ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ingliz va o‘zbek tillaridagi iqtisodiy reklama matnlarining tahlili

Muratxodjayeva Feruzaxon Xotamovna, Buriyeva Nilufar Baxtiyor qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

INGLIZ VA O‘ZBEK TILLARIDAGI IQTISODIY REKLAMA
MATNLARINING TAHLILI

ANALYSIS OF ECONOMIC ADVERTISING TEXTS IN ENGLISH AND
UZBEK LANGUAGES

АНАЛИЗ ЭКОНОМИЧЕСКИХ РЕКЛАМНЫХ ТЕКСТОВ НА
АНГЛИЙСКОМ И УЗБЕКСКОМ ЯЗЫКАХ

Muratxodjayeva Feruzaxon Xotamovna,
Oriental universiteti, G‘arb tillari kafedrasi dotsenti v.b., f.f.f.d.

Tel.: +998 88 198-67-77
feruzakhon81@mail.ru

Buriyeva Nilufar Baxtiyor qizi,
Oriental universiteti magistri
Tel.: +998 94 609-97-91

nilufarburiyeva17@gmail.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada reklama nimaligi, uning turlari, ahamiyati va o‘rni
batafsil yoritilgan hamda reklama matnlarini maqollar orqali ifodalash, uning
afzalliklari, yutug‘i, kim tomonidan yaratilishi kabi umumiy va muhim ma’lumotlar
o‘z ifodasini topgan. Ingliz va o‘zbek tillaridagi iqtisodiy reklama matnlarining o‘ziga
xos xususiyatlari tahlil etilgan. Iqtisodiy reklamaning mohiyati va uning hozirgi
zamonda matnlarda qo‘llanilishiga oid ilmiy yondashuvlarni tadqiq etish hamda
ishlash mexanizmining ilmiy asoslarini ochib berish bilan bog‘liq masalalar tahlil
etilgan. Reklamaning eng sodda koʻrinishlari uzoq oʻtmishga borib taqalsa-da, hozirgi
kunda juda katta jamoatchilik ehtiyojiga aylandi. Ushbu ishda iqtisodiyot sohasida
keng ishlatiladigan bir nechta terminlarning ba’zilari o‘zbekcha so‘zlar bo‘lsa, ba’zilari
esa boshqa tillardan bevosita kirib kelib tilimizda qo‘llanilayotgani talqin etilgan.
Shuningdek, iqtisodiy reklamaning ayrim xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasidan
o‘rganilgan holda ijobiy jihatlarini implementatsiya qilish va unga qaratilgan taklif va
tavsiyalar keltirib o‘tilgan.

Kalit soʻzlar: reklama, kopirayter, demografiya, tijoriy maqollar, operator,
talab, tendensiya, texnika, zamonaviy xaridor.

Annotation: This article describes in detail what advertising is, its types,
importance, and role, and general and important information such as the expression of
advertising texts through proverbs, its advantages, achievements, and subjects who
make it. The specific features of economic advertising texts in English and Uzbek

languages are analyzed. Issues related to researching scientific approaches to the
essence of economic advertising and its usage in the texts in nowadays, as well as
revealing the scientific basis of the working mechanism are analyzed. Although the
simplest forms of advertising date back to the distant past, today they have become a
huge public need. In this work, several terms widely used in the field of economy are
interpreted as some are Uzbek words, and some are directly imported from other
languages and used in our language. Also, suggestions and recommendations aimed at
implementation of positive aspects of economic advertising, learned from the advanced
experience of some foreign countries, are given.

Key words: advertising, intrusive, copywriter, demography, commercial
proverbs, operators, market, demand, trend, technique, modern customer.

Аннотация: В данной статье подробно описывается, что такое реклама, ее
виды, значение и роль, а также общая и важная информация, такая как
выражение рекламных текстов через пословицы, ее преимущества, достижения
и кто ее делает. Aнализируются особенности текстов экономической рекламы на
английском и узбекском языках. Проанализированы вопросы, связанные с
исследованием научных подходов к сущности экономической рекламы и ее
использованию в текстах в современное время, а также раскрытием научных
основ механизма ее работы. Хотя простейшие формы рекламы появились еще в
далеком прошлом, сегодня они стали огромной общественной потребностью. В
данной работе несколько терминов, широко используемых в сфере экономики,
трактуются как некоторые из узбекских слов, а некоторые напрямую
заимствованы из других языков и используются в нашем языке. Также на
передовом опыте ряда зарубежных стран изучены положительные стороны
экономической рекламы, даны направленные на это предложения и
рекомендации.

