BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARIDA TANQIDIY FIKRLASHNI
SHAKLLANTIRISHDA INTERAKTIV METODLARDAN FOYDALANISH
ИСПОЛЬЗОВАНИЕ ИНТЕРАКТИВНЫХ МЕТОДОВ В ФОРМИРОВАНИИ
КРИТИЧЕСКОГО МЫШЛЕНИЯ У УЧАЩИХСЯ НАЧАЛЬНЫХ
КЛАССОВ
THE USE OF INTERACTIVE METHODS IN DEVELOPING CRITICAL
THINKING SKILLS OF PRIMARY SCHOOL STUDENTS
https://zenodo.org/records/19442253
Mamadiyorov Jamol Baxodirovich
Oriental universiteti
Uzluksiz ta’lim pedagogikasi kafedrasi v/b dotsenti
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel.:+998930058099
E-mail: jamol0058099@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tanqidiy
fikrlashni shakllantirish jarayonida interaktiv metodlardan foydalanishning pedagogik va
psixologik asoslari tahlil qilinadi. Tadqiqotda tanqidiy fikrlashning mazmuni
o‘quvchining bilish faoliyati bilan bog‘liq kognitiv jarayonlar – subyektiv baholash, tahlil
qilish, taqqoslash, refleksiya hamda mantiqiy xulosa chiqarish operatsiyalari bilan
izohlanadi. Boshlang‘ich maktab yoshida tafakkur konkret obrazli xarakterga ega bo‘lsada, aynan shu davrda mantiqiy operatsiyalar shakllanishi tanqidiy fikrlashni rivojlantirish
uchun qulay psixologik zamin yaratishi asoslab beriladi.
Maqolada interaktiv metodlarning (fikrni asoslab bayon qilish, savollarni
murakkablik darajasi bo‘yicha berish, qisqa mazmuniy ifoda usullari va muammoli
vaziyatlar) o‘quvchilarning tahliliy tafakkuri, dalillash madaniyati, umumlashtirish
hamda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishdagi o‘rni ko‘rsatib
beriladi.
Kalit so‘zlar: tanqidiy fikrlash, interaktiv metodlar, boshlang‘ich ta’lim, kognitiv
rivojlanish, refleksiv tafakkur, Bloom's Taxonomy, FSMU texnikasi, Sitsinkveyn,
muammoli ta’lim, coping-strategiyalar.
Abstract. The article examines the pedagogical and psychological foundations of
using interactive teaching methods to develop critical thinking skills in primary school
students. Critical thinking is interpreted as a complex cognitive process involving
subjective evaluation of information, analysis, comparison, reflection, and logical
reasoning. The study emphasizes that primary school age represents a sensitive period for
the formation of logical operations, which creates a psychological basis for the
development of critical thinking.
The paper highlights the role of interactive methods such as structured
argumentation, cognitive-level questioning techniques, concise meaning-expression
strategies, and problem-based learning in fostering analytical thinking, argumentation
culture, generalization skills, and independent decision-making abilities.
Keywords: critical thinking, interactive methods, primary education, cognitive
development, reflective thinking, Bloom's Taxonomy, FSMU technique, cinquain method,
problem-based learning, coping strategies.
Аннотация. В статье анализируются педагогические и психологические
основы использования интерактивных методов в формировании критического
мышления у учащихся начальных классов. Критическое мышление
рассматривается как сложный когнитивный процесс, связанный с субъективной
оценкой информации, анализом, сравнением, рефлексией и логическим выводом.
Обосновывается, что младший школьный возраст является благоприятным
периодом для развития логических операций, что создает психологическую основу
для формирования критического мышления.
Показано, что интерактивные методы обучения (аргументированное
выражение мысли, система вопросов различной когнитивной сложности, методы
краткого смыслового выражения, проблемные ситуации) способствуют развитию
аналитического мышления, культуры аргументации, обобщения и навыков
самостоятельного принятия решений.
Ключевые слова: критическое мышление, интерактивные методы,
начальное образование, когнитивное развитие, рефлексивное мышление,
таксономия Блума, техника FSMU, синквейн, проблемное обучение, копингстратегии.
KIRISH
Zamonaviy ta’lim sharoitida o‘quvchi bilimni faqat qabul qiluvchi emas, balki uni
anglaydigan, baholaydigan va asoslaydigan subyekt sifatida shakllanishi lozim. Axborot
hajmining keskin ortishi, turli qarashlar va ma’lumotlarning bir vaqtning o‘zida
mavjudligi sharoitida shaxsning mustaqil fikr yurita olishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Tanqidiy fikrlash aynan shu vazifani bajaruvchi intellektual mexanizm sifatida qaraladi.
