ZAMAXSHARIYNING ARAB TILI GRAMMATIKASI BO‘YICHA
YARATGAN ENG YAXSHI KITOBI
ZAMAXHARI’S EXCELLENT BOOK ON ARABIC GRAMMAR
ЛУЧШАЯ КНИГА ЗАМАХШАРИ ПО АРАБСКОЙ ГРАММАТИКЕ
Qosimova Sarvinoz Sayfullayevna,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti,
Xorijiy tillar kafedrasi dotsenti, PhD
Tel: +998 90 972-76-78
sarvinoz.kasimova@mail.ru
Annotatsiya. Arab tilshunosligida fonologiya masalasi o‘zining mukammal
tavsifini topgan. Bu borada yurtdoshimiz Mahmud Zamaxshariyning katta xizmatlari
bor. Zamaxshariy asarining umumiy bo‘limida tahlil qilingan fonetik-fonologik
masalalar mufassal va mukammal yoritilgan hamda hozirgi arab tilshunosligida o‘z
ahamiyatini yo‘qotmaganligi bilan birga originalligini ham saqlab qolganligi eʼtirof
etilishi zarur. Arab tili morfologiyasi, fonetikasi, leksikologiyasi va orfografiyasiga oid
masalalar yuzasidan ilmiy asarlar yozgan olimlarning nomlari va ularning asarlari
haqida fikr yuritilib, bu borada Mahmud Zamaxshariyning ulkan xizmatlari e’tirof
etiladi. Maqolada arabiy so‘zlarni bo‘g‘inlarga bo‘lish qoidalari batafsil keltirilgan
bo‘lib, unli va undosh harflar ishtirokidagi ochiq va yopiq bo‘g‘inlarning bo‘linishiga
oid qoida va misollar keltirib o‘tilgan. Bu olimning “Mufassal” nomli asari yozilish
jihatidan ilmiy bo‘lishi bilan birga o‘quvchilar uchun qulay ekanligi misollar bilan
asoslangan. “Mufassal” asarida ko‘tarilgan masalalar o‘sha davr arab tilshunosligining
rivojidan darak beradi. Zamonaviy arab tilshunosligida morfonologik hodisa sifatida
o‘rganiladigan so‘z boshi va ikki undosh munosabatlarining tahliliga ham mazkur
asarda o‘sha davrning o‘zida keng joy ajratilgan. Zamaxshariyning asari arab tili
grammatikasi bo‘yicha yaratilgan eng yaxshi kitoblardan biri ekanligi asardan
keltirilgan misollar vositasida isbotlab berilgan.
Tayanch so‘zlar: fonetika, fonologiya, undosh, ochiq cho‘ziq bo‘g‘in, yopiq
cho‘ziq bo‘g‘in, mayl.
Annotation. In Arabic linguistics, the issue of phonology has found a perfect
description. In this regard, our countryman Mahmud Zamakhshari has great services.
The phonetic-phonological matters analyzed in the general section of Zamakhshari’s
work are explained in detail and perfectly, and it should be recognized that it has not
lost its importance in modern Arabic linguistics and has also preserved its originality.
The names of scientists and their works on problems related to the morphology,
phonetics, lexicology, and orthography of the Arabic language are discussed, and
Mahmud Zamakhshari’s great services are recognized in this regard. The article details
the rules for dividing Arabic words into syllables, and gives examples and rules for
dividing open and closed syllables with vowels and consonants. The scholar’s work,
“Mufassal” is scientific in terms of writing, and convenient for students, based on
examples. The issues raised in “Mufassal” show the development of Arabic linguistics
at that time. The analysis of the beginning of the word and the relationship between
two consonants, which is studied as a morphonological phenomenon in modern Arabic
linguistics, was done in this work at the same period. The fact that Zamakhshari’s work
is one of the best books created on the grammar of the Arabic language is proven by
means of examples from the work.
Keywords: phonetics, phonology, consonant, open long syllable, closed long
syllable, mood.
Аннотация. В арабском языкознании проблема фонологии нашла
прекрасное описание. В этом плане большие заслуги есть у нашего земляка
Махмуда Замахшари. Фонетико-фонологические вопросы, анализируемые в
общем разделе работы Замахшари, изложены подробно и прекрасно, и следует
признать, что они не потеряли своего значения в современном арабском
языкознании, а также сохранили свою самобытность. Обсуждаются имена
ученых, написавших научные труды, их труды по вопросам, связанным с
морфологией, фонетикой, лексикологией и орфографией арабского языка, а
также отмечаются большие заслуги Махмуда Замахшари в этом отношении. В
статье подробно описаны правила деления арабских слов на слоги, приведены
примеры и правила деления открытых и закрытых слогов гласными и
согласными. Работа этого ученого «Муфассал» является научной в плане
написания и удобной для студентов, на основе примеров. Вопросы, поднятые в
«Муфассал», показывают развитие арабского языкознания того времени. В этот
же период в данной работе был сделан анализ начала слова и отношения между
двумя согласными, которое изучается как морфонологическое явление в
современном арабском языкознании. Тот факт, что труд Замахшари является
одной из лучших книг, созданных по грамматике арабского языка, доказывается
примерами из произведения.
