ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Totemizm va fetishizmning bugungi kun turmush tarzida aks etishi

Abdurasulov Akmal O‘ralovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TOTEMIZM VA FETISHIZMNING BUGUNGI KUN TURMUSH TARZIDA
AKS ETISHI

THE REFLECTION OF TOTEMISM AND FETISHISM IN TODAY’S
LIFESTYLE

ПРОЯВЛЕНИЕ ТОТЕМИЗМА И ФЕТИШИЗМА В СОВРЕМЕННОМ
ОБРАЗЕ ЖИЗНИ
Abdurasulov Akmal O‘ralovich
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika
universiteti mustaqil tadqiqotchisi
Tel.: + 998 93 577-73-79
E-mail:akmal.abdurasulov86@gmail.com

Annotatsiya. Ushbu maqola totemizm va fetishizm kabi ilk diniy e’tiqodlarning
zamonaviy o‘zbek xalq madaniyatidagi davomiyligini o‘rganadi. Mavzu dolzarbligi
insoniyatning qadimiy madaniy merosini saqlash va transformatsiyasini tushunishda,
xususan, globalizatsiya sharoitida mahalliy urf-odatlarning islom dini bilan
simbiozini tahlil etishda namoyon bo‘ladi. Bu e’tiqodlarning bugungi kunda
o‘zbekistonliklarning kundalik hayoti, urf-odat va marosimlaridagi rolini oshkor etish
orqali madaniy identiklikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Tadqiqot maqsadi –
totemizm va fetishizmning o‘zbek xalqining urf-odatlarida, xususan, dafn
marosimlari, to‘y-ta’ziya va kundalik amaliyotlarda saqlanib qolgan ko‘rinishlarini
tizimli ravishda ko‘rsatish va ularning zamonaviy hayotdagi ta’sirini baholashdir.
Shuningdek, bu e’tiqodlar o‘zbek xalqining madaniy hayotining ajralmas qismi bo‘lib
qolganligi va ularni saqlash madaniy merosni himoya qilish uchun muhim ekanligi
ta’kidlanadi. Kelgusidagi tadqiqotlar uchun hududiy qiyosiy o‘rganishlar tavsiya
etiladi.

Kalit so‘zlar: Totemizm, fetishizm, kultlar, dafn marosimlari, kundalik
yumushlar, tumorlar, hayvonlar, muqaddas qadamjolar, Surxondaryo viloyati,
Farg‘ona hududi.

Annotation. This article explores the continuity of early religious beliefs such
as totemism and fetishism in contemporary Uzbek folk culture. The relevance of the
topic lies in understanding the preservation and transformation of humanity's ancient
cultural heritage, particularly in analyzing the symbiosis of local customs with the
Islamic religion in the context of globalization. By revealing the role of these beliefs
in the daily life, customs, and rituals of Uzbek people today, the article contributes to
the strengthening of cultural identity. The aim of the study is to systematically
demonstrate the surviving manifestations of totemism and fetishism in the rituals of
the Uzbek people, particularly in funeral rites, celebrations and commemorations, as

well as in daily practices, and to assess their impact on modern life. It is also

emphasized that these beliefs have remained an integral part of the cultural life of the

Uzbek people, and their preservation is important for the protection of cultural

heritage. Regional comparative studies are recommended for future research.

Key word: Totemism fetishism сults burial rites daily chores tumors animals

holiy sites Surkhandarya region Fegana area

Аннотация. В данной статье исследуется продолжение таких ранних

религиозных верований, как тотемизм и фетишизм, в современной узбекской

народной культуре. Актуальность темы проявляется в понимании сохранения и

трансформatsiи древнего культурного наследия человечества, в частности, в

анализе симбиоза местных обычаев с исламской религией в условиях

глобализatsiи. Раскрывая роль этих верований в повседневной жизни, обычаях

и обрядах узбекистанцев сегодня, статья вносит вклад в укрепление культурной

идентичности. Цель исследования – систематически показать сохранившиеся

проявления тотемизма и фетишизма в обрядах узбекского народа, в частности,

в похоронных обрядах, торжествах и поминках, а также в повседневных

практиках, и оценить их влияние на современную жизнь. Также

подчеркивается, что эти верования остались неотъемлемой частью культурной

жизни узбекского народа, и их сохранение важно для защиты культурного

наследия. Для будущих исследований рекомендуются региональные

сравнительные исследования.

