OʻZBEK TILIDAGI BA’ZI OʻZLASHMA QOʻSHIMCHALAR
XUSUSIDA
Nazokat
Oriental universiteti talabasi
Annotatsiya. Ushbu maqolada oʻzbek tilidagi oʻzlashma qoʻshimchalarning lingvistik
tabiati, ularning kelib chiqishi va soʻz yasash tizimidagi oʻrni tahlil qilinadi. Tadqiqotda forstojik, arab va rus tillaridan oʻzlashgan affiksal birliklar qiyosiy jihatdan oʻrganilib, ularning
funksional xususiyatlari ochib beriladi. Xususan, fors-tojik tilidan oʻzlashgan qoʻshimchalarning
oʻzbek tilida faol derivatsion vosita sifatida ishtirok etishi, arab va rus tillaridan kirib kelgan
birliklarning esa asosan tayyor leksema sifatida qoʻllanishi ilmiy asosda yoritiladi. Shuningdek,
affiksoid tushunchasi doirasida -xona, -noma kabi birliklarning oraliq maqomi izohlanadi
hamda orfografiya va soʻz yasalishi oʻrtasidagi tafovutlar tahlil qilinadi. Maqolada sinxron va
diaxron yondashuvlar asosida oʻzlashma birliklarni tasniflash masalasiga aniqlik kiritiladi.
Kalit soʻzlar: oʻzlashma qoʻshimcha, affiksoid, soʻz yasalishi, derivatsiya,
grammatiklashuv.
Abstract. This article analyzes the linguistic nature, origin, and role of borrowed affixes
in the Uzbek language. The study comparatively examines affixal units borrowed from Persian-
Tajik, Arabic, and Russian, highlighting their functional characteristics. In particular, it
demonstrates that Persian-Tajik affixes actively participate in word formation in Uzbek, whereas
Arabic and Russian elements are mainly used as ready-made lexical units rather than productive
derivational means. The concept of affixoids is discussed to explain the intermediate status of
units such as -xona and -noma, and the discrepancies between orthography and word formation
are critically addressed. The paper also clarifies the classification of borrowed elements based
on synchronic and diachronic approaches.
Keywords: borrowed affix, affixoid, word formation, derivation, grammaticalization.
Til va jamiyat oʻrtasidagi oʻzaro munosabat Sotsiolingvistika doirasida oʻrganiladigan
muhim masalalardan biri hisoblanadi. Mazkur yoʻnalishda tilning ijtimoiy tabiatga egaligi, uning
jamiyat bilan uzviy bogʻliqligi hamda ijtimoiy taraqqiyot jarayonlarida faol ishtirok etishi asosiy
ilmiy tamoyil sifatida qaraladi. Darhaqiqat, til jamiyat bilan birgalikda shakllanadi, rivojlanadi
va takomillashadi. Jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamda maishiy oʻzgarishlar tilning
barcha sathlarida – fonetik, leksik va grammatik tizimida oʻz aksini topadi.
Xalqlar oʻrtasidagi tarixiy aloqalar, ayniqsa madaniy-ma’rifiy va iqtisodiy-siyosiy
munosabatlar til taraqqiyotining muhim omillaridan biridir. Bunday aloqalar natijasida tillararo
oʻzaro ta’sir kuchayib, leksik birliklar, grammatik shakllar hamda soʻz yasalish modellari bir
tildan ikkinchi tilga oʻtadi. Bu hodisa Til oʻzlashuvi sifatida izohlanadi va u til boyishining tabiiy
manbalaridan biri sanaladi.
Oʻzbek tili tarixiy taraqqiyot jarayonida bir necha yirik til tizimlari bilan uzviy aloqada
boʻlgan. Xususan, arab, fors-tojik hamda rus tillari oʻzbek tilining lugʻaviy tarkibi va soʻz yasash
tizimiga sezilarli ta’sir koʻrsatgan. Natijada hozirgi oʻzbek adabiy tilida ushbu tillardan
oʻzlashgan koʻplab leksik birliklar bilan bir qatorda, affiksal vositalar – ya’ni qoʻshimchalar ham
faol qoʻllanib kelmoqda. Ayniqsa, ot turkumiga mansub soʻzlarni yasashda oʻzlashgan
qoʻshimchalarning roli nihoyatda katta.
