ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ishtixon manzilgohidagi arxeologik tadqiqotlar: qadimgi ossuariylarning o‘rganilishi masalalari

Norkulova Gulida Sodikovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ISHTIXON MANZILGOHIDAGI ARXEOLOGIK TADQIQOTLAR:

QADIMGI OSSUARIYLARNING O‘RGANILISHI MASALALARI

ARCHAEOLOGICAL RESEARCH AT THE ISHTIKHON SITE: ISSUES IN

THE STUDY OF ANCIENT OSSUARIES

АРХЕОЛОГИЧЕСКИЕ ИССЛЕДОВАНИЯ НА ИШТИХАНСКОМ

ПОСЕЛЕНИИ: ВОПРОСЫ ИЗУЧЕНИЯ ДРЕВНИХ ОССУАРИЕВ

Norkulova Gulida Sodikovna
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika

Universiteti mustaqil tadqiqotchisi
Tel: +998 95 220-14-88

E-mail: gulidanorqulova59@gmail.com

Annotatsiya. Ushbu maqolada VI-VIII asrlarga oid Ishtixon ossuariylarining
shakli, bezaklari va diniy mazmuni G.A.Pugachenkova boshchiligidagi arxeologik
tadqiqotlar natijalari asosida tahlil qilinadi. Muhimi, Miyonqol ossuariylarining relyef
naqshlari Samarqand ossuariylari dizaynidan keskin farq qiladi, bu Sugʻd
madaniyatining Ishtixon va Kushoniya kabi hududlardagi oʻziga xosligini koʻrsatadi.
Miyonqol ossuariylarida mahalliy kult bilan bogʻliq tantanali marosimlar
qahramonlari aks etgan boʻlib, har qanday diniy marosimdagi atribut va buyumlar
toʻplami ma’budlar, ruhoniylar sinfi yoki funksiyasini ifodalagan. Ossuariylardagi
tasvirlar mahalliy mazdakiylik va zardushtiylik e’tiqodlari, ajdodlarga sigʻinish va
qayta tirilish gʻoyalari bilan bogʻliq holda oʻrganiladi. Mintaqaviy madaniyatlar
oʻrtasidagi farqlar, diniy atributlarning oʻziga xosligi va Avesto koʻrsatmalari ilmiy
jihatdan asoslab beriladi. Ishtixon va Biyanayman ossuariylaridagi marosim sahnalari
orqali mahalliy diniy e’tiqodlarning xususiyatlari ochib beriladi. Tadqiqot Miyonqol
vohasining madaniy merosini oʻrganishga qaratilgan.

Kalit so‘zlar: Miyonqol, Ishtixon, Sao, So‘g‘d, Samarqand tarixi, zardushtiylik,
Kabudon, Oqtepa, ossuariylar, Qang‘ davlati, Biyanayman, kohin, “xaoma”
ichimligi.

Annotation. This article analyzes the form, decoration, and religious content of
the Ishtikhon ossuaries from the 6th-8th centuries, based on the results of
archaeological research led by G.A.Pugachenkova. It is important to note that the
relief patterns of the Miyonkol ossuaries differ sharply from the design of the
Samarkand ossuaries, which indicates the uniqueness of Sogdian culture in regions
such as Ishtikhon and Kushoniya. The Miyonkol ossuaries depict the heroes of
solemn rituals associated with the local cult, where a set of attributes and cult objects
in any religious ritual expressed the gods, the class of priests, or the function. The
images on the ossuaries are studied in connection with local Mazdaism and

Zoroastrianism, ancestor worship, and ideas about resurrection. The differences

between regional cultures, the originality of religious attributes, and the indications of

the Avesta are scientifically substantiated. The peculiarities of local religious beliefs

are revealed through the example of ritual scenes in the Ishtikhon and Biyanayman

ossuaries. The research focuses on the study of the cultural heritage of the Miyonkol

oasis.

