ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Temuriylar davri Hirot tarixchilik maktabi

Sherzod Jo‘rayev Norovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TEMURIYLAR DAVRI HIROT TARIXCHILIK MAKTABI

THE HERAT SCHOOL OF HISTORIOGRAPHY OF THE TIMURID

PERIOD

ГЕРАТСКАЯ ИСТОРИЧЕСКАЯ ШКОЛА ПЕРИОДЫ ТЕМУРИДОВ

Sherzod Jo‘rayev Norovich

Oriental universiteti,

Tarix kafedrasi katta o‘qituvchisi

Tel.:+998 90-986-75-39

E-mail:Sjuraev107@gmail.com

Annotatsiya. Maqolada Sulton Husayn Mirzo hukmronligi yillarida Hirot

ilmiy-madaniy muhitida tarixnavislikning sifat va mazmun jihatdan yangi

bosqichga ko‘tarilishi tahlil qilinadi. Alisher Navoiyning bevosita homiyligi va

ilmiy-ma’rifiy tashabbuslari natijasida Mirxond, Xondamir, Kamoliddin

Abdurazzoq Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy va Zayniddin Vosifiy ijodida

manbaga tayangan tahliliy, qiyosiy yondashuv hamda sabab-oqibat bog‘liqliklarini

aniqlash usullari mustahkamlandi. Tadqiqotda “Ravzat us-safo”, “Habib us-siyar”,

“Matla’ as-sa’dayn va majma’ al-bahrayn”, “Tazkirat ush-shuaro”, “Badoyi’ al-

vaqoyi’”, shuningdek Navoiy qalamiga mansub “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda

“Tarixi mulki Ajam” asarlarining mazmuni va xususiyatlari ko‘rsatildi.

Kalit so‘zlar: Sulton Husayn Mirzo, Alisher Navoiy, Hirot maktabi, Mirxond,

Xondamir, Abdurazzoq Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy, Zayniddin Vosifiy.

Annotation. The article analyzes how historiography in the scholarly-cultural

milieu of Herat reached a new qualitative and substantive stage during the reign of

Sultan Husayn Mirza. Owing to Alisher Navoi’s direct patronage and scholarly-

educational initiatives, the works of Mirkhwand, Khwandamir, Kamoliddin

Abdurazzoq Samarqandi, Davlatshoh Samarqandi, and Zayniddin Vosifi

consolidated source-based analysis, comparative approaches, and methods for

identifying causal relationships. The study outlines the content and features of

Ravzat us-safo, Habib us-siyar, Matlaʿ as-saʿdayn va majmaʿ al-bahrayn, Tazkirat

ush-shuaro, Badoyiʿ al-vaqoyiʿ, as well as Navoi’s Tarixi anbiyo va hukamo and

Tarixi mulki Ajam.

Keywords: Sultan Husayn Mirza, Alisher Navoi, Herat school, Mirkhwand,

Khwandamir, Abdurazzoq Samarqandi, Davlatshoh Samarqandi, Zayniddin Vosifi.

Аннотация. В статье анализируется вывод историографии в научно-

культурной среде Герата на новый качественный и содержательный этап в

годы правления султана Хусейна Мирзы. Благодаря непосредственному

покровительству Алишера Навои и его научно-просветительским

инициативам в трудах Мирхонда, Хавандмира, Камолиддина Абдураззока

Самарканди, Давлатшаха Самарканди и Зайнуддина Васифи укрепились

источниковедческий анализ, сравнительный подход и методы выявления

причинно-следственных связей. В исследовании показаны содержание и

особенности произведений Равзат ус-сафо, Ҳабиб ус-сияр, Матла ас-саъдайн

ва мажма ал-баҳрайн, Тазкират уш-шуаро, Бадойи ал-вақойи, а также

навоиевских Тарихи анбиё ва ҳукамо и Тарихи мулки Ажам.

Ключевые слова: султан Хусейн Мирза, Алишер Навои, гератская

школа, Мирхонд, Хавандмир, Абдураззок Самарканди, Давлатшах

Самарканди, Зайнуддин Васифи.

