TELEVIZION REKLAMALAR VA ISHONTIRISH: DIQQAT, XABAR
VA MANBA OMILLARI
TELEVISION ADVERTISING AND PERSUASION: ATTENTION,
MESSAGE AND SOURCE FACTORS
ТЕЛЕВИЗИОННАЯ РЕКЛАМА И УБЕЖДЕНИЕ: ФАКТОРЫ
ВНИМАНИЯ, СООБЩЕНИЯ И ИСТОЧНИКА
https://doi.org/10.5281/zenodo.21351090
Safarov Alisher Yunusaliyevich
Oriental universiteti “Biznes va boshqaruv”
kafedrasi dotsenti, PhD MDIS Tashkent tadqiqotchisi (DSc)
Tel.: +998 93-115-05-85
E-mail: ali-1985.05@mail.ru
Annotatsiya. Ushbu maqola televizion reklamalarning iste'molchilarni
ishontirish jarayonidagi rolini o‘rganishga bag'ishlangan. Tadqiqotda televizion
reklama xabarlarida diqqatni jalb qilish, xotirada saqlash va ishontirish o‘rtasidagi
o‘zaro bog'liqlik tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada reklama xabari va
ishontirish, manba va ishontirish hamda televizion reklamalarning texnik-ishlab
chiqarish xususiyatlari (harakat, rang, musiqa va format) nuqtayi nazaridan turli
omillar ko‘rib chiqilgan. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, reklama filmining
dastlabki 5-sekundida maqsadli auditoriyaning e'tiborini jalb qilish, vizual va
og'zaki elementlar o‘rtasida muvozanatni saqlash, musiqa va ovoz effektlaridan
maqsadga muvofiq foydalanish hamda reklama xabarining aniqlik va qisqaligini
ta'minlash reklama samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Maqola marketing
kommunikatsiyalari va reklama samaradorligini oshirish sohasida amaliy tavsiyalar
berishga mo‘ljallangan.
Kalit so‘zlar: televizion reklama, ishontirish, diqqat, xabar strategiyasi, vizual
aloqa, ovoz va musiqa, manba ishonchliligi, reklama samaradorligi.
Annotation. This article is devoted to the study of the role of television
advertising in the consumer persuasion process. The research analyzes the
interrelationship between attracting attention, memorization, and persuasion in
television advertising messages. The article also examines various factors from the
perspective of advertising messages and persuasion, source and persuasion, as well
as the technical-production characteristics of television advertising (movement,
color, music, and format). The research results indicate that capturing the target
audience's attention in the first 5 seconds of a commercial, maintaining a balance
between visual and verbal elements, purposefully using music and sound effects,
and ensuring the clarity and brevity of the advertising message significantly increase
advertising effectiveness. The article aims to provide practical recommendations in
the field of marketing communications and improving advertising effectiveness.
Keywords: television advertising, persuasion, attention, message strategy,
visual communication, sound and music, source credibility, advertising
effectiveness.
Аннотация. Данная статья посвящена изучению роли телевизионной
рекламы в процессе убеждения потребителей. В исследовании анализируется
взаимосвязь между привлечением внимания, запоминанием и убеждением в
телевизионных рекламных сообщениях. В статье также рассмотрены
различные факторы с точки зрения рекламного сообщения и убеждения,
источника и убеждения, а также технико-производственных характеристик
телевизионной рекламы (движение, цвет, музыка и формат). Результаты
исследования показывают, что привлечение внимания целевой аудитории в
первые 5 секунд рекламного ролика, поддержание баланса между
визуальными и вербальными элементами, целенаправленное использование
музыки и звуковых эффектов, а также обеспечение ясности и краткости
рекламного сообщения значительно повышают эффективность рекламы.
Ключевые слова: телевизионная реклама, убеждение, внимание,
стратегия сообщения, визуальная коммуникация, звук и музыка,
достоверность источника, эффективность рекламы.