Ключевые слова: реклама, копирайтер, демография, коммерческая
поговорка, оператор, спрос, тенденция, техника, современный покупатель.

KIRISH
Bugungi bozor sharoitida hech qanday tijorat korxonasi u yoki bu shaklda
reklamasiz biznesni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaydi. Ko‘p asrlar davomida u
insonning doimiy hamrohi bo‘lib, zamon bilan hamnafasdir va u bilan birga o‘zgaradi.
Hozirgi kunda zamonaviy reklamani uning rivojlanishidagi asosiy tarixiy bosqichlarni
tahlil qilmasdan turib tatbiq etib bo‘lmaydi. Biznesni muvaffaqiyatli olib boradigan
biron bir tijorat tashkiloti mutaxassislari sifatida quyidagilarni sanash mumkin:
stilistlar, rassomlar, dizaynerlar, operatorlar, rejissyorlar va hokazo. Ularning samarali
faoliyati reklama beruvchilarning tajribasi va yordamisiz amalga oshmaydi.

Reklamaning kuchi va roli hozirgi kunda o‘ta muhim masala hisoblanadi.
Avvalo, reklama odatda ixcham, badiiy ifodalangan, hissiy rangga ega bo‘lgan va
potensial xaridorlarning ongi va e’tiboriga tovarlar va xizmatlar haqidagi eng muhim
faktlar va ma’lumotlarni yetkazadigan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Tashqi muhitda,
jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan doimiy o‘zgarishlar, fan va
texnikaning yangi yutuqlarining paydo bo‘lishi reklama bozoridagi o‘zgarishlarga
ta’sir qiladi. (Akobirov S., 1968: 27) Shunga asoslanib, reklama rivojlanishining bir
qator muhim tendensiyalarini ajratib ko‘rsatish kerak:

- reklamani yaratish va tarqatish jarayonida yangi texnologiyalarning paydo
bo‘lishi;

- mahsulotning hayotiylik davrini va iste’molchilar xohish va didlarining
o‘zgaruvchanligini qisqartirish;

- demografik o‘zgarishlar;
- reklama bozoridagi hududiy o‘zgarishlar;
- reklamada zamonaviy targ‘ibot vositalaridan foydalanish;
- reklama ta’sir qiluvchi obyektlarni kengaytirish.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Dastlab, “reklama” so‘zining kelib chiqishiga to‘xtalsak, bu so‘z lotincha
“advertere” ya’ni “diqqatni qaratmoq”, “e’tiborni jalb qilmoq” so‘zlaridan kelib
chiqqan. XIX asr o‘rtalaridan reklamaning iqtisodiyotdagi o‘rni keskin oshgan va
asosan gazeta va jurnallar orqali yoyilgan. XX asrdan boshlab televideniye, radio,
internet va pochta orqali reklama berish boshlangan.
Reklama tili ustida ko‘plab olimlar tadqiqot olib borishgan va uni lingvistik
jihatdan tadqiq qilishgan. Masalan, Leech reklama matnining asosiy tamoyillarini
belgilab bergan: e’tiborni jalb qilishi, o‘qishga osonligi, esda qolishi va sotuvga ta’siri
(Attention value, Readability, Memorability and Selling power). Zamon o‘zgarishi
bilan reklama matniga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgarib borishi bu sohada olib
borilgan so‘nggi ilmiy yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lishni talab qiladi. Shu
jumladan, so‘nggi yillarda reklama matniga doir ko‘plab ilmiy ishlar olib borildi.
Ushbu o‘rganishlar reklama matnining turli jihatlarini, jumladan, ta’sir kuchi, o‘qishga
osonligi, samarasi va ishontiruvchi tili kabilarni tadqiq qilgan. Motes et al. (1992),
Myers (1997), Foster (2001), Ding (2003), Kohli et al. (2007), Christopher (2012),
Fatihi (2014) kabi ko‘plab olimlar reklama tili va uning lingvistik jihatlarini o‘rganish
sohasiga sezilarli hissa qo‘shishgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqolada reklama matnining turli jihatlari tahlil qilindi va bu sohadagi
rivojlanishlar o‘rganildi. Lekin bu mavzudagi tadqiqotlar hanuzgacha o‘z muhimligini
yo‘qotgani yo‘q. Buning sababi esa, reklama sanoatining o‘rni oshib borayotganidir.