KIRISH
Sulton Husayn Mirzo hukmronlik qilgan davr (1469–1506) Temuriylar
renessansining o‘ziga xos cho‘qqisi bo‘lib, bu davrda ilm-fanning barcha sohalari
qatori tarixnavislik ilmi ham yuksak taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Hirotda
shakllangan o‘ziga xos tarixchilik maktabi nafaqat o‘sha davr, balki butun Sharq
tarixshunosligi an’analarini yangi pog‘onaga olib chiqdi. Mazkur ilmiy muhitning
vujudga kelishida Sulton Husayn Boyqaroning shaxsan o‘zi, buyuk mutafakkir
Alisher Navoiy, shuningdek, Mirxond, Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy va
Zayniddin Vosifiy kabi yetuk olimlarning xizmati beqiyosdir. Ularning qalamiga
mansub shoh asarlar jahon tarixi fanining nodir manbalari hisoblanib, bugungi
kunga qadar o‘zining ilmiy qimmatini yo‘qotmay kelmoqda.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur yo‘nalishda jahon miqyosida, xususan, O‘zbekiston, Eron, Turkiya
hamda Yevropa mamlakatlarida keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar amalga oshirilgan.
Temuriylar davri davlatchiligi va madaniyati tarixini o‘rganish asnosida Sulton
Husayn Mirzo zamoni tarixnavisligi hamda olimlar diqqat markazida bo‘lib
kelmoqda. Jumladan, B.Ahmedov (2003), N.Norqulov (1996) va A.Rejepova
(2019) kabi tadqiqotchilar ushbu davrning ijtimoiy-siyosiy manzarasi hamda
tarixiy asarlarning manbashunoslik tahliliga salmoqli hissa qo‘shganlar. Turk olimi
T.Yildirim (2002), shuningdek, o‘zbekistonlik olimlardan A.Qayumov, O.Bo‘riyev,
D.Yusupova (Yusupova D., 2001) va A.O‘rinboyevlarning ilmiy ishlarida Hirot
tarixnavislik maktabining o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy xotira va an’analar
davomiyligi masalalari chuqur tahlil etilgan. Ushbu tadqiqotlar Sulton Husayn
Boyqaro davri ma’naviy hayotini yoritishda poydevor vazifasini o‘taydi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu ilmiy tadqiqotni tayyorlashda o‘tmish voqeligini anglashning xolislik,
ilmiylik va tarixiylik kabi poydevor tamoyillariga tayanildi. Sulton Husayn
Boyqaro hukmronligi davridagi tarixnavislik an’analarini har tomonlama yoritish

maqsadida tarixiy-qiyosiy tahlil, manbashunoslik tadqiqi, tizimli yondashuv hamda

voqealarning vaqt bo‘yicha ketma-ketligini ta’minlovchi xronologik izchillik

usullari o qo‘llanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR

Mirxond – asl ismi Mirxond Hamiduddin Muhammad ibn Havandshoh al-

Balxiy bo‘lgan bu mashhur tarixchi 1433-yilda Balx shahrida tavallud topgan

(Aхмедов Б., 2003: 18). Uning otasi aslida buxorolik bo‘lib, ilm olish maqsadida

Balxga ko‘chib kelgan. Mirxondning nasabi Sayyid Buxoriy avlodidan kelib

chiqqan bo‘lib, bu oila o‘z davrida nufuzli sayyidlar sulolasidan sanalgan.

Otasi Havandshoh Balxdan Hirotga ko‘chib, u yerda mashhur mutasavvif

Shayx Bahoiddin Umar Jag‘aroyining muridi bo‘lgan va undan ta’lim olgan.

Ularning o‘zaro aloqasi shu darajada samimiy bo‘lganki, Shayx vafoti chog‘ida

tobuti boshida Fotihani aynan Havandshoh o‘qishini vasiyat etgan. Havandshoh

vafot etganida esa ustozining maqbarasiga dafn etilgan.

Shunday ilmiy va ruhiy muhitda voyaga yetgan Mirxond puxta ta’lim olgan

va yoshligidan tarix faniga qiziqish bildirgan. Uning iste’dodi tez orada e’tibor

qozondi va u Temuriylar saroyida xizmat qilgan Alisher Navoiy bilan yaqin

munosabat o‘rnatdi. Navoiy Mirxondga Ihlosiya xonaqohida ijod qilish uchun joy

ajratib, tarixiy manbalar to‘plashda yordam ko‘rsatgan. Shu sharoit Mirxondning

eng mashhur asari – “Ravzat us-safo fi siyrat al-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo”

(“Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalar hayoti haqida poklik bog‘i”) (Mирхонд,

1996) nomli yirik tarixiy asarni yaratishiga turtki bo‘ldi. Asar 1483-1498-yillar

oralig‘ida yozilgan bo‘lib, Temuriylar davri tarixshunosligining eng muhim

manbalaridan biri hisoblanadi.

Alisher Navoiy o‘zining “Holoti Sayyid Hasan Ardasher” va boshqa

asarlarida Mirxond haqida iliq so‘zlar aytib, uni quyidagicha ta’riflaydi:

“U Balxning ulug‘ zotlaridan Shayx Havandshohning o‘g‘li bo‘lib, yuksak

nasab va bilim egasi edi. Shunga qaramay, u kibrdan yiroq, kamtar va xushxulq

inson bo‘lgan. Bu tabiati umrining oxirigacha o‘zgarmagan.”

Navoiy, shuningdek, Mirxonddan yaratilishdan to o‘z zamonigacha bo‘lgan

davrni qamrab oluvchi tarixiy asar yozishni so‘raganini, u esa bu iltimos asosida

“Ravzat as-safā”ni yozishga kirishganini qayd etadi. Navoiy uning shaxsiy

fazilatlarini quyidagicha eslaydi:

“Mirxond iltimos qilgan asarning yarmicha qismini yozdi, inshoalloh, uni

yakunlashga muvaffaq bo‘lur. Yozilgan tarixiy asarlar orasida uning asaridan

yaxshirog‘i yo‘q. U shon-shuhratni yoqtirmas, kayfiyati xira bo‘lsa, bir qadah may

ichar, kayfiyati ko‘tarilgan paytlarda esa shaxmat o‘ynardi. U doimo kamtarligini

saqlardi.”

