ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Qo‘lyozmalar diplomatiyasi: Amir Haydar buyurtma qilgan diniy asarlar taqdiri

Qo‘ldashev Sherali Temiralievich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

QO‘LYOZMALAR DIPLOMATIYASI: AMIR HAYDAR BUYURTMA

QILGAN DINIY ASARLAR TAQDIRI

MANUSCRIPT DIPLOMACY: THE FATE OF RELIGIOUS WORKS
COMMISSIONED BY AMIR HAYDAR

РУКОПИСНАЯ ДИПЛОМАТИЯ: СУДЬБА РЕЛИГИОЗНЫХ
ПРОИЗВЕДЕНИЙ, ЗАКАЗАННЫХ АМИРОМ ХАЙДАРОМ

Qo‘ldashev Sherali Temiralievich
Oriental universiteti professori v.b.,

tarix fanlari doktori
Tel.:+998 90 926-83-60
E-mail: sherali.kuldashev@mail.ru

Annotatsiya. Ushbu maqolada Buxoro amiri Amir Haydar (1800-1826)
tomonidan Usmoniylar xalifasi Mahmud II dan fiqhiy qo‘lyozmalarning Buxoroga
olib kelinishi va ularning keyingi taqdiri tahlil etiladi. Amir Haydarning buyrug‘i
bilan 1816-yilda Bag‘dod kutubxonasidan Eron va Afg‘oniston orqali 32 jild fiqhiy
asarlar, shuningdek, 1819-yilda 35 jild kitob Buxoroga yetkazilgan. Amir Haydar
ushbu jarayonni turk sultoni, uning bosh vaziri, Bag‘dod hokimi Dovud podsho, Eron
hukmdori Fathalishoh (1803-1884) va uning bosh vaziri, Afg‘oniston hukmdori
Shujo ul-mulk, shuningdek, Hirot hokimi, Zamonshohning o‘g‘li, shahzoda
Feruziddin (1804-1820) kabi davlat arboblariga maktublar yo‘llash orqali shaxsan
nazorat qilgan. Buxoroga keltirilgan bu asarlarga o‘z muhrini bosib, ularni vaqf
etgan. Fiqhiy masalalarni o‘rganish va hal etish maqsadida ushbu kitoblar Buxoro
ulamolariga hamda madrasa kutubxonalariga tarqatilganligi qayd etilgan. Hozirgi
kunda ushbu kitoblarning bir qismi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon
Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda.

Kalit so‘zlar: Buxoro, Amir Haydar, Usmoniylar imperiyasi, xalifa, fiqhiy
kitoblar, madrasa, vaqf, qo‘lyozmalar, tahlil, xulosa.

Abstract. This article analyzes the transfer of legal manuscripts from the
Ottoman Caliph Mahmud II to Bukhara by the Emir of Bukhara, Amir Haydar (1800-
1826), and their subsequent fate. By Amir Haydar's order, 32 volumes of legal works
were delivered to Bukhara from the Baghdad library via Iran and Afghanistan in
1816, and an additional 35 volumes of books were brought in 1819. Amir Haydar
personally supervised this process by sending letters to various state figures,
including the Turkish Sultan and his Grand Vizier, the Governor of Baghdad Davud
Padshah, the Iranian ruler Fath-Ali Shah (1803-1884) and his Prime Minister, the
Afghan ruler Shuja ul-Mulk, as well as the Governor of Herat, Zaman Shah's son,
Prince Feruziddin (1804-1820), and others. He affixed his seal to these works brought

to Bukhara and endowed them as waqf. It is noted that these books were distributed

to Bukhara scholars and madrasah libraries for the study of fiqh and the resolution of

various problematic issues. Currently, some of these books are preserved in the

manuscript fund of the Abu Rayhan Beruni Institute of Oriental Studies of the

Academy of Sciences of the Republic of Uzbekistan.

Key words: Bukhara, Amir Haydar, Ottoman Empire, caliph, jurisprudence

books, madrasa, foundation, manuscripts, analysis, conclusion.

Аннотация. В данной статье анализируется передача юридических

рукописей от османского халифа Махмуда II в Бухару эмиром Бухары Амиром

Хайдаром (1800–1826) и их дальнейшая судьба. По приказу Амира Хайдара в

1816 году из Багдадской библиотеки в Бухару через Иран и Афганистан были

доставлены 32 тома юридических сочинений, а в 1819 году – ещё 35 томов

книг.

Амир Хайдар лично контролировал этот процесс, отправляя письма различным

государственным деятелям, включая турецкого султана и его премьер-

министра, правителю Багдада Дауду-паше, иранскому правителю Фатали-шаху

(1803–1884) и его премьер-министру, правителю Афганистана Шудже аль-

Мульку, а также правителю Герата, сыну Заман-шаха, принцу Феруз ад-Дину

(1804–1820) и другим. Он поставил свою печать на этих трудах, привезённых в

Бухару, и сделал их вакфом. Сообщается, что эти книги были распространены

среди бухарских учёных и в библиотеки медресе для изучения фикха и решения

различных проблемных вопросов. В настоящее время установлено, что часть

этих книг хранится в рукописном фонде Института востоковедения имени Абу

Райхана Беруни Академии наук Республики Узбекистан.