Ключевые слова: фонетика, фонология, согласный, открытый долгий
слог, закрытый долгий слог, наклонение.
KIRISH
O‘rta asr turkiy xalqlar madaniyati dunyo madaniyatining nodir xazinasi sanaladi.
Zero, turli xalq va tillarning birlashuvi, uyg‘unligi shu kunga qadar o‘zining
mukammalligi va aniqligi bilan ajablantiradigan noyob madaniyatni vujudga keltirgan.
O‘rta asr dunyosidagi “Ilm daraxtining asosi Makkada-yu, ammo hosili
Xurosonda pishadir” degan arab maqoli hozirgi kun uchun g‘ayritabiiy tuyulishi
mumkin. Lekin shuni unutmaslik kerakki, Movarounnahr mo‘g‘ul bosqinchilari
tajovuziga duch kelgunga qadar musulmon Osiyosining maʼmur davrida o‘ziga xos
muhim o‘rin tutgan edi. Nishopur o‘sha davrda Eron va Markaziy Osiyo fozillari
to‘planadigan joy bo‘lib, Marv madrasalari uzoq yurtlardan kelgan talabalar bilan to‘la
edi. Samarqand va Buxoro hamda Urganch ko‘p zamonlardan beri ilm-u madaniyat
bobida o‘zaro musobaqalashar, Movarounnahr shaharlari balog‘at, sarf va nahv, sheʼr
hamda nafosatda ilgarilab ketgan edi. VIII asrdan XIII asrgacha bo‘lgan davrda O‘rta
Osiyolik olimlar asosan matematika, astronomiya, tibbiyot, tarix, geografiya va
filologiya (arab va fors) sohalarida faol bo‘lganlar.
X asrdan boshlab Somoniylar davlati O‘rta Osiyo xalifaligidan mustaqil bo‘lgach,
Buxoro, Marv, Nishopur va Urganch kabi katta shaharlar markazlasha boshladi. Bu
markazlarda shoir, tabib, olim va faylasuflarning faoliyati kuchaya bordi.
Islom dini Movarounnahr hududiga VII asrning ikkinchi yarmida kirib kela
boshlagan bo‘lsa, IX asrda bu yerning ulamolari va mahalliy xalqning islom taʼlimotini
o‘rganishga bo‘lgan intilishi kuchaydi. Bu esa arab tilining mohiyatini tushunarli va
batafsil yoritgan grammatik asarlar hamda risolalarning yaratilishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, Movarounnahr hududida Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari madaniy
yuksalishga yuz tutdilar. Xorazm, Qarshi (Nasaf), Buxoro, Samarqand, Forob, Shosh,
Farg‘ona kabi shaharlarda serqirra olimlar arab tili grammatik nazariyasiga oid qator
asarlarni yaratdilar. (Симашко Т., 2001: 33-37)
Jahon fani va madaniyati rivojiga unutilmas ilmiy merosi bilan ulkan hissa
qo‘shgan Abulqosim Mahmud ibn Umar ibn Ahmad Zamaxshariy hayoti davomida
tilshunoslik, adabiyotshunoslik, lug‘atshunoslik, tafsir, geografiya, mantiq kabi
sohalarda yetmishga yaqin mukammal va noyob asarlar yozdi. Zamaxshariyning
tilshunoslikka oid o‘ndan ortiq tadqiqot ishlari bo‘lib, ular orasida “Al-Mufassal” asari
olim izlanishlarining gultoji hisoblanadi. Zamaxshariy Bag‘dod maktabi vakili edi.
Maʼlumki, “Ko‘pchilik Bag‘dod maktabi tadqiqotchilari taʼlim bilan shug‘ullanganlar.
Shu sababli ularning barcha saʼy-harakatlari arab tili grammatikasining qoidalarini
tushunarliroq ifodalashga qaratilgan edi”. (Белкин В., 1961: 40) Shuning uchun bo‘lsa
kerak, “Mufassal” asari aniq va batafsilligi bilan mumtoz asar sifatida katta eʼtibor
qozongan. Sibavayhining kitobidan keyin bu asar eng mashhur va muhim
tadqiqotlardan hisoblanadi. Uning muallifi esa grammatistlarning ichida eng moʻtabari
hisoblangan. “Mufassal” Misr va Suriyada grammatikaga oid yirik asarlardan biri
bo‘lgan. O‘sha davrga qadar arab tili grammatikasiga oid ko‘plab adabiyotlar
bo‘lishiga qaramay, mukammal, batafsil va ommabop grammatik tadqiqotga ehtiyoj
sezilgan. Shu bois adabiyot vakillari arab bo‘lmagan, ammo arab tilining bilimdoni,
qomusiy olim Zamaxshariyga murojaat qilgan bo‘lsalar, ajab emas.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Arab tili fonetikasi grammatikaning bir bo‘limi sifatida o‘rganilishi bilan bir
qatorda bu tilning fonetik tizimi tadqiqiga ham alohida asarlar bag‘ishlangan. Bu kabi
asarlarda arab tilining turli o‘rinlarida kelgan fonetik birliklarning variantlari alohida
o‘rganilgan, “Qurʼon” va eng yaxshi nazm namunalarida dialekt taʼsirida
qo‘llaniladigan, ammo mumtoz matnlarga xos bo‘lmagan fonetik birliklarning turlari
alohida ko‘rib chiqilgan. (Симашко Т., 2001: 62) Masalan, bu mavzuni Ibn Jinniy (XI
asrda) ham batafsil tadqiq qilgan.