Mirxond vafot etganida asar hali to‘liq yakunlanmagan edi. U hayotining

so‘nggi davrida, kasal yotog‘ida asarning oltinchi jildini yozib tugatdi. Birinchi

jilddan oltinchi jildgacha bo‘lgan qismda tarix fanining foydalari, Payg‘ambar

Muhammad (s.a.v.) va to‘rt xalifa davri, Ummaviylar va Abbosiylar xalifaligi,

ularning davrida yashagan hukmdorlar, Chingizxon va uning avlodlari,

shuningdek, Amir Temur va Temuriylar sulolasi tarixi batafsil yoritilgan (Aхмедов

Б., 2003: 18-20).

Mirxondning nabirasi Xondamir asarning yettinchi jildini yozib tugallagan.

Shu tariqa “Ravzat as-safā” o‘z davrining eng mukammal, umumiy tarixiy

asarlaridan biriga aylandi. Bu asar keyingi asrlarda fors, turkiy va arab tarixchilari

uchun asosiy manbalardan biri sifatida keng qo‘llanilgan.

Xondamir G‘iyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomiddin ibn Xoja

Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy – taxminan 1473–

1476-yillar oralig‘ida Hirotda tug‘ilgan, 1534-yilda Dehlida vafot etgan (Aхмедов

Б., 2003: 62). Uning tarix ilmiga erta qiziqishi bobosi Mirxondning ilmiy muhitida

shakllandi. Alisher Navoiy va Mirxond tomonidan ma’naviy hamda moddiy

jihatdan qo‘llab-quvvatlab borilgan. Navoiyning hurmati va e’tibori bois Xondamir

10 yoshidan Navoiy kutubxonasida ishlaydi va o‘qiy boshlagan. 1498-yildan esa

shu kutubxonada mudirlik qilgan.

Xondamir o‘ndan ortiq tarixiy asar meros qoldirgan. Bugungi kungacha

asosan quyidagilari keng tarqalgan va ilmiy muomalada: “Maosir ul-muluk”,

“Xulosat ul-axbor”, “Makorim ul-axloq”, “Dastur ul-vuzaro”, “Nomayi nomi”,

“Ravzat us-safo”ning yettinchi jildi, hamda “Habib us-siyar”.

Xondamirning shoh asari “Habib us-siyar” – muqaddimada olamning

yaratilishi haqidagi qarashlarni batafsil bayon etadi (Хондамир, 2011: 304). Asar

keyingi boblarda tarixiy jarayonlarni izchil va mantiqan bog‘lab yoritadi. Birinchi

bob islomdan avvalgi payg‘ambarlar rivoyatlari, so‘ng Islom payg‘ambari hayoti

va to‘rt xalifa davrini qamrab oladi.

Ikkinchi bobda Ummaviylar va Abbosiylar boshchiligidagi siyosiy sulolalar

bilan birga Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar kabi hududiy sulolalarning

hokimiyati haqida mazmunli ma’lumotlar beriladi.

Uchinchi bob ikki qismdan iborat bo‘lib, avvalo Chingizxon, uning avlodlari

va nasab zanjiri, shuningdek Qoraxitoylar, Xorazmshohlar, Sarbadorlar tarixiga

doir voqealar yoritiladi. Bobning keyingi qismlarida Amir Temurning tug‘ilishidan

boshlab Ulug‘bek Mirzo, Abu’l-Qosim Bobur Mirzo, Sulton Abu Sa’id Mirzo va

Sulton Husayn Mirzo kabi temuriylar faoliyati bayon etiladi. Shu doirada Bobur

Mirzoning ota-bobolari, temuriylar saltanatini saqlab qolish yo‘lidagi kurashlar,

Shayboniyxonning hokimiyat tepasiga kelishi hamda Dashti Qipchoqdagi siyosiy

jarayonlar haqida e’tiborli ma’lumotlar keltiriladi.

Zayniddin Mahmud ibn Abduljalil bo‘lgan bu adib adabiyot olamida Vosifiy

taxallusi bilan tanilgan. Uning o‘z asarlarida yozishicha, Vosifiy 1485-yilda

dunyoga kelgan. Otasi Abduljalil Hirotning ilm ahliga mansub, o‘z zamonasining

fozil kishilaridan biri edi. Vosifiy 11-12 yoshligidayoq she’r yozishni boshlagan va

tez orada o‘z davrining adabiy doiralarida e’tibor qozongan. U zamonasining

iste’dodli shoirlaridan biri sifatida tanilib, muammo – she’r orqali bilma-bilma

tarzidagi adabiy o‘yin san’atini mukammal bilgan ijodkor sifatida shuhrat

qozongan (Aхмедов Б., 2003: 30).

Vosifiy qalamiga mansub “Badoyi’ al-vaqoyi’” asari Temuriylar sulolasi

davrida, xususan, Sulton Husayn Mirzo hukmronligi davrida faoliyat ko‘rsatgan

adabiy majlislar haqida eng muhim manbalardan biri sanaladi (Зайниддин

Восифий, 1979: 216).