Ключевые слова: Бухара, Амир Хайдар, Османская империя, халиф,

фикхские книги, медресе, вакф, рукописи, анализ, заключение.

KIRISH
Amir Haydar hayoti va faoliyati sobiq sovet davrida xolis o‘rganilmagan. Bu
davr adabiyotlari va o‘quv darsliklaridagi ma’lumotlar o‘quvchida uning shaxsiyatida
ziddiyatli xususiyatlar mujassamlangandek taassurot uyg‘otadi. Ularda aks etgan
ma’lumotlar uni “zaif va no‘noq hukmdor”, “maqtanchoq olim”, “mutaassib dindor”
kabi qiyofalarda namoyon etadi. Aslida, uning tarjimayi holi, hukmronlik davridagi
mamlakatning ijtimoiy-siyosiy ahvoli, madaniy hayoti va islom dini rivojiga
qo‘shgan hissasi zarur darajada yoritilmagan. U davlat arbobi, diplomat, harbiy
sarkarda, mudarris, diniy ulamo hamda islohotchi sifatida ko‘pgina ishlarni amalga
oshirgan. Xususan, u o‘z davridagi ilm-fan, ta’lim, madaniyatga katta e’tibor qaratib,
bu sohalardagi muammolarning yechimini kitoblardan o‘qib izlagan. Shu maqsadda u
jamiyat va diniy masalalarni tahlil qilish uchun Xiva, Qo‘qon xonliklari, Afg‘oniston,

Hindiston hamda Usmoniylar imperiyasida saqlanayotgan qo‘lyozma asarlarni

Buxoroga olib keltirishga intilgan. Bu harakat tarixda “qo‘lyozmalar diplomatiyasi”

nomi bilan mashhurdir.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Haydar davridagi Buxoro amirligi tarixiga oid M.Abduraimov,
M.Xayrullayev, B.Xodjayev, D.Valiyeva, G.Jo‘rayeva, J.Shodiyev, B.Ismoilova,
T.Muhamedov, Q.Rajabov, A.Zamonov, A.Egamberdiyev va boshqa
tadqiqotchilarning asarlari mavjud. Ushbu tadqiqotlarda Amir Haydar hukmronligi
davrining siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatlari yoritilgan bo‘lsa-da, tashqi
aloqalarda kitoblar diplomatiyasi masalasi tahlil obyekti sifatida qaralmagan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot qiyosiy-tahliliy, analiz-sintez va tarixiy-manbashunoslik
metodlari asosida quyidagicha olib borildi:
- Sobiq sovet davri adabiyotlari va darsliklari (masalan, M.Abduraimov,
B.Xodjayev asarlari) tanqidiy tahlil qilindi.
- Mustaqillik davri tadqiqotlari (T.Muhamedov, Sh.Tilavov, A.Egamberdiyev va
boshqalar) qiyosiy ko‘zdan kechirildi.
- Amir Haydarning Usmoniylar sultoni Mahmud II, Eron shohi Fathalishoh va
Afg‘oniston hukmdorlariga yozgan asl maktublari matnshunoslik tahliliga tortildi.
- “Qo‘lyozmalar diplomatiyasi” jarayonidagi kitoblar ro‘yxati (1816 va 1819-
yillardagi 32 + 35 jild) kataloglashtirildi.
- O‘zR FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar
fondi (№ 815 va boshqalar) bilan solishtirildi.
- Bartold, Ahmad Donish, Muhammad Hakimxon to‘ra kabi tarixchilarning
manbalari kontekstual qiyoslandi.
- Fiqhiy asarlar yetishmovchiligi va ularni keltirish sabablari statistikkontekstual izohlandi.
- Diplomatik aloqalarning madaniy-ta’limiy oqibatlari umumlashtirildi.
- Natijalar ilmiy asoslangan holda xulosalandi.
- Kelgusidagi tadqiqot yo‘nalishlari taklif etildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Amir Haydar mashhur “Jannatmakon”, “Amiri Ma’sum” deb nom qozongan,
Buxoro amiri Shohmurod (1785-1800)ning to‘ng‘ich farzandi edi. Abdulmutalib
Fahmiy tazkirasida Amir Haydarning tug‘ilishi haqida qiziqarli ma’lumot keltiriladi.
Muallifning yozishicha, u hijriy 1193-yil muborak ramazon oyining 19-kuni (milodiy
1779-yil 30-sentyabr) tavallud topgan. U tug‘ilgach, Amir Shohmurod o‘sha vaqtda
Buxoroda qozi ul-quzzot bo‘lib turgan shayxulislom Atoullaxojaning huzuriga o‘zi

borib, uni Oliy Arkka olib kelib, chaqaloqqa ism qo‘yib berishni iltimos qilgan. U

kelgusida mo‘minlar amiri hazrati Alidek hamisha g‘olib bo‘lib yursin, deya xayrli

duo qilib, go‘dak shahzodaga Haydar ismini qo‘ygan. “Haydar”, “Asad” so‘zlari

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning kuyovlari, xalifa Ali (r.a.)ning laqablari

bo‘lib, arab tilidagi ma’nosi “arslon”ni anglatadi.