U o‘quvchiga axborotni tahlil qilish, asoslangan xulosa chiqarish hamda qaror qabul
qilish jarayonida ongli pozitsiyani egallash imkonini beradi.
Boshlang‘ich ta’lim bosqichi shaxs tafakkurining shakllanishida hal qiluvchi davr
hisoblanadi. Aynan shu yoshda bilish jarayonlari tizimli tus ola boshlaydi, o‘quv faoliyati
esa bola rivojlanishining yetakchi omiliga aylanadi. O‘quvchi atrof-muhit haqidagi
tasavvurlarini kengaytirar ekan, ularni solishtirish, tasniflash va umumlashtirishga ehtiyoj
sezadi. Bu ehtiyoj tanqidiy fikrlashning dastlabki elementlarini yuzaga keltiradi
(To‘xtayeva M.M., 2018: 74).
Psixologik jihatdan tanqidiy fikrlash tafakkurning yuqori operatsiyalari — tahlil,
umumlashtirish, refleksiya va nazorat jarayonlari bilan bog‘liq (Raxmonov A., 2017:
118). O‘quvchi o‘z fikrining asoslanganligini tekshirishga, dalillarning ishonchliligini
baholashga va xulosalarini qayta ko‘rib chiqishga o‘rganadi. Bu esa bilish jarayonini
passiv qabul qilishdan faol qayta ishlash bosqichiga olib chiqadi.
Shuningdek, boshlang‘ich yoshda nutq faoliyatining rivojlanishi tafakkurning
shakllanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. O‘quvchi o‘z fikrini og‘zaki va yozma shaklda
ifodalash jarayonida uni izchil tuzishga, sabab–natija bog‘lanishlarini ko‘rsatishga
harakat qiladi. Bu jarayon tanqidiy fikrlashning kommunikativ asosini yaratadi
(Yo‘ldoshev J.G., 2020: 44).
Ta’lim jarayonida interaktiv muhit yaratish tanqidiy fikrlashni rivojlantirishning
muhim pedagogik sharti hisoblanadi. Muloqot, hamkorlik va muammoli vaziyatlarga
asoslangan faoliyat o‘quvchining tafakkurini faollashtiradi, uni izlanishga undaydi va
mustaqil xulosa chiqarishga o‘rgatadi (Qodirov B.R., 2019: 58). O‘quvchi fikr almashish
jarayonida turli nuqtayi nazarlarni solishtiradi, o‘z pozitsiyasini asoslaydi va shu orqali
intellektual tajriba orttiradi.
Shu bois tanqidiy fikrlashni shakllantirish boshlang‘ich ta’limda nafaqat didaktik
vazifa, balki ijtimoiy-pedagogik zarurat sifatida qaraladi. Bu ko‘nikma o‘quvchining
keyingi ta’lim bosqichlarida murakkab bilimlarni o‘zlashtirishi, mustaqil qaror qabul
qilishi hamda ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tanqidiy fikrlash pedagogik va psixologik adabiyotlarda shaxs tafakkurining
yuqori darajadagi shakli sifatida talqin qilinadi. U refleksivlik, dalillashga tayangan fikr
yuritish hamda asoslangan xulosa chiqarish qobiliyatlari bilan tavsiflanadi.
Tadqiqotchilar ushbu tushunchani shaxsning axborotni shunchaki qabul qilishi emas,
balki uni tekshirishi, tahlil qilishi va baholashi bilan bog‘laydilar (Qodirov B.R., 2019:
36). Bu jihat tanqidiy fikrlashni reproduktiv tafakkurdan ajratib turuvchi asosiy mezon
hisoblanadi.
Fikrlash sifatining shakllanishi aniqlik, izchillik, mantiqiylik va dalillanganlik kabi
intellektual mezonlarga tayangan holda kechishi ta’kidlanadi (Yo‘ldoshev J.G., 2020:
61). Mazkur mezonlar o‘quvchining fikrni asoslash madaniyatini shakllantiradi hamda
tafakkur jarayonining tartibli va izchil rivojlanishini ta’minlaydi. Shu bois tanqidiy
fikrlash faqat bilim miqdori bilan emas, balki fikr yuritish sifati bilan bog‘liq jarayon
sifatida qaraladi.