Vosifiyning o‘z esdaliklariga ko‘ra, uning onasi tomonidan qarindoshi bo‘lgan

Mavlono Sohibdor bir kuni Alisher Navoiy huzurida undan so‘z ochgan. Navoiy

bu yosh shoir haqida eshitib, uni o‘zining she’riy majlislariga taklif etadi. Bu

xabarni eshitgan Vosifiy hayajondan uxlay olmaganini, “go‘yo ilon chaqqanday

tinchlana olmaganman” deya ifoda etadi. Uning bu holatini ko‘rgan otasi shunday

deydi:

“O‘g‘lim, ortiqcha hayajonlanma. Axir sen ham o‘zingga o‘xshagan

odamlarga qo‘shilasan. Biz esa ikki oyoq bilan qabrga yaqinmiz, Alloh oldida

hisobotga tayyorlanyapmiz.”

Ertasi kuni majlisda Alisher Navoiy Vosifiyini iste’dodli shoir va muammo

san’atini chuqur biluvchi inson sifatida tanishtiradi. Shunda Mavlono Muhammad

Badaxshiy:

“Janobim, bu san’atni sizchalik mukammal tushunadigan kishi hozirgacha

bo‘lmagan,” – deb, Navoiyning ustozligini ta’kidlaydi. Navoiy Vosifiyni sinab

ko‘rish uchun ikki satr muammo aytadi. Dastlab tortinchoqlik qilgan Vosifiy oxir-

oqibat jasorat bilan bu satrlarni yoddan bilishini aytadi. Shunda Navoiy tabassum

bilan: “Bu yigit go‘yo, ‘men bularni bilaman, menga bilmagan narsamni ayting‘

demoqchi,” – deya hazil bilan javob bergan.

Vosifiy keyinchalik tarixiy voqealarning bevosita ishtirokchisi sifatida ham

tanilgan. Temuriylar saltanati tugaganidan so‘ng, u Muhammad Shayboniyxon

saroyida xizmat qilgan. Biroq 1512-yilda Safaviylar Xurosonni bosib olganida,

Vosifiy majburan Movarounnahrga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Avval Samarqandda

yashagan, so‘ng Buxoroga ko‘chib o‘tgan.

Aynan shu davrda Vosifiy “Badoyi’ al-vaqoyi’” asarini yozib tugallagan

bo‘lib, taxminan 1532-yilda bitilgan bu asar muallifning shaxsiy xotiralari, Sulton

Husayn Mirzo davrining she’riy majlislari, Alisher Navoiy faoliyati, shuningdek,

o‘sha davrning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti haqida qimmatli ma’lumotlarni

o‘z ichiga oladi.

Vosifiy umrining so‘nggi yillarini Toshkentda o‘tkazgan va 1566-yilda shu

yerda vafot etgan. Uning ijodi, ayniqsa “Badoyi’ al-vaqoyi’” asari, o‘z davrining

adabiy-madaniy muhitini yoritishda bebaho manba sifatida qadrlanadi.

Asl ismi Davlatshoh ibn Alovuddavla Baxtishoh Samarqandiy bo‘lgan bu

mashhur adib va tarixchi taxminan 1427-yillar atrofida Hirotda tavallud topgan. U

Mirzo Shohruxning yirik amirlaridan biri bo‘lgan Firuzshohning amakivachchasi –

Alovuddavla Isfaroyining o‘g‘lidir. Davlatshoh o‘zining butun umrini deyarli

Temuriylar saroyi muhitida o‘tkazgan, chuqur ilmiy va adabiy ta’lim olgan ziyoli

shaxs sifatida tanilgan (Aхмедов Б., 2003: 85).

Uning Sulton Husayn Mirzo va Alisher Navoiy homiyligida yashagani, bu

ikki ulug‘ siymo tashkil etgan she’riy majlislarda faol ishtirok etgani ma’lum.

Davlatshoh bu davralarda o‘z davrining olim va adiblari bilan yaqindan tanishish

imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shunga qaramay, u siyosiy voqealarga aralashmagan,

zamonasining notinch sharoitidan yiroqda, Hirot yaqinidagi mulkida kitob o‘qish

va ilmiy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangan .

Davlatshohning eng mashhur asari – “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar

to‘plami”) bo‘lib, u 1491-yilda yozib tugallangan va Alisher Navoiyning o‘ziga

taqdim etilgan. Asar yetti tabaqa (bo‘lim) va bir xotimadan iborat bo‘lib, unda jami

153 shoirning hayoti va ijodi haqida ma’lumot keltirilgan. Shulardan 10 nafari

arab, 143 nafari forsiy tilda ijod qilgan adiblardir (Самарқандий Д., 1981: 224).

Muallif asarining muqaddimasida o‘zini “fors va arab shoirlarining tarjimayi

holini yozgan birinchi muallif” deb ataydi. Shu bois ayrim tadqiqotchilar

Davlatshoh avvalgi tazkiralardan – masalan, Nuridin Muhammad Afi’iyning

“Lubāb al-albāb” yoki Abu Tohir Hotuniyning “Manoqib ush-shuaro” asarlaridan

bexabar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydilar. Shunga qaramay, “Tazkirat

ush-shuaro” fors tili adabiyotida tazkira janrining yangi bosqichini boshlab bergan,

uslub va mazmun jihatidan avvalgi tazkira an’analarini boyitgan asar sifatida

baholanadi.

