26.
TURK TILIDA FITOMORF BIRLIKLARNING
LINGVOKULTUROLOGIK TALQINI
LINGUOCULTUROLOGICAL INTERPRETATION OF
PHYTOMORPHIC UNITS IN TURKISH
ЛИНГВОКУЛЬТУРОЛОГИЧЕСКАЯ ИНТЕРПРЕТАЦИЯ
ФИТОМОРФНЫХ ЕДИНИЦ В ТУРЕЦКОМ ЯЗЫКЕ
Salimova Zebo Rustam qizi
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
Turkshunoslik oliy maktabi v.b. dotsenti, Phd
Tel.: +998 90 936-83-63
E-mail: zebosalimova1990@gmail.com
Orcid: 0009-0001-9977-3948
Annotatsiya. Ushbu maqolada turk tilida o‘simlik nomlariga asoslangan
frazeologik birliklar — fitomorf frazeologizmlarning lingvokulturologik jihatdan
tahlili yoritiladi. Tadqiqotda o‘simlik nomlarining xalq tafakkuridagi ramziy
ahamiyati, milliy dunyoqarashni shakllantirishdagi o‘rni va madaniy konnotatsiyalari
izohlanadi. Maqolada misollar orqali turk tilidagi fitomorf birliklarning semantik va
konseptual xususiyatlari ochib berilgan. Tilda fitonimlarning badiiy tasvir uchun
xizmat qilishi, ularning badiiy san’atlarni hosil qilishdagi ahamiyatini koʻrsatish, turk
tili fitonimiyasini boyitish uchun xizmat qiladi. Meva va o‘simlik nomlari orqali inson
qiyofasini aks ettirish, ularning xarakterlarini ochib berishda tilning so‘z boyligiga
e’tibor qaratiladi. Maqolada fitonimlarning badiiy tasvir uchun xizmat qilishi, ularning
badiiy san’atlarni hosil qilishdagi ahamiyati (meva, anor, gul, savsani, sumbul, sarv,
noranji, binafsha, nargis, lola, shamshod, bugʻdoy, arpalar) oʻxshatish, tashbeh, tashhis
kabi she’riy san’atlarni yaratishda muhim leksik vosita vazifasini bajarganligi
koʻrsatilgan.
Kalit so‘zlar: fitomorf birlik, lingvokulturologiya, frazeologizm, ramz, milliy
tafakkur, turk tili, xarakter, metafora.
Abstract. This article provides a linguocultural analysis of phraseological units
based on plant names in the Turkish language - phytomorphic phraseologisms. The
study explains the symbolic significance of plant names in folk thought, their role in
the formation of the national worldview, and their cultural connotations. The article
reveals the semantic and conceptual features of phytomorphic units in the Turkish
language through examples. The use of phytonyms in the language for artistic
expression, their importance in the creation of artistic works, and the enrichment of the
phytonyms of the Turkish language. Attention is paid to the richness of the language's
vocabulary in reflecting the human image through the names of fruits and plants,
revealing their character. The article shows that phytonyms serve for artistic imagery,
their importance in creating artistic works (fruit, pomegranate, flower, hyacinth,
hyacinth, cypress, orange, violet, daffodil, tulip, shamrock, wheat, barley), and serve
as an important lexical tool in creating poetic works such as simile, allegory, and
diagnosis.
Keywords: phytomorphic unity, linguoculturology, phraseology, symbol,
national ideology, Turkish language, character, metaphor.
Аннотация. В данной статье представлен лингвокультурологический
анализ фразеологических единиц, основанных на названиях растений в турецком
языке – фитоморфных фразеологизмов. В исследовании раскрывается
символическое значение названий растений в народной мысли, их роль в
формировании национального мировоззрения и их культурные коннотации. В
статье на примерах раскрываются семантические и концептуальные особенности
фитоморфных единиц в турецком языке. Рассматривается использование
фитонимов в языке для художественного выражения, их значение в создании
художественных произведений, а также обогащение фитонимического состава
турецкого языка. Уделяется внимание богатству словарного состава языка в
отражении образа человека через названия плодов и растений, раскрытии их
характера. В статье показано, что фитонимы выполняют функции
художественной образности, их значение в создании художественных
произведений (фрукт, гранат, цветок, гиацинт, гиацинт, кипарис, апельсин,
фиалка, нарцисс, тюльпан, трилистник, пшеница, ячмень), а также служат
важным лексическим средством в создании поэтических произведений, таких
как сравнение, аллегория, диагноз.
