“NAHJU-L-FARODIS” ASARI TADQIQI
Jahongir TURDIYEV,
Oriental universiteti,
Sharq tillari kafedrasi
dotsenti v.b., PhD
Annotatsiya. Mazkur maqola “Nahju-l-farodis” asari tadqiqiga bag‘ishlangan.
Maqolada “Nahju-l-farodis” asari qo‘lyozmasi, tili, muallifi va uning yozilish
tarixiga doir maʼlumotlar yoritilgan. “Nahju-l-farodis” XIV asrning mumtoz adabiy
yodgorligi hisoblanib, asarni o‘rganish ham birmuncha tarixga ega. Ushbu mumtoz
asar ustida ko‘plab turkolog olimlar ilmiy izlanishlar olib borganlar. “Nahju-lfarodis”ning Xorazm bilan bog‘liqligi o‘zbek matnshunoslari uchun asarning
qimmatini yanada oshiradi. “Nahju-l-farodis” asarida payg‘ambarimiz hayotidagi
muhim voqealardan biri - meʼroj masalasi birinchi bobning yettinchi va qisman
sakkizinchi fasllarida alohida yoritilgan. Fasl davomida Muhammad sollallohu
alayhi vasallamning farishta hamrohligida bir lahzada Quddusdagi Masjidul Aqsoga
borishlari, u yerda boshqa barcha payg‘ambarlarga imomlik qilib namoz o‘qishlari,
meʼrojga ko‘tarilishlari, hamda besh vaqt namozning farz bo‘lish voqealari aniq va
real bildirilgan. Mumtoz asardagi jumlalar matnshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil
etilgan.
Kalit so‘zlar: Nahju-l-farodis, Meʼrojnoma, qo‘lyozma, tarjima, xattot.
Аннотация. Данная статья посвящена изучению произведения
“Нахджул-фарадис”. В статье описаны рукопись, язык, автор и история
произведения. “Нахджул-фарадис” считается классическим литературным
памятником XIV века, и изучение произведения имеет определенную
историю. Многие учёные-тюркологи провели научные исследования над этим
произведением. Связь “Нахджул-фарадис” с Хорезмом повышает ценность
произведения для узбекских текстологов. В седьмой, и частично восьмой,
разделах первой главы произведения отдельно освещается одно из важных
событий в жизни нашего пророка – вопрос мираджа. В указанном разделе
реалистично сообщается отправление Мухаммада, да пребудут с ним молитвы
Аллаха и мир, в сопровождении ангела в один миг в мечеть Аль-Акса в
Иерусалиме, чтение там молитвы (намаз) вместе со всеми остальными
пророками, вознессение на Мирадж, и становление обязательным
пятикратных ежедневных молитв. Предложения в данном классическом
произведении анализируются с точки зрения текстологии.
Ключевые слова: Нахджул-фарадис, Мираджнаме, рукопись, перевод,
каллиграфия.
Annotation. This article is devoted to the study of the work “Nahju-l-Faradis”.
The article describes the manuscript, language, author and history of the work
“Nahju-l-Faradis”. “Nahju-l-Faradis” is considered a classic literary monument of
the 14th century, and the study of the work has a certain history. Many Turkic
scholars have conducted scientific researches on this classic work. The connection
between “Nahju-l-Faradis” and Khorezm increases the value of the work for Uzbek
textual scholars. In the work “Nahju-l-Faradis” one of the important events in the
life of our prophet - the issue of Miraj - is covered separately in the seventh and
partially eighth chapters of the first section. During the section, Muhammad, may
the prayers of Allah and peace be upon him, accompanied by an angel, at one point
went to the Al-Aqsa Mosque in Jerusalem, led all the other prophets to pray there,
ascended to the Miraj, and the events are clearly and realistically reported that five
daily prayers become obligatory. Sentences in the classical work are analyzed from
the point of view of textual criticism.
Key words: Nahju-l-Faradis, Mirajname, manuscript, translation,
calligraphy.