Keywords: Miyonkol, Ishtikhon, Cao, Sogd, history of Samarkand,

Zoroastrianism, Kabudon, Oqtepa, ossuaries, Kang state, Biyanayman, priest,

“haoma” drink

Аннотация. В данной статье анализируются форма, декор и религиозное
содержание Иштиханских оссуариев VI-VIII веков на основе результатов
археологических исследований под руководством Г.А.Пугаченковой. Важно
отметить, что рельефные узоры Миёнкольских оссуариев резко отличаются от
дизайна самаркандских оссуариев, что свидетельствует о своеобразии
согдийской культуры в таких регионах, как Иштихан и Кушания. В
Миёнкольских оссуариях изображены герои торжественных обрядов,
связанных с местным культом, где набор атрибутов и предметов культа в
любом религиозном обряде выражал богов, класс жрецов или функцию.
Изображения на оссуариях изучаются в связи с местными маздаизмом и
зороастризмом, почитанием предков и идеями о воскресении. Научно
обосновываются различия между региональными культурами, своеобразие
религиозных атрибутов и указания Авесты. На примере обрядовых сцен в
Иштиханских и Биянаиманских оссуариях раскрываются особенности местных
религиозных верований. Исследование направлено на изучение культурного
наследия Миёнкольского оазиса.

Ключевые слова: Миянколь, Иштихон, Цао, Согд, история Самарканда,
зороастризм, Кабудон, Октепа, оссуарии, государство Канга, Биянайман,
жрец, напиток «хаома».

KIRISH
O‘zbekiston hududidagi qadimgi madaniyatlar, xususan, Sug‘d sivilizatsiyasi
Markaziy Osiyoning madaniy va diniy markazlaridan biri bo‘lgan. Ushbu
sivilizatsiyaning muhim qismini tashkil etgan Miyonqol vohasi va uning tarkibidagi
Ishtixon hududi VI-VIII asrlarda o‘ziga xos diniy va madaniy xususiyatlarga ega
bo‘lgan. Bu davrda zardushtiylik dini va mahalliy kultlarning ta’siri ostida
shakllangan ossuariylar (suyak qoldiqlarini saqlash uchun ishlatilgan idishlar,
ostadon) arxeologik topilmalar orqali o‘rganilmoqda. Ossuariylardagi relyef naqshlar,

marosimiy sahnalar va diniy atributlar mahalliy e’tiqodlarning murakkab tizimini

ochib beradi.

Manbalarda Ishtixon Samarqand hukmdorlarining ikkinchi qarorgohi sifatida

qayd etilgan bo‘lib, strategik jihatdan qulay joylashuvi tufayli konfederatsiya

markaziga yaqin hudud sifatida ahamiyat kasb etgan (Бартолд В., 1914: 117). 1962-

yilda G.Pugachenkova boshchiligidagi arxeologik ekspeditsiya Ishtixonni o‘rganishni

boshlagan va Qang‘ davlati birlashmasiga kirgan bu hududning arab manbalarida

tasvirlangan joylashuvini aniqlagan. Arxeologik izlanishlar natijasida Ishtixonning

Samarqanddan 72 km uzoqlikda joylashgani tasdiqlangan (Пугаченкова Г.,

1975:33).

