ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Temuriylar tarixi davlat muzeyi ekspozitsiyasida qo‘lyozmalarni namoyish etish imkoniyati va ahamiyati

Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI EKSPOZITSIYASIDA
QO‘LYOZMALARNI NAMOYISH ETISH IMKONIYATI VA
AHAMIYATI
THE OPPORTUNITIES AND IMPORTANCE OF EXHIBITING

MANUSCRIPTS IN THE EXPOSITION OF THE STATE MUSEUM OF
THE TEMURID HISTORY

ВОЗМОЖНОСТИ И ЗНАЧЕНИЕ ЭКСПОНИРОВАНИЯ
РУКОПИСЕЙ В ЭКСПОЗИЦИИ ГОСУДАРСТВЕННОГО МУЗЕЯ

ИСТОРИИ ТЕМУРИДОВ
Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
mustaqil izlanuvchisi;

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Muzey va eksponatlar ilmiy
bo‘limi kichik ilmiy xodimi
Tel.: +998 94 650-44-12

E-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Annotatsiya. Maqolada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu
Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan
temuriylar davriga oid manbalar haqida to‘plangan ma’lumotlar taqdim etiladi.
Ushbu tadqiqotdan ko‘zlangan maqsad temuriylar davri qo‘lyozmalari shunchaki
o‘rta asrlardan saqlanib qolgan kitoblar emas, balki ular o‘zi bilan birga bebaho
ma’naviy merosni mujassam etgani bilan birga ko‘plab fan sohalari taraqqiy
etganini isbotlovchi ashyo ekanini ta’kidlashdir. Ma’lumotlarni yig‘ishda
manbashunoslik va tarixshunoslikka murojaat etilgan holda ekspeditsion usul,
kuzatish va tahlil metodlaridan foydalanildi. Izlanish natijalari sifatida
Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan temuriylar davriga oid
manbalar anchagina ekani, ularni (yoki nusxalarini) namoyish etish orqali
temuriylar davri ilm-fani, madaniyati va san’atini kengroq yoritish uchun katta
imkoniyatlar mavjudligi bayon etiladi.

Kalit so‘zlar: Temuriylar, muzey, ekspozitsiya, qo‘lyozma, ilm-fan, tarix,
tarixiy ashyo, san’at, madaniyat.

Annotation. The article presents collected information on sources related to
the Temurid period preserved at the Abu Rayhan Beruni Institute of Oriental
Studies of the Academy of Sciences of the Republic of Uzbekistan. The main
purpose of this research is to emphasize that the manuscripts of the Temurid era
are not merely books preserved from the Middle Ages, but also artifacts
embodying invaluable spiritual heritage and serving as evidence of the

development of numerous fields of science. In collecting the data, source studies

and historiography were consulted, while expeditionary methods, observation, and

analytical approaches were employed. As a result of the study, it is stated that the

Institute of Oriental Manuscripts preserves a considerable number of sources

related to the Temurid period, and that exhibiting them (or their copies) provides

broad opportunities for more comprehensive coverage of the science, culture, and

art of the Temurid era.

Keywords: Temurids, museum, exposition, manuscript, science, history,

historical artifact, art, culture.

Аннотация. В статье представлены собранные сведения об источниках

периода Темуридов, хранящихся в Институт востоковедения имени Абу

Райхана Беруни Академия наук Республики Узбекистан. Основная цель

данного исследования – подчеркнуть, что рукописи эпохи Темуридов

являются не просто книгами, сохранившимися со Средневековья, но и

артефактами, воплощающими бесценное духовное наследие и

свидетельствующими о развитии многих отраслей науки. При сборе

материалов использовались методы источниковедения и историографии, а

также экспедиционный метод, наблюдение и анализ. В результате

исследования отмечается, что в Институте востоковедения хранится

значительное количество источников, относящихся к эпохе Темуридов, а их

экспонирование (или демонстрация копий) открывает широкие возможности

для более полного освещения науки, культуры и искусства эпохи Темуридов.

Ключевые слова: Темуриды, музей, экспозиция, рукопись, наука,

история, исторический артефакт, искусство, культура.