KIRISH
Marketing adabiyotida ishontiruvchi reklama – bu brendning maqsadli
auditoriya tomonidan afzal koʻriladigan yoki afzal koʻrilishi lozim boʻlgan bir shaxs
sifatida idrok etilishiga koʻmaklashish orqali, istak/motivatsiya hamda
ishonch/munosabatni shakllantirishga qaratilgan faoliyatni anglatuvchi
tushunchadir. Reklamani ham oʻz ichiga olgan ishontiruvchi kommunikatsiyaning
asosida qadriyatlar bilan uygʻunlashtirilgan (integratsiyalashgan) xabarlar yotadi
(Shaughnessy O‘., 2004:37).
Boshqa tomondan, reklama va ishontiruvchi kommunikatsiya jarayoni
televideniye formati nuqtayi nazaridan baholanganda; rang, matn, musiqa va
reklama roligi formatidan tashqari, tegishli telekanalning tahririy muhiti hamda
taqdimot texnikasi kabi turli omillarning mavjudligi diqqatni tortadi. Boshqacha
aytganda, televideniye reklamalari mazkur medianing harakat, ko‘rinish, rang va
tovush imkoniyatlarini birlashtirishga imkon beradigan texnik infratuzilmasi tufayli
ishlab chiqarish jarayonida farqlanadi va bu farqlanish o‘zi bilan birga muayyan
qoidalarni keltirib chiqaradi.
Televizion reklamalar boshqa ommaviy axborot vositalaridagi reklamalarning
shunchaki video versiyasi emas (Bogart, 1988: 76). Televizion reklamalarning sifati
tasvirlarning muhimligini ta'kidlovchi elementlarning uyg'unlashuvidan vujudga
keladi. Masalan, reklama ijodkorlari 30 soniyalik televizion reklamada xabarni
yetkazish uchun tasviriy material va ovozdan juda samarali foydalanishlari zarurligi
sababli so‘zlar o‘rniga tasvirlarga ustuvorlik beradilar. Shu bilan birga, ranglar
reklama xabarining ham hissiy, ham haqiqiy tomonini qo‘llab-quvvatlaydi (Şimşek.,
2006: 26).
Ushbu maqolaning maqsadi televizion reklamalar vositasida ishontiruvchi
kommunikatsiya samaradorligini ta'minlashda rol o‘ynovchi asosiy omillarni –
diqqatni jalb qilish va esda saqlash, xabar va ishontirish hamda manba va ishontirish
– ilmiy adabiyotlar asosida tahlil qilishdir.
MAVZUGA OID ADABIYOTLARNING TAHLILI
Televizion reklamalar orqali ishontirish masalasi ilmiy adabiyotlarda keng
o‘rganilgan. Tadqiqotchilar tomonidan reklama samaradorligiga ta'sir etuvchi turli
omillar aniqlangan bo‘lib, ular asosan uchta yo‘nalishda: diqqat va esda saqlash,
xabar va ishontirish, hamda manba va ishontirish nuqtayi nazaridan tahlil qilingan.
Diqqatni jalb qilish va esda saqlash sohasida olib borilgan tadqiqotlar shuni
ko‘rsatadiki, televizion reklamalar orqali maqsadli auditoriyaning diqqatini jalb
etish umumiy qabul qilingan fikrga ko‘ra dastlabki 5 soniyada amalga oshiriladi
(Jewler 1989; Dunn va boshq., 1990:329). Reklamaga mavzu bo‘lgan narsaga
diqqati tortilgan shaxsning qiziqishi 5 soniyadan so‘ng ortishi yoki kamayishi
mumkin (Pesotskiy, 2003: 45). Sahnalar bevosita mahsulot, brend yoki xabar bilan
bog'liq bo‘lishi zarur.
Reklama tezligining ishontirish jarayoniga ta'siri ham muhim tadqiqot
yo‘nalishi hisoblanadi. Bolls, Muehling va Yoon (2003: 18-26) tomonidan olib
borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, reklama beruvchi maqsadi brend bilan
jozibali tasvirlar o‘rtasida assotsiatsiya (bog‘lanish) o‘rnatishga qaratilgan bo‘lsa,
reklama ijodkori tezlik omilini hisobga olishi kerak. Chunki tez sur'atli televizion
reklamalarning tomoshabinlarning istaksiz diqqatini jalb etishda nisbatan
samaraliroq bo‘lishi mumkinligi tadqiqotlar natijalari orqali aniqlangan. Agar
reklama beruvchining maqsadi mahsulot afzalliklarini aniq yetkazish bo‘lsa,
sekinroq sur'atdagi reklama tomoshabinlar xotirasida yaxshiroq saqlanishiga yordam
beradi.
