ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Huquqiy matnlarning kommunikativ tuzilmasida assertiv va direktiv aktlarning ahamiyati

Raxmatova Bahora Ibodulla qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

HUQUQIY MATNLARNING KOMMUNIKATIV TUZILMASIDA

ASSERTIV VA DIREKTIV AKTLARNING AHAMIYATI

THE IMPORTANCE OF ASSERTIVE AND DIRECTIVE ACTS IN THE
COMMUNICATIVE STRUCTURE OF LEGAL TEXTS

ЗНАЧЕНИЕ АССЕРТИВНЫХ И ДИРЕКТИВНЫХ АКТОВ В
КОММУНИКАТИВНОЙ СТРУКТУРЕ ПРАВОВЫХ ТЕКСТОВ

Raxmatova Bahora Ibodulla qizi
Oriental universiteti

Tilshunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi,
mustaqil tadqiqotchi,

Tel.:+998 90-022-96-60
E-mail: raxmatovabahorai@gmail.com,
Annotatsiya. Mazkur maqolada huquqiy matnlardagi assertiv (xabar) va direktiv
(buyruq) nutq aktlarining kommunikativ tuzilmadagi o‘rni va funksional xususiyatlari
tahlil qilingan. Tadqiqot davomida ingliz va o‘zbek huquqiy matnlarining namunalari
solishtirildi hamda ularning illokutsion kuchi aniqlashtirildi. Maqolada J.R. Searle, J.L.
Austin, Y. Maley, A. Trosborg kabi olimlarning nutq aktlari haqidagi nazariy
qarashlariga hamda o‘zbek tilshunoslaridan M.Hakimov va Sh.Safarov kabi
olimlarning fikrlariga tayangan holda, huquqiy tilning informativ va regulativ
funksiyalari o‘rganildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, huquqiy matnlarning
kommunikativ strukturasida assertiv aktlar huquqiy haqiqatni ifodalash vositasi bo‘lsa,
direktiv aktlar shaxslarning xatti-harakatlarini tartibga soluvchi vosita sifatida
namoyon bo‘ladi.
Kalit so‘zlar: nutq aktlari, assertiv aktlar, direktiv aktlar, huquqiy diskurs,
kommunikativ tuzilma, illokutsion kuch, pragmalingvistika, huquqiy til, informativ
funksiya.
Abstract. In this article, the role and functional characteristics of assertive
(declarative) and directive (command) speech acts in the communicative structure of
legal texts are analyzed. During the research, samples of English and Uzbek legal texts
were compared, and their illocutionary force was determined. The study relies on the
theoretical views of scholars such as J.R. Searle, J.L. Austin, Y. Maley, and A.
Trosborg regarding speech acts, as well as the opinions of Uzbek linguists M. Hakimov
and Sh. Safarov, to examine the informative and regulative functions of legal language.
The research results indicate that in the communicative structure of legal texts,
assertive acts serve as a means of expressing legal reality, while directive acts manifest
as a tool for regulating individuals' behavior.

Keywords: speech acts, assertive acts, directive acts, legal discourse,

communicative structure, illocutionary force, pragmalinguistics, legal language,

informative function.

Аннотация. В данной статье анализируется роль и функциональные

особенности ассертивных (сообщающих) и директивных (предписывающих)

речевых актов в коммуникативной структуре правовых текстов. В ходе

исследования были сопоставлены образцы английских и узбекских правовых

текстов, а также определена их иллокутивная сила. Статья опирается на

теоретические взгляды учёных, таких как Дж.Р. Серль, Дж.Л. Остин, Й. Мэли и

А. Тросборг, по поводу речевых актов, а также на мнения узбекских лингвистов

М. Хакимова и Ш. Сафарова, для изучения информативной и регулятивной

функций юридического языка. Результаты исследования показывают, что в

коммуникативной структуре правовых текстов ассертивные акты выступают

средством выражения юридической реальности, в то время как директивные

акты проявляются как инструмент регулирования поведения индивидов.

Ключевые слова: речевые акты, ассертивные акты, директивные акты,

юридический дискурс, коммуникативная структура, иллокутивная сила,

прагмалингвистика, юридический язык, информативная функция.