Alisher Navoiy ham o‘z navbatida Davlatshoh haqida iliq fikr bildirgan. U

“Majmuat ush-shuaro” nomli muhim asar muallifi sifatida Samarqandiyni

“hushta’b, darvish tabiatli, salohiyatli va ilmga muhabbatli” inson sifatida

ta’riflagan.

“Tazkirat ush-shuaro” Temuriylar davrida shakllangan tarixiy-adabiy

tafakkurning yorqin namunasi bo‘lib, u nafaqat shoirlar hayoti, balki XV asrning

madaniy muhitini, ilmiy va badiiy yo‘nalishlarini yoritadi. Asar o‘z davrida ham,

keyingi asrlarda ham fors-tojik va turkiy tazkirachilik maktabi uchun asosiy manba

bo‘lib xizmat qilgan. Undan keyingi tazkirachilar – masalan, Sami’, Ahdiy Bofqi,

Xondamir va boshqalar Davlatshoh asaridan keng foydalanganlar.

Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Is’hoq as-Samarqandiy 1413-yilda

Hirot shahrida tavallud topgan, 1482-yilda esa o‘sha yerda vafot etgan. Uning otasi

Jaloliddin Is’hoq aslida Samarqandlik bo‘lgani bois, Abdurazzoq “Samarqandiy”

taxallusini olgan.

Abdurazzoq Samarqandiy yoshligidan ilm-ma’rifatga qiziqib, tafsir, hadis,

fiqh, shuningdek, til va adabiyot fanlarini chuqur o‘rgangan. U zamonasining

mashhur olimlaridan saboq olib, keyinchalik Shohrux Mirzo saroyida turli ilmiy va

ma’muriy lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Dastlab u Qozi Azduddinning arab tili grammatikasiga bag‘ishlangan

“Risolayi Azudiya” nomli asariga sharh yozgan. Asarning debochasini Shohrux

Mirzoga bag‘ishlagan. Mazkur sharh saroy ahli tomonidan yuqori baholanib,

muallif imtihondan so‘ng saroy xizmatiga qabul qilingan.

Abdurazzoq Samarqandiy o‘z davrida nafaqat olim, balki mohir diplomat

sifatida ham tanilgan. U 1442-1444-yillarda Shohrux Mirzo tomonidan Janubiy

Hindistondagi Kalikut va Vijayanagar davlatlariga elchi sifatida yuborilgan. Bu

safar davomida u Hindiston siyosiy va madaniy hayoti, xalqaro savdo aloqalari

haqida qimmatli kuzatuvlar olib borgan. Elchilik davridagi bu tajribalar

keyinchalik uning mashhur tarixiy asarida o‘z ifodasini topgan.

Abdurazzoq Samarqandiyning eng mashhur asari – “Matla’ as-sa’dayn va

majma’ al-bahrayn” (“Ikki saodat yulduzining chiqish joyi va ikki dengiz

qo‘shilgan joy”) bo‘lib, u 1470-yilda yozib tugallangan. Asar o‘z davrining eng

mukammal tarixiy manbalaridan biri sifatida baholanadi (Абдураззоқ

Самарқандий, 2008: 832).

Asar ikki jilddan iborat:

– Birinchi jildda 1304-1405-yillar oralig‘idagi voqealar, ya’ni Chingizxon

avlodidan bo‘lgan Eron hukmdori Abu Said (1316-1335) davridan boshlab Amir

Temur vafotigacha bo‘lgan davr yoritilgan. Bu qismda O‘rta Osiyo, Afg‘oniston,

Eron, Ozarbayjon, shuningdek, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixiga

oid ma’lumotlar keltirilgan.

– Ikkinchi jildda esa Amir Temurning avlodlari, xususan Shohrux Mirzo,

Abulqosim Bobur, Abusaid Mirzo va nihoyat Sulton Husayn Mirzo davrlarigacha

bo‘lgan siyosiy voqealar bayon etilgan. Asar Sulton Husayn Mirzoning 1470-yilda

ikkinchi bor taxtga o‘tirilishi bilan yakunlanadi.

“Matla’ as-sa’dayn” asari Temuriylar tarixshunosligining eng muhim

manbalaridan biri bo‘lib, muallif voqealarga bevosita guvoh sifatida yondashgan.

Asarda siyosiy voqealar bilan bir qatorda, diplomatik yozishmalar, iqtisodiy

ma’lumotlar, elchilik tajribalari, ijtimoiy hayot tafsilotlari ham keltiriladi.

Xondamir ma’lumotiga ko‘ra, Sulton Abusaid Mirzo tomonidan 1463-yilda

Shohrux Mirzo qurdirgan xonaqohda Abdurazzoq shayxlik lavozimiga

tayinlangan. Shu bois, u nafaqat tarixchi, balki diniy-ruhiy yetuklik darajasiga

yetgan shaxs sifatida ham e’tirof etiladi.