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
XX asrning 60-yillarida G.A.Pugachenkova Miyonqol orolida ilk o‘rta asrlarga
oid Isaboytepa, Oqtepa, Chashmatepa, Yovtepa kabi qishloq makonlarini o‘rganadi.
Bu ilk o‘rta asr qishloq makonlarini olima VI-VIII asrlarga oid deb davrlashtiradi
(Rahmonov H., 2016: 62).
Samarqand viloyatining Ishtixon tumani Miyonqol vohasining o‘rta qismida
joylashgan bo‘lib, bu yerda arxeologik tadqiqotlar 1960-yillarda boshlanib, 1979-
yilgacha G.A.Pugachenkova, V.A.Karasev va S.A.Savchuklar tomonidan olib
borilgan. Izlanishlar natijasida Ishtixonda 85 ta arxeologik obyekt aniqlangan bo‘lsada, hammasi o‘rganilmagan. Buning sababi, birinchidan, aholi tomonidan hududlar
o‘zlashtirilishi natijasida bu yerlarning bir qismi ekinzorlarga aylantirilganligi bo‘lsa,
ikkinchidan, qadimdan ikki daryo oralig‘ida joylashgan hududda suv toshqinlari
bo‘lishi natijasida chakalakzorlar paydo bo‘lib, bu hududlarni to‘liq o‘rganish
imkoniyati bo‘lmagan.
G.A.Pugachenkova 1970-yil bahorida Ishtixon Arktepasiga kelganligining
sababi bu yerdan topilgan bir nechta naqshinkor ossuariy parchasi edi. Izlanishlar olib
borgan olima, afsuski, bu yer buldozer bilan tekislab, sabzavot dalasiga
aylantirilganligini qayd etadi. Lekin topilgan ossuariy parchalari mahalliy maktabda
saqlanayotgani aniqlangan. Bu yerdan topilgan ossuariylar V-VI asrlarga tegishli
bo‘lib, deyarli dehqonchilik natijasida buzib tashlangan edi (Пугаченкова Г.,
1975:34). Ossuariy qizg‘ish-sariq rangdagi yaxshi pishirilgan loydan qilingan. Old
tomonda qizil rang izlari bor. Ossuariyning balandligi 27 santimetrni tashkil etadi,
qoldiqlariga qaraganda, u to‘rtburchak shaklda bo‘lib, old devori bezakli, ulardan
faqat uchtasi saqlanib qolgan. Devorning tepasi qirrali parametr ostidan o‘yma
bezaklar bilan bezatilgan. Ichki qismda qopqoq uchun joy bor.
Ossuariy devorlarida erkak va ayol bo‘rtma ravishda tasvirlangan bo‘lib,
erkakning uzun jingalak mo‘ylovi ko‘kragiga uchburchak shaklda tushgan, boshida
gorizontal asosli murakkab bosh kiyim, o‘rtada relyefli meva (yoki kurtak, gul) bilan

qoplangan tayoqcha bor. Ulardan biriga tashqi kontur bo‘ylab uchburchak barglari

bo‘lgan kamar chap yelkadan egri chiziqqa cho‘ziladi, ichki sohada ikkita romb

shaklidagi o‘simtalar mavjud. O‘ng qo‘li bilan erkak qilichga tayangan. U to‘g‘ri,

keng, katta kesishgan qismga ega. Ikkala tomonida oltita doira joylashgan, qo‘l ostida

esa ikkita noaniq buyum bo‘lib, shar shaklida chizilgan. Erkak chap qo‘li tirsagi bilan

tayoqni ushlab turibdi. Uning ustida keng qoplama bo‘lib, olov yonib turganligi

tasvirlangan. Markazida yarim oy va shar tasviri bo‘lib, qo‘li bo‘ylab lenta o‘ralgan

va boshqa ba’zi buzilgan detallarning izlari ko‘rinadi.

Ossuariyning ikkita kichik qismida yuqorida tasvirlangan ustunlar saqlanib

qolgan. Ustunlar oralig‘idagi bo‘sh joylarda esa uzun kiyimlar kiygan ikki ayol shakli

detallari mavjud. Ustun va kiyimlarning to‘qilgan joylari orasidagi bo‘sh joylarda –

novdada uch bargli poyada yetti bargli katta gul yoki uchta o‘xshash uchburchak

naqshlar mavjud (Пугаченкова Г., 1975: 36).

Ishtixon ossuariysining davriyligi va o‘xshashligi jihatidan VI–VII asrlardagi

Kattaqo‘rg‘on yaqinidan topilib, B.N. Kastalskiy tomonidan o‘rganilgan Biya-

Nayman ossuariylariga o‘xshashligi bor (Пугаченкова Г.А., 1975: 36).