Ushbu maqolada ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama matnlarining lingvistik jihatlarini
o‘rganishda qiyosiy tahlil, deduksiya, lingvistik tasvirlash (kuzatish, izohlash,
taqqoslash, umumlashtirish, tasniflash) usullaridan foydalanilgan.

Reklamalarni tahlil qilish davomida fonetika fanining ham o‘rni va ahamiyati
borligi aniqlandi. Fonetika termini yunoncha “tovushga oid, tovushli, ovozli”
ma’nolarini bildiruvchi “phoneticos” so‘zidan olingan bo‘lib, tilshunoslikda nutq
tovushlarining hosil boʻlish usullarini va akustik xususiyatlarini, boʻgʻin, nutqning
pauza bilan ajraluvchi qismlarini oʻrganuvchi boʻlimidir. Fonetik bosqich nuqtayi
nazaridan reklama matnlaridagi tovushlar yordamida hosil qilingan o‘ziga xosliklar
o‘rganiladi. Tadqiqotning fonetik qismida reklama matnida qo‘llanilgan lingvistik
vositalardan qofiya usuliga misollar keltirildi. (Salimova N., 2015:7) Qofiya
she’riyatda va reklama matnlarida keng qo‘llaniluvchi fonetik ohangdoshlik vositasi
hisoblanib, unga bir xil tovushlarning takror qo‘llanilishi orqali erishiladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Bozorning tovarlar va xizmatlar bilan to‘yinganligi mahsulotlar hayotiylik
davrining tezlashishiga olib keladi, mos ravishda iste’molchilarning iste’mol didlari
doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Bu bozorda tovarlarning yangi yoki modernizatsiya
qilinganlari bilan tez-tez o‘zgarishiga olib keladi. Reklama menejerlari sotuvlar
pasayib borayotgan bozorni tekshirishlari va yangi mahsulotni ilgari surish uchun
reklamadan foydalanishlari kerak. Bu reklamaning harakatchanligi oshganidan dalolat
beradi. Bozorning haddan tashqari to‘yinganligi esa iste’molchilarning tanlash
erkinligiga olib keladi. Demografik o‘zgarishlar bozorga bevosita ta’sir ko‘rsatadi,
iste’molchilarning turli yoshdagi guruhlarini turli xil mahsulotlar bilan ta’minlaydi.
Bunday segmentatsiya maqsadli auditoriyaning har bir toifasi uchun maxsus reklama
ishlab chiqish imkonini beradi. Yirik metropoliyalarning yaratilishi tovar va xizmatlar
bozorlarida hududiy oʻzgarishlarga, shuningdek, mahsulotlar assortimentining
oʻzgarishiga olib keladi. Shu munosabat bilan bozorni ijtimoiy asosda
segmentatsiyalash va shunga mos ravishda maqsadli bozorlar uchun (masalan, shahar
va qishloq aholisi uchun) reklama materiallarini yaratish zarur. Reklama sifatida turli
xil reklama vositalaridan foydalanish mumkin, shu bilan birga ma’lumot uzatish
kanallari qisqaradi va reklama kompaniyasida bir vaqtning o‘zida juda ko‘p
miqdordagi reklama vositalari qo‘llaniladi. Reklama faoliyatning turli sohalariga:
san’at, adabiyot, madaniyat, sport va boshqalarga ta’sir ko‘rsatadi, jamiyatda estetik va
axloqiy normalarni tarbiyalashga, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni
rivojlantirishga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, reklama materiallarini yaratish va
joylashtirish jarayonida quyidagi qiyinchiliklarga e’tibor qaratish lozim:
- intruziv reklama;
- reklama materiallarini yaratishda primitivlik;

