NIZOMIY GANJAVIY IJODINING MOVAROUNNAHR ADABIY
MUHITIGA TA’SIRI
THE INFLUENCE OF NIZIMI GANJAVI’S POEMS ON THE LITERARY
ENVIRONMENT OF TRANSOXIANA
ВЛИЯНИЕ СТИХОВ НИЗИМИ ГЯНДЖАВИ НА ЛИТЕРАТУРНУЮ
СРЕДУ ЦЕНТРАЛЬНОЙ АЗИИ
Shoaliyeva Nargiza Kakhramanovna,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
O‘zbek tili va mumtoz sharq adabiyoti kafedrasi dotsenti, f.f.n
Теl: +998 98 127-30-06
nshoaliyeva74@mail.ru
ORCID: https://orcid.org/0000-0002-7314-0093
Golkarian Ghadir Dursunoğlu,
Kipr yaqin sharq universiteti,
Turk adabiyoti va tili kafedrasi professori, fil.f.n
Tel: 90 533-860-05-59
ghadir.golkarian@neu.edu.tr
ORCID: https://orcid.org/0000-0003-3801-7089
Annotatsiya. XII asrning atoqli shoiri Nizomiy Ganjaviyning bir qancha asarlari
qadimdan bugungi kungacha jahon adabiyotida alohida o‘rin tutadi. Bu forsiyzabon
shoir nafaqat fors adabiyotining, balki turk va hind adabiyotining ham tilshunos
adiblari hamda mumtoz adabiyot vakillaridan hisoblanadi. Nizomiy Ganjaviy
nomining shuhrat qozonishi va uzoq yillar mobaynida barhayot ekanligi uning
masnaviy asarlari bilan bog‘liq bo‘lib, hatto keyingi asrlarda ko‘plab turk shoir va
yozuvchilari ushbu asarlardan o‘zlashtirib, turkcha tarjimalar ham yozganlar. Shu
qatorda Nizomiyning “Xamsa”siga e’tibor qaratib, uning asarlari asosida o‘zgartirish
va misollar bilan an’anani davom ettirgan Mir Alisher Navoiyni qayd etish lozim.
Nizomiy Ganjaviy “Xamsa”sidan o‘rin olgan “Haft paykar” masnaviysi Bahrom Go‘r
haqidagi hikoyalarning Eron adabiyotidan turkiy adabiyotga kirib kelishiga zamin
yaratdi. Nizomiy bugungi kunda xalqaro miqyosda qiyosiy adabiyot sohasida katta
ahamiyatga ega bo‘lgan “Haft paykar” masnaviysida yaratgan timsol va obrazlar bilan
o‘ziga xos uslub taqdim etgan. U uslub yarata oldi va ildam qadam tashladi. O‘zi
qo‘llagan to‘qima obrazlar bilan xayoliy chizgilarning yangi uslubini yaratib,
muvaffaqiyatini isbotladi va zamonasidan keyin adabiyot maydoniga kirib kelgan
ko‘plab shoirlarga ta’sirini ko‘rsatdi. XV-XVIII asrlarda yashab ijod etgan Mir Alisher
Navoiy, Ashkiy, Behishtiy, Xayoliy kabi shoirlar Nizomiyning “Xamsa”si va ayniqsa,
uning “Haft paykar” masnaviysi asari taʼsirida boʻlgan. O‘tmish shoir va
yozuvchilaridan qolgan asarlar qanchalik yangi ruhda yozilgan bo‘lmasin, asos
jihatidan, mohiyatan Nizomiy masnaviylaridan olingandir. Shu bilan birga, asarda
qo‘llangan obrazlar, majoziy ifoda va masnaviy yozuv uslubini o‘rganish orqali bilish
mumkinki, Nizomiyning “Haft paykar” asari o‘z davriga nisbatan yuksak darajada
yozilgan. Ushbu asarda Nizomiy Ganjaviy yetti paykarga ishora qiladi va bu holatda
Movarounnahr yozuvchilari o‘rtasida uning asarlari ta’sirini o‘rganish mumkin.
Nizomiy ijodiga bag‘ishlangan mazkur tadqiqotda kutubxonachilik va qiyosiy tadqiqot
usullaridan foydalanilgan.
Kalit so‘zlar: Nizomiy Ganjaviy, Nizomiy “Xamsa”si, “Haft paykar”, fors
adabiyoti, Movarounnahr
Annotation. Several works of the famous poet Nizami Ganjavi, who lived in the
12th century, occupy a special place in world literature from ancient times to today.
This Persian-speaking poet is one of the linguists and representatives of classical
literature not only in Persian literature, but also in Turkish and Indian literature. The
popularity of Nizami Ganjavi’s name and its survival for many years is related to his
literary works, and even in the following centuries, many Turkish poets and writers
borrowed from these works and even wrote Turkish translations. Along with this, it is
worth noting Mir Alisher Navoi, who focused on Nizami’s “Khamsa” and continued
the tradition with modifications and examples based on his works. Nizami Ganjavi’s
“Haft paykar” masnavi from “Khamsa” laid the foundation for the introduction of
stories about Bahrom Gur from Iranian literature to Turkish literature. Nizami
presented a unique style with the symbols and images he created in the masnavi “Haft
Paykar”, which is of great importance in the field of comparative literature today. He
was able to create a style and step forward. He proved his success by creating a new
style of imaginary lines with the texture images he used and influenced many poets
who entered the field of literature after his period. Mir Alisher Navoi, Ashki, Behishti,
Khayoli, who lived and wrote poems in the 15th and 18th centuries, were influenced by
Nizami’s “Khamsa” and especially his “Haft paykar” masnavi. The works left by the
poets and writers of the past, no matter how much they were written in a new spirit,
were essentially taken from Nizami’s masnavis. At the same time, by studying the
images used in the work, figurative expression, and the style of traditional writing, it
can be known that Nizami’s “Haft paykar” was written at a high level compared to his
time. In this work, Nizami Ganjavi refers to seven beuties, and in this case it is possible
to study the influence of his works among the writers of Movarounnahr. In this research
dedicated to Nizami’s work, the methods of librarianship and comparative research
were used.
Keywords: Nizami Ganjavi, Khamsa of Nizami, Haft Paykar, Persian literature,
Transoxiana
Аннотация. Несколько произведений известного поэта Низами Гянджеви,
жившего в 12 веке, занимают особое место в мировой литературе с древнейших
времен до наших дней. Этот персоязычный поэт является одним из лингвистов и
представителей классической литературы не только в персидской, но и в
тюркской и индийской литературе. Популярность имени Низами Гянджеви и его
сохранение на протяжении многих лет связаны с его литературными
произведениями, и даже в последующие столетия многие тюркские поэты и
писатели заимствовали из этих произведений и даже писали тюркские переводы.