KIRISH
Temuriylar davriga oid yozma manbalar bugungi kunda yurtimiz hamda
dunyoning ko‘plab muzeylari, kutubxonalari va kolleksiyalarida saqlanmoqda.
Ushbu qo‘lyozmalar temuriylar davri ilm-fani, san’ati, madaniyati va tafakkur
olamining yuksak darajasini mujassam etgan bebaho tarixiy manbalardir. Ularning
matni, xattotlik uslubi, bezaklari, miniatyuralari hamda kitobat san’ati
namunalarida o‘sha davr ma’naviy va ilmiy muhitining o‘ziga xos jihatlari yaqqol
namoyon bo‘ladi. Temuriylar davri qo‘lyozmalarini muzey ekspozitsiyalarida
namoyish etish orqali o‘sha davrda astronomiya, matematika, tibbiyot, tarix,
adabiyot, falsafa, geografiya va boshqa ko‘plab fan sohalari taraqqiy etganini keng
jamoatchilikka ko‘rsatish mumkin. Ayniqsa, qo‘lyozma sahifalari, miniatyuralar,
xattotlik namunalari hamda matnlarning tarjimalari orqali temuriylar davrida ilmiy
tafakkur va badiiy did yuksak darajada rivojlanganini ochib berish imkoniyati
mavjud. Bunday manbalar ajdodlarimizning ilmiy merosi, ularning insoniyat

taraqqiyoti yo‘lidagi buyuk xizmatlari va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan

hissasini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon

Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida temuriylar

davriga oid ko‘plab noyob manbalar saqlanadi. Mazkur qo‘lyozmalar orasida

tarixiy asarlar, ilmiy risolalar, diniy va badiiy adabiyot namunalari mavjud bo‘lib,

ular temuriylar davrining ilmiy va madaniy muhitini o‘rganishda muhim manba

vazifasini bajaradi. Ushbu manbalarni ekspozitsiyalarda asl holida yoki nusxalari

yordamida namoyish etish temuriylar davri madaniy merosini kengroq targ‘ib

qilish bilan birga, yosh avlodda tarixiy xotira va milliy merosga hurmat tuyg‘usini

shakllantirishga xizmat qiladi. Shu jihatlarni e’tiborga olib, temuriylar davri

qo‘lyozmalarini o‘rganish va ularni muzey ekspozitsiyalarida namoyish etish

imkoniyatlarini tadqiq etish muhim ilmiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Mazkur

maqolada temuriylar davriga oid qo‘lyozma manbalar, ularning mazmun-mohiyati

hamda ekspozitsiyalarda namoyish etish imkoniyatlari haqida tavsifiy va tahliliy

ma’lumotlar keltiriladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu mavzuni tadqiq etish jarayonida temuriylar davri qo‘lyozmalarini
muzey ekspozitsiyalarida namoyish etish masalasiga bag‘ishlangan alohida ilmiy
tadqiqotlar, dissertatsiyalar yoki maxsus maqolalar deyarli aniqlanmadi. Mavjud
ilmiy adabiyotlarda temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar haqida ayrim ma’lumotlar
uchrasa-da, ularda asosan qo‘lyozmalarning tarixiy tavsifi yoki kataloglash
masalalariga e’tibor qaratilib, ularni muzey ekspozitsiyalarida namoyish etish
imkoniyatlari hamda ilmiy-ma’rifiy ahamiyati yetarlicha yoritilmagan. Shu bois
mazkur mavzu bugungi kungacha alohida tadqiqot obyekti sifatida keng
o‘rganilmagan ilmiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Shunday bo‘lsa-da, mavzuni o‘rganish davomida ayrim tadqiqotchilarning
ishlarida temuriylar davri manbalari va muzey kolleksiyalari haqida qisman
ma’lumotlar uchrashi kuzatildi. Jumladan, Dilafruz Qurbonova tomonidan tarix
fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Xorij muzeylarida
saqlanayotgan temuriylar davriga oid tarixiy va madaniy yodgorliklar” nomli
dissertatsiyada temuriylar davriga oid ayrim madaniy yodgorliklar va eksponatlar
haqida ma’lumotlar keltirilgan (Қурбонова Д., 2009). D. Kuryazovaning
“O‘zbekiston muzeylari va ularning mustaqillik davridagi faoliyati (Tarix va
o‘lkashunoslik muzeylari misolida)” nomli dissertatsiyasida esa Temuriylar tarixi
davlat muzeyining tashkil etilishi, ekspozitsiyasi va fondi haqida qisqacha
ma’lumotlar berilgan (Курязова Д., 2009).