KIRISH
Til va huquq o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik insoniyat taraqqiyoti davomida
shakllangan ijtimoiy hodisa bo‘lib, huquqiy matnlar bu bog‘liqlikning amaliy
ifodasidir. Har qanday huquqiy tizim o‘zining lingvistik ifodasiz mavjud bo‘la
olmaydi, chunki qonunlar, me’yoriy hujjatlar va sud qarorlari tildagi aniq ifodalar
orqali ijtimoiy tartibotga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois huquqiy matn tilshunoslikning
pragmalingvistika yo‘nalishida alohida ahamiyat kasb etadi va nutq aktlari nazariyasi
bilan bevosita bog‘liqdir Huquqiy matnlar tilning eng murakkab va yuqori darajadagi
normativ shakllaridan biri bo‘lib, ular ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish,
shaxslarning huquq va majburiyatlarini ifodalash hamda huquqiy voqelikni aks ettirish
vositasi hisoblanadi. Shuning uchun huquqiy matnlarni tahlil qilishda ularning
grammatik, semantik va ayniqsa pragmalingvistik xususiyatlarini o‘rganish muhim
ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotning asosiy muammosi huquqiy matnlarda nutq aktlari,
xususan assertiv (xabar) va direktiv (buyruq) aktlarning o‘ziga xos kommunikativ va
funksional rolini aniqlashdan iborat. Chunki ushbu aktlar huquqiy matnlarning asosiy
maqsadini huquqiy voqelikni ifodalash va huquqiy xulqni boshqarishni amalga
oshiruvchi lingvistik vositalar sifatida xizmat qiladi. Tadqiqotning maqsadi - ingliz va
o‘zbek huquqiy matnlarida assertiv va direktiv nutq aktlarining illokutsion kuchini,
ularning kommunikativ tuzilmadagi o‘rnini hamda huquqiy ma’no yaratishdagi
funksiyalarini aniqlashdan iborat.

Shu asosda ushbu maqola ingliz va o‘zbek huquqiy matnlarida assertiv (xabar) va

direktiv (buyruq) nutq aktlarining kommunikativ tuzilmadagi o‘rni hamda funksional

xususiyatlarini tahlil etishga bag‘ishlanadi. Tadqiqotning dolzarbligi huquqiy

matnlarni lingvopragmatik nuqtayi nazardan o‘rganish zarurati bilan belgilanadi,

chunki aynan nutq aktlari orqali huquqiy matnlarning illokutsion kuchi, kommunikativ