Boshlang‘ich yosh davrida tafakkurning rivojlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ushbu bosqichda o‘quvchilarning bilish faoliyati o‘quv
jarayoni bilan uzviy bog‘liq holda shakllanadi. O‘qitish jarayonida muloqot, hamkorlik
va o‘zaro ta’sir tafakkur faolligini kuchaytiruvchi muhim omillar sifatida qaraladi. Bu
jarayonda o‘quvchilar nafaqat bilim oladi, balki fikr yuritish usullarini ham o‘zlashtiradi.
Ayniqsa, dialogik muloqot tafakkurning ijtimoiy xarakter kasb etishiga xizmat qiladi.
Interaktiv metodlarning psixologik asoslari ham aynan shu jarayon bilan bog‘liq.
O‘quvchining faol ishtiroki, savol berishi, fikr bildirishi va muhokamada qatnashishi
uning tafakkur jarayonini faollashtiradi. Interaktiv metodlar o‘quvchini bilimni tayyor
shaklda qabul qiluvchi emas, balki uni qayta quruvchi subyektga aylantiradi. Shu jihatdan
ular konstruktiv ta’lim yondashuviga mos keladi, chunki bilim faol kognitiv faoliyat
natijasida shakllanadi.
Muammoli vaziyatlarga asoslangan o‘qitish metodlari o‘quvchilarning tafakkur
faoliyatini kuchaytiruvchi samarali vosita sifatida ko‘rib chiqiladi (Raxmonov A., 2017:
140). Bunday vaziyatlarda mavjud bilimlar bilan yangi talab o‘rtasida ziddiyat yuzaga
keladi. Ushbu kognitiv ziddiyat o‘quvchini faol fikrlashga undaydi. Muammoni hal etish
jarayonida tahlil qilish, taqqoslash, umumlashtirish va xulosa chiqarish operatsiyalari
tabiiy ravishda ishga tushadi. Shu tariqa tanqidiy fikrlash mexanizmlari faol shakllanadi.
Savollarni murakkablik darajasi bo‘yicha berish ham o‘quvchilarning fikrlash
chuqurligini oshiruvchi metod sifatida tavsiflanadi (To‘xtayeva M.M., 2018: 112).
Faktologik savollardan tahliliy va baholovchi savollarga o‘tish tafakkur darajasining
o‘sishiga olib keladi. Bunday yondashuv o‘quvchilarning sabab–natija aloqalarini
tushunishi va dalillangan xulosalar chiqarishiga xizmat qiladi.
Adabiyotlarda interaktiv ta’limning yana bir muhim jihati sifatida jamoaviy
muloqot va hamkorlik ko‘rsatiladi. Guruhli ish shakllarida o‘quvchilar o‘z fikrini
boshqalar bilan solishtiradi, muqobil nuqtayi nazarlarni tinglaydi va muammoni
birgalikda hal etadi. Bu jarayon tafakkurning dialogik va refleksiv xarakterini
kuchaytiradi. Natijada o‘quvchi o‘z fikrini qayta ko‘rib chiqish va asoslash ko‘nikmasini
rivojlantiradi.
Shuningdek, adabiyotlarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish jarayonida
o‘qituvchining roli ham alohida ta’kidlanadi. O‘qituvchining konstruktiv muloqotga
tayangan pedagogik pozitsiyasi, savollar orqali yo‘naltirishi hamda psixologik xavfsiz
muhit yaratishi o‘quvchilarning erkin fikr bildirishiga sharoit yaratadi. Bu esa tanqidiy
fikrlash jarayonining tabiiy rivojlanishiga xizmat qiladi.
Biroq mavjud tadqiqotlar ko‘proq tanqidiy fikrlash, interaktiv metodlar yoki
boshlang‘ich yosh psixologiyasini alohida o‘rganishga yo‘naltirilgan. Ularni yagona
metodik tizim sifatida integratsiyalash, ya’ni kognitiv mexanizmlar, interaktiv metodlar
va psixologik omillarni o‘zaro bog‘liq holda qo‘llash mexanizmlari yetarli darajada ishlab
chiqilmagan. Aynan shu holat ushbu maqolaning dolzarbligini belgilaydi.