Xondamir o‘zining “Habib as-siyar” asarida “Matla’ as-sa’dayn”ning

faqatgina Sulton Abusaid davrigacha bo‘lgan qismini ko‘rganini ta’kidlaydi. Biroq

hozirgi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Abdurazzoq asarni to‘liq shaklda 1470-yilda

yakunlagan.

Kamoliddin Abdurazzoq Samarqandiy o‘z davrining yirik tarixchisi,

diplomati va olimi sifatida Temuriylar saroyida muhim o‘rin egallagan. Uning

“Matla’ as-sa’dayn va majma’ al-bahrayn” asari o‘z davri siyosiy, ijtimoiy va

madaniy hayotini yorituvchi eng ishonchli manbalardan biri bo‘lib, keyingi

tarixchilar, jumladan, Xondamir va Mirxond uchun asosiy manba bo‘lib xizmat

qilgan.

Alisher Navoiy Temuriylar davrida shakllangan Hirot ilmiy-adabiy

markazining yetuk allomalaridan biri bo‘lib, nafaqat adabiyot, tilshunoslik va

falsafa, balki tarix sohasida ham muhim ilmiy asarlar yaratgan. U o‘z davrida ilm

ahliga homiylik qilib, ko‘plab iste’dod egalari – xususan, mashhur tarixchi

Xondamirning shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan.

Alisher Navoiy tarixiy asarlarida insoniyat tarixini diniy, axloqiy va falsafiy

jihatdan talqin qilib, tarixni ma’naviy tarbiya vositasi sifatida yondashgan. Uning

tarixiy asarlari orasida “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda “Tarixi mulki Ajam”

alohida o‘rin tutadi.

Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” nomli risolasi islom dini

manbalariga tayangan holda nasriy uslubda yozilgan bo‘lib, payg‘ambarlar va

olimlar tarixini o‘z ichiga oladi. Asar diniy tarix yo‘nalishida yaratilgan bo‘lsa-da,

u chuqur falsafiy, axloqiy va tarbiyaviy ma’noga ega bo‘lgan nasriy asardir

(Алишер Навоий, 1966: 216).

Asarda Navoiy Odam alayhissalomning yaratilishidan boshlab, Muso, Yusuf,

Sulaymon kabi payg‘ambarlarning hayot yo‘lini ixcham, ammo ibratli tarzda

hikoya qiladi. U o‘quvchini o‘z zamonini to‘g‘ri anglashga, payg‘ambarlar

hayotidan ibrat olishga undaydi.

Asarning ikkinchi qismi hakimlar (donishmandlar) tarixiga bag‘ishlangan

bo‘lib, unda Luqmoni Hakim, Buqrot, Aflotun, Batlimus, Buzurjmehr kabi 13

allomaning hayoti, ilmiy faoliyati va hikmatli so‘zlari haqida ma’lumotlar beriladi.

Navoiy har bir faylasuf haqida nasriy tavsif bergach, o‘sha donishmandning

hikmatiga mos she’riy bayt keltiradi. Bu jihatdan asar diniy-falsafiy tarix bilan

badiiy uslubning uyg‘unlashgan namunasidir.

Navoiy bu asarini yaratishda “Tarixi Tabariy”, “Tarixi Banokatiy”, “Qissasi

Rabg‘uziy” kabi islomiy tarix manbalaridan foydalanganini ochiq ko‘rsatadi. Shu

sababdan “Tarixi anbiyo va hukamo”ni o‘rta asrlar islom tafakkuri va yunon

falsafasi uyg‘unlashgan tarixiy-nasriy yodgorlik deb baholash mumkin.

Alisher Navoiyning tarix sohasidagi ikkinchi muhim asari – “Tarixi mulki

Ajam” (“Ajam podshohlari tarixi”) bo‘lib, u ilmiy dalillar va qadimiy manbalarga

tayangan holda yozilgan risoladir. Asarda Eron va Turon hududida hukmronlik

qilgan to‘rt yirik sulola: Peshdodiylar, Kayoniylar, Ashkoniylar, Sosoniylar tarixi

batafsil bayon etiladi.

Muallif ushbu sulolalarga mansub 63 nafar hukmdor hayoti haqida so‘z

yuritadi: Peshdodiylardan 11, Kayoniylardan 9, Ashkoniylardan 15 va

Sosoniylardan 28 kishi. Navoiy nafaqat sulolalar faoliyatini, balki shaharlarning

qurilishi, Navro‘z bayramining kelib chiqishi, madaniy qadriyatlarning

shakllanishi haqida ham batafsil ma’lumot beradi.

Diqqatga sazovor jihati shundaki, muallif tarixiy jarayonda uch ayol hukmdor

– Humoy, Turonduxt va Ozarmduxt faoliyatini ham alohida tilga oladi. Bu esa

Navoiy tarixiy tafakkurining kengligi va ayollar rolini e’tirof etganini ko‘rsatadi.

“Tarixi muluki Ajam” risolasi Navoiy tarixshunoslikdagi ilmiy salohiyatini,

qadimgi Eron tarixiga chuqur e’tiborini va aniq manbalar asosida yozish

qobiliyatini namoyon etadi. Asar Temuriylar davri tarixiy tafakkurining yuqori

bosqichini ifodalaydi.

