MALIHO TAZKIRASIDA XVII ASR MOVAROUNNAHRDAGI
MADANIY, ILMIY VA ADABIY HAYOTNING RIVOJI
THE DEVELOPMENT OF CULTURAL, SCIENTIFIC AND LITERARY
LIFE IN 17TH CENTURY MOVAROUNNAKHR IN MALIHO'S TAZKIRA
РАЗВИТИЕ КУЛЬТУРНОЙ, НАУЧНОЙ И ЛИТЕРАТУРНОЙ
ЖИЗНИ В МОВЕРОУННАХРЕ XVII ВЕКА В ТАЗКИРЕ МАЛИХО
Raxmatullayev Nodir Nuritdinovich
Toshkent dalat sharqshunoslik universiteti
Turkshunoslik oliy maktabi tayanch doktoranti
Tel.: +998 90 187-67-84
E-mail: raxmatullaevnodir@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada XVII asrda Movarounnahrda forsiy adabiyot, ilmfan va madaniyatning og‘ir tarixiy-siyosiy sharoitlarga qaramay rivojlanish jarayoni
atroflicha tahlil qilingan. Tadqiqot Maliho Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob”
tazkirasiga tayanadi. Asrning birinchi yarmidagi nisbiy tinchlik davrida Buxoro,
Samarqand va Balxda me’morchilik yodgorliklari (Sherdor, Tilloqori, Labi hovuz)
bunyod etilgani, ikkinchi yarmida esa siyosiy beqarorlik kuchayib, ko‘plab
inshootlarning xarobaga aylangani ko‘rsatib o‘tiladi. Maqolada Mullo Tursun Faroiziy
va Qozi Lutfulloh Shokir Buxoriy kabi olimlarning diniy va dunyoviy ilmlardagi
(astronomiya, geometriya, algebra) faoliyati yoritilgan. Shuningdek, adabiyotning
saroy muhitidan shahar doiralariga ko‘chishi, ayniqsa hunarmandlar orasida keng
tarqalgani va 200 dan ortiq shoirning shu davrda ijod qilgani tahlil etiladi. Samarqand
va Buxoro adabiy muhitlarining o‘ziga xos xususiyatlari, shahar adabiyotining
ustuvorligi va o‘ta murakkab sharoitlarda ham adabiy an’analarning davom etishi
asoslab beriladi.
Kalit so‘zlar: Maliho Samarqandiy, Muzakkiru-l-as’hob, Movarounnahr, forsiy
adabiyot, me’morchilik yodgorliklari, dunyoviy ilmlar, shahar adabiyoti, Samarqand-
Buxoro muhiti.
Annotation. This article comprehensively analyzes the development of Persian
literature, science, and culture in Movarounnahr during the 17th century, despite
challenging historical and political conditions. The research relies on key sources such
as Maliho Samarqandi's “Muzakkiru-l-as’hob”. It is demonstrated that architectural
monuments were built in Bukhara, Samarkand, and Balx during the relatively peaceful
first half of the century (Sherdor, Tilloqori, Labi Hovuz), while increasing political
instability in the second half led to the ruin of many structures. The article covers the
activities of scholars like Mullo Tursun Faroiziy and Qozi Lutfulloh Shokir Buxoriy in
both religious and secular sciences (astronomy, geometry, algebra). Furthermore, it
analyzes the shift of literature from court circles to urban environments, its spread
among artisans, and the work of over 200 poets during this period. The distinct
characteristics of the Samarkand and Bukhara literary circles, the predominance of
urban literature, and the continuation of literary traditions even under extremely
difficult circumstances are substantiated.
Keywords: Maliho Samarqandi, Muzakkiru-l-as’hob, Movarounnahr, Persian
literature, architectural monuments, secular sciences, urban literature, Samarkand-
Bukhara environment.
Аннотация. В данной статье всесторонне анализируется процесс развития
персидской литературы, науки и культуры в Мавераннахре в XVII веке, несмотря
на тяжелые историко-политические условия. Исследование опирается на
ключевой источник как «Музаккиру-л-асхоб» Малихо Самарканди. Показано,
что архитектурные памятники были построены в Бухаре, Самарканде и Балхе в
относительно мирной первой половине века (Шердор, Тиллякори, Ляби-хауз), в
то время как усиление политической нестабильности во второй половине
привело к разрушению многих сооружений. В статье освещается деятельность
таких ученых, как Мулло Турсун Фароизи и Кози Лутфуллох Шокир Бухори в
религиозных и светских науках (астрономия, геометрия, алгебра). Кроме того,
анализируется переход литературы из придворной среды в городскую, ее
распространение среди ремесленников и творчество более 200 поэтов в этот
период. Обосновываются отличительные черты самаркандского и бухарского
литературных кругов, преобладание городской литературы и продолжение
литературных традиций даже в крайне сложных условиях.
Ключевые слова: Малихо Самарканди, Музаккиру-л-асхоб, Мавераннахр,
персидская литература, архитектурные памятники, светские науки, городская
литература, самаркандско-бухарская среда.
XVII asrda forsiy adabiyot Movarounnahrda og‘ir tarixiy sharoitda rivojlanardi.
Bu og‘ir sharoit xalqning adabiy iste’dodi va ijodiy mahoratini so‘ndira olmagan va
adabiyotning ravnaq topishiga to‘sqinlik qila olmagan edi. Bu davrda ilmu adabiyot
shunday rivojlanish va takomil topishda davom etardi.
KIRISH
XVII asrning birinchi yarmida, Movarounnahr nisbatan tinch davrni boshdan
kechirayotgan paytda, uning madaniy markazlari – Buxoro, Samarqand va Balx
obodonchilik sari yuz tutdi, bu shaharlarda me’morchilik bir darajada rivojlandi.
Buxoro va Samarqandda bir qancha ulkan imoratlar qad rostlatdiki, ular me’moriy
san’atning buyuk yodgorliklari hisoblanadi. Bu qurilishlar markaziy xon hukumatining
topshirig‘i bilan emas, balki ashtarxoniylar davlatining ayrim amirlari tashabbusi bilan
boshlanib, ularning puliga yakunlangan edi. Bu hol ajablanarli emas, zero ashtarxoniy
xonlar nomiga mamlakatning oliy hukmronlari bo‘lsalar-da, amalda kuch-qudrat va
behisob boylik qabilalarning feodal a’yonlari va amirlari qo‘lida edi. Shaharlar va
viloyatlar o‘z boyliklari va daromadlari bilan ularning ixtiyorida edi.