“Meʼroj” Alloh taolo so‘nggi payg‘ambari Muhammadning (s.a.v.) Quddusi
sharifdan yuqoriga, yaʼni, O‘zining huzuriga ko‘tarishidir. Shu hodisaga bag‘ishlab
yozilgan asarlar “Meʼrojnoma” deb ataladi. Buning singari asarlar dastlab arab
adabiyotida yozildi. Keyinchalik fors va turkiy adabiyotda ham “Meʼrojnoma”lar
mustaqil asar sifatida shakllana bordi. XV asrning nodir namunasi hisoblangan
turkiy tildagi “Meʼrojnoma” asarining fanda ikki qo‘lyozmasi maʼlum. Ularning
biri uyg‘ur yozuvida, ikkinchisi arab xatida bitilgan.
Uyg‘ur harfli qo‘lyozma hozirgi kunda Parijda Fransiya milliy kutubxonasida
Suppl. Turc. 190 ko‘rsatkichi ostida saqlanmoqda. Ushbu qo‘lyozma “Meʼrojnoma”
hamda Fariduddin Attorning “Tazkiratu-l-avliyo” asarlaridan iborat.
Qo‘lyozmaning 1–69-sahifalari “Meʼrojnoma”, 70–264-sahifalari esa “Tazkiratu-lavliyo” asarini o‘z ichiga oladi. Uyg‘ur yozuvli bu qo‘lyozma hijriy 840-yili
(milodiy 1436-1437) Hirotda Abu Malik baxshi tomonidan ko‘chirilgan. Bu xususda
shunday taʼkidlanadi: “Tazkirada bitilgän mašayix avliyālarnïŋ hikāyat sözläri
tügätildi. Tarix sekiz yüz qïrqta at yïl jumadul-axira aynïŋ onïda Haruda Abu Malik
baxšï bitidim.”17
17 Sertkaya, Osman Fikri. İslami Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir Bakış. Boçum. Тurk dili ve edebiyati
dergisi, 1977. – B. 12.
Mazkur “Meʼrojnoma” asari “Nahju-l-farodis” nomli kitobdan turkiy tilga
o‘girilgan bo‘lib, bu haqda biz asarning hamd va nat qismidan so‘ng keladigan,
tarjimon tomonidan keltirilgan quyidagi jumlalardan bilib olishimiz mumkin:
“Emdi bilgil-kim, bu kitabniŋ atï “Merājnāma” türür. “Nahju-l-faradis” atlïq
kitabdïn türk tiligä evürdük. Köp kišilärgä fāyda teksün tep, Täŋri ta‘ālānïŋ tavfiqï
birlä tamām bitilip, xalāyiqnïŋ köŋli közigä širin körüngäy.”18
“Meʼrojnoma” tarjimoni mazkur asarni qaysi tildan turkiyga o‘girgani haqida
maʼlumot bermagan. Natijada “Nahju-l-farodis” asari tili haqida tadqiqotchilar
tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Shu o‘rinda “Nahju-l-farodis” nomli asar
xususida baʼzi maʼlumotlar bilan tanishsak.
Asarning bizgacha bir necha qo‘lyozmasi saqlangan. Ular Istanbul, Qrim,
Qozon va Sankt-Peterburgda saqlanmoqda. “Nahju-l-farodis” har qaysisi o‘n
bo‘limdan iborat bo‘lgan to‘rt bobdan tashkil topgan. Muallif asarning har bir
bo‘limini arab tilida keltirilgan hadis bilan boshlaydi. “Nahju-l-farodis” muqaddas
Islom dinining qonun-qoidalari, musulmonlik farzlari haqida maʼlumot beruvchi
diniy-axloqiy mazmundagi asar bo‘lishiga qaramasdan, etnografik va tarixiy
maʼlumotlarga boy. Asar ravon xalqqa tushunarli tilda yozilgan bo‘lib, badiiy
tilninggina emas, turkiy adabiyot tarixining ham yodgorligidir.