Amir Haydar 1800-yilda Buxoro amirligi taxtiga o‘tirgan. Otasi Shohmuroddan

farqli o‘laroq, uning davrida davlat daromadlari ikki marta oshgan, biroq xarajatlar

ham shunga yarasha ikki baravar oshib ketgan. Uning amaldorlari ming nafardan

oshgan bo‘lsa, harbiy qo‘shin soni esa 12 000 kishi atrofida bo‘lgan. Bundan tashqari,

Samarqand, Qarshi va Miyonqolda ham harbiy guruhlari mavjud edi (Бартольд В.,

1963:282). Amir Haydar boshqa mang‘it hukmdorlaridan farqli ravishda o‘z

qo‘shinidagi askarlarga muntazam ravishda yaxshi maosh to‘lab borgan. Bundan

tashqari, u mamlakatdagi soliq yig‘uvchilarga yillik maosh ajratish bilan birga, ularga

yiliga ikki marta sarupo ulashgan. O‘z navbatida, kambag‘allar, yetim-yesirlar,

qashshoqlar, darveshlar, muhojirlar va mullalarga har yili nafaqa berish uchun katta

miqdorda mablag‘ ajratardi. Amirlikda xitoy-qipchoqlar tomonidan yuzaga kelib

turadigan turli mojarolarni oldini olish maqsadida ushbu hududlarga nisbatan turli

to‘lovlar miqdorini kamaytirgan. Bu haqda Amir Haydarning maktub va nodir

qo‘lyozmalarini o‘rgangan olim T.Muhamedov: “Sayyid Haydar Bahodirxonning

Buxoro xonligida yuz berayotgan barcha ishlardan yaxshi xabardorligi va ularga

munosabati, islom dini aqidalari va bayramlari, nikoh, oilaviy munosabatlar va

hokazolarga tegishli masalalarda bilimdonligi diqqatni o‘ziga jalb etmay qolmaydi”,

– deb baho bergan (Muhamedov T., 2019: 158). Amir Haydarning maktub va

nomalarini o‘rgangan yana bir olim Sh. Tilavov: “Savodli va ilmli bo‘lmagan

hukmdorning turli tuman mavzularda shunchalar maktublar yozishiga ishonish

qiyin”, - deb unga yuksak baho beradi (Tilavov Sh., 2005: 17).

U o‘z hukmronligi davrida islom dini ahkomlari majmui bo‘lmish shariat

hukmlariga qattiq rioya qilishga harakat qilgan. Tarixchi Muhammad Hakimxon

To‘ra u haqda shunday yozgan: “O‘zbek podshohlari ichida Amir Haydar podshoh

kabi hafsalali va olim va birovning haqidan hazar qilguvchi o‘tmagan. Chunonchi,

aytishlaricha, har kuni to‘rt yuz nafar tolibi ilm uning qoshida dars olarkan. Umri

muddati qirqdan o‘tganda Qur’oni Karimni to‘la yod olib, hofizi kalomulloh bo‘lgan.

Bir necha piri komildan irshodlik xati olib, suluk qoidalarini mukammal bosib

o‘tgandi” (Muhammad Hakimxon To‘ra, 69).

Amir Haydar Usmoniylar sultoni Mahmud II (1808-1839)ga yozgan maktubida

o‘zining bir necha yil oldin Buxoro taxtiga o‘tirganligini va XVIII asrda bu

mamlakatda yuz bergan siyosiy va iqtisodiy inqirozlar ilm-fan va ta’limga jiddiy

ta’sir qilganligini yozgan. Jumladan, Qo‘qon muarrixlari asarlarida jung‘orlar

“qalmiqlar” yoki “qalmoqlar” deb nomlangan bo‘lib, ularning ko‘chmanchi xalq

sifatida Buxoro va Qo‘qon xonligiga bostirib kirganligi to‘g‘risida ma’lumotlar

mavjud, xolos. Ko‘chmanchi jung‘orlarning Farg‘ona vodiysi va Toshkentga bostirib

kirishi xavfi Qo‘qon xonligining vujudga kelishi jarayonini tezlashtirgan. XVII asr

oxirlari va XVIII asr boshlarida jung‘orlar sharqda Chin imperiyasi chegarasidan to

ko‘chmanchi qozoqlar yerlarigacha, shimoldan G‘arbiy Mo‘g‘ulistondan to

Tibetgacha yetib, o‘z ta’sirini o‘tkazganlar. Jung‘orlar noibi qo‘shinlari Buxoro

xonligining shimoli-sharqiy hududlariga hujum qilib turgan (Ziyoyev H., 2008: 7).