Yalangto‘sh nomli ana shunday amirlardan biri, Samarqand hokimi va zamonning
yirik zamindorlaridan bo‘lgan, zohiran tarixda nomini qoldirish uchun mazkur
shaharning Registon maydonida ulkan imoratlar qurdirdi. Uning amri bilan usta
Abdujabbor me’mor muhtasham Ulug‘bek madrasasining ro‘parasiga boshqa bir ulkan
madrasa qurdiki, u Yalangto‘sh yoki Sherdor madrasasi nomi bilan mashhurdir.
Keyinchalik Yalangto‘shbiy amri bilan maydonning uchinchi tomonidan yana bir
buyuk madrasa qurildi, uning naqshu nigorlarida ko‘p miqdorda tillo ishlatilgani
sababli Tilloqori nomini oldi. Natijada maydonni uch tomondan o‘rab olgan uchta
muhtasham madrasadan iborat juda chiroyli va mutanosib ansambl vujudga keldi. Bu
ansambl hozirda Samarqand me’morchiligining dunyoga mashhur eng yaxshi
yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
XVII asr Movarounnahr madaniy, ilmiy va adabiy hayotini o‘rganishda forsiy
tazkiranavislik an’anasi muhim manba hisoblanadi. Tadqiqotning asosiy tayanchi
Maliho Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob” tazkirasi (O‘RFASHI fondi, №58/I)
bo‘lib, u XVII asr ikkinchi yarmidagi Buxoro va Samarqand adabiy muhitlarini batafsil
aks ettiradi. Ushbu manba shahar doiralari adabiyotining rivojlanishini va 200 dan ortiq
shoirning faoliyatini yoritishda o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Qo‘shimcha manbalar qatorida Mahmud bin Valiyning “Bahr-ul-asror” asarining
Balx qismi (1043/1633-yilda yozilgan, 1360/1981 nashri) XVII asr birinchi yarmidagi
Balx saroy adabiyotini qamrab oladi. Eron tazkiranavisi Mirzo Muhammad Tohir
Nasrobodiyning “Tazkira-yi Nasrobodiy” (1384/2005 nashri, 437–444 ss.) esa
Movarounnahr shoirlarining Safaviy saroyi bilan aloqalarini yoritib, Buxoro saroy
adabiy muhitini to‘ldiradi.
Zamonaviy tadqiqotlarda B.A. Axmedovning ishi (1985) tarixiy-geografik
adabiyotni, I.S. Braginskiyning tanlangan asarlari (1972) va Ya. Ripkaning tarixi
(1970) fors-tojik adabiyotining umumiy rivojini tahlil qiladi. Tojik
adabiyotshunosligida S. Sa’diyev (1985) va R. Hodizoda, U. Karimov, S. Sa’diyev
(1988) XVII asr tojik adabiyotini o‘rganishda muhim hissa qo‘shgan. A. Golchin
Ma’oniy tazkira tarixi (1363/1984, 1–2 jildlar) esa tazkiranavislik janrining
evolyutsiyasini ochib beradi.
Ushbu manbalar majmuasi XVII asr Movarounnahr madaniy hayotining
murakkab manzarasini – siyosiy beqarorlik sharoitida ham ilmiy va adabiy
an’analarning davom etishini har tomonlama yoritishga imkon beradi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqot majmuaviy (kompleks) yondashuvga asoslanadi. Maliho
Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob” tazkirasi asosiy manba sifatida batafsil tahlil
qilingan. Undagi ma’lumotlar (shoirlar tarjimai holi, asarlar ro‘yxati, ilmiy faoliyat)
kontekstual ravishda o‘rganildi. Shuningdek, Maliho tazkirasi boshqa manbalar
(“Bahr-ul-asror”, Nasrobodiy tazkirasi) bilan solishtirilib, Buxoro, Samarqand va Balx
adabiy muhitlarining o‘ziga xosliklari aniqlandi. Shahar va saroy adabiyoti o‘rtasidagi
farqlar taqqoslanib, XVII asr siyosiy-ijtimoiy sharoitlari (ashtarxoniylar davri
beqarorligi) madaniy va ilmiy jarayonlarga ta’siri nuqtayi nazaridan o‘rganildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Bu davrda Buxoroda ashtarxoniylar davlatining yirik amaldorlaridan biri – Nodir
devonbegi farmoyishiga binoan yana bir katta me’moriy ansambl qurildi, u hozirda
Labi hovuz nomi bilan mashhurdir. Bu ansamblning Labi hovuz deb nomlanishiga
sabab shuki, uning asosiy va muhim qismini katta hovuz tashkil etardi. Ansamblning
boshqa qismlarini eski Ko‘kaltosh madrasasi (XVI asrda qurilgan), yangi Nodir
devonbegi madrasasi va xonaqoh tashkil etardi. Labi hovuz Buxoroning eng xushhavo
va go‘zal manzarali joyiga aylangan edi. Sayido o‘zining Buxoro vasfiga
bag‘ishlangan manzumasida bu yerni shaharning juda chiroyli va diltortar maskani
sifatida maqtagan. Labi hovuz ilm ahli va adiblarning to‘planadigan, dam oladigan
joyiga aylanib, shu sababli «shoirlarning suyanchig‘i» nomini olgan edi (Maliho
Samarqandiy, №58/I: 238).
Buxoroda XV asrda qurilgan Ulug‘bek madrasasining ro‘parasida Abdulazizxon
nomli yana bir ulkan madrasa bunyod etildi. Shu tariqa yana bir me’moriy ansambl
vujudga keltirildiki, u Labi hovuz ansamblidan ko‘ra chiroyliroq va mutanosibroqdir.
XVII asrning ko‘zga ko‘ringan me’moriy yodgorliklari Movarounnahrning
avvalgi davrlardagi me’moriy san’atining davomi va rivoji hisoblanadi.
XVII asrning ikkinchi yarmida siyosiy beqarorlik kuchayishi va sharoit
og‘irlashishi sababli Movarounnahrda nafaqat ko‘zga ko‘rinarli imoratlar bunyodga
kelmadi, balki avvalgi davrlarning ko‘pgina me’moriy yodgorliklari ham xarob bo‘ldi.
Bu hol ayniqsa Samarqanddagi temuriylar davri me’moriy yodgorliklariga nisbatan
yuz berdi. Agarchi temuriylar davri me’moriy yodgorliklarining xarob bo‘lishi XVI
asrdan, shayboniylar hukmronligi davridan boshlangan bo‘lsa-da, lekin u
ashtarxoniylar davrida, ayniqsa XVII asrning ikkinchi yarmida yanada kuchaydi.
