ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Arab tilidagi frazeologik birliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish usullari

Abduvaxobova Muslima Ulug‘bek qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ARAB TILIDAGI FRAZEOLOGIK BIRLIKLARNI OʻZBEK
TILIGA TARJIMA QILISH USULLARI

Abduvaxobova Muslima Ulugʻbek qizi
Talaba. Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi Oʻzbekiston davlat

jahon tillari universiteti Oʻzbekiston

Annotatsiya. Har bir tilda ibora va maqolalar nutqning koʻrkidir. Tilning asl boyligi,
uning oʻziga xos xususiyatlarini va tabiatini belgilaydigan, uning kamolot darajasi qanday
ekanligini koʻrsatadigan, boshqa tillar orasida tutgan oʻrnini belgilashda muhim omil boʻlgan
narsa — undagi maqol, matal, idioma va boshqa shu kabi koʻchma ma’noli birikmalardir.
Bunday birikmalarni bir tildan boshqa tilga tarjima qilishning gʻoyat murakkab va muhim
ekanligi, bu masalani badiiy tarjima nazariyasining asosiy muammolari qatoriga kiritishga
sabab boʻlmoqda. Mazkur maqolada arab tilidagi frazeologik birliklarni oʻzbek tiliga tarjima
qilishning asosiy usullari tahlil qilinadi. Frazeologizmlarning semantik yaxlitligi, milliy-madaniy
xususiyatlari va ularning kelib chiqish tarixi haqida soʻz yuritiladi.

Kalit soʻzlar: Frazeologik birliklar, arab tili, tarjima usullari, ekvivalentlik, soʻzma-soʻz
tarjima, tasviriy tarjima, semantik yaxlitlik, ibora, ta‘bir, hikmat.

Abstract. In every language, idioms and proverbs serve as an ornament of speech.
Proverbs, sayings, idioms, and other figurative expressions constitute the very essence of a
language, determining its unique characteristics and nature, demonstrating its level of
development, and playing an important role in defining its place among other languages. The
exceptional complexity and significance of translating such expressions from one language into
another have made this issue one of the central problems in the theory of literary translation.
This article analyzes the main methods of translating Arabic phraseological units into Uzbek. It
also discusses the semantic integrity of phraseological units, their national and cultural
characteristics, and the history of their origin.

Keywords: phraseological units, Arabic language, translation methods, equivalence,
literal translation, descriptive translation, semantic integrity, idiom, expression, aphorism.

Аннотация. В каждом языке фразеологизмы и пословицы являются украшением
речи. Истинной сутью языка, определяющей его своеобразие и природу, показывающей
уровень его развития и играющей важную роль в определении его места среди других
языков, являются пословицы, поговорки, идиомы и другие подобные образные выражения.
Исключительная сложность и важность перевода таких единиц с одного языка на
другой обусловили включение данной проблемы в число основных вопросов теории
художественного перевода. В данной статье анализируются основные способы перевода
фразеологических единиц арабского языка на узбекский язык. Рассматриваются вопросы
семантической целостности фразеологизмов, их национально-культурных особенностей
и истории происхождения.

Ключевые слова: фразеологические единицы, арабский язык, методы перевода,
эквивалентность, дословный перевод, описательный перевод, семантическая
целостность, фраза, выражение, изречение.

Kirish
Frazeologik birliklar tilning eng murakkab va boy qismi hisoblanadi. Frazeologiya soʻzi
yunon tilidan olingan boʻlib “phraris ibora - logos ta’limot” degan ma’noni anglatadi. Oʻzbek
tilida biz bunday barqaror birliklarni ibora, maqol, matal, hikmatli soʻz deb ishlatsak, arab tilida
‫تعبير, حكمة, مثل‬degan soʻzlar bilan ifodalanadi. Soʻzlovchining gapini balogʻatli qiluvchi bu
iboralarning paydo boʻlishi, oʻsha qavmning kelib chiqishi, qadriyatlari, qolaversa iqlimi bilan
bogʻliqdir.
Frazeologik iboralarni tarjima qilish juda qiyin boʻlganligidan, tarjima jarayonida bu
ishga katta mas’uliyat bilan qarash lozim.
Koʻpgina yozuvchi, shoir va olimlarning asarlarida maqol, matal va idiomalarni bir tildan
boshqa tilga tarjima qilish muhim va murakkab ish ekanligi alohida ta’kidlab oʻtiladi: “Har bir
tilining oʻziga xos iboralari, oʻz quyma naqllari, singib ketgan ifodalari boʻlib, ularni boshqa
tilga muqobil soʻzlar bilan tarjima qilib boʻlmaydi” (A.Pushkin).

