ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Xarakter aksentuatsiyasi va uning ijtimoiy moslashuvga ta’siri

O‘rozaliyeva O‘lmasoy Kubay qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

XARAKTER AKSENTUATSIYASI VA UNING IJTIMOIY
MOSLASHUVGA TA’SIRI

CHARACTER ACCENTUATION AND ITS IMPACT ON SOCIAL
ADAPTATION

АКЦЕНТУАЦИЯ ХАРАКТЕРА И ЕЁ ВЛИЯНИЕ НА СОЦИАЛЬНУЮ
АДАПТАЦИЮ
O‘rozaliyeva O‘lmasoy Kubay qizi
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti 1-kurs magistranti
Tel.: +998 94-759-14-41
E-mail:olmasoykubayqizi@gmail.com

Annotatsiya. Xarakter aksentuatsiyasi – shaxsning sog‘lomlik va patologiya
chegarasidagi o‘ziga xos xulq-atvor urg‘usi bo‘lib, ayrim xarakter xususiyatlarining
haddan tashqari kuchayishi bilan tavsiflanadi. Maqolada bu konsepsiya Karl Leonhard
(1968) va A.E. Lichko (1983) nazariyalari asosida tahlil qilinadi. Leonhardning 12
turdagi tasnifi (gipertimik, distimik, tsikloid, affektiv-ekzaltatsiyalangan, emotiv, anxioz,
demonstrativ, pedantik va boshqalar) batafsil yoritilgan bo‘lib, har bir tipning kundalik
hayotdagi namoyon bo‘lishi va ijtimoiy munosabatlardagi o‘ziga xos xususiyatlari
misollar orqali ko‘rsatilgan. Aksentuatsiyalar shaxsning ijtimoiy moslashuviga ham
ijobiy (yetakchilik, mas’uliyat, hamdardlik), ham salbiy (hissiy beqarorlik,
moslashuvchanlikning pasayishi, konfliktga moyillik) ta’sir ko‘rsatadi. Maqola xarakter
aksentuatsiyasini tushunish va to‘g‘ri boshqarish shaxsiy rivojlanish va jamiyatda
samarali moslashuv uchun muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Kalit so‘zlar: Xarakter aksentuatsiyasi, ijtimoiy moslashuv, Karl Leonhard, Andrey
Lichko, temperament, shaxsiyat, aksentuatsiya turlari, psixologik adaptatsiya.

Abstract. Character accentuation is defined as a specific behavioral emphasis
located at the borderline between psychological normality and pathology, characterized
by an excessive strengthening of certain character traits. The concept is analyzed based
on the theories of Karl Leonhard (1968) and A.E. Lichko (1983). Leonhard’s
classification of 12 types (hyperthymic, dysthymic, cycloid, affectively exalted, emotive,
anxious, demonstrative, pedantic, and others) is described in detail, with examples
illustrating how each type manifests in everyday life and influences interpersonal
relationships. Accentuations exert both positive (leadership, responsibility, empathy) and
negative (emotional instability, reduced flexibility, conflict proneness) effects on an
individual’s social adaptation. The article emphasizes that understanding and proper
management of character accentuation are essential for personal development and
effective adaptation in society.

Keywords: character accentuation, social adaptation, Karl Leonhard, Andrey
Lichko, temperament, personality, types of accentuation, psychological adaptation.

Аннотация. Акцентуация характера представляет собой специфическое
акцентирование поведения, находящееся на границе между психической нормой и
патологией, характеризуется чрезмерным усилением отдельных черт характера. В
статье концепция анализируется на основе теорий Карла Леонгарда (1968) и А.Е.
Личко (1983). Подробно рассматривается классификация Леонгарда из 12 типов
(гипертимный, дистимный, циклоидный, аффективно-экзальтированный,
эмотивный, тревожный, демонстративный, педантичный и др.), с примерами,
показывающими проявление каждого типа в повседневной жизни и особенности в
межличностных отношениях. Акцентуации оказывают как положительное
(лидерство, ответственность, эмпатия), так и отрицательное (эмоциональная
нестабильность, снижение гибкости, склонность к конфликтам) влияние на
социальную адаптацию личности. В статье подчёркивается, что понимание и
правильное управление акцентуациями характера имеют важное значение для
личностного развития и эффективной адаптации в обществе.

Ключевые слова: акцентуация характера, социальная адаптация, Карл
Леонгард, Андрей Личко, темперамент, личность, типы акцентуаций,
психологическая адаптация.