Mir Muhammad Amin Buxoriy o‘z asarida “... qalmoqlar (oyratlar) ning hujumidan

sarosimaga tushgan qozoq va qoraqalpoq qabilalari va uluslari qo‘rquvdan o‘z

yurtlarini tashlab Toshkentga o‘rnashib oldi...”, deya guvohlik bergan (Mir

Muxammed Amin Buxari, 1957: 163). Shuningdek, oyratlarning hujumi qozoq

xonlarini Buxoro hukmdorlaridan harbiy yordam so‘rashga majbur qilgan. Hofiz

Tanish Buxoriy o‘zining “Abdullanoma” asarida bu haqda ma’lumotlar bergan (Hofiz

Tanish Buxoriy, 1999: 37). Bu esa mamlakatda ta’lim va ilm-fan orqaga ketganligi,

ayniqsa, Buxoroning mashhur ulamolari boshqa hududlarga ko‘chib ketishiga majbur

bo‘lganligini, madrasalar ayanchli ahvolga kelib qolganligini Amir Haydar

maktubida keltirgan. Tarixchi Ahmad Donishning yozishicha, Buxoroda hokimiyat

tepasiga kelgan ilk mang‘it hukmdorlari (Muhammad Rahim Otaliq va Donyolbiy

Otaliq) davrida madrasa ta’limi ayanchli ahvolda edi. Donyolbiy davrida (1758-1884)

aksariyat madrasa va masjidlarda darslar, namoz o‘qish to‘xtab qolgan edi. Ayrim

madrasa hujralari eshaklar uchun otxona va baqqollarning don omborlariga aylangan

edi (Ahmad Donish, 1967: 28). Biroq, Amiri Ma’sum Shohmurod va Amir Haydar

davrida maktab va madrasa ta’limi ancha rivojlandi. Amir Shohmurod madrasa

talabalarini soliq tushumlaridan ajratiladigan stipendiyalar bilan qo‘llab-quvvatlagan

(Kügelgen, Anke Von, 2002: 349). Shunday qilib, uning hukmronligi davrida

madrasalarda ta’lim olganlar soni, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 30 ming kishiga

yetgan. Amir Shohmurod va Amir Haydar Buxoroda maorif tarafdorlari sifatida

madrasalarda mudarris sifatida ham dars berganlar.

Amir Haydar Buxoroda saroy masjidi yonida madrasa qurdirgan va u yerda o‘zi

dars bergan. Sayyid Muhammad Nosir “Tahqiqot-i Ark-i Buxoro” asari muallifi Amir

Haydar “odatda peshindan keyin xonaqoh oldida yigirma nafar shogird bilan suhbat

qurar, qimmatli umrini zoye qilmasdi”, deydi. Biroq, madrasalar tizimida kitoblar

yetishmasligi, ayniqsa, fiqh ilmiga oid asarlarning kamligi ko‘zga ko‘rinib qoldi. Shu

bilan birga, ulamolar orasida islom bilimlari va fiqhiy masalalarda turlicha qarashlar

ham yuzaga kelgan edi.

Amir Haydar 1815-yilda Usmoniylar sultoni Mahmud II huzuriga o‘z elchisi

Mirza Muhammad Yusufni yo‘llaydi. Amir Haydar maktubida sultonga nisbatan

aytilgan sermulozamat so‘zlar va maqtovlardan so‘ng, maqsadga o‘tib, elchi hajga

jo‘natilganligini ma’lum qiladi. Shuningdek, maktubda elchi hajga Rum, ya’ni

Usmoniylar davlati orqali borishni niyat qilganligini va u chegaraga yetgunga qadar

Rossiya hududlari orqali o‘tish uchun rus hukumatidan ham ijozat olganligini

ko‘rsatib o‘tadi. Amir Haydar o‘z maktubida fransuzlarning Rossiyaga tajovuzi

davrida rus yerlarida buxorolik savdogarlarning mol-mulki talangani va ular orasida

Mirzaning ham 1500 tillolik mollari bo‘lganligini qayd etib, Usmoniylar sultonidan

o‘sha mollarning egalariga qaytarib berilishiga ko‘maklashuvini so‘raydi.

Bundan tashqari, Amir Haydar maktubida Ost-Indiya kompaniyasi bilan aloqa

o‘rnatganligini xabar qiladi. Maktubda ko‘tarilgan masalalardan yana biri Buxoro

amirligida fiqh kitoblariga ehtiyoj kuchayib borayotganligi, Hindistondan ana shu

masalaga oid bir qancha kitoblar keltirilganligi, ammo ular kifoya qilmayotganligi

ta’kidlangan. Amir Haydar Usmoniylar sultonidan fiqh kitoblaridan keltirilishini

so‘raydi.