Arab tilini tadqiq etgan olimlar tovushlar artikulyatsiyasining mukammal tasnifini
ishlab chiqdilar. Ibn Sinoning bu boradagi tasnifi eng namunali tasnif hisoblanadi. Ibn
Sino arab tili undoshlarining artikulyatsiyasini kelib chiqish joyiga ko‘ra to‘qqizta
guruhga bo‘lgan holda tasnif va tavsif qilgan. Uning tadqiqotida har bir tovushning
o‘ziga xosligi belgilab qo‘yilgan. Bu jihat o‘xshash tovushlarni farqlashda qo‘l keladi.
Arab tilshunoslari tovushlarni tavsiflashda havo oqimidagi to‘siqlar, tilning
tanglayga qadar ko‘tarilishi hamda rezonatorlar (tomoq, og‘iz bo‘shlig‘i va burun) kabi
xususiyatlarga eʼtibor berganlar. Shu bilan bir qatorda, uzun va qisqa unlilar,
tovushlarni hosil qilishda og‘izning ochilish darajasi va lablar ishtiroki kabi belgilar
eʼtiborga olingan. Bu esa arab tilshunoslari fonetika borasida Yevropa
tadqiqotchilariga nisbatan yuqori natijalarga erishganini ko‘rsatadi. (Симашко Т.,
2001: 78)
Shu o‘rinda VIII asr oxirlarida yashab ijod qilgan filolog Kisoiyning faoliyatini
alohida taʼkidlash joiz. Bu olimning dialektologiyaga doir maʼlumotlarni o‘zida
mujassamlashtirgan va bizgacha yetib kelgan “Oddiy xalq nutqidagi xatoliklar haqida
risola”sini eʼtirof etish lozim.
VIII asr oxiri – IX asr boshlarida ko‘plab Basra va kufalik filologlar “Alkitob”ning sharhi bilan shug‘ullandilar. Bunga al-Mubarrad va Abu Zakariyo
Farroning ijodi yaqqol misoldir.
Mahmud Zamaxshariy, Kisoiy, al-Mubarrad, Abu Zakariyo Farro hamda Ibn Sino
kabi olimlar tilshunoslikning sintaksis, morfologiya, fonetika kabi bo‘limlarini alohida,
batafsil o‘rganish bilan bir qatorda, o‘z davriga nisbatan tilning leksik tarkibini juda
chuqur tahlil qilganlar. Ayniqsa, ularning adabiy til bilan birga shevadagi so‘zlarni ham
tahlil va tadqiq qilganlari eʼtirofga sazovordir. (Симашко Т., 2001: 82) Ularning
maqsadli olib borgan bu tadqiqotlari antik davr tilshunosligi va undan keyingi yuzaki
o‘rganilgan o‘rta asr Yevropa tadqiqotlaridan ajralib turadi. Arablar so‘zlarning to‘g‘ri
va ko‘chma maʼnolarini farqlaganlar, sinonim va omonimlarni hamda turg‘un
iboralarni tahlilga tortganlar. Yaqin davrimizdagi tadqiqotlarga misol sifatida
V..Belkin, V. Girgas, V. Zvegintsev, T. Simashko, G. Shtumme, N. Yushmanov,
hamda B. Grande kabi olimlarning arab tiliga oid asarlarini sanab o‘tish mumkin.
Maʼlumki, X asrda xalifalik tugatildi, buning oqibatida madaniy parokandalik
(butun tarkibning bo‘laklarga bo‘linishi, zaiflashishi, yagona tizimda aloqalarning
buzilishi) jarayoni kelib chiqdi. Bu hodisalar musulmon o‘lkalarda arab adabiy tilining
yagonaligiga futur yetkazib, uning qo‘llanilish doirasini toraytirgandek bo‘ldi. Ammo,
arab tilini ilm va din tili sifatida o‘rganishni hatto arab bo‘lmagan xalqlar ham davom
ettirdilar. Bundan tashqari, arab adabiy tili badiiy soha – sheʼriyatda ham keng
qo‘llanila boshlandi. Shuningdek, keyingi asrlarda arab va boshqa turli xalq vakillari
tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar arab tilini o‘rganish davom etganligiga misol
bo‘la oladi.
