MENTAL XUSUSIYATLARNING TIL BIRLIKLARIDA NAMOYON
BO‘LISHI
MANIFESTATION OF MENTAL CHARACTERISTICS IN LANGUAGE
UNITS
ПРОЯВЛЕНИЕ МЕНТАЛЬНЫХ ХАРАКТЕРИСТИК В ЯЗЫКОВЫХ
ЕДИНИЦАХ
Alimbayeva Shahlo Tursunovna
Oriental universiteti, Uzluksiz ta’lim
pedagogikasi kafedrasi dotsenti,
psixologiya fanlari nomzodi.
Tel.: +998 97 765-01-17
E-mail: shahloalimbayeva86@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqola turli xalqlarda qo‘llaniluvchi turlicha o‘xshatish
timsollarini etnopsixologik jihatdan o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotning maqsadi
mental xususiyatlarning til birliklarida, jumladan folklorda, o‘xshatish vositalarida
namoyon bo‘lishini tadqiq etishdan iborat. Maqolada o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi til
birliklarining namoyon bo‘lish shakllari asosida shu xalq vakillariga xos bo‘lgan
etnopsixologik xususiyatlar psixolingvistik vositalar yordamida qiyosiy tahlil qilindi.
Tilda mental xususiyatlarning aks etishiga oid mavjud ilmiy ishlarni o‘rganish
natijasida o‘zbek, rus, ingliz tillariga xos bo‘lgan milliy xususiyatlarning o‘ziga xos
jihatlari aniqlandi. Shuningdek, maqolada xalqlarning milliy xususiyatlarini o‘zida
mujassam etuvchi asosiy vosita sifatida tillar o‘z grammatik tuzilishi jihatidan ham birbiridan tubdan farq qilishi va bu o‘ziga xos etnopsixologik xususiyatlar aksi ekanligi
isbotlandi. Tadqiqot natijalari o‘sib kelayotgan yosh avlodda milliy mental
xususiyatlarni shakllantirishga, milliy iftixor tuyg‘usini rivojlantirishga asos bo‘la
oladi.
Kalit so‘zlar: o‘zbek, rus, ingliz tillari, o‘xshatish timsoli, gap tuzilishi, mental
munosabatlar, etnopsixologik xususiyatlar.
Abstract. This study examines the ethnopsychological dimensions of metaphors
employed across diverse cultural groups. Its primary objective is to investigate how
mental characteristics are manifested in linguistic units, particularly metaphors, within
folklore. The research conducts a comparative analysis of ethnopsychological traits
among speakers of Uzbek, Russian, and English, utilizing psycholinguistic
methodologies to explore the expression of linguistic units in these languages. Through
a review of existing scholarly literature on the reflection of mental attributes in
language, distinct national characteristics specific to Uzbek, Russian, and English were
identified. The study further demonstrates that languages, as primary vehicles for
expressing national identity, exhibit fundamental differences in grammatical structure,
reflecting their unique ethnopsychological profiles. The findings provide a foundation
for fostering national mental characteristics in younger generations and cultivating a
sense of national pride.
Keywords: Uzbek language, Russian language, English language, metaphor,
sentence structure, mental attributes, ethnopsychological characteristics.
Аннотация. Данная статья направлена на изучение этнопсихологических
аспектов различных метафор, используемых разными народами. Целью
исследования является изучение проявления ментальных особенностей в
языковых единицах, в том числе фольклорных, в метафорах. В статье дается
сравнительный анализ этнопсихологических особенностей представителей этих
народов с использованием психолингвистического инструментария на основе
форм проявления языковых единиц в узбекском, русском и английском языках.
В результате изучения существующих научных работ по отражению ментальных
особенностей в языке были выявлены специфические аспекты национальных
особенностей, присущие узбекскому, русскому и английскому языкам. В статье
также доказывается, что языки, как основные средства воплощения
национальных особенностей народов, принципиально отличаются друг от друга
по своему грамматическому строю, и это является отражением их собственных
этнопсихологических особенностей. Результаты исследования могут служить
основой для формирования национальных ментальных особенностей у
подрастающего молодого поколения и развития чувства национальной гордости.
Ключевые слова: узбекский, русский, английский языки, метафора,
структура предложения, ментальные отношения, этнопсихологические
характеристики.
KIRISH
Til shu tilda so‘zlashuvchi millat, xalq vakillarining madaniyati, dini, e’tiqodi,
tarixi, o‘tmish tajribalari, urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etuvchi muhim
xilqatdir.
Etnopsixologiyada turli xalqlarning ma’lum bir hodisaga turlicha o‘xshatish
vositasini qo‘llashiga qarab, shu millatga xos bo‘lgan psixologik xususiyatlar haqida
xulosa chiqarish mumkin. Xalqning dunyoni o‘ziga xos, milliy tarzda ko‘rishi
o‘xshatish semantikasida aks etadi (Maсловa M., 2001).
