QUTCHI URUG‘INING TARIXI VA ETNOGENEZI MASALASI
THE HISTORY AND ETHNOGENESIS OF THE QUTCHI TRIBE
ИСТОРИЯ И ЭТНОГЕНЕЗ РОДА КУТЧИ
Sattorov Nurbek Abdurazzoqovich
Oriental universiteti,
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel: +998 90 276-45-32
E-mail: beksattoroff@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani Chiyal
jamoa xo‘jaligida yashovchi Qutchi urug‘ining kelib chiqishi, tarixi va etnik
shakllanish jarayonlari tahlil qilingan. Tadqiqot davomida tarixiy va arxiv manbalar,
etnografik kuzatuvlar hamda og‘zaki tarixiy materiallar asosida Qutchi urug‘ining
o‘ziga xos etnogenez o‘rni aniqlangan. Maqolada urug‘ nomining etimologiyasi,
ijtimoiy tarkibi, madaniy xususiyatlari hamda boshqa turkiy urug‘lar bilan o‘zaro
aloqalari yoritiladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qutchi urug‘i yashagan qadimgi
hududlar, tashqi omillar ta’sirida mamlakatimiz hududiga ko‘chishi va mahalliy aholi
tarkibiga singishib o‘zbek xalqi shakllanishida muhim rol o‘ynagan urug‘lardan biri
ekanligi isbotlangan. Ba’zi manbalarda ularning qadimgi qipchoq va qo‘ng‘irot
qabilalari tizimiga mansub kichik tarmoq sifatida shakllanganligi, keyinchalik o‘troq
dehqonchilik vohalarida barqaror hayot kechira boshlaganligi qayd etilgan. Maqola
Qutchi urug‘ining tarixiy ildizlarini aniqlash va ularning bugungi avlodlari madaniy
merosini o‘rganishda muhim ilmiy manba sifatida xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: Qutchi urug‘i, Qashqadaryo, Chiroqchi tumani, turkiy qabilalar,
etnogenez, qipchoqlar, qo‘ng‘irot, etnografiya, og‘zaki tarix, arxiv manbalari,
Markaziy Osiyo.
Annotation. This article analyzes the origin, history, and ethnic formation
processes of the Qutchi clan, residing in the Chiyal collective farm of Kokdala
district, Kashkadarya region. Based on historical-archival sources, ethnographic
observations, and oral historical materials, the study identifies the unique
ethnogenesis of the Qutchi clan. The article elucidates the etymology of the clan
name, its social structure, cultural characteristics, and interrelations with other Turkic
clans. According to the research results, it is proven that the Qutchi clan, having
migrated to the territory of our country under the influence of external factors and
integrated into the local population, is one of the clans that played an important role
in the formation of the Uzbek people. Some sources indicate that they were formed as
a small branch belonging to the ancient Kipchak and Kongrat tribal systems, and later
began to lead a stable life in settled agricultural oases. The article serves as an
important scientific source in determining the historical roots of the Qutchi clan and
studying the cultural heritage of their present-day descendants.
Keywords: Qutchi tribe, Qashqadaryo, Chiroqchi district, Turkic tribes,
ethnogenesis, Kipchaks, Qongirat, ethnography, oral history, archival sources,
Central Asia.
Аннотация. В данной статье анализируются происхождение, история и
процессы этнического формирования рода Кутчи, проживающего в колхозе
Чиял Кокдалинского района Кашкадарьинской области. На основе историкоархивных источников, этнографических наблюдений и устных исторических
материалов исследование определяет уникальный этногенез рода Кутчи. В
статье освещается этимология названия рода, его социальная структура,
культурные особенности и взаимосвязи с другими тюркскими родами.