Mazkur davrda arab grammatik nazariyalari bir tizimga solinib, istilohlar
shakllanib, leksikologik tadqiqotlar yuzaga kela boshladi. Ibn Jinniy va Ibn
Forislarning faoliyati bunga misoldir.
So‘zlarning leksik tarkibini tahlil qilishda arablar islomgacha bo‘lgan eskirgan
so‘zlarni va islomdan keyin vujudga kelgan yangi so‘zlarni aniqladilar. Shuningdek,
ularning o‘zlashmalariga ham jiddiy eʼtibor berganlarini aytish lozim.
XIII asr boshida Xorazmda Zamaxshariyning o‘rinbosari nomini olgan Nasr ibn
Abu Sayid Ali Abul Fath Mutarriziyning (538-610/1144-1213) tilshunoslikka oid “Al-
Muqaddimatu-l-Mu’arriziya fi-n-nahv”, “Al-‘Iqnā fi-l-lug‘a”, “Al-Miǖbāh fi-n-nahv”
asarlari bitildi. Arab tili grammatikasining bilimdoni Qosim ibn Husayn Muhammad
Xorazmiy (565-616/1160-1219) sarf, eʼrob (tashqi fleksiya) ilmi va sintaksisga oid
asarlar yozgan, ammo ularning ko‘pi bizgacha yetib kelmagan. Olim Zamaxshariyning
“Mufassal” va “Unmuzaj” asarlariga sharhlar yozgan. Yusuf ibn Abu Bakr ibn
Muhammad Sakkokiy Xorazmiy (565-627/1160-1229) “Miftāhu-l-‘ulum” asari bilan
shuhrat topgan.
Buxoroda aruz, fiqh va arab tili grammatikasiga oid asarlar yozgan Hamiduddin
Daririy Buxoriy faoliyat ko‘rsatgan. K. Brokkelman o‘z asarida Daririyning tilshunoslik
sohasiga oid “Muqaddima”, hozirgi kunda Berlin kutubxonasida saqlanayotgan
adabiyotga doir “Kitābu-l-‘arһǘ” va Abu Bakr Nishopuriyning “Al-G‘āya”(“Al-
G‘oya”) asariga yozgan sharhi mavjud ekanligini qayd etgan. Shuningdek, Daririy
Shayx ul-islom Burhonuddin Marg‘inoniy Hanafiyning (hijriy 593-yilda vafot etgan)
““ – ”ال هدایةAl-Hidāya”siga birinchi bo‘lib 2 juzdan iborat ““– ”اللفوائدAl-Favā‘id”
(“Foydali narsalar”) nomli sharh yozgan. Bu sharh ikki qismdan iborat bo‘lib, asardagi
murakkab jihatlarning tushunarli bo‘lishini taʼminlashga qaratilgan.
Arab tilshunosligi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarni nazariy va amaliy turlarga
bo‘lish mumkin. Nazariy asarlarga Zamaxshariyning “Mufassal” asari kiradi. Bu
asarga tilshunoslar grammatikaga oid baʼzi chigal masalalarni hal etish uchun murojaat
qiladilar. “Mufassal”da olim arab tili grammatikasini bayon etishning o‘ziga xos
uslubini ilgari surganligini avval ham taʼkidlagan edik. Bu asar to‘rt bo‘limdan iborat
bo‘lib, avval muallif arab tilidagi so‘zlarni turkumlariga ko‘ra uch bo‘limga ajratgan
(ism, feʼl, yordamchi so‘z) va bu bo‘limlarda aynan o‘sha turkumga xos grammatik
masalalarni ko‘rib chiqqan, to‘rtinchi bo‘limda esa arab tili fonetikasi hamda
fonologiyasi masalalari bayon etilgan. Asarning kirish qismida arab tili grammatikasini
ism, feʼl, yordamchi so‘z turkumlariga bo‘lib o‘rganish kerakligi taʼkidlangan bo‘lib,
birinchi – ism bo‘limida fleksiya hodisasiga izoh beriladi va ismlarning bosh, tushum
va qaratqich kelishikda kelish o‘rinlari ketma-ketlikda bayon etiladi. Shu bo‘limning
o‘zida olmosh, son kategoriyasi, aniqlik va noaniqlik, jins kategoriyalari, so‘ng sifat
va uning darajalari, sanoq va tartib son, makon va zamon hamda ish qurollari nomlari
keltirilgan.
Asarning ikkinchi bo‘limida Zamaxshariy feʼlga oid hodisalarni – feʼlning o‘tgan
va hozirgi-kelasi zamonlari, mayllari, feʼlga xos aniq va majhul darajalar, o‘timli va
o‘timsiz feʼllar, yordamchi feʼllar, maqtov, tahqir va ajablanish feʼllari, uch va to‘rt
o‘zakli feʼllarga tasniflab o‘rgangan. Uchinchi bo‘limda arab tilidagi yuklamalar,
bog‘lovchilar, predloglar, turli vazifalarni bajaradigan qo‘shimchalar va tanvin
masalalari ko‘rilgan.