Kattaqo‘rg‘on tumanining Biyanayman (Biya-Nayman) qishlog‘i Qoradaryo

bo‘yida joylashgan bo‘lib, daryo va qishloq orasi to‘qayzor va botqoqlik edi. B.N.

Kastalskiy shu yerdan ossuariy topib o‘rganadi (Masson M., 1973: 9). Bu ossuariyni

Vyatkin bilan birgalikda o‘rganar ekan, islomgacha bo‘lgan davrda foydalanilgan

ossuariyni zardushtiylar diniga sig‘inuvchilarning tobuti bo‘lishi kerak, degan fikrga

keladilar (Массон М., 1973:11). Biyanayman qishlog‘i chetida olib borilgan

qazishma ishlari natijasida ossuariy devorlarining old tomoniga odamlar va naqshlar

tasviri tushirilgan 700 parcha topildi. Tasvirsiz sopollar olib tashlandi. Ma’lum

bo‘lishicha, ossuariylar dastlab qo‘yilgan joyda emas, ularning maydalangan

bo‘laklari hozirgi joyga kelib qolgan. Bu parchalar bir-biriga mos kelmas edi. Ular

turli-tuman tobutlarning bo‘laklari bo‘lishi kerak, deb taxmin qilindi. Bu tobutlarni

to‘rt turga ajratishdi. Odamlar va naqsh tasvirlari yumshoq gilga chaqich bosganday

tushirilgan edi (Массон М., 1973:11).

Ayniqsa, ikkita erkak kishining tasviri e’tiborni tortadi. Ular yo qilichga, yo

hassaga o‘xshash narsaga suyanib turishadi. Yana boshqa ikki ayol esa muqaddas

buyumlarni ko‘tarib ketayotgandek tasvirlangan. Bu kishilarning tasviri ravoqlar

ostiga tushirilgan. Ossuariylarning yoni va tepasiga kungura naqsh tushirilgan. B.N.

Kastalskiy shunday xulosaga keladi: “Bu tobutlarning bo‘yi uzun bo‘lib, yarim

metrga yetgan. Balandligi esa kam deganda 30 santimetr bo‘lgan” (Массон М.,

1973:13).

Biyanayman ossuariylari haqida Vyatkin va Kastalskiy bir to‘xtamga

kelolmaganlar. Ularni chalg‘itgan yana bir holat bu ossuariylarga tushirilgan

tasvirlarni “o‘qishga” imkonlari bo‘lmagani, shuningdek, qay davrda

tayyorlanganligini ham aniq ayta olmaganliklari edi. Ularning yonidan noma’lum mis

tangalar chiqadi. Tanganing bir tomonida “y” harfiga o‘xshagan belgi qo‘yilgan edi.

Uning atrofida esa chalkash yozilgan harflar uchradi (Массон М., 1973: 11).

Albatta, arklar ostidagi shakllar Ishtixon ossuariysiga nisbatan katta qiziqish

uyg‘otadi. Biyanayman relyeflaridagi shakllarning ma’nosi haqida turli farazlar

bildirilgan bo‘lib, ularning mohiyati turlicha izohlanadi. B.N.Kastalskiy tasvirlarni

zardushtiylik marosimlari bilan bog‘lasa, A.Kalmikov ularni zardushtiylik

marosimiga ko‘ra amalga oshirilgan dafn marosimida hozir bo‘lgan odamlar deb

hisoblagan. A.A.Popatov bularni dafn marosimining to‘rtta ishtirokchisi deb aytgan

bo‘lsa, A.Borisov bu yerdagi to‘rtta shaklni zardushtiylikning to‘rt unsuri – suv, olov,

havo, tuproq bilan aloqador deb hisoblagan. G.Pugachenkova esa bu ossuariydagi

belgilarni birlashtirganda ularning soni to‘qqiztaga yetganini va zardushtiylik diniga

aloqasi yo‘qligini, balki o‘lish va qayta tirilish tabiatiga sig‘inishning o‘ziga xos

marosimi bilan bog‘liqligini, ehtimol Siyovushning birinchi tarixiy merosxo‘rlari

qoldiqlarini dafn etish sirlari bilan bog‘liqligini yozadi (Пугаченкова Г., 1975: 38).