Shuningdek, S. Eshpo‘latov tomonidan yozilgan “Samarqand davlat muzey-

qo‘riqxonasining temuriylar davriga oid arxeologik kolleksiyalari” nomli

maqolada Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi muzeylarda

saqlanayotgan temuriylar davriga oid ashyolar haqida statistik ma’lumotlar bayon

etilgan (Eshpo‘latov S., 2024). Biroq ushbu tadqiqotlarda qo‘lyozma

manbalarining ekspozitsiyadagi o‘rni, ularni namoyish etish usullari hamda ular

orqali temuriylar davri ilm-fani, madaniyati va san’atini yoritish imkoniyatlari

masalasi alohida tahlil qilinmagan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqot davomida asosan manbashunoslik, tarixshunoslik, kuzatish
va tahlil metodlaridan foydalanildi. Tadqiqotning asosiy manbalari sifatida
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan temuriylar davriga
oid manbalar, kataloglar hamda ilmiy adabiyotlarga murojaat qilindi.
Qo‘lyozmalarning mazmuni, bezak xususiyatlari, ilmiy yo‘nalishlari va
ekspozitsiyalarda namoyish etish imkoniyatlari qiyosiy hamda tavsifiy tahlil
asosida o‘rganildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan moddiy yodgorliklar o‘tmishdagi
hunarmandchilik va san’at taraqqiyotini aks ettirsa, yozma manbalar ularning ilmiy
salohiyati, tafakkuri va hayot tajribasini yoritib beradi. Shu bois temuriylar davri
madaniyati, ilm-fani, san’ati va adabiyotini aynan shu davr qo‘lyozma
manbalarisiz to‘laqonli o‘rganish mumkin emas.
Ma’lumki, Amir Temur va temuriy hukmdorlar kitobat san’ati hamda ilmiy
va badiiy asarlarni ko‘chirish va asrashga katta e’tibor qaratgan. Samarqand, Hirot
kabi shaharlarda kutubxonalar tashkil etilib, xattotlik, miniatyura va kitob bezagi
san’ati yuksak taraqqiy etdi. Natijada temuriylar davriga oid qo‘lyozmalar nafaqat
mintaqa, balki jahon madaniy merosining bebaho qismi sifatida qadrlanmoqda.
Mazkur manbalar temuriylar davri tarixini, ilmiy va madaniy yuksalishini
chuqurroq anglashga xizmat qiladi. Shu sababli ularni o‘rganish, targ‘ib qilish va
muzey ekspozitsiyalarida namoyish etish muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotda
foydalanilgan qo‘lyozmalar ikki guruhga mansub bo‘lib, bir qismi XIV–XV
asrlarda temuriylar homiyligida ko‘chirilgan va bezatilgan asarlar, ikkinchi qismi
esa temuriylar davri mualliflariga tegishli manbalardir. Ayrim nusxalar keyingi
asrlarda ko‘chirilgan bo‘lsa-da, asl asar temuriylar davriga oid bo‘lgani uchun
tadqiqot doirasiga kiritildi. Ushbu manbalar ikkinchi uyg‘onish davrida ilm-fan,

kitobat san’ati va badiiy tafakkur naqadar yuksak darajada rivojlanganini

ko‘rsatadi.

Temuriylar davriga oid tarixiy manbalar orasida umumiy tarix, sulolalar

tarixi, tarjimayi hol va memuar xarakterdagi qo‘lyozmalar alohida o‘rin tutadi.

Ushbu asarlar orqali nafaqat siyosiy voqealar, balki davrning ilmiy muhiti,

madaniy hayoti, kitobat san’ati va badiiy tafakkuri haqida ham muhim

ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin. Qo‘lyozmalarning aksariyati nafis nasx, suls

va nasta’liq xatlarida ko‘chirilgan bo‘lib, ayrim nusxalar miniatyuralar va bezaklar

bilan boyitilgani ularning san’at asari sifatidagi qiymatini ham oshiradi.

Shunday manbalardan biri “Jome at-tavorix” bo‘lib, Rashiduddin Fazlulloh

tomonidan yozilgan ushbu asarda dunyo xalqlari va mo‘g‘ullar tarixi bayon etiladi.

XV asrga oid fors tilidagi nusxa nasx xatida ko‘chirilgan bo‘lib, Sharq

tarixnavisligining muhim namunalaridan hisoblanadi (inv. №1620).

