ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Arab va o‘zbek tillarida badiiy metaforalarning konseptual maydoni

Azimov A’zamxon Usmonjon o‘g‘li, Karimova Shahlo G‘aniyevna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ARAB VA OʻZBEK TILLARIDA BADIIY
METAFORALARNING KONSEPTUAL MAYDONI

1Azimov A’zamxon Usmonjon oʻgʻli, 2Shahlo Karimova
1Oriental universiteti 70230101 – Lingvistika (arab tili) mutaxassisligi magistranti,

2Ilmiy rahbar: Dotsent

Annotatsiya. Mazkur maqolada arab va oʻzbek tillarida qoʻllaniladigan badiiy
metaforalarning konseptual xususiyatlari qiyosiy aspektda tahlil qilinadi. Tadqiqotda metafora
nafaqat stilistik vosita, balki inson tafakkuri va madaniy dunyoqarashni aks ettiruvchi kognitiv
birlik sifatida talqin etiladi. Muallif har ikki til materiallari asosida metaforalarning semantik
tuzilishi, konseptual maydoni hamda ularning milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berishga
harakat qiladi. Shuningdek, maqolada badiiy matnlarda uchraydigan metaforalarning umumiy
va oʻziga xos jihatlari aniqlanib, ularning til tizimidagi oʻrni izohlanadi. Tadqiqot natijalari
metafora hodisasining kognitiv-lingvistik mohiyatini chuqurroq anglashga xizmat qiladi hamda
tarjima nazariyasi va madaniyatlararo kommunikatsiya uchun muhim ilmiy asos yaratadi.

Kalit soʻzlar: metafora, badiiy metafora, konseptual maydon, kognitiv lingvistika, arab
tili, oʻzbek tili, semantika, qiyosiy tahlil, madaniy konseptlar, badiiy matn

Annotation. This article examines the conceptual features of artistic metaphors in the
Arabic and Uzbek languages from a comparative perspective. The study interprets metaphor not
only as a stylistic device but also as a cognitive unit reflecting human thinking and cultural
worldview. Based on linguistic data from both languages, the author analyzes the semantic
structure of metaphors, their conceptual field, and their national-cultural specificities. The paper
also identifies common and distinctive features of metaphors used in literary texts and explains
their role within the language system. The findings contribute to a deeper understanding of the
cognitive-linguistic nature of metaphor and provide a theoretical basis for translation studies
and intercultural communication.

Keywords: metaphor, artistic metaphor, conceptual field, cognitive linguistics, Arabic
language, Uzbek language, semantics, comparative analysis, cultural concepts, literary text

KIRISH
Til inson tafakkurining eng muhim ifoda vositasi sifatida nafaqat borliqni aks ettiradi,
balki uni qayta shakllantiradi, unga ma’no beradi va insonning ichki dunyosini tashqi olam bilan
bogʻlaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, metafora hodisasi til tizimining eng murakkab va
koʻp qatlamli birliklaridan biri sifatida alohida e’tiborga loyiqdir. Ilgari metafora asosan badiiy
nutqning bezak unsuri sifatida talqin qilingan boʻlsa, bugungi kunda u insonning fikrlash
jarayoni, dunyoni idrok etish usuli va tajribani konseptuallashtirish mexanizmi sifatida
qaralmoqda. Ya’ni metafora orqali inson mavhum tushunchalarni aniqroq tasavvur qiladi,
noma’lumni ma’lum orqali anglaydi va oʻz hissiy-kechinmalarini ifodalash imkoniyatiga ega
boʻladi. Ayniqsa, badiiy matnlarda metafora nafaqat estetik vazifani bajaradi, balki muallifning
dunyoqarashi, ruhiy holati va madaniy muhitini ham oʻzida mujassam etadi.
Arab va oʻzbek tillari oʻzining boy tarixiy ildizlari, chuqur ma’naviy qatlamlari va rangbarang badiiy an’analari bilan ajralib turadi. Bu tillarda yaratilgan adabiy merosda metaforalar