Согласно результатам исследования, доказано, что род Кутчи, мигрировав на
территорию нашей страны под влиянием внешних факторов и
интегрировавшись в местное население, является одним из родов, сыгравших
важную роль в формировании узбекского народа. Некоторые источники
указывают на то, что они были сформированы как небольшая ветвь,
принадлежащая к древним кипчакским и конгратским племенным системам, и
впоследствии начали вести стабильную жизнь в оседлых сельскохозяйственных
оазисах. Статья служит важным научным источником в определении
исторических корней рода Кутчи и изучении культурного наследия их
нынешних потомков.
Ключевые слова: род Кутчи, Кашкадарья, Кокдалинский район,
тюркские племена, этногенез, кипчаки, конграты, этнография, устная
история, архивные источники, Средняя Азия.
KIRISH
O‘zbekiston hududida yashab kelgan turkiy urug‘ va elatlar xalqimizning etnik
tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Shular orasida Qashqadaryo va
Samarqand viloyatlari hududida qadimdan istiqomat qilib kelayotgan Qutchi urug‘i
o‘zining boy tarixiy ildizlari va madaniy an’analari bilan ajralib turadi. Bu urug‘
nomi turkiy xalqlar orasida, xususan, qipchoq va qo‘ng‘irot qabilalari qatorida
manbalarda uchrashi bilan ham diqqatga sazovordir. Qutchi urug‘i o‘rta asrda sodir
bo‘lgan etnik jarayonlar natijasida Movarounnahrning janubiy vohalariga kirib kelib,
mahalliy aholi bilan qo‘shilishi natijasida shakllangan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu mavzu alohida tadqiqot mavzusi sifatida tadqiq etilmagan. Qutchi
urug‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bag‘ishlangan maxsus monografiyalar mavjud bo‘lmasada, Markaziy Osiyo xalqlari etnik tarixi va urug‘-qabila tizimi, umumiy turkiy
urug‘lar tarkibi, ularning etnik shakllanishi va ijtimoiy-madaniy xususiyatlarini
yoritgan asarlarda tarixchilar bu masalaga ham to‘xtalib o‘tishgan. Xususan,
U.Lafasovning “Ali Qushi va uning ilmiy merosi” maqolasida buyuk olim Ali
Qushchi mansub bo‘lgan Qutchi urug‘i tarixi, nomlanishi va bu haqda to‘xtalib
o‘tilgan. Shuningdek, mavzuga doir ma’lumotlar V.Bartold, K.Shoniyozov,
A.Asqarov, A.Ibrohimov, N.Rahmon, G‘.Abdurahmonov, A.Rustamov,
X.Doniyorov, T.Nafasov, P.Ravshanov, U.Lafasovlar tomonidan yozilgan maqolalar
va monografiyalarda ham uchraydi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotda Qutchi urug‘ining tarixi va etnogenez masalalari tarixiy asoslarini
o‘rganishda xolislik tamoyiliga amal qilinib, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil,
umumlashtirish, tarixiy tahlil hamda xronologik yondashuv kabi ilmiy usullardan
foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘zbek xalqi etnogenezi bu ming yillik tarixiy jarayon bo‘lib, u turli davrlarda
yashagan qabila va elatlar aralashuvi, madaniy hamda ijtimoiy uyg‘unlashuvi
natijasida shakllangan. Arxeologik, antropologik va yozma manbalar shundan dalolat
beradiki, mamlakatimiz hududida qadimdan skif, sak, sarmat, massaget, sug‘d, augas,
xorazm, hur, turk kabi qadimgi eroniy va turkiy tilli qabilalar istiqomat qilgan. Ular
O‘rta Osiyoning ilk aholisi – hozirgi o‘zbek xalqining uzoq ajdodlari sifatida tarixda
muhim o‘rin tutadi. Vaqt o‘tishi bilan turli xalqlar, urug‘- qabilalar o‘zaro aralashib,
madaniy va ijtimoiy jihatdan qorishib borgan. Natijada, o‘zbek xalqining etnik tarkibi
ko‘p qatlamli, murakkab tarixiy asosda shakllangan. Bu jarayon natijasida asrlar
davomida 92 bovli (bog‘li) turkiy-o‘zbek urug‘lari shakllanib, o‘zbek xalqining
asosiy tayanchi bo‘lib qolgan.