Kitob nomining maʼnosini asarda berilgan quyidagi jumladan bilish mumkin: “Bu
kitabkä “Nahju-l-faradis” at berduq, ma‘nisï uštmaqlarnïŋ ačuq yolï temäk olur.19”
Milliy matnshunosligimizda professorlar N.Raxmonov va H.Boltaboyev
nashrga tayyorlagan “O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari”ning 1-jildida “Nahju-
l-farodis” asaridan parchalar keltirilgan. Shuningdek, matnshunos O.Jo‘raboyev
ham mazkur asarni atroflicha o‘rganib, bir necha maqolalar eʼlon qilgan.
O.Jo‘raboyev “Matnning matn osti sirlari” nomli monografiyasida asar va uni
o‘rganilish tarixi xususida quyidagilarni keltiradi: “Ilk bora Shahobiddin Marjoniy
“Nahju-l-farodis”ning nodir bir nusxasi haqida maʼlumot bergan. Keyinchalik
A.Ubaydullo va A.Raxim, F.Ko‘pruli, H.Tavfik, H.Ehson va H.Ali, A.Z.Validiy
asar borasida to‘xtalgan bo‘lsalar, professor A.N.Samoylovich asarning Qozonda
saqlanayotgan bir qadim qo‘lyozmasi va tili haqida yozgan. Asarning asosan til
xususiyatlari o‘rganilgan va ko‘p tadqiqlar shu yo‘nalishda davom etgan. Bu borada
Q.Burslan, Ali Qoramono‘g‘li, va E.Najibning tadqiqi maʼlum. Yana, B.Yafarov
shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Akademik E.Fozilovning
rus tilida chop etilgan «Eski o‘zbek tili. XIV asr Xorazm yodnomalari» nomli
kitobida ham “Nahju-l-farodis”dagi ayrim so‘zlar izohlangan.
18 Courteille, Pavet de. Mirâdj-nâmeh, Récit de l'Ascension de Mahomet au Ciel Composé A.H. 840/1436-1437. –
Amsterdam: Philo Press, 1882. – B. 1.
19 Nehcu'l-feradis. I metin, II tipkibasim. Turk dil kurumu yayinlari: 518. – Ankara, 1995. – B. 1.
Nomini alohida eʼtirof etish kerak bo‘lgan yana bir olim Yanosh Ekmandir.
Uning turkologiyaga oid ko‘plab tadqiqotlari orasida “Nahju-l-farodis” ajralib
turadi. Y.Ekman dastlabki izlanishlarini asarda qo‘llanilgan bir so‘z tadqiqi bilan
boshlagan. Keyin uning Istanbul Yangi jomeʼ kutubxonasida saqlanayotgan
diakritik belgili unikal qo‘lyozmasini faksimil holda nashrga tayyorladi. Ammo asar
transliteratsiyasini nashrga tayyorlash ishini nihoyasiga yetkazolmay vafot etgan.
Buni S.Tezgan va X.Zulfiqor yakuniga yetkazib, chop ettiradilar. Shu tariqa
“Nahju-l-farodis” asari to‘laligicha dunyo yuzini ko‘radi va keyingi tadqiqotlarning
deyarli hammasi ushbu faksimil va matn yuzasidan amalga oshgan.”20
Darhaqiqat, Y.Ekman bu asar bo‘yicha chuqur ilmiy izlanishlar olib borgan. U
Parijdagi Fransiya milliy kutubxonasida “Nahju-l-farodis”ning fanga hali maʼlum
bo‘lmagan bir nusxasi xususida maʼlumot berib o‘tgan.21
Asarning muallifi, qachon va qayerda yozilganligi masalasida esa ko‘pgina
bahslar mavjud. Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratu-sh-shuaro” tazkirasida
Alisher Navoiyga bag‘ishlangan bir mulammaʼ keltirilgan:
Turkiyni ko‘rub qilurlar erdi tarku tavba ham,
Gar tirik bo‘lsalar erdi Lutfiy birla Kardariy.
