XORAZM ILMIY MUHITIDA YARATILGAN
“MUQADDAMATU-L-ADAB” LUG‘ATINING
QADIMIY QO‘LYOZMALARI
Zohidjon ISLOMOV
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi,
Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor, fil.f.d., prof.
Annotatsiya. Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatu-l-adab” asari
tilshunoslik, lug‘atshunoslik sohalarida yaratilgan yirik muhim manbalardan
sanaladi. Asar dastlabki ko‘p tilli manba sifatida shuhrat topgan va olimlar
tomonidan eʼtirof etilgan. Dunyo fondlarida asarning lug‘at qismi kiritilgan 70 dan
ortiq nodir qo‘lyozmalari mavjud. Ular hozirgi kunda O‘zbekiston, Rossiya, Italiya,
Germaniya, Angliya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Eron, Turkiya, Xitoy kabi
davlatlardagi qo‘lyozmalar fondlarida saqlanmoqda. Asarning dunyo fondlaridagi
qo‘lyozmalarini o‘rganish ularning sirasida Xorazmda kitobat qilingan qadimiy
nusxalar mavjudligini ko‘rsatdi. Ushbu qo‘lyozmalar tarkibiga turkiy so‘zlikning
kiritilganligi ularning ilmiy ahamiyatiga ishora qiladi. Turkiy so‘zlik kiritilgan
Xorazmda kitobat qilingan qo‘lyozmalarni o‘rganish va turkiy so‘zlik qatlamini
tadqiq etish o‘ta muhim vazifalardan sanaladi.
Kalit so‘zlar: Mahmud Zamaxshariy, “Muqaddamatu-l-adab”, Xorazm,
tilshunoslik, lug‘atshunoslik, qo‘lyozma, fond, turkiy so‘zlik, ko‘p tilli, manba.
Аннотация. Труд Махмуда Замахшари "Мукаддамату-л-адаб" является
одним из важнейших источников в области лингвистики и лексикографии.
Работа получила известность как первый многоязычный словарь и был
признан учеными. В фондах мира насчитывается более 70 редких рукописей,
состоящей из словарной части труда. В настоящее время они хранятся в
фондах рукописей Узбекистана, России, Италии, Германии, Англии, Франции,
Саудовской Аравии, Ирана, Турции и Китая. Изучение рукописей
произведения в фондах мира показало, что среди них есть древние списки,
написанные в Хорезме. Включение в состав этих рукописей тюркской лексики
указывает на их научное значение. Одной из важнейших задач является
изучение рукописей с тюркской лексикой, написанных в Хорезме и
исследование туркской пласти словаря.
Ключевые слова: Махмуд Замахшари, «Mукаддамату-л-адаб», Хорезм,
лингвистика, лексикография, рукопись, фонд, туркский словарь,
многоязычный, источник.
Annotation. Mahmud Zamakhshari’s “Muqaddamat-al-adab” is one of the
large and important sources written on the fields of linguistics and lexicon. The book
was famous and accepted by scholars as a multilingual source. There are more than
70 rare manuscripts of the book in the funds of the world, in which a dictionary part
was included. These manuscripts are stored now in the funds of manuscripts of
Uzbekistan, Russia, Italy, Germany, England, France, Saudi Arabia, Iran, Turkiye,
China and others. The study of manuscripts of the book in the funds of the world
shows that there are ancient copies, which were copied in Khorazm among them.
These manuscripts have special scientific importance because they have Turkic
dictionary. Studying of these manuscripts, which were copied in Khorazm and
included Turkic dictionary is our important task.
Key words: Mahmud Zamakshari, “Muqaddamat al-adab”, Khorazm,
linguistics, lexicology, manuscript, fund, Turkic dictionary, multilingual, source.