Наряду с этим стоит отметить Мир Алишера Навои, который остановился на
«Хамсе» Низами и продолжил традицию с модификациями и примерами на
основе его произведений. Маснави «Хафт пайкар» Низами Гянджеви из «Хамсы»
положило начало внедрению рассказов о Бахроме Гуре из иранской литературы
в тюркскую литературу. Низами представил уникальный стиль с созданными им
символами и образами в маснави «Хафт Пайкар», имеющей сегодня большое
значение в области сравнительного литературоведения. Он смог создать стиль и
шагнуть вперед. Он доказал свой успех, создав новый стиль воображаемых
линий с фактурными изображениями, которые он использовал, и оказал влияние
на многих поэтов, которые вошли в область литературы после его периода. Мир
Алишер Навои, Ашки, Бехишти, Хаёли, жившие и писавшие стихи в XV-XVIII
веках, находились под влиянием «Хамсы» Низами и особенно его маснави «Хафт
пайкар». Произведения, оставленные поэтами и писателями прошлого, как бы
они ни были написаны в новом духе, по сути были взяты из маснави Низами. В
то же время, изучая использованные в произведении образы, образное
выражение и стиль традиционного письма, можно узнать, что произведение
Низами «Хафт пайкар» написано на высоком уровне по сравнению с его
временем. В этом произведении Низами Гянджеви обращается к семи
красавицам, и в этом случае можно изучить влияние его произведений среди
писателей Мовароуннахра. В данном исследовании, посвященном творчеству
Низами, использовались методы библиотечного дела и сравнительного
исследования.
Ключевые слова: Низами Гянджеви, Хамса Низами, Хафт Пайкар,
персидская литература, Средняя Азия.
KIRISH
O‘rta Osiyo va Movarounnahr turkiylari orasida taraqqiy topgan ma’rifat hamda
adabiy ilmlar ularning islom dinini qabul qilishlari bilan boshlangan. Qadimiy turkiylar
orasida birinchi yozma adabiyot namunalari umumiy ma’noda “Devon adabiyoti” deb
atalgan. Bu nom saralangan she’rlar jamlanib yaratilgan asar – devonga nisbatan
aytiladi. Boshqa tomondan, adabiyot tarixidagi eski turkiy adabiyot, mumtoz turkiy
adabiyot, islom turkiy adabiyoti kabi nomlar ham qo‘llanadi. Qayd etilgan adabiy
davrning katta qismi turk adabiyotining uch sohasiga yoʻnaltirilganligi va
oʻrganilganligi sababli, turkiy hududga oid adabiyotlar, xoh Oʻrta Osiyoda, xoh
Movarounnahrdan tashqarida boʻlsin, turkiy mumtoz adabiyot turkumida tadqiq
qilinganligi eʼtirofga molikdir. Turk mumtoz adabiyoti Usmonli turk adabiyoti nomi
bilan mashhur bo‘lgan Anadolu hududi adabiyoti, Ozarbayjon va Chig‘atoy adabiyoti
kabi uchta o‘ziga xos qismga bo‘lingan. Fors adabiyotining turk adabiyotiga ta’sir
ko‘lami milodiy XV asrda ko‘proq namoyon bo‘ldi (Golkarian G., 2020: 115-120).
Binobarin, turk adabiyoti tadqiqotchilari fikricha, fors adabiyotining turk adabiyotiga
sezilarli ta’siri Usmonlilar hukmronligi davridan boshlangan. “Sodda turkiy tilga
moyillik” yoki turkiy tilda sodda yozish davrida mashhur boʻlgan Movarounnahrdagi
Alisher Navoiy, Anadoluda Ahmad Posho va Najotiy kabi qadimgi adiblar orasida
turkiy adabiyotda tilning sofligiga e’tibor berish yuksak bo‘lganiga qaramay, fors
adabiyotidan tamoman uzilib bo‘lmas edi (Aydın A., 2022: 253-266).
Fors tili va adabiyoti turkiy qatlamlar orasida ilm tili bilan bir qatorda adabiy til
sifatida ham ko‘rilgan. Shu sababdan ham undan ajralish imkonsiz edi. Misol
tariqasida, Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarida turk va fors
tillarini lingvistik, konseptual qiyoslagan bo‘lsa-da, fors hamda turkiy tillar o‘rtasida
doimiy aloqa bo‘lganligini quyidagi misralar bilan tasdiqlaydi:
Turkiy shirin va rang-barang ma’nosi bor,
Boq forsiy ham la’l-u durlardek bebaho.
Go‘yo suxan bozori eshigi ochilgandek,
Bir yoni qandolat-u bir yoni zargarlik.
Yoki boshqa bir o‘rinda o‘zbek tilida keltiriladi:
Chun forsiy erdi nukta shavqi,
Ozroq edi anda turk zavqi.
Men turkcha boshlabon rivoyat,
Qildim bu fasonani hikoyat.
Kim shuhrati jahonga to‘lg‘ay,
Tur eliga dog‘i bahra bo‘lg‘ay.
Shunday ekan, qadimgi adiblar nuqtayi nazaridan fors tilining turkiy adabiyotdan
hech qanday tarzda uzoq emasligi aniq. Tafakkur jihatidan yuksalish Usmonlilar
imperiyasida kuchli shakllarda vujudga keldi va bir vaqtlar fors adabiyoti ta’sirida
bo‘lgan yuksak asarlar yaratildi. Alisher Navoiy tomonidan Ahmad Poshoga
yuborilgani zikr etilgan o‘ttiz uch g‘azal Usmonlilar adabiyotiga katta hissa qo‘shgan.
Bu asarlarning qadimiy namunasidan aytish mumkinki, turkiy adabiyot bilan aloqa
Usmonlilar sarhadlarining sharqida davom etganligini ko‘rsatadi. O‘zaro munosabatlar
keyingi davrlarda ham davom etdi. Nizomiy Ganjaviy fors tilida so‘zlashuvchi, lekin
haqiqiy ozarbayjon shoirlaridan biri bo‘lib, turk shoirlariga juda ijobiy ta’sir
ko‘rsatgan.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Nizomiy Ganjaviy Ozarbayjonning eng buyuk va ko‘zga ko‘ringan fors
shoirlaridan biridir. U o‘rta asrlardagi sharqning eng buyuk shoirlaridan bo‘lib, fors
adabiyotida so‘zlashuv nutqi va realistik uslubni dostonchilikka kiritgan eng yirik
romantik shoirdir. Ayniqsa, keyinchalik “Xamsa” deb atalgan “Panj ganj” (Besh
xazina) kitobi bilan Eron yoki sharqning tasavvufiy va ishqiy madaniyati
shakllanishida katta hissasi bor. Shuningdek, Nizomiyning fors adabiyoti
hikoyachiligida tutgan o‘rni yuksak ekanligi hisobga olinib, Eron rasmiy taqvimida
Isfand oyining 21-kuni uning xotira sanasi etib belgilangan.