- idrok etish muammosi;
- reklamaning haddan tashqari ko‘p yuklanishi;
- yolg‘on reklama;
- qonunchilik bazasining nomukammalligi;
- reklama samaradorligini baholash muammolari.
Haddan tashqari intruzivlik zamonaviy reklamaning eng dolzarb muammosidir.
Ko‘p takrorlanadigan va bir xildagi reklamalar me’daga tegadi va iste’molchilar
bunday reklamalarni e’tiborsiz qoldirishni boshlaydilar. Samaradorlikni oshirish uchun
reklamani tegishli va ma’lum bir maqsadli auditoriyaga maksimal darajada yo‘naltirish
kerak. Har bir inson bir xil ma’lumotni o‘ziga xos tarzda qabul qiladi, shuning uchun
so‘zlar, iboralar, tasvirlarning muvaffaqiyatsiz kombinatsiyasi reklama mazmuni va
ma’nosini noto‘g‘ri tushunishga olib kelishi mumkin.
Reklamachilar reklamaga juda ko‘p ma’lumot qo‘yishga moyil bo‘lib, hatto
ba’zida bu reklama mavzusiga hech qanday aloqasi yo‘q ma’lumot bo‘lishi ham
mumkin. Haddan tashqari ko‘p ma’lumot yuklangan reklama uning samaradorligi
pasayishiga olib keladi. Reklamaga salbiy munosabat uni yolg‘onga chiqaradi. Bir
martalik foyda olishga qiziqqan reklama beruvchi o‘z obro‘sini unutib, yolg‘on
reklama yaratadi. Zamonaviy reklama masalalari axloq, vatanparvarlik va jamiyat
manfaatlari masalasi bilan juda chambarchas bog‘liq. Reklamani yaratishda ko‘plab
reklama beruvchilar nafaqat bu haqda, balki odamlarga hurmatning elementar
tuyg‘usini, ularning fikrlarini, hatto o‘z pozitsiyalariga to‘g‘ri kelmasa ham, tan olishni
unutishadi. Iste’molchi o‘z ruhiyatini intruziv va yolg‘on reklamadan himoya qila
olmaydi. Shuning uchun, reklama xabarini ko‘rish yoki o‘qishdan keyin iste’molchi
his-tuyg‘ularida buzilish paydo bo‘ladi. Bu reklamaning ijtimoiy samaradorligi
pasayganidan dalolat beradi.
Reklama nimaligi, u nima uchun kerakligi, vazifalari nimadan iboratligi, qanday
turlari mavjudligi haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Endi oldimizda reklamani kimlar
yaratadi, reklama so‘zlarini kimlar yozadi kabi savollar paydo bo‘ladi. Albatta, bu ishni
duch kelgan inson amalga oshira olmaydi. Buni kopirayterlar amalga oshiradi.
Kopirayting (copywriting – ing.) so‘zma-so‘z tarjimada “matn yozish” ma’nosini
anglatadi. Kopirayting deganda, odatda, reklama materiallari yoki matnlarini biznes
uchun tayyorlash tushuniladi. Demak, kopirayterlar – tijorat matnlarini
yaratuvchilardir. Kopirayterlar bilbordlar, broshyuralar, kataloglar, qo‘shiq so‘zlari,
jurnal va gazeta reklamalari, savdo xatlari va boshqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pochta,
televideniye yoki radio reklamalari uchun skriptlar, shiorlar, veb-sayt va ijtimoiy media
postlari va boshqa marketing kommunikatsiyalarini yaratishda yordam beradi.
Tijorat matnlari formati, maqsadi va e’lon qilinish darajasiga ko‘ra ikki turga
bo‘linadi:

1. Reklama matnlari. Biror bir tovar yoki xizmat turi tashviqotiga oid matnlar
reklama matni deyiladi. Misol uchun, lending matni, xizmat turini ifodalovchi matnlar,
internet-do‘konning tovar kartochkasidagi matn, ijtimoiy tarmoqlarda tijorat bilan
shug‘ullanuvchi postlar matni.

