etadi. Duoda podshohga (Shohrux sultonga)
Gavharshodbegim bilan umrboqiylikda hayot kechirishini, jahon omonligi uchun
iqboli abadiy bo‘lishini, quyoshning nuricha, bani odam yer yuzida turgancha
boqiy bo‘lishini tilaydi.
Davlatshoh Samarqandiy “Shohrux sulton zamonida Boysung‘ur bahodirga
shoirlardan Bobo Savdoyi, mavlono Yusuf Amiriy, Amir Shohiy Sabzavoriy,
mavlono Kotibiy Turshiziy, Amir Yaminiddin Nuzulobodiy mulozim edilar”
(Самарқандий Давлатшоҳ. 1981:141), - deb ma’lumot beradi. Boysung‘ur mirzo
haqida tarixiy asarlarda, tazkiralarda juda iliq fikrlar bildirilganligi bilan birgalikda
ziyofatga, maishatga, zeb-ziynatga o‘chligi, doimiy ichkilikka berilgani borasida
fikrlar keltirilgan. Lutfiyning ikki qasidasi mamduhi Boysunqur sulton bo‘lib,
bittasi biror jangdan g‘olib qaytgani munosabati bilan yozilgan bo‘lsa, ikkinchisi
qasidachilikda kamdan kam uchraydigan nasihat usulida yaratilgan. Nasihat
usulidagi qasidasida Lutfiy mamduhga ko‘zingga uyquni harom qilgin, bu yo‘l
ogohlik yo‘li bo‘lishi kerak, ko‘p maqsadlar uzoqda va xatarlidir, safar yarog‘ini
sen ertaga qoldirma, chunki safarga ravon chiqish amri berilgan, deydi. Xazinalarni
unga Tangri tijorat uchun bergani, shuncha xazinalarni hosil etib nima qila olganini
so‘raydi va bugun mollarning egasi bularni oson hal etishi mumkin, ammo so‘roq
kunida So‘roqchi so‘raganda, hisobini berish mushkul bo‘lishidan ogohlantiradi:
Xazinalarni senga berdi Haq tijorat uchun,
Ne qilding oncha xazoyin bila qilib hosil.
Bukun tasarrufi amvol xush qilur oson,
So‘ruqchi tongla so‘rarda hisob erur mushkil (Мавлоно Лутфий. 2010: 11).
Do‘st visoli kerak bo‘lsa, o‘zidan kechish lozimligi, bu orada uning o‘zi to‘siq
bo‘lishini ta’kidlaydi. Bu baytda shoirning “vahdat” masalasidagi fikri bayon
etiladi. Shoir uni johil deb atab, solik Tangri ishini bugun qiladi, sen esa uni ertaga
qoldirding deb malomat qiladi va Janobi Hazrati Haq qabul qilishi uchun azalda
kishi uning inoyati bilan muqbil – iqbolli bo‘lishi kerakligi, hamma go‘zal
narsalarni buzuvchi ajalni bila turib ham but arab bilan bazm qilmog‘i juda g‘alati
ekanligini bayon etadi.
Mumtoz adabiyotda talmeh sifatida keladigan nomlar ham ma’lum vazifani
bajaradi. Masalan, Farhod-Shirin, Layli-Majnun kabi oshiq va ma’shuqlar nomlari
nasibi muhabbat mavzusidagi qasidalarda tilga olinsa, bir paytlar dunyoni zir
titratgan, ammo adam chohida g‘oyib bo‘lgan podshohlar nomlari nasibi nasihat
usulida bitilgan qasidalarda ko‘proq uchraydi. Biz ko‘zdan kechirayotgan Lutfiy
qasidasida Malikshoh, Hoqon, Sanjar, To‘g‘an, Qizil Arslon, To‘g‘ril kabi nomdor
shohlar tilga olinib, ularning bari foniy olamdan chin olamga ko‘chgani, aql egasi
hamma ham shu yo‘lda ekanini yaxshi bilishini bayon etadi:
Qani Malikshohu Hoqonu qaydadur Sanjar,
Qani To‘g‘anu Qizil Arslon, qani To‘g‘ril.
Bu barcha ko‘chti, kechishti jahoni foniydan,
Qamuq kishiga budur yo‘l oqil ersang bil
Xazinalarni senga berdi Haq tijorat uchun,
Ne qilding oncha xazoyin bila qilib hosil.