Asosiy qism
Arab tilidagi frazeologik birliklar )ibora, maqol, hikmatli soʻzlar) til tizimining eng
murakkab va mazmunan boy qatlamlaridan biri hisoblanadi. Ular til egalarining tarixiy tajribasi,
madaniy qadriyatlari, dunyoqarashi va ijtimoiy hayotini oʻzida mujassam etadi. Ayniqsa arab
tilidagi frazeologizmlar oʻzining qadimiyligi, diniy-falsafiy asoslari va obrazliligi bilan ajralib
turadi. Arab frazeologiyasini oʻrganish nafaqat lingvistik, balki madaniyatshunoslik nuqtayi
nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Quyida arab tilidagi iboralarni tarjima qilishdagi asosiy
usullar tahlil qilingan.
Ekvivalent usulda (muqobil variantdagi ibora bilan) tarjima qilish: Bu usulda arab
tilidagi frazeologik birlik oʻzbek tilida mavjud boʻlgan tayyor ibora yoki maqol bilan
almashtiriladi. Odatda, ekvivalent birikmalarning faqat ma’nosigina emas, balki shakli, hatto
obyektlari ham bir-biriga muvofiq tushadi. Ammo arab tilida juda koʻp maqol, matal va
idiomatik iboralar borki, oʻzbekchada har doim ham ularning toʻliq ekvivalentlari topilmaydi.
Shuning uchun ma’nolari faqat muayyan kontekst ichidagina bir-birining oʻrnini qoplay oladigan
frazeologizmlarni “muqobil birikma” deb atadik.
Qur’onda keltirilgan quyidagi frazeologik birlikni soʻzma-soʻz tarjima qilsak,
“‫ حتي يلج الجمل في سم الخياط‬Tuya igna teshigidan oʻtmaguncha” degan ma’noni beradigan
bu frazeologik birlikni oʻzbek tiliga tarjima qilganimizda, birinchi navbatda muqobil variantini
topish lozimdir.Oʻzbek tilida esa buning muqobil varianti “Tuyaning dumi yerga tekkanda” yoki
“Tuya hammomni orzu qilibdi” iboralari hisoblanadi.
“‫ لا دخان من دون النار‬Tutun olovsiz boʻlmaydi” oʻzbek tilidagi “Shamol boʻlmasa
daraxtning uchi qimirlamaydi” maqolining muqobil variantidir.
“ ‫ من شب علي شيء شاب عليه‬Kimki biron narsaga odatlansa, shu odat bilan oʻladi” Ona
tilimizdagi “Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi” maqoliga toʻgʻri keladi.
Soʻzma-soʻz tarjima Maqol va iboralardagi soʻzlar qanday boʻlsa shu holda tarjima
qilinsa, bu soʻzma-soʻz tarjima hisoblanadi.Bu usulda tarjima qilinadigan iboralar ikki tilda ham
tushunarli boʻlishi lozim.
‫ - الصبر مفتاح الفرج‬Sabr - najot kaliti.
‫ - الجنة تحت أقدام الأمهات‬Jannat onalarning oyogʻi ostidadir.
‫ - من جد وجد‬Kim harakat qilsa, topadi.
‫ - كما تزرع تحصد‬Nima eksang shuni oʻrasan.

Yuqorida keltirilgan maqollar oʻzbek va arab tili soʻzlashuvchilarining qadimdan
madaniy, diniy, siyosiy va yana bir qancha sohalarda aloqadorligi boʻlganligi sababli soʻzmasoʻz tarjima qilish imkoniyatini beradi.

Tasviriy tarjima: Soʻzma-soʻz yoki ekvivalent usulda tarjima qilish imkoni
boʻlmaganda, tarjima qilinayotgan maqol va iboraning ma’nosini tasvirlash usuli orqali tarjima
qilish.

Hadislarda kelgan ‫ المفلس‬iborasi bankrot boʻlgan kishini anglatadi, ammo bu ibora izohli
ravishda tahlil qilinsa, yaxshi amallar qilgan kishining birovni aldagani, haqorat qilgani sababli
hech qanday savobi qolmagani tushuniladi.

Qadimiy ibora hisoblangan ‫ المعلم الأول / المعلم الثاني‬iboralari soʻzma-soʻz tarjima qilinganda
“birinchi muallim, ikkinchi muallim” - sifat va sifatlanmishdek tuyuladi, ammo bu iboraning
ishlatilish izohlari bilan tanishsak, birinchi muallim deganda yunon olimi Faylasuf Arastu,
ikkinchi olim bizning ajdodimiz Faylasuf Al-Farobiy nazarda tutilayotganini anglaymiz.

