TEMURIYLAR DAVRIDA ERONNING GEOSIYOSIY O‘RNI
THE GEOPOLITICAL ROLE OF IRAN DURING THE TIMURID
PERIOD
ГЕОПОЛИТИЧЕСКАЯ РОЛЬ ИРАНА В ЭПОХУ ТИМУРИДОВ
Qo‘chqarov Temurbek Baxromjon o‘g‘li
Oriental universiteti
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi
katta oʻqituvchisi
Tel.: +998 93-076-11-96
E-mail: qochqarovt33@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada Amir Temur saltanati diplomatiyasining
tarixiy mohiyati, uning Yevrosiyo makonidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy
jarayonlarga ta’siri ilmiy asosda tahlil qilingan. Ayniqsa, Eron mintaqasining
Temuriylar davridagi geosiyosiy ahamiyati, karvon yo‘llari xavfsizligi, savdoiqtisodiy aloqalar rivoji hamda diplomatik munosabatlarning davlat
barqarorligidagi o‘rni yoritilgan. Muallif tarixiy manbalar va zamonaviy
tadqiqotlarga tayangan holda Amir Temur diplomatiyasining nafaqat harbiysiyosiy qudrat, balki mintaqalararo integratsiya, shaharlar ravnaqi va xalqlar
o‘rtasidagi madaniy yaqinlashuvni ta’minlagan muhim omil bo‘lganini asoslaydi.
Maqola Temuriylar davri tashqi siyosatini yangi yondashuvda baholashga xizmat
qiladi.
Kalit so‘zlar: Amir Temur, E.Bjezinskiy, Chingizxon, Fors, konfutsiylik,
assimilyatsiya, Elxoniylar, Chig‘atoyzoda, Markaziy Osiyo, farsax, diplomatiya.
Annotation. This article analyzes, on a scholarly basis, the historical essence
of Amir Temur’s diplomacy and its influence on the political, economic, and
cultural processes of the Eurasian space. Particular attention is paid to the
geopolitical importance of the Iranian region during the Timurid period, the
security of caravan routes, the development of trade and economic relations, and
the role of diplomatic interaction in ensuring state stability. Drawing on historical
sources and modern research, the author demonstrates that Amir Temur’s
diplomacy was not only an expression of military and political power, but also an
important factor in promoting interregional integration, urban development, and
cultural rapprochement among peoples. The article contributes to a new
interpretation of the foreign policy of the Timurid era.
Keywords: Amir Temur, Zbigniew Brzezinski, Genghis Khan, Persia,
Confucianism, assimilation, Ilkhanate, Chagatai, Central Asia, farsakh,
diplomacy.
Аннотация. В данной статье на научной основе анализируются
историческая сущность дипломатии Амира Темура и её влияние на
политические, экономические и культурные процессы в евразийском
пространстве. Особое внимание уделяется геополитическому значению
иранского региона в эпоху Тимуридов, безопасности караванных путей,
развитию торгово-экономических связей, а также роли дипломатических
отношений в обеспечении устойчивости государства. Опираясь на
исторические источники и современные исследования, автор показывает, что
дипломатия Амира Темура являлась не только проявлением военно-
политической мощи, но и важным фактором межрегиональной интеграции,
развития городов и культурного сближения народов. Статья способствует
новому осмыслению внешней политики эпохи Тимуридов.
Ключевые слова: Амир Темур, Э. Бжезинский, Чингисхан, Персия,
конфуцианство, ассимиляция, Ильханиды, Чагатаиды, Центральная Азия,
фарсах, дипломатия.