alohida oʻrin egallab, xalqning tafakkuri, qadriyatlari va borliqni anglash usulini ifodalovchi
muhim vosita sifatida namoyon boʻladi. Shu jihatdan, ushbu ikki til doirasida metaforalarning
konseptual maydonini oʻrganish nafaqat lingvistik, balki madaniy jihatdan ham muhim ilmiy
ahamiyat kasb etadi. Chunki har bir til oʻz egalarining dunyoqarashini oʻziga xos tarzda aks
ettiradi, metaforalar esa aynan shu dunyoqarashning eng nozik va teran qatlamlarini ochib
berishga xizmat qiladi [6]. Qiyosiy yondashuv esa bu jarayonda umumiylik va oʻziga xosliklarni
aniqlash, turli madaniyatlar oʻrtasidagi oʻxshash va farqli jihatlarni koʻrsatish imkonini beradi.
Mazkur tadqiqotda arab va oʻzbek tillarida qoʻllaniladigan badiiy metaforalarning konseptual
asoslari tahlil qilinadi, ularning semantik tuzilishi va mazmuniy qatlamlari ochib berishga
harakat qilinadi. Tadqiqot jarayonida metafora hodisasiga nafaqat til birliklari doirasida, balki
inson tafakkuri va madaniy tajribasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan hodisa sifatida
yondashiladi. Shuningdek, har ikki til materiallari asosida metaforalarning qanday konseptual
maydon hosil qilishi, ular orqali qanday obraz va tasavvurlar yuzaga kelishi hamda bu
jarayonning milliy xususiyatlari aniqlanadi. Bu esa oʻz navbatida, metafora hodisasining til
tizimidagi oʻrnini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi.

Ushbu mavzuning dolzarbligi shundaki, u hozirgi zamon tilshunosligida muhim
yoʻnalishlardan biri boʻlgan kognitiv lingvistika doirasida metaforani yangi nuqtai nazardan
oʻrganishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, arab va oʻzbek tillarini qiyosiy jihatdan tahlil qilish
orqali madaniyatlararo bogʻliqliklar, oʻxshashliklar va farqlarni aniqlash imkoniyati yuzaga
keladi. Tadqiqot natijalari nafaqat nazariy jihatdan ahamiyatli boʻlib, balki tarjima jarayonida
metaforalarni toʻgʻri talqin qilish, badiiy matnlarni chuqurroq anglash va madaniyatlararo
muloqotni samarali tashkil etishda ham muhim amaliy asos boʻlib xizmat qilishi kutiladi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METOD
Metafora hodisasi insoniyat tafakkuri tarixida eng koʻp bahs qilingan mavzulardan biri
boʻlib, uning tadqiq etilish bosqichlari bir necha ming yillikni qamrab oladi. Ushbu tadqiqotlar
tarixini shartli ravishda klassik-ritorik va zamonaviy-kognitiv yondashuvlarga ajratish mumkin.
Metaforaga ilk ilmiy ta’rif bergan olimlardan biri Arastudir. U oʻzining "Poetika" asarida
metaforani tildagi soʻzlarning bir jinsdan boshqasiga koʻchishi sifatida baholaydi: "Metafora —
bu biror narsaga uning oʻziniki boʻlmagan nomni turlar (genus) oʻrtasidagi yoki tur va jins
oʻrtasidagi oʻxshashlik asosida berishdir" [2]. Arastu uchun metafora birinchi navbatda badiiy
bezak va poetik mahorat koʻrinishi edi. Biroq u oʻzining "Ritorika" asarida metafora
tinglovchiga yangi bilim berishini ham ta’kidlab, uning kognitiv imkoniyatlariga ilk bor ishora
qilgan.
Sharq tilshunosligida, xususan, arab adabiyotshunosligida Abdulqohir Jurjoniy
metaforani mantiqiy va falsafiy jihatdan yangi bosqichga koʻtardi. U oʻzining "Asror al-balogʻa"
asarida metaforani shunchaki oʻxshatish emas, balki "ma’nodan ma’no yaratish" deb atagan:
"Metafora — bu soʻzning oʻz haqiqiy ma’nosidan boshqa, unga oʻxshash boʻlgan yangi ma’noga
koʻchishidirki, u yerda aql lisoniy oʻxshashlikni qidirib topadi" [2]. Jurjoniyning fitomorfik
kodlarga (masalan, kishini daraxtga oʻxshatish) bergan tahlillari bugungi kognitiv yoʻnalishdagi
"manba va nishon sohasi" tushunchalariga juda yaqindir.
Tilshunoslik olamida metafora uzoq vaqt davomida shunchaki nutqni bezaydigan,
shoirlar ishlatadigan chiroyli oʻxshatish deb hisoblab kelingan boʻlsa-da, J. Lakoff va M.
Jonsonning 1980-yillardagi inqilobiy nazariyasi bu qarashni butunlay ostin-ustun qilib yubordi.
Ularning fikricha, metafora tildan koʻra koʻproq bizning ongimizda, fikrlash tarzimizda
yashaydi, ya’ni biz kundalik hayotimizni, murakkab tushunchalarni va hatto dunyoni idrok

