ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

“Kavkaz arsloni” – Imom Shomilning kurashi va uning Makka va Madinadagi hayoti

Saydumarov Murtazo G‘oziyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

“KAVKAZ ARSLONI” – IMOM SHOMILNING KURASHI VA UNING
MAKKA VA MADINADAGI HAYOTI

THE STRUGGLE OF IMAM SHAMIL – “THE LION OF THE CAUCASUS”
AND HIS LIFE IN MECCA AND MEDINA

БОРЬБА ИМАМА ШАМИЛЯ – «ЛЬВА КАВКАЗА» И ЕГО ЖИЗНЬ В
МЕККЕ И МЕДИНЕ

Saydumarov Murtazo G‘oziyevich,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent,

Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi
akademik dasturlar direktori,
Ar-Riyod, Saudiya Arabistoni,
Tel.: +998 90 824-67-60
msaydumarov@gmail.com

Annotatsiya: Maqolada misr yozuvchisi Munir Utayba haqida, uning ijodiy
ishlari, hamda arab adabiyoti va madaniy muhitida tutgan o‘rni xususida ma’lumotlar
beriladi. Ayniqsa, Munir Utaybaning “Kavkaz arsloni” nomli romani jahon
adabiyotida mashhur bo‘lib, bu romanda Kavkaz xalqlari qahramoni, Rossiya
imperiyasi tomonidan Kavkaz o‘lkalarini bosib olish maqsadida XIX asrda olib
borilgan va 60 yil davom etgan rus bosqiniga qarshi milliy-musulmon qarshilik
ko‘rsatish harakati yetakchisi Imom Shomilning kurashi, uning musulmon
davlatchiligiga asos solishi, davlat rahbari va harbiy sarkarda sifatidagi faoliyati,
hamda Makka va Madinada ikki Muqaddas Masjidga qo‘shni bo‘lgan holda o‘tkazgan
umrining so‘nggi yillarini aks ettiruvchi badiiy asar haqida so‘z yuritiladi. Hozirgi
zamon arab adabiyotida ushbu mavzudagi birinchi badiiy asar bo‘lgan bu romanning
xususiyatlari, muallif uslubi, asar qahramonlari, tarixiy va badiiy to‘qima obrazlar
haqida fikr yuritiladi.

Kalit so‘zlar: Munir Utayba, “Kavkaz arsloni” romani, Imom Shomil,
Kavkazdagi milliy qarshilik ko‘rsatish harakati, Misr yozuvchisi, roman.

Annotation: The article provides information about the Egyptian writer Munir
Utayba, his creative works, and his role in the Arab literature and cultural environment.
Especially, Munir Utayba's novel "Caucasian Lion" is famous in world literature. In
this novel, the struggle of Imam Shamil, who is a hero of the Caucasian peoples, the
leader of the national-Muslim resistance against the 60-year-long invasion of the
Caucasus by the Russian Empire in the 19th century, the foundation of the Muslim
state by him, his activities as a head of state and military commander, and the last years
of his life spent in the vicinity of the two Holy Mosques in Mecca and Medina are

described. The features of this novel, which is the first fiction work on this topic in
modern Arabic literature, the author's style, the heroes of the work, historical and
artistic textual images are discussed in this article.

Keywords: Munir Utaiba, the novel "The Caucasian Lion", Imam Shamil, the
national resistance movement in the Caucasus, the Egyptian writer, novel.

Аннотация: В статье дается информация о египетском писателе Мунире
Утайбе, его творчестве, роли в арабской литературе и культурной среде.
Особенно известен в мировой литературе роман Мунира Утайбы «Кавказский
лев». В этом романе описывается борьба имама Шамиля, героя кавказских
народов, лидера национально-мусульманского сопротивления против 60-летнего
нашествия Российской империи на Кавказ в XIX веке, основание им
мусульманского государства, его деятельность как главы государства и
военачальника, а также последние годы жизни, проведенные в окрестностях двух
Священных мечетей в Мекке и Медине. В статье рассматриваются особенности
этого романа, являющегося первым художественным произведением на эту тему
в современной арабской литературе, стиль автора, герои произведения,
исторические и художественные текстовые образы.

Ключевые слова: Мунир Утайба, роман «Кавказский лев», Имам Шамиль,
движение национального сопротивления на Кавказе, писатель Египта, роман.