Maqsud Shayxzoda «Tazkirachilik tarixidan» maqolasida shu sheʼrni nazarda
tutib yozadi: «Mazkur qitʼada zikr etilgan Kardariy Xorazm o‘lkasining Kardar
qishlog‘ida hijriy 761-yilda (milodiy 1359-60) vafot etgan Mahmud Ibn Ali degan
shaxs, “Nahju-l-farodis” nomli diniy-axloqiy asar muallifidir. Umrining bir qismini
Oltin O‘rda poytaxti Saroy shahrida o‘tkazgan. Asarning bir necha nusxalari
saqlanib qolgan. Bu asarning Kardariy tirik vaqtida xorazmlik kotib tomonidan
ko‘chirilgan nusxasi Xorazm shevasi va adabiy lahjasining tarixini o‘rganishda juda
katta ahamiyatga egadir. Har holda Davlatshoh Samarqandiy turkiy nazm ustasi deb
ko‘rsatgan Kardariy degan shoir shu Mahmud ibn Alidan boshqasi emas.22
“Nahju-l-farodis”ning Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasining
qog‘ozi tekshirilganda, uning Xorazmda ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Shuningdek, bu nusxaning orfografik xususiyati hamda diakritik belgilari tizimi ham
Xorazm hududida yozilganiga dalolat qiladi.
Yuqorida keltirilgan maʼlumot yuzasidan xulosa qilib, “Nahju-l-farodis”
asarining muallifi deb shartli ravishda Mahmud ibn Ali as-Saroyi Bulg‘oriy
Kardoriyni ko‘rsatish mumkin. Chunki, “Nahju-l-farodis”ning qo‘lyozmasida asar
muallifining nomi va yozilgan joyi qayd etilmagan. Faqat kitob nihoyasida asarning
20 Jo‘raboyev O. Matnning matnosti sirlari. – Toshkent: Tamaddun, 2017. – B. 13.
21 Eckmann Janos. Harezm, kıpçak ve çağatay türkçesi üzerine araştırmalar. Turk dil kurumu yayinlari: 635. – Ankarа,
2003. – B. 49-51.
22 Jo‘raboyev O. Matnning matnosti sirlari. – Toshkent: Tamaddun, 2017. – B. 14.
yozilish sanasi va kotibining ismi keltirilgan, xolos. Kotib qoldirgan maʼlumotlar
quyidagicha kelgan:
“Bu kitab tamam boldï tarix yeti yüz altmïš birda šahrul axïr mubarak jumadul
avval ayïnïŋ altïnčï künida erdikim, kitabatï tušluq vaxtïnda tamam boldï. Taqï
kitabning musannifï mazkur yakšanba kün darul-fanadïn darul-baqaga rixlat qïldï.”23
Kitob nomining maʼnosini asarda berilgan quyidagi jumladan bilish mumkin:
“Bu kitabkä “Nahju-l-faradis” at berduq, ma‘nisï uštmaqlarnïŋ ačuq yolï temäk olur.”
Matn oxirida esa kotib “Muhammad ibn Muhammad ibn Xusrav Xarazmiy”
tarzida o‘z ismini keltiradi.
Yuqoridagi maʼlumotlardan asarga doir muhim jihatlar yuzaga chiqadi.
Dastlabki muhim maʼlumot asarning yozilgan sanasi bo‘lib, u hijriy 761-yil,
jumadul avval oyining oltinchi kunidir (bu milodiy sana bo‘yicha 1360-yilning 24-
mart sanasiga to‘g‘ri keladi). Keyingi muhim jihat, hijriy 761-yil jumadul avval
oyining birinchi kuni juma kuni bo‘lishini hisobga olsak, asar musannifi
yakshanbada, yaʼni, kotib asarni ko‘chirishni tugatishidan uch kun oldin (1360-yil,
21-mart) vafot etgani maʼlum bo‘ladi.
Qo‘lyozma taxallusi Xusrav bo‘lgan xorazmlik kotib tomonidan ko‘chirilgan,
kotib esa asar muallifining vafoti sanasini aniq keltirishicha, yozuvchini shaxsan
bilgan. Bu esa asar muallifi ham Xorazm diyoridan ekanligi haqidagi mulohazani
bildirishga imkon beradi. Asar esa Xorazmda yozilganini aytish mumkin.