KIRISH
XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asr boshlarida Yaqin va O‘rta Sharq,
Markaziy Osiyo hamda Kavkaz hududlarida yuz bergan siyosiy jarayonlar jahon
tarixining muhim burilish nuqtalaridan birini tashkil etadi. Aynan shu davrda Amir
Temur tomonidan barpo etilgan qudratli saltanat nafaqat harbiy-siyosiy kuch
sifatida, balki keng mintaqaviy makonda diplomatik, iqtisodiy va madaniy
integratsiyani ta’minlagan yirik tarixiy hodisa sifatida namoyon bo‘ldi. Bu
jarayonda Eron hududi alohida geosiyosiy ahamiyat kasb etib, Temuriylar
davlatining g‘arbiy va janubi-g‘arbiy strategik yo‘nalishlarida tayanch makon
vazifasini bajardi. Mintaqaning qulay geografik joylashuvi, karvon yo‘llari
tugunida joylashgani, yirik savdo-iqtisodiy markazlarga egaligi hamda siyosiyharbiy nuqtayi nazardan o‘ta muhim hudud ekanligi uni Temuriylar tashqi siyosati
va diplomatik faoliyatining markaziy bo‘g‘inlaridan biriga aylantirdi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur diplomatiyasi va uning mintaqaviy siyosatdagi o‘rni masalasini
yoritishda o‘zbek tarixshunosligida yaratilgan ilmiy tadqiqotlar muhim o‘rin tutadi.
Xususan, Sh.O‘ljayevaning “Amir Temur diplomatiyasi” asarida Sohibqiron tashqi
siyosatining nazariy va amaliy asoslari, diplomatik aloqalar tizimi hamda Eron
mintaqasining strategik ahamiyati yoritilgan (2018). Muallif Eron hududini Amir
Temur uchun nafaqat harbiy yurishlar obyekti, balki karvon yo‘llari, iqtisodiy
resurslar va geosiyosiy ustunlikni ta’minlovchi tayanch makon sifatida talqin
qiladi.
Temuriylar davridagi savdo yo‘llari va iqtisodiy aloqalarni tadqiq etishda
G.Agzamova (2018)ning ilmiy izlanishlari alohida e’tiborga loyiqdir. Tadqiqotchi
Movarounnahr savdogarlarining Eron hududi orqali janub va janubi-g‘arb
mamlakatlari bilan olib borgan savdo-sotiq aloqalarini tahlil qilib, Marv, Nishopur,
Hamadon, Ray, Sheroz, Kermon kabi shaharlarning tranzit va iqtisodiy markaz
sifatidagi mavqeini ochib beradi.
Mavzuning nazariy-metodologik asoslarini kengroq tarixiy jarayonlar bilan
bog‘lab tushuntirishda xorijiy mualliflarning qarashlari ham muhimdir. Jumladan,
amerikalik siyosatshunos E.Bjezinskiy (2022) mo‘g‘ullar imperiyasining
parchalanish omillarini tahlil qilar ekan, bosib olingan hududlarda hukmdorlarning
asta-sekin assimilyatsiyalashuvi, siyosiy-madaniy birlikning sustligi va vorislik
muammolarini alohida ko‘rsatib o‘tadi. Shuningdek, K.E.Bosvortning asarlarida
Markaziy Osiyo va Fors mintaqasining siyosiy tarixiga doir muhim ilmiy
mulohazalar ilgari suriladi (Босворт К.Е., 2007). U o‘rta asrlarda ushbu ikki
makonni yagona siyosiy hokimiyat ostida birlashtirish jarayoni aynan Amir Temur
faoliyatida eng yuqori bosqichga chiqqanini ta’kidlaydi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada Temuriylar davrida Eronning geosiyosiy o‘rnini tadqiq
etishda tarix fanining asosiy metodologik tamoyillari - tarixiylik, xolislik, tizimlilik
va qiyosiy tahlil usullaridan foydalanildi. Tarixiylik tamoyili asosida Eron
hududining siyosiy, iqtisodiy va diplomatik аhamiyati o‘z davrining aniq tarixiy
sharoitlari bilan bog‘liq holda o‘rganildi. Shu orqali mintaqaning Amir Temur
saltanati siyosatidagi o‘rni mo‘g‘ullar davridan keyingi siyosiy vaziyat, Elxoniylar
merosi va xalqaro savdo yo‘llari tizimi doirasida tahlil qilindi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Amir Temur saltanati diplomatiyasi tarixi o‘zbek diplomatiyasi tarixining
cho‘qqilaridan birini tashkil etadi. U nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tarixida ham
katta o‘rin tutadi.