Temuriylar tarixini yoritishda “Zafarnoma” alohida ahamiyat kasb etadi.

Sharafuddin Ali Yazdiy qalamiga mansub ushbu asarda Amir Temur faoliyati va

temuriylar davri voqealari batafsil tasvirlangan. Samarqandda 1629-yilda

ko‘chirilgan nusxasi nasta’liq xatida bitilgan bo‘lib, sahifalaridagi miniatyuralar

davr madaniyati va harbiy hayotini tasvirlashi bilan qimmatlidir (inv. №4472).

Xurosonda XV asrda yoqutiy suls xatida bitilgan yana bir nusxasi ham

saqlanmoqda (inv. №3440).

Abdulloh Hotifiy tomonidan yozilgan “Temurnoma” hamda “Zafarnoma”

asarlari Amir Temur tarixining she’riy talqinini beradi. Ushbu qo‘lyozmalar

temuriylar davri voqealarini badiiy uslubda yoritishi bilan birga, miniatyuralari

orqali o‘sha davr estetik qarashlari va tasviriy san’atini namoyon etadi (inv.

№2102).

Tarixnavislikka oid muhim manbalardan yana biri “Ravzat as-safo” bo‘lib,

Muhammad Xovandshoh Mirxond tomonidan yozilgan ushbu asar Sharq

tarixshunosligining mashhur namunalaridan sanaladi. Abdurazzoq

Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” asari esa temuriylar

davrining siyosiy va diplomatik tarixini o‘rganishda muhim manbadir.

Shuningdek, G‘iyosuddin Ali qalamiga mansub “Ro‘znomai g‘azovoti

Hindiston”, Hofizi Abruning “Tarixi Hofizi Abru” hamda Mirzo Muhammad

Haydar Dug‘latning “Tarixi Rashidiy” asarlarida Markaziy Osiyo, Xuroson va

Sharqiy Turkiston tarixiga oid muhim ma’lumotlar uchraydi. Bu manbalar orqali

temuriylar davridagi siyosiy munosabatlar, geografik tasavvurlar va tarixiy

jarayonlarni kengroq anglash mumkin.

Badiiy va ma’naviy merosga oid manbalar orasida “Tarixi muluki Ajam”

hamda “Risolayi qudsiyya” kabi asarlar ham muhim o‘rin egallaydi. Ular o‘z

davrining diniy-falsafiy qarashlari, adabiy tafakkuri va ma’naviy muhitini yoritib

beradi.

Temuriylar davrida astronomiya va matematika fanlari yuksak taraqqiy etgan

bo‘lib, bu holat mazkur davrga oid ilmiy qo‘lyozmalarda yaqqol aks etadi.

Ayniqsa, Mirzo Ulug‘bek va uning ilmiy maktabi faoliyati natijasida Samarqand

sharq ilm-fanining muhim markazlaridan biriga aylangan. Qo‘lyozma manbalar

orqali o‘sha davr olimlarining osmon jismlarining harakati, hisob-kitob usullari,

geometriya va algebra borasidagi ilmiy qarashlarini kuzatish mumkin. Ushbu

asarlar nafaqat ilmiy mazmuni, balki xattotlik va kitobat san’ati namunasi sifatida

ham alohida ahamiyatga ega.

Astronomiyaga oid muhim manbalardan biri “Al-mulaxxas fi-l-haya” asari

hisoblanadi. Mahmud ibn Muhammad al-Chag‘miniy qalamiga mansub ushbu

qo‘lyozmada sayyoralar harakati, osmon ekvatori, ekliptika, qibla yo‘nalishini

aniqlash hamda quyosh va oy yillari haqida ma’lumotlar beriladi. Asarning 1443-

yilda Mashhadda ko‘chirilgan nusxasi temuriylar davri astronomik bilimlari qay

darajada rivojlanganini ko‘rsatadi (inv. №10417).

Nosiriddin Tusiy tomonidan yozilgan “Tatimma ar-risala mu’iniya” asarida

osmon jismlarining shakli, harakati va ular orasidagi masofalar tahlil qilinadi.

1422-yilda ko‘chirilgan ushbu nusxa temuriylar davrida astronomik merosga

bo‘lgan katta qiziqishni namoyon etadi (inv. №8990/2). Shuningdek, Sa’duddin

Taftazoniyning “Sharhu risolati-sh-shamsiyya” asari arifmetika va astronomik

qarashlarning o‘zaro bog‘liqligini aks ettiruvchi muhim sharhlardan biridir.