O‘zbek urug‘larining aniq soni borasida tarixiy manbalarda bir qancha
ma’lumotlar bor. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida turklar 20
ta qabiladan iborat ekani, har birining esa “sanoqsiz urug‘lari” mavjudligi aytiladi
(Qoshg‘ariy M., 1960: 64). Turli davrlarga tegishli bo‘lgan manbalar: “Jome’ attavorix”, “Ravzatu-s-safo”, “Zafarnoma”, “Boburnoma”, “Shajarai turk”, “Shajarai
tarokima”, “Tarixi Abulxayrxon”, “Shayboniynoma”, “Abdullanoma”, “Tarixi
salotini mang‘itiya” kabi asarlarda o‘zbek urug‘lari soni bir-biridan farq qiladi.
Masalan: Mahmud Qoshg‘ariyda 22 ta, Muhammad Solih “Shayboniynoma”sida 19
ta, Rashididinning “Jome’ at-tavorixi”da 60 dan ortiq urug‘, xorijlik
tadqiqotchilaridan A.Vamberi 32 ta, N.Xanikov 97 ta, D.Logofet 102 ta urug‘ sanab
o‘tadi. Shuningdek, V.Bartold, V.Radlov, N.Aristov, K.Najimov, B.Ahmedov,
K.Shoniyozov, G‘ozi Olim, A.Asqarov kabi olimlarning tadqiqotlarida ham bu
raqamlar turlicha talqin etiladi. Bu farqlar o‘zbek urug‘larining tarixan keng
geografik hududlarda tarqalganini va ular haqidagi bilimlar turli davr manbalariga
tayanib o‘zgarib kelganini ko‘rsatadi.
Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarning natijasida
olimlar o‘zbek xalqi urug‘lariga nisbatan “92 bovli o‘zbek urug‘i” tushunchasini
qabul qilishdi. Tarixiy dalil sifatida, XVI asrda Abdullaxon II ning Hindiston
podshosi Akbarshoh bilan yozishmalarida va Xiva xoning 1781-yilda rus agenti
Bekchurin bilan suhbatda 92 urug‘ haqida so‘z yuritilganini asos qilib olingan.
(Nizomiddinov I.,1966: 76). Demak, o‘zbek xalqining shakllanishi qadimdan
boshlangan murakkab etnik jarayon bo‘lib, u asrlar davomida turli etnoslar va
qabilalar sintezidan hosil bo‘lgan. “92 bovli o‘zbek urug‘i” tushunchasi esa bu tarixiy
evolyutsiyaning ramziy ifodasidir. Ushbu maqolada o‘zbek urug‘lar orasidagi Qutchi
urug‘i tarixi, genealogik ildizlari va Movarounnahr janubidagi faoliyati haqida
qisqacha to‘xtalib o‘tiladi.
Qutchilar turkiy qabila bo‘lib ikki daryo oralig‘i, Yettisuv, Qashqar,
Boyko‘lbo‘yi, Qirg‘iziston va Janubiy Sibirda yashashi haqidagi ma’lumotlar
manbalarda qayd etilgan (Лафасов У. 2008: 209). Ushbu tarixiy manbalarda Qutchi
(Quchchi shaklida ham keladi) nomi bilan tilga olingan turkiy qabila ilk bor Sharqiy
Turkiston (Qashqar) va Yettisuv mintaqalarida yashaganliklari tilga olinadi. XIII asr
boshlarida mo‘g‘ul istilolari davrida yuz bergan etnik harakatlar natijasida bu qabila
vakillari Movarounnahr hududiga kirib kelgan. Ular dastlab Farg‘ona vodiysi,
keyinchalik Samarqand, Qashqadaryo hududlariga ko‘chib mahalliy turkiy va eroniy
tilli aholiga qo‘shilib ketgan.
Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, Qutchi qabilasi O‘g‘uz, Qarluq yoki
naymanlar tarkibiga kiruvchi o‘rta asr turkiy qabilalardan biri bo‘lgan. Bu qabila
keyinchalik o‘zbek elati shakllanishida faol qatnashgan va ayrim viloyatlarda,
xususan, Qashqadaryo vohasida o‘z nomini saqlab qolgan (Shoniyozov K., 2001: 78).
Shuningdek, XIV-XV asrlardagi yozma manbalarda, xususan, Rashididdin
Fazlulloh “Jome’ at-tavorix” asarida, Yettisuv va Movarounnahr o‘rtasidagi
ko‘chishlar tilga olinadi. Bu jarayon o‘zbek, qozoq va qoraqalpoq xalqlari tarkibidagi
“Qutchi”, “Quchchi”, “Qo‘chchi” urug‘lari o‘rtasidagi etnik aloqalarni tushuntiradi.
Ko‘p asrlardan buyon ikki daryo oralig‘ida muqim yashab kelayotgan qutchilar
turkiylarning aslzoda urug‘laridan biri bo‘lib, Qutchi so‘zining o‘zagi “qut” (baxt) ga
-ji(-chi) so‘z yasovchi qo‘shimchasining qo‘shilishi natijasida “qutji” etnonimi
yuzaga kelgan. Qutji termini keyinchalik forsiy talaffuzda qutchiga aylangan va
assimilyatsiya hodisasi tufayli qutchi atamasi quchchi shakliga kelib qolgan.
Ayrim qadimiy lug‘aviy birliklar, jumladan, Tibet terminining turkiy muqobili
bo‘lgan Tanqut, ya’ni Tangriqut atamasi tarkibida ham qut so‘zi mavjud (Иброҳимов
А. 2011: 396). Bundan shuni bilish mumkinki, turkiylarda qut (baxt) so‘zi Alloh
kalomi bilan birga qo‘llangan. Qutchilar turkiy xalqlarni ozodlikka olib chiqqan
buyuk Qutluq (Qut+lug‘), ya’ni Eltarish xoqonning avlodlari sanaladi. Qutlug‘
xoqonning ismi xitoy manbalarida Gudulu (Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А., 1982:
166) shaklida uchraydi. Toshbitiklarda Qutlug‘ xoqonning 681-yilda chinlarga qarshi
kurashib, Ko‘kturklar davlatini qayta tiklagani haqida hikoya qilingan (Усмон Турк,
1995: 84). Ana shu tarixiy dalilga asoslangan turkiyshunos olim Nasimxon Rahmon
Qutluqxon xitoyliklar istilosiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanligi va keyinchalik
Eltarish nomini olganligi ta’kidlagan (Насимхон P., 1993: 145). Qutlug‘xonning
tug‘ishgan ukasining ismi Nayman bo‘lib, undan nayman urug‘i vakillari tarqagan.
Qiyot, qo‘ng‘irot urug‘lari esa Eltarish xoqonning o‘g‘li Bilga xoqonning avlodlari
hisoblanadi. (Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А., 1982:121).
Qutchi urug‘ning antropologik qiyofasiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak,
manbalarga ko‘ra, Qutchi (Quchchi) urug‘i turkiy etnik qatlamlar tarkibida
shakllangan bo‘lib, ularning antropologik tipi asosan Janubiy Sibir va Yettisuv turkiy
xalqlariga xos bo‘lgan aralash (yevropoid – mongoloid) xususiyatlarga ega bo‘lgan.
XIII-XIV asrlarda Qutchi qabilasining Movarounnahrga ko‘chib kelish davrida
ular O‘g‘uz, Qarluq, Nayman, Qipchoq kabi turkiy elatlar bilan yaqin etnik aloqada
bo‘lgan. Shu sababli, ularning antropologik ko‘rinishi ham qisman yevropoid (keng
yuzli, to‘g‘ri burunli, ochroq terili), qisman esa mongoloid belgilari (qoraroq ko‘z,
yassi yuz tuzilishi, to‘g‘ri qora soch) bilan uyg‘unlashgan aralash turga mansub
bo‘lgan. Bu antropologik tipni akademik A.Asqarov “janubiy-sibir tipi” deb ataydi.