Ключевые слова: Тотемизм, фетишизм, культы, погребальные обряды,

повседневные практики, туморы (культовые сооружения), животные,

священные места, Сурхандарьинская область, Ферганский регион.

KIRISH
Insoniyat tarixi davomida moddiy va ma’naviy madaniyatning yaxlit butunligi
xalqlarning urf-odat, qadriyatlar va e’tiqod tizimlarida o‘z aksini topgan. Bu jarayon
eng qadimgi ibtidoiy davrlardan boshlab, tabiat kuchlari oldidagi muhtojlik va
e’tiqodning ajralmasligi bilan boshlanib, din, falsafa, marosimlar va xalq ijodi orqali
rivojlangan. A.Ashirov ta’kidlaganidek, “Din, tarix, falsafa, qadriyatlar, urf-odat va
marosimlar shu muazzam daraxtning shoxlari, xalq ijodi, dunyoqarashi va fikriy
kashfiyotlari esa uning ildizidir” (Ashirov A., 2007: 5). Ushbu metafora insoniyat
madaniyatining chuqur ildizlarini – totemizm, animizm va agrar kultlarni –
zamonaviy e’tiqodlar bilan bog‘laydigan uzviylikni ta’kidlaydi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Asosiy manba sifatida A.Ashirovning “Oʻzbek xalq eʼtiqodlari” (2007) asari
tanlandi, unda Oʻrta Osiyo totemizm tarixi, arxeologik dalillar va mintaqaviy misollar

keltirilgan. Qoʻshimcha manbalar sifatida Murot O‘rozning turk asotirlari boʻyicha

maqolasi, Abu Ali Ibn Sino va Abu Rayhon Beruniyning tibbiy asarlari (isiriq

foydasi). Ilmiy maqolalar, arxeologik hisobotlar va etnografik kuzatuvlar tizimli tahlil

qilindi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot oʻzbek xalq madaniyatida totemistik eʼtiqodlarning saqlanishi
hamda ularning islomiy urf-odatlar bilan sintezini oʻrganishga qaratilgan boʻlib,
qadimgi totemlar (ot, boʻri, ilon, baliq, oʻsimliklar) va ularning marosimlardagi
(nikoh, beshik toʻyi, taʼziya, uloq) roli, shuningdek, asrovchi tumorlar (koʻzmunchoq,
isiriq, mehrigiyo) orqali zamonaviy koʻrinishlarini tahlil etishni oʻz ichiga oladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Insoniyat hayvonot olamidan o‘zini ajratib chiqqandan so‘ng tabiat oldida doimo
muhtoj bo‘lgan va e’tiqod hayotining ajralmas qismiga aylangan. Arxeologik
materiallar va tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, “Oʻrta Osiyoga islom kirib
kelguniga qadar ajdodlar e’tiqodi, oʻlib qayta tiriluvchi tabiat kulti va agrar kultlar,
kabi mahalliy kultlar bilan birga zardushtiylik, shomoniylik, buddaviylik, moniylik,
xristianlik kabi dinlar ham keng tarqalgan” (Ashirov A., 2007: 20).
Insonlarning kundalik mashg‘uloti ularning e’tiqodida ham namoyon bo‘lib
turgan. Ibtidoiy davrlarda o‘troq va ko‘chmanchi odamlar hayotidagi mashg‘ulotlari va
urf-odatlarida ilk diniy e’tiqodlar turlicha bo‘lgan. Chorvador aholi hayoti dala-dasht
bilan bog‘liq bo‘lgani bois totemistik e’tiqodlar kuchli bo‘lgan. O‘troq aholi
hayotidagi totemistik e’tiqod belgilari bugungi kungacha saqlanib qolgan.
Yurtimizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Jizzax va boshqa hududlarida ham
totem bilan bog‘liq marosimlar nikoh to‘yi, beshik to‘yi va ta’ziya marosimlarida ham
saqlanib kelmoqda. Azaldan xalqimizda o‘simliklar bilan bog‘liq totemlar e’tiqodi
kuchli bo‘lgan. Misol uchun anjir, yong‘oq, jiyda, xurmo daraxtlariga insonlar
boshqacha e’tibor qaratgan. Surxondaryo viloyatida (Sherobod, Qiziriq, Jarqo‘rg‘on,
Muzrobod) anjir daraxti hozirgi kunda ham uy hovlisi tomorqalariga ekilmaydi. Anjir
daraxtining qurib qolgan poyalarini yoqish mumkin emas deb aytib kelinadi. Sababi bu
daraxtda dev jin va ajinalar makon qilgan bo‘lib, insonlarga ziyon keltirishi mumkin,
shu sabab yashash manzillardan uzoqroqda bo‘lishgan. Anjir daraxti boshqa
daraxtlarga nisbatan mo‘rt bo‘lganligi bois oson sinadi. Odamning anjir daraxtidan
yiqilishini jin va ajinalarni itarib yubordi deb aytishlari hali-hanuz uchrab turadi.
Yong‘oq daraxti tagida uxlash, uni yoqish odamlar tomonidan man etib kelingan.
Yong‘oq daraxtining gullaganini ko‘rgan odam qo‘rqsa og‘zi burni qiyshayib shol
bo‘lib qoladi, degan gaplar bugungi kunda ham uchrab turadi. Bugungi kunda
yurtimizning ko‘plab hududlarida hayvonlar, qushlar, sudralib yuruvchilar va hatto