KIRISH
“Jahon adabiyoti” jurnalining 2023-yil № 11 (noyabr) va № 12 (dekabr) sonlarida
o‘zbek tiliga tarjima qilinib, muhtaram o‘quvchilarimiz diqqatiga taqdim etilgan
“Kavkaz arsloni” romani misrlik arab yozuvchisi Munir Sayyid Muhammad Utayba
qalamiga mansub bo‘lib, u Rossiya imperiyasi tomonidan Kavkaz o‘lkalarini bosib
olish maqsadida XIX asrda olib borilgan va 60 yil davom etgan rus bosqiniga qarshi
milliy-musulmon qarshilik ko‘rsatish harakati yetakchisi Imom Shomilning kurashi,
uning musulmon davlatchiligiga asos solishi, davlat rahbari va harbiy sarkarda sifatida
faoliyati hamda Makka va Madinadagi ikki Muqaddas Masjid yaqinida o‘tkazgan
umrining so‘nggi yillarini aks ettiruvchi badiiy asardir. Asar arab tilida uch marta nashr
etilgan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Imom Shomil obrazini yoritishga rus adabiyotida ham, jahon adabiyotida ham bir
qator asarlar bag‘ishlangan. Shular qatorida uning yurtdoshi Kaziyev Shapi
Magomedovich qalamiga mansub “Imam Shamil” asarida qahramon obrazi turli
jihatlardan yoritib berilgan bo‘lib, kitob rus tilida “Молодая гвардия” nashriyotida
2003-yili nashr etilgan. Tel-Aviv universiteti professori Moshe Gammerning “Shomil.
Musulmonlarning chorizmga qarshiligi. Checheniston va Dog‘istonning bosib

olinishi” nomli romani ingliz tilida nashr etilgan yorqin asardir. Mazkur asar nafaqat
badiiy adabiyot namunasi, balki chuqur ilmiy tadqiqot sifatida ham qabul qilinishi
mumkin. Ingliz tilidan V. Simakova tarjima qilgan va Moskvada “Kron-press”
nashriyoti tomonidan 1998-yili nashr etilgan ushbu kitobda Imom Shomil hayoti va
kurash yo‘li turli jihatlardan yoritilgan. Unda Kavkazning Rossiya tomonidan zabt
etilishi tarixi, ikki tomonning harbiy kuch-qudratlari, harbiy harakatlar manzarasi,
Dog‘iston va Chechenistondagi davlatchilik asoslanishi, uning dastlabki rahbarlari –
ikki imom haqida va Shomilning ham diniy, ham siyosiy rahbar sifatida shakllanishi,
uning shon-shuhrati va qudratining cho‘qqisi hamda va kichik musulmon davlatining
qudratli davlatga teng kela olmay taslim bo‘lishi keng yoritilgan. Biroq bu asarda
Imom Shomilning Makka va Madinadagi hayoti haqida so‘z yuritilmagan. Imom
Shomilning ilmparvar va maʼrifatparvarligi Natalya Shixsaidovaning “Dog‘istonning
XIX asrdagi kitoblar majmuasi. Imom Shomil kutubxonasi” nomli maqolasida
yoritilgan, unda bayon etilishicha, Imom Shomilning katta kitoblar kolleksiyasi
mavjud bo‘lib, u tutqunlikda yashaganida ham ana shu kitoblaridan ayrilmagan (Jurnal
“Axulgo”. 1999. Fevral. № 2. S. 28-33.).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqolani yozishda Imom Shomilning hayoti va faoliyatini yoritishga
bag‘ishlangan romanga, hamda roman muallifining biografiyasiga murojaat qilindi.
“Kavkaz arsloni” romanining o‘zbek tiliga kamina tomonidan tarjima qilinishi
jarayonida to‘plangan materiallar hamda fikrlar asosida mazkur maqola yozilar ekan,
ushbu jarayonda adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik, hamda tarixiy manbalarga
tayanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tarixdan maʼlumki, Rus imperiyasi o‘z hududlarini kengaytirish maqsadida
qo‘shni davlatlarga bosqinchilik uyushtirib kelgan. Rus imperatori Pyotr I 1716-yili
14-fevralda sarkarda Aleksandr Bekovich-Cherkasskiyga Amudaryo sohilini
o‘rganish, Xiva xonini vassallikka ko‘ndirish, Buxoro amiri bilan aloqa o‘rnatish va
uni vassallikka moyil qilish, bu yerdagi oltin konlarini tadqiq etish kabi topshiriqlar
beradi. Rus qo‘shinlarining XVIII asr boshlarida, aniqrog‘i 1717-yili Xiva xonligini
bosib olish maqsadida qilgan yurishi xorazmliklar tomonidan tor-mor etiladi. Xiva
xoni rus sarkardasi Aleksandr Bekovich-Cherkasskiyning boshini tanasidan judo qilib,
uni Buxoro amiriga jo‘natadi. Natijada ana shu muvaffaqiyatsiz bosqindan so‘ng
deyarli 150 yildan ortiq davr ichida rus qo‘shinlari bu o‘lkaga qadam izi qilmaydilar
va eʼtiborlarini Shimoliy Kavkazga qaratadilar.
Rus imperatori XIX asr boshlarida Shimoliy Kavkaz o‘lkalari – Dog‘iston,
Cherkesiya va Checheniston hududlarini Rossiyaga qo‘shib olishga astoydil kirishadi.
Biroq mahalliy musulmon tog‘lik xalqlar G‘ozi-Muhammad, Hamzatbek kabi