Reklama muddati va samaradorligi o‘rtasidagi bog'liqlikni o‘rganish sohasida
ham muhim natijalar olingan. Fabian (1986) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot
natijasida reklama uzunligi va reklama samaradorligi o‘rtasida to‘g’ri bog’liqlik
mavjudligi aniqlangan. Du Plessis (2005:125) tadqiqoti natijalariga ko‘ra,
reklamaning samaradorligi xabar muddati bilan bevosita bog'liq. Reklama vaqti
qancha bo‘lishini marketing byudjeti emas, balki ijodiy g‘oyaning murakkabligi
belgilashi kerak. Agar g‘oya 60 soniyani talab qilsa, uni shuncha vaqt ko‘rsatish –
samaradorlikni saqlab qolish uchun yagona to‘g‘ri yo‘l (majburiyat) bo‘lib qoladi.
Manba va ishonchlilik masalasida Soh, Reid va King (2009:101-102)
tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, maqsadli auditoriyaning reklama
va reklama qilinayotgan mahsulot yoki brendga bo‘lgan ishonchi bilan manba
o‘rtasida to‘g’ri bog'liqlik mavjud. Shu bilan birga, manbaning ishonchliligi sotib
olish va sinab ko‘rish istagini kuchaytiruvchi ta'sirga ega (Khuong va Nguyen,
2015, 853-b.).
Wilmshurst va Mackay (2005, 232-235) televizion reklamalar va ishontiruvchi
kommunikatsiya jarayonini uch asosiy tamoyil asosida tushuntiradilar:
1) ma'noning vizual kommunikatsiyasi;
2) ma'noning og'zaki kommunikatsiyasi: reklama tili;
3) reklama ritorikasi.
Mualliflar ta'kidlashicha, reklamaning muvaffaqiyati uning mantiqiy
takliflariga emas, balki taqdim etgan fantastik tasavvurlari turlari va ularni yetkazish
usullariga bog'liq.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot nazariy-tahliliy yondashuv asosida qurilgan bo‘lib, mavzuga
oid ilmiy adabiyotlarni tizimli tahlil qilish metodidan foydalanilgan. Marketing
kommunikatsiyalari, reklama psixologiyasi va iste'molchi xatti-harakati sohasidagi
manbalar o‘rganilgan. Tahlil uch asosiy yo‘nalish – diqqatni jalb qilish va esda
saqlash, xabar va ishontirish, hamda manba va ishontirish – bo‘yicha tizimli
ravishda amalga oshirilgan. Olingan natijalar amaliy tavsiyalar shaklida
ifodalangan.
TAHLIL VA NATIJALAR
Diqqat, esda saqlash va ishontirish. Televizion reklamalar orqali maqsadli
auditoriyaning diqqatini jalb etish umumiy qabul qilingan qarashga ko‘ra dastlabki 5
soniyada amalga oshiriladi (Jewler, 1989; Dunn va boshq., 1990: 329). Armstrong
(2010: 267) ta'kidlashicha, auditoriyaning reklamani ko‘rishda davom etishini
ta'minlash uchun muvozanat juda muhim. Maqsadli iste'molchilarning reklamani
ko‘rishda davom etishlarini ta'minlash uchun ushbu muvozanat saqlangan holda
kompaniya xabari taqdim etilishi lozim.
Uzun harakatsiz sahnalar televizion reklamalarda qo‘llashga mos emas, chunki
tomoshabin diqqati va qiziqishini susaytiradi (Pesotskiy, 2003, 46-b.). Reklama
xabarlarida asosiy nuqtalarni kuchaytirish uchun qisqa sarlavhalar yoki shiorlardan
foydalanish maqsadga muvofiq. Yakuniy sahna kalit xabar bilan bog'liq bo‘lishi va
ushbu mahsulot, brend yoki asosiy savdo nuqtasini kuchaytiradigan xulosa bilan
xabar tugallanishi kerak. Chunki laboratoriya tajribalari natijalariga ko‘ra, xabarning
oxiri esda qolish darajasi boshqa vaqt darajalaridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha
yuqori (Armstrong, 2010, 268-b.).