Mahmud Zamaxshariyning mashhur “Muqaddamatu-l-adab” asari
Xorazmshoh Alovuddavla Abulmuzaffar Otsizning iltimosi bilan uning maʼmura
kutubxonasi uchun maxsus yozilgan. Xorazmshoh Otsiz uchun ajdodlaridan qolgan
boy kutubxonani yangi asarlar bilan muntazam boyitib borish eng sevimli faoliyat
edi. Shu bois Mahmud Zamaxshariy Arabistondan qaytishi bilanoq uni o‘z saroyiga
taklif etadi va asardan bir qo‘lyozma ko‘chirishni topshiradi. Zamaxshariy ilmiy
merosida uning mashhur “dunyo xazinasiga teng” “Muqaddamatu-l-adab” asari
alohida o‘rin egallaydi. Manbashunoslik fanidan maʼlumki, asar besh qismdan iborat
bo‘lib, dastlabki ikkisi – ismlar va feʼllar qismlari lug‘at sifatida, keyingi uch qismi
grammatik risolalar sifatida mashhur bo‘lgan. Asar lug‘at qismlarining dunyo
fondlarida hozircha aniqlangan 100 dan ortiq ikki, uch va to‘rt tilli qo‘lyozmalari,
hamda grammatik qismlarining mingga yaqin qo‘lyozmalari mavjud.
“Muqaddamatu-l-adab” asarining lug‘at qismlari kiritilgan dunyo fondlaridagi
nodir qo‘lyozmalarini dastlabki o‘rganish davomida ular orasida Xorazmda
ko‘chirilgan yoki xorazmlik kotiblar tomonidan kitobat qilgan qo‘lyozmalar ko‘pligi
aniqlandi. Mazkur qo‘lyozmalarning asosiy qismi xorijiy mamlakatlarda
saqlanmoqda. Eʼtiborli jihati ularning kitobat davrining qadimiyligi va so‘zlikka
turkiy muodillarning kiritilganligi hisoblanadi.
“Muqaddamatu-l-adab”ning tarixi ko‘rsatilgan eng qadimiy qo‘lyozmasining
Xorazm nusxasi Turkiyaning Yozgat shahrida Maorif kutubxonasi fondida 396
hujjat raqami ostida saqlangan va hozirda Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi
xazinasiga ko‘chirilgan manba sanaladi. Ushbu manba shu kunga qadar
tadqiqotlarda o‘zi saqlangan joy nomi bilan “Yozgat” qo‘lyozmasi sifatida zikr
qilingan. Undagi maʼlumotga ko‘ra, bu qo‘lyozma 655-hijriy yil, uchinchi jumadul-avval shanba, yaʼni 1257-yil 27-may kuni Xorazmda kotib Ibrohim bin Mahmud
Sufi Muazzin tomonidan ko‘chirilgan. Shu sababli turkiy so‘zlik kiritilgan mazkur
qo‘lyozmani “Yozgat” deb emas, “Xorazm” nusxasi deb atash ilmiy nuqtayi
nazardan to‘g‘ri bo‘ladi.
Xorazm qo‘lyozmasining dastlabki varaqlariga Qurʼonning Nuh va Jin
suralaridan parchalar yozilgan. Asarning muqaddima qismi tushib qolgan. Asosiy
matn ismlar qismi “tuproq” bobining “maʼdan” faslidagi – وشاحvishaahun, ميان بند
– miyaan band, – قرين باغىqarin bag‘i so‘zi bilan boshlangan. Ismlar qismining
matni to‘liq, lekin maxsus kolofon ko‘rinishida shakllantirilmagan. Feʼllar qismi
to‘rtburchak naqshli unvon bilan boshlangan, unga – كتاب الأفعالkitaabu-l-afʼaal
mazmunidagi yozuv kiritilgan. Asarning harflar, ismlarning turlanishi, feʼllarning
tuslanishiga bag‘ishlangan qismlari tugal asardek bismillo bilan boshlanib, xotima
bilan tugagan. Arabiy matn yirik suls-nasx xatida, qora siyohda harakatlar bilan
yozilgan. Bob va fasl so‘zlari sarlavha tarzida qizil siyoh bilan ajratib ko‘rsatilgan.
Qo‘lyozma matnidagi so‘zlarda uchragan ، ظ ، ط ، ض ، ص ذ ، د ، ز ، رkabi harflar
ostiga nuqta qo‘yilgan. Turkiy hamda forsiy so‘zlik matnida ham harakatli o‘rinlar
uchraydi. Asar matni 347 varaqdan iborat bo‘lib, har sahifaga yetti qatordan matn
bitilgan.