Ключевые слова: фитоморфное единство, лингвокультурология,
фразеология, символ, национальная идеология, турецкий язык, персонаж,
метафора.
KIRISH
Til va madaniyat o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, xalq tafakkuri, turmush tarzi
va qadriyatlarini o‘zida mujassam etadi. Tilning frazeologik tizimi esa bu jarayonning
eng yorqin ifodalaridan biridir. Xususan, o‘simlik nomlariga asoslangan frazeologik
birliklar — fitomorf frazeologizmlar — xalqning tabiatga munosabati, estetik
qarashlari va milliy ruhini aks ettiruvchi lingvokulturologik birliklar sifatida muhim
o‘rin tutadi.
Frazeologik birliklarning mazmuni ko‘pincha insonning tabiat bilan bevosita
aloqasi natijasida shakllangan. Ayniqsa, o‘simlik nomlariga asoslangan fitomorf
frazeologizmlar xalqning ekologik tafakkuri, mehnat faoliyati va estetik qadriyatlari
bilan chambarchas bog‘liqdir. O‘zbek va turk xalqlari qadimdan o‘simliklar olamiga
alohida ehtirom bilan qaragan, bu esa ularning tili va folklorida keng aks etgan.
Bugungi globallashuv davrida milliy tafakkurni saqlab qolish hamda uni qiyosiy-
lingvokulturologik tahlil asosida o‘rganish dolzarb ilmiy vazifa sifatida qaralmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek va turk tillaridagi fitomorf frazeologizmlarni tahlil qilish,
ularning semantik xususiyatlarini, milliy-madaniy mazmunini ochib berish
lingvokulturologiyaning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Turk tilida bunday birliklar nafaqat semantik, balki ramziy jihatdan ham boy
ma’noga ega bo‘lib, ko‘p hollarda inson fe’l-atvori, his-tuyg‘usi va ijtimoiy
munosabatlarni ifodalashda ishlatiladi. Turk xalqi uchun o‘simliklar qadimdan
muqaddas ramzlar bo‘lib, ular hayot, tabiat, go‘zallik, baraka, sadoqat va ezgulik
timsoli sifatida talqin qilingan. Shu bois turk tilida “gül”, “ağaç”, “diken”, “zeytin”,
“asmalık”, “meyve”, “çiçek” kabi o‘simlik nomlari xalq og‘zaki ijodida ham, kundalik
nutqda ham boy ramziy ma’nolarga ega bo‘lgan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur maqolada fitonim nomlari bilan bog‘liq ismlarning turk tili olam lisoniy
manzarasini ifodalovchi vosita ekanligini dalillash maqsadida turk tilidagi fitomorf
birliklarning lingvokulturologik talqinini o‘rganish vazifasi qo‘yilgan. Tilshunoslikda
fitonimlarning lingvistik tabiati, ko‘chimni shakllantirishdagi o‘rni, lison va nutqda
qo‘llanish darajasi kabilar o‘rganilgan. Chunonchi, ingliz tili fitonimlarining tahlili
J.Rasa(1988), D.Xuk, U.Krishke, D.Herman (2000) kabilarning ishlarida amalga
oshirilgan. Mazkur ishlarda fitonimlarning strukturasi, semantikasi, tasnifi, so‘z
yasashdagi o‘rni kabilar diaxron va sinxron aspektda o‘rganilgan. Rus tili
fitonimlarining etnobotanik, terminologik, strukturaviy, semantik xususiyatlari va
leksikografik talqini O.P.Ryabko, T.V.Soy, S.Y.Dubrovina, A.M.Letova kabilarning
tadqiqotlarida tahlilga tortilgan. O.P.Ryabko (2000) O‘zbek tilshunosligida
fitonimlarning strukturaviy-funksional, leksiksemantik, tarixiy-etimologik tahlili
X.Jamolxonov, Y.Eshonqulov, G.X.Nigmatova kabilar tomonidan qisman
o‘rganilganligi bir qator tadqiqotlarda berilgan (Muqimova G., Salimova Z., 2023).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqola mavzusini yoritishda tavsiflash, tasniflash, qiyoslash, lingvomadaniy
tahlil usullaridan foydalanildi. Turk tilidagi fitomorf birliklarning lingvokulturologik
talqinini o‘rganish uchun mazkur tildagi fitomorf birliklar yig‘ib chiqildi. Ushbu
birliklarning o‘zbek tilidagi muqobili jadvalga solib tahlil qilindi. Tasvirlash obyektlari
o‘rtasidagi farqlar qiyosiy o‘rganildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Nutqda inson obrazining yaratilishida fitonimlar muhim rol o‘ynaydi. Zero, inson
hayoti flora bilan uzviy bog‘liqdir. Tilshunos olimlarning o‘simlik dunyosiga alohida
e’tibor qaratishining birinchi sababi shu bo‘lsa, ikkinchidan, o‘simliklar bilan aloqador
til birliklari xalqning olam lisoniy manzarasida asosiy o‘rinlardan birini egallaydi.