KIRISH
Psixologiya sohasida shaxsning bir qancha xususiyatlari ko‘rib chiqilib, sog‘lomlik
va patologiya chegaralari orasida baho beriladi. Xarakter aksentuatsiyasiga shaxsda
sog‘lomlik va patologiya chegaralarining orasida joylashgan o‘ziga xos xulq-atvor
urg‘usi deb baho berish mumkin. Aslida, xarakterning tub ma’nosi “bosilgan tamg‘a”
ya’ni o‘zgarmas xususiyat hisoblanadi. Aksentuatsiyaga esa bo‘rtib chiqqan,
urg‘ulashgan, keragidan ortiq namoyon bo‘luvchi fe’l-atvorning bir qirrasi sifatida qarash
mumkin. Bu psixologik atama sifatida 1968-yilda Karl Leongard va 1977-yilda Andrey
Lichko izlanishlarida namoyon bo‘ladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Xarakter aksentuatsiyasi masalasi psixologiya fanida XX asrning ikkinchi yarmidan
boshlab jiddiy o‘rganila boshlangan bo‘lib, uning asosiy nazariy asoslari P.B.
Gannushkin, K. Leonhard va A.E. Lichko nomlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
P.B. Gannushkin (1933) o‘zining klassik asari “Psixopatiyalar klinikasi, ularning
statistikasi, dinamikasi va sistematikasi”da psixopatik shaxsiyatning yashirin (latent)
shakllarini batafsil tasniflab, keyinchalik aksentuatsiya deb nom olgan holatlarni klinik
nuqtayi nazardan birinchi bo‘lib yoritgan. Uning qarashlari patologiya bilan normal holat
chegarasidagi o‘tish shakllarini tushuntirishda muhim asos bo‘lib xizmat qilgan.

K. Leonhard (1968) “Aktsentuirovannye lichnosti” asarida xarakter aksentuatsiyasi
tushunchasini tizimli ravishda ishlab chiqdi va uni shaxsning normal rivojlanishining eng
chekka chegarasi sifatida ta’rifladi. U aksentuatsiyalarni temperament va xarakter asosida
ikki guruhga ajratib, jami 10–12 turdagi aksentuatsiya (gipertimik, distimik, tsikloid,
demonstrativ, pedantik va boshqalar) ni batafsil tavsifladi. Leonhardning tasnifi bugungi
kunda ham eng nufuzli va keng qo‘llaniladigan modellar qatoriga kiradi.

A.E. Lichko (1983) o‘zining “Psixopatii i aktsentuatsii xaraktera u podrostkov”
asarida Leonhard tasnifini o‘smirlar yosh davriga moslashtirdi va o‘smirlik davrida
aksentuatsiyalarning eng yaqqol namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Lichko 11 turdagi
aksentuatsiyani ajratib, ularning o‘smirlar xulq-atvoridagi og‘ishlar bilan bog‘liqligini
ko‘rsatdi. Uning yondashuvi o‘smir psixologiyasi va yoshlar bilan ishlash amaliyotida
keng qo‘llanilmoqda.

G. Shmishek (1970) Leonhard nazariyasini psixometrik tekshiruv usuli (Shmishek
testi) shaklida rivojlantirdi va aksentuatsiyalarni empirik o‘lchash imkonini yaratdi. Bu
usul hozirgi kunda ham klinik va tadqiqot ishlarida faol qo‘llaniladi.

Keyingi davrlarda A.A. Nalchajyan (1988), G.M. Andreyeva (2010), A.A. Rean
(2013) va boshqa mualliflar aksentuatsiyalarni shaxsning ijtimoiy moslashuvi,
shaxslararo munosabatlar va psixologik himoya mexanizmlari bilan bog‘liq holda
o‘rganishdi. O‘zbek psixologiya maktabida esa E. G‘oziyev (2010) va M.G. Davletshin
(2004) umumiy va yoshlar psixologiyasi doirasida aksentuatsiya masalalariga alohida
e’tibor qaratganlar.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqot xarakter aksentuatsiyasi va uning ijtimoiy moslashuvga ta’sirini
o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, nazariy va empirik yondashuvlarni birlashtirgan aralash
metodologiya asosida tuzilgan bo‘lib, ushbu metodologiya xarakter aksentuatsiyasi va
ijtimoiy moslashuv o‘rtasidagi bog‘liqlikni ilmiy asosda o‘rganish, empirik ma’lumotlar
orqali tasdiqlash va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish imkonini beradi. Tadqiqot natijalari
talabalar bilan psixologik maslahat ishi, o‘quv jarayonini tashkil etish va yoshlar o‘zini
rivojlantirish dasturlarida qo‘llanilishi mumkin.