Shunday qilib, adabiyotlar tahlili tanqidiy fikrlash, interaktiv ta’lim va
boshlang‘ich yoshdagi intellektual rivojlanish o‘rtasida uzviy bog‘liqlik mavjudligini
ko‘rsatadi. Biroq ularni yagona pedagogik tizim asosida qo‘llash mexanizmlarini ishlab
chiqish ilmiy izlanishni talab etadi. Mazkur maqola aynan shu yo‘nalishda nazariy asos
yaratishga qaratilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tanqidiy fikrlashni
shakllantirishda interaktiv metodlarning pedagogik va psixologik samaradorligini
o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqot dizayni aralash usulga asoslangan bo‘lib, nazariy va
empirik bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Nazariy bosqichda mavzuga oid pedagogik,
psixologik va metodik adabiyotlar tizimli tahlil qilingan, empirik bosqichda esa interaktiv
metodlarning amaliy qo‘llanilishi o‘rganilgan. Bu yondashuv tanqidiy fikrlashni
shakllantirish jarayonining nazariy asoslarini empirik natijalar bilan tasdiqlashga imkon
beradi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish o‘quvchining bilish jarayonida sodir bo‘ladigan
ichki kognitiv faoliyat bilan bevosita bog‘liq. O‘quvchi ma’lumotni shunchaki qabul
qilmaydi, balki uni mavjud bilimlari bilan bog‘laydi, taqqoslaydi va xulosa chiqaradi. Shu
sababli tanqidiy fikrlash faqat dars metodlari natijasi emas, balki tafakkurning psixologik
jarayonlari bilan bog‘liq murakkab intellektual faoliyatdir (Mamadiyorov J.B., Rashidova
M., 2025: 78).
O‘quvchining axborotni subyektiv baholashi uning shaxsiy tajribasi va mavjud
bilimlariga tayangan holda kechadi. Bu esa bilimni mexanik o‘zlashtirishdan mazmunan
tushunish bosqichiga o‘tishga yordam beradi. O‘quvchi ma’lumotni tayyor haqiqat
sifatida qabul qilmay, uni tahlil qiladi va o‘z qarashlari bilan bog‘laydi. Natijada bilim
ichki tafakkur tizimining bir qismiga aylanadi.
Tahlil qilish ko‘nikmasi ma’lumotni qismlarga ajratish, asosiy va ikkilamchi
jihatlarni farqlash hamda sabab–natija aloqalarini ko‘ra bilishda namoyon bo‘ladi. Bu
jarayonda o‘quvchi o‘z fikrlash jarayonini ham nazorat qila boshlaydi, dalillarning
ishonchliligini tekshiradi va xulosalarning asoslanganligini baholaydi.
Muammoli vaziyatlar tafakkurni faollashtiradi. O‘quvchi mavjud bilimlari yetarli
bo‘lmagan holatda muammoni hal qilishga harakat qiladi va shu jarayonda yangi
bilimlarni o‘zlashtiradi (Mamadiyorov J., 2021: 1873). Xulosa chiqarish bosqichida
vaziyatni tushunish, shartlarni tahlil qilish, ehtimoliy yechimlarni ko‘rib chiqish va
umumlashtirish ketma-ket amalga oshadi.
Interaktiv metodlar — tanqidiy fikrlashni faollashtiruvchi vosita
FSMU texnikasi o‘quvchini fikrini izchil asoslab ifodalashga o‘rgatadi. Fikr,
sabab, misol va umumlashtirish ketma-ketligi dalillash madaniyatini shakllantiradi
hamda mantiqiy xulosa chiqarishga yordam beradi.
Savollarni murakkablik darajasi bo‘yicha berish o‘quvchilarning fikrlash
chuqurligini oshiradi. Oddiy savollardan sababiy va baholovchi savollarga o‘tish ularni
mustaqil fikr bildirishga olib keladi.
Sitsinkveyn metodi esa tushunchaning mohiyatini qisqa va aniq ifodalashga
o‘rgatadi. Bu jarayon o‘quvchida sintez qilish va umumlashtirish ko‘nikmalarini
rivojlantiradi.
Murakkab topshiriqlar o‘quvchida zo‘riqish keltirib chiqarishi mumkin. Faol
yengib o‘tish strategiyalari o‘quvchiga qiyinchilikni tahdid emas, balki hal qilinadigan
vazifa sifatida qabul qilishga yordam beradi. Bu o‘ziga ishonch va ichki motivatsiyani
mustahkamlaydi.
Jamoaviy muloqot esa muammoni birgalikda tahlil qilish imkonini beradi.
O‘quvchilar fikr almashadi, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va bu jarayon emotsional
barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Interaktiv muhitda o‘qituvchining vazifasi psixologik xavfsizlikni ta’minlashdir.
Konstruktiv muloqot o‘quvchilarda erkin fikr bildirish va savol berish madaniyatini
shakllantiradi. O‘qituvchining yangilikka ochiqligi esa dars jarayonining samaradorligini
oshiradi (Mamadiyorov J., 2023: 149).