Buxoro amirligi bosh vaziri Muhammad Hakimbiy qushbegining Usmoniylar

imperiyasi sadri a’zami Mahmud Amin Rauf poshshoga (1780-1860) yozgan

maktubida quyidagicha berilgan: “... Xoqon hazratlarining komil karamlaridan ushbu

umidimiz borki, uning (umidimizning) bir qismi ushbu jumlada yetgusi: hazrat zilla

subhoniyning bandalari xususan beshta kitobga nihoyatda ehtiyojmand bo‘lib, (ular)

juda ham zarurdir: “Mabsuti Shayxu-l-islom”, agar mavjud bo‘lsa barchasi..., Faqih

Abullaysning barcha tafsirlari, Faqih Abullaysning “al-Ayun”i, “Fatavoyi

Mug‘anniy”, Faqih Abullaysning “an-Navozil” i” (Balxiy M., 22). Yuqorida

keltirilgan fiqhiy asarlar ro‘yxati xatga ilova qilib berilgan. Maktublar Buxoro elchisi

Mirzo Muhammad Yusuf tomonidan keltirilgan bo‘lib, elchi 1816-yil 24-sentyabrida

maktublarni sulton va uning sadri a’zamiga topshirgan. Biroq, Buxoro elchisi Mirzo

Muhammad Yusuf Istanbulda kasallikda vafot etadi. Sulton Mahmud II sadri a’zam

va Bag‘dod hokimi Dovud poshsholarga buyruq yuborib, Amir Haydar maktubida

keltirilgan qo‘lyozma asarlarning nusxalarini Buxoroga yuborish lozimligini

keltiradi. Vafot etgan elchi oilasiga ta’ziya yo‘llagan. Bag‘dod hokimi Dovud

poshsho tomonidan quyidagi kitoblar Buxoroga yuborilgan:

1. Tafsiru ibni Abbos - 1 ta

2. Tatarxoniya - 1 ta.

3. Sa’di Chalabi - 1 ta.

4. Tuhfatu-l-fuqoho - 1 ta.

5. Sharhu-l-kabir li-l-Isfahoniy - 1 ta.

6. Fatovoi Valvolijiy li-l-Isoq ibn Abu Bakr al-Valvolijiy - 1 ta.

7. Majmua-n-navozil - 1 ta.

8. Sharhi jom’e as-sig‘ar - 1 ta.

9. Adabul Qozi - 1 ta.

10. Mahzanu-l-asror - 1 ta

11. Sharhu Javhariy - 1 ta.

12. Sharhu siyaru-l-kabir - 1 ta.

13. Sharh adabil qozi li-s-Saraxon - 1 ta.

14. An-Navodir - 1 ta.

15. Jamo‘u-l-kabir - 1 ta.

16. Shayxzoda - 1 ta.

17. Tabaqotu-s-sunniy - 1 ta.

18. Muhataratu-n-navozil - 1 ta.

19. Jam’u-s-sig‘ar - 1 ta.

20. Bahru-l-muhit - 1 ta.

21. Al-Mabsut - 2 ta.

22. Nihoyi fi sharhu-l-hidoya - 4 ta.

23. Buxari sharif sharhi ayni - 6 ta.

24. Musnad - 1 ta.

Jami: 32 jild.

Shundan so‘ng, Buxoro amiri 1819-yilda ham Usmoniylar imperiyasiga

maktublar yuborib, yana 35 jilddan iborat kitoblar ro‘yxatini yuboradi va ularning

nusxalarini Buxoroga yuborishini iltimos qiladi. Bag‘dod hokimi Dovud poshshoga

ham maktub yozib, Basraning sobiq daftardori Hasan Chalabiyga kitoblarni olib

kelish vazifasini topshiradi. Ushbu maktubda quyidagilar yozilgan:

“Oliymartabat, mutaolimanzilat, hukumatu oyolotu shavkatpanoh, rif’atu

manoatu shahomutdastgoh, banolatu banohatu saromat, intibohu e’tizot ul-asokir,

al-mansur us-sultoniya, e’timod ud-davla, al-atiyat ul-usmoniya, jalodatu intimo

bo‘lgan Dovud podshohga xo‘jastafarjom, sutudaanjom kalom xotir arziga

yetkazilgandan keyin, royingiz hukumatpiyro bo‘lgayki, alhamdu val-minna ahvol

borishining oxiri xayrlik, Tangri ne’matlariga shukrguzorlik, yaxshiliklar fuqaro,

ra’yo, baroyo va Ollohning barcha bandalarining ahvolining behbudi va rafohiga

sarflangandir. Hech narsadan tashvish yetgani yo‘q.

So‘ngra, yashirin qolmagayki, xolis niyat va sof istaklar bilan yo‘g‘rilgan,

ixlosmandlik va birlikning izhorida yo‘naltirilgan xatingiz eng yaxshi kun va eng

yaxshi vaqtda mutolaa sharafiga yetishdi. Uning ixlos qonunining har satri

Dovudning samimiy dilkash nag‘malariga kuylovchi ekan. Simo komini

eshitganlarida halovat bag‘ishladi, nihoyatda ko‘p masarrat va inbisot hosil qildi.

Yuborilgan kitoblar ham umdat ul-a’yon, foyiq ul-aqron, devoni sobiq basar qo‘lidan

sarkori xossai sharifga yetib, xursand bo‘ldik. Dudmoni oli Usmoniya va Chingiziya

xonadoni davlati dindoshlik va hammazhablik yuzasidan qadim-qadimdan bir davlat

bo‘lib kelmoqda. Umidimiz shuki, xayrxohlikda ikki davlat nurli shari’at rivoji va

hanafiya millati ziyosi rivojiga sohibdavlatlar birgalikda harakatda bo‘lgaylar!”