hasharotlar bilan ham bog‘liq totemistik e’tiqodlar saqlanib qolgan. “Qadimgi turkiylar

ilohiy moʻjiza boʻlmish otga gapiradigan, ucha oladigan aqlli maxluq sifatida

qaraganlar. Turmushda muhim oʻrin tutgan ot muqaddaslashtirilib, topinish (kult)

darajasigacha koʻtarilgan” (Ashirov A., 2007: 20).

Dunyoning ko‘plab hududlarida ot bilan bog‘liq e’tiqodlar azaldan bor bo‘lib,

bugungi kungacha saqlanib qolingan. “Insonni tirikligida minib yurgan oti bilan birga

koʻmish odati miloddan avvalgi VII-VIII asrlardagi skiflar davridan to milodiy VII

asrgacha davom etgan. Bu marosim asosan VI asrda Turk xoqonligida keng tarqalgan

edi” (Ashirov A. 2007: 21)

Qadimgi turkiy xalqlarda ot muqaddas hayvon sifatida qaralib, ot egasi vafot etsa,

otni egar jabdug‘i va anjomlari bilan birga ko‘mishgan. Agar, vafot etgan erkak

kambag‘al bo‘lsa, ot egarini qo‘shib ko‘mishgan. Bugungi kunda yurtimizning ko‘plab

hududlarida otning taqasini hovli eshigi tepasiga osib qo‘yish odati hali-hanuz saqlanib

qolingan. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “eskicha” o‘qiydigan va

“kinnachi” ayol va erkaklar ot qamchisi bilan davo istab kelgan kishini duolar o‘qib,

tanasiga qamchi bilan urib, undagi ins-jinslarni haydaydi. Uloq (ko‘pkari) o‘yiniga

borishdan oldin qamchi bilan boshi va tanasini silab ot devi asrashini so‘rab duo

qilishadi. Ot sigirga o‘xshab kovush qaytarmaydi. Shu sabab otning kovush

qaytarganini hech kim ko‘rmagan. Ot kovush qaytarganda og‘zidan olov chiqadi,

kimda-kim buni ko‘rganda qo‘rqsa, aqli zaif, shol bo‘lib qoladi. Agar qo‘rqmasa boy-

badavlat bo‘lib ketadi degan naql hali hanuz xalqimiz orasida yuradi. Bugungi kunda

ot bilan bog‘liq yana bir qiziqarli diniy marosim mavjud. Vafot etgan kishining oila

a’zolarida yana o‘lim qayd etilsa, oldingi vafot etgan kishining qabri ustidan otni

sakratishadi. Agar ot sakrasa mayit tinch yotibdi, agar sakramasa bezovta deb

mayitning bosh suyagi olinib majaqlanadi va yana ko‘mib qo‘yiladi. Bugungi kunda

voha tomonlarda otning yolidan va dumidan tumorlar yasab, uni taqib yoki beshikka

ilib qo‘yish uchrab turadi.