Ozarbayjonda Nizomiy Ganjaviyni hurmat qilishadi va uni mumtoz adabiyotning
asoschisi deb bilishadi. An’anaviy xalq og‘zaki ijodiyoti mavzulari va tarixiy yozma
manbalardan foydalangan holda Nizomiy o‘z she’rlari bilan islomdan oldingi va
islomiy Eronni birlashtirgan. Nizomiy boshlab bergan xamsachilik keyingi asrlar
davomida butun sharq tili olamida unga taqlid qilishga uringan shoirlar, yozuvchilar
va dramaturglar, ko‘p avlodlar uchun ta’sir ko‘rsatib, nafaqat Eronning o‘zida, balki
butun mintaqada, shu jumladan, Ozarbayjon, Armaniston, Afgʻoniston, Gruziya,
Hindiston, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Oʻzbekiston kabi
mamlakatlar madaniyatini ilhomlantirgan. Uning asarlari Hofiz Sheroziy, Jaloliddin
Muhammad Balxiy, Rumiy va Sa’diy kabi buyuk shoirlarga ta’sir qilgan. Uning katta
hajmdagi masnaviylari (Xamsa) bo‘yicha har-xil ilm sohalarida turli mavzularda
izlanishlar olib borilishi Ganjaviy shuhratiga shuhrat qo‘shdi.
Uning asarlaridagi qahramonlar – Xusrav va Shirin, Layli va Majnun, Iskandarlar
hanuzgacha butun Islom olami va boshqa mamlakatlarda mashhur. Nizomiy tavallud
topgan paytda saljuqiy turklarning Eron va Kavkazga hujumidan bir asr o‘tgan edi.
Fransuz tarixchisi Rene Grossening yozishicha, o‘zlari asli turkman, Eron sultoni
bo‘lgan saljuqiy shohlar Eronni tark etmay, aksincha o‘z ixtiyori bilan unga xayrixoh
bo‘lib, qadimgi sosoniylarning buyuk podshohlari kabi ko‘chmanchilar bosqinlariga
qarshi kurashib, Eron madaniyatini turkmanlar tahdididan saqlab qolishga harakat
qilganlar. (Grousset R., 1970: 161)
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqoladagi tadqiqot usuli soha va kutubxona tadqiqotlaridir. Tadqiqot
natijalari tavsifiy va tahliliy shaklda taqdim etiladi. Mazkur tadqiqotda Nizomiy
“Xamsa”sining turk mumtoz adabiyoti shoirlariga, ayniqsa Movarounnahr adabiyoti
shoirlariga ta’siri diqqat bilan ko‘rib chiqilib, qiyosiy adabiyot uslubidan kelib chiqqan
holda o‘rganildi. Tadqiqot mobaynida manbalar va maqolalarga murojaat qilindi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Nizomiy – ishqqa to‘la qalb qo‘shiqlari kuychisi. Uning asarlarida chin sevgi,
samimiy muhabbat o‘z aksini topgan. Haqiqiy ishq yoki Nizomiy kuylagan mavjud
dunyodagi go‘zal muhabbat ishqni chin ma’noda tarannum etuvchi asarning o‘ziga xos
namunasidir.
Nizomiy nuqtayi nazaridan, nutq va she’r nafaqat suhbat, go‘zallik yaratish
vositasi, balki ijod olamida ham alohida o‘rin egallaydi. Binobarin, u estetika yaratish
bilan birgalikda doimo ontologiyaning muhim masalalarini tushuntirishga intiladi,
borliq tizimi va uning darajalari haqidagi tafakkur asoslarini o‘rgatadi. (Qurbon, 1403:
9-40).
Nizomiy o‘zining besh asarini “Xamsa” (Xusrav Dehlaviy aytishicha, Nizomiy
birinchi bo‘lib “Xamsa” yozgan) deb atamagan bo‘lsa-da, uning vafotidan keyin
“Xamsa” sharq adabiyotida juda mashhur bo‘lib, adiblar ijodiga ta’sir ko‘rsatdi.
Sharqning ko‘plab o‘zbek, tojik, ozarbayjon va turk shoirlari “Xamsa” yozishni
boshladilar. Xususan, Amir Xusrav Dehlaviy, Mir Alisher Navoiy va Abdurahmon
Jomiy Nizomiy Ganjaviy uslubiga ijodiy yondashgan. Muvaffaqiyatga erishganlar
orasida turkiy tillarda bitilgan she’rlari bobida tengi yo‘q Mir Alisher Navoiy hazratlari
ham bor.
Qutb Xorazmiy (XIV asr, Xorazm) – shoir, tarjimon. Uning hayoti va ijodi haqida
yagona ma’lumot manbai “Xusrav va Shirin” dostonidir. Qutb Xorazmiyning ijod
yillari Xorazm Oltin O‘rda hukumati tarkibiga kirgan davrga to‘g‘ri keladi. “Xusrav
va Shirin” dostoni “Xamsa”dan ayri holdagi Nizomiy Ganjaviy qalamiga mansub
tarjimadir. Ayrim sabablarga ko‘ra bu asar keng tarqalmagan, shuhrat qozonmagan. Bu
dostonni Barokaz Edg‘u Qipchoqiy 1383 – 1384-yillarda Misrda amir Qutlu Xoja
tavsiyasi bilan ko‘chirib yozgan. Bu qo‘lyozma 1914-yilda Parij Milliy kutubxonasida
topilib, ilm ahli hamda sharqshunoslar orasida shuhrat qozongan. 1
Haydar Xorazmiy XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida yashagan xorazmlik
shoir, mumtoz o‘zbek adabiyoti namoyandalaridan biridir. Uning hayoti va ijodiga oid
ma’lumotlarni Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkiratu-sh-shuaro”, Alisher
Navoiyning “Majolisu-n-nafois”, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”, “Maxzanu-l-asror”
asarlaridan topish mumkin. Haydar Xorazmiy Nizomiy Ganjaviyning “Maxzanu-lasror” asariga javoban turk tilida “Gulshanu-l-asror”ni yozadi (1409-1414) va Sulton
Iskandarga taqdim etadi. Tuzilishi va e’tiqod jihatidan uning asari Nizomiy asarlariga
yaqindir, vazni ham o‘xshash bo‘lib, aruz vaznida yozilgan, hajmi 639 baytni tashkil
1 https://n.ziyouz.com/portal-haqida/xarita/uzbek-sheriyati/o-zbek-mumtoz-adabiyoti/qutb-xorazmiy-xiv-asr
etadi. Nizomiy asaridan farqli ravishda, bu asar muqaddimasi hikoya, so‘ngra boblar
va xulosa, shu hikoyadan kelib chiqadigan mulohazalar bilan taqdim etiladi.