Shunisi e’tiborga loyiqki, Miyonqol ossuariylaridagi relyef naqshlari

Samarqanddagi ossuariylarning dizayn motivlaridan tubdan farq qiladi, ularning

ulkan to‘plamida bunday kompozitsiyalar yoki personajlar mavjud emas. Bu esa

Sug‘d madaniyatining Ishtixon va Kushoniyada farqli jihatlari mavjudligini ko‘rsatib

beradi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotni amalga oshirishda arxeologik tadqiqotlar hamda yozma manbalarga
murojaat etilgan holda Ishtixon ossuariylarini, xususan, zardushtiylik dini manbalari
asosida tahlil qilindi. Bu borada G.Pugachenkova va M.Masson tomonidan chop
etilgan maqola va ilmiy monografiyalar Avesto asosida tahlil qilindi. Jamlangan
ma’lumotlar tasniflangan holda qiyosiy tahlil etildi va tadqiqot uchun ilmiy bo‘shliq
aniqlangan holda ayni zaruriy mavzuda maqola tayyorlandi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Miyonqol ossuariylarida mahalliy kult bilan bog‘liq tantanali marosimlarning
qahramonlari tasvirlangan. Har qanday diniy marosimda atributlar va diniy
buyumlarning to‘plami, shuningdek kiyim detallari har doim aniq tartibga solingan
bo‘lib, ular xudolar, ruhoniylar sinfi yoki funksiyasining belgilari sifatida xizmat
qilgan. Kushon panteoniga murojaat qilsak, u tangalarda aks etgan. Bu yerda olov
elementiga bog‘liq bir nechta ma’bud tasvirlangan. Ularning kiyimlari, atributlari va
olov tasvirlari farq qiladi: birinchisida olov tilkalari yelkadan chiqib turadi,

ikkinchisida cho‘zilgan qo‘l va qoplama, uchinchisida esa nurli halqa bosh atrofini

o‘rab turadi (Пугаченкова Г., 1975: 40).

Umumiy tasvirlarga qaraganda, bu xizmatni o‘lish va tirilish, shuningdek,

tabiatga sig‘inish bilan bog‘lash mumkin. Bu esa o‘z navbatida ajdodlarga sig‘inish

bilan chambarchas bog‘liq. Shunday qilib, bu motam marosimi ko‘p kunlik bo‘lib,

hukmdor qarorgohida o‘tkazilgan. Ishtixon va Kushoniyada o‘zining ichki

mohiyatiga ko‘ra yaqin bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlari, urf-odatlari va ma’lum

tarkibga ega bo‘lgan vazirlar-erkaklar va ayollarning maxsus libosda, qo‘llarida

tegishli sifatlar bilan namoyon bo‘lganligi aniq. Ular Miyonqol ossuariylarida

tasvirlangan (Пугаченкова Г., 1975: 41).

Loyish yaqinidagi Mullaqo‘rg‘ondan topilgan sopol ossuariylardagi tasvirlar

ham o‘ziga xos. Ular yuzlarini yarim yashirib olganlar – toki nafaslari bilan tobutni

bulg‘ab qo‘ymaslik uchun. Ossuariy qopqog‘ida tasvirlangan kohinlar ham

marosimda muhim ahamiyat kasb etgan. Har ikkovi ham qo‘lida taxminan “xaoma”

ichimligini ushlab turgan. Ishtixon, Biyanayman, Do‘rmontepa ossuariylarida katta

ko‘chma mehrob ko‘targan yosh yigitlar tasvirlangan. Mehrobda olov yonib turibdi,

uni ehromdagi muqaddas mash’aladan yoqishgan bo‘lishi kerak. Bu farvardajon

bayrami kunlarida marhumlarni eslash tadbirida ijro etiladigan rasm-rusumlar uchun

ko‘tarib olib kelingan bo‘lsa kerak (Пугаченкова Г., 1989: 185).