Fitonimlar xalq tafakkuridagi mifologik, diniy va adabiy an’analar bilan chambarchas
bog‘langan bo‘ladi. Fitomorfizmlar fikrlashning dastlabki shakli bilan ham aloqador
bo‘lib, unga xos tushunchalar tilga ham ko‘chgan. Fitonimlar qator tadqiqotchilarning
e’tiborini jalb qilishda, ularni turli diskursda (adabiy, sheʼriy, ilmiy) ko‘rib chiqishda
davom etmoqda.
Qardosh turkiy tillarda o‘simlik nomlari monografik aspektda keng tadqiq etilgan.
Xususan, chuvash tilidagi daraxt, o‘t-o‘lan nomlari va ularning etimologiyasi
Yu.Dmitrieva, mariy tilidagi o‘simlik nomlari А.S.Yefremov, qozoq tilidagi o‘simlik
nomlarining xalqona va adabiy variantlari va baʼzilarining etimologiyasi B.K.Kaliev,
qozoq tilidagi o‘simliklarning xalqona nomlanishi G.I.Uyukbaeva, ozarbayjon tilidagi
o‘simliklarni ifodalovchi leksik birliklarni qiyosiy-tarixiy aspektda E.S.Kuliev,
turkman tilidagi oʼsimliklarning xalqona va ilmiy nomlari V.V.Nikitin va
B.B.Kerbabaev, udmurt dialektiga xos o‘simlik nomlari B.Sh.Zagulyaevalar
tomonidan o‘rganilgan.
Tirik tabiat obyektlari birliklari bilan shaxsni tavsiflashning muhim tomoni
shundaki, inson uchun zarur bo‘lgan fazilatlar muhim bo‘lgan xususiyatlar va uning
shaxsiyatini ochib beradigan xususiyatlar o‘rtasida aniq chiziq chizish deyarli mumkin
emas. Shu nuqtayi nazardan, odamning tashqi va ichki ko‘rinishini tushunishda, inson
tafakkurining bir til darajasidan ikkinchisiga harakatlanishiga eʼtibor qaratib, tarkibiy
jihatdan murakkab “shaxs” tushunchasini tahlil obyekti qilib olish maqsadga
muvofiqdir. Ushbu jarayon maʼlum bir til imkoniyatlariga bo‘ysungan holda, uni ko‘p
darajali talqin qilishning bitta murakkab tizimini keltirib chiqaradi.
Lingvokulturologiya tilda madaniyat va tafakkur izlarini o‘rganishga qaratilgan
yo‘nalish bo‘lib, frazeologizmlarni madaniyat kodlari sifatida talqin qiladi. Fitomorf
frazeologizmlar esa bu kodlarning eng qadimiy shakllaridan biridir. Chunki inson
tabiat bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan va o‘simliklar uning hissiy dunyosini ifodalash
vositasiga aylangan.
Masalan, turk tilidagi quyidagi birikmalar insonning ruhiy holatini tabiat
elementlari orqali ifodalaydi:
“Diken üstünde oturmak” — asabiylashish, xavotir holati;
“Gül gibi olmak” — baxtiyor, chiroyli, osoyishta hayot kechirish;
“Ağaç yaş iken eğilir” — yoshdan tarbiya olish kerakligini ifodalaydi;
“Zeytin dalı uzatmak” — yarashmoq, tinchlikka intilmoq ma’nosida ishlatiladi.