Muhammad Fuzuliy ibn Sulaymon (1494-1556) turkiy adabiyotning eng yirik
shoirlaridan biri, ham Ozarbayjon, ham Usmonlilar adabiyotining muhim namoyandasi
hisoblanadi. U “Layli va Majnun” qissasida ko‘plab tasavvufiy metafora va
timsollardan foydalanadi. Uning she’riyatida Nizomiy Ganjaviy, Jomiy, Hofiz, Alisher
Navoiy kabi shoirlarning ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanadi. Nizomiy Ganjaviy “Layli va
Majnun” dostonini ilk bor hikoya shaklida yozgan, shu tariqa “Layli va Majnun”
dostonining asosi yaratilgan. Unda muallif Layli bilan Majnunni insonlarga xos
jismonan go‘zallik nuqtayi nazaridan emas, balki ma’naviy go‘zallik jihatidan
tasvirlagan. U o‘zining ma’naviy olamini to‘laqonli ochib berdi. 1299-yilda Dehlaviy
“Layli va Majnun” dostonini yozadi. Muallif doston qahramonlarining nomlarini
almashtirish orqali o‘zidan oldingi salaflardan farqli ravishda yangi o‘zgartirish kiritdi,
uni arab madaniyatiga tegishli hisoblab, dastlab “Layli va Majnun” nomi bilan mashhur
bo‘lgan bu dostonda arablarga nisbat berilishiga alohida urg‘u qaratgan. U, asosan,
Nizomiy dostonining kompozitsion tuzilishini saqlab qolgan holda unga ayrim
qo‘shimchalar kiritgan.
Ma’lumki, Alisher Navoiy o‘zi yozgan dostonlaridan biri “Layli va Majnun”ni
aksincha turkiy tilda bitkan. Dostonchilik an’analarini puxta egallaganligi sababli u
asariga yangicha zeb berib, unga turkiy ruhiyatni singdiradi. Muhammad Fuzuliy ham
dostonchilikka yangicha yondashib, qiyosiy tahlil bilan turkiy o‘g‘uz tilining jozibasini
ko‘rsatadi. Ayniqsa, Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyning “Layli va Majnun”
dostoni muqaddimasi bu ishq qissasini yangi bosqichga ko‘taradi.
“Xamsa” sharqda 50 dan ortiq shakl va mazmun bilan yozilgan, ammo mazkur
asarlarning hammasi ham bizning qo‘limizgacha yetib kelmagan. Nizomiydan keyin
uning “Xamsa”si turkiy, urdu, pushtu, kurd va boshqa tillarda manbalar asosida
yozilgan. Vaqt o‘tishi bilan “Xamsa”lar ma’lum ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda mavzu,
kompozitsiya, obraz va ta’rifga ega bo‘lib, mazmun va tuzilish jihatidan o‘zgargan.
Xamsachilik an’anasi Kavkaz, O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Pokiston, Hindistonda davom
etib, turkiy tilli xalq adabiyotida “Xamsa” yozishga qiziqish XIII-XIV asrlarda
boshlangan.
Yuqorida Qutb Xorazmiyning “Xusrav va Shirin” dostoni, Haydar Xorazmiy
dostonining she’riy shaklda saqlanib qolganligi hamda “Maxzanu-l-asror”ning
birmuncha o‘zgartirishlar bilan turkiy tilga tarjima qilinganligi qayd etildi. Alisher
Navoiy Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi salaflarni
o‘ziga ustoz deb bilgan.
Alisher Navoiy ijodining gultoji “Xamsa”dir (1483-1485). Bu mutafakkir
birinchilardan bo‘lib turkiy tilda “Xamsa” yozdi va mazkur tilda shunday buyuk shoh
asar yozish mumkinligini isbotladi.
“Xamsa” muqaddimasida Nizomiy Ganjaviyning faoliyatiga (Panj ganj) Alisher
Navoiy hurmat bajo keltirish maqsadida bitgan turkiy tildagi baytni o‘quvchilarga
keltirib o‘tamiz:
“Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasiga panja urmoq.”
Alisher Navoiy xamsachilikning o‘ziga xos turini ma’lum darajada targ‘ib qildi
va turkiy tilli xalqlar adabiyotida uning “Xamsa”si keng ommalashdi. U xalq ijodini
hisobga oldi, o‘zining g‘oyaviy-badiiy uslubini mahorat bilan rivojlantirdi. Natijada
xamsachilik yanada rivoj topib, shunday ijobiy ta’sir ko‘rsatdiki, turli xalqlarning
asarlari – o‘zbek shoiri Xojaning “Maqsadu-l-atvor”, turk shoiri Lamiiy va uyg‘ur
shoiri Nizoriyning “Farhod va Shirin”, Ozarbayjon shoiri Fuzuliyning “Layli va
Majnun” dostoni vujudga keldi.
Navoiy dostonlari orqali Firdavsiy, Nizomiy, Dehlaviy uslublari yangi shaklga
kirdi, so‘ngra bu an’ana turkiy mumtoz adabiyotning asosiy masalalarini hal etishda
muhim rol o‘ynadi. Bu uslubda Ahmad Rizvon, Jaliliy, Harimiy, Bafqiy, Urfi Sheroziy,
Lamiiy, Nizoriy dostonlari va boshqa ko‘plab dostonlar yaratildi.
Nizomiy Ganjaviy o‘zining ko‘plab asarlariga qaramay, “Xamsa” nomli azaliy
asari bilan turkiy shoirlarga katta ta’sir ko‘rsatgan adiblardandir. Uning “Xamsa”si
asosida hatto turkiy adabiyotda o‘tgan asrlar shoirlari tomonidan bir qancha misol va
iqtiboslardan iborat alohida jildlar yozilgan. Turkiy og‘zaki adabiyotning aruz
qoidalariga mos kelmasligi tufayli nasriy she’r qo‘llashni rad etgan va bo‘g‘inli
she’rlardan foydalanishga harakat qilgan ayrim turkiy shoirlarning fikricha, Najoti
Bek, Ahmad Posho, Shayxiy, Sulaymon Chalabiy, Alisher Navoiy kabi mashhur
shoirlar Nizomiy Ganjaviyning asarlaridan foydalanib, mumtoz turkiy adabiyotda lirik
she’rlar yozgan. G‘azalda she’rga nisbatan ustunlik mavjud. Mumtoz adabiyot
sharhida “Devon adabiyoti” tilga olinsa, bu Nizomiy Ganjaviyning turk mumtoz
adabiyotiga badiiy jihatdan ta’siridandir. Chunki turkiy tildagi devon adabiyoti g‘azal
bilan birga rivojlanib, yuksaldi.
O‘tgan asrlarda g‘azal yetakchi o‘rinda bo‘lib, bu fors adabiyotini turkiy
adabiyotga nisbatan ta’sirida samarali omilga aylangan. Chunki asar devon deb atalishi
uchun g‘azaliyot qismi bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, g‘azallar mavjud bo‘lgan asar devon
hisoblanardi.