Adabiy tilning tasviriy vositasi bo‘lgan o‘xshashlikda leksik birliklar bilan
ifodalangan ikki narsa, hodisa yoki tushuncha o‘zining ma’lum bir belgi, xususiyati
asosida bir-biriga obrazli qiyoslanadi. O‘xshatishda leksik birliklar bilan
qiyoslanayotgan narsa-hodisa belgilari muhim rol o‘ynaydi. Biror maqol yoki undagi
so‘zning ko‘chma ma’nosini, unda yashiringan g‘oyani aniqlash uchun maqolda
keltirilgan obrazlarning mohiyatini anglash lozim. Xalq og‘zaki ijodining boshqa
janrlari kabi maqollarda ham ijtimoiy munosabatlar, hodisa va holatlarni soddaroq
ifodalashda tabiatdagi o‘z xususiyati bilan shunga muvofiq keluvchi narsalar,
hayvonlar gavdalantiriladi, fikr metaforik ko‘rinishda ifodalanadi. Ana shu
narsalarning har biridan timsol sifatida mohirona foydalanilgan bo‘lib, ular vositasida
shu xususiyatga ega insonlar obrazlari yoki voqea-hodisa mohiyati ochib beriladi. Turli
xalqlarning o‘xshatish timsollari ham turlicha bo‘ladi. Bu xalqning, shu millat
vakillarining dunyoni tasavvur etishi va anglashdagi o‘ziga xosligi, milliy an’ana va
urf-odat kabi mental munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Aytaylik, “qorday oppoq”
turg‘un o‘xshatma tilimizga shu qadar o‘rnashganki, o‘xshatish etalonini boshqa biror
narsa bilan almashtira olmaymiz. Chunki bunday o‘xshatishlar tilda xalqning
tajribalari, urf-odatlari, madaniyati va tarixining o‘ziga xos jihatlariga muvofiq
ravishda saralangani bois unga biror detal, biror yangilik qo‘shishga “ojiz” qolamiz.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mental xususiyatlarning til birliklarida namoyon bo‘lishi mavzusini o‘rganishda
bir qancha manbalar muhim o‘rin tutadi. Masalan, M. Maslovaning
“Lingvokulturologiya” asari til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni yoritib, til
birliklari orqali milliy ruhiyat va mentalitetni tahlil qilish usullarini ko‘rsatadi.
B. Botirovning “O‘zbek mentalitetining psixologik xususiyatlari” kitobi esa
o‘zbek millatiga xos psixologik xususiyatlarni chuqur o‘rganib, ularning til ifodalari
bilan bog‘lanishini ta’kidlaydi.
F..Abdurahimovaning “Ingliz, rus va o‘zbek tillari maqollarining semantik
xususiyatlari” nomli dissertatsiyasi qiyosiy tahlil orqali maqollar va frazeologizmlarda
mental xususiyatlarning semantik ko‘rinishini ochib beradi. Bu ish turli tillar
o‘rtasidagi farq va o‘xshashliklarni aniqlashga yordam beradi.
Sanab o‘tilgan ushbu manbalar mavzuni yoritish uchun asos bo‘lsa-da, ularda
millatlarga xos psixologik jihatlarni tadqiq etishda maqollarning roliga alohida urg‘u
berilmagani tufayli mazkur maqola o‘ziga xos tadqiqot ishi sifatida ahamiyatlidir.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda mental xususiyatlarning til birliklarida namoyon bo‘lishini
o‘rganish uchun qiyosiy tahlil va semantik tahlil usullari qo‘llanildi. Ingliz, rus va
o‘zbek tillaridagi maqollar va frazeologizmlar namuna sifatida tahlil qilindi.
Manbalardan olingan ma’lumotlar lingvokulturologik yondashuv asosida ko‘rib
chiqildi. Natijalar xalqlarning ruhiy xususiyatlarini til orqali aniqlashga xizmat qiladi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Xalqimizda sherni mard va dovyurak botirlarga, tuyani kuchli, chidamli, ba’zi
hollarda esa takabbur kishilarga, eshak va ho‘kizni befahm va befarosat dangasalarga,
echkini ayyor va yengil tabiatlilarga; itni ochko‘z insonlarga, bo‘rini qonxo‘r
zolimlarga, quyonni qo‘rqoqlarga, qulonni sergak, hushyor, aqllilarga, sichqon,
kalamush, chumchuq, chigirtkani tekinxo‘r va zararkunandalarga, chumolini
mehnatkash, mazlum kishilarga, qurbaqani ishyoqmas, dangasa, maqtanchoqlarga,
burgut, lochin, shunqorni dovyurak, botir, mard odamlarga, qarg‘a va quzg‘unni
ko‘pincha bag‘ritosh, qora niyatli kishilarga assotsiatsiya qilish hollari uchraydi
(Шомақсудов Ш., 1990: 10).