2. Ko‘ngilochar matnlar. Bunga kayfiyat beruvchi (kulgili) to‘plamlar, suratlar
to‘plami, matnlar va o‘yinlar kiradi. Bu turdagi matnlar tez tarqalib, asosan
mahsulotning brend bo‘lishiga xizmat qiladi. Bu ikkala turdagi matn tovarlar va xizmat
turlari haqida foydali axborot berib, o‘ziga xos imij yaratadi. Ko‘pgina kopirayterlar
reklama agentliklarida, kopirayter agentliklarida ishlaydilar yoki frilanserlik bilan
shug‘ullanadilar.

Reklama agentliklari odatda kopirayterlarni media jamoaning bir qismi sifatida
ishga olishadi. Ular badiiy direktorlar yoki ijodiy direktorlar bilan hamkorlik qiladilar.
Kopirayter, asosan, mijozdan olingan ma’lumotlarga asoslanib reklama uchun matn
yoki ssenariy yozadi. Badiiy direktor reklamaning vizual jihatlari uchun mas’uldir va
bosma ishlarida ishlab chiqarishni nazorat qilishi mumkin. Jamoaning istalgan a’zosi
umumiy g‘oyani (odatda, konsepsiya deb ataladi) o‘ylab topishi mumkin va hamkorlik
jarayoni ko‘pincha ish sifatini yaxshilaydi. Ba’zi agentliklar ma’lum bir sanoat yoki
sektorga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bo‘ladi. Kopirayterlik agentliklari
kopirayterni bir qator tahririy va tegishli xizmatlar bilan birlashtiradi, ular orasida
joylashishni aniqlash va xabar almashish bo‘yicha maslahatlar, ijtimoiy media, qidiruv
tizimini optimallashtirish (SEO), ishlab chiqishni tahrirlash, nusxa ko‘chirish, tahrir
qilish, faktlarni tekshirish, nutq yozishlarni o‘z ichiga oladi. Ba’zi agentliklarda
kopirayterlar doimiy ofisda ishlaydi, boshqalari esa frilanserlardan foydalanadi.
Kopirayterlar, shuningdek, tez-tez reklama qiladigan chakana savdo tarmoqlari, kitob
noshirlari yoki boshqa yirik firmalar uchun masofadan frilanserlik xizmatini ham
ko‘rsatadi. Ular, shuningdek, gazetalar, jurnallar va radio-eshittirishlar uchun
reklamalarni yozishlari mumkin. Kopirayterlar texnik yozuvchilarga o‘xshaydi va
darajasi bir-biriga mos kelishi mumkin. Umuman olganda, texnik yozuv o‘quvchilarni
ishontirishdan ko‘ra, biror ma’lumot va ko‘rsatmalarni berishga xizmat qiladi. Misol
uchun, kopirayter avtomobil uchun reklama yozsa, texnik yozuvchi esa undan qanday
foydalanishni tushuntirib beruvchi qo‘llanma yozadi.

Reklamadagi yana bir ahamiyatli omillardan biri sifatida maqollarni olishimiz
mumkin. Maqol – xalq ogʻzaki ijodi janri bo‘lib, qisqa va loʻnda, obrazli va obrazsiz,
grammatik va mantiqiy tugallangan maʼnoli, chuqur mazmunli hikmat yoki ibora.
Muayyan aniq shaklga ega. Maqollarda ajdodlarning hayotiy tajribalari, jamiyatga
munosabati, tarixi, ruhiy holati, etik va estetik tuygʻulari, ijobiy fazilatlari
mujassamlashgan bo‘ladi.