Tanqidiy fikrlashni shakllantirish boshlang‘ich ta’lim bosqichidayoq muhim
ahamiyat kasb etadi. Interaktiv metodlar va psixologik qo‘llab-quvvatlash
uyg‘unlashganda o‘quvchilarda mustaqil fikrlash va asoslangan xulosa chiqarish
ko‘nikmalari rivojlanadi.
Maqolada ko‘rib chiqilgan nazariy manbalar hamda pedagogik yondashuvlar tahlili
shuni ko‘rsatadiki, tanqidiy fikrlashni shakllantirish boshlang‘ich ta’lim bosqichida
o‘quvchilarning intellektual rivojlanish jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim
omil hisoblanadi. Bu jarayon o‘quvchi tafakkurining sifat jihatdan o‘zgarishi bilan
tavsiflanadi. O‘quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etishda qo‘llanilgan interaktiv
metodlar tafakkurning reproduktiv darajadan tahliliy, refleksiv va mazmuniy darajaga
o‘tishini ta’minlovchi didaktik vosita sifatida namoyon bo‘ldi. Natijada bilimni mexanik
takrorlash o‘rnini ongli idrok etish va asoslangan fikr yuritish egallaydi.
Kognitiv jarayonlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, ma’lumotni subyektiv baholash,
dalillash va tahlil qilish operatsiyalari o‘quvchining bilimni ongli o‘zlashtirishiga xizmat
qiladi. O‘quvchi axborotni tayyor shaklda qabul qilmay, balki uni mavjud bilimlari bilan
taqqoslaydi, ichki kognitiv tuzilmasiga moslashtiradi va shaxsiy xulosaga keladi. Bu
jarayon tafakkurning faol xarakter kasb etishini ko‘rsatadi. Natijada bilim eslab qolingan
ma’lumot emas, balki anglangan, asoslangan va mazmuniy tizimga integratsiyalashgan
bilimga aylanadi. Ushbu holat o‘quvchilarning intellektual mustaqilligi shakllanishining
muhim ko‘rsatkichi sifatida baholandi.
Interaktiv metodlarning ta’siri tahlili shuni ko‘rsatdiki, fikrni asoslab bayon
qilishga yo‘naltirilgan metodlar o‘quvchilarda mantiqiy izchillik va dalillash
madaniyatini shakllantiradi. Fikrni sabab bilan bog‘lash, misol bilan mustahkamlash va
umumlashtirish jarayonlari tafakkurning strukturalashuviga olib keladi. Bu esa
o‘quvchilarda mulohazalarning tizimli shakllanishiga xizmat qiladi. Savollarni kognitiv
murakkablik darajasi bo‘yicha berish o‘quvchilarning fikrlash chuqurligini oshirib, ularni
sabab–natija aloqalarini tushunishga va baholovchi xulosalar chiqarishga o‘rgatadi. Qisqa
mazmuniy ifoda metodlari esa tushunchaning mohiyatini ajratib olish va umumlashtirish
ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Muammoli vaziyatlarga asoslangan topshiriqlar natijasida o‘quvchilarda kognitiv
ziddiyat yuzaga kelishi, bu esa tafakkur faolligini oshirishi aniqlandi. O‘quvchi mavjud
bilimlari yetarli bo‘lmagan vaziyatda yangi yechim izlashga majbur bo‘ladi. Ushbu
jarayon tahlil, taqqoslash, umumlashtirish va mantiqiy xulosa chiqarish operatsiyalarini
tabiiy ravishda faollashtiradi. Natijada o‘quvchilarda muammoli vaziyatlarga ijodiy va
mantiqiy yondashuv shakllanadi. Bu holat tanqidiy fikrlashning amaliy faoliyat bilan
bog‘lanishini ta’minlaydi.
Psixologik omillar tahlili faol coping-strategiyalar, jamoaviy muloqot va ijtimoiy
qo‘llab-quvvatlash o‘quvchilarda emotsional barqarorlikni ta’minlashini ko‘rsatdi.
Murakkab topshiriqlarni bajarish jarayonida o‘quvchilarning irodaviy sifatlari
rivojlanadi, “qila olmayman” pozitsiyasi o‘rnini “qanday bajarish mumkin?” degan faol
yondashuv egallaydi. Bu esa tafakkurning barqarorligini va intellektual
moslashuvchanlikni kuchaytiradi. O‘quvchi qiyinchilikni to‘siq emas, balki hal etilishi
mumkin bo‘lgan vazifa sifatida qabul qilishga o‘rganadi.