Alisher Navoiy o‘zining tarixiy asarlari orqali Temuriylar davrida shakllangan

ilmiy-madaniy uyg‘onishga beqiyos hissa qo‘shgan. “Tarixi anbiyo va hukamo”

diniy-falsafiy mazmunga ega axloqiy-nasriy tarix, “Tarixi mluki Ajam” esa

qadimgi Eron siyosiy tarixining ilmiy manbasi sifatida o‘z davrida noyob o‘rin

tutadi.

Navoiy bu asarlari orqali insoniyat tarixiga axloq, ilm, hikmat va ma’rifat

nuqtayi nazaridan yondashgan, tarixni inson kamoloti yo‘lida ma’naviy saboq

manbai sifatida talqin etgan. Shu bois u Temuriylar davrida nafaqat adabiyot, balki

tarixshunoslik maktabining ham poydevorchilaridan biri sifatida qadrlanadi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Sulton Husayn Mirzo va Alisher Navoiy homiyligida shakllangan Hirot
maktabi XV asr oxiri – XVI asr boshlarida o‘zbek va fors-tojik tarixnavisligini
mutlaqo yangi konseptual bosqichga olib chiqdi. Mirxond, Xondamir va
Abdurazzoq Samarqandiy kabi muarrixlar tarixiy jarayonlarni shunchaki
xronologik qayd etish an’anasidan voz kechib, voqealarning sabab-oqibat
bog‘liqliklarini, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy omillarni tanqidiy tahlil qilish
uslubini joriy etdilar. Shu bilan birga, Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va
hukamo” hamda “Tarixi mulki Ajam” asarlari orqali tarix fani quruq
faktologiyadan chiqib, falsafiy-axloqiy va ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etdi.
Siyosiy tarix qatorida adabiy-madaniy hayotni ham keng yoritgan Zayniddin
Vosifiy va Davlatshoh Samarqandiy o‘z davrining to‘laqonli manzarasini
yaratishga erishdilar. Umuman olganda, Hirot maktabining bu kabi
manbashunoslik va uslubiy yondashuvlari keyingi asrlarda Turon hamda Eron
zaminida shakllangan yirik saltanatlar tarixshunosligi uchun muhim poydevor
vazifasini o‘tab berdi.
Tadqiqot natijalariga tayangan holda, kelgusidagi ilmiy izlanishlarni yanada
chuqurlashtirish uchun bir qator amaliy qadamlarni qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Dastavval, ushbu davr muarrixlari asarlarining to‘liq ilmiy muomalaga
kiritilmagan qismlarini akademik tarjima qilib, xalqaro ilmiy jamoatchilikka
taqdim etish zarur. Xususan, Hirot tarixchilarining asarlarida qayd etilgan
qo‘shinlarning soni, tuzilishi, taktikasi va harbiy san’atga oid qimmatli
ma’lumotlarni faqatgina umumtarixiy nuqtayi nazardan emas, balki harbiy ish va
iqtisodiyot mutaxassislarini jalb qilgan holda, kompleks tadqiq etish muhim ilmiy
ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, Hirot maktabi yutuqlarini keyingi davr
Movarounnahr va Hindiston tarixnavislik maktablari asarlari bilan qiyosiy
o‘rganish hamda olingan natijalarni nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda ingliz tilida
keng yoritish tarix fanimizning xalqaro integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
1. Абдураззоқ Самарқандий. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаи баҳрайн
/ Форс тилидан таржима ва изоҳлар муаллифи А.Ўринбоев. Ж. II. Қ. I. 1405 –
1429 йил воқеалари. – Т. : «O‘zbekiston». – 632 б.
2. Алишер Навоий. (1966) Мажолисун‐нафоис. Нашрга тайёрловчи
С.Ғаниева. – Т.: Ғафур Ғулом.
3. Аҳмедов Б. (2003) Ўзбекистоннинг атоқли тарихшунос олимлари
(био‐ библиографик маълумотнома). Тарихшунослар ва тарих муаллимлари
учун қўлланма. – Т.: «Чўлпон». – 110 б.

4. Бўриев О. (2017) Темурийлар даври ёзма манбаларида Марказий

Осиё тарихий географияси. – Т.: «Mumtoz so‘z». – 352 б.

5. Восифий Зайниддин Маҳмуд. (1979) Бадоеъ ул-вақоеъ / Форсийдан

тарж. Н. Норқулов. – Тошкент: Fan. – 214 б.

6. Давлатшоҳ Самарқандий. (1981) Шоирлар бўстони («Тазкират уш‐

шуаро»дан) Форс‐тожик тилидан Б.Аҳмедов тарж.; Шеърларни С.Раҳмон

тарж. қилган. – Т.: Адабиёт ва санъат нашриёти. – 224 б.

7. Manz Beatrice Forbes. (2013) Timurlu İran’ında İktidar, Siyaset ve Din.

Çev. Dilek Şendil. İstanbul: İş Bankası Yayınları.

8. Мирхонд. (1996) Равзат ус‐сафо.// Амир Темур ва Улуғбек

замондошлари хотирасида / Б.Аҳмедов, У.Уватов, Ғ.Каримов ва бошқалар. –

Т.: “Ўқитувчи”. – Б. 100‐135.