Maliho Abdulazizxon va Subhonqulixon saltanati davrida Samarqandning umumiy
xarobaligi haqida so‘z yuritib, ayniqsa temuriylar davrining uchta buyuk me’moriy
yodgorligi – shaharning Katta Jome’ masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi va Amir Temur
madrasasiga yetkazilgan vayrongarchiliklarni alohida tasvirlagan (Maliho
Samarqandiy, №58/I: 218-220). Garchi Samarqandning ba’zi hokimlari turli vaqtlarda
mazkur maqbara va madrasani ta’mirlashga harakat qilgan bo‘lsalar-da, lekin bu
urinishlar natija bermagan (Maliho Samarqandiy, №58/I: 220). Temur maqbarasi va
madrasasining xarobaligi Hindiston podshohi Avrangzeb yerlarigacha yetkazilgandi.
Lekin Avrangzeb ham bu xarobaliklarni isloh qilish va ta’mirlashga chora ko‘ra
olmadi, faqat madrasa ahli va atrof aholisi uchun “ajdodlar ruhiga atab nazru xayrot”
tariqasida mablag‘ jo‘natish bilan kifoyalandi (Maliho Samarqandiy, №58/I: 220).
Malihoning guvohlik berishicha, bu davrda umuman Samarqanddagi aksari
madrasa va masjidlar xarob va bo‘sh qolgan, sharobxona va bo‘zaxonalarga aylanib
ketgan edi.
Shu sababli birinchi qarashda shunday tuyuladiki, bu davrda Movarounnahrda
ilmiy hayot so‘ngan. Lekin Malihoning tazkirasi shuni ko‘rsatadi-ki, ilm fan bu davrda
ham rivojlanib, bir qator olimlar ilmiy asarlar yozish va madrasalarda dars berish bilan
mashg‘ul bo‘lganlar. Maliho o‘z tazkirasida faqat adabiyot ahli bo‘lgan, ilmiy faoliyat
bilan barobar ozmi-ko‘pmi she’riyat va adabiyot bilan ham shug‘ullangan olimlarni
zikr qilgan. Maliho bu shoir va yozuvchi olimlarning ahvoli va asarlarini zikr etishda
ba’zan umumiy tarzda ularning «ta’lifotu tasnifotlari»ni eslab o‘tadi va ba’zan ularning
asarlarini birma-bir nomlab chiqadi. Uning shoir va yozuvchi olimlar haqidagi
ma’lumotlaridan bu davrda ilm fan rivojining umumiy manzarasini aniq tasavvur qilish
mumkin.
Maliho tazkirasidan, avvalo, shu muhim va juda e’tiborga loyiq nuqta ravshan
bo‘ladiki, mazkur davrda nafaqat rasmiy diniy ilmlar, balki hay’at va zij (astronomiya
va astronomik jadvallar), handasa (geometriya), jabr va muqobala (algebra va
tenglamalar), kimyo va boshqa dunyoviy ilmlar ham ma’ruf va rivojda bo‘lgan. Maliho
tazkirasi asosida hatto shunday xulosaga kelish mumkinki, bu davrda diniy ilmlarga
nisbatan ko‘proq dunyoviy va aniq fanlar zabardast olimlarning e’tiborini o‘ziga
tortgan.
Bu davrning eng ko‘zga ko‘ringan olimi Mullo Tursun Faroiziy Samarqandiy
dunyoviy va aniq ilmlar bilan shug‘ullangan. Maliho Faroiziyni mutabahhir olim va
barcha ilm turlaridan bahramand deb ta’riflab, uning matematika, astronomiya, kimyo
va boshqa fanlarda mahorat qozongan turli sohalarini sanaydi. Bu ilmlar faroiz (meros
taqsimoti), masohat (o‘lchash, yer o‘lchash), a’dod (raqamlar), jabr (algebra),
muqobala (matematik tenglamalar), arismotiqiy (arifmetika), hay’at (falakiyot), nujum
(astrologiya), zij (astronomik jadval), usturlob (yulduzlar aylanishini kuzatish asbobi),
kimyo va boshqalar bo‘lgan. Faroiziy yana himyo (tilsim), simiyo (sehr), jafr
(g‘aybdan xabar berish) ilmlarini ham bilgan. U diniy ilmlar – fiqh, hadis va tafsirda
ham mohir bo‘lgan. Lekin uning Maliho tazkirasida nomlangan asarlarining deyarli
hammasi nodiniy ilmlarga oiddir. Jumladan, Faroiziyning ilmiy asarlari orasida
“G‘oyat-ul-vasoyo” (vasiyat bobida), “Masoili hisobiya” (hisob masalalari), “Sharhi
“Sirojiyat-ul-jabriya” (algebra va tenglamalar haqida), “Jome’-ul-hisob”, “Risolai
utqiya” (qullar va cho‘rilarga ozodlik xati berish masalalari haqida), “Sharhi “Viqoya”
(fiqh – diniy qonunlar haqida), “Hoshiyai “Sharhi ashkoli ta’sis”, “Sharhi “Muammoi
sag‘ir”-i Abdurahmoni Jomiy”, “Sharhi “Faroiz”-i Hijam” asarlari bo‘lgan. Bu ro‘yxat
Faroiziyning ilmiy asarlarini to‘liq qamrab olmagan. Undan “Tuhfat-ul-amir” nomli
boshqa bir asari ham qolgan bo‘lib, u faroiz masalalariga doirdir. Faroiziyning ilmiy
va adabiy asarlaridan hozircha faqat shu bir asar ma’lumdir.
Bu davrning boshqa bir ko‘zga ko‘ringan olimi va shoiri Qozi Lutfulloh Shokir
Buxoriy ham diniy va nodiniy ilmlarda bilimdon bo‘lib, Maliho qayd etganidek, fiqhu
hadis, kalomu tafsir, hikmatu hay’at, mantiq hamda nahv va sarf (grammatika)
ilmlarining barchasi bilan shug‘ullangan (Maliho Samarqandiy, №58/I: 153). U
Buxoro va Samarqand madrasalarida ham dars bergan. Maliho talabalik vaqtida
hay’atga oid aksari kitoblarni, xususan, “Sharhi Chag‘miniy” va Aliy Qushchi
Samarqandiyning forsiyda yozilgan risolasini uning huzurida o‘rgangan. Maliho
Lutfulloh Shokirning ilmiy asarlaridan faqat hay’atga oid bir forscha risolasini eslab
o‘tib, uni juda foydali deb hisoblagan. Ravshanki, bu olim falsafa (hikmat va mantiq)
va tabiatshunoslik fanlariga, ayniqsa hay’atga ko‘proq e’tibor qaratgan.
Lutfulloh Shokir shoir sifatida yanada ko‘proq shuhrat qozongan bo‘lib, o‘z
o‘rnida ko‘rib chiqqanimizdek, davr adabiyotida ko‘zga ko‘ringan o‘rin tutgan.