Amir Temur diplomatiyasi Yevrosiyo mintaqasini birlashtiruvchi muhim
kuch rolini bajarishi bilan birga, ana shu xalqlarning tinchlik-farovonligi, savdoiqtisodiy munosabatlarning gurkurab rivojlanishiga muhim ta’sir ko‘rsatdi. Ilgari
gavjum bo‘lgan, lekin keyingi bir yarim asr davomidagi biqiqlik tufayli hayot
nurlari so‘na boshlagan shaharlar diplomatik harakatlar tufayli qayta rivojlana
boshladi, ularda hayot qaynadi, davlatlar va millatlar o‘rtasidagi muhim ko‘prik
o‘rnatildi.
Amir Temur davlatida diplomatik qonun-qoidalar o‘z davri taomiliga muvofiq
olib borilgan. U davlat ishlari, xususan, diplomatik ishlarni ham din shariat
asosida, o‘z davrida mavjud bo‘lgan to‘ra va tuzukka solib, saltanatning martaba-
yu maqomini saqlab turgan.
Amerikalik siyosatshunos E.Bjezinskiy o‘z asarida “…mo‘g‘ul hukmdorlari
bosib olgan hududlarida asta-sekin assimilatsiya jarayoni kuchayib, uch mintaqada
– imperiyaning Xitoy qismidagi Chingizxonning nabiralari konfutsiylikni jo‘shqin
targ‘ibotchisiga aylangan, yana biri Fors sultoni sifatida dindor musulmon,
uchinchisi esa O‘rta Osiyoning madaniylashgan forsiy hukmdori bo‘ldi. Hukmron
siyosiy madaniyat yo‘qligi, hukmdorlarning assimilyatsiyalashishi – ya’ni o‘zi zabt
etgan xalqlarga qo‘shilib ketishi, Buyuk xonga vorislikni hal etilmagani
imperiyaning qulashiga sabab bo‘ldi” (Бжезинский Э., 2022) – deya buyuk
imperiyaning inqirozi sabablarini ko‘rsatib o‘tgan. Eron hududida mo‘g‘ullarning
assimilatsiyaga uchragan davlati (Бжезинский Э., 2022) - Elxoniylar tashkil topdi.
Mo‘g‘ullarning baynalminalligi, nasroniy Yevropa va Sharq madaniyati kabi bir-
biridan farqlanuvchi madaniyatlar bilan aloqalari fors dunyosining ma’naviy
hayotida, san’atida, savdo-sotiq ishlarida yangi epkinlar olib keldi. Jumladan,
poytaxt Tabrizda italiyalik savdogarlarning mahallasi paydo bo‘ldi va Elxoniylar
saltanati Uzoq Sharq va Hindiston bilan savdo ishlarida muhim bog‘lovchi kuchga
aylandi (Босворт К.Е., 2007). Ushbu davlatni ma’lum muddat Misr mamluklari
bilan o‘zaro ziddiyatli siyosiy munosabatlarga yuz tutib turgan vaqtda, o‘zlarining
qon-qarindosh Markaziy Osiyodagi Chig‘atoyzodalar bilan o‘zaro aloqalarda ham
iliq munosabatda kechmadi. Ushbu jarayonlar K.E.Bosvort o‘z asarida
tariflaganidek, Markaziy Osiyo va Fors mintaqasini uzil-kesil bir hokimiyat ostida
rivojlangan o‘rta asrlarda faqatgina Amir Temurgagina nasib qildi birlashtirish
(Босворт К.Е., 2007).
Tarixchi olima Sh.O‘ljayeva o‘zining “Amir Temur diplomatiyasi” asarida,
Eron mintaqasining Amir Temur uchun naqadar geosiyosiy muhim nuqta ekanligi
haqida so‘z yuritib, Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonni aynan ushbu mintaqani
o‘zining davlatining bir qismiga aylantirish orqali karvon yo‘lining yakka egasiga
aylanish hamda Temuriylar davlatining harbiy yurishlarini cheklabgina qolmay,
balki iqtisodiy jihatdan ham siqib qo‘yishga urinishi oxir oqibatda ikki o‘rtada uch
marta kuchli muhorabaga sabab bo‘lganligi haqida so‘z yuritadi (Ўлжаева Ш.,
2018).