9. Норқулов Н. (1996) Темурийлар даври маданияти тарихидан

лавҳалар. – Урганч: «Хоразм». – 127 б.

10. Rejepova Arazgul. (2019) Timurlarda kültürel hayat ve Sultan Hüseyin

Baykara dönemi. – Yüksek Lisans Tezi. – Ankara: Ankara Yıldırım Beyazıt

Üniversitesi, Sosyal Bilimler Enstitüsü, Tarih Anabilim Dalı. – 133 s.

11. Şeşen Ramazan. (1998) Müslümanlarda Tarihi Coğrafya Yazıcılığı.

İstanbul: İSAR Yayınları.

12. Хондамир Ғиёсиддин ибн Ҳумомиддин. (2013) Ҳабиб ус-сийар фи

ахбори афроди башар / Форс тилидан тарж., муқаддима муаллифлари: Ж.

Ҳазратқулов, И. Бекжонов. – Тошкент: Fan va texnologiya. – 1266 б.

13. Yıldırım T. (2002) Hüseyin Baykara Divanı (Metin-İnceleme-Dizin).

Doktora Tezi. Ankara Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, Türk Dili ve

Edebiyatı Anabilim Dalı, Ankara. – S. 210.

14. Юсупова Д. (2001) Творческое наследие Хондамира как источник по

истории и истории культуры Центральной Азии XV − XVI вв.: Автореф. дисс.

... докт. ист. наук. – Ташкент. − 67 с.

REFERENCES:
1. Abdurazzoq Samarqandiy. (2008) Matlai sa‘dayn va majmai bahrayn /
Fors tilidan tarjima va izohlar muallifi A. O‘rinboyev. J. II. Q. I. 1405 – 1429 yil
voqealari. – T. : «O‘zbekiston». – 632 b. (In Uzbek)
2. Alisher Navoiy. (1966) Majolisun-nafois. Nashrga tayyorlovchi S.
G‘aniyeva. – T.: G‘afur G‘ulom. (In Uzbek)
3. Aхmedov B. (2003) O‘zbekistonning atoqli tarixshunos olimlari (biobibliografik ma’lumotnoma). Tarixshunoslar va tarix muallimlari uchun qo‘llanma.
– T.: «Chulpon». – 110 b. (In Uzbek)

4. Bo‘riyev O. (2017) Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo

tarixiy geografiyasi. – T.: «Mumtoz so‘z». – 352 b. (In Uzbek)

5. Vosifiy Zayniddin Mahmud. (1979) Badoe‘ ul-vaqoe‘ / Forsiydan tarj. N.

Norqulov. – Toshkent: Fan. – 214 b. (In Uzbek)

6. Davlatshoh Samarqandiy. (1981) Shoirlar bo‘stoni («Tazkirat ush-

shuaro»dan) Fors-tojik tilidan B. Ahmedov tarj.; She’rlarni S. Rahmon tarj. qilgan.

– T.: Adabiyot va san’at nashriyoti. – 224 b. (In Uzbek)

7. Manz Beatrice Forbes. (2013) Timurlu İran’ında İktidar, Siyaset ve Din.

Çev. Dilek Şendil. İstanbul: İş Bankası Yayınları. (In Turkish)

8. Mirxond. (1996) Ravzat us-safo.// Amir Temur va Ulug‘bek

zamondoshlari xotirasida / B. Ahmedov, U. Uvatov, G‘. Karimov va boshqalar. –

T.: “O‘qituvchi”. – B. 100-135. (In Uzbek)

9. Norqulov N. (1996) Temuriylar davri madaniyati tarixidan lavhalar. –

Urganch: «Xorazm». – 127 b. (In Uzbek)

10. Rejepova Arazgul. (2019) Timurlarda kültürel hayat ve Sultan Hüseyin

Baykara dönemi. – Yüksek Lisans Tezi. – Ankara: Ankara Yıldırım Beyazıt

Üniversitesi, Sosyal Bilimler Enstitüsü, Tarih Anabilim Dalı. – 133 s. (In Turkish)

11. Şeşen Ramazan. (1998) Müslümanlarda Tarihi Coğrafya Yazıcılığı.

İstanbul: İSAR Yayınları. (In Turkish)

12. Xondamir G‘iyosiddin ibn Humomiddin. (2013) Habib us-siyar fi axbori

afrodi bashar / Fors tilidan tarj., muqaddima mualliflari: J. Hazratqulov, I.

Bekjonov. – Toshkent: Fan va texnologiya. – 1266 b. (In Uzbek)

13. Yıldırım T. (2002) Hüseyin Baykara Divanı (Metin-İnceleme-Dizin).

Doktora Tezi. Ankara Üniversitesi Sosyal Bilimler Enstitüsü, Türk Dili ve

Edebiyatı Anabilim Dalı, Ankara. – S. 210. (In Turkish)

14. Yusupova D. (2001) Tvorcheskoe nasledie Xondamira kak istochnik po

istorii i istorii kul’tury Tsentral’noy Azii XV − XVI vv.: Avtoref. diss. ... dokt. ist.

nauk. – Tashkent. − 67 s. (In Russian)