TAHLIL VA NATIJALAR
Xarakter aksentuatsiyasi P.B.Gannushkinning 1933-yilda yozilgan “Psixopatiyalar
klinikasi, ularning statistikasi, dinamikasi va sistematikasi” nomli klassik asarida ham
klinik jihatdan atroflicha yoritilgan. Gannushkin va Leongard qarashlarini o‘zaro
solishtirsak, bir qancha bir-birini to‘ldiruvchi fikrlarni topishimiz mumkin.
Gannushkinning asari psixopatiyalar klinikasiga bag‘ishlangan va unda yashirin
psixopatiyalar maxsus o‘rganilib yozilgan. Ular aslida Leongard tushunchasidagi
xarakter aksentuatsiyasining klinik ifodasi sifatida qaralishi mumkin. “Xarakter
aksentuatsiyasi shaxs rivojlanishining me’yoriy chegarasidagi eng chekka holat bo‘lib,

bunda ayrim xarakter xususiyatlari haddan tashqari kuchayadi va bu shaxsning ma’lum
psixogen ta’sirlarga nisbatan sezgirligini oshiradi” (Leonhard K., 1968:12). Shaxsdagi
xarakter aksentuatsiyasi konsepsiyasi keyinchalik A. Lichko va uning hamkorlari
tomonidan o‘smirlar talqinida ko‘rib chiqilgan va o‘smirlarda kuzatiladigan xulq-atvor
og‘ishlarini o‘rganishda keng qo‘llanilgan. Karl Leongard xarakter aksentuatsiyalarini
kelib chiqish va namoyon bo‘lish xususiyatiga ko‘ra 2 guruhga ajratadi. Bular:

1. Temperamentga asoslangan aksentuatsiya turlari;
2. Xarakterga asoslangan aksentuatsiya turlari;

Temperamentga asoslangan aksentuatsiya turlari insonning biologik va fiziologik
xususiyatlari orqali namoyon bo‘ladi. Ular insonning nerv tizimi, hissiy holati, tez
ta’sirlanish darajasi va kayfiyat o‘zgarishlari bilan aniqlanadi. Gipertimik, distimik,
tsikloid, affektiv-ekzaltatsiyalangan, emotiv va anksioz aksentuatsiya turlari insonning
temperamenti asosida yuzaga keladi.

Xarakterga asoslangan aksentuatsiya turlari insonning ijtimoiy shakllangan, hayot
davomida orttirilgan psixik xususiyatlariga bog‘liq. Ya’ni ular tarbiya, muhit, tajriba va
qadriyatlar asosida shakllanadi. Bu guruhga demonstrativ, pedantik, ekstrovert, introvert,
affektiv-tiqiluvchan, qo‘zg‘aluvchan aksentuatsiya turlari kiradi. Karl Leongard 12 ta
aksentuatsiya turini ajratgan. A.E.Lichko esa yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda,
o‘smirlar uchun 11 turdagi aksentuatsiyani taklif etgan. Temperamentga asoslangan –
fiziologik ildizga ega (gipertim, distim, sikloid, labil, affektiv-eksploziv), xarakterga
asoslangan – ijtimoiy va tarbiyaviy ildizga ega (demonstrativ, konform, psixoastenoid,
sensitiv, asteno-nevrotik, shizoid), aralash turlar – ikkalasining belgilarini o‘zida
mujassamlashtiradi (gipetim-labil, sensitiv-psixoastenoid, epileptoid-demonstrativ).
“Xarakter aksentuatsiyalari ayniqsa o‘spirinlik va talabalik davrida yaqqol namoyon
bo‘lib, shaxs xulqi va uning ijtimoiy moslashuviga bevosita ta’sir ko‘rsatadi” (Личко
А.Е., 1983:23). Keling, Karl Leongard nazariyasiga ko‘ra xarakter aksentuatsiya turlarini
o‘rganamiz.

1. Gipertimik tip. Bunday aksentuatsiyalashgan xulqqa ega shaxslar odatda faol,
quvnoq va serharakat bo‘lishadi. Yangi muhitga moslashishlari, yangi insonlar bilan
munosabat qurishlari oson. Har qanday jamoada tez yetakchi bo‘lib oladi, hammani
kuldiradi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta ishni boshlaydi, lekin ayrimlarini tugatmaydi.
Muammo bo‘lsa ham jiddiy qabul qilmay, yengil qaraydi. Qoidalarga amal qilishda
beparvolik qiladi, chunki shoshqaloq. Ular mas’uliyatsizroq va sabrsizroq bo‘ladilar.

Masalan: bir o‘quvchi juda faol, har doim kayfiyati yaxshi. Guruhda u yetakchi,
hammani kuldiradi, yangi tanishlar bilan tez chiqishib ketadi. Darsda savol berilsa
birinchi bo‘lib javob beradi, lekin ko‘pincha oxirigacha tinglamay gapirib yuboradi. Uy
vazifalarini oxirgi daqiqaga qoldiradi, chunki “hammasiga ulguraman” deb o‘ylaydi. Bir
ish tez zeriktirsa, boshqasiga o‘tib ketadi. Muammo paydo bo‘lsa ham uni jiddiy qabul

qilmay, “hammasi o‘zi hal bo‘ladi” deydi. Ko‘rib turibmizki, bu o‘quvchida gipertim
xarakter urg‘usi bor.