Alisher Navoiy g‘azalning devon uchun ahamiyatini quyidagicha ifodalaydi:
“Dîvân tapılgay kim anda ma’rifetâmîz gazel tapılmagay ve gazel bolgay kim
anda mev’izet-engîz bir beyt bolmagay mundak dîvân bititse hod asru bî-hûde zahmet
ve zâyî’i meşakkat tartılgan bolgay”. (Uzg‘or, 1990, 78-79). Ya’ni, devon tuzilsa, unda
hikmatli g‘azal topilmasa, ibratli bayt bo‘lmasa, agar devon shu shaklda yozilsa, barcha
mehnat va chekilgan zahmat bekor ketadi.
Devon she’riyatida ishq mavzusi to‘laqonli g‘azal shakli tuzilishida bo‘ladi. Turli
oshiq, ma’shuqa va raqiblar aks etgan ishq mojarolarida saroy shoiri ko‘pincha oshiq
tarafini olib, o‘zini mahbubaga teng biladi. Oshiq bo‘lgan shoir she’rida o‘zining ishq
maydonidagi mavqeiga baho beradi. Bu baholashda umumxalq madaniyat merosining
bo‘lagi – asarlardagi Majnun, Farhod, Karam kabi buyuk ishq qahramonlari mezondir.
Ayniqsa, Majnun siymosining ustunligi ahamiyatga molikdir, shuning uchun “Layli va
Majnun” dostoniga turkiy adabiyot shoirlari, hatto Alisher Navoiy ham murojaat
qilgan. (Ustuner, 2007: 151-164)
Turkiy adabiyot shoirlari va ayniqsa, Usmonlilar davri shoirlari Nizomiy
Ganjaviy ijodini sahih, munosib adabiy ma’lumotnoma deb bilishgan. Ular
she’rlarining badiiy qimmatini ifodalar ekan, shubhasiz, Nizomiyga murojaat
qilganlar. Masalan, milodiy XVI asrda Usmonli Turkiya shoirlaridan biri devonida o‘z
g‘azallarining puxta yozilganligini isbotlash uchun quyidagi jumlani keltiradi:
Nizâmî görse bu ebyât-ı penci
Deye idi Zâti’yâ pençen burılmaz
“Agar Nizomiy g‘azallarimni ko‘rganida edi, meni maqtab, shoirlik unvoniga
loyiq ko‘rar edi”.
Yoki o‘sha asrda ijod etgan turkiy adabiyotning yana bir shoirlaridan bo‘lmish
Nazmiy Edirnehi deydiki:
Nazmiyâ Gence Nizâmîsi göreydi nazmun
Tab’-ıla genc-i dür-i nazmdurur dirdi sana
“Agar Nazmiyning nazmini Nizomiy Ganjaviy ko‘rganda edi, albatta, sizni
iste’dod jihatidan she’riyat xazinasi ichidagi marvarid, deb hisoblar edi”.
Usmonlilar davri shoirlari qachonki she’rlari va badiiy ijod namunalari borasida
ikkilansalar yoki ular yuzasidan yetarlicha xulosa chiqara olmasalar, Nizomiy
Ganjaviyga murojaat qilganlar. Ayniqsa, forsiy she’rlar tarjimasida Nizomiyning
tafakkur va talqinidan bahramand bo‘lganlar.
Nizâmî hamsesinde bâ-sarâhat
Demişdir şi’r içün cüz’-i nübüvvet
Nizomiy o‘z she’rida she’riyat bashoratning bir qismi ekanligini ta’kidlagan
(Yenikale, 2012: 54).
Yuqorida ta’kidlanganidek, turkiy adabiyot shoirlari, ayniqsa, Usmoniy adiblar
Nizomiy Ganjaviyni ustoz shoir hisoblab, undan ta’sirlangan. Turkiy adabiyotning
ko‘plab shoirlari, jumladan, Chig‘atoy, Ozarbayjon, Anadolu shoirlari o‘zlari aks etgan
she’rlarni yozgan shoirlarni tanqid qilganlar, lekin Nizomiy Ganjaviy haqida salbiy fikr
bildirishga ularning hech birida jasorat yetmagan. Ular Nizomiy Ganjaviyning
she’rlarini qiyoslab, har doim uning ustunligini ko‘kka ko‘tarardilar. Agar turkiy
adabiyot shoirlari o‘zlarini ko‘zga ko‘ringan shoirga qiyoslasalar, shubhasiz, Nizomiy
bilan solishtirar edilar. Chunki ular Nizomiyni o‘zlaridan ustun ko‘rganlar. Go‘yo ular
she’riyat nafosatini o‘z asarida aks ettirish uchun Nizomiyning ma’naviy olamidan
foydalanishi zarur edi va Ganjaviyning moslashuvini qabul qildilar. Buni Alisher
Navoiyning “Xamsa”sida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin (Tarlan, 1997: 233).
Garchi Usmonlilar davri shoirlari orasida o‘tmishdagi mashhur va yirik
shoirlardan ustunligini isbotlash odat tusiga kirgan bo‘lsa-da, lekin hech bir holatda
Usmonlilar davri shoirlari o‘zlarini Nizomiy bilan qiyoslagan asar yoki misolni topa
olmaysiz. Turkiy adabiyot shoirlarining ko‘pchiligi o‘zlari ustoz deb bilgan
shoirlarning ulug‘vorligini ifoda etgandan so‘ng, o‘zlarini ham birdek iste’dodli
shoirlar deb ta’kidlaganlar. Boshqacha aytganda, ular Nizomiy Ganjaviy kabi mashhur
shoirlar ko‘rinishida o‘zlarining ustunliklarini isbotlashga urindilar.
O‘z-o‘zidan ayonki, o‘tgan davr shoirlarining bunday yondashishiga sabab so‘z
qudrati, salmoqli turkiy adabiyot va Ganjaviyning adabiy siymosi edi. Nizomiyning
dunyoqarashidagi eng muhim va ko‘zga ko‘ringan g‘oyalardan biri ilohiyot,
adabiyotning ikki sohasiga oid qarashlardir. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, Nizomiy
Ganjaviy bu ikki qarash uzviyligida adabiy qarashlari aks etgan ulkan tafakkurni, hatto
ilohiyot nuqtayi nazaridan ontologik talqinni ham taqdim etgan. Ganjaviyning
asarlarini o‘rganib, shunday xulosaga kelish mumkinki, u o‘zining barcha asarlarida,
ayniqsa manzumalari muqaddimasida o‘z maqsadini shu qadar mahorat bilan
ifodalaganki, uning notiqlik ilmida tajribali ekanligi ayon bo‘ladi. Nizomiy Ganjaviy
insonni o‘z fikri, e’tiqodi va axloqini isbotlashda zaruriy dalillarni keltiradi.