Asrlar mobaynida xalq orasida sayqallanib, ixcham va sodda poetik shaklga
kelgan. Maqollar mavzu jihatdan nihoyatda boy va xilma-xildir. Vatan, mehnat, ilmhunar, doʻstlik, ahillik, donolik, hushyorlik, til va nutq madaniyati, sevgi va muhabbat
kabi mavzularda, shuningdek, salbiy xislatlar xususida rang-barang maqollar
yaratilgan. Maqol uchun mazmun va shaklning dialektik birligi, koʻp hollarda
qofiyadoshlik, baʼzan koʻp maʼnolilik, majoziy maʼnolarga boylik kabi xususiyatlar
xarakterlidir. Maqollarda antiteza hodisasi koʻp uchraydi, ya’ni bu uning tarbiyaviy
sifati hisoblanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, maqollar bir qator ijobiylikni o‘zida
mujassamlashtiradi. Shunday ekan, reklama matnlarini maqollar orqali ifodalasak, bu
o‘z-o‘zidan reklama saviyasini oshiradi va reklama qilinayotgan tovar yoki xizmat
sotuvini yaxshilaydi. Hamda bu usul bugun yaratilgan emas, bu anchadan beri
ishlatilayotgan va o‘zini oqlagan iqtisodiy samarador metoddir. Yo‘l bo‘ylarida osilgan
afishalarda, katta-katta monitorlarda reklamalarni maqollar orqali ifodalanganiga
ko‘zimiz tushsa, beixtiyor o‘ziga tortishi tayin. Ko‘p bor eshitib ongimizda
shakllangan bu iboralarga nisbatan bizda iliqlik paydo bo‘ladi. Bu iliqlik natijasida
uning ortidagi mahsulot yoki xizmatga nisbatan bizning qiziqishimiz va ishonchimiz
ortadi. Bu esa talabning ortishi demakdir. Va bu talabning ortishi ortida bevosita to‘g‘ri
tanlangan reklama turadi.

Reklama ortidan iqtisodiy manfaat ko‘zlashda tanlangan so‘zlarning sifat
darajalariga ham alohida e’tibor beriladi. Sifatning qiyosiy va orttirma nisbati juda aniq
bo‘lib, reklama yaratishda reklama beruvchilar ko‘plab nozik taqqoslashlardan
foydalanadilar. Shunday qilib, reklama beruvchilar o‘z mahsulotlari haqida
xabardorlikni oshiradilar va boshqa brendlarni ham qoralash orqali o‘zlarining tovar
imijini yaratishdan qochadilar. Shuningdek, iste’molchilarda o‘z mahsulotlarini izchil
takomillashtirish haqida yaxshi taassurot qoldiradilar. Masalan: Amerikaning eng
mazali saqichlaridan – shakarsiz Trident. Bu yerda ikkita hiyla bor: biri reklama
Tridentni bilvosita "Amerikaning eng mazali saqichlari" qatoriga qo‘shadi; ikkinchisi
– reklama beruvchi atayin "faqat" so‘zini o‘tkazib yuboradi (lekin aniq nazarda tutadi).
(Toymuhammedov I., 2005:56) Trident boshqa saqichlar shakarsiz emasligini
aytmaydi, lekin "faqat" so‘zi shunchalik qattiq nazarda tutilgan bo‘lsa, reklama aslida
Trident eng mazali saqich ekanligini anglatadi. Superlativ mahsulotlarning o‘ziga
xosligini tavsiflaydi. Reklamachilar, shuningdek, iste’molchilarning tovarga bo‘lgan
istaklarini qondirish uchun taqqoslashlardan foydalanadilar, masalan: Go‘zallik,
donolik, qadr-qimmatni istasangiz, siz Rimmeldan yaxshirog‘ini sotib ololmaysiz. Bu
yerda solishtirma mahsulotning o‘ziga xos sifatini ko‘rsatish uchun ishlatiladi.
Yuqoridagilardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, taqqoslash va ustunlik (berish) ma’lum
bir mahsulot yoki xizmatning afzalligini ta’kidlash uchun yuzaga keladi. Ular mahsulot
yoki xizmatning farqiga e’tiborni tortadilar va shu bilan birga ishontirishga urinadilar.

Mijozlar har doim sezgirlik bilan solishtirish orqali farqni bilishga moyildirlar. So‘roq
so‘zlaridan foydalanish – reklamani yaratishda reklama beruvchilar ba’zan yuqori sifat
va foydalilikni bilvosita oldindan taxmin qilishga undovchi ta’sirni hosil qilish uchun
so‘roq so‘zlardan foydalanadilar.