Temuriylar davri astronomiya maktabining eng yirik yodgorliklaridan biri

“Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” bo‘lib, unda astronomiyaning nazariy asoslari hamda

1018 ta yulduz koordinatalari jamlangan. XV asrda Ali Qushchi tomonidan

ko‘chirilgan ushbu qo‘lyozma jahon astronomiyasi tarixidagi eng muhim ilmiy

asarlardan biri sifatida e’tirof etiladi (inv. №2214). Ulug‘bekning astronomik

qarashlari keyingi asrlarda ham katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, Nizomiddin

Birjandiy tomonidan yozilgan “Sharhi Ziji Ulug‘bek” asari bunga misol bo‘la oladi

(inv. №704).

Astronomiya bilan bir qatorda matematika ilmi ham rivojlangan bo‘lib, bu

sohadagi qo‘lyozmalarda algebra, arifmetika, geometriya va hisob usullari keng

yoritilgan. Jumladan, “Al-faroyiz as-sirojiya” asarida meros taqsimoti

masalalarining algebraik yechimlari va matematik formulalar bayon etiladi. Ushbu

asarning XV asrga oid nusxasi matematik bilimlarning amaliy hayot bilan

chambarchas bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi (inv. №8693/2).

Nosiriddin Tusiyning “Jomi al-hisob bi-t-taxt va-t-turob” asarida butun va

kasr sonlar ustida bajariladigan arifmetik amallar yoritilgan bo‘lsa, “Risola dar ilmi

hisob” asarida hind hisobi, astronomik hisob va geometriya masalalari bayon

qilingan (inv. №3894/3).

Shuningdek, “Hisabu-l-hind”, “Jadvali sittiyn” hamda “Risolayi Sodiqiya dar

hisob” kabi qo‘lyozmalarda sonlar nazariyasi, kasrlar, algebra va astronomik

hisob-kitob usullari haqida muhim ma’lumotlar uchraydi.

Mazkur ilmiy manbalar temuriylar davrida aniq fanlar yuqori bosqichga

ko‘tarilganini, ajdodlarimizning ilmiy tafakkuri jahon sivilizatsiyasi rivojiga katta

hissa qo‘shganini ko‘rsatadi. Shu bois bu qo‘lyozmalarni muzey ekspozitsiyalarida

sahifalari, jadvallari va matn tarjimalari bilan birgalikda namoyish etish orqali

temuriylar davri ilm-fanining yuksak darajasini keng jamoatchilikka yetkazish

mumkin.

Temuriylar davrida tibbiyot, kimyo, diniy ilmlar va tasavvuf sohasi ham

yuksak taraqqiy etgan bo‘lib, bu holat davrga oid qo‘lyozma manbalarda yaqqol

aks etadi. Mazkur asarlar orqali o‘sha davr olimlarining inson salomatligi,

dorishunoslik, diniy tafakkur, axloqiy qarashlar va tasavvuf falsafasi haqidagi

bilimlari bilan tanishish mumkin. Ushbu qo‘lyozmalar ilmiy mazmuni bilan birga,

xattotlik, sahifa bezagi va kitobat san’atining nodir namunasi sifatida ham katta

ahamiyatga ega.

Tibbiyotga oid manbalar orasida “Sharh al-asbob va-l-alomat” alohida o‘rin

tutadi. Asarda kasalliklarning kelib chiqish sabablari va ularning belgilari haqida

ma’lumot berilgan bo‘lib, ushbu nusxa 1424-yilda ko‘chirilib Mirzo Ulug‘bekka

tuhfa qilingan (inv. №2872). Inson anatomiyasiga oid muhim manbalardan yana

biri “Risola dar tashrihi badani inson” asari bo‘lib, unda inson tanasining tuzilishi

va anatomik qarashlar bayon etiladi (inv. №2105).

Dorishunoslikka oid “Bahru-l-xavoss” asarida sodda va murakkab dorilar,

ularning tayyorlanish usullari hamda shifobaxsh xususiyatlari yoritilgan. Muallif

yunon, arab, hind va turkiy tibbiy an’analarni birlashtirgan holda dorivor moddalar

haqida keng ma’lumot beradi (inv. №2146). “Bahru-l-javohir” asari ham tibbiyot

va dorishunoslikka oid muhim manbalardan sanaladi.