Shuningdek, asarning muallif hayotligidayoq ko‘chirilishi uning mashhur bo‘lib,
xalq orasida keng tarqalganiga ham dalolat qiladi.
Turkiy tilga o‘girilgan “Meʼrojnoma” asarida payg‘ambarimiz
Muhammadning (s.a.v.) meʼrojga ko‘tarilishlari, jannat bilan do‘zax sayohati,
shundan so‘ng Jabroil alayhissalom qanotiga minib Qof tog‘iga chiqib, shu yerda
yashagan Muso ummatlariga nasihat berish bilan nihoyasiga yetadi. Qof tog‘i
sayohati “Nahju-l-farodis”da I bobning yettinchi va sakkizinchi fasllaridan (60-68-
betlar) o‘rin olgan. “Nahju-l-farodis”ning bu qismini “Meʼrojnoma” bilan
solishtirsak, ikki matnning ayni shaklda tartiblangani va mazmun jihatdan bir-biriga
uyg‘unligini ko‘ramiz. Shu bilan birga, asarlar muqoyasa qilinganda ikkinchi va
oltinchi qavat osmon tavsifi har ikkalasida turlicha bayon etiladi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Mahmud ibn Ali ibn as-Saroyi Bulg‘oriy
Kardoriyning “Nahju-l-farodis” asari asli turkiyda yozilgan bo‘lsa, “Meʼrojnoma”
asarini “Nahju-l-farodis”dan ayni tilga o‘girishdan qanday maʼno bor? Yoki
Kardoriyning “Nahju-l-farodis”i shu nomdagi asarning to‘liq turkiy tarjimasimi?
degan savolga javob topish uchun bu borada tadqiqot olib borgan olimlar fikriga
murojaat qilsak. Turkolog E.N.Najip bu haqda shunday degan: “XIII asrdayoq arab
23 Nehcu'l-feradis. I metin, II tipkibasim. Turk dil kurumu yayinlari: 518. – Ankara, 1995. – B. 309.
tilidan turkiy tilga tarjima qilingan mashhur “Meʼrojnoma”ning muqaddimasida,
tarjimon tomonidan bu asar “Nahju-l-farodis”dan o‘girilgani aytib o‘tilgan. Biroq,
biz bu yerda tasodifan, tuzilishi jihatdan butunlay bir-biridan farq qiluvchi bir
nomdagi ikki asarga duch kelamiz. Tarjimon tomonidan aytilgan ana shu jumla
fransuz filologi Pave de Kurteylning ham butunlay original bo‘lgan bu asarni
“Meʼrojnoma”da tilga olingan arab tilidagi asarning tarjimasi deb yanglishishiga
sabab bo‘lgan.”24
Tarjimonning ana shu jumlasi, yoki Pave de Kurteylning fikri o‘z navbatida
S.Y.Malovni yanglish fikr bildirishiga olib keldi. U shunday yozgan edi: “Darvoqe,
“Meʼrojnoma” “ - نهج الفرديسJannat manzaralari” asarining tarjimasidir.” U yana
shunday yozgan edi: “Bu o‘sha Marjoniy o‘zining “Qozon va Bulg‘or tarixi”ida
aytib o‘tgan muallifi Ali o‘g‘li Mahmud Bulg‘oriy (XIV asr) bo‘lgan “Meʼrojnoma”
emasmikan?”25
1930-yil Sharqiy Yalta muzeyi ilmiy xodimi Yoqub Kamol “XIV asrning
turkiy-tatarcha qo‘lyozmasi “Nahju-l-farodis” nomli asarini chop ettiradi.