Ilohiyot islom qonunlariga ko‘ra paydo bo‘lish va qayta tirilish haqidagi ta’limot
bo‘lganligi sababli, Nizomiy asarlari hamisha olamni kashf etish va talqin qilishga,
ogohlikni oshirishga intilganini tasdiqlaydi va ko‘p hollarda u bu boradagi doimiy
harakatlarga ishora qiladi. Shuningdek, ushbu tafakkur tizimida she’r va shoir
to‘laqonli din hamda ilohiyot bilan bog‘liqdir (Asg‘ar, 1373: 29).
“Xamsa” asari Nizomiy Ganjaviyning bitmas-tuganmas merosi sifatida jahon
miqyosida shuhrat qozongan. Yuqorida aytib o‘tilganidek, mazkur asarda turkiy dunyo
shoir va yozuvchilarining e’tiboriga sazovor bo‘lgan ilohiyot va axloq ta’limotlari
mavjud. Ganjaviyning asarlari, xususan, Nizomiy “Xamsa”si sharq she’riyati
an’analariga mos kelganligi bilan atoqli salaflar vositasida turkiy adabiyot badiiy
tafakkuriga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Alisher Navoiy yangi adabiy jarayonda Nizomiy
an’analarini davom ettirgan sharq dunyosining ko‘zga ko‘ringan mutafakkirlaridan biri
bo‘lib, bu borada obro‘-e’tibor, alohida mavqega egaligi bilan Movarounnahrning
boshqa adiblaridan ajralib turadi.
Nizomiy Ganjaviy sharq badiiy tafakkuri tarixiga olib kirgan yuksak insoniy
g‘oyalarni o‘zbek xalqi dahosi, adib Alisher Navoiy turkiy adabiyotning o‘ziga xos
xususiyatlari bilan uyg‘unlashtirgan. U o‘sha davrdagi axloqiy muhitni saqlab qolgan
holda, turkiy xalqlar adabiyotini boyitgan. Turkiylar, ayniqsa Anadolu mumtoz
adabiyoti izdoshlari o‘z asarlarida Nizomiy adabiy maktabidan foydalanganlari, buyuk
ozar va fors shoiri Saroy ijodidan bahramand bo‘lganlari bejiz emas. Ko‘rinib turibdiki,
Nizomiy Ganjaviyning tafakkuri va ilohiyotni aks ettirishi XV asrdan boshlab Navoiy
orqali Anadolu va Usmonlilar mumtoz adabiyotiga kirib kelgan.
Nizomiy an’analarini yangicha mazmunda davom ettirib, bu borada ulkan
muvaffaqiyatlarga erishgan, ko‘zga ko‘ringan so‘z sohiblari qatorida turkiylar shoiri,
dahosi va mutafakkiri Alisher Navoiy ham bor. U o‘z ifoda uslubi bilan ajralib turadi.
Sharq mumtoz she’riyatining o‘z davrigacha erishgan yutuqlari bilan yaqindan
tanishgan shoir Nizomiy ijodiga cheksiz muhabbat bilan, eng avvalo Ganjaviyning
insoniylikni ifodalash, uni anglashdagi mahorati, millat ishiga sadoqat,
mehnatkashlarga, ayolga, inson aql-u axloqiga hurmat-ehtirom bilan yuzlanadi. Ilm
qudratiga ishonch va shu kabi boshqa fazilatlar Navoiy ijodiga hamohang bo‘lib,
o‘zining “Xamsa”sida Nizomiy Ganjaviyning aks-sadosi o‘zbek va chig‘atoy adabiyoti
sohasida yuksak insoniy g‘oyalar bilan yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bu jarayon boy
bo‘lgan fors va turk adabiyoti o‘rtasida chambarchas bog‘liqlikni yuzaga keltirdi.
Shuning uchun ham salaflar qalamiga mansub mavzularga yangicha nigoh bilan
yondashgan, ular bilan ijodiy bellashuvga kirishgan shoir ijod olamida ulkan
muvaffaqiyatlarga erishib, o‘z nomini dunyoning nodir daholari qatorida
abadiylashtirdi. Ta’kidlanganidek, Nizomiy “Xamsa”sidan ilhomlanib yozilgan
Navoiy “Xamsa”si sharq mumtoz she’riyati xamsachiligida eng munosib va afzali
bo‘lib, yetakchi o‘rinni egallagan. Shoirning ona tilida (eski o‘zbek tilida) yozilgan bu
asari yaratilganidan beri turkiyzabon xalqlar orasida keng nashr etilgan va shu
kungacha sevib o‘rganib kelinmoqda. Asarning badiiy ahamiyati shu qadar kattaki,
o‘zbek tilidagi bu yodgorlik dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Bu
muvaffaqiyat nafaqat Alisher Navoiy, balki Nizomiy Ganjaviyning sha’ni va
ahamiyatini ikki barobar oshirdi. Shu nuqtayi nazardan, Navoiy o‘zidan avvalgi
adibning ta’sir doirasini kengaytirishda, Nizomiy asarlarining jahonda shuhratini
oshirishda beqiyos rol o‘ynagan mohir ijodkor sifatida ham e’tiborni tortadi. Navoiy
“Xamsa”siga turkiy xalqlar adabiyotida ko‘p bora murojaat qilinganligi, yangi
izdoshlar topganligi keng ko‘lamli tadqiqotni talab qiluvchi murakkab masaladir.
Ushbu tadqiqotda turkiy adabiyot badiiy tafakkurida Nizomiy an’analarini
kengaytirish va umumjahon e’tiboriga sazovor bo‘lishda Alisher Navoiyning muhim
ahamiyatiga oydinlik kiritishga harakat qilingan.
Ko‘rinib turibdiki, Navoiy butunlay o‘ziga xos yo‘l tutib, o‘zidan avvalgi salafi
Nizomiy Ganjaviy ijodining og‘zaki adabiyot namunalarini o‘z ichiga olgan asosiy
manbalarni ko‘zdan kechirgan va turkiy xalq ijodiyotida shoir asarlari bilan bir qatorda
rang-barang hikoyalardan ham foydalangan. U o‘z asarlarida turkiy xalqlarning
kundalik hayotiga nazar tashlar ekan, asarlarida atrof-muhitni tartibga soluvchi iqlim
va ona zamin bilan bog‘liq jarayonlarni aks ettira olgan. O‘zidan oldingi adiblar
ijodidagi turkiy so‘zlarning ruhi va ta’sirini aniqroq qilib ifoda etgan. Alisher Navoiy
barcha asarlarida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarga to‘xtalib, asarlarini o‘zbek tilida
yozishi bilan o‘zidan avvalgi ijodkorlardan farq qilishini faxr bilan ta’kidlaydi. Shoir
o‘zining “Hayratu-l-abror” nomli dostonida “Xamsa” mualliflari haqida gapirar ekan,
shunday deydi:
Forsi chu bo‘ldi alarg‘a ado,
Turki ila qilsam ani ibtido.