sarkardalar boshchiligida qahramonona qarshilik ko‘rsatadilar. 1834-yili imomlik deb
ataluvchi davlat boshiga Imom Shomil keladi.

Imom Shomil 1797-yili tug‘ilgan. Yoshligidan o‘zidan bir necha yosh katta
bo‘lgan G‘ozi-Muhammad bilan do‘st bo‘lgan va birgalikda dog‘istonlik ulamolar
qo‘lida islomiy taʼlim olgan. Imom Shomil o‘z ona tili - avar tilidan tashqari arab, turk
va chechen tillarini mukammal bilgan, qumiq va lak tillarida ham so‘zlasha olgan. Arab
va avar tillarida sheʼrlar bitgan. G‘ozi-Muhammad taʼsirida naqshbandiya tariqatiga
kirgan. Sarkarda G‘ozi-Muhammad vafotidan so‘ng Dog‘iston ulamolari bir ovozdan
Shomilni imom, yaʼni davlatning siyosiy va diniy rahbari etib saylaydilar. Imom
Shomil Shimoliy Kavkazda avar xonlari o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etib, Dog‘iston,
Cherkessiya va Chechenistonni shimoliy dushmanga qarshi birlashtira oladi. Rus
bosqiniga qarshi oltmish yil davom etgan milliy-ozodlik qarshilik ko‘rsatish harakati
yetakchisi sifatida bir necha bor bosqinchilik bilan kelgan rus qo‘shinlarini tor-mor
etadi, bir necha bor mag‘lubiyatga uchraydi.

Imom o‘z davlatini joylarda tayinlagan noiblar orqali boshqaradi. Ana shunday
noiblardan biri Hojimurod edi. U Shomil bilan bir safda bir necha bor rus qo‘shinlariga
qaqshatqich zarba beradi. Keyinchalik Hojimurod Imom Shomil bilan kelisha olmay,
undan ketadi va general Baryatinskiy huzuriga boradi. Chor Rossiyasi qo‘mondonligi
Hojimurod obro‘sidan tog‘liklarni o‘z tomoniga og‘dirish maqsadida foydalanmoqchi
bo‘ladi. Shu bilan birga Hojimurod va Imom Shomil o‘rtasida hech qanday
kelishmovchilik bo‘lmagan, aslida bu Hojimurodning rejasi bo‘lib, uni Imom Shomil
qabul qilgan, Hojimurodning dushman ortida josuslik, yaʼni razvedka bilan
shug‘ullanish maqsadi bo‘lgan degan fikrlar ham bor. Keyinchalik Hojimurod
ruslardan qochishga uringan va taʼqib paytida 1852-yili halok bo‘lgan.