A.Samoylovich asarning qisqacha muqaddimasida shunday yozgan edi: “Professor
S.Y.Malovning fransuz turkologi Pave de Kurteyl tomonidan nashr qilingan
chig‘atoycha “Meʼrojnoma” muqaddimasida tilga olingan “Nahju-l-farodis” asari
haqidagi ko‘rsatmasi menda katta qiziqish uyg‘otdi.”26
Ilmiy tadqiqotlarda yetarli darajada tekshirib o‘rganilmagan maʼlumotning bu
qadar keng yoyilishi ajablanarli holdir.
Turkolog Y.Ekman “Meʼrojnoma”da tilga olingan “Nahju-l-farodis” tili
forscha ekanligini taxmin qilgan va quyidagi fikrlarni bildirgan: “Men bu yerda bahs
mavzusi bo‘lgan “Nahju-l-farodis”ni ikki nuqtaga asoslanib forscha ekanligini
taxmin qilmoqchiman: 1) Pave de Kurteyl tomonidan nashr qilingan
“Meʼrojnoma”da asar nomining birinchi qismi harakatli bo‘lib, ن ََهجnahaj shaklida
berilganki, bu – Vullers lug‘atiga ko‘ra – so‘zning forscha talaffuzidir; 2)
“Meʼrojnoma”da asl meʼroj faslidan keyin jannat va do‘zax sayohati bo‘limining
boshida (25-b.), İmam Bağavï rahmatullahi ‘alayhi Masabih atlïk kitabïnda bü
hädisni keltirmiš türür, jumlasidan so‘ngra arabcha hadis o‘rniga “farsi bitildi”
(“forscha yozildi”) qaydi, shundan so‘ng esa hadisning turkiy tarjimasi beriladi.”
(Bu tarjimadan ham, “Meʼrojnoma”da ham “Nahju-l-farodis”ning I bob 7
bo‘limining boshida keltirilgan hadisning aynan ekanligi anglashiladi.)
24 Наджип Эмир. Регионы и этапы формирования тюркских письменных языков и литератур. – Туркестан:
Туран, 2007. – С. 265.
25 Малов С. Памятники древнетюркской письменности. Тексты и исследования. – Москва: Издательство
Академии наук СССР, 1951. – C. 96-97.
26 Наджип Эмир. Регионы и этапы формирования тюркских письменных языков и литератур. – Туркестан:
Туран, 2007. – С. 265.
Bu qayddan shunday maʼno chiqarish mumkin: “Meʼrojnoma” tarjima qilingan
“Nahju-l-farodis” forscha yozilgan, balki, arabchadan tarjima qilingandir. Asarda
keltirilgan hadis va oyatlar arabchadir. Shuningdek, meʼroj faslining boshida (2-b.)
yana Bag‘aviydan rivoyat qilingan hadis ham xuddi shunday. Faqatgina jannat va
do‘zax sayohati faslining boshidagi hadisning arabcha matni xattotning eʼtiborsizligi
natijasida tushirib qoldirilgan. Turkiy mutarjim ham bu hadisning forschasini
keltirishni lozim deb topmay, “forscha yozildi” qaydini keltirib qisqartirgan. Asar
arabcha bo‘lganida bu jumla hech bir maʼno ifoda etmasdi.27
Bizningcha, E.N.Najipning bu borada olib borgan tadqiqoti diqqatga sazovor.
U o‘zi bildirgan fikrlarni asoslab, tili va tuzilishi, shu bilan birga yozilgan davri va
hajmi jihatdan farq qiluvchi bir nomdagi ikki asarni adashtirish holatlari yuzaga
kelganligini aytib o‘tgan.
Biroq, uning “Meʼrojnoma” XIII asrdayoq arab tilidan turkiy tilga tarjima
qilingan”, degan fikriga qo‘shilmaymiz. Zero, asar arab tilidan turkiyga tarjima
qilinganligi hali to‘liq tasdig‘ini topgani yo‘q. Shuningdek, asar qachon turkiyga
o‘girilgani haqida ham aniq to‘xtamga kelish qiyin. Y.Ekmanning fikri asoslidir.