Bu ikki olimning bilim doirasi va tadqiqotlaridan shu muhim va juda diqqatga
sazovor nuqta aniq bo‘ladiki, mazkur davrda nafaqat rasmiy diniy ilmlar, balki
dunyoviy ilmlarning avvalgi rivojlanish an’analari, xususan Ulug‘bek zamoni ilm fani
feodal reaksiyaning kuchayishiga qaramay, ma’lum darajada hali ham tirik bo‘lgan.
Bu davr olimlarining diniy asarlar bilan bir qatorda sof ilmiy asarlar yozish bilan
shug‘ullanishi ilmlar o‘rtasidagi keskin kurashning susaygani yoki butunlay
yo‘qolganidan dalolat beradi.
Har holda, diniy ilmlar madrasalardagi avvalgi mutlaq hukmronligini yo‘qotib, u
yerda bir qancha dunyoviy ilmlar ham o‘rgatilardi. Shu sababli, masalan, Tursun
Faroiziy va Lutfulloh Shokir madrasada dunyoviy ilmlardan ham dars berishgan.
Albatta, ularning bu fanlardan dars berishi madrasaning o‘quv dasturi asosida edi. Buni
istedodli shoir Mirsharif Munsif (Munsifo) Samarqandiy haqidagi Malihoning
axborotidan yaqqol bilib olamiz.
Munsif Samarqandning buyuk ulamolari avlodidan bo‘lib, 1088/1677 yili ilm
olish uchun Buxoroga borgan va G‘arbiya madrasasida handasa (geometriya), tanjim
(yulduzshunoslik), zij raqamlari va xususan hay’atga oid mo‘tabar kitoblardan bo‘lgan
“Sharhi Chag‘miniy”ni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lgan. U qisqa muddatda bu
ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan va ularda shunday mahorat kasb etganki, hatto
madrasadagi nomdor ustozi uning shogirdligidan faxrlangan (Maliho Samarqandiy,
№58/I: 165). Shundan ma’lum bo‘ladi-ki, Munsif mazkur ilmlarni madrasa ustozining
bevosita rahbarligi ostida o‘rgangan.
Aytish mumkinki, XVII asrda rasmiy diniy ilmlardan tashqari, rasmiy va
g‘ayrirasmiy dunyoviy ilmlar turlarini ham o‘zlashtirgan bunday ko‘p sohali olimlar
kam emasdi. Maliho tazkirasida she’riyat va adabiyot bilan shug‘ullanganliklari
sababli zikr qilingan 15 nafardan ortiq olim va mudarrislar orasida, yuqorida nomlari
keltirilgan uch kishidan tashqari, shubhasiz, yana bir qanchalari ozmi-ko‘pmi nodiniy
ilmlar bilan shug‘ullanganlar. Lekin afsuski, Maliho bu olimlarning aksariyatini zikr
etishda nafaqat ularning asarlarini nomma-nom keltirmagan, balki hatto qaysi ilmlar
bilan shug‘ullanganliklarini ham qayd etmagan.
Maliho tazkirasida zikr etilgan olimlardan ba’zilari din olimi bo‘lganlar, ya’ni
faqat diniy ilmlar bilan shug‘ullanganlar.
Bu davrdagi eng mashhur din olimi, mudarris va Buxoro bosh olimi bo‘lgan Mir
Muhammadsharif Shahrisabziy Sharif taxallusi bilan she’r ham yozardi. Garchi Maliho
bu olimni “ulumi aqliy va naqliy”da, ya’ni dunyoviy va diniy ilmlarda zabardast deb
ta’riflagan bo‘lsa-da, uning asarlari ro‘yxatidan ma’lum bo‘lib turibdiki, ularning
barchasi diniy ilmlarga oiddir. Mir Muhammadsharif din masalalariga oid bir qator
mashhur kitoblarga hoshiya va sharh tarzida bir necha risolalar yozgan, jumladan
Mullo Jalolning “Aqoid”iga “Sharh-al-Sharh”, “Tahzib”ga “Hoshiya”, “Isboti vojib”
risolasiga “Hoshiya”, Jomiyning “Sharh”iga “Hoshiya” va boshqalar (Maliho
Samarqandiy, №58/I: 102).
E’tiborga loyiq jihati shundaki, bu davrda folbinlik, g‘aybdan xabar berish hamda
sehr va tilsim ilmlari ham rivoj topgan edi. Bu ilm va hunarlar bilan nafaqat tasodifiy
firibgar va qallob shaxslar, balki olimlar va shoirlar kabi mo‘tabar va jiddiy odamlar
ham shug‘ullangan.
Maliho o‘z tazkirasida ko‘pgina olimlar va davr shoirlarining raml va jafr
(folbinlikning bir turi), kimyo va simiyo (ko‘zbo‘yamachilik, sehr) va himyo (tilsim
ilmi), tilsimot va murabbaot (afsungarlik) va boshqalar bilan shug‘ullanganliklari
haqida so‘z yuritgan. Bu hol raml va jafr, sehr-u jodu va tilsimotlar maxsus ilm va
hunar sifatida rasmiy tan olinganligidan dalolat beradi. Aks holda, hatto Mullo Tursun
Faroiziy kabi rasmiy shaxs hamda mo‘tabar va jiddiy olim, Samarqandning bosh qozisi
mansabida bo‘lgan kishi simiyo va himyo kabi “jodugarlik” ilmlari bilan
shug‘ullanmasdi.
Mullo Tursun bu ilmlarni o‘z otasi Qozi Poyanda Zominiydan o‘rgangan, otasi
ham XVII asr birinchi yarmi Samarqandning mashhur ma’rifatli kishilari va
shoirlaridan bo‘lgan. Maliho o‘z tazkirasida Mullo Tursun zikri munosabati bilan
uning otasi haqida bir qancha ajoyib rivoyatlar keltirgan, ularning barchasi otasining
sehr-u jodu ilmlaridan to‘liq xabardor bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu rivoyatlardan biriga
ko‘ra, Qozi Poyanda bolalik va maktab davrida bir qalandar unga e’tibor qaratadi.
Ammo otasi ularning tanishishiga to‘sqinlik qiladi. Shunda qalandar barmog‘i bilan
bolaning bo‘yniga ishora qiladi, butun xalqning ko‘ziga uning boshi tanasidan judo
bo‘lgandek ko‘rinadi. Ammo qalandar jo‘nab ketishi bilanoq, bola ham asl holiga
kelib, uning izidan shoshib yo‘lga tushadi. Qancha urinishsa ham, uni yo‘ldan qaytara
olmaydilar. U bir muddat o‘sha qalandar bilan birga yurib, keyin ota-onasining oldiga
qaytadi. Endi uning do‘stlari va suhbatdoshlari undan qanday ilm va qanday masala
haqida so‘rashsa, u asl va qo‘shimchalari, asos va juz’iyotlari bilan aytib berardi
(Maliho Samarqandiy, №58/I: 44).