Imom Shomil 1840-yillarda rus qo‘shinlari ustidan bir necha bor g‘alabaga
erishdi. 1850-yillarda Rus imperiyasi Rossiya-Qrim urushidan (1854-1856) so‘ng
Kavkaz korpusini qayta shakllantirib, uni 200 000 askardan iborat armiyaga
aylantiradi. Yangi qo‘mondonlar general Nikolay Muravyev (1853-1856) va general
Aleksandr Baryatinskiy (1856-1860) Imom Shomil davlatini katta qo‘shin bilan qamal
qilishni kuchaytiradilar. 1859-yili aprel oyida Imom Shomilning qarorgohi Vedeno
ovuli tor-mor etiladi. Iyun oyi o‘rtalarida Checheniston hududidagi qarshilik ko‘rsatish
o‘choqlari mag‘lub bo‘ladi. Shomil Dog‘istondagi G‘unib ovuliga chekinadi. 1859-yil
avgust oyining oxirlarida Imom Shomil 400 kishidan iborat tarafdorlari bilan 10 000
askardan ortiq rus qo‘shini tomonidan G‘unibda qurshovga olinadi va 26-avgustda
taslim bo‘ladi. (Bu paytda Imom Shomilning qurolli safdoshlari 50 kishidan kamroq
qoladi, Imom Shomil ruslar tomon taslim bo‘lish uchun ketayotganida, uni bir necha
bor chaqirishadi, uning taslim bo‘lishini istamaydilar, lekin Imom Shomil ortga
qaramaydi, chunki musulmon jangchilar hech qachon hech kimning ortidan o‘q
uzmaganlar.)

1859-yili 10-oktyabrda Imom Shomil Kalugaga keltiriladi. Imperator Aleksandr
II Kaluga shahrida Imom Shomilning 20 kishidan iborat oilasi va yaqinlari uchun
yetarli sharoit yaratadi, 15 ming kumush rubl miqdorida yillik maosh tayinlaydi.
Imperator Aleksandr II “Imom Shomil tirik ekan, uning o‘rnini bosadigan boshqa
sarkarda chiqishini oldini olish” uchun hayotini tutqunlikda saqlab shunday qiladi.

Imom Shomil surgunda o‘n bir yil davomida imperator Aleksandrga uch marta
murojaat qilib, hajga borish uchun ruxsat so‘raydi.

1870-yili imperator Aleksandr II Imom Shomilga hajga borishga ruxsat beradi.
Imom Shomil haj amallarini bajargach, Madinaga ziyoratga boradi va umrining oxirgi
kunlarigacha shu yerda yashaydi, 1871-yil 4-fevralda (yangi taqvim bo‘yicha 16-
fevralda) vafot etadi va Madinadagi “al-Baqiʼ” qabristonida dafn etiladi.

“Kavkaz arsloni” romanining muallifi misrlik adib Munir Utayba Misrning
Iskandariya shahrida 8-fevral 1969-yili tug‘ilgan, u bugungi kunda arab adabiyotidagi
muhim ovozlardan bo‘lib, qissa va roman janrida xilma-xil asarlar yozgan va nufuzli
mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Ayni paytda u o‘z yurtida bir qator madaniy saytlarda
ham faoliyat olib boradi.

Munir Utayba – qissanavis, romannavis, shoir, dramaturg va adabiyot tanqidchisi.
U Iskandariya kutubxonasidagi hikoyanavislik ustaxonasi taʼsischisi va mudiridir. U
Misrning yozuvchilari oliy hayʼatida yangi asarlar turkumi tahrir hayʼati raisidir.

Munir Utayba roman, hikoya, kichik hikoya, sheʼriyat, adabiyot tanqidchiligi va
bolalar adabiyoti janrlarida 60 dan ortiq kitoblar nashr etgan. U Misr radiosi va
Amerikadagi “Arab ovozi” (“Savt al-Arab”) radiosi uchun bir qator seriallar,
radioeshittirishlar va pyesalar yozgan. Quvaytning “al-Babtiyn” televizion kanalida
“G‘oyaviy suhbat” (“Hivar fikriy”) dasturining tayyorlovchisi va olib boruvchisidir.
“Kitoblar olamida” jurnalida har oyda uning maqolalari chop etiladi. Misr va boshqa
arab davlatlari gazeta va jurnallarida badiiy asarlari – hikoyalari, sheʼrlari hamda
tadqiqot va maqolalari chop etiladi. Muallifning badiiy ijodiyoti Misr, arab va xorij
universitetlarida o‘rganilgan, uning asarlari bo‘yicha magistrlik va doktorlik
dissertatsiyalari yozilgan. Bir qator hikoyalari va tadqiqotlari ingliz, fransuz, ispan,
turk va o‘zbek tillariga tarjima qilingan.