Kimyo va tabiiy fanlarga oid qo‘lyozmalar orasida “Tansuqnomayi Ilxoniy”

asari e’tiborga loyiqdir. Ushbu manbada qimmatbaho toshlar, metallar va xushbo‘y

moddalar haqida ma’lumotlar berilgan bo‘lib, u temuriylar davrida mineralogiya

va kimyoviy bilimlarga qiziqish yuqori bo‘lganini ko‘rsatadi (inv. №4388/2).

Diniy ilmlarga oid qo‘lyozmalar esa temuriylar davrida Qur’on tafsiri, hadis,

fiqh va kalom ilmlari keng rivojlanganidan dalolat beradi. Jumladan, “Al-

Kashshof”, “Miftahu-t-tanzil”, “Mavahibi a’liya” va “Tafsiri Charxiy” kabi tafsir

asarlari diniy tafakkurning yuksak darajasini aks ettiradi. Ayniqsa, “Al-Jome as-

Sahih”ning 1399-yilda Buxoroda ko‘chirilgan nusxasi hadis ilmining

Movarounnahrdagi nufuzini ko‘rsatadi (inv. №3257/1).

Fiqh ilmlariga oid “Kitabu-l-usul”, “Kanzu-l-vusul ila ma’rifati-l-usul”,

“Xizonatu-l-fiqh” hamda “Al-Hidoya” singari asarlar islom huquqshunosligi va

fiqh maktablari taraqqiyotini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi.

Axloq va ma’naviyatga oid “Axloqi Jaloliy” hamda “Axloqi Muhsiniy”

asarlarida jamiyat, davlat boshqaruvi va inson odobiga doir qarashlar yoritilgan.

Bu manbalar temuriylar davrida axloqiy-falsafiy tafakkur ham rivojlanganini

ko‘rsatadi.

Tasavvufga oid qo‘lyozmalar orasida “Faslu-l-xitob”, “Fuqorotu-l-orifin”,

“Nafahotu-l-uns” va “Maqomoti Amir Kulol” kabi manbalar alohida ahamiyatga

ega. Ushbu asarlar orqali tasavvuf nazariyasi, mashhur so‘fiylar hayoti va

naqshbandiya tariqatining ma’naviy qarashlari haqida ma’lumot olish mumkin.

Mazkur qo‘lyozmalar temuriylar davrida ilm-fan, tibbiyot, diniy tafakkur va

ma’naviy hayot yuqori darajada rivojlanganini namoyon etadi. Ularni muzey

ekspozitsiyalarida sahifalari, miniatyuralari va matn tarjimalari bilan birgalikda

namoyish etish orqali temuriylar davri ilmiy va ma’naviy merosini keng

jamoatchilikka yanada ta’sirchan tarzda yetkazish mumkin.

Temuriylar davri badiiy adabiyoti qo‘lyozmalari sharq adabiy merosining eng

yuksak namunalaridan biri bo‘lib, ular nafaqat estetik tafakkur, balki davrning

ma’naviy, falsafiy va madaniy dunyoqarashini ham o‘zida mujassam etadi. Ushbu

asarlar orqali o‘rta asr sharqida she’riyat, epik adabiyot, nasriy hikoyalar hamda

tarjima an’analari yuksak darajada rivojlanganini kuzatish mumkin.

Qo‘lyozmalarning aksariyati nasta’liq, nasx va suls xatlarida ko‘chirilgan bo‘lib,

ular nafis bezaklar va miniatyuralar bilan boyitilgan.

Temuriylar davri adabiy merosida Xamsa dostonlari ham alohida o‘rin tutadi.

Ushbu asarlar forsiy va turkiy adabiyotning klassik namunalari bo‘lib, XV asrga

oid qo‘lyozma nusxalari temuriylar davrida ham yuqori darajada qadrlanganini

ko‘rsatadi.

Amir Xusrav Dehlaviy qalamiga mansub “Duvalroniy va Xizrxon” asari ham

temuriylar davrida keng tarqalgan she’riy meros namunasi bo‘lib, 1398-yilda

ko‘chirilgan nusxasi o‘zining badiiy uslubi bilan ajralib turadi (inv. №7454).

Shohnoma esa fors epik adabiyotining eng yirik yodgorliklaridan biri bo‘lib, 1450-

yilda ko‘chirilgan nusxasi temuriylar davrida ham bu asarga bo‘lgan yuksak

e’tiborni ko‘rsatadi (inv. №1585).