maqsadi va ijtimoiy funksiyasi aniqlanadi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Nutq aktlari nazariyasi zamonaviy pragmalingvistikaning markaziy
yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu nazariya tilning faqat ma’lumot uzatish vositasi
emas, balki ijtimoiy ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida ham faoliyat yuritishini
ko‘rsatadi. J.L. Austin “How to Do Things with Words” (1962) asarida nutqning
illokutsion kuchi haqidagi g‘oyani ilgari surib, har bir gap faqat ma’lumot bermasdan,
balki ma’lum bir harakatni bajarishini isbotlagan (Austin J.L., 1962:33). Uning izdoshi
J.R. Searle bu nazariyani tizimlashtirib, nutq aktlarini besh turga — assertiv, direktiv,
komissiv, ekspressiv va deklarativ aktlarga ajratadi (Searle J.R., 1969:24).
Assertiv aktlar, Searle ta’rifiga ko‘ra, so‘zlovchining dunyo haqidagi e’tiqodini
ifodalaydi va voqelikni haqiqat sifatida bayon etadi. Direktiv aktlar esa, aksincha,
tinglovchini ma’lum harakatni bajarishga undaydi (Searle J.R., 1979:13). Shu sababli
bu ikki akt turi huquqiy matnlarda eng muhim kommunikativ vositalar sifatida
namoyon bo‘ladi. Huquqiy matnlar tilining pragmatik tabiati bo‘yicha Y. Maley o‘z
tadqiqotlarida (1987) shunday xulosa qiladi: huquqiy matnlar muloqot emas, balki
majburiy kommunikativ model bo‘lib, unda buyruq, ruxsat, taqiq va tasdiq kabi aktlar
ustuvorlik qiladi (Maley Y., 1987:25). A. Trosborg esa huquqiy matnlarni pragmatik
tahlil qilarkan, ularni ikki asosiy funksiya – informativ va regulativ funksiyalarga
ajratadi, va aynan assertiv hamda direktiv aktlar bu funksiyalarni ifodalovchi asosiy
vosita ekanini ta’kidlaydi (Trosborg A., 1995:48).
So‘nggi yillarda nutq aktlari nazariyasi huquqiy matnlar tahlilida yanada faol
qo‘llanilmoqda. Masalan, G. Leech kommunikativ tamoyillarni izohlar ekan, nutq
aktlari orqali ijtimoiy maqbul xulq me’yorlari mustahkamlanishini ko‘rsatadi (Leech
G., 1983:82). Bu qarashlar huquqiy matnlarning illokutsion kuchini, ya’ni ularning
ijtimoiy ta’sir imkoniyatini tushunishga asos bo‘ladi.
O‘zbek tilshunosligida ham bu masala ilmiy izlanishlar markazida. M. Hakimov
nutq aktlarini o‘zbek tili materiallari asosida tahlil qilib, ularning semantik-pragmatik
xususiyatlarini ochib beradi hamda ularning matnlarda ma’no va mazmun yaratishdagi
ahamiyatini yoritadi (Hakimov M., 2013:67). Sh. Safarov esa nutq aktlarini til
tizimidagi kommunikativ birlik sifatida o‘rganib, ularning ijtimoiy vazifasi, xususan,
jamiyatda shaxslararo muloqotni boshqarishdagi rolini tahlil etadi (Safarov Sh.,
2008:52). Ta’kidlash joizki, xorijiy va o‘zbek olimlari qarashlarining solishtirma tahlili

shuni ko‘rsatadiki, huquqiy matnlarning kommunikativ tuzilmasi nutq aktlari tizimiga

asoslanadi. Unda assertiv aktlar huquqiy voqelikni aks ettirsa, direktiv aktlar huquqiy

me’yorlarni amalga oshirishni ta’minlaydi. Shu sababli bu ikki turdagi aktlar huquqiy

matnlarning informativ va regulativ funksiyalarini shakllantiruvchi asosiy

komponentlar sifatida qaraladi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqotda huquqiy matnlarda assertiv va direktiv nutq aktlarining
kommunikativ-pragmatik xususiyatlarini aniqlash maqsadida komparativ, deskriptiv,
lingvopragmatik va kontekstual tahlil metodlaridan foydalanildi. Ushbu metodlar
huquqiy matnlarning kommunikativ tuzilmasini, ularning illokutsion kuchini hamda
funksional maqsadini aniqlash imkonini beradi.
Tadqiqot uchun material sifatida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, sud
qarorlari, shuningdek, Buyuk Britaniya va AQShning rasmiy huquqiy hujjatlari tanlab
olindi. Ma’lumotlarni tanlashda ularning rasmiy manbalardan olinganligi, huquqiy
kuchga ega ekanligi va til jihatidan namoyon bo‘lgan kommunikativ birliklarning
aniqligi asosiy mezon bo‘ldi. Shuningdek, metodologik yondashuvning ishonchliligi
shundaki, u huquqiy matnlarda nutq aktlarining real kommunikativ vaziyatda qanday
ishlashini, ularning maqsadga yo‘naltirilganligini hamda huquqiy muloqotdagi tartibga
soluvchi rolini ilmiy asosda yoritishga imkon beradi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tadqiqotning tahlil bosqichida ingliz va o‘zbek huquqiy matnlaridagi assertiv
(xabar) va direktiv (buyruq) nutq aktlarining kommunikativ-pragmatik xususiyatlari
chuqur o‘rganildi. Tahlil jarayonida taqqoslama, deskriptiv, lingvopragmatik va
kontekstual metodlar asosida yig‘ilgan ma’lumotlar tahlil qilindi. Tadqiqot materiali
sifatida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, sud qarorlari, shartnoma namunalari
hamda Buyuk Britaniya va AQShning rasmiy huquqiy hujjatlari tanlab olindi. Tahlil
natijalariga ko‘ra, huquqiy matnlar ikki asosiy kommunikativ komponent - assertiv va
direktiv aktlar negizida quriladi. Assertiv aktlar (xabar aktlari) asosan voqelikni,
huquqiy holatni yoki faktni tasdiqlashga xizmat qiladi. Ular matnning informativ
funksiyasini tashkil etadi. Masalan, “Shartnoma bekor qilindi”, “Sud ayblanuvchini
aybdor deb topdi” kabi ifodalar voqelikni bayon etuvchi illokutsion kuchga ega.
Direktiv aktlar esa huquqiy matnda muayyan shaxs yoki subyektning xatti-harakatini
tartibga solish, buyruq, taqiqlash yoki ruxsat berish maqsadida qo‘llanadi. Ular
matnning regulativ funksiyasini belgilaydi. Ingliz tilidagi huquqiy hujjatlarda bu
turdagi aktlar “shall”, “must”, “is required to”, “shall not” kabi modallik vositalari
orqali ifodalanadi, o‘zbek tilida esa “shart”, “majbur”, “taqiqlanadi”, “lozim” kabi
birliklar orqali aniqlanadi. Bu ikki turdagi aktlar o‘zaro bog‘liq holda ishlaydi: assertiv