Munir Utayba bir qator mukofotlar bilan, jumladan, adabiyot sohasidagi kichik
hikoyalar uchun davlat mukofoti, Misr yozuvchilar uyushmasining hikoya va roman
sohasidagi mukofoti bilan ikki bor, shuningdek, Ihson Abdulquddus mukofoti, Misr
hikoya klubi mukofoti, Adiblar jamiyati mukofoti, “Saqiya as-Saviy” mukofoti, hamda
Amerika “Hay” jurnali mukofoti bilan taqdirlangan. Adibning nomi “Iʼlam.com” sayti
tomonidan 2022-yili Misrdagi 30 nufuzli shaxslar ro‘yxatida eʼlon qilingan. 2023-yili
arab dunyosidagi “Hikoyanavislar so‘zlaydilar” musobaqasida birinchi o‘rinni
egallagan Misr hikoya guruhining rahbari edi.

Munir Utayba bir qator arab davlatlari oliy hayʼatlari tomonidan ham
taqdirlangan, jumladan, 2022-yili Irbid shahri “Arab madaniyati poytaxti” deb eʼlon
qilinishi munosabati bilan o‘tkazilgan misr madaniyati haftaligida faol ishtiroki uchun
Iordaniya madaniyat vazirligi tomonidan, 2019-yili Iskandariya radiosi taʼsis
etilishining 65 yilligi munosabati bilan Jurnalistika Milliy kengashi tomonidan, 2018-
yili Iskandariya Universitetining Madaniyat saloni tomonidan, 2014-yili Misr
madaniyat kunlaridagi faoliyati uchun Misr Qurolli Kuchlari tomonidan taqdirlandi.
2012-yili Arab elektron jurnalistika uyushmasining “Raqamli jurnalistika yetakchisi”
mukofoti bilan, 2011-yili Misr Yozuvchilar uyushmasi mukofoti bilan taqdirlandi.
2007-yili Misr adiblari konferensiyasida Iskandariya viloyati vakili sifatida “yil
odami” deb eʼlon qilindi.

Munir Utaybaning tarixiy roman janrida ikki asari – “Kavkaz arsloni” uch marta,
“Mogitos” romani ikki marta nashr etilgan.

O‘quvchilarimiz eʼtiboriga birinchi marta o‘zbek tilida havola etilgan muallifning
“Kavkaz arsloni” asari arab romannavisligida kashfiyot hisoblanadi, deyish mumkin.
Zero u Dog‘iston o‘lkasida XIX asrda bo‘lib o‘tgan voqealarga bag‘ishlangan birinchi
arab romani bo‘lib, Kavkazdagi milliy-ozodlik qarshilik ko‘rsatish harakati yetakchisi
Imom Shomil shaxsiga bag‘ishlangan.

Munir Utaybaning “Kavkaz arsloni” romani, yuqorida taʼkidlab o‘tganimizdek,
arab adabiyotida ushbu mavzudagi birinchi asar bo‘lib, unda Imom Shomil obrazi
ziddiyatli obraz sifatida tasvirlangandek ko‘rinadi. Muallif mazkur asarda o‘sha asrni
o‘z geografiyasi, tarixi, insonlari, g‘oyaviy ziddiyatlari bilan chiroyli bayon etgan
hamda turli vaziyatlarni jipslashtirish qudratini namoyish qilgan. Bunday hikoya etish
texnikasida muallif tarixiy romanlarda kamdan kam qo‘llaniladigan texnika - ko‘plab
roviylar, “polifonik” ovozlarni qo‘llaydi. Yozuvchi asardagi barcha qahramonlarga
nisbatan bir xil masofada turadi va ularga o‘z asri haqida, o‘z sharoiti haqida, ularning
bu milliy-ozodlik qarshilik ko‘rsatish harakatining yetakchisiga nisbatan
munosabatlari haqida ular Shomil tarafdorlari yoki muxoliflari bo‘lishidan qatʼiy nazar
fikr bildirishga imkoniyat yaratadi. Shu bilan bir qatorda, yozuvchi roman voqealarini
bayon etish orqali arab dunyosi voqeligi yuzasidan bilvosita fikr bildirishga harakat
qiladi va bir necha bor “bir ko‘zini bugungi kunga va boshqa ko‘zini kelajakka
tikmagan tarixiy roman taʼvil qilinmaydi” deb taʼkidlaydi.