etishni metaforik modellar asosida amalga oshiramiz. "Bizning kundalik muloqot tizimimiz
tabiatan metaforikdir. Biz qanday oʻylayotganimiz va harakat qilayotganimiz bevosita metaforik
modellar bilan bogʻliq" [5].

Qiyosiy tahlil shuni koʻrsatadiki, Gʻarb tilshunosligida (Arastu, Kvintilian) metafora
koʻproq shakliy oʻxshashlikka asoslangan poetik vosita deb qaralgan boʻlsa, Islom madaniyati
doirasidagi tilshunoslikda (Jurjoniy, Zamahshariy) u koʻproq mohiyat va botiniy ma’no
ifodachisi sifatida tadqiq etilgan. Masalan, Arastu kishini daraxtga oʻxshatishda "tiklik" va
"shakl"ni birinchi oʻringa qoʻysa, Jurjoniy bu oʻxshatishda "ildiz" (nasab) va "meva" (amal) kabi
ma’naviy qatlamlarni chuqurroq tahlil qiladi. Oʻzbek olimlari N. Mahmudov va Sh. Safarovlar
ham metaforani lisoniy olam manzarasining asosi deb hisoblaydilar. N. Mahmudov
ta’kidlaganidek: "Metafora xalqning dunyoni koʻrish prizmasidir. Oʻzbek tilida fitomorfik
metaforalarning koʻpligi xalqimizning tabiatga boʻlgan mehri va uning nafosatini his qilish
qobiliyati bilan bogʻliq" [6].

Tadqiqotda kognitiv tilshunoslikning tizimli tamoyillari hamda konseptual metafora
nazariyasiga tayanilgan holda kognitiv-semantik tahlil, qiyosiy-tipologik, lingvokulturologik va
kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi. Ushbu metodlar majmuasi oʻsimliklar olamiga xos
xususiyatlarning insoniy konseptlarga koachish mexanizmlarini aniqlash, arab va oʻzbek
tillaridagi fitomorfik obrazlarning mushtarak hamda farqli jihatlarini tizimlashtirish, shuningdek,
metaforalarning milliy-madaniy manzara va badiiy matndagi uslubiy vazifalarini yoritib berishga
xizmat qildi. Tadqiqot materiali sifatida har ikki tilning mumtoz va zamonaviy adabiyoti
namunalari hamda izohli lugʻatlari jalb etildi.