Parij nashridagi matnda “farsi bitildi” (“forscha yozildi”) jumlasidan so‘ng
hadisning turkiy tarjimasi keltirilgan. Tarjimon asarni arabchadan o‘girganda bu
jumlaga hojat qolmasdi. Fikrimizcha, “Nahju-l-farodis” asli arab tilida yozilgan
bo‘lib, u dastlab forschaga o‘girilgan. “Meʼrojnoma” esa forsiy “Nahju-l-
farodis”dan turkiyga tarjima qilingan.
Turkiy tilda bitilgan “Nahju-l-farodis” asari 444 bet bo‘lib, “Meʼrojnoma”
hajm jihatdan undan o‘n barobar kichikdir. “Nahju-l-farodis” hamda “Meʼrojnoma”
asarlarini tuzilishiga ko‘ra ham farqliligi shuni ko‘rsatadiki, Mahmud ibn Ali ibn as-
Saroyi Bulg‘oriy Kardoriy qalamiga mansub original ijod namunasi
“Meʼrojnoma”ning tarjimasiga hech qanday aloqasi bo‘lmay, “Nahju-l-farodis”
atalmish asli turkiyda bitilmagan yana bir asar mavjudligini tasdiqlaydi.
“Meʼrojnoma”ning muqaddimasida kelgan jumlalar hamda asar matnining
nihoyatda sodda va xalqchil tilda bitilganligi asarning turkiy tilga o‘girilish sababini
ko‘rsatadi. “Meʼrojnoma”ni turkiy tilga o‘girishdan asosiy maqsad - oddiy aholi ham
asarni o‘z tillarida o‘qib tushunishlari va ular uchun foydali bo‘lishi ko‘zlangan.
Turkiy tildagi “Nahju-l-farodis” asari eski o‘zbek tili, adabiyoti va
kitobatchilik sanʼatini o‘rganishda nodir yozma yodgorliklardan bo‘lib, uning
muallifi hayotlik chog‘idayoq ko‘p nusxada ko‘chirilishi asarning turkiy tilli xalqlar
orasida keng o‘qib-o‘rganilganidan darak beradi.
27 Eckmann Janos. Harezm, kıpçak ve çağatay türkçesi üzerine araştırmalar. Turk dil kurumu yayinlari: 635 –
Ankarа, 2003. – B. 47-48.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Courteille Pavet de. Mirâdj-nâmeh, Récit de l'Ascension de Mahomet au Ciel Composé
A.H. 840/1436-1437. – Amsterdam: Philo Press, 1882.
2. Eckmann Janos. Harezm, kıpçak ve çağatay türkçesi üzerine araştırmalar. Turk dil
kurumu yayinlari: 635. – Ankarа, 2003.
3. Doğan Cihan. Mirâc-nâme Harezm türkçesiyle mi yazilmiştir? // Ankara Üniversitesi Dil
ve Tarih-Coğrafya Fakültesi Türkoloji Dergisi 22, 1. – Ankarа, 2018.
4. Sertkaya, Osman Fikri. İslami Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir Bakış.
Boçum. Тurk dili ve edebiyati dergisi, 1977.
5. Малов С. Памятники древнетюркской письменности. Тексты и исследования. –
Москва: Издательство Академии наук СССР, 1951.
6. Наджип Эмир. Регионы и этапы формирования тюркских письменных языков и
литератур. – Туркестан: Туран, 2007.
7. Содиқов Қ. Туркий ёзма ёдгорликлар тили: адабий тилнинг юзага келиши ва
тикланиши. – Тошкент: ТДШИ, 2006.
8. Nehcu'l-feradis. I metin, II tipkibasim. Turk dil kurumu yayinlari: 518. – Ankara, 1995.
9. Jo‘raboyev O. Matnning matnosti sirlari. – Toshkent: Tamaddun, 2017.
10. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 4-жилд. – Тошкент: Ўзбекистон миллий
энциклопедияси давлат илмий нашриёти, 2002.
11. Ан-Наим. Арабча-ўзбекча луғат. – Тошкент: Абдулла Қодирий номидаги халқ
меъроси нашриёти, 2003.
12. Древнетюркский словарь. – Ленинград: Наука, 1969.