Bu misollar fitomorf birliklarning faqat til hodisasi emas, balki madaniy
tafakkurning verbal ifodasi ekanini ko‘rsatadi.
Turk lingvomadaniyatida armut - nok (murut) so‘zi inson tabiatini aks ettirishda
keng qo‘llanadi. Xususan, “armut gibi” o‘xshatishli birikmasi yordamida “gap
tushunmaydigan, anqov kishi”ga nisbatan ishlatiladi. Armut gibi ne demek? Çok
anlayışsız, bön. Armut mevasi yordamida ko‘pincha salbiy xarakterli kishilar obrazi
yaratiladi. Dangasa, biror ish qilmasdan foyda kutadigan, rizqni osmondan tushadi deb
o‘tiradigan odamlarga nisbatan turk badiiyatining olam manzarasida “armut piş,
ağzıma düş” iborasi ham ishlatiladi. Bu o‘zbek lingvomadaniyatidagi “olma pish
og‘zimga tush” iborasining aynan o‘zidir. Bu esa turklar tafakkurida armut - nok
(murut) bilan bir xil ma’no kasb etuvchi, hech bir mehnat sarflamasdan bir nima
kutadigan odamlarga nisbatan ishlatiluvchi tekinxo‘r obrazini ifodalashini ta’kidlash
joizdir. (Salimova Z., 2024).
Turk tilida fidan so‘zi ham, filiz (kurtak) so‘zi ham yosh ko‘rkam kishilarga
nisbatan qo‘llanadi. Ingichka va go‘zal qomatli inson tasvirida odatda aynan shu
fitonimlardan foydalaniladi. Yeşil çeltik filizleri bir parmak uzunluktaydı. (Kemal Y.,
2010). Filiz-ince ve güzel vücutlu (kurtak), ya’ni turk tilida bu so‘z kurtak degan
ma’noni anglatib, o‘zbek tilida yangi chiqqan gulg‘uncha ma’nosida qo‘llanadi.
Turk tilida inson obrazini gavdalantirishda keng tarqalgan daraxt turlaridan biri
xurmo daraxtidir. Taxminan 8000 yildan beri mavjud bo‘lgan xurmo daraxti turk xalqi
hayotida juda muhim o‘rin tutadi. Xurmo daraxti inson kabi suv va quyoshga ehtiyoji
yuqori o‘simlik turi hisoblanadi. Xurmo uchun suv va issiqlik yetishmasa u hosil
bermaydi. Agar suv yaxshi yetkazilib, issiqlik bo‘lmasa bo‘yi yaxshi o‘sgani bilan u
meva bermaydi. Shu bois, turklarda noziktaʼb, doim eʼtibor talab insonlar, asosan,
ayollar xurmo daraxtiga qiyos qilinadi. “İçinde hurma olmayan evin halkı açtır.” diye
buyuruyor (Fahr-i Kain). Xurmo oddiy daraxt emas. Insonga eng yaqin bo‘lgan ozuqa
manbayi. Ayniqsa, uning unib chiqishi juda ajib hodisa. Urug‘ changlangandan bir yil
o‘tib nihol bosh ko‘taradi. Xuddi inson kabi onasining yaqinida unib o‘sadi. Agar uni
onasidan uzoq joyga eksangiz ona ham, bola ya’ni yangi nihol ham qurib qoladi.
O‘zbek lingvomadaniyatida xurmo daraxti inson obrazini aks ettirishda
qo‘llanmaydi.
Turk tilida daraxt yaproqlari vositasida ish joyi yoki egallab turgan lavozimidan
bo‘shatilgan inson holati yaprak gibi koparılmak birikmasi bilan ifodalanadi.
Turk xalqining qadimiy madaniyatida ayrim o‘simliklar alohida semantik yukni
ifodalaydi. Quyidagi misollar buni ko‘rsatadi:
O‘simlik Turkcha Ma’nosi Madaniy talqin
nomi frazeologizm
Gül (gul) Gül yüzlü, Gül gibi Nafosat, baxt, Gullar hayot go‘zalligini
yaşamak ijobiylik bildiradi
Badem Badem gözlü Chiroyli, jozibador Estetik ideallar ramzi
(bodom) ko‘z
Çam Çam gibi delikanlı Baquvvat, sog‘lom Kuch va yoshlik ramzi
(qarag‘ay) yigit
Diken (tikan) Diken üstünde Tashvishda bo‘lish Ruhiy noqulaylik holati
oturmak
Ot (o‘t) Otu gibi yanmak Hissiyotga berilish Emotsional kuchlilik
belgisi
Bu birliklarda o‘simlik nomlari inson fazilatlari va holatlarini ifodalovchi ramzga
aylanadi. Shu orqali xalqning tabiatga bo‘lgan estetik va axloqiy munosabati namoyon
bo‘ladi.