2. Distimik tip. Tushkun kayfiyat ularda deyarli barqaror bo‘ladi. Jiddiy, sokin,
kamgap, fikrlovchan va mas’uliyatli shaxslardir. Ular hayotda pessimist fikrlashlari,
sekin harakatlanishi bilan atrofdagilar noroziligiga sabab bo‘ladilar. Masalan: bir
o‘quvchi sokin, kamgap, ko‘p kulavermaydi. Guruhda doimo oxirgi qatorda o‘tiradi. U
boshqalarga qaraganda voqealarning salbiy tomonini tezroq ko‘radi: “baribir
muvaffaqiyat bo‘lmaydi” degan fikr tez-tez xayoliga keladi. Ammo unga ish topshirilsa,
jiddiy va mas’uliyat bilan bajaradi. Unga baland ovozli muhit yoqmaydi, yolg‘iz qolib
o‘ylashni yaxshi ko‘radi. Bu yerda distimik xarakter aksentuatsiyasi namoyon
bo‘lmoqda.

3. Tsikloid tip. Kayfiyatning turg‘un bo‘lmasligi, goh quvnoq, goh g‘amginliklari
bilan tavsiflanadi. Bunday shaxslar stressga sezgir bo‘ladilar. Masalan: bir talaba bor.
Ba’zi haftalarda u juda faol bo‘ladi: ertalab erta turadi, darslarga tayyorlanadi, ko‘plab
reja tuzadi, do‘stlari bilan ko‘p gaplashadi, yangi g‘oyalar bilan yonib yuradi. O‘sha
paytda u o‘ziga ishonchli, quvnoq va ishchan bo‘ladi. Lekin bir necha kundan yoki
haftadan keyin uning holati o‘zgaradi. Hech qanday aniq sabab bo‘lmasa ham, u
sustlashib qoladi: dars qilishga ham, odamlar bilan gaplashishga ham xohishi bo‘lmaydi.
Oldin qiziq bo‘lgan ishlar zerikarli tuyuladi, charchoq va befarqlik paydo bo‘ladi.
Do‘stlari bilan kamroq uchrashadi, yolg‘iz qolishni xohlaydi.

Bir muddat o‘tgach esa u yana asta-sekin faollashadi, kayfiyati ko‘tariladi va
hammasi qaytadan boshlanadi. Bu holatda kayfiyat va faollikning davriy almashib turishi,
ya’ni ko‘tarilish va pasayish bosqichlari tsikloid tipga xos hisoblanadi.

4. Affektiv-ekzaltatsiyalangan tip. Ular his-tuyg‘ulari chuqur, san’atni, go‘zallikni
kuchli his qiladilar. Ba’zan his-tuyg‘ularni nazorat qila olmaydi, oson hayajonlanadi.
Masalan: bir talaba juda hissiyotli. U quvonchli xabar eshitsa, darrov ko‘zlari yonib
ketadi, hayajondan yig‘lab yuborishi ham mumkin. U imtihondan yuqori baho olganini
bilsa, u buni oddiy xursandchilik bilan emas, balki juda kuchli hayajon bilan qabul qiladi:
quvonchdan yig‘laydi, hammaga qayta-qayta aytadi, uzoq vaqt kayfiyati ko‘tarilib yuradi.
Xuddi shunday, kichik bir salbiy voqea ham unga juda kuchli ta’sir qiladi. Do‘sti sal
sovuqroq gapirsa yoki rejalari bekor bo‘lsa, u buni yuragiga juda yaqin olib, qattiq
tushkunlikka tushadi, yig‘lab, “hammasi yomon bo‘ldi”, deb o‘ylaydi. Vaqt o‘tib vaziyat
yaxshilansa ham, u boshidan kechirgan hissiyotlar juda kuchli bo‘ladi. Bu misolda histuyg‘ularning haddan tashqari kuchli va keskin namoyon bo‘lishi, quvonchdan ham,
qayg‘udan ham “chegarasiz” ta’sirlanish – affektiv ekzaltatsiyalangan tipga xos belgidir.

5. Tashvishli (anxioz) tip. Tabiatan tortinchoq, o‘ziga ishonchsiz, qo‘rquvchan
bo‘ladilar. Bunday shaxslar halol, ehtiyotkor, mehribon insonlardir. Ammo salbiy jihati
xavotirli, mustaqil qaror qabul qilishda qiynaladi. Masalan: bir talaba har qanday yangi