Frazeologizmlarning semantik yaxlitligi — bu ularning tarkibiy qismlari (soʻzlari)
alohida-alohida ma’nolarini yoʻqotib, butun birlik sifatida yagona, koʻpincha koʻchma ma’no
anglatish xususiyatidir.Frazeologik birliklarda ma’no komponentlari erkin birikmadagidan farqli
ravishda mustaqil talqin qilinmaydi. Masalan, “koʻngli togʻday koʻtarildi” iborasida “togʻ”,
“koʻngil”, “koʻtarilmoq” soʻzlari oʻzining asl lugʻaviy ma’nosida emas, balki umumlashgan
holda “nihoyatda xursand boʻldi” degan yagona semantik mazmunni beradi. Shu sababli bunday
birliklar semantik jihatdan ajralmas tizim sifatida qaraladi.

Quyidagi iboralarni soʻzma-soʻz tarjima qilganimizda:
“‫ زاد الطين بلة‬Loyning namligini oshirib” degan ma’no hosil boʻladi.
Ma’noviy tarjima: ustiga ustak, yetmaganiga.
Oʻzbekcha muqobil ibora: olovga moy sepib.
‫ هو كان متعبا, و زاد الطين بلة أن رئيسه أعطاه عملا إضافيا‬U charchaganedi, ustiga-ustak )olovga
moy sepib( boshligʻi unga qoʻshimcha ish berdi.
“‫“اشرأبت له أعناق‬
Soʻzma-soʻz tarjima: unga (tomon) boʻyinlar choʻzildi.
Ma’noviy tarjima: Hamma unga havas bilan qaradi.
‫ اشربأت له أعناق الناس, و قد فتنتهم شجاعته و حكمته‬Odamlar unga havas bilan qaradilar va uning
shijoati va donoligi ularni maftun etdi.

Frazeologik birliklar til tizimining eng murakkab va mazmunan boy qatlamlaridan biri
hisoblanadi. Ular til egalarining tarixiy tajribasi, madaniy qadriyatlari, dunyoqarashi va ijtimoiy
hayotini oʻzida mujassam etadi. Ayniqsa arab tilidagi frazeologizmlar oʻzining qadimiyligi,
diniy-falsafiy asoslari va obrazliligi bilan ajralib turadi. Arab frazeologiyasini oʻrganish nafaqat
lingvistik, balki madaniyatshunoslik nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.

Arab tilidagi frazeologizmlarning muhim qismi Qur’on va hadislar asosida shakllangan.
Bu iboralar musulmon jamiyatining axloqiy va ma’naviy me’yorlarini ifodalaydi.

“‫ الآن حصحص الحق‬Endi haqiqat ravshan boʻldi” iborasi Yusuf alayhissalom pok ekanliklari
aytilganda, Azizning xotini mana shu qur’oniy iborani ishlatadi.

“.....‫ هل من مزيد من‬Yana qoʻshimcha bormi?” iborasi jahannamga toʻldingmi deyilganda
shu ibora ila jahannam javob beradi.

Arab xalqining qadimiy turmush tarzi choʻl va chorvachilik bilan bogʻliq boʻlganligi
sababli koʻplab frazeologizmlar shu muhitni aks ettiradi.

“‫ ”أثلج ذالك صدري‬iborasi toʻgʻridan toʻgʻri tarjima qilinsa, “Bunga qalbim muzladi” degan
ma’no kelib chiqadi. Oʻzbek tilidagi muqobil varianti esa “Qalbimmi eritib yubordi” iborasidir.
Iboralardagi bir soʻzning farq qilishi oʻzbek va arab xalqlari istiqomat qiladigan yurtlarning
iqlimi ikki xil ekanligini va bizda qor erishi xursandchilik hisoblansa, arab mintaqalari issiq
boʻlganligi sababli ularda sovuq qotish, muzlash ijobiy hissiyotlarni ifodalaydi.

Tarixiy voqealar va rivoyatlar: Tarixiy shaxslar yoki voqealar bilan bogʻliq boʻlgan
iboralar. Oʻzbek tilidagi “Quruq qoʻl bilan qaytdi” maqolini soʻzma-soʻz tarjima qilsak, arab
xalqiga tushunarli boʻlmasligi mumkin, shuning uchun biz bu maqoldan foydalanoyotganimizda
arab tilidagi tarixiy maqol hisoblangan:

“‫ رجع بخفي حنين‬Hunaynning ikki maxsisi bilan qaytdi” maqolini ishlatishimiz lozim. Bu
maqolning kelib chiqishi: Hunayn ismli kishining hiylasi tufayli tuyasidan ayrilib, quruq maxsi
bilan qaytgan kishining hikoyasidan keyin arablar orasida zarbulmasal qilinadigan boʻldi.