Xorazm qo‘lyozmasidagi turkiy jumlalarning so‘z tartibi asarning boshqa
qo‘lyozmalaridagi turkiy so‘zlik tartibidan farqlanadi. Masalan, arabiy – هنأه الطعام
hana‘ahu-t-taʼaamu jumlasi asarning Toshkent nusxalarida – سينكدى انكا اشsingdi anga
ash, Xorazm nusxasida esa – طعام سنكدى انكاtaʼaam singdi anga shaklida berilgan.
Yana bir misol, arabiy – نضحه بالماءnadahahu bi-l-maa‘i iborasi “A” nusxada اوردى
– انى سو بيرلاurdi ani suv birla, Toshkent nusxalarida – سبتى انكا سف نىsepti anga
suvni tarzida izohlangan. Bu jumla tavsiflanayotgan Xorazm qo‘lyozmasida سف برلا
– اوردىsuv birla urdi ko‘rinishida keltirilgan. Mazkur qo‘lyozma o‘zining
qadimiyligi, turkiy so‘zlikning nodirligi jihatidan ham alohida tadqiqot obyekti
bo‘lishi zarur. Asar matni katta hajmli xotima-kolofon bilan tugagan.
Kitobat davrining qadimiyligi nuqtayi nazaridan navbatdagi qo‘lyozma
Dog‘istondagi Tarix, til va adabiyot instituti fondida 117 saqlanish raqami ostida
saqlanayotgan “Muqaddamatu-l-adab”ning arabcha-forscha-turkiycha so‘zlik
kiritilgan uch tilli qo‘lyozmasi hisoblanadi. Bu nodir nusxaning xotimasidagi
maʼlumotga ko‘ra, u 731-hijriy, 1330-milodiy yili Xorazmda kotib Mahmud bin
Yusuf Sabbog‘iy Sarobiy tomonidan ko‘chirilgan. Unga muqaddima (1b-3b), ismlar
(4a-64b) va feʼllar qismlari (65a-246b) kiritilgan.1 Qo‘lyozmaning kirish qismidagi
maʼlumotga ko‘ra, mazkur nodir nusxa 1940-yil Gabshimin masjididagi
qo‘lyozmalar orasidan R. Muhamedov tomonidan ajratib olingan.
1 Mahmud Zamaxshariy. Muqaddamatu-l-adab. O‘zFA Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 202.
Asar matnining arabcha so‘zligi yirik nasx xatida qora siyohda berilgan. Forsiy
so‘zlik uning ostiga turli yo‘nalishlarda mayda nasx xatida kiritilgan. Kotib turkiy
so‘zlikning ahamiyatini taʼkidlash maqsadida uni qizil siyoh bilan ajratib ko‘rsatgan
va qadimiy uslubdagi mayda nasx xatida ko‘chirgan.
“Muqaddamatu-l-adab”ning yana bir nodir Xorazm nusxasi Turkiyadagi
Damad Ibrohim Poshsha kutubxonasidagi 1149 raqamli qo‘lyozma hisoblanadi.
Qo‘lyozmaning dastlabki sahifalariga Damad Ibrohimning shaxsiy muhri, va uning
vaqfiga tegishli boshqa muhrlar urilgan. U muqaddima bilan boshlangan.
Muqaddimaning arabiy matni ostida satrma-satr forsiy tarjimasi ham berilgan.
Ismlar, feʼllar, harflar, ismlarning turlanishi, shuningdek, feʼllarning tuslanishiga
bag‘ishlangan qismlar to‘liq va o‘ziga xos kolofon bilan yakunlangan. Asosiy arabiy
matn yirik nasx xatida, forsiy matn esa nastaʼliqda qora siyoh bilan berilgan. Barcha
sarlavhalar qizil siyohda yozilgan. Harflar qismining boshlanishidagi ayrim
so‘zlarning ostiga arabiy izohi berilgan. Har bir sahifaga 7 satrdan matn
joylashtirilgan.
Mazkur noyob qo‘lyozma Xorazmda mashhur “Al-Bayda” madrasasida
Ibodulloh Muhammad bin Yusuf Saroyi qo‘li bilan bitilgan. Kitobat tarixi hijriy
738-yil shaʼbon oyining boshlari, yaʼni 1388-yil fevral oyining oxiri deb
ko‘rsatilgan. Hozirda bu qo‘lyozma Sulaymoniya kutubxonasi fondida saqlanadi.