vaziyatdan oldin juda xavotirlanadi. Shunday vaziyat deylik, ertaga imtihon bo‘lsa, u bir
necha kun oldindan “savollarni unutib qo‘ysam-chi”, “javob bera olmasam-chi” deb
o‘ylay boshlaydi. Yaxshi tayyorlangan bo‘lsa ham, imtihon kuni qo‘llari titraydi, yuragi
tez uradi, o‘ziga ishonchi pasayadi. Ish yoki o‘qishda ham u doim xatodan qo‘rqadi.
O‘qituvchi yoki rahbar biroz jiddiy ohangda gapirsa, u darrov o‘zini aybdordek his qiladi.
Tanqid eshitsa, uzoq vaqt o‘sha gapni eslab yuradi va o‘zini ayblaydi. Shu bilan birga, u
juda mas’uliyatli: topshirilgan vazifani qayta-qayta tekshiradi, lekin baribir “yetarli
darajada yaxshi chiqmadi” deb o‘ylaydi. Bu talabada doimiy ichki xavotir, o‘ziga
ishonchsizlik va xatodan qo‘rqish – tashvishli (anxioz) tipning belgilari o‘laroq namoyon
bo‘lmoqda.

6. Emotiv (hissiy) tip. Bunday aksentuatsiyalashgan xulqqa ega shaxslar juda
sezgir, boshqalarning hislarini chuqur tushunadi. Salbiy tomoni: oson ranjiydi, ko‘p
o‘ylaydi, his-tuyg‘uga berilib ketadi. Masalan: bir talaba juda mehribon va sezgir. U
odamlarning kayfiyatini tez sezadi. Agar do‘sti xafa bo‘lsa, u bunga befarq qaray olmaydi
– o‘sha muammo bilan yashayotgandek bo‘lib qoladi. Hatto o‘zi yordam bera olmasa
ham, ich-ichidan juda xavotirlanadi. O‘qituvchi darsda uni sal jiddiyroq ohangda tanqid
qilsa, bu tanqid og‘ir bo‘lmasa ham, uni yuragiga yaqin olib, uyga kelgach ham o‘sha
gaplarni qayta-qayta o‘ylab yuradi. “Men xato qilib ustozni ranjittimmikan?” degan
savollar tinchlik bermaydi. U boshqalarni ranjitib qo‘yishdan juda qo‘rqadi. O‘z fikrini
aytishi kerak bo‘lgan vaziyatlarda ham, kimnidir xafa qilib qo‘ymaslik uchun jim qolishi
mumkin. Uzoq vaqt oldin bo‘lib o‘tgan voqealarni, ayniqsa hissiy jihatdan ta’sirli
holatlarni unutolmay yuradi. Bu talabada chuqur hissiy sezgirlik, hamdardlik va tanqidga
kuchli ta’sirlanish – emotiv tipga xos xususiyatlardir.

7. Demonstrativ (namoyishkorona) tip. Ular doimo diqqat markazida bo‘lishni
yoqtiradi, ijodkor, harakatchan, samimiy ko‘rinadi. Ammo yolg‘on, ikkiyuzlamachilikka
moyil bo‘ladilar. Aytaylik, bir talaba har doim diqqat markazida bo‘lishni xohlaydi.
Masalan, sinfda yangi loyiha taqdim etilsa, u eng baland ovoz bilan o‘z fikrini aytadi,
hammani qiziqtirishga harakat qiladi.

U voqealarni bezab, hissiyotlarni oshirib ko‘rsatadi, kichik muvaffaqiyati bo‘lsa
ham uni katta voqea sifatida e’lon qiladi va do‘stlariga bir necha marta aytadi. Agar
e’tibor unga qaratilmasa, xafa bo‘lib qoladi yoki ataylab o‘zini ranjigan kabi ko‘rsatadi.
Tanqidni esa qabul qilishni yoqtirmaydi. Agar kimdir uni tanqid qilsa, bu holatni uzoq
vaqt eslab yuradi va boshqalarga dramatik tarzda gapiradi. Bu yerda doimiy diqqatni
o‘ziga jalb qilish, dramatizatsiya qilish va hissiy namoyish – namoyishkorona tipning
yaqqol ko‘rinishi desak xato bo‘lmaydi.

8. Pedantik (tartibsevar, aniqlikni yoqtiruvchi) tip. Bunday aksentuatsiyalashgan
xulqqa ega shaxslar tartibli, rejalashtirishni yoqtiradi, mas’uliyatli insonlardir. Ammo
ortiqcha talabchanlik, qat’iyliklari bilan adaptatsiyada qiynalishlari mumkin. Keling bir

misol ko‘raylik: bir o‘qituvchi darsda har bir narsa joyida bo‘lishini talab qiladi: daftarlar,
darsliklar tartibli bo‘lishi kerak. U kichik xatolarni ham ko‘zdan qochirmaydi va hamma
narsani qayta tekshiradi. Baholashi juda sekin, chunki har bir detalni hisobga oladi.
Masalan, uchta variant bo‘lsa, u ularni alohida tahlil qilmasdan javobni tanlamaydi.
Qoidalardan chetga chiqishni yoqtirmaydi. Intizomga sodiqlik, tartib-sevarlik va kichik
detallarni puxta bajarish – pedantik tipning asosiy belgilari shu ustozda yaqqol namoyon
bo‘lmoqda.