Ravshanki, u ilmlarni o‘sha qalandardan o‘rgangan edi. Qudratli hunar egasi
bo‘lgan qalandar o‘z shogirdiga, albatta, avvalo sehr-u joduni – o‘zi bolani ota-
onasidan ajratib, birga olib ketgan o‘sha ilmni o‘rgatgan.
Ma’lum bo‘ladiki, qalandarlar (darveshlar) ham muayyan maqsadlarda sehr-u
jodu va tilsimotni o‘rganishgan. Lekin shoirlar ahvolini tahqiq qilganimizda
ko‘rganimizdek, sehr-u tilsimot ko‘pchilik uchun bir turli hunar va tirikchilik vositasi
bo‘lib xizmat qilgan.
XVII asrda Movarounnahrdagi og‘ir siyosiy-ijtimoiy vaziyat, iqtisodiy inqiroz va
umumiy madaniy qoloqlik bu zamindagi adabiy hayotni so‘ndirib qo‘ymagan edi.
Mamlakatdagi qiyin sharoit adabiyot rivojiga yordam bermagan va ashtarxoniy
hukmronlar hamda amirlarning aksariyati she’riyat va adabiyot ahliga nisbatan
g‘amxo‘rlik va homiylik ko‘rsatmagan bo‘lsalar-da, bu shuhratli soha rivojlanishdan
to‘xtamagan, aksincha, o‘zining avvalgi boy an’analarini davom ettiravergan.
She’riyat va adabiyot xonlar saroyi muhitida emas, balki bundan tashqarida, ya’ni
shahar muhitida rivojlanib keldi. Adabiyotning taraqqiy etishi shahar doiralari, avvalo,
hunarmandchilik doiralari bilan bog‘liq bo‘lib qolgandi. Klassik adabiyotning asosan
XV asrdan boshlangan bu rivojlanish yo‘li, ayniqsa XVI-XVII asrlarda avjiga chiqib,
ko‘zga ko‘rinarli samaralar berdi. Maliho Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob”
tazkirasi XVII asr shahar doiralaridagi forsiy adabiyot taraqqiyotining yorqin shohidi
hisoblanadi. Lekin asosan 1688-1689-yillarda yozilgan bu tazkira adabiy hayot
manzarasini mazkur asrning o‘rtalari va ikkinchi yarmida aks ettirgan. Undan XVII asr
birinchi yarmida Movarounnahrida adabiyotning qanday ravnaq topganini tasavvur
qilish mumkin emas. Asrning birinchi yarmi adabiyoti haqida hozircha asosiy manba
mavjud emas, to‘g‘rirog‘i, bunday manba aslida mavjud bo‘lgan, lekin afsuski yo‘q
bo‘lib ketgan. Bunday manba mavjudligi haqida Maliho o‘z tazkirasida xabar bergan.
U o‘z tazkirasi muqaddimasida avvalgi tazkiralarni eslab o‘tib, jumladan, o‘zining
asaridan bevosita oldin yozilgan Sodiqiy Samarqandiy tazkirasiga ishora qilgan.
Malihoning ma’lumotiga ko‘ra, bu muallifning tazkirasi Shayboniy Abdullaxon II
(1561-1598) davri shoirlaridan to ashtarxoniy Nodir Muhammadxon (1642-1645)
davri shoirlarigacha bo‘lgan ijodkorlarni qamrab olgan (Maliho Samarqandiy, №58/I:
7). Bundan Sodiqiy Samarqandiyning tazkirasi XVI asr oxirlari va XVII asr birinchi
yarmida yozilib, takomillashtirilgani ma’lum bo‘ladi. Maliho bu asarni to‘liq va
qamrovli tazkira sifatida ta’riflab, qayd etganki, uning muallifi “podshohu fuzalo
(fozillar) va umaro (amirlar) va ilm talabalari-yu, vuzaro (vazirlar), shuaro (shoirlar),
huffoz (qur’on yod olganlar) va kasbu san’at ahlidan har kim taxallus sohibi bo‘lgan
va undan bir misra bo‘lsa ham she’r chiqqan bo‘lsa, ko‘rgani va eshitgani hamda
suhbatdosh bo‘lgani va boshqalar haqida yozgan” (Maliho Samarqandiy, №58/I: 7).
Shunday qilib, Mutribiy Samarqandiyning “Tazkirat-ush-shuaro” (yozilgan yili
1605) asaridan keyin va Maliho Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob”idan oldin
yozilgan, XVII asr birinchi yarmida Movarounnahridagi adabiyot ahvolini nisbatan
to‘liq aks ettirgan asosiy manba hozirda yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin XVII asrning
birinchi yarmida shunday to‘liq va qamrovli tazkiraning paydo bo‘lganining o‘ziyoq
mazkur davrda Movarounnahrda adabiyotning rivojlanib, ravnaq topganining yorqin
guvohidir. Aytish mumkinki, bu tazkirada zikr etilgan shoirlar aksariyat hollarda
saroydan tashqaridagi adabiyot vakillari bo‘lishgan. Chunki bu tazkira aynan
Samarqand adabiy muhitida yozilgan, bu davrdagi Buxoro va Balx adabiy muhitlaridan
farqli o‘laroq, saroy adabiyoti mavjud emasdi. Shu sababli u ham Mutribiy va Maliho
tazkiralari kabi, asosan shahar muhiti adabiyotini aks ettirgan. Buni yuqorida
Malihoning “Riyoz-ush-shuaro” haqidagi so‘zlaridan ham bilib olamiz, unda bu
tazkirada zikr etilgan so‘z ahlining shahar jamiyatining turli guruhlari va tabaqalariga
mansub ekanligi qayd etilgandi. Bu asosda shunday xulosaga kelish mumkinki,
“Riyoz-ush-shuaro” tazkirasi nafaqat asr birinchi yarmining asosiy adabiyot manbai
sifatida, balki shahar doiralari adabiyotini to‘liq va keng aks ettirishi bilan ham
ahamiyatli bo‘lgan. Agar bu tazkira qo‘limizda bo‘lganida, u orqali mazkur davrdagi
shahar muhitida adabiyotning ravnaq topgan manzarasini tasvirlash mumkin bo‘lardi.