Bu kult qadimgi yilnomalarda qayd etilgan G‘arbiy Sao – Ishtixon

mintaqasining asosiy kulti bilan bog‘liq bo‘lganini tan olamiz. Bichurin shunday

yozadi: “Miyonqolni Samarqand Sug‘didan keyingi hudud bo‘lganligini, bu yer

aholisi Desi ruhiga e’tiqod qilib, U 15 fut hajmdagi mutanosib balandlikdagi oltin but

shaklida tasvirlanishini yozadi. Unga har kuni besh tuya, o‘nta ot va yuztadan

qo‘chqor so‘yilgan. Qurbonlik qiluvchilar soni ba’zan bir necha mingtaga yetib,

hamma narsani yeyish mumkin bo‘lmagan” (Пугаченкова Г., 1975: 41). Boshqa bir

yilnomada Desi ibodatxonasi asosiy Sidixan (Ishtixon) shahrining shimoliy-sharqida,

Yudi shahrini chetlab o‘tgan holda joylashganligini ko‘rsatib, bu dalilni to‘ldiradi.

Manbalarga ko‘ra, milodning birinchi asrida ham Ishtixon ibodatxonasiga

qimmatbaho sovg‘alar, jumladan tilla idishlar olib kirilgan.

Kaspiy dengizining sharqida joylashgan barcha mulklarda aholi Desi ruhiga

sig‘inishiga qaraganda, Ishtixon ibodatxonasini qaysidir ma’noda Avesto dini

panteoni bilan bog‘lash mumkin. Ishtixon hududida bu xudolarga ehtirom ko‘rsatish

qadim zamonlardan boshlanib, islom dini kirib kelgunga qadar davom etgan.

Ibodatxonaning shimoliy-sharqida, ya’ni tog‘ oldi zonasida joylashganligi va

chorvadorlar tomonidan har kuni ot, tuya, qo‘chqor kabi hayvonlar qurbonlik

qilinishi mahalliy chorvadorlar uni yuksak hurmat qilishini anglatadi. Miyonqol

vohasi ahamiyati shahar aholisi va dehqonlarning diniy mafkurasida kam bo‘lmagan.

G. Pugachenkova Miyonqolda olib borgan arxeologik qazishma ishlar natijasida

diniy jihatdan Eron zardushtiylik dini bilan mahalliy zardushtiylik dinining bir-

biridan farqi borligini ta’kidlaydi (Пугаченкова Г.А., 1989: 182).