“Yovvoyi hayvonlar orasida bo‘ri totemi eng ko‘p tarqalgan totem sifatida

qaraladi. Oʻtmishda juda koʻp urugʻ-qabilalar boʻrini oʻz totemi – ilk ajdodi deb

hisoblaganlar. Jumladan, qadimiy afsonalarda boʻri turkiy qabilalardan bir qismining

buyuk ajdodi sifatida ulugʻlangan, va shu boisdan, u turkiy xalqlarda muqaddas

hayvon sanalgan. Boʻri totem sifatida qabul qilingach, ota-ona kabi xaloskor, yoʻl

koʻrsatuvchi, qahramonlarga yordam beruvchi, shavkatli, jasoratli, yaxshiliksevar

jonzod sifatida tanilgan. Bundan tashqari, xalqimizning boʻri bilan bogʻliq afsona va

rivoyatlarida u odamlarni barcha kulfatlar, kasalliklar va yovuzliklardan asrovchi

homiy himoyachi sifatida ham tasvirlanadi” (Ashirov A., 2007: 15).

Bo‘riga bo‘lgan e’tiqod turli nomlar bilan atalishiga sabab bo‘lgan. “Qadimgi

turk asotirlarida boʻri, rangiga koʻra, koʻk boʻri, oq boʻri, qizil boʻri deb atalgan. U

turk asotirlarida boʻri, boʻrta, boʻrju, ossano, sino, jino, jina, jinu, yashqar, qashqir,

qurt nomlari bilan yuritiladi” (Мурот Ў., 1991: 11). Odamlar bugungi kunda bo‘rining

tishi, terisi, tirnog‘ini ayrim e’tiqodlarda ko‘plab ishlatishadi. Ayniqsa urg‘ochi

bo‘rining jinsiy a’zosini tumor qilib taqish, ko‘r-ko‘rona ishonish afsuski, xalqimiz

orasida uchrab turibdi. Farzandsiz ayollar bo‘ri tishini va tirnog‘ini taqib yursa

farzandli bo‘ladi degan e’tiqod yurtimizning vodiy va voha maskanlarida ko‘plab

uchrab turadi. Agar chaqaloq tishi bilan tug‘ilsa o‘g‘il bola bo‘lsa, Bo‘ri, Bo‘rivoy, qiz

bola bo‘lsa, Bo‘rixol ismlarini qo‘yish hali ham davom etib kelmoqda. Xalqimiz

orasida bo‘ri bilan bog‘liq bir udum bor – bo‘riga itlar bas kelishi qiyin, faqat sirtlon

oyoqli (boshqa itlarning tirnog‘iga nisbatan bitta tirnog‘i ortiqcha bo‘ladi) itgina bas

kela oladi. Agar, sirtlon oyoqli it tug‘ilsa, bo‘rilar albatta o‘ldirgani keladi. Shu sabab

sirtlon oyoqli itni asrab-avaylashgan. “Oʻzbeklarda boʻri tumorlarini yosh bolalar bilan

birga katta yoshlilar ham taqib yurgan. Turkiy barloslar oʻzlari bilan birga boʻri

oshigʻini olib yurganlar. Fargʻona vodiysi oʻzbeklarida erkaklar boʻri tirnogʻi va

tishlarini osib yurish odamni yomon koʻzdan asraydi deb hisoblab, boʻri poʻstagini

solib oʻtirganlar” (Ashirov A., 2007: 18). Bunday tumorlarni bugungi kunda ham

xalqimiz orasida ko‘plab uchratishimiz mumkin. O‘zim guvohi bo‘lgan Surxondaryo

viloyati Qiziriq tumanidagi har yakshanba kuni bo‘ladigan “Jahon bozorida” bo‘riga

tegishli butun tana a’zolari sotiladi. “Vodiy oʻzbeklarida boʻri tanasidan qilingan

tumorlarni sotish taqiqlangan, uni faqat sovgʻa qilish mumkin boʻlgan. Bunday tumor

ayol kishiga sovgʻa qilinsa, bu ayol ham sovgʻa uchun sovgʻa bilan siylagan. Ya’ni u

tumor sovgʻa qilgan odamga belbogʻ yoki doʻppi tikib bergan. Fikrimizcha, bu odat

qadimgi egzogamik (oʻz qabilasidagi, urugʻidagi kishiga uylanish yoki erga tegishni

man qiluvchi) nikoh bilan bogʻliq boʻlsa kerak” (Ashirov A., 2007: 18).