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ba’zan turli xalq va madaniyatlarda ham bitta
hayvonni turg‘un o‘xshatish timsoli (etaloni) sifatida qo‘llash mumkin. Bir-biridan
mutlaqo farqli madaniyatlarda ham tulki timsolidan ayyorlik, yolg‘onchilik timsoli
sifatida foydalanilishini ko‘rish mumkin. G‘arb va slavyan madaniyatlarida, jumladan,
ingliz va rus tillarida “as false as fox”, “хитрий как лиса” turg‘un o‘xshatishlarining
mifologik manbalarga asoslanishini ko‘rish mumkin. Chunki, qadimgi tasavvurlarga
ko‘ra, tulki jodugar hisoblangan, unda yo‘qolish, ko‘rinmaydigan bo‘lib qolish
qobiliyati mavjud bo‘lgan. Shubhasiz, bunday tasavvur o‘zbeklarda bo‘lgani ma’lum
emas (Mahmudov N., Xudoyberganova D., 2013: 11). Albatta, o‘zbek millatida ayyor,
aldoqchilik sifatini ifodalashda tulki obrazidan foydalanilishi uning tutqich
bermasligini e’tiborga olgan holda, shuningdek, turli lingvomadaniyatlarning ta’sirida
bo‘lishi mumkin.
O‘zbek tili nuqtayi nazaridan olganda, turg‘un o‘xshatmalarda yo tashqi
o‘xshashlik, yo ichki bog‘liqlik asosida bir narsa ikkinchisiga o‘xshatiladi. Odatda
toza, ozoda o‘rin-joy haqida gap ketganda, “chinniday” o‘xshatishidan foydalaniladi.
O‘zbek mentalitetida chinni so‘zining tartibni anglatuvchi so‘zlarga nisbatan
qo‘llanilishidan ham anglash mumkinki, toza, ozoda narsalar odatda, ovqatlanish
buyumlariga qiyoslanadi. Bu bilan o‘zbek xalqining ovqatlanish vositalarining
pokligiga jiddiy e’tibor bergani tufayli boshqa buyum, uy-joylardagi saranjomlik ham
ovqatlanish asboblari kabi toza va ozoda degan o‘xshatishning kelib chiqishiga sabab
bo‘lgan bo‘lishi mumkin. O‘zbek xalqidagi yemishning pokligi va ozodaligiga e’tibor
berish xalqning e’tiqodi va diniy an’ana, qadriyatlaridan kelib chiqqan bo‘lib, uyjoylardagi tozalikni tasvirlashda ham “chinniday” o‘xshatishini qo‘llaydi. “Yog‘ tushsa
yalagudek” o‘xshatishini ham bunga misol qilib keltirish mumkin. Tejamkorlik, isrof
qilmaslik, ovqatning yuqini ham uvol qilmaslikka odatlangan o‘zbek xalqi ozoda joyga
nisbatan “Yog‘ tushsa yalagudek” o‘xshatishini qo‘llaydi.
Tartiblilikni ifodalovchi yana bir tushuncha sifatida “saranjomlik”ni olaylik.
O‘zbek tilining etimologik lug‘atida ta’kidlanishicha, “saranjomlik” so‘zi forscha
“asosiy”, “eng muhim” degan ma’noni anglatuvchi “sar” oti bilan “uy-ro‘zg‘or
buyumlari” ma’nosini bildiradigan “anjom” otidan tuzilgandir. “Saranjom” so‘zi bilan
ko‘pincha juft qo‘llanadigan va lug‘atlarda unga sinonim sifatida keltiriladigan
“sarishta” so‘zi ham forscha etimologiyaga ega bo‘lib, aslida “yuzaga keltir” degan
ma’noni anglatuvchi “sereshtan” fe’lining “seresht” o‘tgan zamon asosiga “-a”
qo‘shimchasini qo‘shib hosil qilingan (Raxmatullayev Sh., 2009: 206).
Demak, leksikologiya nuqtayi nazaridan saranjomlik dastlab asosiy, muhim uyro‘zg‘or buyumlarining tutilishi holatiga nisbatan baho berish uchun ishlatilgan
so‘zdir. Uning “sarishtalik” so‘zi bilan hosil qiluvchi juftligini, bizningcha, ko‘p
ishlatiladigan (“asosiy”, “eng muhim”) bo‘lgani sababli foydalanish uchun qulay,
yaqin joylashtirilgan (“saresht” – yuzaga keltirilgan) uy-ro‘zg‘or anjomlari (“anjom” –
uy-ro‘zg‘or buyumlari)ni saqlash uslubini tavsiflovchi sifat ma’nosida tushunish
asoslidir.
“Saranjom” so‘zining lingvistik tahlilini biroz chuqurlashtirib, qiziq holatlarga
duch kelish mumkin. Jumladan, ma’lum bo‘lishicha, “saranjomlik” so‘zining rus
tilidagi ekvivalenti bo‘lgan “аккуратный” so‘zi polyak tilidan o‘zlashtirilgan bo‘lib,
lotincha “tartibli”, “hafsalali” degan ma’nodagi “accuratus” so‘zidan kelib chiqqan.