Forsi el topti chu xursandliq,
Turk dag‘i topsa barumandliq (Navoiy, Alisher, 2020: 54)
O‘tmishdagilar o‘z asarlarini fors tilida yozganlar. Men ularni turk tilida yozishni
boshladim. Fors ahli bundan xursanddir, turk eli bundan bahramand bo‘lsin.
Boshqa bir o‘rinda ushbu fikrni tilga olib, u forsiy asarlarni mavzuni turkiy
tomondan o‘rganish va anglash maqsadida ko‘rib chiqqanligini, turkiy xalqlar ham
forsiylar kabi “Xamsa” mazmunidan bahramand bo‘lishini so‘ragan. U bu masalani
quyidagicha tavsiflaydi:
Ul til bila nazm bo‘ldi malfuz,
Kim, forsi anglar o‘ldi mahzuz.
Men turkcha boshlabon rivoyat,
Qildim bu fasonani hikoyat.
Kim, shuhrati chun jahong‘a to‘lg‘ay,
Turk eliga dog‘i bahra bo‘lg‘ay.
Nechunki bukun jahonda atrok,
Ko‘ptur xushtab’u sofi idrok. (Navoiy, Alisher, 2020: 271)
Ya’ni, forsiyzabonlar o‘sha tilda yozilgan so‘zlardan zavqlanishardi. Rivoyatni
turkiy tilda bayon qila boshladim. Ushbu rivoyatning shuhrati butun dunyoni tutsin va
turk xalqiga naf keltirsin deb aytdim. Chunki olamda sof idrokli va axloqli turkiylar
ko‘pdir, - deyilmoqchi.
Ta’kidlash kerakki, turkiy adabiyotda Nizomiy an’analari Navoiydan oldin ham
mavjud edi. XIV asr boshlarida o‘zbek shoiri Qutb Xorazmiy, Iso Bek saroyida
yashagan Oydin O‘g‘lular sulolasidan bo‘lgan Faxriddin Ya’qub bin Muhammad
Faxriy, shuningdek, XV asrda Movarounnahrda mashhur bo‘lgan Yusuf Sinon Shayxiy
va Muhammad afandi Ishqiylar Nizomiyning “Xusrav va Shirin”, “Haft paykar”
asarlaridan bahramand bo‘lib, turk tiliga tarjima qilganlar. Shu bilan birga, XV asrda
yashagan Haydar Xorazmiy Nizomiy Ganjaviyning “Maxzanu-l-asror” nomli yana bir
asarini turk tiliga tarjima qilgan edi.
Ammo Alisher Navoiy turk adabiy tafakkurida o‘rin olgan bu an’anani o‘zbek
tilidagi “Xamsa”si bilan kengaytirdi. Alisher Navoiy adabiyot olamining salaflaridan
hisoblangan Nizomiy Ganjaviyning asarlariga murojaat qilish orqali nafaqat fors
adabiyotini turkiyga o‘girib, ikki til va adabiyot o‘rtasida ko‘prik bo‘la oldi, balki u
turkiy shoirlar, she’r va san’at ixlosmandlari, adabiyot, urf-odat, an’analarini sevuvchi
fors adabiyotining azaliy ijodkori Nizomiy Ganjaviy fikrlarini ifodalab, forslar va
turkiylar o‘rtasida hissiy, insoniy, adabiy munosabatlarni mustahkamlay oldi.
Albatta, o‘sha davrda turkiy shoirlarning aksariyati o‘z asarlarini fors tilida
yozishgan va bu turkiylarning qadimiy an’analari unutilishiga sabab bo‘lgan. Alisher
Navoiy “Xamsa” va “Muhokamatu-l-lug‘atayn” kabi turkiy asarlar muallifi bo‘lib,
turkiy xalqning og‘zaki ijodini yozma shaklda an’analarga asoslangan holda, oqilona
yo‘nalish bilan taqdim etilishiga sababchi bo‘ldi. Shu tariqa adabiy turkiy til alohida
o‘rin tutdi. Balki Nizomiy Ganjaviy asarlarining mazmuni Alisher Navoiy tarjimasi
bilan xalqqa ta’sir ko‘rsatmaganida, og‘zaki adabiyot yozma adabiyotga o‘tish
jarayonida muvaffaqiyat qozonmas edi (Qadir, 2017: 141-151).
Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviy asarlarini tarjima qilish orqali nafaqat fors
adabiyotini turkiyzabon xalqlar uchun sodda va tushunarli shaklga keltirdi, balki turkiy
tarjima asarlar, “Xamsa” yozib, xalq og‘zaki ijodini, uslublarini tushuna oldi, turkiy
xalqning turmush tarzi, o‘ziga xos etnik xususiyatlarini yanada aniqroq bayon qildi.
Aytish mumkinki, Alisher Navoiy Movarounnahrda “Xamsa” yozishga yo‘l
ochdi. Toki undan keyingi turkiy adabiyotdagi Behishtiy, Jaliliy, Ahmad Rizvoniy,
Hayotiy, Maidiy va boshqa xamsanavislar Navoiy ijodidan bahramand bo‘lsinlar.
Farhod, Shirin, Bahrom, Xusrav, Iskandar va boshqa “Xamsa” qahramonlari turkiy
muhit, turmush tarzi, urf-odat va an’analari bilan bog‘liq yangi motiv va timsollar
ta’sirida turkiy dostonda o‘ziga xos obrazlar ko‘rinishida shakllandi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Nizomiy Ganjaviy jahonga mashhur, asarlarini dunyo biladigan buyuk
forsiyzabon shoirlardan biridir. Nizomiy “Xamsa”si uning nafaqat qadimgi fors
adabiyotiga, balki turk adabiyotiga ham ulkan ta’sir ko‘rsatgan ahamiyatga molik
asarlaridan biridir. Nizomiy o‘zining shaxsiyati va adabiy salohiyati, shuningdek,
adabiyot, astronomiya, falsafa, gumanitar fanlar, fiqh, ilohiyot va arab adabiyotidagi
bilim, tajribasi tufayli o‘tgan asrlardan to hozirga qadar adabiyot olamini o‘ziga rom
eta olgan. Milodiy XV asr shoir va yozuvchilari uning shaxsiyati, notiqligi, adabiyot
ilmidagi mahoratidan xabardor bo‘lganliklari jihatidan Alisher Navoiy oldida
qarzdordir. Chunki u Nizomiy asarlarini tarjima va moslashtirish orqali turkiy
adabiyotga adibni tanita oldi.
Alisher Navoiy asarlarining badiiyati O‘rta Osiyo mamlakatlari, xususan, Turkiya
Respublikasidagi turkiy xalqlar adabiyotida o‘z ta’sirini ko‘rsatishda davom etmoqda.