aktlar huquqiy faktni asoslaydi, direktiv aktlar esa shu asosda huquqiy natijani

belgilaydi. Bu holat Austinning “illokutsion kuch” haqidagi qarashlari bilan

hamohangdir, chunki har bir nutq aktining kuchi uning kommunikativ maqsadiga va

kontekstdagi funksiyasiga bog‘liq (Austin J.L., 1962:33).

Natijalardan ma’lum bo‘ldiki, assertiv va direktiv aktlarning ulushi huquqiy matn

janriga ko‘ra farq qiladi: Qonun va normativ-huquqiy hujjatlarda direktiv aktlar

ustunlik qiladi. Bu matnlarning asosiy maqsadi tartibga solish, majburiyat va taqiqlarni

belgilashdir. Shartnomalarda assertiv va direktiv aktlar uyg‘unlashadi: assertivlar

faktik holatni, tomonlarning roziligini yoki shartlarning mavjudligini tasdiqlaydi,

direktivlar esa bajarilishi shart bo‘lgan majburiyatlarni ifodalaydi. Sud qarorlarida esa

assertiv aktlar ustun: ular faktni, jinoyatning mavjudligini yoki yo‘qligini, qaror

natijasini ifodalaydi. Biroq ularning yakuniy qismlarida, odatda, direktiv akt - ya’ni

hukm yoki ijro topshirig‘i mavjud bo‘ladi. Bu holat J. Searle tomonidan ilgari surilgan

nutq aktlarining maqsadga yo‘naltirilganligi haqidagi fikrni tasdiqlaydi: har bir

huquqiy matn turi o‘z kommunikativ niyatiga mos illokutsion kuchga ega bo‘ladi

(Searle J.R., 1969:24). Shuningdek, assertiv va direktiv aktlarning til vositalari har bir

tilda turlicha namoyon bo‘ladi: Ingliz tilida assertiv aktlar odatda passiv shakllar (“is

found”, “is established”) va stativ fe’llar orqali ifodalanadi, bu esa bayonning

obyektivligini oshiradi. Direktiv aktlar esa modallar orqali majburiyatni bildiradi.

O‘zbek tilida assertiv aktlar passiv shakllar (“deb topildi”, “e’tirof etiladi”) va o‘tgan

zamon shakllari orqali tasdiqlovchi kuchga ega bo‘ladi, direktiv aktlar esa leksik

vositalar (“majbur”, “taqiqlanadi”, “lozim”) yordamida ifodalanadi. Bu jihatdan M.

Hakimov (2013:67) ta’kidlaganidek, o‘zbek tilida nutq aktlari fe’lning morfologik

shakllari va modallik birliklari orqali kontekstual tarzda farqlanadi. Sh. Safarov

(2008:52) esa nutq aktlarining pragmatik kuchi matnning kommunikativ yo‘nalishiga

mos ravishda kuchayishini qayd etadi.