XVII asrning birinchi yarmidagi ba’zi shoirlar haqida Mahmud bin Valining
“Bahr-ul-asror” tarixiy asarida ma’lumotlar berilgan. Bu asarda Xirgohiy, Hisoriy,
Marhamiy, Rashhiy, Mug‘oniy, Shayx Naz’iy, Nazmiy Fuluriy, Avazbek Toliqoniy,
Vola, Sa’diddin Zayg‘am, Ta’niy kabi Balx shahrida yashab ijod qilgan shoirlar zikr
etilgan ( با تصحیح و تعلیق و،1043 بخش بلخ از تاریخ بحر السرار. محمود بن امیر ولی کتابدار، سال
ص337- .1360 ، .(فهارس مایل هروی. – کابلBularning barchasi saroy adabiyotining vakillari
bo‘lib, Balxni ashtarxoniylarning ikkinchi poytaxtiga aylanishi munosabati bilan
xonlik taxti valiahd atrofida to‘plangan edilar. Umuman XVII asr davomida Balxda
asosan xonlik taxti valiahd saroyi bilan bog‘liq bo‘lgan adabiy muhit mavjud edi. Bu
adabiy muhit Buxoro va Samarqand adabiy muhitlariga nisbatan kichikroq edi. Uning
nomlari zikr etilgan ikki adabiy muhitdan farqli xususiyati shunda ediki, u yerda asosan
saroy adabiyoti rivoj topgan, lekin shahar muhiti adabiyoti unchalik nufuz va e’tibor
qozonmagandi. Shu sababli bu adabiy muhit ko‘proq muhtoj shoirlarni boshqa
shaharlardan o‘ziga jalb etardi.
Mamlakat poytaxti – Buxoroda ham shahar muhitining kuchli va nufuzli adabiyoti
bilan bir qatorda, ba’zi amaldorlarning qo‘l ostida saroy adabiy doirasi tashkil topgan
edi. Maliho tazkirasidan ma’lum bo‘lishicha, bunday adabiy doira, jumladan,
Abdulazizxon (1645-1680) saroyida mavjud bo‘lgan. Ammo manbalar yetishmasligi
sababli Abdulazizxon saltanati davridan oldingi, ya’ni ashtarxoniylar hukmronligining
birinchi yarmidagi saroy adabiy doirasi haqida ma’lumotga ega emasmiz. Shunga
qaramay, hech bo‘lmaganda Imomqulixon (1611-1642) kabi qudratli hukmron
saroyida adabiy doira paydo bo‘lgan degan ehtimol bor. Eron tazkiranavisi Mirzo Tohir
Nasrobodiyning asarida ko‘pgina Movarounnahr shoirlarining Imomqulixon va
Abdulazizxon saroyida xizmat qilganliklari qayd etilgani bu ehtimolni kuchaytiradi
( تذکره نصرآیادی، مشتمل بر شرح حال و آثار قریب هزار شاعر عصر صفوی، تالیف میرزا محمد طاهر
. ص444-437- .1384 ،.(نصرآبادی اصفحانی با تصحیح وحید دستگردی. – تهران
XVII asrning ikkinchi yarmi adabiyotiga doir, yaxshiyamki, asosiy va qimmatli
manba qo‘limizda bor. Bu manba Malihoning “Muzakkiru-l-as’hob” tazkirasi bo‘lib,
uning asosida mazkur davrdagi Movarounnahr adabiy hayotining va umuman forsiy
adabiyot taraqqiyoti yo‘lining nisbatan to‘liq manzarasini aniqlash mumkin. Lekin
Maliho tazkirasi forsiy adabiyotning ikki asosiy adabiy muhiti – Buxoro va
Samarqanddagi ravnaqini aks ettirgan. Mazkur tazkiraning kamchiligi shundaki, unda
Balx adabiy muhitining vakillari zikr etilmay qolgan. Malihoning bu shaharga borib, u
yerdagi shoirlarni ko‘rib, tazkirasiga kiritishga imkoni bo‘lmagan. Lekin Balx adabiy
muhiti davr adabiy hayotida asosiy o‘rin tutmagani va barcha shoirlarni qamrab
olmaganligi sababli, Maliho tazkirasining mazkur nuqsoni unchalik jiddiy
hisoblanmaydi. Bu tazkira, Balx shoirlari undan tashqarida qolganiga qaramay, ikki
asosiy adabiy muhit – Buxoro va Samarqand shoirlarining ko‘p sonli vakillarini zikr
etish orqali mamlakat adabiy hayotining keng manzarasini aks ettirgan.
Maliho tazkirasida Movarounnahrning 200 dan ortiq katta-kichik shoir va
yozuvchilari zikr etilgan bo‘lib, ularning barchasi uning zamondoshlari bo‘lgan va
asosan XVII asrning ikkinchi yarmida Buxoro va Samarqandda ijod qilganlar. Aynan
Malihoning hayotlik davrida bu ikki adabiy muhitda shuncha ko‘p miqdordagi shoir
va yozuvchilarning yetishib chiqishi XVII asrda forsiy adabiyot ravnaq topganining
yorqin dalilidir. Maliho zikr etgan 200 adibdan 70 dan ortig‘i Samarqandda yashab,
ijod qilgan. Agar bunga avval Samarqandda yashab, voyaga yetishgan, so‘ngra turli
sabablarga ko‘ra mamlakat markazi Buxoroga ko‘chib borib, adabiy faoliyatini davom
ettirgan boshqa shoirlarni ham qo‘shsak, Maliho tazkirasidagi Samarqand adabiy
muhiti shoirlarining soni Buxoroga nisbatan ancha ko‘pdir. Ammo bu miqdor,
bizningcha, bu ikki adabiy muhit qudratining haqiqiy nisbatini ifodalamaydi.
Malihoning o‘zi Samarqandda tug‘ilib o‘sganligi sababli, o‘z tug‘ilgan yerining deyarli
barcha katta-kichik, mashhur va nomashhur adiblari bilan tanish va suhbatdosh bo‘lgan
va ularni tazkirasiga kiritgan, lekin u Buxoroga ikki marta safar qilgan bo‘lsa-da, bu
yerdagi barcha shoirlarni eshitish va ko‘rishga ulgurmagan ko‘rinadi. U asosan
Buxoroning ma’lum va mashhur shoirlari bilan uchrashgan, lekin bu adabiy muhitning
nomashhur va ikkinchi darajali shoirlarini izlab topish va ko‘rishga fursat topa
olmagan. Hatto tazkiranavis ikkinchi safarida Buxoroda yangi uchratgan va
tazkirasining ilova qismida zikr qilgan 14 nafar shoirning qariyb hammasi ma’lum va
taniqli adiblar bo‘lgan. Shu sababli aytish mumkinki, Buxoro adabiy muhitining bir
qator ikkinchi darajali va hatto ma’lum, oddiy shoirlari ham Maliho tazkirasidan chetda
qolib ketgan. Abdulazizxon davri shoiri bo‘lib, devoni ash’ori bizning zamongacha
yetib kelgan Kirom Buxoriy bunga misol bo‘la oladi. Kirom devonidagi she’rlariga
qaraganda, mohir va xushsaliqa shoirlardan bo‘lsa-da, uning nomi Maliho tazkirasida
uchramaydi. Bu shoir faqat Nasrobodiy tazkirasida zikr etilgan.