Yuqoridagi uch bo‘limga tegishli, ammo ularning birortasidan joy olmagan baʼzi
fonetik masalalar asarning to‘rtinchi bo‘limida o‘z aksini topgan. Unda tovush ilmiga
oid to‘xtash (pauza), hamza orqali ifodalangan tovushning tushib qolish hodisasi, ikki
undoshning birga kelishi, undosh bilan boshlangan so‘zlarning o‘qilishi, qo‘shimcha
harflarning qo‘shilishi, harflarning boshqa harfga o‘zgarishi, kasal harflarning
o‘zgarish qoidasi, bir xil harflarning qo‘shilishi kabi hodisalar sharhlangan.
Arab tili grammatik tizimi masalalarining bunday bayon etilishi bu tildagi so‘z
turkumlarining funksional o‘zgarishini bitta grammatik hodisada o‘rganilishi kabi,
faqat shu tilga xos bo‘lgan o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsata olmaydi. Shu sababli ham
Zamaxshariy arab tilshunoslari anʼanalarida qo‘llanilmagan uslubga murojaat qildi va
ilk bor o‘z asarida “Muqaddima”ni keltirdi hamda unda so‘z turkumlari orasidagi
o‘zaro bog‘liqlikni bayon etish vositasida arab grammatikasining rivojiga katta hissa
qo‘shdi, chunki bu tarzdagi yangicha yondashuv arab tili grammatik nazariyasida yangi
terminologiya va qoidalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotni amalga oshirish davomida O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalaridan foydalanildi. Arab tilidagi grammatik
mavzular tadqiqi bilan bir qatorda ko‘plab arab tilining izohli lug‘ati, sinonimlar
lug‘ati, kam uchraydigan hamda o‘zlashma so‘zlar lug‘ati, shu bilan birga, tarjima
lug‘atlari bilan tanishildi. Lug‘atlar tuzilishi bilan bog‘liq amaliyot o‘rta asrlar va
undan keyingi davrlarda ham davom etgani izlanishlar davomida ayon bo‘ldi.
XI asrda qiroat (ifodali nutq) meʼyorlarini o‘rganuvchi ilm rivojlandi. Nutq
jarayonining fasohat va balog‘at kabi aspektlari ishlab chiqildi. Fasohat grammatika va
leksika haqidagi ilm bo‘lsa, balog‘at esa maʼno, bayon etish, chiroyli ifodalash
haqidagi taʼlimotdir. Balog‘at ilmining asoschilaridan biri Jurjoniy hisoblanadi.
Arab tili grammatikasining bayon etilishiga qaytadigan bo‘lsak, uning yana bir
usuli ayni Abdul Qohir Jurjoniy tomonidan yaratilgan. Ushbu usulni uning “Avāmi‘ul-mi‘a” asarida ko‘rishimiz mumkin. Mazkur asar so‘zlarga taʼsir etuvchi grammatik
omillarning tahlili natijalari asosida tuzilgan. Bu asarda grammatikani yoritishda
biryoqlama yondashuvga amal qilingan, ammo u arab tili mohiyatini tushunishda
o‘zining qulayligi bilan ajralib turadi. (Гранде Б., 1963: 19) Jurjoniyning bu usulini
keyinchalik ko‘plab tilshunoslar qo‘lladilar.
XI-XII asrlarda yashab faoliyat olib borgan nahvchi olim Mahmud Zamaxshariy
tomonidan yana bir original, avval bayon etilmagan usul yaratildi va u “Mufassal”
fundamental asarida o‘z ifodasini topdi. Olim arab tili grammatikasini ism, feʼl va
yordamchi so‘zlar hamda ularning har biriga taalluqli fonetik tizim kabi bo‘limlarga
ajratgan holda bayon etgan. Shuningdek, asar arab tili grammatik tizimiga oid avvalgi
tadqiqotlarning hech birida qo‘llanilmagan kirish so‘zi bilan boshlangan. Zamaxshariy
asarning muqaddima qismidagi grammatika tavsifida bu uslubni tanlagani sababi va
uning mohiyati haqida maʼlumot beradi.
Arab grammatikasiga oid asarlar ko‘p va ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga
ko‘ra mukammal va mashhur bo‘lsa-da, Zamaxshariyning “ ”المفصلkitobi uning
zamondoshlari fikricha, “arab tili grammatikasi bo‘yicha yaratilgan eng yaxshi
kitobdir”. (Симашко Т., 2001: 50)
Yana bir olim uni “nozik terilgan dur”ga o‘xshatadi. (Юшманов Н., 1998: 51)
Bu asar o‘zining lo‘nda va tushunarli yoritilganligi bilan tarixiy jihatdan o‘ta muhim
ahamiyat kasb etadi.