Ko‘plab huquqiy matnlarda kompleks illokutsion strukturalar uchraydi, ya’ni bir

jumla ichida bir necha turdagi nutq aktlari uyg‘unlashadi. Masalan: “The contract is

void and the parties shall return all received funds.”

Bu jumlada birinchi qism assertiv (huquqiy holatni ifodalaydi), ikkinchisi esa direktiv

(amalni belgilaydi). O‘zbek tilida bu “Shartnoma bekor qilindi; tomonlar olgan pullarni

qaytarishi lozim.” tarzida ifodalanadi. Bunday holatlar huquqiy matnning ikki asosiy

funksiyasi - informativ va regulativ - birgalikda ishlashini ko‘rsatadi. Ushbu xususiyat

huquqiy matnni boshqa janrlardan farqlovchi muhim belgidir. Illokutsion kuchning

darajasi nafaqat lingvistik shakllarga, balki matnning kommunikativ kontekstiga ham

bog‘liq. Sud yoki davlat organi tomonidan yaratilgan matnning illokutsion kuchi oddiy

hujjatga nisbatan kuchliroqdir, chunki u huquqiy avtoritet bilan mustahkamlangan.

Shuningdek, matnning ierarxik manbai (qonun, qaror, buyruq) ham uning direktiv

kuchini oshiradi.

Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, huquqiy matnlarning kommunikativ tizimi

assertiv va direktiv aktlarning o‘zaro uyg‘unligi asosida shakllanadi. Bu uyg‘unlik

matnning ikki tomonlama tabiatini – xabar berish (informativ) va tartibga solish

(regulativ) funksiyalarini ta’minlaydi. Tahlil qilingan materiallar Austin va Searle

nazariyasini amalda tasdiqlaydi, ya’ni har bir nutq aktining illokutsion kuchi kontekst

va maqsad bilan belgilanadi (Austin, 1962; Searle, 1969). O‘zbek tilshunosligi

kontekstida esa bu yondashuvni M. Hakimov va Sh. Safarovlarning tadqiqotlari

boyitgan, ular tilning pragmatik imkoniyatlarini huquqiy muloqotda ham aniq

ifodalash zarurligini ko‘rsatgan (Safarov, 2008:55).

Tadqiqot natijalari shuni isbotlaydiki, huquqiy matnning mantiqiy tuzilmasida

assertiv aktlar huquqiy haqiqatni rasmiylashtiruvchi vosita bo‘lsa, direktiv aktlar shu

haqiqatni amalda bajarilishini ta’minlovchi mexanizm sifatida ishlaydi. Shunday qilib,

nutq aktlari nazariyasi huquqiy tilning kommunikativ va normativ mohiyatini

izohlashda samarali lingvopragmatik yondashuv sifatida tasdiqlandi. Bundan tashqari,

tadqiqot davomida madaniy-lingvistik omillar ham muhim rol o‘ynashi aniqlandi.

Ingliz huquqiy matnlarida rasmiylik, neytrallik va obyektivlik ustunlik qilsa, o‘zbek

huquqiy matnlarida ma’lum darajada axloqiy va ijtimoiy konnotatsiyalar kuzatildi. Bu

esa nutq aktlarining madaniy sharoitda o‘ziga xos tarzda ifodalanishini ko‘rsatadi.

Shunday qilib, nutq aktlari nazariyasi huquqiy tilning kommunikativ, normativ va

madaniy mohiyatini izohlashda samarali lingvopragmatik yondashuv sifatida o‘zini

to‘liq oqlaydi. Mazkur natijalar huquqiy tilni o‘rganishning yangi bosqichini -

pragmatik-kommunikativ tahlil asosidagi qiyosiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun

mustahkam ilmiy asos yaratadi.