Ilmiy adabiyotlarda oʻzlashgan affikslar asosida hosil boʻlgan otlarni tasniflashda turli
yondashuvlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar bunday birliklarni morfemik jihatdan – ya’ni asos va
qoʻshimchalarga ajratib tahlil qilish mumkinligini ta’kidlasa, boshqa bir guruh olimlar ularni
tarixiy jihatdan yaxlitlashgan, ajralmas birlik sifatida baholaydi. Shu bois, ayrim manbalarda ular
yasama soʻz sifatida emas, balki oʻzlashgan tayyor birliklar sifatida talqin qilinadi. Bu esa oʻzbek
tilshunosligida muayyan nazariy bahs-munozaralarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbek tilida oʻzlashgan ot yasovchi qoʻshimchalar kelib chiqishiga koʻra quyidagi
asosiy guruhlarga ajratiladi:
1. Fors-tojik tilidan oʻzlashgan qoʻshimchalar – bu turdagi affikslar oʻzbek tilida
eng faol qatlamni tashkil etadi. Ular yordamida asosan shaxs otlari (masalan, kasb egalarini
bildiruvchi birliklar) hamda oʻrin-joy otlari keng miqyosda yasaladi.
2. Arab tilidan oʻzlashgan qoʻshimchalar – koʻproq ilmiy, diniy va abstrakt
tushunchalarni ifodalovchi otlarni yasashda ishtirok etadi.
3. Rus tilidan oʻzlashgan qoʻshimchalar – asosan yangi davr bilan bogʻliq texnik,
siyosiy va ijtimoiy terminologiyada faol qoʻllanadi.
Xususan, fors-tojik tilidan oʻzlashgan qoʻshimchalar oʻzbek tilining soʻz yasash tizimida
alohida oʻrin tutadi. Ular yordamida yasalgan soʻzlar tilimizda keng qoʻllanish doirasiga ega
boʻlib, koʻpincha semantik jihatdan aniq va barqaror ma’nolarni ifodalaydi. Oʻzbek tilining
izohli lugʻatlarida ham ushbu qoʻshimchalarning mahsuldorligi va funksional imkoniyatlari
alohida qayd etilgan.
Mazkur qoʻshimchalar tizimi oʻzbek tilining tarixiy-morfologik taraqqiyotini yoritishda
muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi. Ular, asosan, fors-tojik tilidan oʻzlashgan boʻlib,
hozirgi oʻzbek adabiy tilida faol soʻz yasash vositalaridan biri sifatida qatnashadi. Ushbu
affikslarning semantik va funksional xususiyatlarini tahlil qilish orqali tilimizda derivatsiya
jarayonining oʻziga xos qonuniyatlarini aniqlash mumkin.
Avvalo, shaxs oti yasovchi qoʻshimchalar alohida e’tiborga loyiqdir. -bon, -vachcha, -
gir, -goʻy, -gar, -doʻz, -kash, -kor, -navis, -paz, -soz, -tarosh, -furush, -xon, -xoʻr, -shunos, ham-,
-boz, -dor kabi affikslar orqali kasb-hunar, faoliyat turi yoki shaxsning muayyan predmetga
munosabatini ifodalovchi otlar hosil qilinadi. Biroq ayrim manbalarda, xususan izohli lugʻatlarda
-boz va -dor qoʻshimchalari koʻproq sifat yasovchi birlik sifatida qayd etilib, ularning shaxs oti
yasashdagi funksiyasi yetarlicha yoritilmagan. Aslida esa bu qoʻshimchalar ham kontekstga
qarab shaxsni bildiruvchi otlar hosil qilish imkoniyatiga ega boʻlib, ularning polifunksionalligi
kuzatiladi.
Narsa oti yasovchi qoʻshimchalar qatoriga xush-, -noma, -don birliklari kiradi. Ular
orqali predmet, hujjat yoki abstrakt tushunchalarni ifodalovchi otlar yasaladi. Masalan, -noma
qoʻshimchasi yozma manba, hujjat yoki maktub ma’nolarini ifodalovchi birliklarni hosil qiladi.