“‫ الصيف ضيعت اللبن‬Yozda sutni zoye qilding” iborasi — imkoniyat bor paytda
foydalanmay, keyin pushaymon boʻlgan insonga aytiladi. Oʻzbek tilidagi “Temirni qizigʻida
bos” iborasiga mos keladi. Bu iboraning kelib chiqishi: Chorvasi koʻp boʻlgan boy, ammo ziqna
kishining ayoli u bilan yozda — oʻtloqlar koʻpayib sut moʻl boʻladigan zamonda —
ajrashadi.Qishda oʻsha ayol sut soʻrab borganda, eri: “yozda men bilan ajrashgansan, sutni zoye
qilding”,- degan jumlani aytadi, shu tariqa arab xalqi har bir vaqti oʻtkan ishga shu iborani
qoʻllaydigan boʻlishdi.

Xulosa
Xulosa qilib aytganda, arab tilidagi frazeologik birliklarni oʻzbek tiliga tarjima qilish
murakkab va koʻp qirrali jarayon boʻlib, u nafaqat tilshunoslik, balki madaniyatlararo
kommunikatsiya bilan ham chambarchas bogʻliq.Tadqiqot davomida aniqlanishicha,
frazeologizmlarni tarjima qilishda ekvivalent tarjima, izohli tarjima hamda soʻzma-soʻz tarjima
kabi usullar qoʻllaniladi. Biroq ushbu usullarning har biri kontekst, semantik yuklama va milliymadaniy omillarga qarab tanlanishi lozim.
Frazeologik birliklarning asosiy xususiyati — ularning semantik yaxlitligidir. Ya’ni,
bunday birliklar tarkibidagi soʻzlar alohida ma’noda emas, balki yagona koʻchma ma’no asosida
tushuniladi.
Shuningdek, arab tilidagi frazeologizmlar xalqning tarixiy tajribasi, turmush tarzi, diniy
qarashlari va urf-odatlari bilan bevosita bogʻliq holda shakllangan. Ularning aksariyati qadimiy
rivoyatlar, diniy manbalar, sahro hayoti yoki ijtimoiy munosabatlar asosida yuzaga kelgan. Shu
sababli ularni oʻzbek tiliga tarjima qilishda milliy-madaniy xususiyatlarni hisobga olish, zarur
hollarda izoh berish yoki mos oʻzbek frazeologik birliklari bilan almashtirish talab etiladi.
Umuman olganda, arab frazeologik birliklarini oʻzbek tiliga tarjima qilish jarayoni
tarjimondan yuqori darajadagi lingvistik bilim, madaniy tafakkur va ijodiy yondashuvni talab
qiladi. Faqat shu holatda tarjima asl matnning mazmuni, ruhiyati va estetik qiymatini toʻliq aks
ettira oladi.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
1. Саломов Ғ., Тил ва таржима. –Т.: Фан, 1966
2. Саломов Ғ., Рус тилидан ўзбекчага мақол, матал ва идиомаларни

таржима қилиш масаласига доир, Ўзбекистон Фанлар академияси
нашриёти. – Т.: Фан, 1961.
3. Bekhzod KhudaykulovAbdugʻaffar Davlayev XORIJIY TILDAGI FRAZEOLOGIK
IBORALARNI QIYOSIY OʻRGANISHNING AYRIM XUSUSIYATLARI
4. Najimova Ozoda Baxrom qizi ARAB VA OʻZBEK TILLARIDAGI FRAZEOLOGIK
BIRLIKLARNING TARJIMASI: MUAMMOLAR, USULLAR VA MADANIY
TAFOVUTLAR
5. ‫م‬٢٠١٤/‫ه‬١٤٣٥ ‫الأستاذ الدكتور محمد و فريق عمل معه القاهرة الطبعة الأولى‬
6. ‫د. عبد الرجمان بن إبراهيم الفوزان, د. مختار الطاهر حسين د. محمد عبد الخالق محمد فضل العربية بين يديك الإصدار‬
‫الثاني من كتاب الطالب الثالث‬
7. Ne’matova Lobar Ahadova Muhabbat INGLIZ TILIDAGI MAQOL VA IBORALARNI
OʻZBEK TILIGA TARJIMA QILISH USULLARI VA MUAMMOLARI
8. Ilyos Rajabovich Hayitov TARJIMANING FRAZEOLOGIK MUAMMOLARI
Iwww.worldlyjournals.com. 9-son, Dekabr, 2024. Worldly knowledge nashriyoti.