“Saranjomlik” so‘zining ingliz tilidagi varianti bo‘lgan “neat” so‘zi esa lotincha
“nitidus” – “yorug‘”, “yorqin”, “toza” (“ni” o‘zagi – yoritmoq, nur sochmoq)
ma’nosidagi so‘zdan olingan. Qiyosiy tahlilda shuni yaqqol sezish mumkinki, turli
etnomadaniy muhitda muayyan bir hodisaga izoh berishda uning har xil jihatlariga
e’tibor qaratilyapti. Xususan, o‘zbekcha “saranjomlik” so‘zida tarixan asosiy e’tibor
buyumning ahamiyatli (qanchalik asosiy, muhim) ekaniga, ruscha “аккуратный”
so‘zida e’tibor narsa-buyumlarning qanday tartib, hafsala bilan joylashtirilishiga,
inglizcha “neat” so‘zida e’tibor buyumning tashqi belgilari (yorug‘ligi, tozaligi)
qanchalik muhimligiga qaratilmoqda. Albatta, qiyosiy etimologik tahlil ham qiziqarli
hamda muhim ijtimoiy-psixologik va tarixiy psixologik xulosalarga olib kelishi
mumkin (Ergashev P., Ubaydullayev A., 2014: 9).
Demak, muayyan tushunchalarga munosabat, ularni baholash me’yorlari va
o‘lchovlari turli xalqlarda, demakki, tillarda bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘xshatishlarda xalqning milliy xarakteri, kerak bo‘lsa,
milliy idroki o‘z aksini topadi.
Tillar xalqlarning milliy xususiyatlarini o‘zida mujassam etar ekan, ular o‘z
grammatik tuzilishi jihatidan ham bir-biridan tubdan farq qiladi. Bu farqlarni tahlil
qilish xalqlarning o‘ziga xos etnopsixologik xususiyatlari haqida xulosa chiqarish
imkonini beradi.
Turli tillarda gap tuzilishiga ko‘ra ham farqli jihatlar namoyon bo‘ladi. Rus va
o‘zbek milliy xususiyatlarini solishtirma yo‘l orqali tahlil etgan B.M.Botirov ruslarda
ega jumla boshida, fe’l jumla o‘rtasida, aniqlovchi va to‘ldiruvchi odatda gap oxirida
kelishini, bunda ruslar harakatining maqsadi aniq bo‘lib, ushbu xatti-harakat kimga
qaratilganini jumla yakunlanmagunicha bilish qiyinligini ifodalaydi. O‘zbeklarda esa
muayyan munosabat kimga qaratilgani aniq bo‘lsa-da, maqsad (xatti-harakat)
noaniqdir. O‘zbeklarning keyingi harakati nimadan iborat bo‘lishini doimo
oydinlashtirish lozim bo‘lgan masaladir. O‘zbeklar o‘z niyatini so‘nggi daqiqagacha
o‘zgartirish imkoniyatiga ega, deb baholaydi muallif (Botirov B., 2011). Ingliz tilida
ham gap tuzilishida egadan so‘ng doimo kesim keladi, so‘ng ikkinchi darajali bo‘laklar
keltiriladi, ya’ni inglizlar ham gapning kim yoki nima haqida ketayotgani va unga
tegishli harakatni gapning boshidayoq ifodalab, izohlovchi qismlarni keyin
so‘zlashadi.
Gapda so‘zlarning o‘rin almashishining ma’noga ta’siri turli tillarda turlichadir.
Jumladan, o‘zbek, rus tillarida gap tarkibidagi so‘zlarni almashtirish orqali ham ma’no
anglanaveriladi. Masalan: Анна пришла домой. Пришла Анна домой. Домой Анна
пришла.
O‘zbek tilida ham shu holatni ko‘rish mumkin: Men bugun maktabga bordim.
Bugun men maktabga bordim. Bordim men maktabga bugun. Men maktabga bugun
bordim.
Bu holat ayniqsa, og‘zaki nutq va nazmda ko‘p uchraydi, gapda so‘zlar ketmaketligining o‘rin almashishi gap mazmuni buzilishiga sabab bo‘lmaydi. Albatta,
kesimdan avval kelgan so‘z leksik urg‘u ma’nosida ifodalanib, gapda biror mazmunni
kuchaytirishga xizmat qilsa-da, ma’lumot sifatida uzatilayotgan umumiy mazmun
yo‘qolmaydi. Ingliz tilida esa gapda so‘zlarning o‘rin almashishi mazmun
yo‘qolishiga, ma’noning tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. A.Abduazizov gaplarda
so‘z tartibi, ayniqsa, affiksatsiya kuchsiz bo‘lgan, ya’ni so‘zning o‘zagi yoki asosiga
turli qo‘shimchalar qo‘shilmaydigan tillarda, jumladan, ingliz va fransuz tillarida katta
ahamiyatga egaligini ta’kidlaydi.
Bundan ko‘rinadiki, inglizlar tabiatida ham qat’iylik, chekinmaslik, qonunqoidalarga jiddiy rioya qilish, hayoti davomida, turish-turmushida aniq tartib asosida
yashash xususiyatlari mavjud. Ular kun tartibini, oylik, kunlik sarf-xarajatlar miqdorini
aniq hisob-kitob qilib yashashlari shundan dalolatdir. O‘zbek tilida esa gap
qurilishidagi so‘zlar o‘rnining muqim emasligi asrlar davomida bu xalq vakillarida
shakllanib kelgan xususiyatlarni aks ettirib, ulardagi murosaga moyillik, andisha va
odamgarchilikni tartibdan ustun qo‘yish holatlarini ifodalaydi.