Bu tip keyinchalik o‘zbek xalqining janubiy guruhi – qarluq-o‘g‘uz asosidagi elatlar
(shu jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryo vohalarida joylashgan urug‘lar)
tarkibida barqarorlashgan (Asqarov A., 2015: 19).
Qutchi urug‘idan tarixda yirik olim-u fuzalolar va mashhur shaxslar yetishib
chiqqan. Ulardan biri buyuk bobomiz Alouddin Abu-l-Hasan Ali ibn Muhammad
Samarqandiy Qushchi (Qutchi) bo‘lib, u kishi 1402-yilda Samarqandda tug‘ilgan. Ali
Qushchining otasi Mavlono mulla Muhammad Qushchi esa Amir Temur davrida
mansabdorlardan bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Temuriylar davrida qutchi
urug‘i davlatning yetakchi urug‘laridan va Amir Temur ishongan qavmlardan biri
bo‘lgan (Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 1-жилд, 2000: 208).
XX asr boshlarida Sovet davrida chiqqan ma’lumotlarning ba’zilarida Ali
Qutchining taxallusi “Qushchi” tarzida noto‘g‘ri yozilishi natijasida bugungi kunda
ilmiy adabiyotlarda ham Ali Qushchi tarzda yozilishda davom etmoqda. Ali ibn
Muhammad oddiy qush (parranda) boqarning o‘g‘li bo‘lmagan. Aks holda o‘rta
asrlarda quyi tabaqa vakili hisoblangan qushboqarning o‘g‘li bunday nufuzga aslo
erisha olmagan bo‘lar edi. Alouddin Ali ibn Muhammadga mazkur taxallus qutchi
urug‘iga mansubligi uchun berilgan. Bu haqiqatni Ali Qutchining ajdodlari
yashaydigan hudud, uning nomi bilan atalgan qishloq va kenglik nuqtasi mavjud joy
ham tasdiqlaydi. Uning otasi Qashqadaryo vohasidan bo‘lib, Amir Temur saltanati
davrida poytaxt Samarqandda yashagan. Ali Qutchining urug‘doshlari Mirzo
Ulug‘bek boshliq Samarqand astronomiya maktabi olimlariga Yer yuzida mavjud
bo‘lgan to‘rtta (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra beshta) kenglik nuqtasi, ya’ni yulduzlarni
yaxshi kuzatish imkoniyati yuqori bo‘lgan joyni topib berishgan. Mazkur kenglik
nuqtasi Qashqadaryo vohasi, Kitob tumani hududidagi tog‘da joylashgan. U yеrda
qutchi urug‘i vakillari istiqomat qilishadi va mashhur shayx Hazrati Bashir
ziyoratgohi bor. Qutchilar har doim muqaddas dinga, islom ulamolariga nisbatan
cheksiz hurmat hamda ixlos bilan munosabatda bo‘lishgan. Hazrati Bashir
qadamjosiga Ali Qutchi ko‘p marta kelgan, hatto bir necha yil muqim yashaganligini
ilmiy manbalar tasdiqlaydi. (Lafasov U., 2021: 276). XV asrning ikkinchi yarmida
Movarounnahrda boshlangan siyosiy jarayonlar natijasida buyuk olim Ali Qushchi
yaqinlari, shogirdlari va urug‘doshlarini olib, vafotidan keyin Eronning Tabriz
shahriga ko‘chib ketadi. Uni hukmdor kelib chiqishi qutchi urug‘iga mansub bo‘lgan
Uzun Hasan hurmat bilan kutib olgan. Bu yerda ikki yil yashaganidan so‘ng Usmoniy
sulton Mehmet II taklifiga binoan Istanbulga ko‘chib o‘tadi va Istanbuldagi Ayo
Sofiya madrasasiga bosh mudarris qilib tayinlanadi. U bilan ketgan urug‘doshlari
ham ish bilan ta’minlanadi va Istanbulda yashay boshlaydi. Bundan ko‘rinib
turibdiki, qutchi urug‘i vakillari nafaqat O‘zbekistonda balki dunyoning ko‘pgina
