ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Hakim Termiziyning bilish nazariyasi

Usmonov Ibrohim Sobirovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

HAKIM TERMIZIYNING BILISH NAZARIYASI

AL-HAKIM AT-TIRMIDHI'S THEORY OF KNOWLEDGE

(EPISTEMOLOGY)

ТЕОРИЯ ПОЗНАНИЯ (ЭПИСТЕМОЛОГИЯ) ХАКИМА ТЕРМИЗИ

https://zenodo.org/records/20667031

Usmonov Ibrohim Sobirovich

O‘zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti ilmiy kotibi, tarix fanlari nomzodi, dotsent.

Tel.: +998 97-130-62-31 mobil,

E-mail: i.usmanov@yahoo.com

Annotatsiya. Ushbu tadqiqotda Hakim Termiziyning epistemologiyasi

islom tafakkurining muhim tushunchalaridan biri sifatida ko‘rib chiqiladi, bu yerda

aql, naql va ma’naviy tajriba o‘lchovlari yaxlit doirada kesishadi. Termiziyning

bilish nazariyasi uning shariat maqsadlari tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq.

Uning epistemologik qarashlari islom shariati doirasida shakllangan. Hakim

Termiziyning epistemologiyasi matnlar germenevtikasiga tayanadi. U matnlarni tor

va harfiy tushunishdan voz kechib, shariat maqsadlari doirasida tushunish,

hikmatlarni anglab yetish, ma’naviy jihatlarni qamrab olish masalasiga e’tibor

qaratadi. Zohiriy omil faqat masalaning tashqi po‘stlog‘inigina tashkil etadi.

Hakim Termiziyning epistemologik qarashlari tasavvuf va fiqh uyg‘unlashuviga

xizmat qilgan. Natijada fiqh adabiyotida “shariat sirlari” degan alohida janr

shakllangan bo‘lib, u yerda shar’iy hukmlarning ko‘zga ko‘rinmagan hikmatlari va

maqsadlari ochib berilgan.

Kalit so‘zlar: bilish nazariyasi, zohir ilmi, botin ilmi, shariat maqsadlari,

shariat sirlari, hikmat.

Annotation. This study examines the epistemology of Hakim Termizi as one

of the important concepts in Islamic thought, where the dimensions of reason,

narrative, and spiritual experience intersect in a holistic manner. Termizi's theory

of knowledge is closely linked to his concept of the objectives of Sharia. His

epistemological views are formed within the framework of Islamic Sharia. Hakim

Termizi's epistemology is based on textual hermeneutics. He rejects a narrow and

literal understanding of texts and focuses on their understanding within the

framework of Sharia's objectives, the attainment of wisdom, and the embrace of

spiritual aspects. The external factor constitutes only the outer shell of the

question.

Hakim Termizi's epistemological views contributed to the harmonization of

Sufism and jurisprudence. As a result, a special genre of legal literature, called

"secrets of Sharia," emerged, revealing the hidden wisdom and purposes of Sharia

rulings.

Key words: theory of knowledge, external science, internal science, goals of

Sharia, secrets of Sharia, wisdom.

Аннотaция. В данном исследовании рассматривается эпистемология

Хакима Термизи как одна из важных концепций исламской мысли, где

измерения разума, повествования и духовного опыта пересекаются в

целостном круге. Теория познания Термизи тесно связана с его концепцией

целей шариата. Его эпистемологические взгляды формируются в рамках

исламского шариата. Эпистемология Хакима Термизи основана на

герменевтике текстов. Он отказывается от узкого и буквального понимания

текстов и сосредотачивается на их понимании в рамках целей шариата,

постижении мудрости и охвате духовных аспектов. Внешний фактор

составляет лишь внешнюю оболочку вопроса.

Эпистемологические взгляды Хакима Термизи способствовали

гармонизaции суфизма и юриспруденции. В результате в юридической

литературе сформировался особый жанр, называемый «секреты шариата»,

где раскрываются скрытая мудрость и цели шариатских постановлений.