Turk rassomlari xalq ijodiyoti adabiyotiga tayanib, Nizomiy va Navoiy an’analaridan
foydalangan holda ajoyib va betakror san’at asarlari yaratmoqdalar. Turk adabiyoti
ijodkorlari azaldan Nizomiy Ganjaviyni she’riyat olamining boqiy va so‘nmas yulduzi
deb bilgan, uni e’zozlab kelgan. Ular o‘zlarini yetuk shoir sifatida ko‘rsatgan bo‘lsalar,
Nizomiy Ganjaviyni o‘zlariga tasdiq muhri qilganlar, bu esa uning barhayot ekanligini
bildirgan. Turk adabiyotidagi XVI-XVIII asr shoirlari tadqiqotda tilga olingan ko‘plab
namunalarning shohidi bo‘lgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Aydın, A. (2022) Osmalı Şairlerine göre Genceli Nizâmî. Türk Dünyası
Araştırmaları, 132 (261), pp. 253-266. doi: 10.55773/tda.1164327
2. Navoiy, Alisher. (2020) Xamsa: To‘la asarlar to‘plami. – Toshkent.
3. Navoiy, Alisher. (2020) Hayratu-l-abror. – Toshkent.
4. Golkarian, G. (2020) The role of Indian style (Sabk-e Hindi) in Ottoman
Turkish literature and its growth in the seventeenth century. International Research
Congress of Contemporary Studies in Social Sciences (Rimar Congress) pp. 115-120.
– Istanbul: Rimar Academy Publishing House.
5. Grousset, Rene, (1970) The Empire of the Steppes: A History of Central
Asia. – Rutgers University Press.
6. Tarlan, A. N. (1997) Necati Bey Divanı. – Istanbul: Milli Eğitim Bakanlığı.
7. Üstüner, K. (2007) Divan Şairlerinin Mecnun’a Üstünlük iddialari. Fen
Edebiyat Fakültesi Sosyal Bilimler Dergisi, 1(15).
8. Üzgör, T. (1990) Türkçe Divan Dibaçeleri. – Ankara: Kültür Bakanlığı
yayınları.
9. Yenikale, A. (2012) Sünbül-zade Vehbi Divanı. Kahramanmaraş: Kültür ve
Turizm Bakanlığı.
.. تاریخ علم کلام در ایران و جهان اسلام. تهران: اساطیر)1373( . اصغر, ح. ع.10
. تاریخ تکامل ادبیات ترکی آذربایجان و ترکیه در همگنی با ادبیات فارسی در)2017( . قدیر, گ.11
بازیابی از.151-141 . .صDoğu Esintileri (7), قرن شانزدهم و اوایل قرن هفدهم میلادی
https://dergipark.org.tr/tr/pub/dogu/issue/40604/488156
. بررسی و تحلیل دیدگاه کلامی- ادبی نظامی گنجوی. سامانه مدیریت)1403( . قربان؛, و. ر.12
. 40-9 ., ص)99(28 ,نشریات علمی
doi:https://doi.org/10.22054/ltr.2020.48620.28
13. Ganjaviy, Nizomiy. (2016) Xamsa / Tarjimon: Olimjon Buriyev. –
Toshkent: Olmos qilich.
14. Ganjaviy, Nizomiy. (2017) Layli va Majnun / Tarjimon: Jamol Kamol. –
Toshkent: Extremum-press.
15. Shoaliyeva, N. (2021) Spiritual and moral beauty in Bedil’s heritage. The
Light of Islam (4). pp. 40-47.
16. Shoaliyeva, N., Abdulloh S., (2020) Жизненный путь и творческое
наследие двуязычного поэта (XVII и начала XVIII веков) The Light of Islam (4)
pp. 126-137.
17. Shoalieva, N. (2021) The concept of justice in Bedil’s work. International
Scientific and Current Research Conferences. pp. 89-92
REFERENCES:
1. Aydın, A. (2022) Osmalı Şairlerine göre Genceli Nizâmî. Türk Dünyası
Araştırmaları, 132 (261), pp. 253-266. doi: 10.55773/tda.1164327 (In Turkish)
2. Navoiy, Alisher. (2020) Xamsa: To‘la asarlar to‘plami. – Toshkent. (In
Uzbek)
3. Navoiy, Alisher. (2020) Hayratu-l-abror. – Toshkent. (In Uzbek)
4. Golkarian, G. (2020) The role of Indian style (Sabk-e Hindi) in Ottoman
Turkish literature and its growth in the seventeenth century. International Research
Congress of Contemporary Studies in Social Sciences (Rimar Congress) pp. 115-120.
– Istanbul: Rimar Academy Publishing House.
5. Grousset, Rene, (1970) The Empire of the Steppes: A History of Central
Asia. – Rutgers University Press.
6. Tarlan, A. N. (1997) Necati Bey Divanı. – Istanbul: Milli Eğitim Bakanlığı.
(In Turkish)
7. Üstüner, K. (2007) Divan Şairlerinin Mecnun'a Üstünlük iddialari. Fen
Edebiyat Fakültesi Sosyal Bilimler Dergisi, 1(15). (In Turkish)
8. Üzgör, T. (1990) Türkçe Divan Dibaçeleri. – Ankara: Kültür Bakanlığı
yayınları. (In Turkish)
9. Yenikale, A. (2012) Sünbül-zade Vehbi Divanı. Kahramanmaraş: Kültür ve
Turizm Bakanlığı. (In Turkish)
10. .ع .ح ,اصغر(1373). .اساطیر :تهران .اسلام جهان و ایران در کلام علم تاریخ
11. .گ ,قدیر(2017). در فارسی ادبیات با همگنی در ترکیه و آذربایجان ترکی ادبیات تکامل تاریخ
.میلادی هفدهم قرن اوایل و شانزدهم قرنDoğu Esintileri (7), .ص141-151. از بازیابی
https://dergipark.org.tr/tr/pub/dogu/issue/40604/488156
12. .ر .و ,قربان؛(1403). مدیریت سامانه .گنجوی نظامی ادبی -کلامی دیدگاه تحلیل و بررسی
,علمی نشریات28(99), .ص9-40.
doi:https://doi.org/10.22054/ltr.2020.48620.28
13. Ganjaviy, Nizomiy. (2016) Xamsa / Tarjimon: Olimjon Buriyev. –
Toshkent: Olmos qilich. (In Uzbek)
14. Ganjaviy, Nizomiy. (2017) Layli va Majnun / Tarjimon: Jamol Kamol. –
Toshkent: Extremum-press. (In Uzbek)
15. Shoaliyeva, N. (2021) Spiritual and moral beauty in Bedil’s heritage. The
Light of Islam (4). pp. 40-47.
16. Shoaliyeva, N., Abdulloh S., (2020) Jiznenniy put i tvorcheskoye naslediye
dvuyazichnogo poeta (XVII i nachala XVIII vekov) The Light of Islam (4). pp. 126-
137. (In Russian)
17. Shoalieva, N. (2021) The concept of justice in Bedil’s work. International
Scientific and Current Research Conferences. pp. 89-92