Xuddi shu mazmundagi maktub bosh vazir Muhammad Hakim qushbegi

tomonidan Dovud poshshoga yuborilgan. Shuningdek, u kitoblarni olib kelishga

mas’ul bo‘lgan Hasan Chalabiy hamda Basra hokimi Mirzo Sharifga ham maktub

yo‘llangan. Unda, “So‘ngra hamma narsani bilguvchi xotirga maxfiy va yashirin

qolmasinki, hazrat xalofat makoniy din mushkulotlari va zaruriy masalalarni hal

qilish ma’nosida ahli islom va mujtahidini ruhillohi arvohahumlarning mo‘tabar

kitoblaridan bir nechta jildini hazrat xalifai zamondin tilagan edilar, talab qilingan

kitoblarni marhamatnomai nomiy ila Bag‘dod voliysiga yo‘llab, maktub va kitobni

yetkazishga javobgar qilib tayinlagan ekanlar, shu boisdan nomi zikr qilingan kishi

kitob va maktubni umdat ul-a’yon – Basraning sobiq daftardori Hasan Chalabiy

hamrohligida dor ul-mafoxirat tomonga jo‘natdilar. Elchi yetib kelgani va elchilik

(hujjatlari)ni topshirish marosimidan keyin, mazkur elchi bilan hamrohlikda

davlatxohlardan biror kishini hazrat oliy xoqonning kayvonishtixor ostonalariga

jo‘natish lozim topildi” (Balxiy M., 19).

Bu qo‘lyozmalarning Eron tuprog‘idan olib o‘tilishi munosabati bilan Amir

Haydar Eron shohi Fathalishoh (1803-1884)ga ham maktub yo‘llagan. Maktubda,

“ushbu hazrati Iloh dargohining niyozmandi bundan oldin hazrat xalifai Islomdan

kitob tilagan edi. Ul sariroroyi mamlakat xayrxohlik va mehribonlik bilan a’immai

kirom va mujtahidini izom ruhillohi arvohahumlarning asarlaridan bir nechta kitobni

Bag‘dod voliysiga jo‘natdilar. Zikr qilingan kishini uni (kitobni) yetkazishga

javobgar qilib belgilagan edilar. Mazkur voliy o‘sha kitoblarni o‘zining bir ishonchli

kishisi orqali jo‘natgan bo‘lib, janobi oliylarning bundan yaxshi xabarlari borki,

o‘zlari (o‘sha kishini) bu tomonga (Eron orqali) o‘tkazib yuborganlar. Elchining

kelishi va kitobning yetkazilishidan keyin bu tomondan ham o‘z davlatxohlarimizdan

birortasini xoqon hazratlarining darboriga yo‘llash lozim ko‘rildi. Shunga asosan

davlatxohlar jumlasidan bo‘lgan ikki sharafli haramning hojisi hoji Muhammad

Sharifbiyni mazkur elchi bilan hamrohlikda yo‘lladik”, deb yozilgan (Balxiy M., 24).

Xuddi shu mazmundagi maktublar Afg‘oniston hukmdori Shujo ul-mulk va

Hirot hokimi, Zamonshohning o‘g‘li, shahzoda Feruziddin (1804-1820)larga ham

yo‘llangan.

1819-yilda Buxoroga olib kelingan 35 kitob quyidagilardir:

1. Tafsiru-l-kabir li-l-imami-l-Faxriddin Roziy - 7 ta.

2. Jam’u-s-sig‘ar fi-l-furu-l-hanafiya - 1 ta.

3. Shayxzoda sharhu Faroiz - 1 ta.

4. Majmuai fatovo - 1 ta.

5. Kitabu-l-fatova al-musamma bi-z-zairati-l-burhoniya - 1 ta.

6. Fatovoi Valvolijiya li Isoq bin Abubakr al-Volvalijiy - 1 ta.

7. Kitabu-l-bidoyi fi sharhi tuhfat al-imom al-Kosoniy - 3 ta.

8. Kitab Musaffo li Ahmad an-Nasafiy - 1 ta.

9. Jam’u-s-sig‘ar Attobiy - 1 ta.

10. Al-Mustasfo - 1 ta.

11. Fatovoi xayriya - 1 ta.

12. Qubbatu-l-muniyya li tatmimi-l-fanniya - 1 ta.

13. Sharhu tariqati Rajab Afandi - 1 ta.

14. Kitabun navozil furu li Abillays Samarqandiy - 1 ta.

15. Hoshiyai sohib afandi ala tafsiri qozi Bayzoviy - 3 ta.

16. Kitabu sharhi-l-hidoya - 1 ta.

17. Nisabu-l-ixtisob - 1 ta.

18. Sharhu-l-muftah - 1 ta.

19. Muhiti Raziyaddin as-Saraxsiy - 6 ta.

20. Kitabu-t-tajnis va-l-mazid fi-l-fatovo - 1 ta.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqorida keltirilgan fiqhiy asarlarning 30 ga yaqini O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti
qo‘lyozmalar fondi (O‘zR FASHI)da saqlanmoqda. Ulardan biri – Sa’diddin Iyso bin
Amirxonning “Hoshiyat al-hidoya” (inv. № 815) nomli qo‘lyozma hoshiyasida “Rum
xalifasidan sovg‘a bo‘lib kelgan” degan yozuv mavjud. Bu faktlar Amir Haydar
tashabbusi bilan amalga oshirilgan “qo‘lyozmalar diplomatiyasi”ning real natijasi
ekanligini tasdiqlaydi va mazkur jarayonni chuqurroq o‘rganish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu tadqiqotni o‘rganish natijasida quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- Amir Haydarning davlat arbobi, diplomat va mudarris sifatidagi faoliyatiga oid
yangi manbalarni jalb etgan holda fundamental tadqiqotlar olib borish;
- Amir Haydar muallifligidagi asarlar (maktublar, farmoyishlar, ilmiy
izlanishlar)ni ilmiy-tanqidiy matn sifatida nashr etish;
- Amir Haydar vaqf qilgan va buyurtma asosida Buxoroga keltirilgan qo‘lyozma
asarlarning kataloglashtirilishi hamda ularning madaniy-ta’limiy ahamiyatini tahlil
qilish bo‘yicha maxsus izlanishlar tashkil etish.
Ushbu yo‘nalishlar nafaqat Amir Haydar shaxsiyati va hukmronligi davrini xolis
yoritishga, balki Markaziy Osiyo ilmiy merosining global kontekstdagi o‘rnini
aniqlashga ham xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.     Абдураимов М. (1961) Вопросы феодального землевладения и
феодальной ренты в письмах Эмира Хайдара. – Ташкент: Фан, 1961. – 210 с.
2. Аҳмад Дониш. (1967) История Мангитской династии. – Душанбе:
“Дониш”, 1967. – 102 c.
3. Balxiy Muhammad Rizo. Maktuboti Amir Haydar va Muhammad Hakimxon
qushbegi. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma. № 292/I. – 72 varaq.
4. Бартольд В. (1963) История культурной жизни Туркестана. Сочинения.
Т. II. Часть 1. – Москва., 1963. – 282 c.
5. Buxoriy Hofiz Tanish. (1999) Abdullanoma (“Sharafnomai shohiy”). 2-kitob
/ Fors tilidan S. Mirzaev tarjimasi: So‘zboshi va izohlar muallifi B. Ahmedov. –
Toshkent: Sharq, 1999. – 257 b.
6. Бухари Мир Мухаммед Амин. (1957) Убайдалла-наме. Перевод
А.А.Семенова. – Ташкент. АН УзССР. 1957. – 524 c.
7. Джураева Г. (2003) Вопросы государственности в письмах Эмира
Хайдара // Ўзбекистонда ижтимоий фанлар. – № 4. 2003. – С. 72-77.
8. Hayrullaev Muzaffar. (2003) O‘zbek diplomatiyasi tarixi (Tarixiy ocherk va
lavhalar). – Toshkent: Fan, 2003. – 233 b.
9. Исмаилова Бибисоат. (1999) Политическая история Бухарского эмирата
при Эмире Хайдаре (1800-1826 гг.). – Душанбе: Конуният, 1999. – 77 с.
10. Kügelgen Anke Von. (2002) Die Legitimierung Der Mittelasiatischen
Mangıtendynastie in den Werken ihrer Historiker (18–19 Jahrhundert), İstanbul,
2002. – 549 p.
11. Muhammad Hakimxonto‘ra. Muntaxab ut-tavorix. – O‘zR FA SHI,
qo‘lyozma, № 594. – 122 v.
12. Muhamedov Tohir. (2019) Savod tarixiga oid hujjat // Jahon adabiyoti.
Yanvar 2019. – B. 154-160.
13. Rajabov Qahramon. (2005) Haydar // O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi.
11-jild. – Toshkent: O‘zMU nashriyoti, 2005. – B. 275-276.
14. Rajabov Qahramon. (2025) Buxoro mang‘it amirlari. – Toshkent: Fan, 2025.
– 384 b.
15. Shodiev J. (2010) Buxoro amirligi davlatchiligining rivojlanishi. – Toshkent.
– 114 b.
16. Tilavov Sh. (2005) Amir Haydar maktublari tarixiy manba sifatida //
Sharqshunoslik. № 8. 2005. – B. 15-18.
17. Valieva Doniya. (1999) XIX asrning birinchi choragida Buxoro-Rossiya
diplomatiya aloqalariga oid // Sharqshunoslik. – № 9. 1999. – B. 119-131.

18. Васильев А. (2014) Знамя и меч от подишаха. Политические и

культурные контакты ханств Центральной Азии и Османской империи

(середина XVI – начало XX вв.). – Москва. 2014. – 256 с.

19. Ходжаев Б., (1990) О взаимоотношениях Бухарского ханства с

Афганистаном в первой четверти XIX веке (по письмам Эмира Хайдара //

Ўзбекистонда ижтимоий фанлар. – № 7. 1990. – С. 53-56.

20. Xo‘jaev Ablat, (1978) Jung‘or xalqi va Jung‘or xonligi // Yangi hayot

gazetasi. 1978-yil 17-avgust. № 97 son (uyg‘ur tilida).