Romanda o‘sha davr voqealari to‘g‘risida asar qahramonlari – Imom Shomilning
qizi Karima, otasi Zakau, sevimli xotini Shainat, do‘sti Ko‘nak, milliy qarshilik
ko‘rsatish harakati sarkardalari va safdoshlari - Mavlono G‘ozi Muhammad,
Hamzatbek, Hojimurod, Imom Shomilning davlat rahbari bo‘lib saylanishida muhim
rol o‘ynagan din peshvosi Zag‘lav al-Xarashiy, Kavkazning harbiy sanoatini
rivojlantirish maqsadida Misrdan taklif etilgan asli dog‘istonlik Hoji Yusuf Husayn

hamda Imom Shomilga qarshi frontning narigi tomonidagi shaxslar – Mixail-Turnov
va boshqalar tilidan turli munosabatlar bildiriladi.

Asarda Jazoir milliy qahramoni Amir Abdulqodir obrazi ham kiritilgan.
Muallifning fikri bo‘yicha, Imom Shomil va amir Abdulqodir Makkada uchrashib,
suhbatlashishgan, milliy ozodlik kurashi masalalarida fikr-mulohaza bildirishgan. Bu
albatta, muallifning ijodi mahsulidir. Chunki Amir Abdulqodir hayotida ikki marta haj
qilgan. Birinchi marta hajga u otasi bilan 1825-yili kelganida 17 yoshda edi. Bu paytda
28 yoshga to‘lgan Shomil milliy qarshilik ko‘rsatish harakati rahbari sifatida yana 9
yildan keyin kurash sahnasiga chiqadi. Amir Abdulqodir ikkinchi marta hajga 1863-
yilda keladi (bu paytda Imom Shomil Kalugada tutqunlikda edi), keyin esa hayotini
Damashqda o‘tkazadi. Shunday bo‘lsa-da, qahramonlarning ushbu badiiy asardagi
munozarasi milliy ozodlik harakati, milliy qarshilik ko‘rsatish harakati g‘oyalarini
tushunish uchun juda muhimdir.

Baʼzi tarixiy shaxslarning ismlari badiiy asarda adabiy janr nuqtai nazaridan
o‘zgartirib keltirilgan.

Shu bilan bir qatorda, Imom Shomil hayotiga oid bo‘lgan muhim bir jihat muallif
eʼtiboridan chetda qolgan. Imom Shomilning katta o‘g‘li Jamoliddin mazkur asarda
tilga olinmaydi. U sakkiz yoshida 1839-yili rus bosqinchilari va Kavkaz milliymusulmon qarshilik ko‘rsatish harakati kurashchilari o‘rtasidagi janglarning birida
ruslar qo‘lida garovda qolgan va 1854-yilda asirga olingan Gurjiston malikalari
Chavchavadze va Orbelianilarga almashtirib olingan Imom Shomilning katta o‘g‘li
Jamoliddin obrazi ham kiritilganida asar yana-da taʼsirliroq bo‘lardi.