Rus va ingliz tillarida egalik, ya’ni kimgadir tegishlilik ma’nolari faqat egalik
olmoshlari bilan ifodalanadi. O‘zbek tilida esa bu jarayonda otlar egalik
qo‘shimchasini oladi. Masalan, egalik mazmuni rus tilida моя книга, ingliz tilida my
book tarzida ifodalanadi. O‘zbek tilida esa mening kitobim demay, egalik olmoshisiz
kitobim deb ham ifodalash mumkin. Bundan ko‘rinadiki, rus va ingliz millatlarida
narsaning kimga tegishli ekanini ta’kidlash muhim o‘rin egallaydi va ular tegishlilik
masalasini birinchi bo‘lib ifoda etadilar. Bu holatni ularning punktualligi, har bir
kishining shaxsiy hududini, egalik qilish chegarasini aniq farqlab ko‘rsatishlari bilan
izohlash mumkin. Shuningdek, bu xalqlarga xos bo‘lgan voyaga yetgan farzandning
ota-onadan ayri holda, uy-joyi, mol-mulki alohida tarzda yashashini ham egalik
chegarasini aniq farqlash xususiyati sifatida baholash mumkin. O‘zbeklarda esa egalik
olmoshining doim ham ifodalanaverilmasligi shu millatga xos bo‘lgan bir necha avlod
vakillarining birgalikda hayot kechirishlari, ko‘pchilik bo‘lib yashash tarziga ko‘nikish
oqibatida narsalardan umumiy tarzda foydalanish, nutqda egalikni yorqin
ifodalamaslikka intilish natijasi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘zbeklarga xos
andisha, so‘zlashuvda suhbatdosh ko‘nliga qarash, istihola qilish kabi odatlar ham
egalik qo‘shimchasini so‘z ortiga yashirish, kimgadir tegishlilik masalalarini yorqin
ifodalamaslikka urinish holatlarini vujudga keltirgan, deb izohlash mumkin.
Bo‘lishsiz gaplarda ham rus va ingliz tilida bo‘lishsizlik ma’nosini ifodalovchi
yuklama ish-harakatdan avval ifodalanadi. Masalan, не ешь, don’t eat. O‘zbek tilida
esa ish-harakatni bildiruvchi so‘zga -ma affiksi qo‘shish yordamida hosil qilinadi.
Masalan, borma, yema. Demak, rus va inglizlar suhbatdoshga qilinmagan yoki
qilmaslik lozimligi mazmunini avval ifodalab, tinglovchi diqqatini dastavval
bo‘lishsizlik mazmuniga jalb qilib, keyin o‘sha mazmunni bildiruvchi harakat haqida
so‘zlashadi. O‘zbeklarda esa, aksincha, avval harakat haqida so‘z yuritilib, keyin uning
bajarilgan yoki bajarilmaganligi, qilish lozim yoki yo‘qligi aytiladi.
Ingliz, rus va o‘zbek tillarida savol tuzilishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ingliz
tilida umumiy savollar yordamchi yoki modal fe’llar bilan boshlanadi. Masalan, Do
you speak English? O‘zbek tilida esa umumiy savollar kesimga -mi qo‘shimchasini
qo‘shish orqali yasaladi. Masalan, Sen ingliz tilini bilasanmi? O‘zbek tilida kesim
gapning oxirgi qismida kelishini inobatga olsak, so‘zlovchining savoli gap so‘ngida
anglaniladi. Inglizlarda esa gapni boshlash bilanoq so‘zlovchining savol bilan murojaat
qilayotganini bilish mumkin. Bu inglizlar tabiatidagi tezda muddaoga o‘tish, maqsadni
darrov ifodalash, tez ishni bitirish istagi bilan belgilansa, o‘zbeklardagi har bir ishda
ehtiyotkorlik, muloqotni vaziyatga ko‘ra, suhbatdosh holatiga ko‘ra o‘zgartirishga
moyillik, muloqotda rasmiy ohangdan ko‘ra sermulozamatlik xususiyatlari bilan
izohlash mumkin. Rus tilida esa umumiy savollar odatda ohang yordamida ham hosil
qilinadi. Masalan, Ты знаешь английский язык? Yozuvda esa bunday toifadagi
savollarni faqat tinish belgilari orqali aniqlash mumkin xolos. Bu ruslar tabiatidagi
ehtiyotkorlik sifatidan darakdir.