Istanbuldagi Arxeologiya muzeyi qo‘lyozma fondida 1619 saqlanish raqamida
ro‘yxatga olingan qo‘lyozma “Muqaddamatu-l-adab”ning muhim nusxalaridan biri
hisoblanadi.
Mazkur qo‘lyozmani Zakiy Validiy To‘g‘on «Oltin O‘rda» nusxasi deb ataydi.2
Bu qo‘lyozma asarning to‘liq nusxasi bo‘lib, unga mavjud qismlarning barchasi
kiritilgan. Asarning boshlanishida, ismlar bilan feʼllar qismlarining orasida, hamda
qo‘lyozmaning oxirida arab va fors tillarida yozilgan risolalar bor. Ulardan biri
«Xuroson ustozi» deb atalmish Ahmad bin Mahmud bin Muhammad
Nishopuriyning musiqa ilmiga oid risolasidir. Qo‘lyozmaning har bir qismi
bismillah bilan boshlanib, tamma bilan tugagan. Sarlavha qizil siyoh bilan ajratib
ko‘rsatilgan. Qo‘lyozma hoshiyasiga ko‘plab to‘ldirishlar kiritilgan, kitob
sohiblarining muhrlari urilgan. Har bir sahifaga 15 qatordan matn joylashtirilgan.
Forsiy matn qora, turkiy matn qizil siyohda nastaʼliq xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning
hajmi 201 varaqdan iborat. Qo‘lyozma tarkibidagi birinchi qism, ya’ni ismlar qismi
Damad Ibrohim Poshsha kutubxonasidagi 1149 raqamli yuqoridagi qo‘lyozma
kotibi Hibatulloh Saroyi qo‘li bilan Eski Saroy shahrida 10-muharram 741-hijriy yil,
milodiy 1340-yil 6-iyul kuni yozilgan. Asarning ikkinchi – feʼllar qismi ham aynan
shu kotib tomonidan 740-hijriy yil shavvol oyining boshlarida, milodiy 1340-yil
2 Mahmud Zamaxshariy. Muqaddamatu-l-adab. O‘zFA Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 202.
aprel oyida tugatilgan. Harflar qismining kitobat tarixi ham qo‘lyozma so‘ngida
ko‘rsatilgan. U 26-muharram 741-hijriy sanada, yaʼni 1340-yil 12-iyulda yozilgan.
Qo‘lyozma tarkibidagi asar qismlarining ko‘chirilish tarixi feʼllar qismining dastlab
ko‘chirilganligini, so‘ngra ismlar hamda harflar qismlari yozilganligini ko‘rsatadi.
Asar tarkibiga arabiy, forsiy va turkiy so‘zlik matni kiritilgan.
Turkiyaning Millat kutubxonasi fondidagi 2009 saqlanish raqamli qo‘lyozma
749-hijriy, 1348-milodiy yili Xorazmga qarashli Sirdaryo havzasining quyi
oqimidagi Xorazmshohlarning g‘arbiy qalʼasi Jand shahrida Mavlono Hisomuddin
Jandiy tomonidan ko‘chirilgan. Arabiy, forsiy va turkiy so‘zlik matnlari kiritilgan
bu qo‘lyozmadagi turkiy so‘zlik o‘zining qadimiyligi bilan ajralib turadi.
Istanbuldagi To‘pqopi saroyi qo‘lyozmalar fondi tarkibiga kirgan Ahmad III
kutubxonasidagi XIII–XIV asrlarda ko‘chirilgan 2243 raqamli qo‘lyozma, mazkur
kutubxonadagi Shams Xivaqiy tomonidan ko‘chirilgan 2470 saqlanish raqamli XIV
asr nusxasi, shuningdek, 2741 raqamli arabcha-forscha-turkiy so‘zlik kiritilgan
qo‘lyozma “Muqaddamatu-l-adab” matnini ilmiy tahlil qilish uchun muhim manba
bo‘lib xizmat qiladi. Bu qo‘lyozmalar yozuv xususiyati, kitobat uslubiga ko‘ra O‘rta
Osiyo hududidagi mintaqalarda kitobat qilingan bo‘lib, turkiy til tarixini o‘rganish
bo‘yicha muhim manbalar sifatida ilmiy ahamiyatga ega hisoblanadi.