Ключевые слова: теория познания, внешняя наука, внутренняя наука,

цели шариата, тайны шариата, мудрость.

KIRISH
Hakim Termiziyning (vaf. 932) bilish nazariyasi (epistemologiya, ‫نظرية‬
‫ (المعرفة‬umumbashariy va islomiy merosdagi boshqa epistemologik nazariyalar
orasida alohida o‘rin tutadi. U bir nechta bilim manbalarini birlashtirgan yaxlit
modelni ifodalaydi. Termiziy uchta asosiy o‘lcham – aql, vahiy va qalbni qamrab
oluvchi kengroq tushunchani taqdim etadi.
Hakim Termiziyning bilish nazariyasi ilohiy nur tushunchasi bilan
chambarchas bog‘lanadi. Bu tushuncha “Alloh – osmonlar va yerning nuridir”
(Nur, 35) oyatiga tayanadi. Hakim Termiziy nurlar 9 xil bo‘lib, ularning barchasi
Allohning nuridan olinganini aytadi: quyosh, oy, yulduzlar, kun, chaqmoq, olov,
ko‘z, javohir, ma’rifat (bilish) nurlari. Bular ichida ma’rifat nuri – eng oliysidir
(Juyushiy M., 1980:261-262). Hakim Termiziyga ko‘ra, zohir ilmi sohiblari aql
nuri bilan yursalar, botin ilmi egalari esa Allohdan nur bilan qalb yoki idrokka
beriladigan ilhom ila harakatlanadilar. Bunga dalil qilib Termiziy Oisha (r.a.) dan
rivoyat qilingan quyidagi qudsiy hadisni dalil qilib keltiradi: “Alloh taolo aytadi:
Agar bandamni yaxshi ko‘rsam, uning qulog‘i, ko‘zi va yuragi bo‘laman. Toki u
Men bilan eshitadi, ko‘radi va aql yuritadi” (Husayniy A., 1963:447). Muqaddas
matnlarning botiniy ma’nolarini tushunish uchun qalbda Allohdan berilgan nur

zarurligi Hakim Termiziy tomonidan ko‘p takrorlanadi. Jumladan, “Bayon al-farq”

asarida: “Haqiqiy fiqh – qalb fiqhidir. Dindagi fiqh esa, Allohning mo‘min-bandasi

qalbiga solgan nurdir. Bu go‘yoki yo‘l ko‘rsatuvchi fonusga o‘xshaydi” (Termiziy

H., 1998:60) – deydi. Boshqa asarida Termiziy bu nur qanday qilib bandaga

berilishini muhokama qiladi: “Agar banda nafsini tarbiyalasa (riyozat),

shahvatlardan forig‘ bo‘lsa, ko‘ksini (shahvat tutunlaridan) xoli qilsa, Alloh taolo

uning ko‘ksini O‘z nuri bilan ochib, shu nur bilan to‘ldiradi. Shu nur orqali

hikmatlarni mulohaza qila boshlaydi, shu mulohazadan amr va nahiyning illatini

anglaydi” (Termiziy H., 1998:72).

Hakim Termiziyning barcha asarlarida bilish nazariyasiga oid qarashlarini

uchratish mumkin, ammo quyidagi asarlarida bu mavzu ko‘proq muhokama

qilingan: “Kitob al-ulum”, “Kitob ad-duot va sidqihim va ahvalihim”, “al-Akyos

va-l-mug‘tarrun”, “al-Furuq va man’ at-taroduf”, “Tahsil nazotir al-Qur’on”.

Afsuski, avvalgi ikki kitob hozircha topilmagan, ularga “al-Akyos” kitobida

Hakim Termiziy ishora qilib ketgan (Husayniy A., 1963:49).