hududlarida istiqomat qilib kelmoqda.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Qutchi urug‘ining kelib chiqishi uzoq
tarixga borib taqaladi. Asrlar davomida bu urug‘ tashqi ta’sirlar davomida o‘z yashab
turgan hududlaridan ko‘chib Movarounnahrning hududiga kirib keladi. Ular dastlab
Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo hududlariga joylashib, mahalliy turkiy va
eroniy tilli aholiga qo‘shilib ketadi. Bu urug‘ keyinchalik o‘zbek xalqining
shakllanishida faol qatnashgan va hozirda ushbu urug‘ vakillari Qashqadaryo va
Samarqand viloyatidagi Urgut, Paxtachi, Nurobod, Shahrisabz, Kitob, Chiroqchi,
Ko‘kdala tumanlarida istiqomat qilishadi. Xususan, Ko‘kdala tumanining Chiyali
hududida bu urug‘ga mansub 80 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib kelmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
1. Абдураҳмонов Ғ. (1982) Қадимги туркий тил. – Тошкент: Ўқитувчи.
2. Асқаров А. (2015) Ўзбек халқининг келиб чиқиш тарихи. – Тошкент.
3. Иброҳимов А. (2011) Бизким ўзбеклар. – Тошкент: Шарқ.
4. Лафасов У. (2008) Турон қавмлари. – Тошкент: Истиқбол.
5. Лафасов У. (2021) Туроннинг маркази бўлган иккидарё оралиғида илм-
фан тараққиёти. / O‘zbekistonda xorijiy tillar. – B. 270-281.
6. Насимхон Р. (1993) Турк хоқонлиги. – Тошкент: Абдулла Қодирий
номидаги халқ мероси.
7. Nizomiddinov I. (1966) XVI-XVII asrlarda O‘rta Osiyo – Hindiston
munosabatlari. – Toshkent: Fan.
8. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. (2000) 1-jild. – Toshkent.
9. Qoshg‘ariy M. (1960) Devonu lug‘otit turk. I tom. – Toshkent: O‘zFA
nashriyoti.
10. Shoniyozov K. (2001) O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent.
11. Усмон Турк. (1995) Туркий халқлар мафкураси. – Тошкент: Чўлпон.
REFERENCES:
1. Abdurahmonov Gʻ. (1982) Qadimgi turkiy til. – Toshkent: Oʻqituvchi. (In
Uzbek)
2. Asqarov A. (2015) Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi. – Toshkent. (In
Uzbek)
3. Ibrohimov A. (2011) Bizkim oʻzbeklar. – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
4. Lafasov U. (2008) Turon qavmlari. – Toshkent: Istiqbol. (In Uzbek)
5. Lafasov U. (2021) Turonning markazi boʻlgan ikki daryo oraligʻida ilm-fan
taraqqiyoti. / O‘zbekistonda xorijiy tillar. – B. 270-281. (In Uzbek)
6. Nasimxon R. (1993) Turk xoqonligi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi
xalq merosi. (In Uzbek)
7. Nizomiddinov I. (1966) XVI–XVII asrlarda O‘rta Osiyo – Hindiston
munosabatlari. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
8. O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi. (2000) 1-jild. – Toshkent. (In Uzbek)
9. Qoshg‘ariy M. (1960) Devonu lug‘otit turk. I tom. – Toshkent: O‘zFA
nashriyoti. (In Uzbek)
10. Shoniyozov K. (2001) O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni. – Toshkent.
(In Uzbek)
11. Usmon Turk. (1995) Turkiy xalqlar mafkurasi. – Toshkent: Choʻlpon. (In
Uzbek)