Surxondaryo viloyatida bo‘ri bilan bog‘liq yana bir urf-odat bo‘lib, buni asosan

cho‘ponlar qilishadi. Otib o‘ldirilgan bo‘rini itlarga ko‘rsatib, qonini yalatishadi va

terisini itning ustiga yopishadi. Aytishlaricha, bu odat bo‘ribosar itlarni kuchli qilib,

bo‘ri hidini oldindan sezishga yordam berar ekan. “Boʻriga ilohiy homiy sifatida

ishonishni Fargʻona vodiysidagi ba’zi bir afsungarlik usullari bilan oʻgʻrini topish

odatida ham kuzatish mumkin. Namangan viloyati Kosonsoy, Chust, Yangiqoʻrgʻon

tumanlarida oʻgʻri deb gumon qilingan kishini aybiga iqror qildirishda boʻri payi

olovga tashlangan va turli duolar oʻqilgan. Ajdodlarimiz aynan shu holatda oʻgʻrining

talvasaga tushib, oʻmargan narsani qaytarib berishiga ishonganlar. Andijonda boʻri

payi oʻtga tashlansa oʻgʻrining qoʻl va oyoqlari shunchalik tortishadiki, natijada u

tuzalmas xastalikka giriftor boʻladi, deb hisoblangan. Shuning uchun boʻri payini

kuydirishdan oldin, tevarak-atrofdagilar, mahalla ahli, qishloq jamoasi xabardor

qilingan. Qolaversa, boʻri bosh suyagi uyning kiraverishiga osib qoʻyilsa, koʻz

tegmaydi va turli balo-qazolar ushbu xonadonga zarar yetkazmaydi degan fikr

bildirilgan” (Ashirov A., 2007: 18-19). Biroq, bugungi kunda bo‘ri qizil kitobga

kiritilib, ovlash va o‘ldirish taqiqlansa-da, odamlar tomonidan hali ham urf-odat va

marosimlar uchun noqonuniy ravishda ovlanib kelinmoqda.

Yana bir jonzot totemi bor-ki, u azaldan totem bo‘lib, bugungi kunda ham

davom etib kelmoqda. Ilon totemi azaldan odamlarga yaxshilik yo‘lida hamroh deb

qaralgan. Ilonlar ichida ayniqsa oq ilon, ko‘lvor ilon, kapcha ilonlar boshqacha

qadrlangan. Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan topilgan mil.avv II-ming yillikka oid

ikki ilon toshda chirmashib turganligi aks etgan. Bu tasvir kun va tunni yoki yaxshilik

va yovuzlikni aks ettirgan bo‘lsa kerak. Oq ilonni o‘ldirish qat’iyan man etilgan.

Agar u ko‘rinsa ustiga un sochishgan. Ilon ketmagunicha uni haydashmagan. Ilon

po‘stidan turli tumorlarni ichiga solib, taqib yurish odati hali hanuz uchrab turadi.

Bugungi kunda voha tomonlarda ilon po‘stidan dori vositasida ham foydalanib

kelishadi. Eskicha o‘qiydigan va kinnachi ayollar ilon po‘stidan inson tanasidagi jinni

haydashda foydalanib kelishadi. Surxondaryo viloyatining ba’zi tumanlarida ayolning

to‘lg‘oq azobini yengib o‘tish uchun ilon po‘stini suvga solib ichirishadi. Yangi

tug‘ilgan chaqaloq beshigiga ilon po‘stidan solib qo‘yishadi. Bu odat bolani doimo

turli balo-qazolardan asraydi deb bilishadi. Ilonni o‘ldirgandan keyin uni olovda

yoqib yuborishadi. Agar yoqilmasa jufti izlab kelib, qasos oladi degan naql hali

hanuz mavjud. Ilonni kimda kim tushida ko‘rsa boy badavlat bo‘lib ketadi degan naql

bor, shu sabab xalqimizda “tushda ko‘rsang ganch, o‘ngda ko‘rsang yanch” deb

aytishgan. Ilonlarni aksariyat holatda o‘ldirish man etilgan.

Baliq totemi ham bugungi kunda qisman saqlanib kelayotgan totemlar sirasiga

kiradi. Baliq bilan bog‘liq e’tiqodlar muqaddas ziyoratgohlar va buloqlarda ko‘proq

kuzatiladi. Surxondaryo viloyati Boysun tumani Sayrob qishlog‘ida shundoq katta

yo‘l yoqasida bir buloq bo‘lib, uni odamlar muqaddas ziyoratgohga aylantirgan.

Buloqqa qarama-qarshi tomonda yoshi 900 yoshlardagi azim chinor ham bor.