Barker (1995, 13-b.) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra,
bog’lanish uchun telefon raqamini 11 soniya va undan ko‘proq ko‘rsatuvchi
reklamalar telefon raqamini 10 soniya va undan kam ko‘rsatuvchi reklamalarga
nisbatan besh baravar samaraliroq bo‘ladi.
Xabar va ishontirish. Xabar va ishontirish kontekstida televizion reklamalar
tahlil qilinganda, qadimgi g’or devorlaridan tortib hozirgi kungacha aloqa
jarayonida vizual madaniyat va uning natijalari har doim muhim bo‘lganligi sababli,
televizion reklamalardagi vizual matnning og'zakidan ancha muhim hisoblanishi
ko‘zga tashlanadi.
30 soniyalik televizion reklamada eng ko‘p 50 ta so‘z ishlatish yetarli deb
qabul qilinadi (Pesotskiy, 2003, 46–47-b.). Dunn va boshqalar (1990, 329-b.) “Aniq
bo‘ling va o‘ta zich matnlardan saqlaning” deb qisqacha ifodalaydi. Reklama xabari
iste'molchilarga mahsulot haqida ma'lumot beruvchi, tomoshabinlarning reklamani
eslab qolishini rag'batlantiradigan va reklama qilingan mahsulotni sotib olishga
undovchi televizion reklamaning eng muhim tarkibiy qismi hisoblanadi
(Mueller'dan iqtibos: Khuong va Nguyen, 2015, 853-b.).
Muvaffaqiyatli va samarali reklama kampaniyalarining kesishish nuqtasida
mavzu tanlash yoki foyda taklifi yotadi (Jewler, 1989, 210-b.). Shuning uchun
maqsadli auditoriyaning haddan tashqari aqliy mulohaza qilishiga (o‘ylanishiga)
olib keluvchi, turli ma'no va natijalarni yuzaga chiqaruvchi murakkab xabarlardan
qochib, yagona fikrga e'tibor qaratish tavsiya etiladi (Dunn va boshq., 1990, 329-b.).
Televizion reklamada yangi texnologiya taqdim etilsa, reklama filmi muammo
bilan boshlanishi, so‘ng eski texnologiyaning xususiyatlari muhokama qilinishi va
yangi texnologiya ko‘rsatilishi bilan reklama yakunlanishi kerak. Bu tartib faqatgina
yangi texnologiyaning imkoniyatlarini tushuntirishdan 4 baravar samaraliroq
(Pesotskiy, 2003, 47-b.).
Manba va ishontirish. Manba va ishontirish juftligi doirasida televizion
reklamalar o‘rganilganda, kalit nuqtada xabarni umumlashtiruvchi yagona kadr –
ya'ni "asosiy vizual" ko‘zga tashlanadi (Dunn va boshq., 1990, 329-b.). Soh, Reid va
King (2009, 101–102-b.) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, maqsadli
auditoriyaning reklama va reklama qilinayotgan mahsulot yoki brendga bo‘lgan
ishonchi bilan manba o‘rtasida to‘g’ri chiziqli bog'liqlik mavjud. Shu bilan birga,
manbaning ishonchliligi sotib olish va sinab ko‘rish istagini kuchaytirishga hissa
qo‘shadi (Khuong va Nguyen, 2015, 853-b.).
Odatiy nutq tezligi daqiqasi 160 ta soʻzni tashkil etadi. Maʼqul koʻriladigan
tinglash surʼati daqiqasi 150 dan 200 soʻzgacha boʻlgan oraliqda oʻzgarib turadi.
Kuchli dalillar keltirish uchun past nutq tezligi afzal koʻrilishi lozim. Tez gapirish
tinglovchilarning fikrlash jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Dalillari zaif boʻlgan
mahsulot va brendlarga oid reklamalarda baʼzan tez nutq temposi tanlanishining
asosida diqqatni chalgʻitish yotadi. Shu sababli, kuchli dalillar mavjud boʻlganda,
mijozlar maʼlumotlarni oʻzlashtirishlarini taʼminlash uchun sekin tempdan
foydalanish zarur (Armstrong, 2010, 274-b.). Ya’ni, ovoz va gapirish tezligi bilan
bog'liq holda televizion reklamalarda, past qiziqish darajasidagi mahsulotlar uchun
tez gapirish uslubidan foydalanish kerakligi ko‘zga tashlanadi. Tez nutq oqimi
mijozlarning minimal ma'lumotga muhtoj bo‘lishiga muvofiq bo‘ladi. Kuchli
dalillar mavjud bo‘lganda, mijozlar ma'lumotlarni qabul qila olishlari uchun past
nutq sur'atidan foydalanish zarur.