Umuman, Nasrobodiy tazkirasida XVII asrning ikkinchi yarmida Buxoro adabiy
muhitiga mansub bo‘lgan taxminan 20 nafar shoir zikr etilganki, ularning nomini
Maliho tazkirasida uchratmaymiz. Aynan shuning o‘zi mamlakatning siyosiy va
madaniy markazi bo‘lgan Buxoroda adabiy peshvolar Maliho tazkirasida zikr
etilganidan ham ko‘proq jamlanganligini ko‘rsatadi.
Samarqand shoirlari orasida esa Maliho juda ko‘p kichik va ikkinchi darajali, yosh
va havaskor shoirlarni ham tilga olgan. Shunga qaramay, uning tazkirasida Samarqand
adabiy muhitidan davr adabiyotida o‘z o‘rniga va mavqeiga ega bo‘lgan ko‘plab
mashhur va qudratli shoirlar zikr etilgan. Ibodulloh Imtihon, Niyozboqiy Toroj,
Muhammadvafo Javhar, Shihobiy Miyonqoliy, Muhammadshoh Shohid, Ibodulloh
Unvon, Obid Mumtoz, Mullo Mone’, Muhammadbadi’ Maliho, Avazboqiy Masiho,
Nakhat, Abdulg‘afur Nazokat va boshqalar Samarqand adabiy muhitida ijod qilgan
shunday iste’dodli va mashhur shoirlardan edi. Bu mashhur shoirlar guruhiga
Muhammadamin Sarafroz, Sami’ Sodot, Fitrati zardo‘z, Abdulloh Xokiy (Sayid),
Sami’ Samarqandiy, Xoksor Hisoriy va boshqalarni ham kiritish mumkin, ularning
aksariyati Samarqandda tug‘ilib o‘sgan, keyinchalik turli sabablarga ko‘ra Buxoroga,
ba’zilari esa Balxga ko‘chib ketganlar. Maliho tazkirasiga ko‘ra, umuman
Samarqandning 20 dan ortiq shoiri asosan shaharning xarobagarchilikka yuz tutishi va
u yerdagi hayotning toqat qilib bo‘lmas darajaga kelishi sababli Buxoro va boshqa
joylarga ko‘chib ketgan. Lekin ular ham shoir sifatida Samarqandda kamol topgan va
ijodining muayyan davri aynan shu adabiy muhit bilan bog‘liqdir. Bu raqamlar
shundan dalolat beradiki, Samarqand XVII asrning ikkinchi yarmidagi umumiy
xarobalik va pasayishga qaramay, nafaqat adabiy markaz sifatida o‘z ahamiyatini
yo‘qotmagan, balki shoirlar nufusi va adabiy qudratlari jihatidan Buxoro bilan barobar
mamlakatning eng yirik adabiy markazi hisoblangan.
Samarqanddagi adabiy hayotning jo‘shqinligi va bu adabiy doiradan ko‘plab
shoirlarning yetishib chiqishi shaharda ijod uchun qulay sharoitlar mavjudligining
dalili emas. Aksincha, Samarqand shoirlari nihoyatda og‘ir sharoitlarda yashab, ijod
qilganlar. O‘ta murakkab sharoitda Samarqandda adabiy hayotning ravnaq topishiga
asosiy sabab adabiyotning shahar doiralarida nufuzli ekanligi edi. Samarqandda XV
asrdan boshlab adabiyot shahar muhitida taraqqiy etib kelgan va uning turli ijtimoiy
doiralari va guruhlariga kirib borgan edi. She’riyat va adabiyot shahar doiralarida zavq
ahlining ko‘nglini shunchalik zabt etgan va ularning tabiatiga o‘rnashib ketgan ediki,
zamon inqiloblari va holatlari, turmush qiyinchiliklari va mashaqqatlari ularning so‘z
san’atiga bo‘lgan qiziqishlari va ishtiyoqini so‘ndira olmasdi. Aynan shu sababdan
XVII asrning juda og‘ir sharoitlarida ham adabiyot mazkur shahar muhitida o‘z nufuzi
va an’analarini yo‘qotmagan, hatto tobora ko‘proq rivoj topgan edi. Maliho tazkirasida
zikr etilgan deyarli barcha Samarqand shoirlarining ijodi shahar muhitida kechgan
bo‘lib, ularning saroy va hokimlar devoni bilan aloqasi yo‘q edi.
Bu davrda, avvalgi davrlardagidek, Buxoroda ham shahar doiralarining ma’lumu
mashhur bo‘lgan adabiyoti mavjud edi. Bu adabiyotning Buxorodagi mashhur va
iste’dodli vakillari Muhammadjon Mustaid, Abdulqayum Ulfat, Abdulloh Mulham,
Mustafid, Abdulloh Behjat, Xoja Yusuf Mazhar, Yagona Nasafiy, Rabi’ Andarobiy,
Abdurahmon Sho‘’la, Boqixoja Xoshe’, Bismil, Vohib va boshqalar edi. Lekin
Buxoroda shahar doiralari adabiyoti bilan bir qatorda saroy doirasining adabiyoti ham
mavjud edi. Adabiy muhitning Samarqand adabiy muhitidan farqi aynan shunda.
Buxoro XV asr boshidan mamlakatning siyosiy markazi va oliy hukmronlar
qarorgohiga aylanganligi sababli, saroy adabiyoti an’anaga ega edi, u rivojlanish va
tanazzullar, tanaffuslar bilan o‘z mavjudligini saqlab kelardi. Bu adabiyot
Abdulazizxon hukmronligi davrida bir darajada jonlangan bo‘lsa-da, lekin na nufuzi,
na mazmun-mundarijasi jihatidan shahar doiralarining kuchli va boy adabiyotiga
solishtirganda juda zaif va arzimas edi. Davr adabiyotining qiyofasini saroy doirasi
adabiyoti emas, balki saroydan tashqaridagi adabiyot, ya’ni shahar doiralari adabiyoti
belgilardi. XVII asr forsiy adabiyotning rivoji va ko‘zga ko‘rinarli yutuqlari aynan
shahar doiralari adabiyoti bilan bog‘liqdir.