Bukun tasarrufi amvol xush qilur oson,
So‘ruqchi tongla so‘rarda hisob erur mushkil (Мавлоно Лутфий. 2010: 11).
Nasibning so‘nggi baytida shoir mirzoni qattiq ogohlantiradi. Alloh Taolo
tomonidan senga hayot abadiy berilgan, sen hayotning bekasisan degan vahiy nozil
etilganmi deb, nasihat qilganining sabablarini bayon etadi:
Sanga hayot bekasi bo‘lur deyu hargiz,
Xudoy hazratidin vahy bo‘ldimi nozil (Мавлоно Лутфий. 2010:11).
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asarida keltirilishicha,
Ulug‘bek mirzo zamonida “… ulamoning darajasi ko‘tarildi va fuzalo zo‘r
martabaga erishdi”. Shayx Ahmad Taroziy esa o‘zining “Funun ul-balog‘a” asari
muqaddimasida “Ul saltanat daryosining gavhari va maьdilat konining javhari,
saxovat boronining abri va shijoat beshasining babri, farosat sipehrining mohi,
kayosat mamlakatining shohi, shahanshohi a’zam, shahriyori a’lam, sohibus sayf
va-l qalam, farmondehi turk-u arab-u ajam, mag‘isiddin va-d davron amir
Ulug‘bek Ko‘ragon”, - deydi va ushbu adabiyotshunoslikka oid qimmatli asarni
mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlaydi. Bu davrda yaratilgan turkiy qasidalarning ham
ko‘pchiligi Ulug‘bek mirzoga bag‘ishlangan. Ularda Ulug‘bek mirzoning
podshohlik, olimlik, arboblik faoliyati, shaxsiy fazilatlari madh etiladi. Sakkokiy
qasidalarida (o‘n uchta qasidadan beshtasi Ulug‘bek mirzoga bag‘ishlangan)
Ulug‘bek mirzo davridagi bayram-u saroy Jamshid, Faridun, Qubodlar davrida
bo‘lmaganligi, adolat mezoni tuzilib, rostlik rivojlanganligi, fitna bozori
buzilganligi, mirzo yuritayotgan adolatni No‘shiravon umrida ko‘rmaganligi kabi
ijtimoiy hayot tasviri; dushman qadamga kelib, yog‘iylar el bo‘lganligi, hukmi
uchun bu kun qal’alar darvoza ochganligi, shu vaqtda barcha shaharlar mamduh
otiga hukm o‘qiyotganligi kabi diplomatik hayot tasviri; nayza uchi bilan xalqa
olgandek jahonni olganligi, bu bir o‘yin yo hunar bo‘lsa, u ustoz ekanligi, shijoat
o‘rmonida har tulki bir sarkashlik qilsa bo‘ynini sindirishga tayyor bir sher
ekanligi, jang kuni askarlarining mardligi, bir na’ra bilan dushman qo‘shini tor-
mor bo‘lishi, gurzisining birgina parchasi va yo o‘qining uchini ko‘rgan po‘lat
mumdek erishi, urush kunicha dushman vujudi kuyib, bir zarra kulga aylanishi
kabi shaxsiy jahongirlik fazilatlari tasviri; din rivojlanganligi, bid’at ahli to‘g‘ri
yo‘lga kirganligi, zuhdu taqvo yuksalib, isyonu fasod ahli yo‘qolganligi, mulku
millat hammasi undan boy bo‘lganligi, chunki Alloh Taoloning qudratiga tavakkal
qilishga odatlanganligi, kim haqqa e’tiqod qilsa, ishi oson bo‘lishi kabi diniy hayot
tasviri berilganligini ko‘rishimiz mumkin. Madhda mirzo Ulug‘bekning xulqi,
sidqi, adolati, din va davlat ishlarini birgalikda olib borganligi, adabiyotga, ilm-
fanga e’tibori, nuktadonligi maqtalib, jumlayi jonivor: vuhush tayr ins jon ; yer,
osmon, yulduzlar uning uchun xizmatda ekanligi ta’kidlanib, xulqda Muhammad
(s.a.v), sidqda Yahyo (a.s) va Abu Bakr (r.a)ga, qo‘li Muso (a.s) qo‘liga, jonbaxsh
nafasda Iso (a.s), ilhomda Xizr (a.s), ra’yda Osaf, farmonbardorlikda Jamshid,
shohlikda Iskandarga, salobatda Umar (r.a.), saxovatda Usmon (r.a.), shijoatda Ali
(r.a.)ga o‘xshatiladi:
Muhammad xulq-u Yahyo sidq-u Muso yad, Maseho dam,
Xizr ilhomu Osaf ra’yu Jamfarmo shah Iskandar.