9. Tutiluvchan (affektiv-zaxarli) tip. Bunday aksentuatsiyalashgan xulqqa ega
shaxslar tinch, ammo ichida hissiyot yig‘ilib, birdan “portlaydi”. Salbiy tomoni: jahl
chiqarganda keskin reaksiya beradi. Ijobiy tomoni: sabrli, qat’iyatli, printsipial. Bir odam
doimo sokin, kamgap va vazifalarini vijdonan bajaradi, lekin kichik bir tanqid yoki
kamsitish uni ichdan “yoqib” yuboradi. U uzoq vaqt o‘z his-tuyg‘ularini nazorat qiladi,
lekin juda keskin provokatsiyada, to‘satdan qattiq g‘azablanadi yoki yig‘laydi. Ish joyida
u odatda tartibli va odobli bo‘ladi, lekin hamkasbi unga nisbatan adolatsiz ish qilsa, birdan
keskin norozilik bildiradi. Do‘stlar bilan suhbatda o‘z fikrini odatda yumshoq bildiradi,
lekin qattiq bosim paytida ataylab keskin, og‘ir so‘zlar ishlatadi. Bu odamda hissiyotlarni
ichida saqlash va provokatsiya yoki stress paytida kuchli, birdan chiqqan reaksiya bo‘lishi
uning xarakteridagi affektiv-zaharli aksentuatsiyasidir.

10. Qotib qoluvchi tip. Ular g‘ururlanadi, o‘z fikrida qattiq turadi, adolatni himoya
qiladi. Ammo kechirimli emas, o‘ch olishga moyil. Masalan: bir talaba har doim o‘z
fikrida qat’iy turadi, boshqalarni ishontira olmasligini bilsa ham qarorini
o‘zgartirmaydi.Uni ranjitgan odamni uzoq vaqt unutmaydi va oldingi adolatsizlikni eslab,
uzoq vaqt kayfiyati tushadi. O‘qishda o‘z uslubini o‘zgartirishni xohlamaydi, har qanday
yangi taklifga qarshi chiqadi.

Do‘stlar bilan bahsda u o‘z nuqtayi nazarini himoya qilish uchun uzoq vaqt
bahslashadi va murosaga kelish qiyin bo‘ladi. Bunda qotib qoluvchi xarakter
aksentuatsiyadagi asosiy belgisi – o‘z fikrini qat’iy himoya qilish, moslashuvchanlikning
pastligi va adolatsizlikni uzoq eslab yurish namoyon bo‘lmoqda deyish mumkin.

11. Ekstrovert tip. Xulq atvori va hissiyotlarini tashqi olamga yaqqol namoyon
qiluvchi. Ular ko‘pincha bishqalar fikriga keragidan ortiq e’tibor qaratadilar. Aytaylik,
talabalardan biri har doim odamlar bilan muloqot qilishni yoqtiradi, yangi tanishlar bilan
tez chiqishib ketadi. U guruhdagi muhokamalarda faol qatnashadi va o‘z fikrini baland
ovoz bilan bildiradi. Bo‘sh vaqtida do‘stlar bilan uchrashishni afzal ko‘radi, yolg‘iz
qolishni zerikarli deb biladi. Stress paytida ichkariga yopilmay, boshqalar bilan
gaplashish va maslahat so‘rash orqali muammoni yengishga harakat qiladi. Undagi
ijtimoiy faoliyatni yoqtirish, energiyani odamlar bilan muloqotdan olish va tashqi
dunyoga qiziqish ekstrovertlikning yaqqol namoyonidir.

12. Introvert tip. Bunday shaxslar o‘z dunyoqarashlariga qat’iy sodiq. Xulq-atvor
reaksiyalari ichki dunyosiga yo‘nalgan bo‘ladi. Ba’zan ular depressiya va stressni
ichlariga yutganligi sababli sog‘liqlariga zarar yetkazadilar. Masalan: bir talaba ko‘proq
yolg‘iz yoki yaqin do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishni yoqtiradi, katta guruhli tadbirlarda ko‘p
gapirmaydi. U darsda faol qatnashmaydi, lekin topshirilgan vazifani puxta va mas’uliyat
bilan bajaradi. Yangi tanishlar bilan oson chiqishib ketmaydi, ular bilan do‘stlashishi
uchun vaqt va ishonch kerak bo‘ladi. Stress paytida odamlar orasidan chekinadi, o‘zo‘zini tahlil qilish orqali muammoni hal qilishga harakat qiladi. Undagi kamgaplik,
energiyani ichki manbadan olish va ijtimoiy muhitga ehtiyotkor munosabat introvertlik
belgisidir.