Etnopsixologik xususiyatlarni o‘rganishda folklor ham muhim ahamiyat kasb
etuvchi omillardan biridir. Maqol xalqning ijtimoiy-tarixiy, hayotiy-maishiy tajribasi
umumlashgan badiiy, obrazli mulohazalardan iborat hikmatli so‘zlaridir. Dunyodagi
hamma xalqlar og‘zaki ijodida maqollarchalik shaklan va mazmunan o‘zaro yaqin janr
deyarli yo‘q. Turli xalqlarning maqollarini lingvokulturologik tahlil qilish va o‘zaro
solishtirish millatlarning etnopsixologik xususiyatlarini o‘rganishda qimmatli
ma’lumotlarni qo‘lga kiritish imkonini beradi. O‘zbek, rus, ingliz xalq maqollarini
qiyosiy tahlil qilish jarayonida ushbu xalqlarning tili va madaniyati haqida ma’lumotga
ega bo‘lish juda muhimdir. Lingvokulturologik jihatdan tahlil qilingan ayrim maqollar
ba’zan turli xalq maqollarida bir xil, ba’zan umuman boshqacha ifoda bilan o‘zining
xususiyatlarini ochib beradi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, o‘zbek, rus, ingliz
maqollarida xalqning o‘tmishidan bugungi kunigacha bo‘lgan urf-odatlar o‘z aksini
topgan.
Maqoldan kelib chiqayotgan ma’no doimo ularni tashkil etgan so‘zlarning
mohiyati bilan gavdalanavermaydi, balki undagi obrazlar orqali namoyon bo‘ladi
(Abdurahimova F., 2014). O‘zbekcha “Oyni etak bilan yopib bo‘lmas” maqoli ruscha
“Шила в мешке не утаишь” (bigizni qopda yashirib bo‘lmas) maqoli mazmuniga mos
keladi. O‘zbek tilida oy obrazi keng qo‘llanilib, uni semantik va lingvokulturologik
jihatdan izohlanganda chiroyli, go‘zal, porlamoq, ajralib turmoq, yanada
go‘zallashmoq, aniq, ravshan ma’nolarida qo‘llaniladi (Mahmudov N.,
Xudoyberganova D., 2013). Ammo rus lingvomadaniyatida “oy” obrazi o‘zbek tilidagi
mazmunda emas, balki g‘amgin, ma’yus, sovuq manzarani ifodalashda qo‘llaniladi.
“Oyni etak bilan yopib bo‘lmas” maqolida ham aniq-ravshan narsani berkitishning iloji
yo‘qligi ta’kidlanadi. Rus xalqida esa bu maqol bigiz vositasida ifodalangan.
Inglizlarda esa ushbu maqolning “You can not hide an eel in a sack” (Ilonbaliqni qopda
yashirib bo‘lmas) ma’nosidagi muqobili qo‘llaniladi. Shuningdek, inson hayotida biror
ish sodir bo‘lsa-yu, atrofdagilarning ko‘magiga muhtojlik sezsa, ammo unga yordam
beruvchilar kerakli vaqtda harakat qilmay, voqea tugagach iltifot ko‘rsatishlariga
nisbatan o‘zbek xalqida “To‘ydan keyin nog‘ora chaldi” maqolidan foydalaniladi.
Ingliz xalqida bu maqol “After dinner mustard” (Ovqatdan keyin qalampir bermoq)
tarzida ifodalanadi. Ruslarda esa bu vaziyatda “После пожара, да за водой”
(Yong‘indan so‘ng suvga chopmoq) maqoli ishlatiladi. O‘z vaqtida harakat qilmay,
kechikib biror amal qilish befoydaligini izohlashda uchala xalq alohida tasviriy
vositalardan foydalangan. Bunda o‘zbek xalqida bu holat to‘y bilan assotsiatsiyalansa,
inglizlarda ovqat vositasida ifodalanmoqda. Rus xalqida esa yong‘in bilan assotsiatsiya
qilinganligini ko‘rish mumkin. Bundan ko‘rinadiki, o‘zbeklar va inglizlarda kech
harakat qilish qoralangani bilan kechirib bo‘lmas xato sifatida baholanmaydi. Ammo
ruslarda vaqtida harakat qilmaslikka ancha keskin salbiy baho berilganini ko‘rish
mumkin.
Insonning hayotda har bir narsa, voqea-hodisalarni o‘z hayotiy tajribasi, qiziqish
va xohish-istaklaridan kelib chiqib idrok qilishi o‘zbek millatida “Tovuqning tushiga
don kirar” maqoli sifatida ifodalanadi. Bu maqolda idrok appersepsiyasini izohlovchi
holat ushbu millatga xos bo‘lgan turmush tarzidagi uy hayvonlari, parranda boqishga
qiziqish natijasi o‘laroq tovuq timsoli bilan assotsiatsiyalanmoqda. Ingliz va ruslarda
esa shu maqolning muqobili sifatida “All is fish that comes to his net (Nimaiki ilinsa
to‘riga, baliq bo‘lib ko‘rinar ko‘ziga), ruslarda esa “Есть вода-будет и рыба”
maqolida baliq etaloni qo‘llanilgan. Bu holat ushbu millat vakillarining baliqchilikka
munosabati, turmush tarzi va sevib iste’mol qiluvchi taomlari bilan bog‘liqdir.