“Muqaddamatu-l-adab”ning Xorazm bilan bog‘liq yana bir muhim
qo‘lyozmasi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanuvchi 648 raqamli Hoji Bashir Og‘a
nusxasi sanaladi.
U muqaddima bilan boshlangan va arabiy matn ostida muqaddimaning forsiy
tarjimasi ham berilgan. Qo‘lyozmaning dastlabki sahifalariga turli shakldagi
muhrlar urilgan. Ular orasida Hoji Bashir Og‘aning shaxsiy va vaqfiga tegishli
muhrlari ham bor. Asosiy matndan oldingi varaqlarda boshqa asarlardan bo‘laklar
keltirilgan va mazkur qo‘lyozma Hoji Bashir Og‘a qo‘liga o‘tganligi haqida yozuv
ham bitilgan.
Ismlar qismi matni muqaddimaga ulanib ketgan. Unda Xadicha Turxon
qo‘lyozmasi matnidagi kabi shartli qisqartmalar berilgan. Ismlar qismi mukammal
kolofon bilan tugatilgan. Qo‘lyozmadagi feʼllar qismi to‘liq berilgan. Uning
kolofonida asar Ahmad bin Muhammad Shamsu-l-Xivaqiy Kubraviy tomonidan 8-
safar 797-hijriy yil (milodiy 2-dekabr 1394-yili) Misrda yozilganligi ko‘rsatilgan.
Kolofon yonida esa bu qo‘lyozma asarning Xorazm olimlari tomonidan ko‘rib
chiqilgan nusxalar bilan Misrda 797-yil 9-rabiu-l-avval (milodiy 1395-yil 3-yanvar)
kuni qiyoslanganligi haqida yozuv bor. Qo‘lyozmaning har bir sahifasiga 13
qatordan matn joylashtirilgan.
Feʼllar qismi tugagandan so‘ng asarning muqaddimasi qaytadan ko‘chirilgan.
So‘ngra ismlar qismining matni qaytadan to‘liq keltirilgan. Uning tarkibiga turkiy
so‘zlik ham kiritilgan. Ismlar qismining hoshiyasiga ko‘plab to‘ldirishlar,
grammatik qoidalar, hadislardan namunalar, hamda sheʼriy parchalar yozilgan.
Qo‘lyozmaning bu qismi ham anchagina qadimiy bo‘lib, matn so‘nggida uning
hijriy 749-yil (milodiy 1348) ko‘chirilganligi ko‘rsatilgan. Sahifaga 8 qatordan matn
kiritilgan. Yozuv uslubi, kitobat xususiyatlariga ko‘ra, bu qism oldingi qismga
nisbatan ilgariroq ko‘chirilgan.
Demak, “Muqaddamatu-l-adab”ning Hoji Bashir Og‘a qo‘lyozmasi tarkibiga
ikki nodir nusxasi kiritilgan. Uning tarkibidagi qadimiy turkiy so‘zlik Xorazmda
kitobat qilingan manbalar bilan qiyoslanganligi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega.
Asarning diqqatga loyiq qo‘lyozmalaridan yana biri sifatida Turkiyaning
Manisa kutubxonasidagi 2850 saqlanish raqamli nusxani keltirish mumkin. Bu
qo‘lyozma Damad Ibrohim Poshsha kutubxonasi, Arxeologiya muzeyi fondidagi
manbalar singari Hibatulloh bin Qosim bin Ahmad bin Masʼud bin Hisomuddin
Saroyi tomonidan Amir Murod bin Amir Shohin bin Amir Izzuddin saroyidagi
kutubxona uchun maxsus ko‘chirilgan saroy nusxasi hisoblanadi. Qo‘lyozmaning
boshlanish qismidan bir necha varaq tushib qolgan. Asar muqaddimaning خطبائهم
– ومترسليهم وشعرائهمxutabaaihim va mutarsiliyhim va shuʼaraaihim so‘zlari bilan
boshlangan. Ismlar qismi to‘liq ko‘chirilgan. Feʼllar qismi bismillah bilan
boshlangan, matni to‘liq. Qo‘lyozmaning boshlanishi hamda oxirgi varag‘iga
Manisa kutubxonasining yumaloq muhri urilgan. Muqaddimadagi yozuvga ko‘ra,
mazkur qo‘lyozma Alamiy Ali Afandining vaqfiga kirgan – .وقف مرحوم علمى على افندى
Qo‘lyozma hoshiyalariga ko‘plab to‘ldirishlar va grammatik izohlar kiritilgan.