Termiziyning bilish nazariyasi uning shariat maqsadlari tushunchasi bilan

chambarchas bog‘liq. Uning epistemologik qarashlari islom shariati doirasida

shakllangan. Uning uchun bilish – mavhum nazariy tushuncha emas, balki islom

shariati hikmatlari va uning maqsadlarini tushunish vositasidir. Termiziy islom

qonunchiligi – shunchaki hukmlar to‘plami emas, balki zohiriy va botiniy jihatlarni

birlashtirgan keng qamrovli, ma’naviy va axloqiy maqsadlarga ega ilohiy tizim,

degan fikrdan kelib chiqadi.

Hakim Termiziyning epistemologiyasi matnlar germenevtikasiga tayanadi. U

matnlarni tor va harfiy tushunishdan voz kechib, shariat maqsadlari doirasida

tushunish, hikmatlarni anglab yetish, ma’naviy jihatlarni qamrab olish masalasiga

e’tibor qaratadi. Zohiriy omil faqat masalaning tashqi po‘stlog‘inigina tashkil

etadi. U hukmlarni belgilash va xatti-harakatni tartibga solish uchun kerak. Lekin u

bilan chegaralanib qolish ma’naviy turg‘unlik va fiqhiy chegaralanishni keltirib

chiqaradi. Botin ilmi esa shariat ortidagi yashiringan ilohiy hikmatni ifoda etadi.

Shu orqali Termiziy fiqh va tasavvufni o‘zaro bog‘laydi. Zero, fiqh tashqi jihatni,

tasavvuf esa ichki mohiyatni poklaydi, tartibga soladi. Shu ikkovini jamlabgina

to‘liq ma’rifatni hosil qilish mumkin.

Hakim Termiziy “Hikmat – ishlarning botiniy qismi va ilmning sirlaridir”

degan g‘oyani ilgari surib, shariat – hukmlarning asrorlarini anglash, uning

maqsadi botin ilmidir (zohir ilmidan yuz o‘girmagan holda) degan xulosani olib

chiqqan (Zahriy X., 2003:172). “Isbot al-ilal” asarida esa hikmat ilmining afzalligi

haqida fikr bildiradi: “Hikmat – ilmning botini – yashirin qismi, botin – narsaning

mag‘zidir, zohir – narsaning po‘stlog‘i. Manfaat mag‘izda, po‘stloqda emas”

(Termiziy H., 1998:69).

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ilk hijriy uch asr mobaynida maqosid tushunchasini, garchi o‘sha paytda u
“hikmat”, “illat”, “munosabat”, “asror”, “ag‘rod” yoki “maoniy” kabi so‘zlar bilan
qo‘llansa-da, mustaqil mavzu sifatida yoritishga e’tibor qaratilmagan edi. Hakim
Termiziy asoslab bergan bu yo‘nalish keyinchalik “shariat sirlari” (asror ashsharia) nomi bilan davom etib, bu mavzuda Abu Sulaymon Xattobiy (931-998),
Imom G‘azzoliy (vaf. 1111), Ibn Arabiy (vaf. 1240), Ibn Abdussalom (1181-
1262), Ibn Qayyim Javziya (1292-1350), Valiyulloh Dehlaviy (1703-1762) kabi
yirik sunniy ulamolar bilan bir qatorda shia ulamolari Bobovayh Qummiy (vaf.
991) va Haydar Omuliy (XIV asr) ham asarlar yozdilar. Bularning ayrimlari
Hakim Termiziydan to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sirlangan bo‘lsalar, qolganlari bilvosita
uning fikrlariga ergashganlar.
O‘z navbatida G‘azzoliy ham “Ihyo” asarida ushbu mavzuda Hakim
Termiziydan katta-katta iqtiboslarni keltirgan (Radtke B., 1994:910). Xususan,
“Ihyo ulum ad-din”dagi “Zamm al-g‘urur” bobi to‘liq “al-Akyos va-l-mug‘tarrun”
asaridan o‘zlashtirilgan. Umuman olganda, “Ihyo”ning “al-Muhlikat” qismi
Termiziy asarlariga tayangan holda ta’lif etilgan (Juyushiy M., 1980:231-232).
Ibn Arabiy Hakim Termiziyning eng ko‘p ta’sirlangan, uning muxlis
izdoshlaridan hisoblanadi. Bir qancha asarlarida Termiziyga ehtiromini, uning
fikrlariga izdosh ekanini bayon qilgan. Ibn Arabiy “al-Futuhot” asarida tasavvufiy
mavzular qatorida fiqhiy masalalarni ham ko‘rib chiqqan. Uning yondashuvi
Termiziyning yondashuvini eslatadi. Ibn Arabiy fiqhiy mavzuni “Asror at-tahora”
(Poklik sirlari) deb atalgan 31-bob bilan boshlab, botinni poklash masalasiga
ko‘proq urg‘u beradi. Mavzu avvalida shu masala bo‘yicha mazhablarning
an’anaviy fiqhga oid fikrlarini jamlaydi. Bu fikrlar odatda farqli bo‘ladi. Ayrim
holatlarda qaysi qavlga moyillik bildirishini ko‘rsatib o‘tadi. So‘ngra har qanday
masalaning botiniy jihatini ochib beradi (Ibn Arabiy M., 1999:497-566).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot taqqosiy-tahliliy va tarixiy-metodologik yondashuvlarni
birlashtiradi. Bu usullar tadqiqotning asosiy maqsadi – Termiziyning bilish
nazariyasini (aql, naql va ma’naviy tajriba kesishmasi), uning shariat maqsadlari
tushunchasi bilan bog‘liqligini hamda fiqh va tasavvuf uyg‘unlashuvidagi rolini
ochib berishga xizmat qiladi.