Jamoaviy muloqot jarayonida o‘quvchilar fikr almashadi, muqobil nuqtayi
nazarlarni eshitadi va ularni taqqoslaydi. Bu jarayon tafakkurning dialogik xarakterini
kuchaytiradi hamda refleksiv fikrlashni rivojlantiradi. O‘quvchilar o‘z xulosalarini qayta
ko‘rib chiqish va asoslashga o‘rganadi. Natijada tafakkur jarayoni individual emas,
ijtimoiy boyitilgan xarakter kasb etadi.
O‘qituvchining metodik mahorati bilan bog‘liq natijalar interaktiv muhit
samaradorligi pedagogning emotsional barqarorligi va konstruktiv muloqotiga
bog‘liqligini ko‘rsatdi. Psixologik xavfsiz muhit yaratilganda o‘quvchilar erkin fikr
bildiradi, savol beradi va o‘z pozitsiyasini asoslashga harakat qiladi. Bu holat tanqidiy
fikrlashning tabiiy rivojlanishiga sharoit yaratadi. O‘qituvchi tomonidan qo‘llabquvvatlovchi yondashuv tafakkur jarayonining erkin va faol kechishiga imkon beradi.
Umuman olganda, o‘tkazilgan nazariy-pedagogik tahlillar interaktiv metodlarga
asoslangan ta’lim muhiti o‘quvchilarda:
— refleksiv tafakkur,
— mantiqiy izchillik,
— dalillash madaniyati,
— mustaqil qaror qabul qilish,
— intellektual moslashuvchanlik,
— muammoli vaziyatlarda faol pozitsiya egallash
ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishini ko‘rsatdi.
Shunday qilib, tanqidiy fikrlashni shakllantirish jarayoni interaktiv metodlar,
kognitiv mexanizmlar va psixologik qo‘llab-quvvatlash omillari uyg‘unligida samarali
kechishi aniqlandi. Mazkur natijalar boshlang‘ich ta’lim jarayonini o‘quvchi markazli,
tahliliy va refleksiv yo‘nalishda tashkil etish zarurligini ilmiy jihatdan asoslaydi.
Mazkur tadqiqot doirasida olingan natijalar boshlang‘ich ta’lim bosqichida
tanqidiy fikrlashni shakllantirish interaktiv pedagogik muhit bilan uzviy bog‘liq
ekanligini ko‘rsatdi. Tahlil natijalari shuni tasdiqlaydiki, tanqidiy fikrlash alohida metod
yoki topshiriq orqali emas, balki o‘quv jarayonining umumiy didaktik tuzilmasi
o‘zgargan taqdirdagina barqaror shakllanadi. Bu holat tanqidiy fikrlashni o‘qitish obyekti
emas, balki ta’lim jarayonining funksional natijasi sifatida talqin qilish zarurligini
ko‘rsatadi.
Nazariy manbalar bilan qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, tadqiqotda aniqlangan
kognitiv mexanizmlar — subyektiv baholash, refleksiya, dalillash va mantiqiy xulosa
chiqarish — tanqidiy fikrlash tuzilmasining asosiy komponentlari sifatida boshqa
tadqiqotlarda ham qayd etilgan. Biroq mavjud adabiyotlarda ushbu komponentlar
ko‘pincha alohida o‘rganilgan bo‘lib, ularning interaktiv metodlar bilan uzviy
integratsiyasi yetarli darajada tizimlashtirilmagan. Mazkur maqolada esa aynan shu
integratsiyalashgan yondashuv asoslandi: metod (interaktivlik), psixologik sharoit
(qo‘llab-quvvatlovchi muhit) va kognitiv jarayonlar bir butun tizim sifatida ko‘rib
chiqildi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, interaktiv metodlar qo‘llanilganda o‘quvchilarda
tafakkurning strukturaviy o‘zgarishi yuz beradi. Reproduktiv fikrlashdan tahliliy
fikrlashga o‘tish jarayonida o‘quvchilar savol berish, fikrni asoslash va muqobil nuqtayi
nazarlarni ko‘rib chiqishga o‘rganadi. Bu esa tafakkurning refleksiv xarakter kasb
etishiga olib keladi. Shunday qilib, interaktivlik nafaqat o‘quvchilarning faolligini
oshiradi, balki fikrlash sifatini ham o‘zgartiradi.
Muammoli vaziyatlar bilan bog‘liq natijalar ham muhim ilmiy xulosani ko‘rsatdi:
kognitiv ziddiyat tafakkur rivojlanishining tabiiy mexanizmi hisoblanadi. O‘quvchi
qiyinchilikka duch kelganda, u mavjud bilimlar tizimini qayta ko‘rib chiqishga majbur
bo‘ladi. Bu jarayon refleksiya va umumlashtirish operatsiyalarini faollashtiradi. Demak,
muammoli vaziyatlar o‘quvchining intellektual rivojlanishida rag‘batlantiruvchi omil
sifatida xizmat qiladi.