Buloqdagi baliqlarni ushlash uni iste’mol qilish qat’iyan man etilgan. Shu hududda

yashovchi keksalarning aytishicha, bu baliqni ushlagan va yegan kishi pes-mohov

kasaliga duchor bo‘lib ko‘p yashamaydi deyishadi. Buloq suvini odamlar navbatda

turib olishadi, suvga tushish yoki qo‘l bilan ichish taqiqlangan. Aslida buloqlarning

dinga yoki e’tiqodga umuman aloqasi yo‘q. Odamlar buloq suvini iflos qilmasligi

uchun shunday rivoyat yoki afsonalar to‘qib chiqarilgan. Shu qishloqda yashovchi

odamlarning aytishicha, befarzand ayollar erta saharda kelib buloq suvini olib niyat

qilib ichsa albatta maqsadiga erishadi deb aytib kelinadi. “Hozirga qadar Fargʻona

vodiysining Chust shahrida Mavlono buva, Chortoq tumanidagi Baliqlikoʻl

qadamjolaridagi baliqlar muqaddas hisoblanib, ularni tutish, yeyish man qilingan.

Ayniqsa, muqaddas joylar buloqlaridagi baliqlar aziz, ularga qaragan kishi

kasallikdan xalos boʻladi deb hisoblangan. Mahalliy odamlarning ta’kidlashlaricha,

ushbu ziyoratgohlardagi baliqlarni tutgan yoki yegan odamlar pes, mohov kabi

davosiz xastaliklarga chalinar yoki oʻsha zahotiyoq halok boʻlar ekanlar” (Ashirov

A., 2007: 29-30). Bundan ko‘rinib turibdiki, yurtimizda buloqlar bilan bog‘liq

ziyoratgohlarda baliqlar e’zozlanib ilohiylashtirilgan.

Qushlar bilan bog‘liq totemlarda esa kabutar, musicha va qaldirg‘och qushlari

eng ko‘p tarqalganlar sirasiga kiradi. Kabutar odamlar tomonidan tinchlik va

osoyishtalik ramzi sifatida ardoqlanib kelingan. Voha tomonlardagi balog‘at yoshiga

yetgan qizlar kashta tikkanlarida ikkita uzuk va tepasida turgan kabutar suratini aks

ettirgan, bular yosh oilaning tinchlik va sadoqat ramzini bildirgan.

Xalqimiz orasida bugungi kunda omad keltiruvchi buyumlar, tumorlar, odamlar

hayotining bir qismiga aylanib ulgurgan. Bu buyumlar aslida insonga xizmat qilmasa-

da, azaldan davom etib kelayotgan e’tiqodning bir ko‘rinishi, xolos. Xalqimiz orasida

qo‘liga ko‘z-munchoq taqib yuradigan ayollar hali hanuz uchrab turadi. Qo‘ldagi

ko‘zmunchoq turli yomon nazarlardan, suqlardan asraydi deya ishonishadi.

Yurtimizning deyarli barcha hududlarida yosh bola tug‘ilgach qo‘liga ko‘zmunchoq

taqib qo‘yishadi. Bu jarayon bolani turli yomon nazarlardan asraydi deb ishonishadi.

Hatto katta o‘spirin yoshdagi qizlar ham qo‘liga ko‘zmunchoq taqib yurish holatining

guvohi bo‘lish mumkin. Surxondaryo, Qashqadaryo hududida yashovchi polvonlar

ko‘p hollarda ko‘zmunchoqni oq va qora ipdan o‘tkazib, kiyimi ichidan taqib

yurishadi. Uloq (ko‘pkari) chopadigan polvonlar otlarining bo‘yin qismiga katta

ko‘zmunchoq taqib qo‘yishadi, bu otga tushadigan turli nazarlar va suqlardan asraydi

deb bilishadi. Asrovchi buyumlar orasida isiriq eng ko‘p tarqalgan va davom etib

kelayotgan buyum sifatida qaraladi. Isiriq tutuni odamlarni, hayvonlarni turli nazar

yomon ko‘zlardan asraydi deb kelishadi. Isiriqni kinnachi va eskicha o‘qiydigan

kishilar yomon nazarlarni ko‘zlarni haydashda va tozalashda ishlatishadi. Aslida

isiriqning hech qanday diniy e’tiqod bilan aloqasi yo‘q. Isiriq asosan tabobatda

ishlatiladi. “Abu Ali Ibn Sino isiriqni kuymich asablari shamollaganida, tizza va

suyaklar qaqshab og‘riganida, og‘riq qoldiruvchi omil sifatida ishlatishni tavsiya

etgan. U isiriqdan kuchli siydik haydovchi omil sifatida foydalangan. Isiriqning sut

shirasiga 10 kun davomida shimdirilgan bir tutam paxta yoki junli mato qichima

bilan og‘rigan bemorlarga surtilsa, ular anchagina taskin topishi haqidagi ma’lumot

ulkan ensiklopedist olim Abu Rayhon Beruniyning «Kitob as-saydana fit-tibb»

asarida keltirilgan”.