Arabiy so‘zlik matni yirik nasx xatida, forsiy so‘zlik matni esa satrlar oralig‘iga
nastaʼliq xatida yozilgan. Har bir sahifaga 9 qatordan matn joylashtirilgan.
Qo‘lyozmaning jami hajmi 270 varaqdan iborat. Asarning mazkur nusxasi 800-
hijriy yilning 25-ramazonu-l-muborak, seshanba (milodiy 1398-yil 12-iyun) kuni
yozib tugatilgan. Demak, mazkur qo‘lyozmani ham Xorazm nusxalariga kiritish
asosli hisoblanadi.
“Muqaddamatu-l-adab”ning arabcha-xorazmiycha nusxasi Ko‘niya nusxasi
nomi bilan ilmiy istifodaga kirgan. Bu qo‘lyozma Yusuf Og‘a kutubxonasida dastlab
1755, so‘ngra 6919 raqami bilan belgilangan, hozirgi kunda esa 5010 inventar
raqami ostida saqlanmoqda. Qo‘lyozmaning boshlanish qismi nuqsonli bo‘lib, u
ismlar qismining qarindosh-urug‘chilikka bag‘ishlangan bobidagi – عمammun –
“amaki” so‘zi bilan boshlangan.
Asarning ismlar qismi anʼanaviy xotima bilan tugagan. Ismlar qismining
umumiy hajmi 31 varaqni tashkil etadi. Feʼllar qismining matni to‘liq saqlangan.
Ismlar va feʼllar qismlarida har bir sahifaga 8 qatordan matn joylashtirilgan. Arabiy
so‘z maqolalarining arab yozuvidagi xorazmiy muodili satrlar orasiga yozilgan.
Mazkur qismlarning xotimasida ularning kitobat tarixi ko‘rsatilgan emas.
Qo‘lyozmani ilmiy o‘rganish, kitobat xususiyatlarini tahlil etish uni XII asrga oid
deb hisoblashga asos bo‘la oladi. Bundan tashqari, asarning arabiy matni XII–XIII
asr qo‘lyozmalari xatiga o‘xshash yirik suls-nasx yozuv uslubida yozilgan. Bu dalil
ham qo‘lyozmaning qadimiyligiga ishora qiladi.
Qo‘lyozma tarkibiga asarning uchinchi – harflar, to‘rtinchi – ismlarning
turlanishi, beshinchi – feʼllarning tuslanishi qismlari ham kiritilgan. Mazkur qismlar
dastlabki qismlar yozuviga nisbatan kichikroq, lekin qadimiy yozuv uslubida
bitilgan. Sarlavhalar yirik, suls-nasx xatida ajratib ko‘rsatilgan. Qo‘lyozma matni
bilan tanishish uning o‘ta mohir xattot tomonidan ko‘chirilganligini ko‘rsatadi.
Qo‘lyozmaning oxiri ham nuqsonlidir. Nusxadan asardagi feʼllarning tuslanishiga
bag‘ishlangan beshinchi qism tarkibiga kirgan o‘tgan, hozirgi-kelasi zamon, buyruq
mayliga bag‘ishlangan boblar, shuningdek, masdar, aniq va majhul daraja
sifatdoshlari, sifat darajalari, makon va zamonni anglatuvchi ismlar qismlari tushib
qolgan. Qo‘lyozma hamzali feʼllar fasli bilan tugagan.