Psixologik omillar bilan bog‘liq natijalar ham alohida ahamiyatga ega. Tanqidiy
fikrlashning barqaror shakllanishi emotsional xavfsiz muhit bilan bevosita bog‘liq
ekanligi aniqlandi. O‘quvchi xatodan qo‘rqmagan sharoitdagina erkin fikr bildiradi, savol
beradi va o‘z pozitsiyasini asoslashga harakat qiladi. Shu bois tanqidiy fikrlashni
rivojlantirish pedagogik jarayon bilan bir qatorda psixologik muhitni ham o‘zgartirishni
talab qiladi.
O‘qituvchining roli bilan bog‘liq natijalar shuni ko‘rsatadiki, interaktiv ta’lim
sharoitida pedagogning funksiyasi bilim beruvchidan ko‘ra ko‘proq yo‘naltiruvchi va
tashkil etuvchi xarakter kasb etadi. O‘qituvchi savollar orqali tafakkurni faollashtiradi,
lekin tayyor xulosa bermaydi. Bu yondashuv o‘quvchilarning intellektual mustaqilligini
rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur tadqiqot natijalari boshlang‘ich ta’limda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish
masalasiga yangicha yondashuvni taklif etadi. Tanqidiy fikrlashni shakllantirish alohida
mavzu yoki mashq emas, balki ta’lim jarayonining metodik tashkil etilishi bilan bog‘liq
tizimli jarayon sifatida qaralishi lozim. Interaktiv metodlar, muammoli vaziyatlar va
psixologik qo‘llab-quvvatlash birgalikda qo‘llangandagina barqaror natija beradi.
Shu jihatdan mazkur maqola natijalari boshlang‘ich ta’lim jarayonini
modernizatsiya qilishga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlar uchun nazariy asos bo‘lib
xizmat qilishi mumkin. Tadqiqot tanqidiy fikrlashni shakllantirish masalasida interaktiv
pedagogikaning ustuvorligini tasdiqlaydi hamda o‘quv jarayonini o‘quvchi markazli
model asosida tashkil etish zarurligini ko‘rsatadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Boshlang‘ich ta’lim bosqichida tanqidiy fikrlashni rivojlantirish o‘quvchi
shaxsining intellektual shakllanish jarayonida strategik ahamiyat kasb etadi. Ushbu
jarayon o‘quvchining bilimni faqat reproduktiv tarzda o‘zlashtirishi bilan cheklanmay,
uni mazmunan anglash, tahlil qilish, taqqoslash hamda asoslangan xulosa chiqarish
faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Aynan boshlang‘ich yosh davrida tafakkur
operatsiyalarining shakllanishi faol bosqichga kiradi va bu davr tanqidiy fikrlash
ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun psixologik jihatdan qulay zamin yaratadi.
Subyektiv baholash, tahlil qilish, refleksiya va mantiqiy xulosa chiqarish kabi
kognitiv jarayonlar o‘quvchining bilish faoliyatini sifat jihatdan o‘zgartiradi. O‘quvchi
axborotni shunchaki eslab qolmaydi, balki uni o‘z tajribasi, mavjud bilimlari va ichki
dunyoqarashi bilan bog‘laydi. Natijada bilim tashqi axborot emas, balki shaxsning ichki
intellektual tizimining tarkibiy qismiga aylanadi. Bu esa o‘qitish jarayonini mexanik
o‘zlashtirish modelidan ongli va mazmuniy o‘zlashtirish modeliga olib o‘tadi.
Interaktiv metodlarning qo‘llanishi o‘quvchilarning fikrlash faolligini oshiruvchi
muhim pedagogik omil sifatida namoyon bo‘ldi. Fikrni sababiy asoslash, dalillar bilan
mustahkamlash, sabab – natija aloqalarini ko‘ra bilish va umumlashtirish ko‘nikmalari
aynan interaktiv yondashuv orqali tizimli ravishda rivojlanadi. Bunday metodlar
o‘quvchini tayyor javobni takrorlovchi emas, balki fikr yurituvchi va bilimni qayta
quruvchi subyekt sifatida shakllantiradi. Dars jarayonining reproduktiv xarakterdan
izlanish va muammoli faoliyat xarakteriga o‘tishi tanqidiy fikrlash rivojlanishining
muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Murakkab topshiriqlar bilan ishlash jarayonida o‘quvchilarda nafaqat kognitiv,
balki emotsional-irodaviy sifatlar ham rivojlanadi. Qiyinchiliklarni yengib o‘tish
jarayonida o‘quvchining ichki motivatsiyasi, o‘ziga ishonchi va irodaviy barqarorligi
mustahkamlanadi. “Qila olmayman” pozitsiyasi o‘rnini “qanday qilib bajarish mumkin?”