TAHLIL VA NATIJALAR
X asrdan keyin Rudakiy, Firdavsiy, Umar Xayyom, Nizomiy kabi mashhur
shoirlar ijodi tufayli fors adabiyoti gullab-yashnayotgan davrda arab adabiy tilining
qo‘llanilish doirasi sobiq xalifalik hududida qisqarib borgani tadqiqotimiz natijalariga
ko‘ra ayon bo‘lmoqda. Ammo musulmon o‘lkalari aholisi ilm va din tili bo‘lgan arab
tilini o‘rgangan, uni sheʼriyatda ham qo‘llaganlar. Shu bois arab grammatikasiga oid
yangi asarning yaratilishi arab tilining rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan, deb
aytish mumkin.
Shuni taʼkidlash joizki, Zamaxshariy birinchi bo‘lib arab tilida alohida
o‘rganishni talab etuvchi hodisalar borligini eʼtirof etgan. Zamaxshariy asarining
fonetikaga oid bo‘limini “Mushtarak” – “Umumiy hodisalar” deb nomlab, bu bo‘limda
har bir so‘z turkumiga oid fonetik hodisalarni bayon etgan.
Shuningdek, Zamaxshariy bu bo‘limning ikki faslida arab tilidagi bo‘g‘in
tarkibiga taʼrif beradi. Maʼlumki, arab tilida bo‘g‘in unli tovush bilan boshlanmaydi.
(Симашко Т., 2001: 28) U quyidagi bo‘g‘inlarni sanab o‘tadi: unli tovush bilan
tugaydigan ochiq bo‘g‘inlar: undosh+unli (I), undosh+cho‘ziq unli (II) va yopiq
bo‘g‘inlar: undosh+unli+undosh (III), undosh+cho‘ziq unli+undosh (+undosh) (IV).
I turdagi bo‘g‘in qisqa, II va III turdagi bo‘g‘inlar cho‘ziq, IV turdagi bo‘g‘in esa o‘ta
cho‘ziq hisoblanadi.
Zamaxshariy bo‘g‘inlarning vazifasi haqida gapira turib, avval o‘ta cho‘ziq
bo‘g‘inni: undosh+cho‘ziq unli+ikkita undosh tarzidagi bo‘g‘inni tahlil etadi. Uning
fikriga ko‘ra, bu bo‘g‘in arab tilida o‘ziga xos o‘rin tutadi, yaʼni:
1. Agar bitta so‘zda ikki undosh birga kelsa, birinchi undosh zaif, ikkinchisi
ikkilangan bo‘lishi kerak. Masalan: – دابّةdābba – hayvon turi. Ikkilangan undoshlar
bo‘g‘inda cho‘ziq unlilardan keyin keladi. Zamaxshariy aruz vaznida bu bo‘g‘in
undosh+cho‘ziq unli va undosh+unli+undosh tarzida berilishini taʼkidlagan. Masalan:
ixmārra – ixmā‘arra.
2. Yasama so‘zlar, fleksiya va ikki so‘zning birga kelishida ochiq cho‘ziq bo‘g‘in
yopiq cho‘ziq bo‘g‘inga aylanadi. Masalan: yarmi-l-g‘arada – یرمي الغرض
3. Ikkilangan undoshda unli ishtirok etishi kerakligi tufayli shart va buyruq
mayllari shakli unlida tugaydi. Masalan:ُّ – لم یمدlam yamuddu.
Maʼlumki, arab tilida shart va buyruq mayllari sukun bilan tugaydi, ammo
ikkilangan o‘zakli feʼllardan yasalgan shaklda ikkilangan o‘zak uchta unlidan birini
olishi mumkin. (Звегинцев В., 1962: 297)
4. Yopiq bo‘g‘inli yuklamadan keyin kelgan so‘z orasida bitta unli paydo bo‘ladi.
Masalan, fatha الartiklidan oldin kelgan منold ko‘makchida vujudga keladi. Masalan:
– من الكتابmina-l-kitāb.
Damma o‘rta o‘zagi damma harakatini olgan birinchi bobning buyruq maylidan
oldin keladi. Masalan: – قالت احرجqālatu-xruj, اوva لوyuklamalaridan tashqari barcha
av bilan tugagan bo‘g‘indan keyin ham damma keladi. Masalan: ‘ - اخشو الناسixshavun-nās.
Kasra quyidagi o‘rinlarda reallashadi:
1) منold ko‘makchidan keyin, masalan: – من ابنهmini-bnihi;
2) ay bo‘g‘inidan keyin, masalan: – یخشي الناسyaxshayi-n-nās;
3) لوva اوyuklamalaridan keyin, masalan: – لو استطعناlavi-stata’nā. Baʼzan o‘rta
o‘zagi damma bo‘lgan birinchi bobning buyruq maylidan oldin yoki ikkilangan
feʼllarning buyruq va shart mayllarining oxirida ham kasra kelishi mumkin. Masalan:
qalati-xruj yoki yamuddi.
Aniqlik artikli, baʼzi feʼl shakllari va ismlar gap tarkibidagi o‘rni va o‘zidan oldin
kelgan bo‘g‘inga ko‘ra turli unlilarni olishi mumkin. Aniqlik artiklining hamzasi gap
boshida fathani, qolgan hamzalar esa u yoki i unlisini oladi. Birinchi bobning buyruq
maylida, yettinchidan keyingi boblardagi hozirgi-kelasi zamon, buyruq va masdar
shakllari ham i va u unlisini olishi mumkin.