Zakiy Validiy To‘g‘on ilk bor 1927-yili mazkur qo‘lyozma matni bilan
tanishgan va 1948-yili uni tadqiq eta boshlagan. U 1951-yili Istanbulda xorazmcha
tarjimali “Muqaddamatu-l-adab” kitobini nashr etadi. Kitob tarkibiga Ko‘niya
qo‘lyozmasining faksimil nashri va u haqidagi qisqacha maqola kiritilgan. Olim
faksimil nusxaning hoshiyasida Vetshteyn nashr etgan “Zamaxshariyning arabchaforscha lug‘ati” asarining sahifalarini “G‘” harfi bilan, Isʼhoq Hoja Ahmad
Afandining “Aqsa al-arab fi tarjimati Muqaddimat al-adab” asari sahifalarini “T”
harfi bilan ko‘rsatgan.3
Angliyadagi Britaniya muzeyida “Muqaddamatu-l-adab”ning uchta nodir
qo‘lyozmasi saqlanmoqda. Muhim ilmiy ahamiyatga ega nusxalardan biri 7429
saqlanish raqami ostidagi qo‘lyozma bo‘lib, feʼllar qismidangina iborat bu nusxa
tarkibiga arabiy, forsiy va turkiy so‘zlik kiritilgan. Bundan tashqari, xorazmiycha
so‘zlik kiritilgan o‘rinlari ham uchraydi.4 Qo‘lyozma 760/1359-yili ko‘chirilgan.
“Muqaddamatu-l-adab”ning Xorazmga oid qo‘lyozmalari Fransiyada ham
mavjud. Parij milliy kutubxonasida Anquetil 34 belgisi ostida (Paris Supplement
turk 287) “Muqaddamatu-l-adab”ning qadimiy va nodir qo‘lyozmalaridan biri
saqlanadi. Arabiy-turkiy so‘zlik kiritilgan ikki tilli bu qo‘lyozmaga asarning
ikkinchi – feʼllar qismi kiritilgan. Arabiy so‘zlik matni o‘rtacha kattalikdagi nasx
xatida bitilgan. Qo‘lyozma tarkibidagi turkiy so‘zlikka kelsak, u asarning Toshkent
nusxalaridagi turkiy so‘zlikka juda yaqin keladi. Masalan, Toshkent nusxalaridagi
arabiy – أنشأ يفعل كذاansha‘a yafʼalu kazaa iborasi – يانقى قيلادور فلان ايشنىyanqi qiladur
3 Mahmud Zamaxshariy. Muqaddamatu-l-adab. O‘zFA Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 202.
4 Каталог арабских рукописей института истории, языка и литературы Дагестанского филиала АН СССР. –
Москва, 1977. – C. 26-27.
falan ishni, – بشلادى فلان ايش قيلوbashladi falan ish qilu, – قيلو بشلادى اول ايشنىqilu
bashladi ul ishni, Parij nusxasida – قيلو بشلادى فلان نايرسانىqilu bashladi falan na
ersani, Yozgat nusxasida – قيلو بشلادى فلان ايشنىqilu bashladi falan ishni tarzida
berilgan. Nusxaning har sahifasiga 9 qatordan matn kiritilgan. Qo‘lyozma xatining
qadimiyligi, undagi turkiy so‘zlikning kitobat xususiyatlariga ko‘ra, bu nusxa XII–
XIII asrlarda Xorazmda kitobat etilgan, deb hisoblash mumkin. Mazkur qo‘lyozma
“Muqaddamatu-l-adab”ning muhim manbalaridan biri bo‘lib, yig‘ma turkiy so‘zlik
matnini tuzishda qimmatli maʼlumotlar beradi.
Umuman, “Muqaddamatu-l-adab” nomli Xorazm qo‘lyozmalarining barchasi
bir-biridan muhim, nodir manbalar hisoblanadi. Shuni taʼkidlash lozimki, mazkur
qo‘lyozmalarning turkiy so‘zligi o‘zining qadimiyligi bilan ajralib turadi. Ularning
yurtimizga olib kelinishi va tadqiq etilishi madaniyatimiz, tilimiz, fanimiz tarixi,
maʼnaviy merosimiz sarchashmalarini aniqlash, ularni tadqiq etish uchun muhim
manba bo‘lib xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Mahmud Zamaxshariy. Muqaddamatu-l-adab. O‘zFA Adabiyot muzeyi, qo‘lyozma № 202.
2. Каталог арабских рукописей института истории, языка и литературы Дагестанского
филиала АН СССР. – Москва, 1977.
3. Zeki Velidi Togan. Zimahseri’nin Dog‘u Turkcesi ile “Mukaddimatul-Edeb” I // Turk
Medeniyati, N 14. – Istanbul, 1965.
4. Zeki Velidi Togan. Horezme tercumeli Mukaddimat al-adab. – Istanbul, 1951.