Tadqiqot davomida huquqiy matnlarda assertiv (xabar) va direktiv (buyruq) nutq

aktlarining kommunikativ tuzilmadagi o‘rni hamda ularning funksional xususiyatlari

aniqlashtirildi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, assertiv aktlar huquqiy matnning

axborot beruvchi va huquqiy haqiqatni ifodalovchi asosiy komponenti sifatida xizmat

qiladi. Ular normativ bayonotlar, qonun moddalari va sud qarorlarida aniq fakt va

dalillarni bildiradi. Direktiv aktlar esa huquqiy matnlarda tartibga soluvchi va majburiy

xarakterga ega bo‘lgan nutq birliklari sifatida namoyon bo‘ladi. Ular buyruq, talab,

ko‘rsatma va taqiqlar shaklida ifodalanadi va adresatning xatti-harakatiga bevosita

ta’sir ko‘rsatadi.

Tahlil jarayonida ingliz va o‘zbek huquqiy matnlarining illokutsion kuchi o‘zaro

solishtirildi. Natijada, ingliz tilidagi huquqiy matnlarda assertiv aktlarning aniq va

neytral tilda berilishi, o‘zbek tilidagi matnlarda esa normativ-emotsional ifodaning

nisbatan faol qo‘llanilishi kuzatildi. Direktiv aktlar har ikki tildagi matnlarda buyruq

va taqiqlarni ifodalovchi vositalar orqali amalga oshiriladi, biroq ingliz tilidagi huquqiy

matnlarda ular ko‘proq modallik vositalari orqali (shall, must, may not) ifodalanadi.

Demak, huquqiy matnlarni tahlil qilishda nutq aktlari nazariyasiga tayangan holda

illokutsion kuchni aniqlash, matnning kommunikativ-pragmatik mazmunini yanada

chuqurroq ochishga yordam beradi. Shuningdek, huquqiy matnlarni tarjima qilishda

assertiv va direktiv aktlarning funksional ekvivalentini to‘g‘ri tanlash, huquqiy

ma’noni to‘liq saqlash imkonini beradi. Huquqiy tilni o‘rganishda, ayniqsa o‘zbek va

ingliz tillarini qiyosiy o‘rganishda, nutq aktlari turlarining pragmatik farqlarini

o‘rganish tilshunoslik va huquqshunoslikning kesishgan nuqtasida yangi ilmiy

yo‘nalishlarni ochadi.

Kelgusidagi tadqiqotlar huquqiy matnlarning boshqa nutq aktlari turlari

(komissiv, ekspressiv, deklarativ) bilan bog‘liq kommunikativ jihatlarini ham

o‘rganishga, shuningdek, sud nutqi va shartnoma tili kabi alohida janrlar doirasida

ularning o‘ziga xos pragmatik xususiyatlarini tahlil etishga qaratilishi mumkin.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Mazkur tadqiqot huquqiy matnlarning kommunikativ tuzilmasida assertiv (xabar
beruvchi) va direktiv (buyruq beruvchi) nutq aktlarining o‘rni hamda funksional
xususiyatlarini chuqur tahlil qilishga bag‘ishlandi. Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki,
huquqiy matnlarning pragmatik mohiyati aynan ushbu ikki turdagi nutq aktlari asosida
shakllanadi. Assertiv aktlar huquqiy voqelikni, faktlarni va holatlarni obyektiv tarzda
tasdiqlash orqali matnning informativ funksiyasini ta’minlaydi. Ular qonun moddalari,
sud qarorlari va shartnoma bayonotlarida huquqiy haqiqatni rasmiylashtiruvchi asosiy
vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Direktiv aktlar esa shaxslarning xatti-harakatlarini
tartibga solish, majburiyatlar belgilash, taqiqlash yoki ruxsat berish maqsadida
qo‘llanilib, matnning regulativ funksiyasini amalga oshiradi. Bu ikki akt turi o‘zaro
uyg‘unlikda ishlaydi: assertiv aktlar huquqiy asosni yaratadi, direktiv aktlar esa shu
asosda amaliy natijani belgilaydi.
Ingliz va o‘zbek huquqiy matnlarining qiyosiy tahlili natijalarida til va madaniy
farqlar aniqlandi. Ingliz huquqiy matnlarida assertiv aktlar ko‘proq passiv shakllar va
neytral modallar orqali obyektivlikni ta’minlasa, direktiv aktlar “shall”, “must” kabi
modallik vositalari bilan majburiy kuchga ega bo‘ladi. O‘zbek huquqiy matnlarida esa
assertiv aktlar o‘tgan zamon va passiv shakllar (“deb topildi”, “e’tirof etiladi”) orqali,
direktiv aktlar leksik birliklar (“majbur”, “taqiqlanadi”, “lozim”) yordamida
ifodalanadi. Bu farqlar J.L. Austin va J.R. Searle nutq aktlari nazariyasini, shuningdek,
Y. Maley va A. Trosborgning huquqiy til pragmatikasi haqidagi qarashlarini amalda
tasdiqlaydi. O‘zbek tilshunosligida M. Hakimov va Sh. Safarov tadqiqotlari bilan
boyitilgan ushbu yondashuv huquqiy matnlarning illokutsion kuchini kontekstual va
madaniy jihatdan tushunishga imkon beradi.