Falsafiy va tasavvufiy mazmundagi “Al-qasidat an-nafsiya” asari inson

ruhiyati va ma’naviy olami haqida chuqur qarashlarni ifodalaydi. “Kulliyoti

Sa’diy” va “Masnaviyi ma’naviy” esa sharq axloqiy-falsafiy tafakkurining asosiy

manbalaridan sanaladi.

Temuriylar davri adabiy muhiti Abdurahmon Jomiy ijodi bilan ham bevosita

bog‘liq bo‘lib, uning “Haft avrang”, “Yusuf va Zulayxo” hamda “Kulliyoti Jomiy”

asarlari fors-tojik adabiyotining yuksak namunalaridir.

Turkiy adabiyotning rivojida Xamsa va uning “Xazoyinu-l-maoniy”

“G‘aroyibu-s-sig‘ar”, “Navodiru-sh-shabob” hamda “Favoyidu-l-kibar” kabi

devonlar muhim o‘rin egallaydi. Bu asarlar turkiy tilda yuksak badiiy ifoda

imkoniyatlarini namoyon etgan.

Shuningdek, “Devoni Hofizi Sheroziy”, “Devoni Lutfiy”, “Devoni Qosimi

Anvor” kabi devonlar ham temuriylar davri adabiy muhitining rang-barangligini

ko‘rsatadi. “Kalila va Dimna” va “Anvori Suhayliy” esa qadimgi hind masalchilik

an’analarining sharq adabiyotidagi davomiyligini ifodalaydi.

Nasriy asarlar orasida “Majolisu-n-nafois”, “Mahbubu-l-qulub” hamda

“Samaratu-l-avroq” kabi manbalar adabiy tanqid, hikoya va axloqiy-ma’naviy

qarashlarni o‘zida jamlagan.

Mazkur qo‘lyozmalar temuriylar davrida adabiyot va badiiy tafakkur yuksak

bosqichga ko‘tarilganini, sharq klassik adabiyoti esa aynan shu davrda o‘zining

eng mukammal shakllaridan biriga erishganini ko‘rsatadi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Sanab o‘tilgan qo‘lyozmalar bilan bir qatorda, temuriylar davriga oid turli xil
tarixiy hujjatlar (jumladan, Shohrux Mirzo zamoniga tegishli farmon va
yozishmalar), maktublar (Xoja Ahror Valiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy
hamda Bobur nomalaridan namunalar), silsila hujjatlari, miniatyuralar va alohida
qo‘lyozma sahifalari ham mavjud. Ushbu manbalarni chuqur o‘rganish va muzey
ekspozitsiyalarida namoyish etish orqali temuriylar davri tarixini yanada keng va
ko‘p qirrali yoritish imkoniyati yaratiladi.
Manbalar majmuasiga nazar tashlansa, o‘sha davrda tarix, geografiya,
falakiyot, matematika, tibbiyot, kimyo, musiqa, adabiyot, tafsir, hadis, fiqh, aqoid
va tasavvuf kabi turli ilmiy yo‘nalishlarda yuksak bilimga ega olimlar yetishib
chiqqanini ko‘rish mumkin. Ular o‘z faoliyati bilan ushbu fanlarning rivojiga
sezilarli hissa qo‘shgan. Ajdodlarimizning bunday intellektual salohiyatini muzey
tashrifchilari e’tiboriga havola etish tarixiy haqiqatni tiklash, uni keng targ‘ib
qilish va ma’naviy merosni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, yuzga yaqin qo‘lyozma manbalarining har biri o‘zining
ham ilmiy, ham madaniy qiymati bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ekspozitsiya
zallarida ushbu kitoblarning ayrim sahifalarini elektron formatda yoki
kattalashtirilgan nusxalarda namoyish etish, ulardagi ilmiy va badiiy mazmunni

tashrifchilarga yetkazish orqali temuriylar davri ilm-fanining jahon sivilizatsiyasi

taraqqiyotidagi o‘rnini yanada aniqroq ifodalash mumkin.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, mazkur qo‘lyozmalar asosida asl nusxalar

yoki mulyajlardan iborat doimiy ko‘rgazmalar tashkil etish, shuningdek,

ekspozitsiyalarda ularning sonini kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Fikrimizcha,