Erur sidq-u salobatda, erur judu shijoatda
Abu Bakr-u Umar, Usmon, Amiral moʻminin Haydar (Мавлоно Саккокий,
2017:27).
Ulug‘bek mirzo adolatli, sharafli, hashamdor podshohlardan Kayumars,
Anushervon, Jamshed, Faridunga o‘xshatilib, uning xizmatida Hoqon, Manuchehr,
Bahromu Qaysarlar yasovul, xodim, navkaru darvozabon ekanligi go‘zal
tashbehlar bilan ifoda etiladi. Shoir mamduhni olimlikda Aristolis, Aflotun,
Batlimus, Jolinus, Abu Ali ibn Sino, Fayloqus, Arastu Abu Ma’sharga o‘xshatadi.
Ammo ular riyoziyot, hikmat, iksir, bade’ va sano‘ye kabi ilmlarni Ulug‘bek
mirzochalik puxta bilmaganligini ta’kidlaydi:
Riyozihisht-u hikmatrasd iksir-u uqlidus,
Badei-vu sano‘yeni saningtek bilmadi onlar (Мавлоно Саккокий, 2017:28).
Shayx Ahmad Taroziy o‘zining baytlarini ba’zi o‘rinlarda kimniki ekanligini
yozmasdan, ba’zan Taroziy taxallusi bilan keltirgan. Qasida janrining xususiyatlari
to‘g‘risida fikr yuritilganda, husni matla’, deb muallifsiz quyidagi baytlarni
keltiradi:
Ey qading to‘biy, xading erur g‘ayrati jinon,
Hayron erur sanga malaku huru insu jon,
Gar xalqe mehru mohni ravshan etur O‘g‘on,
Ravshan budurki, yo‘qtur alar sencha dilsiton (Тарозий. 1996:76)
“husnul-ta’lil”ni ta’riflaganda quyidagi baytni:
Falakning zug‘mina kim zulm aylar,
Qilur Sulton Ulug‘bek adlu ehson... (Шайх Аҳмад Тарозий. 1996:88)
XULOSA VA TAKLIFLAR
Turkiy she’riyatda qasida janrining taraqqiyot bosqichi temuriylar davriga
to‘g‘ri kelishi ham tarixiy sharoit tufayli sodir bo‘ldi. XV asr turkiy dunyo uchun
yangi bir ko‘tarilish davri bo‘lganligi va unda temuriylar sulolasi hokimiyati
mustahkamlanganligi turkiy she’riyatda ham qasida janrining rivojlanishi uchun
sharoit yaratdi, siyosiy bir janr sifatida madh qasida o‘zining yuqori bosqichiga
ko‘tarildi. Hattoki, Davlatshoh Samarqandiy ma’lumot berishicha, mirzo Ulug‘bek
saroyidagi adabiy majlislarda Badr Chochiyga tatabbu’ qila olish ma’lum
shoirning kamolot o‘lchovi sifatida baholangan. Bu davrda mumtoz qasidalarning
eng ko‘p mamduhlari ham temuriy sultonlar bo‘ldi.
Bu qasidalarda nafaqat shoirlarning, balki, xalqning odil podshoh, komil
inson haqidagi g‘oyalari aks etadi. Qasidalar xalqparvar, millatparvar shaxsning
fazilatlarini ulug‘lash, uning xalq va millat oldidagi burchlarini eslatish, ezgu
maqsadlar, ezgu g‘oyalar sari yetaklash, inson sifatidagi qadr-qimmatini yuqori
tutishga chorlash kabi hayotbaxsh mavzularni qamrab olganligi bilan ham katta
ahamiyatga ega.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Абдуллаев В. (1948) Навоий Самарқандда. Тошкент: Ғ.Ғулом
номидаги бадиий адабиёт нашриёти.
2. Абдураззоқ Самарқандий. (1969) Матлаъи саъдайн ва мажмаъи
баҳрайн. Т.: Фан.