Sohibqiron Amir Temur uch yillik (1386-1388), besh yillik (1392-1396)
yurishlari davrida qishlash hamda qo‘shin tarkibini qayta kuchaytirish uchun Eron
hududini tanlagan edi(Ўлжаева Ш., 2018). O‘sha davr tarixchilari mintaqa haqida
so‘z yuritar ekan, Amir Temurni keyinchalik butun Eronni birlashtirishga
muvaffaq bo‘lgan Safaviylar sulolasiga asos solgan Ismoil Safaviyning bobosi
Shayx Xo‘ja Alini ziyorat qilish uchun Ardabilga tashrif buyurgani (Maria
Szuppe., 1997) haqida ma’lumotlar ham uchraydi.
Tarixchi olima G.Agzamovaning tadqiqotlariga ko‘ra, Temuriylar davrida
Movarounnahr savdogarlari O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘idan janub va janubi-
g‘arbiy tomonda joylashgan mamlakatlar bilan qizg‘in savdo-sotiq olib borganlar
(Агзамова Г.А., 2018). Movarounnahrdan boshlangan yo‘l Omuldagi kechuv
orqali Xurosonga qarab ketgan. Ushbu yo‘ldagi yirik to‘xtash joyi – muhim savdo-
iqtisodiy markaz – Marv shahri edi. Omuldan Marvgacha bo‘lgan masofa 36 farsax
va olti kunlik yo‘l deb o‘lchangan. Yo‘lning davomi Saraxsga qarab ketar, u
yerdan esa savdogarlar Nishopur tomon otlanar edi. Yo‘lning ushbu qismini bosib
o‘tish uchun olti kun ketgan. Nishopurdan so‘ng yo‘l Isfarayn, Bistom, Damg‘on,
Sinon, Ray va Kermonshoh orqali Hamadongacha yetgan. Ayni yo‘l davomidagi
eng muhim shaharlardan biri Nishopur hisoblangan. Xurosonning yirik savdo-
iqtisodiy markazi bo‘lgan bu shaharga turli mamlakat savdogarlari intilar edi.
Movarounnahrlik savdogar yuqorida ta’kidlangan yo‘l bo‘ylab Nishopurgacha
kelgach, Mashhad orqali Hirot, Kobulga yoki Hirotdan Qandahorga yetib olishi
mumkin bo‘lgan (Байкова Н.Б., 1964).
Movarounnahrdan Marv orqali Nishopurgacha bo‘lgan yo‘l ma’lum ma’noda
tranzit xususiyatiga ega edi. Samarqand, Buxoro va boshqa shahar
hunarmandlarining mahsulotlari yuklangan savdo karvonlari Nishopurda katta dam
olish uchun to‘xtab, bu yerdan uzoq mamlakatlarga otlanishi mumkin edi.
Hamadondan Bag‘dodgacha bo‘lgan yo‘l davomida quyidagi to‘xtash joylari
bo‘lgan: Asadobod, Kermonshoh, Xulvan, Naxravan (Агзамова Г.А., 2018).
Eronning ushbu shaharlari karvonsaroy vazifasini o‘taganligi shundan ma’lum.
Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” asarida Temurning Bag‘doddan Mosulga
qarab yurishini bayon eta turib, yo‘ldagi to‘xtash joylari Takriyt va Mordin
bo‘lganini eslatadi (Ибн Арабшоҳ., 1992). Hamadonda undan shimol va shimoli-
g‘arbiy tomonda joylashgan yirik savdo-iqtisodiy va siyosiy markazlarni
bog‘lovchi yo‘llar tutashgan. Ushbu yo‘ldan o‘tgan Klavixo bu to‘g‘rida shunday
xotirlaydi: “Shaharda juda ko‘p yaxshi qurilgan ko‘chalar va tor ko‘chalar mavjud
hamda turli mollar sotiladigan yaxshi rastalar joylashgan. Bu ko‘chalar orasida
ko‘p darvozali katta uylar joylashgan bo‘lib, uning ichida esa turar joy va turli
rastalari bo‘lgan do‘konlar qurilgan” (Клавихо Руи Гонзалес., 1990). Savdo
karvonlari uchun qulaylik ortidan, Eron shaharlari ham Temuriylar davrida gullab
yashnadi. Ayniqsa, Shohrux Mirzoni bugungi kunda ham Eronda eng
qadrlanadigan temuriy hukmdordir. Eron tarixini yoritib beradigan manbalardan
birida, Shohrux Mirzo oldin qilingan vayronalarni qayta tiklaganligi, Marv hamda
Hirot devorlarini qayta qurganligi, shaharlar aholisiga katta ijtimoiy yordam
qilganligi, “muruvvatli podshoh, ilm ahlini ulug‘lab, hunarmandlarni qo‘llab-
quvvatlagan, sanoatni yuksaltirgan” (13) hukmdor deya ta’riflangan.
Mazkur yo‘l borasida Ibn Arabshoh ham Temurning Hamadon va Tabrizga
yurishini bayon qila turib, ma’lumot beradi. Oxirgi manzilgohdan so‘ng yo‘l
Merend, Naxchivan orqali yirik savdo-iqtisodiy markaz – Dobilgacha borgan. U
Yerevandan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan (Ибн Арабшоҳ., 1992) -
deya o‘z asarida qayd etadi.
Movarounnahr savdogarlari o‘rta asrlarda Eronning boshqa karvon
yo‘llaridan ham foydalanganlar. Shulardan biri savdogarlarni Raydan Isfahonga,
so‘ng Eronning katta 104 savdo markazi – Sherozga yetaklagan. O‘sha davrda
Raydan boshlangan yo‘l Obi sho‘r daryosidan “g‘ishtli ko‘prik” orqali o‘tar edi.
Temur Sherozdan Isfahonga aynan shu yo‘l orqali borgan. “A’lo hazratlari bir
necha kun Sherozda to‘xtashga amr etdilar. Fors davlat ishlarini tartibga keltirish
uchun a’lo hazratlari Isfahonga yo‘l oldilar” (Гийасаддин Али., 1958).
Temur karvon yo‘llarining qulayligi va xavfsizligini kuzatib turgan. Biroq,
zamondoshlari guvohlik berishicha, bu yo‘llar ham har doim bexavotir bo‘lmagan.
Ibn Arabshoh Yazd va Sheroz oralig‘idagi karvon yo‘lida qaroqchilik bilan
shug‘ullangan xafan qabilasiga mansub Jamol Luk otlig‘ qandaydir arab to‘g‘risida
hikoya qiladi (Ибн Арабшоҳ., 1992).
Movarounnahrlik savdogarlar Eronning boshqa ijtimoiy-iqtisodiy markazlari
bilan ham qizg‘in savdo-sotiq olib borishgan. Shunday markazlardan misol
tariqasida Kermonni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Kermonga boruvchi eng serqatnov
yo‘l Nishopur orqali o‘tar va janubiy yo‘nalishda davom etar edi. Chapga qarab
otlanganlar yo‘lida Kain, Birjond, Xusp, Nime, Xabis degan to‘xtash yerlari
joylashgan (Агзамова Г.А., 2018). Eronlik tarixchi Zahra Azarniush Temurni
Eron mintaqasidagi olib borgan harbiy yurishlarini tarixiy baholar ekan:
“…mo‘gullarni Eron hududiga yetqazgan ziyonidan, uniki kamroq edi va madaniy
yuksalishiga avvalgidan ham ko‘proq hissa qo‘shdi” (www.kojaro.com) – deya
ta’riflaydi.