qo‘lyozmalar o‘zining ilmiy-ma’naviy qiymati jihatidan boshqa muzey

ashyolaridan ustun turadi va buyuk tariximizni namoyish etishda eng muhim

manbalardan biri hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR VA MANBALAR:
1. D. Kurbanova, Z. Dosmetova, U. Karabayev, E.Khaitov, N. Nabieva, G.
Abdullaeva. (2025) Museum Artifacts as Linguistic Archives: Exploring Linguistic
Insights from Timurid Artifacts // Jurnal Arbitrer - Vol. 12 No. 4
2. Eshpo‘latov, S. (2024). Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining
temuriylar davriga oid arxeologik kolleksiyalari // International Journal of
Philosophical Studies and Social Sciences. Vol. 4, Issue 4. – P. 33-44.
3. Қурбонова Д. А. (2009). Хориж музейларида сақланаётган темурийлар
даврига оид тарихий ва маданий ёдгорликлар. Тарих фанлари номзоди илмий
даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация. – Тошкент.
4. Курязова Д. (2009). Ўзбекистон музейлари ва уларнинг мустақиллик
давридаги фаолияти (Тарих ва ўлкашунослик музейлари мисолида). Тарих
фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация.
– Тошкент.
5. Ўзбекистон маданий мероси. Самарқанд тўпламлари. – Toshkent, 2019.
6. Ўзбекистон маданий мероси. Ўзбекистон Республикаси Фанлар
академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти
тўплами. Биринчи қисм. – Toshkent, 2021.
7. Ўзбекистон маданий мероси. Ўзбекистон Республикаси Фанлар
академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти
тўплами. Иккинчи қисм. – Toshkent, 2021.
8. Ўзбекистон маданий мероси. Ўзбекистон Республикаси Фанлар
академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти
тўплами. Учинчи қисм. – Toshkent, 2021.
9. Ўзбекистон маданий мероси. Ўзбекистон Республикаси Фанлар
академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти
тўплами. Тўртинчи қисм. – Toshkent, 2021.
10. Ўзбекистон маданий мероси. Ўзбекистон Республикаси Фанлар
академияси Абу Райҳон Беруний номидаги Шарқшунослик институти
тўплами. Бешинчи қисм. – Toshkent, 2021.

11. Ўзбекистон маданий мероси. “Ичан Қалъа” давлат музей-

қўриқхонаси тўплами. – Toshkent, 2022.

REFENCES:
1. D. Kurbanova, Z. Dosmetova, U. Karabayev, E. Khaitov, N. Nabieva, G.
Abdullaeva. (2025) Museum Artifacts as Linguistic Archives: Exploring Linguistic
Insights from Timurid Artifacts // Jurnal Arbitrer - Vol. 12 No. 4. (In English)
2. Eshpo‘latov, S. (2024) Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasining
temuriylar davriga oid arxeologik kolleksiyalari // International Journal of
Philosophical Studies and Social Sciences. Vol. 4, Issue 4. – P. 33-44. (In Uzbek)
3. Kurbаnova D. A. (2009) Xorij muzeylarida saqlanayotgan temuriylar
davriga oid tarixiy va madaniy yodgorliklar. Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini
olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya. – Toshkent. (In Uzbek)
4. Kuryazova D. (2009) O‘zbekiston muzeylari va ularning mustaqillik
davridagi faoliyati (Tarix va o‘lkashunoslik muzeylari misolida). Tarix fanlari
nomzodi ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya. – Toshkent. (In
Uzbek)
5. O‘zbekiston madaniy merosi. “Ichan Qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi
to‘plami. – Toshkent, 2022. (In Uzbek)
6. O‘zbekiston madaniy merosi. Samarqand to‘plamlari. – Toshkent, 2019.
(In Uzbek)
7. O‘zbekiston madaniy merosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami.
Birinchi qism. – Toshkent, 2021. (In Uzbek)
8. O‘zbekiston madaniy merosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami.
Ikkinchi qism. – Toshkent, 2021. (In Uzbek)
9. O‘zbekiston madaniy merosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami.
Uchinchi qism. – Toshkent, 2021. (In Uzbek)
10. O‘zbekiston madaniy merosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami.
To‘rtinchi qism. – Toshkent, 2021. (In Uzbek)
11. O‘zbekiston madaniy merosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami.
Beshinchi qism. – Toshkent, 2021. (In Uzbek)