3. Алишер Навоий. (1987) Бадоеъ ул-бидоя. 20 томлик, 1-том. Т.: Фан.
4. Алишер Навоий. (1997) Мажолис ун-нафойис. 20 томлик, 13-том. Т.:
Фан.
5. Алишер Навоий. (1997) Мажолис ун-нафойис. МАТ, 20 томлик, 13-
том. Т.: 16-156-бетлар.
6. Алишер Навоий. (2000) Муҳокамат ул-луғатайн. 20 томлик, 16-том.
Т.: Фан.
7. Аҳмадхўжаев Э. (1978) Гадоий (Ҳаёти ва ижодий мероси). Тошкент:
Фан.
8. Давлатшоҳ Самарқандий. (1981) Шоирлар бўстони. Тошкент: Ғафур
Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти.
9. Девони Мавлоно Саккокий. (–) Ўзбекистон ФА Абу Райҳон Беруний
номидаги Шарқшунослик институти, 7685 инв.
10. Қаюмов А. (1996) Амир Темур қиссалари. Т.: Ёзувчи.
11. Мавлоно Саккокий девони. (2017) Т.: Мумтоз сўз.
12. Маллаев Н. (1965) Ўзбек адабиёти тарихи. Т.: Ўқитувчи.
13. Муҳиддинов М. (2005) Комил инсон-адабиёт идеали. Т.: Маънавият.
14. Рустамов Э. (1963) Узбекская поэзия в первой половине XV века.
Москва.
15. Хасанова М.Ж. (2018) ХV аср туркий шеъриятида қасида жанри.
Филология фанлари бўйича фалсафа доктори илмий даражаси учун ёзилган
диссертация. Самарқанд.
16. Ҳайитметов А. (1996) Темурийлар даври ўзбек адабиёти. Т.: Фан.
17. Шайх Аҳмад Тарозий. (1996) Фунун ул-балоға. Т.: Хазина.
REFERENCES:
1. Abdullayev V. (1948) Navoiy Samarqandda. Toshkent: G‘.G‘ulom
nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti. (In Uzbek)
2. Abdurazzoq Samarqandiy. (1969) Matla‘i sa‘dayn va majma‘i bahrayn.
T.: Fan. (In Uzbek)
3. Alisher Navoiy. (1987) Badoe‘ ul-bidoya. 20 jildlik, 1-jild. T.: Fan. (In
Uzbek)
4. Alisher Navoiy. (1997) Majolis un-nafoyis. 20 jildlik, 13-jild. T.: Fan. (In
Uzbek)
5. Alisher Navoiy. (1997) Majolis un-nafoyis. MAT, 20 jildlik, 13-jild. T.:
16-156-betlar. (In Uzbek)
6. Alisher Navoiy. (2000) Muhokamat ul-lug‘atayn. 20 jildlik, 16-jild. T.:
Fan. (In Uzbek)
7. Ahmadxo‘jayev E. (1978) Gadoiy (Hayoti va ijodiy merosi). Toshkent:
Fan. (In Uzbek)
8. Davlatshoh Samarqandiy. (1981) Shoirlar bo‘stoni. Toshkent: G‘afur
G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. (In Uzbek)
9. Devoni Mavlonо Sakkokiy. (–) O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy
nomidagi Sharqshunoslik instituti, 7685 inv. (In Uzbek)
10. Qayumov A. (1996) Amir Temur qissalari. T.: Yozuvchi. (In Uzbek)
11. Mavlonо Sakkokiy devoni. (2017) T.: Mumtoz so‘z. (In Uzbek)
12. Mallaev N. (1965) O‘zbek adabiyoti tarixi. T.: O‘qituvchi. (In Uzbek)
13. Muhiddinov M. (2005) Komil inson-adabiyot ideali. T.: Ma’naviyat. (In
Uzbek)
14. Rustamov E. (1963) Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka.
Moskva. (In Russian)
15. Hasanova M.J. (2018) XV asr turkiy she’riyatida qasida janri. Filologiya
fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasi uchun yozilgan dissertatsiya.
Samarqand. (In Uzbek)
16. Hayitmetov A. (1996) Temuriylar davri o‘zbek adabiyoti. T.: Fan. (In
Uzbek)
17. Shayx Ahmad Taroziy. (1996) Funun ul-baloga. T.: Xazina. (In Uzbek)