Maqollardagi milliy xususiyatni ta’minlaydigan yana bir obraz – o‘sha xalq
taomlari hisoblanadi (Abdurahimova F., 2014). O‘zbeklarda “Mehmon kelsa, pastga
tush, palov bermoq ahdga tush”. “Yo‘qcha guruch osh bo‘ladi, mehmon ko‘ngli shod
bo‘ladi”, “Pazandaning go‘jasidan osh chiqar, noshudning palovidan tosh chiqar”,
“Arzonning sho‘rvasi tatimas”, “Uzoqning palovidan yaqinning sho‘rvasi yaxshi”
maqollari mavjud bo‘lib, taomlar timsolida millatga xos urf-odatlar gavdalanadi. Ingliz
tilida esa taom nomlari uchraydigan maqol sifatida “Every cook praises his own broth”
(Har bir oshpaz o‘z sho‘rvasini maqtaydi) maqolini keltirish mumkin. Ruslarda
“Невкусному супу – соль, безмозглой голове – слова пользы не приносят”, “Вкус
кипящего супа не узнать”, “Речь без пословицы, что суп без соли” maqollari
qo‘llaniladi. O‘zbeklarda milliy taom bo‘lmish “palov”ning tansiq taom sifatida e’tirof
etilishini, “sho‘rva” esa odatiy, kundalik taom sifatida baholanayotganini maqollarda
ham kuzatish mumkin. Rus va ingliz xalq maqollarida esa tasviriy ifodada asosan
“sho‘rva” vositasidan keng foydalanilgan. Bu ularning turmush tarzini o‘zida ifoda
etadi.
Ijtimoiy psixologik qonuniyat bo‘lmish bir ishga bir qancha kishilarning
kirishishida mas’uliyatning taqsimlanib ketishini ifoda etuvchi “Qo‘ychivon ko‘p
bo‘lsa, qo‘ylar harom o‘ladi” maqoli ruslarda “У семи нянек дитя без глазу” ,
inglizlarda “Too many cooks spoil the broth” (Oshpaz ko‘p bo‘lsa, sho‘rva buziladi)
maqollari orqali izohlanadi. O‘zbeklardagi “Qo‘ychivon ko‘p bo‘lsa, qo‘ylar harom
o‘ladi” maqolida shu xalqqa xos bo‘lgan e’tiqod ifodasini ham ko‘rish mumkin.
Ma’lumki, o‘zbeklarda diniy e’tiqoddan kelib chiqqan holda harom o‘lgan molning
go‘shtini iste’mol qilish mumkin emas. Shu tufayli ham ko‘pchilikning birgalikdagi
harakatida mas’uliyatni bir-biriga yuklashida jiddiy moddiy zararlar ko‘rilishini
ifodalashda “qo‘yning harom o‘lishi” tasviridan foydalanilgan. Inglizlarda ham bu
holat ovqat timsolida ifodalangan. Ruslardagi bu maqolning muqobili “У семи нянек
дитя без глазу”, ya’ni enagalarning ko‘payishi bolaning qarovsiz qolishi ma’nosida
ifodalanadi. Ruslardagi “enaganing ko‘payishi” iborasi bola tarbiyasi va parvarishida
onadan boshqa kishilarning ishtirokidan ko‘p hollarda foydalanilishini ko‘rish
mumkin.
Insonning tashqi qiyofasidan kelib chiqib uning mohiyati, qanday inson ekanligi
haqida xulosa chiqarmaslikka targ‘ib qiluvchi “Kalla boshqa, salla boshqa” maqoli
ruslarda “Наряди свинью хоть в серьги, она все равно в грязь полезет” ko‘rinishida
ifodalanadi. Inglizlarda esa “An ass in a lion’s skin” (Sher terisidagi eshak) maqoli
orqali bayon etiladi.
O‘zbek xalqidagi “Har to‘kisda bir ayb”, “Guruch kurmaksiz bo‘lmas” maqoli
ruslarda “В семье не без урода”, inglizlarda “Accidents will happen in the
bestregulated families” (Noxushliklar eng farovon oilalarda ham sodir bo‘ladi) sifatida
ifodalanadi. Har qanday vaziyatda kamchilik, xatolik bo‘lishi mumkinligi ifodalangan
ushbu maqollarda o‘zbek millatiga xos bo‘lgan fikrni ifodalashdagi ehtiyotkorlikni,
o‘zbeklar tabiatida ko‘ngilga tegmaydigan tarzda gapirishga moyillik mavjudligini,
ruslar tabiatidagi keskinlik, lo‘nda gapirishga moyillikni, inglizlardagi rasmiy
“ohang”ni ko‘rish mumkin.
Keltirib o‘tilganidek, o‘zbek, rus va ingliz xalq maqollari juda ko‘p xususiyatlari
bilan folklorning boshqa janrlaridan keskin farqlanib turadi va unda xalqning
mentaliteti va milliy xarakteri namoyon bo‘lib turadi. Oila, mehmonni ulug‘lash va
qarindosh-urug‘chilik munosabatlariga jiddiy qaralishi o‘zbek maqollarida yaqqol tus
olgan bo‘lsa, uy hayvonlariga bo‘lgan mehrning kuchliligi ingliz xalq maqollarida
ko‘proq gavdalanadi (Abdurahimova F., 2014).