Asrovchi va omad keltiruvchi buyumlar orasidagi tumorlar ham bugungi kunda

saqlanib kelinayotgan e’tiqodlar sirasiga kiradi. Tumorlar asosan yog‘ochdan,

suyakdan, toshdan va matodan tayyorlanadi. Yog‘ochdan tayyorlanayotgan tumorlar

asosan tut va qayrag‘och daraxtidan bo‘ladi. Va bu tumorlar asosan tolning beshigi

bosh qismiga taqib qo‘yilib bolani turli yomon narsalar va nazarlardan asraydi deb

bilishadi. Bola bu osilgan tumorlarni qo‘li bilan o‘ynab ham ovunib turadi. Matodan

yasalgan tumorlarni maxsus kishilar, ya’ni dindan xabari bor eskicha o‘qiydigan

kinnachi kishilar, asosan ayollar tayyorlashadi. Bu tumor tarkibini mato, duo yozilgan

qog‘oz, tuz, ba’zan qalampir tashkil etadi. Aytishlaricha, bu tumorni taqib yurgan

kishilar yomon nazarlardan holi bo‘lar emish. Bugungi kunda biror bir kishini o‘ziga

og‘dirib olmoqchi bo‘lsa, tumor ichiga uning ismini yozdirib, orqasiga allaqanday

duolar bitilar ekan va bu o‘sha insonga ta’sir qilar ekan. Bunday e’tiqod ko‘rinishi

asosan voha tomonlarda ko‘p uchraydi. Hatto mato tumorlar, uloqchi otlarning ham

bo‘yniga taqib qo‘yiladi. Suyakdan yasalgan tumorlar asosan qo‘yning ilik suyagidan

yasalib, ko‘zmunchoq bilan birga taqilgan. Bundan tashqari qo‘yning orqa oyog‘idagi

kichkina suyak ya’ni oshig‘i etdan tozalanib bolaning (o‘g‘il bola) beshigiga solib

qo‘yilgan, bu odat bola o‘ynaydigan paytga yetganda olib o‘ynaydi deb amal

qilishgan. Xalqimiz islom diniga e’tiqod qiladi. Islom dini yakka xudolikka

asoslangan bo‘lishiga qaramay, turli asrovchi buyumlarga ko‘r-ko‘rona e’tiqod qilib

kelayotgan kishilar ham bor. Poytaxtimizning Zangiota ziyoratgohi, Hasti imom

majmuasi va shunga o‘xshash ziyoratgohlarda bunday tumorlarni ko‘plab

uchratishimiz mumkin. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Surxondaryo viloyati

Sherobod tumanidagi adirning tepasida joylashgan Hazrati Ahdam sahoba majmuasi.

Bu ziyoratgohda turli tumorlarni uchratishimiz mumkin. Shu hududda yashovchi

odamlarning so‘zlariga qaraganda bu tumorlar turli balo-qazolardan asraydi deb

aytishadi. Surxondaryo hududida yog‘ochdan yasalgan tumorlarni “to‘dana” deb

ataydilar. Bundan tashqari yana bir omad keltiruvchi buyum sifatida qaraladigan,

odamlar tomonidan bugungi kunda ham ishlatilib kelinayotgan mehrigiyo (bechor)

haqida so‘z yuritsam. Mehrigiyo tuyoqli hayvonlarning (asosan qo‘y, qisman echki

va qoramollar) oshqozonidan chiqadigan yumaloq shakldagi buyumdir. Bu

buyumning chiqishi o‘sha qo‘y so‘yilgan xonadonga ezgulik va baxt-saodat ramzi

sifatida qaraladi. Mehrigiyoni ko‘proq uyning kiraverish eshigi tepasiga osib

qo‘yiladi. Bu uyga kelgan begona kishilarning nazar va suqlaridan asraydi deb

ishonishadi. Mehrigiyo sehr joduda ham ishlatiladi, folbinlik bilan shug‘ullanuvchi