MUHOKAMA
Arab va oʻzbek tillaridagi oʻsimliklar bilan bogʻliq oʻxshatishlarni qiyoslaganda shuni
koʻramizki, har ikki xalq ham insonni tabiatning bir boʻlagi deb biladi, ammo ularni tasvirlashda
turlicha yoʻldan boradi. Arab xalqining dunyoqarashida oʻsimlik, birinchi navbatda, jazirama
issiqdan saqlaydigan panoh va hayot manbaidir. Shuning uchun ham ularning tilida insonni
daraxtga oʻxshatish koʻproq mustahkamlik, kishining nasli va jamiyatdagi oʻrnini ifodalash
uchun xizmat qiladi. Masalan, arablar kishining aslini daraxtning ildiziga, qilgan yaxshiligini esa
uning mevasiga qiyoslaydi.
Oʻzbeklarda esa bu holat biroz boshqacha: bizda oʻsimliklar koʻproq goʻzallik va noziklik
timsolidir. Oʻzbek she’riyatida kishining boʻy-basti "sarv"ga, yuzi "gul"ga, tabassumi
"gʻuncha"ga oʻxshatilishi bizning xalqimiz tabiatga koʻproq estetik zavq olish uchun qarashini
koʻrsatadi. Toʻgʻri, har ikki tilda ham yaxshi soʻz yoki yaxshi insonni "mevali daraxt"ga
oʻxshatish kabi mushtarak qarashlar bor, lekin bu oʻxshashliklar zaminida arablar koʻproq
chidamlilik va foydani, oʻzbeklar esa koʻproq nafosat va ichki goʻzallikni nazarda tutadi. Bu
farqlarning asosiy sababi xalqlarning yashash sharoiti, iqlimi va asrlar davomida shakllangan
milliy urf-odatlari bilan bogʻliqdir.
NATIJALAR
Arab lisoniy madaniyatida insonning jamiyatdagi oʻrni va uning ma’naviy quvvati
bevosita "Xurmo daraxti" ‫ (ااااااااااا)‬obrazi orqali modellashtiriladi. Arab
tafakkurida xurmo shunchaki oʻsimlik emas, balki "Inson — bu daraxt" makrometaforasining
eng oliy koʻrinishidir. Abu al-Ala al-Ma'arri ijodida ushbu metafora kognitiv jihatdan shunday
tizimlashtiriladi: daraxtning balandligi — kishining kibrdan xoli boʻlgan yuksak martabasi,
uning meva berishi esa — insonning ijtimoiy foydaliligi. Shoirning

‫تتتتتتتتتت تتتتتتتتتت تتتتتتتتت تتتتتتتتت تتتت‬
‫ تتت تتتت تتتتتتت تتتتتتت تتتتت تتتتتتتتت‬(Ma’nosi: Xurmo
daraxtining oʻz mevasidan shodlanib tebranayotganini koʻrasan, u oʻzining shirin mevasini uni
terib oluvchi har bir kishiga hadya etadi.)

misrasida oʻsimlikka xos "tebranish" harakati insoniy "shodlik" tuygʻusi bilan bogʻlanadi
[4].

Oʻzbek lisoniy manzarasida esa bu model "Mevali daraxt" va "Chinor" konseptlari
atrofida birlashadi. Arablardagi "mustahkamlik" tushunchasi oʻzbeklarda koʻproq "soya berish"
(himoyaga olish) tushunchasi bilan toʻldiriladi. Masalan, "Yaxshi odam — mevali daraxt" maqoli
kognitiv jihatdan arabcha ‫ اااااااااا اااااا‬(Oʻz xurmosini ulashadi) modeli bilan
bir xil semantik maydonni egallaydi [6]. Har ikki tilda ham "meva" tushunchasi insonning
jismoniy hatti-harakati emas, balki uning axloqiy natijasi sifatida idrok etiladi. Arab manbalarida
bu holat koʻproq ierarxiya (yuqoridan pastga saxovat ulashish) shaklida boʻlsa, oʻzbek
manbalarida bogʻ estetikasi (atrofdagilarga huzur bagʻishlash) sifatida namoyon boʻladi.
Navoiyning quyidagi misralari fikrimizga oydinlik kiritadi:

"Kishi kim qilsa lutfu himmatni pesha,
Bovar qilki, bogʻ ichra u mevali daraxtdir hamisha." [3].
Insonning jismoniy goʻzalligi va salomatligini ifodalashda har ikki tilda oʻsimlikning
tashqi koʻrinishi (shakli va rangi) asosiy oʻrin tutadi. Arab tilida "Al-Gʻusn" ‫ااااااااا)‬
– novda) metaforasi hayotiy energiyaning timsolidir. Klassik arab she’riyatida, xususan, Ibn al-
Rumi va Imru' al-Qays asarlarida yoshlik davri "yashil va nam novda"ga qiyoslanadi. Masalan,
‫ااااااااا ااااااا ااااااااا اااااااااا اااااا‬
‫ ااااا ااااااااا اااااااا‬[5]. Bu yerda oʻsimlikdagi "namlik" (biologik
tiriklik) insonning "sogʻlomligi va navqironligi" (fiziologik holat) uchun manba sohasi boʻlib
xizmat qiladi. Arab tafakkurida "Bon" daraxtining novdasi eng nozik va goʻzal qomat oʻlchovi
hisoblanib, u harakatdagi egiluvchanlikni ifodalaydi.
Oʻzbek lisoniy manzarasida ushbu model yanada kengroq va badiiy boyitilgan. Oʻzbek
tilida inson qomati "Sarv", "Shamshod", "Nihol" kabi bir qator obrazlar orqali
modellashtiriladi. Alisher Navoiy ijodidan tortib zamonaviy adabiyotgacha boʻlgan matnlarda
"sarv" faqat balandlikni emas, balki erkinlik va gʻururni ham anglatadi. Arabcha "novda"
metaforasi koʻproq biologik yoshga urgʻu bersa, oʻzbekcha "nihol" yoki "sarv" metaforalari
estetik idealga yoʻnaltirilgan. Bu yerda kognitiv farq shundaki, arab tilida novda oʻzgaruvchanlik
(shamolda egilish) timsoli boʻlsa, oʻzbek tilida sarv barqarorlik va oʻzgarmas goʻzallik ramzidir.
Lutfiy gʻazalidan misol:
"Qading sarvu dahaning gʻuncha, ey jon,
Meningdek xasta boʻlgʻaymu senga qurbon?"
Insonning xarakteri va ichki dunyosini baholashda oʻsimliklarning "tutilishi" (shirinlik,
achchiqlik, tikanlilik) asosiy metaforik vositadir. Arab tilida "Tikan" ‫(اااااااا)‬
insonning yomon fe’l-atvori, tajovuzkorligi va jamiyatga zarari sifatida tizimlashtirilgan. Arab
maqollarida "Tikan ekkan kishi uzum termaydi" deyilganda, insonning amali va uning xarakteri
oʻrtasidagi bogʻliqlik qishloq xoʻjaligi metaforasi orqali tushuntiriladi. Bu yerda "tikan" ogʻriq
va toʻsiq manbai boʻlib, u kognitiv jihatdan "yomon soʻz" yoki "yomon amal"ga
proyeksiyalanadi.
Oʻzbek tilida bu kognitiv maydon "Gul" va "Tikan" antitezasiga (qarshilantirishiga)
asoslanadi. Agar insonning tili yoki fe’li ogʻir boʻlsa, u "tili tikan" deb baholanadi. Bu yerda

qiziqarli jihat shundaki, arab va oʻzbek tillarida "tikan" metaforasi mutlaq universallik tashkil
etadi har ikki madaniyatda ham u salbiy xarakterning eng oliy ifodasidir [6]. Biroq ijobiy
xarakterni tasvirlashda farqlar mavjud: arab tilida bu koʻproq "Meva" (foyda) orqali berilsa,
oʻzbek tilida koʻproq "Gul" (nafosat) orqali beriladi. Ya’ni, arab tafakkurida yaxshi odam
foydali, oʻzbek tafakkurida esa goʻzal (yoqimli) deb qabul qilinadi.