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, turli xalqlarga xos til birliklarini tahlil qilish shu millatga
xos bo‘lgan urf-odat, an’ana, shu millat e’tiqodi, milliy xususiyatlari haqida xulosa
chiqarish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqlarning milliy taomlari, milliy
kiyimlari ham xalq maqollarida gavdalantirilib, bu orqali shu millatga xos bo‘lgan
turmush tarzi namoyon bo‘ladi. Ana shu xususiyatlaridan kelib chiqqan holda,
xalqlarning o‘zaro o‘xshash va farqli jihatlari haqida xulosa chiqarish mumkin.
Bundan tashqari, xalqlarning milliy qadriyatlari, emotsional ifodalari ham til
birliklarida, masalan, frazeologizmlar va paremiyalar orqali gavdalantirilib, bu orqali
shu millatga xos bo‘lgan ruhiy kechinmalar va hissiyotlar dunyosi namoyon bo‘ladi.
Ana shu xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, xalqlarning o‘zaro o‘xshash ruhiy
holatlari va farqli psixologik xususiyatlari haqida xulosa chiqarish mumkin.
Takliflar sifatida, mental xususiyatlarni til birliklarida qiyosiy tahlil qilishni
kengaytirish, turli tillar o‘rtasidagi o‘xshashliklarni o‘rganish orqali madaniy
integratsiya jarayonlariga hissa qo‘shish mumkin. Shuningdek, bu sohada zamonaviy
lingvistik texnologiyalarni qo‘llash va yosh avlod ta’limida mental xususiyatlarni til
orqali shakllantirish usullarini ishlab chiqish zarurdir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abduazizov A. (2010). Tilshunoslik nazariyasiga kirish. – Toshkent: Sharq.
2. Abdurahimova F. (2014). Ingliz, rus va o‘zbek tillari maqollarining semantik
xususiyatlari. – Urganch.
3. Botirov B. (2011). O‘zbek mentalitetining psixologik xususiyatlari. –
Toshkent: Fan va texnologiyalar markazi.
4. Гвоздева А. (2004). Языковая картина мира: лингвокультурологические и
гендерные особенности (на материале художественных произведений
русскоязычных и англоязычных авторов). Автореферат диссертации на
соискание ученой степени к. филол. н. – Краснодар.
5. Ergashev P., Ubaydullayev A. (2014). Tartibli va tartibsiz xulq-atvor
psixologiyasi. – Toshkent.
6. Maсловa M. (2001) Лингвокультурология. – Mосква: Академия.
7. Mahmudov N., Xudoyberganova D. (2013). O‘zbek tili o‘xshatishlarining
izohli lug‘ati. – Toshkent: Ma’naviyat.
8. Raxmatullayev Sh. (2009). O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (forscha, tojikcha
birliklar va ular bilan hosilalar). – Toshkent: Universitet.
9. Shomaqsudov Sh., Shorahmedov Sh. (1990). Hikmatnoma: O‘zbek
maqollarining izohli lug‘ati. – Toshkent.
10.Wierzbicka A. (1997). Understanding cultures through their key words:
English, Russian, Polish, German, and Japanese. – Oxford: Oxford University Press.
REFERENCES:
1. Abduazizov A. (2010). Tilshunoslik nazariyasiga kirish. – Toshkent: Sharq. (In
Uzbek)
2. Abdurahimova F. (2014). Ingliz, rus va o‘zbek tillari maqollarining semantik
xususiyatlari. – Urganch. (In Uzbek)
3. Botirov B. (2011). O‘zbek mentalitetining psixologik xususiyatlari. –
Toshkent: Fan va texnologiyalar markazi. (In Uzbek)
4. Gvozdeva A. (2004). Yazikovaya kartina mira: lingvokulturologicheskie i
gendernie osobennosti (na materiale xudojestvennix proizvedeniy russkoyazichnix i
angloyazichnix avtorov). Avtoreferat dissertasii na soiskanie uchenoy stepeni k. filol.
n. – Krasnodar. (In Russian)
5. Ergashev P., Ubaydullayev A. (2014). Tartibli va tartibsiz xulq-atvor
psixologiyasi. – Toshkent. (In Uzbek)
6. Maslova M. (2001) Lingvokulturologiya. – Moskva: Akademiya. (In Russian)
7. Mahmudov N., Xudoyberganova D. (2013). O‘zbek tili o‘xshatishlarining
izohli lug‘ati. – Toshkent: Ma’naviyat. (In Uzbek)
8. Raxmatullayev Sh. (2009). O‘zbek tilining etimologik lug‘ati (forscha, tojikcha
birliklar va ular bilan hosilalar). – Toshkent: Universitet. (In Uzbek)
9. Sh. Shomaqsudov, Sh. Shorahmedov. (1990). Hikmatnoma: O‘zbek
maqollarining izohli lug‘ati. – Toshkent. (In Uzbek)
10. Wierzbicka A. (1997). Understanding cultures through their key words:
English, Russian, Polish, German, and Japanese. – Oxford: Oxford University Press.