Turk tilidagi o‘simlik nomlari uch asosiy semantik guruhga ajraladi:
1. Go‘zallik va hayot timsollari: “gül”, “çiçek”, “meyve” – estetik, ijobiy
hissiyotlarni ifodalaydi.
“Gül gibi kız” – chiroyli, nazokatli qiz.
“Çiçek açmak” – gullash, rivojlanish, yangilanish.
2. Sadoqat va barqarorlik timsollari: “çam”, “zeytin”, “asma”.
“Zeytin ağacı gibi köklü” – mustahkam, ildizli, uzoq umr ko‘ruvchi.
“Asma yaprağı” (uzum bargi) – himoya, qoplovchi ma’no beradi.
3. Og‘riq va sinov ramzlari: “diken”, “kurumuş ağaç”.
“Dikenli yol” – og‘ir, mashaqqatli yo‘l.
“Kurumuş dal” – samarasiz, kuchsiz, hayotsiz odam yoki g‘oya ramzi.
Bunday ma’nolar xalq tafakkurida metaforik konseptualizatsiya orqali
shakllanadi: o‘simliklar hayotiy tajribaning modeli sifatida ishlaydi.
Fitomorf birliklar orqali “inson – tabiat” munosabati konseptual darajada
ifodalanadi. Bu, asosan, quyidagi konseptlarga tayanadi:
Hayot konsepti: “hayat ağacı”, “çiçeklenmek”, “meyve vermek”;
Sadoqat konsepti: “çam gibi dik durmak”;
Ezgu niyat konsepti: “zeytin dalı uzatmak”, “gül gibi gönül”.
Bu konseptlar xalqning diniy, estetik va ijtimoiy qadriyatlari bilan uzviy bog‘liq
bo‘lib, madaniyatda doimiy ishlatiluvchi ramzlardir. Lingvokulturologik tahlil
natijasida ko‘rinadiki, o‘simlik obrazlari xalqning semantik dunyo manzarasida
insoniy sifatlarning ifodachisiga aylangan.
Turk tilida ayva göbekli metaforasi orqali qorni pastga osilgan kishining tasviri
ifodalanadi. Ayva ˗ bu behi, behi fitonimining shakli turk tilida qorni osilgan odam
obrazi uchun qo‘llanadi. O‘zbek tilida esa behi orqali inson tasvirlanmaydi, qorni
qopday yoki tarvuz yutib olganday o‘xshatishli birikmalaridan foydalaniladi. Bunga
qardosh tillar orasidagi farq sifatida qarash mumkin (Salimova Z., №4 2024:23).
Turk xalqi lingvomadaniyatida zaytun fitonimi ham katta o‘rin tutadi. Zaytun qora
bo‘lishi bilan birga, foydali va mazali bo‘lgani uchun zeytin gibi o‘xshatishli birikmasi
qorachadan kelgan, istarali qizlarni ta’riflashda ishlatiladi.
Turk xalqining diniy madaniyatida “gül” so‘zi Muhammad (s.a.v.) ramziga
aylangan. Shu bois “gül kokusu”, “gül yüzlü”, “gül peygamber” kabi iboralar ilohiy
go‘zallikni va muqaddaslikni ifodalaydi. Shuningdek, “zeytin” Qur’onda zikr etilgan
daraxt sifatida baraka, tinchlik va sabr timsolidir (Karasoy Y., №2. 2018:45-60).
Fitomorf birliklar xalq psixologiyasining bevosita ko‘zgusi sifatida xizmat qiladi.