kishilar yovuz ruhlarni haydashda undan foydalanadi. Bu buyum aslida qo‘ylar o‘z

yunglarini yalab yutishadi. Yutilgan sochlar oshqozonda (qo‘ylarda ko‘p kamerali

oshqozon bo‘lgani uchun, odatda, shirdonda) to‘planib qoladi. Vaqt o‘tishi bilan bu

sochlar oshqozon shirasidagi moddalar va ozuqalangan o‘tlar bilan aralashib, qattiq,

toshsimon tugun (bechor) hosil qiladi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Din insoniyat hayotining ajralmas qismi boʻlib kelgan. Bugungi kunda oʻzbek
xalqi islom diniga eʼtiqod qilsa-da, qadimgi diniy eʼtiqodlarning turli shakllari
hayotning organik boʻlagi sifatida saqlanmoqda. Ilk totemistik va animistik unsurlar

islomiy urf-odatlar bilan sintezlanib, yangi koʻrinishda davom etib, kundalik

amaliyotlarda namoyon boʻlmoqda.

Qadimgi turkiy ajdodlarning tabiatga sigʻinishi – ot, boʻri, ilon, baliq va oʻsimlik

totemlari – marosimlarda (nikoh, beshik toʻyi, taʼziya, uloq) hamda asrovchi

tumorlarda (koʻzmunchoq, isiriq, mehrigiyo) uzluksiz saqlanib qolgan. Arxeologik

topilmalar, tarixiy manbalar (Ashirov, 2007; Мурот Ў., 1991) va 2024-2025-

yillardagi dala tadqiqotlari bu jarayonni tasdiqlaydi. Totemlar psixologik barqarorlik

va ijtimoiy birdamlikni taʼminlashdan tashqari, gigiyena (muqaddas buloqlar

muhofazasi), xalq tabobati (isiriq, ilon poʻsti) va ekologik muvozanat (boʻri totemiga

bogʻliq noqonuniy ov) kabi funksiyalarni bajaradi. Ushbu sintez islomning

monoteistik prinsiplariga qaramay, xalq eʼtiqodining madaniy uzviyligi va

moslashuvchanligini yaqqol namoyon etadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ashirov A. (2007) O‘zbek xalqining qadimiy etiqod va marosimlari. –
Toshkent.
2. Асқаров А. (2007) Ўзбек халқининг этногенези ва этник тарихи. –
Тошкент: Университет.
3. Бичурин Н.Я. (1950) Собрание сведений о народах, обитавших в
Средней Азии в древние времена. Т. II. – Москва: Лелинград.
4. Баратов С.Р. (2016) Древнейшие этапы развития городской культуры
Хорезмского оазиса // Материалы международной конференции: “Ўзбекистон
археологияси Мустақиллик йилларида: ютуқлар ва истиқболлар” 15-16 сентябр.
– Самарканд.
5. Dala yozuvlari. Surxandaryo viloyati Sherabod tumani (2025).
6. Мурот Ўроз (1991) Турк асотирлари // Сирли олам. - № 6.
7. Толстов С.П. (1964) Қадимги Хоразм маданиятини излаб. – Тошкент:
Фан нашриёти.
8. https://fati.uz

REFERENCES:
1. Ashirov A. (2007) O‘zbek xalqining qadimiy etiqod va marosimlari. –
Toshkent. (In Uzbek)
2. Asqarov A. (2007) Oʻzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. – Toshkent:
Universitet. (In Uzbek)
3. Bichurin N.Ya. (1950) Sobranie svedeniy o narodax, obitavshix v Sredney
Azii v drevnie vremena. T. II. – Moskva: Lelingrad. (In Russian)
4. Baratov S.R. (2016) Drevneyshie etapi razvitiya gorodskoy kulturi
Xorezmskogo oazisa // Materiali mejdunarodnoy konferensii: “Oʻzbekiston

arxeologiyasi Mustaqillik yillarida: yutuqlar va istiqbollar” 15-16 sentyabr. –

Samarkand. (In Russian)

5. Dala yozuvlari. Surxandaryo viloyati Sherabod tumani (2025). (In Uzbek)

6. Murot Oʻroz (1991) Turk asotirlari // Sirli olam. - № 6. (In Uzbek)

7. Tolstov S.P. (1964) Qadimgi Xorazm madaniyatini izlab. – Toshkent: Fan

nashriyoti. (In Uzbek)

8. https://fati.uz