degan faol izlanish pozitsiyasi egallaydi. Bu holat tafakkurning moslashuvchanligini
oshiradi hamda o‘quvchining muammoli vaziyatlarga konstruktiv munosabatini
shakllantiradi.
Shu asosda xulosa qilish mumkinki, interaktiv ta’lim yondashuvi boshlang‘ich sinf
o‘quvchilarida refleksiv tafakkur, mantiqiy izchillik, dalillash madaniyati va mustaqil
qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishda samarali vosita hisoblanadi. Tanqidiy
fikrlash esa nafaqat ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi, balki shaxsning keyingi
ijtimoiy va kasbiy faoliyatida ham muhim intellektual tayanch vazifasini bajaradi.
Yuqoridagi fikr va xulosalardan kelib chiqib quyidagi xulosalarni keltirishimiz
mumkin bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinf darslarida interaktiv metodlarni tizimli ravishda qo‘llash orqali
o‘quvchilarning tahliliy va refleksiv tafakkurini rivojlantirishga yo‘naltirilgan didaktik
muhit yaratish maqsadga muvofiq.
O‘qituvchilarni interaktiv metodlar va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish
texnologiyalari bo‘yicha metodik tayyorgarligini kuchaytirish ta’lim samaradorligini
oshirishga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Mamadiyorov J. (2025). Innovatsion yondoshuv asosida boshlang‘ich sinf
o‘quvchilarining fikrlash qobiliyatini rivojlantirishning amaliy jihatlari // Maktabgacha
va maktab ta’limi jurnali. – 3(7).
2. Mamadiyorov J. B. (2021). Development of practical activity skills of students in
mathematics in e-learning environment // ACADEMICIA: An International
Multidisciplinary Research Journal. №.11(10).
3. Mamadiyorov J. B. (2023). Psychological possibilities of development of
creative-practical skills of future primary class teachers // Results of modern scientific
research. – P. 149-152.
4. Mamadiyorov J., & Rashidova M. (2025). Teacher's use of multimedia resources
technology in teaching mathematics lesson in primary grades // Multidisciplinary Journal
of Science and Technology. №. 5(1). – P. 78-81.
5. Niyozova D. S. (2021). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tafakkurni rivojlantirish.
– Toshkent: Ziyo nashri.
6. Qodirov B. R. (2019). Ta’limda interaktiv metodlar. – Toshkent: Tafakkur.
7. To‘xtayeva M. M. (2018). Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi. – Toshkent:
Innovatsion ta’lim nashriyoti.
8. Yo‘ldoshev J. G. (2020). Ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlar. –
Toshkent: Ma’naviyat.
REFERENCES:
1. Mamadiyorov J. (2025). Innovatsion yondoshuv asosida boshlang‘ich sinf
o‘quvchilarining fikrlash qobiliyatini rivojlantirishning amaliy jihatlari// Maktabgacha va
maktab ta’limi jurnali. №3(7). (In Uzbek)
2. Mamadiyorov J. B. (2021). Development of practical activity skills of students in
mathematics in e-learning environment// Academicia: An International Multidisciplinary
Research Journal.№11(10).
3. Mamadiyorov J. B. (2023). Psychological possibilities of development of
creative-practical skills of future primary class teachers// Results of modern scientific
research. – P. 149-152.
4. Mamadiyorov J., Rashidova M. (2025). Teacher's use of multimedia resources
technology in teaching mathematics lesson in primary grades// Multidisciplinary Journal
of Science and Technology. – 5(1). – P. 78-81. (In Uzbek)
5. Niyozova D. S. (2021). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida tafakkurni rivojlantirish.
– Toshkent: Ziyo nashri. (In Uzbek)
6. Qodirov B. R. (2019). Ta’limda interaktiv metodlar. – Toshkent: Tafakkur.
7. To‘xtayeva M. M. (2018). Boshlang‘ich ta’lim pedagogikasi. – Toshkent:
Innovatsion ta’lim nashriyoti. (In Uzbek)
8. Yo‘ldoshev J. G. (2020). Ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlar. –
Toshkent: Ma’naviyat. (In Uzbek)