So‘roq so‘zlardan foydalanish reklama beruvchining mahsuloti sifati va
funksiyasiga ishonchini ko‘rsatadi, bu esa iste’molchida turli xil to‘g‘ri tanlovlar
haqida jo‘shqin tasavvur qoldiradi va ularni sotib olishga undaydi. Reklamada tilni
samimiy va do‘stona ohangda qilish, reklama beruvchi va o‘quvchi o‘rtasida yaqinroq
munosabat o‘rnatish va unga o‘quvchilar e’tiborini kuchaytirish maqsadida reklamada
kishilik olmoshlari, ayniqsa, “siz” va “biz” olmoshlari qo‘llanadi. Bir so‘z bilan
aytganda, birinchi va ikkinchi shaxs olmoshlari o‘quvchilarni ruhlantirish va
ishontirish uchun do‘stona, samimiy muhit yaratadi. “Biz” olmoshidan foydalanish
ham o‘quvchida reklama beruvchilarning itoatkorligi va unga yaxshi xizmat ko‘rsatishi
haqida taassurot qoldiradi. Kishilik olmoshlaridan foydalangan holda, reklama
beruvchilar o‘quvchilarni ular taklif qilayotgan barcha mahsulot va xizmatlarda
ularning shaxsiy ehtiyojlari va xohishlari hisobga olinganligiga ishontirishga harakat
qiladilar va shuning uchun o‘quvchini xarid qilishga ko‘ndiradilar. GM reklamasi
shunday edi: “Vaqt o‘tishi bilan sifat siz uchun juda ko‘p narsani anglatadi, biz uchun
esa bundan ham ko‘proq narsani anglatadi. So‘nggi bir necha yil ichida biz sizga
doimiy sifatni taqdim etish uchun kompaniyamizni o‘zgartirdik. Bugun biz yangi
avtomobilingiz yoki yuk mashinangizga egalik qilganingizning dastlabki oylaridan
boshlab hayotingizning bir qismi bo‘lgan yillar davomida his qiladigan sifatni
yaratmoqdamiz.” Bu misolda “biz” kishilik olmoshidan foydalanish o‘quvchiga
reklama beruvchini harakatda ekanligini ko‘rish va eshitish hissini beradi, “siz” esa
o‘quvchining ehtiyojlari, istaklari va umidlarini ifodalaydi. Bu esa o‘quvchiga reklama
beruvchilar g‘amxo‘rlik qiladigan va yordam berishga tayyor bo‘lgan ayni odam o‘zi
ekanligini yanada samaraliroq his qildiradi. Natijada, GM kompaniyasi iste’molchiga
o‘z avtomobillari va yuk mashinalarining doimiy sifati borasidagi jiddiy
g‘amxo‘rligidan chuqur taassurot qoldiradi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, so‘zlar, fonetik xususiyatlar va maqollar biznes
va iqtisodiyotni samarali rivojlantirishi mumkin bo‘lgan reklamalarni ifodalashda hal
qiluvchi rol o‘ynaydi. To‘g‘ri so‘zlarni sinchkovlik bilan tanlash, fonetikadan ijodiy
foydalanish va tegishli maqollarni o‘z ichiga olish orqali reklama beruvchilar maqsadli
auditoriyaning e’tiborini jalb qilishlari va o‘z xabarlarini samarali yetkazishlari
mumkin. Bu oxir-oqibatda iste’molchilarning qiziqishini oshirishga, sotuvni
ko‘paytirishga va jadal rivojlanuvchi iqtisodiyotga olib kelishi mumkin.

Oldinga qarab, korxonalar o‘zlarining reklama kompaniyalarida ta’sirchan til,
tovushlar va madaniy manbalardan foydalanishga ustuvor ahamiyat berishlari kerak.
Bundan tashqari, hazil, his-tuyg‘ular va hikoyalarni mujassam etish reklama
samaradorligini yanada oshirishi mumkin. Doimiy ravishda o‘zlarining reklama
strategiyalarini tahlil qilish va takomillashtirish orqali korxonalar o‘z ta’sirini
maksimal darajada oshirishi va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashi mumkin.