Oʻrin-joy oti yasovchi qoʻshimchalar esa -xona, -iston, -zor, -goh, -obod, -poya kabi
affikslardan iborat boʻlib, ular muayyan faoliyat yoki predmet bilan bogʻliq joy, hudud, makon
ma’nolarini ifodalovchi otlarni yasashda ishtirok etadi. Shuni ta’kidlash joizki, ayrim izohli
lugʻatlarda -obod va -poya qoʻshimchalari alohida qayd etilmagan boʻlsa-da, ular amaliy nutqda
faol qoʻllanadi va toponimik birliklar tarkibida keng uchraydi.
Mazkur qoʻshimchalarning kelib chiqishiga nazar tashlansa, ularning bir qismi (-bon, -
gar, -don, -iston, -zor) hozirgi tojik tilida ham mustaqil affiks sifatida faol qoʻllanadi. Qolganlari
esa dastlab tojik tilidagi leksemalar yoki fe’l asoslari boʻlib, keyinchalik grammatiklashuv
jarayonida affiksga aylangan. Bu hodisa Grammatiklashuv deb ataladi.
Masalan:
-kash qoʻshimchasi tojik tilidagi kashidan (“tortmoq”, “chekmoq”) fe’lining hozirgi
zamon asosidan kelib chiqqan boʻlib, shaxsning muayyan ish bilan shugʻullanishini bildiradi.
-soz qoʻshimchasi soxtan (“yasamoq”) fe’lidan hosil boʻlib, biror narsani yasash yoki
tuzatish bilan bogʻliq faoliyat egasini ifodalaydi.
-paz qoʻshimchasi puxtan (“pishirmoq”) fe’liga borib taqaladi va oshpazlik faoliyati
bilan shugʻullanuvchi shaxsni bildiradi.
-noma esa dastlab mustaqil leksema boʻlib, keyinchalik hujjat yoki yozma manba
ma’nosini beruvchi derivatsion vositaga aylangan.
-xona ham xuddi shunday tarixiy taraqqiyot natijasida “joy, makon” semasini ifodalovchi
affiksga aylangan.
Tilshunos olima Rano Sayfullayeva ta’kidlaganidek, tarixiy taraqqiyot jarayonida ayrim
leksemalar asta-sekin morfemaga aylanadi, keyinchalik esa soʻz tarkibiga singib ketib, mustaqil
ma’no xususiyatini yoʻqotadi. Xususan, [xona], [noma], [goh], [xoʻr] kabi birliklar dastlab
mustaqil leksema boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda ular koʻproq derivatsion vosita sifatida namoyon
boʻlmoqda. Bu jarayon tilning ichki rivojlanish qonuniyatlari bilan bevosita bogʻliq boʻlib, soʻz
yasash tizimining dinamik xarakterga ega ekanligini koʻrsatadi.
Mazkur masala oʻzbek tilshunosligida derivatsion birliklarning tabiati va tasnifi bilan
bogʻliq muhim nazariy muammolardan biri hisoblanadi. Xususan, fors-tojik tilidan oʻzlashgan
ayrim birliklarning maqomini aniqlash – ular leksemami, affiksmi yoki oraliq hodisami – ilmiy
bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda.
Professor Shavkat Rahmatullayev tomonidan ilgari surilgan affiksoid tushunchasi aynan
shu muammoni izohlashga qaratilgan. Uning ta’rifiga koʻra, affiksoidlar dastlab mustaqil leksik
birlik boʻlib, tarixiy taraqqiyot jarayonida grammatiklashuv natijasida affiksga xos xususiyatlarni
kasb etgan, ya’ni bir necha leksemalarga qoʻshilib, umumlashgan grammatik ma’no ifodalash
imkoniyatiga ega boʻlgan birliklardir. Bu hodisa til tizimida oraliq maqomni egallab, leksika va
morfologiya oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni yaqqol namoyon etadi.