Wilmshurst va Mackay (2005, 232–235-b.) televizion reklamalarda maqsadli
auditoriyaning vizual, tushuntiruvchi materialga e'tiborini qaratishni ta'minlanish va
keyinchalik vizual elementlar bilan og'zaki elementlarning bog'liqligi orqali diqqatni
jalb etish va idrok etish chegarasini oshirishga ko‘maklashishni qo‘llabquvvatlaydilar. Reklama tiliga taalluqli so‘zlar hissiyot va assotsiatsiyalarni
yetkazadi, fikrlar xotiramizga olib keladi va voqealarni tegishli tarzda tavsiflaydi.
So‘zlarning (yoki rasmlarning) takrorlanishi, shuningdek, shior, e'tiborni tortuvchi
so‘z yoki jingl kabi elementlar kuchli ishontirish vositasidir.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, televizion reklamalar orqali
iste'molchilarni ishontirish murakkab va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, bir qancha
omillarning o‘zaro ta'siriga asoslanadi. Adabiyotlar tahlili asosida quyidagi
xulosalar shakllandi:
Birinchidan, diqqatni jalb qilish nuqtayi nazaridan, televizion reklamaning
dastlabki 5 soniyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kampaniyaning markazidagi
xabar, ssenariyning boshlanish qismiga joylashtirilishi zarur. Reklama boshida
mahsulot ko‘ringanda asosiy xabar berilishi va sarlavha sifatida bu xabar tasvirga
joylashtirilishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, xabar va ishontirish o‘rtasidagi munosabat nuqtayi nazaridan, 30
soniyalik televizion reklamada 50 ta so‘zdan oshmaydigan, aniq va yodda qoladigan
xabar eng maqbul variant hisoblanadi. Vizual va og'zaki elementlar bir-birini
to‘ldirib, yaxlit bir narativ sifatida shakllangan bo‘lishi kerak (Pesotskiy, 2003, 46-
b.).
Uchinchidan, manba ishonchliligi reklamaning ta'sir qilish darajasini
belgilovchi muhim omillardan biri sifatida namoyon bo‘ladi. Maqsadli auditoriya
uchun yangi brendlar uchun statusli ovozdan foydalanish foydali bo‘lishi mumkin.
Telefon raqami kabi aloqa ma'lumotlari ekranda kamida 6 soniya qolishi kerak
(Pesotskiy, 2003, 46–48-b.).
To‘rtinchidan, musiqa va ovoz effektlari mahsulot bilan bog'liqligi hisobga
olingan holda qo‘llanilishi lozim. Musiqa va ovoz ularning emotsional jozibadorligi
sababli gedonik mahsulotlar uchun mos keladi. Buning aksi oʻlaroq, kuchli
dalillarga ega va yuqori jalb darajasidagi mahsulotlarga doir televizion reklamalarda
ushbu juftlikdan (musiqa va ovozdan) keng foydalanilmaydi, chunki ular diqqatni
chalgʻitishi taxmin qilinadi. Xulosa qilib aytganda, televizion reklamalarda musiqa
yoki ovoz effektlaridan foydalanishda mahsulot bilan aloqadorlik jihatidan eʼtiborga
olinishi va ovoz effektlari bilan muvofiqlashtirilishi lozim (Armstrong, 2010, 271-
272-b.).
Kelajak tadqiqotlari uchun quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etiladi: raqamli
platformalar va televizion reklamalar o‘rtasidagi ishontirish samaradorligini qiyosiy
tahlil qilish; turli demografik guruhlar bo‘yicha reklama elementlarining ta'sirini
solishtirish; hamda Wilmshurst va Mackay (2005) tomonidan taklif etilgan uch
tamoyil – vizual kommunikatsiya, reklama tili va ritorika – asosida zamonaviy
televizion reklamalarni tahlil qilish.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Armstrong J. S. (2010). Persuasive advertising. – London: Palgrave
Macmillan.