Aksentuatsiyalarning mavjudligi insonning ijtimoiy hayotida muayyan rol
o‘ynaydi. Masalan, gipertimik tipdagi shaxslar faol va ijobiy, ammo ba’zan sabrsiz
bo‘lishi, pedantik shaxslar esa aniq, tartibli, lekin haddan ortiq talabchan ekanini aytdik.
Aksentuatsiyaga ega insonlar ko‘plab hollarda jamiyatga moslasha oladi, biroq, ulardagi
aksentuatsiya ish va o‘qishdagi do‘stlar bilan muloqotga, samarali aloqalarga ta’sir etadi.
“Xarakterdagi aksentuatsiyalangan belgilar shaxslararo munosabatlar va ijtimoiy faoliyat
jarayoniga sezilarli darajada ta’sir qiladi” (Schmieschek G., 1970:45). Demak, har bir
aksentuatsiya shaxsning zaif tomonlarini ko‘rsatadi. Stress, tanqid, konflikt yoki noqulay
vaziyatlarda insondagi xarakter aksentuatsiyasi uning ijtimoiy moslashuvini
qiyinlashatiradi, hissiy beqarorlik, ichki xavotir va o‘ziga ishonchsizlik paydo bo‘lishiga
olib keladi. Ijobiy tomoni shundaki, aksentuatsiyaga ega shaxsning kuchli xususiyatlari
ijtimoiy hayotda resursga aylanadi. U faol, mas’uliyatli, kreativ va ijtimoiy jihatdan
yetakchi bo‘lishi mumkin. Masalan, gipertim tipdagi insonlar guruh ishlarida yetakchilik
qiladi, pedantiklar vazifalarni puxta bajaradi, emotiv va affektiv-ekzaltatsiyalangan
tipdagi insonlar boshqalarning his-tuyg‘ularini sezib, yordam berishga tayyor bo‘ladi.
Ekstrovert tipidagi shaxslar esa odamlar bilan tez chiqishadi, yangi tanishlar orttiradi va
jamiyatda o‘zini ko‘rsatadi. Shu jihatlar aksentuatsiyaga ega shaxsni ijtimoiy muhitga tez
moslashuvchini samarali qiladi deyish mumkin. “Shaxsning ijtimoiy moslashuvi uning
ijtimoiy muhit bilan samarali o‘zaro munosabat o‘rnata olishi va ichki psixologik
muvozanatini saqlab qolish qobiliyati bilan belgilanadi” (Налчаджян А.А., 1988:56).
Biroq salbiy tomoni ham mavjud. Emotiv yoki affektiv-ekzaltatsiyalangan tiplarda kichik
tanqid yoki stress kuchli hissiy reaksiyaga olib keladi, ularni oson ranjitadi va uzoq vaqt
qayg‘urishga majbur qiladi. Qotib qoluvchi, tutiluvchan tipdagi insonlar o‘z qarorlaridan
qaytmaydi, murosaga kelishga qiynaladi, shu sababli jamoaviy ishda yoki yangi
vaziyatlarda moslashishi qiyinlashadi. Xavotirli va distim tiplar ichki bezovtalik va
qo‘rquv bilan yashaydi, bu esa yangi tanishlar bilan chiqishishni yoki ijtimoiy
vaziyatlarda o‘zini erkin his qilishni cheklaydi. Tsikloid tipli insonlar esa ba’zi davrlarda

faol bo‘lsa, boshqa davrlarda sustlashadi, shuning uchun ularning ijtimoiy moslashuvi
doimiy bo‘lmaydi.

Xarakter aksentuatsiyasi insonning ijtimoiy hayotdagi resurslari va cheklovlarini
ko‘rsatadi. To‘g‘ri boshqarilsa, u shaxsning ijtimoiy muvaffaqiyati va o‘zini anglashiga
yordam beradi, ammo stress va konflikt vaziyatlarida cheklovga aylanadi. Shu bois,
aksentuatsiyani tushunish va o‘z ustida ishlash shaxsiy rivojlanish va jamiyat bilan
uyg‘unlashish uchun muhim hisoblanadi. “Psixologik moslashuv shaxsning o‘zini
anglashi hamda uni ijtimoiy muhit tomonidan qabul qilinishi bilan chambarchas
bog‘liqdir” (Rogers C., 1954:75).