Yuqorida ta’kidladikki, reklama odatda ixcham, badiiy ifodalangan, hissiy rangga
ega bo‘lgan va potensial xaridorlarning ongi va e’tiboriga tovarlar va xizmatlar
haqidagi eng muhim faktlarni yetkazadigan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shundan
xulosa qilsak bo‘ladiki, reklama matni tugal fikrga ega bo‘lishi, o‘ziga jalb qiladigan
jumlalardan iborat, diqqatni tortadigan so‘zlardan tuzilgan bo‘lishi kerak.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Akobirov S. (1968) Til va terminologiya. – Toshkent.
2. Аникина А. (1993) Англо-русский словарь экономических терминов. –
Toshkent.
3. Bektemirov X., E. Begmatov. (2002) Mustaqillik davri atamalari. – Toshkent.
4. Barotov. Z (2013) Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi. –
Samarqand.
5. Husanov N., Mirahmedova Z. (2005) Iqtisodiy atamalar va ish yuritish. –
Toshkent.
6. Salimova N. (2015) Iqtisodiyotga oid matnlar tarjimasining o‘ziga xosliklari. –
Toshkent.
7. Tursunov U. (1933) O‘zbek terminologiyasi masalalari. – Toshkent.
8. Toymuhammedov I. (2005) Bank ishi. – Toshkent.
9. Tog‘ayev S. (2016) Bank ishi uslubiy qo‘llanma. – Samarqand.
10. Zoyirov Z. (2004) Iqtisodiyotga oid atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati. –
Toshkent.
11. Виноградов В. С. (1971) Общие и лексические вопросы. – Москва:
Высшая школа.
12. Диниско Н. С. Специальные возможности перевода текста. Серия
«Гуманитарные и социально-экономические науки». Выпуск 5.
13. Карасик В. И. (2000) О типах дискурса. Языковая личность:
институциональный и личный дискурс. Научный сборник. – Волгоград:
Перемена.
14. Комиссаров В. Н. (2000) Общая теория перевода. − Москва: Черо.

REFERENCES:
1. Akobirov S. (1968) Til va terminologiya. – Toshkent. (In Uzbek)

2. Anikina A. (1993) Anglo-russkiy slovar ekonomicheskix terminov. – Toshkent.
(In Russian)

3. Bektemirov X., E. Begmatov. (2002) Mustaqillik davri atamalari. – Toshkent.
(In Uzbek)

4. Barotov. Z (2013) Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi. –
Samarqand. (In Uzbek)

5. Husanov N., Mirahmedova Z. (2005) Iqtisodiy atamalar va ish yuritish. –
Toshkent. (In Uzbek)

6. Salimova N. (2015) Iqtisodiyotga oid matnlar tarjimasining o‘ziga xosliklari. –
Toshkent. (In Uzbek)

7. Tursunov U. (1933) O‘zbek terminologiyasi masalalari. – Toshkent. (In Uzbek)
8. Toymuhammedov I. (2005) Bank ishi. – Toshkent. (In Uzbek)
9. Tog‘ayev S. (2016) Bank ishi uslubiy qo‘llanma. – Samarqand. (In Uzbek)
10. Zoyirov Z. (2004) Iqtisodiyotga oid atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati. –
Toshkent. (In Uzbek)
11. Vinogradov V. S. (1971) Obshiye i leksicheskiye voprosi. – Moskva:
Visshaya shkola. (In Russian)
12. Dinisko N. S. Spetsialniye vozmojnosti perevoda teksta. Seriya
«Gumanitarniye i sotsialno-ekonomicheskiye nauki». Vipusk 5. (In Russian)
13. Karasik V. I. (2000) O tipax diskursa. Yazikovaya lichnost: institutsionalniy i
lichniy diskurs. Nauchniy sbornik. – Volgograd: Peremena. (In Russian)
14. Komissarov V. N. (2000) Obshaya teoriya perevoda. − Moskva: Chero. (In
Russian)