Shahar doiralari adabiyoti har ikki asosiy adabiy muhit – Samarqand va Buxoroda
barobar taraqqiy etardi. Bu adabiyotning taraqqiyot qonuniyati va yo‘li ham har ikki
adabiy muhitda umumiy bo‘lib, shu sababli ular yagona forsiy adabiyotning ajralmas
qismlarini tashkil etardi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
XVII asr Movarounnahr madaniy, ilmiy va adabiy hayoti og‘ir siyosiy-ijtimoiy
sharoitlarga qaramay, rivojlanishda davom etgan muhim davrdir. Maliho
Samarqandiyning “Muzakkiru-l-as’hob” tazkirasi bu jarayonning asosiy guvohi bo‘lib,
asrning birinchi yarmidagi nisbiy tinchlikda bunyod etilgan me’moriy yodgorliklarni
(Sherdor, Tillokori, Labi hovuz) va ikkinchi yarmidagi xarobaliklarni batafsil
tasvirlaydi. Me’morchilik yutuqlari markaziy hokimiyat emas, balki mahalliy amirlar
tashabbusi bilan amalga oshirilgani davlat zaifligini ko‘rsatadi. Ilmiy hayotda diniy
ilmlar bilan birga dunyoviy fanlar (astronomiya, geometriya, algebra) rivojlanishi
kuzatiladi, Mullo Tursun Faroiziy va Qozi Lutfulloh Shokir Buxoriy kabi olimlar
Ulug‘bek an’analarini davom ettirgan. Folbinlik va tilsimot ilmlari ham keng tarqalgan
bo‘lib, ular rasmiy olimlar tomonidan o‘rganilgan. Adabiy hayotning eng muhim
xususiyati saroy muhitidan shahar doiralariga, ayniqsa hunarmandlar orasiga ko‘chishi
bo‘ldi. Maliho tazkirasi 200 dan ortiq shoirni zikr etib, Samarqand va Buxoro adabiy
muhitlarining ustunligini tasdiqlaydi. Samarqand muhiti shahar adabiyotining markazi
sifatida og‘ir sharoitlarga qaramay yetakchilik qilgan, Buxoroda esa shahar adabiyoti
bilan birga zaif saroy doirasi mavjud edi. Umumiy xulosa shuki, madaniyatning davom
etishi markaziy homiylikdan emas, balki shahar muhitidagi an’analar va mahalliy
tashabbusdan kelib chiqqan.
Yuqoridagi tahlil va natijalar asosida biz ushbu tadqiqotga quyidagi takliflarni
beramiz:
- Maliho tazkirasining to‘liq ilmiy-transliteratsiya nashrini amalga oshirish;
- XVII asr Movarounnahr shoirlarining asarlarini sistemali ravishda nashr etish va
raqamli bazasini yaratish;
- Shahar va saroy adabiyoti o‘rtasidagi qiyosiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish;
- Dunyoviy ilmlarning madrasa ta’limidagi o‘rnini alohida monografiyalarda
o‘rganish.
Ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar O‘rta Osiyo madaniy merosini yanada chuqur
anglash va xalqaro ilmiy muhokamaga kiritishga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ахмедов Б.А. (1985). Историко-географическая литература Средней
Азии. XVI-XVIII вв. (письменные памятники). Ташкент: Фан, 264 с.
2. Брагинский И.С. (1972). Из истории персидской и таджикской
литературы: Избранные работы. Москва: Наука, 527 с.
3. . ب ا ب خش ب لخ از ت اری خ(0631) ب حر ال سرار. محمود ب ن ام یر ول ی ک تاب دار
. ص733 ,ت صح یح و ت ع ل یق و ف هارس مای ل هروی. ک اب ل
4. ،ت ذک ره ن صرآی ادی، م ش تمل ب ر شرح حال و آث ار ق ری ب هزار شاعر ع صر ص فوی
.. ب ا ت صح یح وح ید د س ت گردی(4831) ت ال یف م یرزا محمد طاهر ن صرآب ادی ا ص فحان ی
734 ,ت هران-444 .ص
5. Ҳодизода Р., Каримов У., Саъдиев С. (1988). Адабиёти тоҷик (Асрҳои XVI
- XIX ва ибтидои асри XX). Душанбе: Маориф, 413 с.
6. Maliho Samarqandiy. Muzakkiru-l-ashob. O‘RFASHI qo‘lyozmalar fondi. -
№58/I
7. ت هران: ان ت شا.1.. ت اری خ ت ذک ره های ف ار سی. ج(3631) رات معان ی، احمد گ لچ ین
. ص567 ,ک تاب خان ه س نای
8. ت هران: ان ت شارات.2.. ت اری خ ت ذک ره های ف ار سی. ج(3631) معان ی، احمد گ لچ ین
. ص6001 ,ک تاب خان ه س نای
9. Рипка Я. (1970). История персидской и таджикской литературы. Перевод
с чешского. Москва: Прогресс, 440 с.
10. Саъдиев С. (1985). Адабиёти тоҷик дар асри ХVII. Душанбе: Дониш, 268
с.
REFERENCES:
1. Axmedov B.A. (1985). Istoriiko-geograficheskaya literatura Sredney Azii.
XVI-XVIII vv. (pismennye pamyatniki). Tashkent: Fan, 264 s. (In Russian)
2. Braginskiy I.S. (1972). Iz istorii persidskoy i tadzhikskoy literatury: Izbrannye
raboty. Moskva: Nauka, 527 s. (In Russian)
3. Bakhsh-i Balkh az Tarikh-i Bahr al-Asrar. Mahmud bin Amir Vali Kitobdor
(1360). Ba tashih va ta'liq va fahoris Mayil Haraviy. Kobul, 337 s. (In Persian)
4. Hodizoda R., Karimov U., Sa’diyev S. (1988). Adabiyoti tojik (Asrhoi XVI -
XIX va ibtidoi asri XX). Dushanbe: Maorif, 413 s. (In Tajik)
5. Maliho Samarqandiy (n.d.). Muzakkiru-l-ashob. O‘RFASHI qo‘lyozmalar
fondi, №58/I. (In Persian)
6. Ma’oniy, Ahmad Golchin (1363). Tarikh-i tazkira-ho-yi farsi. J.1. Tehron:
Intishoroti kitobkhonai Sanoy, 765 s. (In Persian)
7. Ma’oniy, Ahmad Golchin (1363). Tarikh-i tazkira-ho-yi farsi. J.2. Tehron:
Intishoroti kitobkhonai Sanoy, 1006 s. (In Persian)
8. Ripka Ya. (1970). Istoriya persidskoy i tadzhikskoy literatury. Perevod s
cheshskogo. Moskva: Progress, 440 s. (In Russian)
9. Sa’diyev S. (1985). Adabiyoti tojik dar asri XVII. Dushanbe: Donish, 268 s.
(In Tajik)
10. Tazkira-yi Nasrobodiy, mushtamil bar sharh-i hol va osor-i qarib-i hazor
sho’ir-i asr-i Safaviy, ta’lif-i Mirzo Muhammad Tohir Nasrobodiy Isfahoniy (1384).
Ba tashih-i Vahid Dastgirdiy. Tehron, 437-444 s. (In Persian)