Ushbu kitob muallifning qissanavislik va tanqidchilik asarlari qatorida ko‘rilib,
mutolaa qilishga, tarixdagi ko‘p voqealarga, ularning hozirdagi holatiga, agar biz
o‘tmishdagidan afzalroq kelajakni istasak, qayta nazar solish uchun loyiqdir.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Munir Utaybaning “Kavkaz arsloni” romani
haqida, asarda hikoya qilingan tarixiy voqealar va tarixiy shaxslar, jumladan, Rossiya
imperiyasiga qarshilik ko‘rsatishi bilan tanilgan atoqli qahramon Imom Shomil hayoti
hamda faoliyati haqida imkon qadar ma’lumot berildi. “Kavkaz arsloni” asari “Jahon
adabiyoti” jurnalida chop etilgan bo‘lsa-da, alohida kitob holida ham chop etilishi
lozim deb hisoblayman. Chunki, Imom Shomilning hayoti nafaqat avar xalqi uchun,
yoki Kavkazliklar uchun, balki barcha turkiylar, qolaversa musulmonlar uchun ham
ibratlidir. Imom Shomil jasur harbiy yetakchi bo‘lganidan tashqari diniy va dunyoviy
ilmlar egasi hamda davlat arbobi sifatida tarixda o‘chmas nom qoldirgan. Uning hayoti
va faoliyatining bugungi kun ilm-fani uchun noma’lum qirralarini topib o‘rganish esa
adabiyot, tarix va boshqa fan sohalarida ilmiy izlanish olib borayotgan
tadqiqotchilarning vazifalari qatorida bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Мунир Утайба. Кавказ арслони. Роман / Араб тилидан Муртазо
Сайдумаров таржимаси // “Жаҳон адабиёти” журнали. – Тошкент, 2023, Ноябрь.
– Б. 96-131; 2023, Декабрь. – Б. 143-177.
2. .‫ ص‬137 ،2010 ‫منیر عتیبة. أسد القافقاس. روایة. دار الكتاب العربي، القاهرة. عام‬
3. Гаммер М. (1998) Шамиль. Мусульманское сопротивление царизму.
Завоевание Чечни и Дагестана / Перевод с английского В.Симакова. – Москва:
КРОН-ПРЕСС. – 512 с.
4. Шихсаидова Н. Библиотека Имама Шамиля. Из истории книжных
коллекций Дагестана XIX века. Журнал "Ахульго", Махачкала. 1999, Февраль.
№ 2. – С. 28-33.
5. Казиев Шапи. (2001) Имам Шамиль. – Москва: Молодая Гвардия. – 378 с.
6. Moshe Gammer. (2006) The Imam and the Pasha: a note on Shamil and
Muhammad Ali. Middle Eastern Studies, Volume 32, Issue 4. – pp. 336-342.
https://doi.org/10.1080/00263209608701133
7. Michael Kemper, Amri Shikhsaidov, Natalya Tagirova. (Autumn 2002) The
Library of Imam Shamil. The Princeton University Library Chronicle, Vol. 64, No. 1,
pp. 121-140 (20 pages) https://doi.org/10.25290/prinunivlibrchro.64.1.0121
8. Muhammad Hamid. (2007) Imam Shamil: The First Muslim Guerilla Leader.
– Kuala Lumpur.
9. Hamburg G., Sanders T., Tucker E. (2004) Russian-Muslim confrontation in
the Caucasus: alternative visions of the conflict between Imam Shamil and the
Russians, 1830-1859. – London.

REFERENCES:
1. Munir Utayba. Kavkaz arsloni. Roman / Arab tilidan Murtazo Saydumarov
tarjimasi // “Jahon adabiyoti” jurnali. – Toshkent, 2023, Noyabr. – B. 96-131; 2023,
Dekabr. – B. 143-177. (In Uzbek)
2. ‫ ص‬137 ،2010 ‫ .منير عتيبة. أسد القافقاس. رواية. دار الكتاب العربي، القاهرة. عام‬(In Arabic)
3. Gammer M. (1998) Shamil. Musulmanskoye soprotivleniye sarizmu.
Zavoyevaniye Chechni i Dagestana / Perevod s angliyskogo V.Simakova. – Moskva:
KRON-PRESS. – 512 s. (In Russian)
4. Shixsaidova N. Biblioteka Imama Shamilya. Iz istorii knijnix kolleksiy
Dagestana XIX veka. Jurnal “Axulgo”, Maxachkala. 1999, Fevral. № 2. – S. 28-33. (In
Russian)
5. Kaziyev Shapi. (2001) Imam Shamil. – Moskva: Molodaya Gvardiya. – 378 s.
(In Russian)

6. Moshe Gammer. (2006) The Imam and the Pasha: a note on Shamil and
Muhammad Ali. Middle Eastern Studies, Volume 32, Issue 4. – pp. 336-342.
https://doi.org/10.1080/00263209608701133

7. Michael Kemper, Amri Shikhsaidov, Natalya Tagirova. (Autumn 2002) The
Library of Imam Shamil. The Princeton University Library Chronicle, Vol. 64, No. 1,
pp. 121-140 (20 pages) https://doi.org/10.25290/prinunivlibrchro.64.1.0121

8. Muhammad Hamid. (2007) Imam Shamil: The First Muslim Guerilla Leader.
– Kuala Lumpur.

9. Hamburg G., Sanders T., Tucker E. (2004) Russian-Muslim confrontation in
the Caucasus: alternative visions of the conflict between Imam Shamil and the
Russians, 1830-1859. – London.