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xarakter aksentuatsiyasi – bu shaxsning individual xususiyatlarini chuqurroq
anglash imkonini beruvchi muhim psixologik tushunchadir. Aksentuatsiya mavjud
bo‘lgan shaxslar odatda normal psixik holatda bo‘ladilar, biroq ularning ayrim sifatlari
muayyan sharoitlarda haddan tashqari kuchli namoyon bo‘lishi mumkin. Bu holat
insonning atrof-muhit bilan munosabatini, kasbiy yo‘nalishini va ijtimoiy moslashuvini
bevosita ta’sir ostida qoldiradi. Shaxsda qaysi turdagi aksentuatsiya mavjudligini bilish,
uni to‘g‘ri baholash va ijobiy tomonga yo‘naltirish psixologik yordam, ta’lim-tarbiya
hamda kasb tanlash jarayonlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, aksentuatsiya
turlarini o‘rganish inson shaxsini yanada to‘liq tushunishga va ijtimoiy muhitda samarali
moslashuvini ta’minlashga xizmat qiladi. To‘g‘ri sharoitda aksentuatsiyalar shaxsning
kuchli tomoniga aylanishi mumkin, lekin noqulay muhitda ular nizoli vaziyatlarga olib
keladi. Shu bois psixologlar aksentuatsiyani shaxsni yaxshiroq tushunish vositasi sifatida
baholaydilar. Xarakter aksentuatsiyasi shaxsning o‘ziga xos psixologik qiyofasini
belgilab beradi. U patologiya emas, balki xarakterning normal variantidir. Inson o‘z
aksentuatsiyasini bilsa, ijtimoiy hayotda o‘zini to‘g‘ri boshqarish va boshqalar bilan
samarali muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu sababli bu tushunchani o‘rganish
nafaqat psixologlar, balki pedagoglar va ota-onalar uchun ham muhimdir.
Quyidagi takliflar amalga oshirilganda talabalar shaxsiy rivojlanishi, o‘quv
motivatsiyasi va ijtimoiy moslashuvi samaradorligi sezilarli darajada oshishi mumkin.
- guruh rahbarlari va psixologlarga aksentuatsiya turlarini hisobga olgan holda
talabalar bilan individual va guruh psixologik maslahat ishlari olib borish bo‘yicha
maxsus treninglar tashkil etish.
- o‘quv jarayonida talabalar o‘zaro munosabatlarida konfliktlar oldini olish uchun
“aksentuatsiyalarni hisobga olish” tamoyiliga asoslangan guruhlar shakllantirish
usullarini qo‘llash (masalan, gipertimik va distimik, ekstrovert va introvert tiplarni
muvozanatli birlashtirish).
- talabalar o‘z-o‘zini anglash va shaxsiy rivojlanish dasturlariga “O‘z
aksentuatsiyamni bilaman va boshqaraman” mavzusidagi modullarni kiritish.

- ota-onalar va maktab psixologlari uchun aksentuatsiya turlarini erta aniqlash va
yoshlar hayotidagi ijobiy tomonlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘llanmalar va treninglar
tayyorlash.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Андреева Г.М. (2010). Социальная психология. – М.: Аспект Пресс.
2. Бурлачук Л.Ф. (2001). Психодиагностика личности. – Киев: Ника-Центр.
3. Давлетшин М.Г. (2004). Ёш ва педагогик психология. – Тошкент: Фан.
4. Erikson E. (1968). Identity: Youth and Crisis. – New York: W.W. Norton &
Company.
5. G‘oziyev E. (2010). Умумий психология. – Тошкент: Ўқитувчи.
6. Карвасарский Б.Д. (2010). Клиническая психология. – СПб.: Питер.
7. Леонгард К. (1968). Акцентуированные личности. – Berlin: Springer.
8. Личко А.Е. (1983). Психопатии и акцентуации характера у подростков. –Л.:
Медицина.
9. Налчаджян А.А. (1988). Социально-психологическая адаптация личности. –
Ереван: Айастан.
10. Rogers C., Dymond R. (1954). Psychotherapy and Personality Change. –
Chicago: University of Chicago Press.

REFERENGES:
1. Andreyeva G.M. (2010). Sotsialnaya psixologiya. – M.: Aspekt Press. (In
Russian)
2. Burlachuk L.F. (2001). Psixodiagnostika lichnosti. – Kiev: Nika-Tsentr. (In
Russian)
3. Davletshin M.G. (2004). Yosh va pedagogik psixologiya. – Toshkent: Fan. (In
Uzbek)
4. Erikson E. (1968). Identity: Youth and Crisis. – New York: W.W. Norton &
Company.
5. G‘oziyev E. (2010). Umumiy psixologiya. – Toshkent: O‘qituvchi. (In Uzbek)
6. Karvasarskiy B.D. (2010). Klinicheskaya psixologiya. – SPb.: Piter. (In Russian)
7. Leonhard K. (1968). Aktsentuirovannye lichnosti. – Berlin: Springer. (In
German)
8. Lichko A.E. (1983). Psixopatii i aktsentuatsii xaraktera u podrostkov. – L.:
Meditsina. (In Russian)
9. Nalchajyan A.A. (1988). Sotsialno-psixologicheskaya adaptatsiya lichnosti. –
Yerevan: Ayastan. (In Russian)
10. Rogers C., Dymond R. (1954). Psychotherapy and Personality Change. –
Chicago: University of Chicago Press.