2. Barker B. (1995). Direct response television advertising. // Admap, 30(9), –
Pp. 13-14.
3. Bogart L. (1988). The multiple meanings of television advertising // Society,
25(4), –Pp. 76-80.
4. Du Plessis E. (2005). The advertised mind: groundbreaking insights into
how our brains respond to advertising. Millward Brown and Kogan Page Limited.
5. Dunn S. W., Barban A. M., Krugman D. M., Reid L.N. (1990). Advertising:
Its role in modern marketing (7th ed.). The Dryden Press.
6. Fabian G. S. (1986). 15-second commercials: The inevitable evolution //
Journal of Advertising Research, 26(4), RC3-RC5.
7. Jewler A. J. (1989). Creative strategy in advertising (3rd ed.). Wadsworth
Publishing Company.
8. O‘Shaughnessy N. J. (2004). Persuasion in advertising (1st ed.). Routledge.
9. Pesotskiy Ye. (2003). Sovremennaya reklama: Teoriya i praktika. Feniks.
10. Safarov A. (2025). Reklamalarda ishontiruvchi aloqa // Ilgʻor iqtisodiyot va
pedagogik texnologiyalar, 2(1), –B. 238-247.
11. Safarov A. (2025). Reklamada ishontirish va kreativ xabar strategiyasi. //
Marketing, 2(4), – B. 488-499. https://doi.org/10.5281/zenodo.15804955
12. Safarov A. (2025). Televizion reklamalarining mahsulot brendini
shakllantirishdagi roli // Iqtisod, menejment va pul, 3, – B. 66-74.
13. Soh H., Reid L.N., King K.W. (2009). Measuring trust in advertising //
Journal of Advertising, 38(2), –Pp. 83-104.
14. Şimşek S. (2006). Reklam ve geleneksel imgeler. – İstanbul: Nüve Kültür
Merkezi.
REFERENCES:
1. Armstrong J. S. (2010). Persuasive advertising. – London: Palgrave
Macmillan UK.
2. Barker B. (1995). Direct response television advertising. // Admap, 30(9), –
Pp. 13-14.
3. Bogart L. (1988). The multiple meanings of television advertising // Society,
25(4), –Pp. 76-80.
4. Du Plessis E. (2005). The advertised mind: groundbreaking insights into
how our brains respond to advertising. Millward Brown and Kogan Page Limited.
5. Dunn S. W., Barban A. M., Krugman D. M., Reid L.N. (1990) //
Advertising: Its role in modern marketing (7th ed.). The Dryden Press.
6. Fabian G. S. (1986). 15-second commercials: The inevitable evolution //
Journal of Advertising Research, 26(4), RC3-RC5.
7. Jewler A. J. (1989). Creative strategy in advertising (3rd ed.). Wadsworth
Publishing Company.
8. O‘Shaughnessy N. J. (2004). Persuasion in advertising (1st ed.). Routledge.
9. Pesotskiy Ye. (2003). Sovremennaya reklama: Teoriya i praktika. Feniks.
10. Safarov A. (2025). Reklamalarda ishontiruvchi aloqa // Ilgʻor iqtisodiyot va
pedagogik texnologiyalar, 2(1), – B. 238-247.https://doi.org/10.60078/3060-4842-
2025-vol2-iss1-pp238 247 (In Uzbek)
11.Safarov A. (2025). Reklamada ishontirish va kreativ xabar strategiyasi. //
Marketing, 2(4), 488-499. https://doi.org/10.5281/zenodo.15804955 (In Uzbek)
12. Safarov A. (2025). Televizion reklamalarining mahsulot brendini
shakllantirishdagi roli // Iqtisod, menejment va pul, 3, – B. 66-74. (In Uzbek)
13. Soh H., Reid L.N., King K.W. (2009). Measuring trust in advertising. //
Journal of Advertising, 38(2), – B. 83-104.
14. Şimşek S. (2006). Reklam ve geleneksel imgeler. – İstanbul: Nüve Kültür
Merkezi. (In Turkish)