21. Zamonov A., Egamberdiev, A. (2022) Buxoro amirligi tarixi (XVIII – XIX

asr o‘rtalari). Uslubiy qo‘llanma. – Toshkent: Tamaddun, 2022. – 99 b.

22. Ziyoyev Hamid. (2008) Ona shahrim Toshkent va hayot yo‘limdan lavhalar.

– Toshkent: Fan, 2008. – 167b.

REFERENCES:
1.     Abduraimov M. (1961) Voprosi feodalnogo zemlevladeniya i feodalnoy renti
v pismax Emira Xaydara. – Tashkent: Fan, 1961. – 210 s. (In Russian)
2. Ahmad Donish. (1967) Istoriya Mangitskoy dinastii. – Dushanbe: “Donish”,
1967. – 102 c. (In Russian)
3. Balxiy Muhammad Rizo. Maktuboti Amir Haydar va Muhammad Hakimxon
qushbegi. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma. № 292/I. – 72 varaq.
4. Bartold V. (1963) Istoriya kulturnoy jizni Turkestana. Sochineniya. T. II.
Chast 1. – Moskva., 1963. – 282 c. (In Russian)
5. Buxoriy Hofiz Tanish. (1999) Abdullanoma (“Sharafnomai shohiy”). 2-kitob
/ Fors tilidan S. Mirzaev tarjimasi: So‘zboshi va izohlar muallifi B. Ahmedov. –
Toshkent: Sharq, 1999. – 257 b. (In Uzbek)
6. Buxari Mir Muxammed Amin. (1957) Ubaydalla-name. Perevod
A.A.Semenova. – Tashkent. AN UzSSR. 1957. – 524 c. (In Russian)
7. Djuraeva G. (2003) Voprosi gosudarstvennosti v pismax Emira Xaydara //
Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. – № 4. 2003. – S. 72-77. (In Russian)
8. Hayrullaev Muzaffar. (2003) O‘zbek diplomatiyasi tarixi (Tarixiy ocherk va
lavhalar). – Toshkent: Fan, 2003. – 233 b. (In Russian)
9. Ismailova Bibisoat. (1999) Politicheskaya istoriya Buxarskogo emirata pri
Emire Xaydare (1800-1826 gg.). – Dushanbe: Konuniyat, 1999. – 77 s. (In Russian)
10. Kügelgen Anke Von. (2002) Die Legitimierung Der Mittelasiatischen
Mangıtendynastie in den Werken ihrer Historiker (18-19 Jahrhundert), İstanbul,
2002. – 549 p. (In German)
11. Muhammad Hakimxonto‘ra. Muntaxab ut-tavorix. – O‘zR FA SHI,
qo‘lyozma, № 594. – 122 v.

12. Muhamedov Tohir. (2019) Savod tarixiga oid hujjat // Jahon adabiyoti.

Yanvar 2019. – B. 154-160. (In Uzbek)

13. Rajabov Qahramon. (2005) Haydar // O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi.

11-jild. – Toshkent: O‘zMU nashriyoti, 2005. – B. 275-276. (In Uzbek)

14. Rajabov Qahramon. (2025) Buxoro mang‘it amirlari. – Toshkent: Fan, 2025.

– 384 b. (In Uzbek)

15. Shodiev J. (2010) Buxoro amirligi davlatchiligining rivojlanishi. – Toshkent.

– 114 b. (In Uzbek)

16. Tilavov Sh. (2005) Amir Haydar maktublari tarixiy manba sifatida //

Sharqshunoslik. № 8. 2005. – B. 15-18. (In Uzbek)

17. Valieva Doniya. (1999) XIX asrning birinchi choragida Buxoro-Rossiya

diplomatiya aloqalariga oid // Sharqshunoslik. – № 9. 1999. – B. 119-131. (In Uzbek)

18. Vasilev A. (2014) Znamya i mech ot podishaxa. Politicheskie i kulturnie

kontakti xanstv Sentralnoy Azii i Osmanskoy imperii (seredina XVI – nachalo XX

vv.). – Moskva. 2014. – 256 s. (In Russian)

19. Xodjaev B., (1990) O vzaimootnosheniyax Buxarskogo xanstva s

Afganistanom v pervoy chetverti XIX veke (po pismam Emira Xaydara //

Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. – № 7. 1990. – S. 53-56. (In Russian)

20. Xo‘jaev Ablat, (1978) Jung‘or xalqi va Jung‘or xonligi // Yangi hayot

gazetasi. 1978-yil 17-avgust. № 97 son (uyg‘ur tilida). (In Uzbek)

21. Zamonov A., Egamberdiev, A. (2022) Buxoro amirligi tarixi (XVIII – XIX

asr o‘rtalari). Uslubiy qo‘llanma. – Toshkent: Tamaddun, 2022. – 99 b. (In Uzbek)

22. Ziyoyev Hamid. (2008) Ona shahrim Toshkent va hayot yo‘limdan lavhalar.

– Toshkent: Fan, 2008. – 167b. (In Uzbek)