Rahmatullayev ta’kidlaganidek, tojik tilshunosligida bunday birliklar qatnashgan soʻzlar
“tuzma leksema” sifatida qaraladi va ularning tarkibiy qismlari koʻpincha leksema darajasida
baholanadi. Oʻzbek tilshunosligida esa mazkur birliklar koʻp hollarda mustaqil semantik
markazni yoʻqotganligi sababli affiksga yaqinlashtiriladi va affiksoid termini bilan ifodalanadi.
Bu yondashuv Grammatiklashuv jarayonining natijasi sifatida izohlanadi.
Biroq muammo shundaki, -xona, -noma, -poya, -obod kabi birliklar hozirgi oʻzbek tilida
ham mustaqil leksema sifatida qoʻllanish xususiyatini saqlab qolgan. Shu sababli ular ishtirokida
hosil boʻlgan birliklarni ayrim manbalarda qoʻshma soʻz sifatida talqin qilish holatlari uchraydi.
Jumladan, “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”da qoʻshib yozish qoidalariga bagʻishlangan bandda
xona, noma, poya, xush, ham va boshqa birliklar yordamida yasalgan soʻzlar qoʻshma ot va
qoʻshma sifatlar sifatida qayd etiladi.
Natijada orfografik yondashuv bilan soʻz yasalishi (derivatsiya) nazariyasi oʻrtasida
muayyan tafovut yuzaga keladi. Chunki orfografiya, asosan, yozuv me’yorlarini belgilashga
xizmat qilsa, soʻz yasalishi boʻlimi soʻzlarning hosil boʻlish usullari va ularni yuzaga keltiruvchi
vositalarning lingvistik tabiatini oʻrganadi. Demak, bir birlikning qoʻshib yozilishi uning albatta
qoʻshma soʻz ekanligini anglatmaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, fors-tojik tilidan oʻzlashgan mazkur birliklarni affiksoid
sifatida talqin qilish ilmiy jihatdan asosliroq koʻrinadi. Chunki ular:
bir nechta soʻzlarga qoʻshila oladi;
umumlashgan derivatsion ma’no ifodalaydi;
koʻp hollarda mustaqil semantik markaz sifatida emas, balki yasovchi vosita sifatida
namoyon boʻladi.
Shunga mos ravishda, ular ishtirokida hosil boʻlgan birliklarni ham qoʻshma soʻz emas,
balki affiksatsiya (affiksoid orqali) usulida yasalgan sodda yasama soʻzlar sifatida baholash
maqsadga muvofiqdir.
Oʻzbek tilining leksik tarkibi tarixiy taraqqiyot jarayonida turli tillar bilan boʻlgan uzoq
muddatli aloqalar natijasida shakllangan boʻlib, unda arab tilidan oʻzlashgan birliklar alohida
qatlamni tashkil etadi. Biroq bu qatlamning morfologik xususiyatlari fors-tojik tilidan oʻzlashgan
birliklardan keskin farq qiladi. Xususan, arab tilidan kirib kelgan otlarning aksariyati semantik
jihatdan mavhum tushunchalarni ifodalaydi va ularning tarkibida uchraydigan ayrim elementlar
tashqi koʻrinishda qoʻshimchaga oʻxshasa-da, oʻzbek tilida real derivatsion funksiyani
bajarmaydi.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da arab tilidan oʻzlashgan birliklar tarkibidagi -iyat (-iy + -
(y)at), -at va -ot komponentlari alohida izohlangan. Ushbu izohlarga koʻra:
-iyat nisbiy sifatlardan ot yasovchi vosita sifatida arab tiliga xos boʻlib, oʻzbek tilida
mustaqil soʻz yasash xususiyatiga ega emas;
-at ayrim oʻzlashma soʻzlar tarkibida ajralib koʻrinsa-da, derivatsion faol emas;
-ot esa arab tilidagi muannas koʻplik shakli boʻlib, oʻzbek tilida yangi soʻz yasash
vositasi sifatida xizmat qilmaydi.