Maʼlumki, bu hamza vaslali hamza deb nomlanadi, chunki u so‘zlarni bog‘lab
talaffuz qilishda ko‘p keladi. Vaslali hamza ikki undosh bilan boshlangan so‘zlarning
talaffuzida qo‘llanadi.
Zamaxshariy sanab o‘tgan bo‘g‘in turlarining qisqa va cho‘ziq turi arab tilida
keng tarqalgan, ammo o‘ta cho‘ziq bo‘g‘in kamroq uchraydi. Arab tilida bo‘g‘in bitta
undosh bilan boshlanishi, bitta undosh yoki bitta unli bilan tugashi mumkin. Bu
hodisadan ikkilangan undosh mustasnodir.
Zamaxshariyning asarida ko‘tarilgan masalalar o‘sha davr arab tilshunosligining
rivojidan darak beradi. Asarda grammatikaga oid masalalarning yoritilishi misolida
XII asrda erishilgan yutuqlarni ko‘rishimiz mumkin. “Mufassal” bu o‘z davrigacha
amalga oshirilgan tadqiqotlarning mujassamlangan va mukammallashtirilgan
ko‘rinishi hisoblanadi.
Zamaxshariy “Mufassal”ni yozishda nafaqat ilmiy maqsadni, balki uning qulay
bo‘lishini ham ko‘zlagan. Bu jihat uning mashhur asarlardan biriga aylanishiga imkon
bergan. Zamaxshariy arab tili grammatikasi nazariyasini mukammal bilgan tilshunos
sifatida kitobni o‘ziga xos ravishda tuzishga erishgan.
Bizning tadqiqotda bu asarning oxirgi “Umumiy” bo‘limi tahlilga tortildi.
Sibavayhidan farqli o‘laroq, Zamaxshariy bu nom ostida fonetik hodisalarni barcha
so‘z turkumlariga taqsimlagan holda o‘rgangan. Sibavayhi tomonidan fonetika
bo‘limida avval sintaksis, keyin morfologiya (sarf)ga oid fonetik o‘zgarishlar bayon
etilgan.
Zamaxshariyning asarida yoritilgan fonetik hodisalar hozirgi arab tilshunosligi
mohiyatiga yaqin shaklda berilgan bo‘lib, olim mavzularni fonetik-fonologik va
morfonologik sath nuqtayi nazaridan o‘rgangan.
Zamaxshariy Sibavayhi qayd etgan undoshlar tasnifiga asoslanib, undoshlarning
asliy va ikkilamchi turini ajratish tamoyilini saqlab qolgan. Ikkilamchi undoshlarning
Qurʼon qiroati va mumtoz arab tilida qo‘llanadigan va qo‘llanmaydigan turlari mavjud.
Zamaxshariy asarida aynan shu hodisalarning o‘rganilganligi arab tilshunoslik
tizimida, xususan, “Mufassal”da fonologik sathni yoritish masalalariga maxsus
yondashilganlikni ko‘rsatadi.
Zamaxshariy artikulyatsiyaning 16 ta o‘rnini ko‘rsatib bergan. Bu tasnifga
binoan u 43 fonemani o‘rgangan. Zamaxshariy arab tilidagi asl undoshlar uchun 15
artikulyatsiya o‘rni yetarli ekanligini taʼkidlagan.
Zamaxshariy o‘z tadqiqotida qalb termini bilan ifodalangan zaif undoshlarning
kombinatorlik xususiyatini ham tavsiflagan. Bu o‘zgarishlar o‘z navbatida o‘zak
tarkibidagi o‘zgarishga olib kelgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Islom dinining boshqa mamlakatlarga tarqalishi va o‘zga millatlar tomonidan arab
tilini o‘zlashtirishga bo‘lgan zarurat uning grammatikasini taʼlim uchun soddalashtirib
ishlab chiqishga turtki berdi. Qurʼon oyatlaridagi tushunilishi qiyin, murakkab so‘z va
iboralarning mazmunini ochib berishga qaratilgan urinishlar esa islomgacha mavjud
bo‘lgan sheʼriyatni o‘zlashtirish va fan sifatida o‘rganishga yo‘l ochdi. (Звегинцев В.,
1962: 31)
Shu sababli Movarounnahrda mahalliy (turkiy) tildagi badiiy adabiyot bilan bir
qatorda arab tilidagi ilmiy adabiyot ham rivoj topdi. Ko‘plab arab tili grammatikasiga
oid asarlar, turli lug‘atlar, sheʼriy va nasriy asarlar hamda ilmiy asarlarga sharhlar
yozildi. O‘rta Osiyo ushbu zamindan yetishib chiqqan allomalarning arab tilshunosligi
taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan xizmati tufayli VIII-XII asrlar davomida yetakchi
o‘rinlardan birini egalladi. (Юшманов Н., 1998: 22) Arab tilshunosligiga salmoqli
ulush qo‘shgan Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud
Zamaxshariy kabi olimlarning faoliyatini alohida eʼtirof etish zarur. Hozirgi arab
tilshunosligida morfonologik hodisa sifatida o‘rganiladigan so‘z boshi va ikki undosh
munosabatlarining tahliliga ham Zamaxshariyning “Mufassal” asarida o‘sha davrning
o‘zida keng joy ajratilgan. Zamaxshariy asarining umumiy bo‘limida tahlil qilingan
fonetik-fonologik masalalar hozirgi arab tilshunosligida ham o‘rganilayotganligini,
ular hamon originalligini saqlab qolganligini eʼtirof etish zarur.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Mahmud Zamaxshariyning arab grammatikasi,
xususan, fonetika va fonologiyaga e’tibor qaratgani hozirgi arab tilshunosligida o‘ta
dolzarb va qimmatli bo‘lib qolmoqda. Uning fonetik-fonologik masalalarni chuqur
tahlil qilishi va tushuntirishlari, shuningdek, arab tilining morfologiyasi,
leksikologiyasi va imlosini batafsil o‘rganishi arab tilshunosligi fanida poydevor bo‘lib
xizmat qilmoqda. Zamaxshariyning “Mufassal” asari arab tilining nozik jihatlarini
tushunishda har tomonlama ilmiy yondashish imkonini beradi va uning bu sohaga
qo‘shgan hissasi arab tilshunosligi rivojiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Umuman olganda,
Zamaxshariyning arab grammatikasiga oid ushbu ajoyib kitobi uning ilmiy tajribasi
katta ekanligidan hamda arab tilshunosligi sohasida ulkan ahamiyatga ega ekanligidan
dalolat beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Белкин, В. М. (1961) Арабская лексикология. – Москва: МГУ.
2. Гиргас, В. (1873) Очерк грамматической системы арабов. – СПб:
Типография Императорской Академии Наук.
3. Звегинцев, В.А. (1962) Очерки по общему языкознанию. – Москва:
МГУ.
4. Симашко, Т.В. (2001) История лингвистических учений: античность,
средневековье. – Архангельск: ГУ им. М.В.Ломоносова.
5. Штумме, Г. (1922) Арабский язык. Грамматический очерк. – Москва.
6. Юшманов, Н.В. (1998) Работы по общей фонетики, семитологии и
арабской классической морфологии. – Москва: Вост. лит. РАН.
7. Замахшарий, Маҳмуд. (1357) – المفصل في صفة الاعرابал-Муфассал фи
сифати-л-иърāб. ЎзР ФАШИ. Қўлёзма № 5198. – Тошкент.
8. Мутарризий, Носир. – كتاب المصباحКитāбу-л-мисбāҳ. ЎзР ФАШИ.
Қўлёзма № 3312/5.
9. Даририй, Ҳамидуддин. Муқаддима. – ضریريДаририй. ЎзФАШИ.
Қўлёзма № 6452.
11 1976,ابو عمر عثمان. الایضاح في شرح المفصل. – بغداد
12 Гранде, Б.М. (1963) Курс арабской грамматики в сравнительноисторическом освещении. – Москва: Изд. вост. лит.
REFERENCES:
1. Belkin, V. M. (1961) Arabskaya leksikologiya. – Moskva: MGU. (In Russian)
2. Girgas, V. (1873) Ocherk grammaticheskoy sistemi arabov. – SPb: Tipografiya
Imperatorskoy Akademii Nauk. (In Russian)
3. Zveginsev, V.A. (1962) Ocherki po obshyemu yazikoznaniyu. – Moskva:
MGU. (In Russian)
4. Simashko, T.V. (2001) Istoriya lingvisticheskix ucheniy: antichnost,
srednevekovye. – Arxangelsk: GU im. M.V. Lomonosova. (In Russian)
5. Shtumme, G. (1922) Arabskiy yazik. Grammaticheskiy ocherk. – Moskva. (In
Russian)
6. Yushmanov, N.V. (1998) Raboti po obshyey fonetiki, semitologii i arabskoy
klassicheskoy morfologii. – Moskva: Vost. lit. RAN. (In Russian)
7. Zamaxshariy, Mahmud. (1357) – الاعراب صفة في المفصلal-Mufassal fi sifati-liʼrāb. O‘zR FASHI. Qo‘lyozma № 5198. – Toshkent. (In Arabic)
8. Mutarriziy, Nosir. – المصباح كتابKitābu-l-misbāh. O‘zR FASHI. Qo‘lyozma
№ 3312/5. (In Arabic)
9. Daririy, Hamiduddin. Muqaddima. – ضریريDaririy. O‘zFASHI. Qo‘lyozma
№ 6452. (In Arabic)
11. بغداد – .المفصل شرح في الایضاح .عثمان عمر ابو,1976
12. Grande, B.M. (1963) Kurs arabskoy grammatiki v sravnitelno-istoricheskom
osveshyenii. – Moskva: Izd. vost. lit. (In Russian)