TAHLIL VA NATIJALAR

Zohir va botin bir-biriga tirgak ekanini Termiziy ko‘plab asarlari qatorida

“Bayon al-farq”da ham ta’kidlagan: “Zohir va botin ilmi biri ikkinchisiga muhtoj.

Chunki biri shariat bayoni bo‘lib, u Allohning bandalariga hujjatdir. Ikkinchisi esa

haqiqat bayonidir... Kimki, zohir ilmi bilan saqlanib, botin ilmini inkor qilsa, u

munofiqdir. Kimki, botin ilmi bilan saqlanib, shariatni qoim qilish uchun zohiriy

ilmni o‘rganmasa va uni rad etsa, u zindiqdir. Uning botinga oid ilmi haqiqat ilmi

emas, balki shaytonning unga qilgan vasvasasidir” (Termiziy H., 1998:37).

O‘zining “Tafsir” asarida Termiziy avom botin masalalari uchun mas’ul

emasligi, bu xos mavzu ekanini aytadi: “Omma xalq botin ilmi bo‘yicha mukallaf

(javobgar) emas, chunki qalblari shahvat zulmati bilan to‘la. Ular zohir ilmidan

ham ojizdirlar. Zohir ilmi – ulamolarga, botin ilmi – hakimlarga. Payg‘ambar (a.s.)

dan rivoyat qilinadiki: "Har bir oyatning zohiri va botini bor". Alloh bu ikkovini

ilm va hikmat berilgan zotlarda jamlaydi. Ilm ta’lim olish bilan, hikmat esa qalbni

poklash bilan egallanadi (Termiziy H., 2023:21).

Hakim Termiziyning bilish nazariyasi ilmni suluk bilan, fiqhni tasavvuf bilan,

shariatni maqsadlar bilan bog‘lagan. Shu bilan islomiy fiqhiy tafakkur rivojiga

katta hissa qo‘shgan. Bu nazariya maqosidiy va ruhiy mazmun orqali ijtihod ufqini

kengaytirdi. Matnlarni tushunishning yangicha yondashuvini taklif eta oldi. Qotib

qolgan shakliy qarashlardan voz kechib, ma’naviy-axloqiy kontekstga ko‘proq

e’tibor berishga undadi.