Temuriylar davrida XIV–XV asr oxirlarida Movarounnahrni ma’lum
mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, ba’zi hollarda siyosiy va harbiy ahamiyatga
ega bo‘lgan karvon yo‘llari bog‘lagan edi. Mana shunday tarixiy sharoitda karvon
yo‘llari savdo, diplomatik va boshqa aloqalarning amaliy vazifasini bajara turib,
ayni vaqtda turli mamlakatlar va xalqlarning o‘zaro iqtisodiy va madaniy ta’sirini
mustahkamlashga xizmat qilganligini ko‘rishimiz mumkin.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Temuriylar davrida Eronning geosiyosiy o‘rnini tahlil qilish shuni
ko‘rsatadiki, ushbu hudud Amir Temur saltanati tarkibida oddiy zabt etilgan
makon emas, balki yirik mintaqaviy siyosiy, iqtisodiy va diplomatik tizimning
strategik tayanchi sifatida namoyon bo‘lgan. Eronning Markaziy Osiyo, Iroq,
Kavkaz, Kichik Osiyo va Hindistonni o‘zaro bog‘lovchi qulay geografik
joylashuvi, uni Temuriylar davlatining tashqi siyosati, harbiy strategiyasi va savdo-
kommunikatsiya manfaatlari nuqtayi nazaridan alohida ahamiyatli hududga
aylantirgan. Aynan shu omil Amir Temurning Eron mintaqasiga nisbatan olib
borgan faol siyosatining asosiy mazmunini belgilagan.
Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, Temuriylar davrida Eron hududi
saltanat ichki va tashqi aloqalarini birlashtiruvchi ko‘prik vazifasini bajargan.
Marv, Nishopur, Hamadon, Tabriz, Ray, Sheroz, Kermon singari shaharlarning
savdo, diplomatik va harbiy-strategik markaz sifatida rivojlanishi Eronning
geosiyosiy salohiyatini yanada kuchaytirgan. Bu shaharlar orqali karvon
yo‘llarining faol ishlashi Movarounnahr bilan janubiy va g‘arbiy hududlar
o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni jonlantirgan, natijada Temuriylar davlati hududiy
yaxlitligi va iqtisodiy barqarorligi mustahkamlangan.
Mazkur xulosalardan kelib chiqib, quyidagi takliflarni ilgari surish mumkin.
Avvalo, Temuriylar davrida Eronning geosiyosiy o‘rni masalasini yanada
chuqurroq o‘rganish uchun birlamchi sharq manbalari, ayniqsa forsiy va arabiy
yozma merosni kengroq jalb etish maqsadga muvofiqdir. Ikkinchidan, mavzuni
faqat siyosiy tarix doirasida emas, balki tarixiy geografiya, geoiqtisodiyot va
diplomatiya tarixi bilan uzviy bog‘liq holda interdisiplinar yondashuv asosida
tadqiq etish zarur. Uchinchidan, Temuriylar davrida Eron orqali o‘tgan karvon
yo‘llari, savdo markazlari va diplomatik elchiliklar faoliyatini maxsus ilmiy
tadqiqot obyekti sifatida o‘rganish muhim natijalar berishi mumkin. To‘rtinchidan,
o‘zbek tarixshunosligida Amir Temur saltanati diplomatiyasi va Eron bilan
aloqalariga bag‘ishlangan tadqiqotlarni zamonaviy xalqaro tarixshunoslikdagi
qarashlar bilan qiyosiy asosda boyitish lozim.
Xulosa qilib aytganda, Temuriylar davrida Eronning geosiyosiy o‘rni
masalasi Amir Temur saltanatining mintaqaviy siyosiy tafakkuri, savdo-iqtisodiy
strategiyasi va diplomatik faoliyatini anglashda muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Ushbu mavzuning chuqur tadqiq etilishi nafaqat Temuriylar davri tarixini kengroq
yoritishga, balki o‘zbek davlatchiligi, diplomatiyasi va xalqaro aloqalar tarixi
bo‘yicha ilmiy qarashlarni boyitishga ham xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Агзамова Г.А. (2018) Амир Темур ва Темурийлар даврида
Мовароуннаҳрни хориж билан боғлаган карвон йўллари. // Амир Темур
даврида Мовароуннаҳр: археология, тарих, маданият. / Э.В. Ртвеладзе, А.М.