Har ikki xalqning oʻz oʻtmishi va ajdodlariga boʻlgan munosabati "Ildiz" ‫/ ااااا)‬
Ildiz) metaforasi orqali shakllangan. Arab tilida kishining oliy nasabi "mustahkam ildiz"ga
qiyoslanadi va bu metafora koʻpincha qabilaviy gʻururni ifodalash uchun xizmat qiladi. "Asl"
soʻzining oʻzi arab tilida ham ildiz, ham asos ma’nosini anglatishi, tilning ichki qatlamlarida
fitomorfik tafakkur qanchalik chuqur ekanligini koʻrsatadi.

Oʻzbek tilida nasab tushunchasi "Shajara" (daraxt) va "Ildiz" orqali ifodalanadi. Biroq
oʻzbek tilida bu metafora koʻproq ma’naviy merosxoʻrlik va madaniy davomiylikni anglatadi.
Natijalar shuni koʻrsatadiki, "Ildizi toza inson" birikmasi har ikki tilda ham insonning genetik va
tarbiyaviy pokligini ifodalovchi universal kognitiv modeldir.

XULOSA
Arab va oʻzbek tillaridagi fitomorfik metaforalarning qiyosiy-kognitiv tahlili har ikki
lisoniy madaniyatda oʻsimliklar olami inson hayotini modellashtiruvchi eng faol vosita
ekanligini tasdiqlaydi. Tadqiqot davomida aniqlanganidek, metafora shunchaki badiiy tasviriy
element boʻlib qolmay, balki xalqlarning olamni idrok etish va murakkab ijtimoiy-ruhiy
tushunchalarni vizuallashtirish usuli boʻlib xizmat qiladi. Oʻrganilgan tillarda "Inson — bu
oʻsimlik" makrometaforasi doirasida "Ildiz", "Meva" va "Tikan" kabi obrazlarning bir xil
kognitiv proyeksiyaga ega ekanligi, bu ikki xalqning islomiy qadriyatlar va umuminsoniy tajriba
zaminida mushtarak ekanligidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, fitomorfik obrazlarning tanlanishi va ularga yuklangan ramziy
ma’nolarda milliy-madaniy variativlik ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Arab lisoniy manzarasida
asosan "Xurmo" va "Novda" obrazlari orqali ijtimoiy matonat, nasabiy barqarorlik hamda
biologik hayotiylik modellashtirilsa, oʻzbek badiiy tafakkurida "Sarv", "Gʻuncha" va "Bogʻ"
konseptlari vositasida estetik goʻzallik, noziklik va ichki ruhiy holatlar birinchi planga chiqadi.
Bu farqlanish bevosita geografik muhit va asrlar davomida shakllangan yashash tarzi bilan
bogʻliq boʻlib, arab tafakkuridagi "matonat ierarxiyasi" va oʻzbek tafakkuridagi "nafosat
garmoniyasi"ni aks ettiradi.
Xulosa qilib aytganda, fitomorfik metaforalarni kognitiv tilshunoslik prizmasida tadqiq
etish, har ikki xalqning olamni koʻrish "kodlari"ni chuqurroq anglashga va madaniyatlararo
lisoniy-falsafiy aloqalarni yangi bosqichda tushunishga imkon beradi. Olingan natijalar tillarning
lugʻat boyligi va adabiy merosidagi obrazlar tizimi inson mohiyatini ochib beruvchi universal va
milliy qoliplarning oʻziga xos sintezi ekanligini isbotlaydi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1. Abdurahmonov Gʻ., Rustamov A. Qadimiy turkiy til. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1982.
2. Aristotle (Arastu). Poetika. – Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va san’at

nashriyoti, 1980.
3. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. – Toshkent: Fan, 1987–2002.
4. ‫ ،المعارف دار :القاهرة – .بك خير كمال :تحقيق .الرومي ابن ديوان .الرومي ابن‬1973‫.م‬
5. Lakoff G., Johnson M. Metaphors We Live By. – Chicago: University of Chicago Press,

1980.