Tadqiqot natijalari huquqiy tilshunoslikda nutq aktlari nazariyasining amaliy

ahamiyatini yoritib, huquqiy matnlarning kommunikativ va normativ mohiyatini

pragmatik nuqtayi nazardan izohlashda yangi ilmiy asos yaratadi. Bu natijalar huquqiy

matnlarni tarjima qilish, huquqiy ta’lim va qonunchilik amaliyotida qo‘llanilishi

mumkin.

Tadqiqot jarayonidagi fikr va xulosalardan kelib chiqib ba’zi takliflarni ilgari

suramiz:

1. Huquqiy matnlarning boshqa nutq aktlari turlari (komissiv, ekspressiv,

deklarativ) bilan bog‘liq pragmatik xususiyatlarini, xususan, sud nutqi, shartnoma tili

va xalqaro huquqiy hujjatlar doirasida chuqurroq o‘rganish.

2. Ko‘p tilli (ingliz, o‘zbek, rus va boshqa tillar) huquqiy matnlarning qiyosiy

pragmatik tahlilini kengaytirish, bu orqali madaniy-lingvistik farqlarni aniqlash va

huquqiy tarjima standartlarini takomillashtirish.

3. Nutq aktlari nazariyasini huquqiy ta’lim va yuristlar malakasini oshirish

dasturlariga integratsiya qilish, shu orqali huquqiy matnlarning kommunikativ

samaradorligini oshirish.

4. Raqamli huquqiy korpuslar yaratish va sun’iy intellekt vositalaridan

foydalanib, huquqiy matnlarda nutq aktlarini avtomatik tahlil qilish usullarini ishlab

chiqish.

Ushbu tadqiqot huquqiy lingvistika va pragmalingvistikaning kesishgan sohasida

yangi izlanishlarga yo‘l ochadi va huquqiy tilning kommunikativ mohiyatini chuqurroq

anglashga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Austin J.L. (1962). How to Do Things with Words. Oxford: Clarendon Press.
2. Bach K., Harnish R. (1979). Linguistic Communication and Speech Acts.
MIT Press.
3. Brown P., Levinson S. (1987). Politeness: Some Universals in Language
Usage. Cambridge: Cambridge University Press.
4. Hakimov M. (2013). O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari. Toshkent:
Akademnashr.
5. Kharina R. S. (2015). Yuridicheskiy tekst kak obyekt lingvisticheskogo
issledovaniya. Filologiya i Iskusstvovedenie, (3), 45–53.
6. Leech G. (1983). Principles of Pragmatics. London: Longman.
7. Mahmudov N., Nurmonov A. (1995). O‘zbek tilining nazariy grammatikasi
(sintaksis). Toshkent: O‘qituvchi, p. 4.
8. Maley Y. (1994). The Language of the Law. In: J. Gibbons (ed.), Language
and the Law. London: Longman.
9. Maslova A. (2014). Vvedenie v pragmalingvistiku. Moskva: Flinta.

10. Parllaku Matilda. (28/2016) Linguistic Features In Legal Texts. Comparative

Legilinguistics vol.

11. Raxmatova B. I. (2025) Legal texts and their functional analysis in applied

linguistics. – DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15464154

12. Rakhmatova B. (2024). Teoriya rechevykh aktov v uzbekskom pravovom

diskurse i ikh pragmaticheskiy analiz. Zarubezhnaya lingvistika i lingvodidaktika,

2(4/S), 151–156. Retrieved from https://inlibrary.uz/index.php/foreign-

linguistics/article/view/68063

13. Searle J.R. (1969). Speech Acts: An Essay in the Philosophy of Language.

Cambridge: Cambridge University Press.