Shunga qaramay, amaliy nutqda va ayrim ilmiy ishlarda axborot, ma’lumot, mahsulot,
hisobot, mashgʻulot kabi birliklar tarkibidagi -ot elementi, shuningdek ma’naviyat, imkoniyat,
zarurat, insoniyat kabi soʻzlardagi -iyat va -at komponentlari koʻpincha soʻz yasovchi affiks
sifatida talqin qilinadi. Bu esa sinxron (zamonaviy) tahlil bilan diaxron (tarixiy) yondashuv
oʻrtasidagi farqni yetarlicha hisobga olmaslik natijasidir.
Tilshunos olim Azim Hojiyev mazkur masalaga aniqlik kiritib, boshqa tillardan
oʻzlashgan soʻzlar tarkibidagi komponentlar oʻzbek tilining oʻzida soʻz yasash jarayonida
ishtirok etmasa, ularni yasama soʻz sifatida emas, balki tub soʻz sifatida baholash zarurligini
ta’kidlaydi. Uning fikricha, soʻz yasalishi haqida gapirish uchun yasovchi komponentlar aynan
shu til tizimida faol derivatsion vazifani bajarishi lozim. Aks holda, soʻz tarkibida affiksga
oʻxshash elementlar mavjud boʻlsa ham, ular real morfemik birlik sifatida qaralmaydi.
Darhaqiqat, jurnalist, metodist, realist, kapitalizm kabi rus tilidan oʻzlashgan birliklar
hamda ma’naviyat, imkoniyat, insoniyat singari arab tilidan kirib kelgan soʻzlar tarkibida -ist, -
izm, -at, -iyat kabi komponentlar mavjud. Biroq bu elementlar oʻzbek tilida mustaqil ravishda
yangi soʻzlar yasash xususiyatiga ega emas. Masalan, jurnalist soʻzini “jurnal + -ist”, zarurat
soʻzini “zarur + -at” tarzida sinxron jihatdan tahlil qilish orqali ularning hozirgi ma’nosini toʻliq
izohlab boʻlmaydi. Bu esa mazkur birliklar oʻzbek tilida affiksatsiya usuli bilan hosil
qilinmaganligini koʻrsatadi.
Mazkur holat Diaxron tahlil va Sinxron tahlil oʻrtasidagi metodologik farqni aniq
namoyon etadi. Arab va rus tillarida ushbu birliklar aslida derivatsiya mahsuli boʻlsa-da, oʻzbek
tiliga ular tayyor holatda, ya’ni yaxlit leksema sifatida kirib kelgan.
Xulosa qilib aytganda, arab va rus tillaridan oʻzlashgan otlarni oʻzbek tilida tub otlar
sifatida baholash ilmiy jihatdan asosli hisoblanadi. Ularning tarkibidagi -ot, -at, -iyat, -ist, -izm
kabi elementlar esa sinxron nuqtai nazardan affiks emas, balki tarixiy jihatdan shakllangan
tarkibiy qismlar sifatida qaralishi lozim. Shu bois, bunday birliklarni oʻzbek tilida soʻz yasalishi
mahsuli sifatida emas, balki Oʻzlashma soʻz sifatida talqin etish maqsadga muvofiqdir.
Bundan farqli ravishda, fors-tojik tilidan oʻzlashgan affikslar oʻzbek tilida faol
derivatsion vosita sifatida ishtirok etib, yangi soʻzlar yasash imkoniyatiga ega. Shu jihatdan ular
oʻzbek tilining ichki soʻz yasash tizimiga integratsiyalashgan boʻlib, yuqoridagi arab va rus
unsurlaridan tubdan farqlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati.–Toshkent:. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006-2008.
2. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati (I,II,III tom).-Toshkent: Universitet,
2000.
3. Rahmatullayev Sh. Hozirgi adabiy oʻzbek tili. –Toshkent:. Universitet, 2000.
4. Hojiyev A. Oʻzbek tili soʻz yasalishi. –Toshkent:.Oʻqituvchi, 1989.
5. Sayfullayeva R., Mengliyev B., Boqiyeva G. va b.Hozirgi oʻzbek adabiy tili. –Toshkent:.
Fan va texnologiya, 2009.
6. Sapayev Q. Hozirgi oʻzbek adabiy tili. –Toshkent, 2009