XULOSA VA TAKLIFLAR
Ishtixon hududidan topilgan ossuariylar mazdakiylik kulti va zardushtiylik
e’tiqodlarining muhim arxeologik dalilidir. Ossuariylar zardushtiylik ta’limotiga
ko‘ra, jasadni tozalash marosimidan so‘ng suyaklarni saqlash uchun ishlatilgan.
Ularning shakli va bezaklari oddiy qo‘l mehnati bilan yaratilgan bo‘lib, ganjli
ossuariylar ham uchraydi. Ishtixon ossuariylari Sug‘d, Xorazm, Choch va Yettisuvda
keng tarqalgan ossuariy dafn etish usulining Avesto ko‘rsatmalariga mos kelishini
ko‘rsatadi.
Ishtixon ossuariylarini tarixiy tahlil qilish jarayonida quyidagi tavsiyalar ishlab
chiqildi:
-Ishtixon va uning atrofidagi hududlarda arxeologik qazishmalar davom
ettirilishi, yangi ossuariylar topilishi va ularning konteksti o‘rganilishi zarur.
- Ossuariylarning shakli, bezaklari, materiallari va ular bilan bog‘liq
marosimlarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning mazdakiylik
va zardushtiylik e’tiqodlari bilan bog‘liqligini aniqlash kerak.
- Ishtixon ossuariylari va ularning tarixiy-madaniy ahamiyatini targ‘ib qilish,
muzeylar va ko‘rgazmalarda namoyish etish, turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish
maqsadga muvofiq.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Адылов Ш. Т. (1996) Новые материалы к изучению рустака Файй //
ИМКУ. Вып. 27. – Самарканд.
2. Бичурин Н. (2017) Собрание сведение. II. – С. 312-313.
3. Бартолд В.В. (1914) К истории орошения Туркестана. СПб. – 117 с.
4. Массон М.Е. (1973) Самарқанд осори атиқаларига оид уч воқеа. –
Тошкент.
5. Пугаченкова Г.А. (1975) Иштиханский оссуарийновый памятник
согдийского искусства // Общественные науки в Узбекистане. № 3.
6. Пугаченкова Г.А. (1989) Древности Мианкаля. – Ташкент: Фан. – 185 с.
7. Пугаченкова Г.А. (1950) Элементы Согдийской Архетиктуры на
среднеазиатских терракотах // Труды института истории и археологии. Том II. –
Ташкент.
8. Раҳмонов H.Ў. (2016) Илк ўрта аср суғд қишлоқ маконларининг
ўрганилиш тарихига доир // Ўзбекистон археологияси. №2 (13)

9. Тургунов Б. (1963) О метоположении средневекого города Иштихан //

Ўзбекистонда ижтимоий фанлар. №11. – С. 54-55.

10. Ғойибов Б. (2020) Суғд тарихидан лавҳалар. – Самарқанд: СамДУ.

11. Ғойибов Б. (2018) Миёнкол воҳаси – Иштихоннинг Суғд

конфедерaциясининг ўрни ва ҳукмдорлик хусусиятлари // Марказий Осиё

тарихи ва Археологияси муоммолари. 2-қисм. – Самарқанд.

REFERENCES:
1. Adilov Sh. T. (1996) Novie materiali k izucheniyu rustaka Fayy // IMKU.
Vip. 27. – Samarkand. (In Russian)
2. Bichurin N. (2017) Sobranie svedenie. II. – S. 312-313. (In Russian)
3. Bartold V.V. (1914) K istorii orosheniya Turkestana. SPb. – 117 s. (In
Russian)
4. Masson M.E. (1973) Samarqand osori atiqalariga oid uch voqea. – Toshkent.
(In Uzbek)
5. Pugachenkova G.A. (1975) Ishtixanskiy ossuariynoviy pamyatnik
sogdiyskogo iskusstva // Obshestvennie nauki v Uzbekistane. № 3. (In Russian)
6. Pugachenkova G.A. (1989) Drevnosti Miankalya. – Tashkent: Fan. – 185 s.
(In Russian)
7. Pugachenkova G.A. (1950) Elementi Sogdiyskoy Arxetikturi na
sredneaziatskix terrakotax // Trudi instituta istorii i arxeologii. Tom II. – Tashkent.
(In Russian)
8. Rahmonov H. Oʻ. (2016) Ilk oʻrta asr sugʻd qishloq makonlarining oʻrganilish
tarixiga doir // Oʻzbekiston arxeologiyasi. №2 (13) (In Uzbek)
9. Turgunov B. (1963) O metopolojenii srednevekogo goroda Ishtixan //
Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. №11. – S. 54-55. (In Russian)
10. Gʻoyibov B. (2020) Sugʻd tarixidan lavhalar. – Samarqand: SamDU. (In
Uzbek)
11. Gʻoyibov B. (2018) Miyonkol vohasi – Ishtixonning Sugʻd
konfederasiyasining oʻrni va hukmdorlik xususiyatlari // Markaziy Osiyo tarixi va
Arxeologiyasi muommolari. 2-qism. – Samarqand. (In Uzbek)