14. Searle J.R. (1979). Expression and Meaning: Studies in the Theory of Speech

Acts. Cambridge: Cambridge University Press.

15. Safarov Sh. (2008). Pragmalingvistika. Toshkent.

16. Tiersma P. M., Solan L. M. (Eds.). (2012). The Oxford handbook of language

and law. Oxford: Oxford University Press.

17. Trosborg A. (1995). Interlanguage Pragmatics: Requests, Complaints, and

Apologies. Berlin: Mouton de Gruyter.

18. Usmonov S. (2005). Yuristning nutq madaniyati. Toshkent: TDYU, p. 46.

19. Yule G. (1996). Pragmatics. Oxford: Oxford University Press.

20. G‘ulomov A., Asqarova M., (1979). Hozirgi o‘zbek adabiy tili: Sintaksis.

Toshkent: O‘qituvchi, p. 26.

REFERENCES:
1. Austin J.L. (1962). How to Do Things with Words. Oxford: Clarendon Press.
(In English)
2. Bach K., Harnish R. (1979). Linguistic Communication and Speech Acts.
MIT Press. (In English)
3. Brown P., Levinson S. (1987). Politeness: Some Universals in Language
Usage. Cambridge: Cambridge University Press. (In English)
4. Hakimov M. (2013). O‘zbek pragmalingvistikasi asoslari. Toshkent:
Akademnashr. (In Uzbek)
5. Kharina R. S. (2015). Yuridicheskiy tekst kak obyekt lingvisticheskogo
issledovaniya. Filologiya i Iskusstvovedenie, (3), 45–53. (In Russian)
6. Leech G. (1983). Principles of Pragmatics. London: Longman. (In English)
7. Mahmudov N., Nurmonov A. (1995). O‘zbek tilining nazariy grammatikasi
(sintaksis). Toshkent: O‘qituvchi, p. 4. (In Uzbek)
8. Maley Y. (1994). The Language of the Law. In: J. Gibbons (ed.), Language
and the Law. London: Longman. (In English)

9. Maslova A. (2014). Vvedenie v pragmalingvistiku. Moskva: Flinta. (In

Russian)

10. Parllaku Matilda. (2016). Linguistic Features In Legal Texts. Comparative

Legilinguistics, vol. 28. (In English)

11. Raxmatova B. I. (2025). Legal texts and their functional analysis in applied

linguistics. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.15464154 (In English)

12. Rakhmatova B. (2024). Teoriya rechevykh aktov v uzbekskom pravovom

diskurse i ikh pragmaticheskiy analiz. Zarubezhnaya lingvistika i lingvodidaktika,

2(4/S), 151–156. Retrieved from https://inlibrary.uz/index.php/foreign-

linguistics/article/view/68063 (In Russian)

13. Searle J.R. (1969). Speech Acts: An Essay in the Philosophy of Language.

Cambridge: Cambridge University Press. (In English)

14. Searle J.R. (1979). Expression and Meaning: Studies in the Theory of Speech

Acts. Cambridge: Cambridge University Press. (In English)

15. Safarov Sh. (2008). Pragmalingvistika. Toshkent. (In Uzbek)

16. Tiersma P. M., Solan L. M. (Eds.). (2012). The Oxford handbook of language

and law. Oxford: Oxford University Press. (In English)

17. Trosborg A. (1995). Interlanguage Pragmatics: Requests, Complaints, and

Apologies. Berlin: Mouton de Gruyter. (In English)

18. Usmonov S. (2005). Yuristning nutq madaniyati. Toshkent: TDYU, p. 46. (In

Uzbek)

19. Yule G. (1996). Pragmatics. Oxford: Oxford University Press. (In English)

20.G‘ulomov A., Asqarova M. (1979). Hozirgi o‘zbek adabiy tili: Sintaksis.

Toshkent: O‘qituvchi, p. 26. (In Uzbek)