Атаходжаев, М.И. Филанович таҳрири остида. – Тошкент: Адабиёт
учқунлари.
2. Байкова Н.Б. (1964) Роль Средней Азии в русско-индийских торговых
связях. Ташкент.
3. Босворт К.Е. (2007) Мусулмон сулолалари. –Т.: Фан.
4. Гийасаддин Али. (1958) Дневник похода Темура в Индию. М.
5. Ибн Арабшоҳ. (1992) Ажойиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур
тарихида тақдир ажойиботлари). 1 китоб. Тошкент.
6. Клавихо Руи Гонзалес. (1990) Дневник путешествия ко двору Темура
в Самарканд в 1403–1406 гг. / Подлинный текст с переводом и
примечаниями, составленными под редакцией И.И. Срезневского. СПб., М.
7. Ўлжаева Ш. (2018) Амир Темур дипломатияси: илмий-оммабоп
кўлланма. Т.: “IJOD-PRESS” нашриёти.
8. Ғиёсиддин ибн Ҳумомиддин Хондамир. (2013) «Хабиб ус-сийар фи
ахбори афроди башар» («Башар ахли сийратидан хабар берувчи дуст»).
Тошкент. “Oʻzbekiston”.
9. Эбигнев Бжезинский. (2022) Буюк шаxмат тахтаси / инглиз тилидан
“Шарқшунос таҳлилчилар” жамоаси таржимаси. Тошкент: Trust And Support
Mchj, Тирилиш.
10. لغتنامه دهخدا. ذیل عبارت شاهرخ میرزا
11. https://www.kojaro.com/history-art-culture/192479-timurids-political-
cultural-development-iran/#ca424a38-dfa1-47da-8ab9-1e2f7ebc64f9
REFERENCES:
1. Agzamova G.A. (2018) Amir Temur va Temuriylar davrida
Movarounnahrni xorij bilan bog‘lagan karvon yo‘llari. // Amir Temur davrida
Movarounnahr: arxeologiya, tarix, madaniyat. / E.V. Rtveladze, A.M. Ataxo‘jayev,
M.I. Filanovich tahriri ostida. – Toshkent: Adabiyot uchqunlari. (In Uzbek)
2. Baykova N.B. (1964) Rol’ Sredney Azii v russko-indiyskix torgovyx
svyazyax. Toshkent. (In Russian)
3. Bosvort K.Ye. (2007) Musulmon sulolalari. –T.: Fan. (In Uzbek)
4. Giyosiddin Ali. (1958) Dnevnik poxoda Temura v Indiyu. M. (In Russian)
5. Ibn Arabshoh. (1992) Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur (Temur tarixida
taqdir ajoyibotlari). 1 kitob. Toshkent. (In Uzbek)
6. Klavixo Rui Gonzales. (1990) Dnevnik puteshestviya ko dvoru Temura v
Samarkand v 1403–1406 gg. / Podlinniy tekst s perevodom i primechaniyami,
sostavlennimi pod redaktsiyey I.I. Sreznevskogo. SPb., M. (In Russian)
7. O‘ljonova Sh. (2018) Amir Temur diplomatiyasi: ilmiy-ommabop
ko‘llanma. T.: “IJOD-PRESS” nashriyoti. (In Uzbek)
8. G‘iyosiddin ibn Humomiddin Xondamir. (2013) «Xabib us-siyar fi axbori
afrodi bashar» («Bashar axli siyiratidan xabar beruvchi dast»). Toshkent.
“O‘ZBEKISTON”. (In Uzbek)
9. Zbignev Bjezinskiy. (2022) Buyuk shaxmat taxtasi / ingliz tilidan
“Sharqshunos tahlilchilar” jamoasi tarjimasi. Toshkent: TRUST AND SUPPORT
MChJ, Tirilish. (In Uzbek)
10. Lug‘atnoma-yi Dihxudo, zayl-i iborat-i Shohrux Mirzo. (In Persian)
11. https://www.kojaro.com/history-art-culture/192479-timurids-politicalcultural-development-iran/#ca424a38-dfa1-47da-8ab9-1e2f7ebc64f9 (In Persian)