Masalan, “diken” so‘zi mashaqqat va sabrni, “meyve” esa mehnat samarasini
anglatadi. “Ağaç” esa turk xalqining ongida ota, urug‘, nasl tushunchalari bilan
uyg‘unlashgan. Shu sababli “ağaç kökünden kopmaz” iborasi insonning ildizga,
ajdodga sodiqligini bildiradi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Fitomorf frazeologizmlar turk xalqining madaniy tafakkuri, estetik didi va hayot
falsafasini tildagi ramzlar orqali ifodalovchi muhim birliklardir. Ular tilda nafaqat
semantik, balki etnolingvistik va psixokulturologik yuklamalarga ham ega.
Ushbu birliklar orqali xalqning tabiatga munosabati, diniy qarashlari, estetik
qadriyatlari va ijtimoiy hayot tajribasi aks etadi. “Gül”, “zeytin”, “çam”, “diken” kabi
o‘simlik nomlari turk madaniyatida konseptual kod sifatida yashab kelmoqda.
Fitomorf frazeologizmlarning lingvokulturologik tahlili shuni ko‘rsatadiki:
Til madaniyatni aks ettiruvchi va uni avloddan avlodga yetkazuvchi asosiy
vositadir;
O‘simlik nomlariga asoslangan frazeologizmlar milliy o‘zlikni belgilovchi
madaniy belgilar tizimini tashkil etadi;
Fitomorf birliklarning semantik tahlili orqali xalqning tabiat, mehnat, go‘zallik
va sadoqat haqidagi qarashlarini aniqlash mumkin.
Demak, fitomorf frazeologizmlar tilda madaniy kod sifatida faol yashab, milliy
tafakkurning tarixiy qatlamlarini saqlab qolmoqda. Ularni lingvokulturologik aspektda
tadqiq etish, til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yanada chuqurroq anglash
imkonini beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Deyimler Sözlüğü (1995). İstanbul: İnkilap Kitabevi. 1205 s.
2. Esendal M. (2010). Türkçe Sözlük. Ankara.
3. Karasoy Y. (2018). Türk kültüründe bitki sembolleri // Türk Dünyası
İncelemeleri Dergisi. C. 18, № 2. S. 45–60.
4. Kemal Y. (2010). Türkçe Sözlük. Ankara. 1088 s.
5. Ortaç Y. (1999). Türkçe Sözlük. Ankara. 206 s.
6. Öztürk M. (2021). Türk ve Özbek deyimlerinde bitki isimlerinin kültürel işlevi
// Uluslararası Türkoloji Dergisi. İstanbul.
7. Salimova Z. (2024). Turk va o‘zbek tillarida inson obrazini ifodalovchi
fitomorf birliklar va ularning leksik-semantik tahlili // Al-BUXORIY. 4-son. B. 23–32.
8. Türkçe Sözlük. I-II (1988). Ankara: Türk Tarih Kurumu Basım Evi. 745 s.
9. Tursunov I. (2019). Frazeologik birliklarning semantik strukturalari.
Samarqand.
10. Usmanova Sh. (2019). Lingvokulturologiya. Toshkent. 153 b.
REFERENCES:
1. Deyimler Sözlüğü (1995). İstanbul: İnkilap Kitabevi. 1205 s. (In Turkish).
2. Esendal M. (2010). Türkçe Sözlük. Ankara (In Turkish).
3. Karasoy Y. (2018). Türk kültüründe bitki sembolleri // Türk Dünyası
İncelemeleri Dergisi. C. 18, № 2. S. 45–60 (In Turkish).
4. Kemal Y. (2010). Türkçe Sözlük. Ankara. 1088 s. (In Turkish).
5. Ortaç Y. (1999). Türkçe Sözlük. Ankara. 206 s. (In Turkish).
6. Öztürk M. (2021). Türk ve Özbek deyimlerinde bitki isimlerinin kültürel işlevi
// Uluslararası Türkoloji Dergisi. İstanbul (In Turkish).
7. Salimova Z. (2024). Turk va o‘zbek tillarida inson obrazini ifodalovchi
fitomorf birliklar va ularning leksik-semantik tahlili // Al-BUXORIY. 4-son. B. 23–32
(In Uzbek).
8. Türkçe Sözlük. I-II (1988). Ankara: Türk Tarih Kurumu Basım Evi. 745 s. (In
Turkish).
9. Tursunov I. (2019). Frazeologik birliklarning semantik strukturalari.
Samarqand (In Uzbek).
10. Usmanova Sh. (2019). Lingvokulturologiya. Toshkent. 153 b. (In Uzbek).