Hakim Termiziyning bilish nazariyasi maqosidiy mohiyatni o‘zida mujassam

etgani uchun islom adabiyotida hukmlarning maqsadi, hikmati, sirlarini ochib

berishni ko‘zlagan “shariat sirlari” yo‘nalishiga asos bo‘ldi.

Hakim Termiziy boshlab bergan “shariat sirlari” mavzusi keyinchalik butun

musulmon dunyosida o‘z izdoshlarini topdi. Uning “as-Salot va maqosiduha” asari

bu yo‘nalishdagi dastlabki adabiyotlardan hisoblanadi. Eng ko‘zga ko‘ringan islom

ulamolari ushbu mavzuda asarlar yoza boshladilar. Bu asarlarning o‘ziga xos jihati

shunda ediki, ular shariatning ko‘zga ko‘rinmaydigan taraflarini bayon qilar edilar,

hukmlarning mohiyati, kelib chiqish sababi, uning insonga tegadigan manfaati

haqida fikr yuritar edilar. Har qanday hukmning anglab yetsa bo‘ladigan hikmati

borligini banda bilsa, bu amalni yanada g‘ayrat bilan qilishi mumkinligi aytilar edi.

Bu yangi yo‘nalish ham sunniy ham shia olimlari orasida tarqaldi. Natijada shariat

maqsadlariga doir sunniy va shia adabiyoti shakllandi.

Hanbaliy mazhabi yirik ulamosi Ibn Qayyim Javziya ham “Asror as-salot”

degan kitobida namoz ibodatining boshidan oxirigacha har bir amalining sir-

hikmatlarini yozib chiqdi. Ushbu asarida Ibn Qayyim Javziya Hakim Termiziyning

“as-Salot va maqosiduha” degan kitobga tayanadi, ammo asar va uning

muallifining nomini keltirmaydi. Jumladan, namoz haqidagi quyidagi hadis

sharhida Hakim Termiziyning “Ko‘z quvonchim namozda qilindi” “namoz bilan”

deyilmadi” (Termiziy H., 1965:5). Yoki “Ey Bilol Namozga chaqir, u bilan bizni

rohatlantir” deyildi, “undan” deyilmadi” (Termiziy H., 1965:5), degan gaplari Ibn

Qayyimda xuddi shunday o‘zgarishsiz keltiriladi (Javziya I., 2007:83-84). Keyin

esa Ibn Qayyim ushbu hadislarni Hakim Termiziy qilgan sharh doirasida biroz

kengaytirib sharhlaydi. Hadislarning ketma-ketligi ham aynan Termiziydagi kabi.

Keyin esa, Termiziy sharhlagan “Kim uchun namoz tana a’zolari uchun kishan,

qalbi uchun kamoq bo‘lsa, u (Allohdan) qochoq bandadir. Alloh unga namozning

shahvoniy nafsini hibs qilishi, ular uchun kechirilish va poklanish bo‘lishi hamda

Uning rahmatiga sazovor bo‘lishi uchun buyurdi” (Termiziy H., 1965:5) degan

gapni Ibn Javziya o‘z uslubida sharhlaydi: “Namoz – tana a’zolari uchun og‘ir

kishan, qalbi uchun tor va og‘ir sharoitli qamoq, nafsi uchun mashaqqat bo‘lgan

kishi va namoz – qalbi uchun farog‘at, ko‘zi uchun quvonch, tana a’zolari uchun

rohat, nafsi uchun bog‘u-bo‘ston va lazzat bo‘lgan kishi farqi. Birinchisi – namoz

nafsining qamog‘i, tana a’zolarini halokatga olib boruvchi narsalardan

to‘xtatadigan kishan, namoz orqali kechirilish va savob oladi. Yoki Allohga qilgan

bandaligi darajasida Uning rahmatiga erishadi, yoki nuqsonli qilgani miqdorida

jazolanadi. Keyingisi esa – namoz u uchun bo‘ston, unda qalb farog‘ati, ko‘z

quvonchi, nafs lazzati, tana a’zolari rohati, ruh halovatini topadi, unda u farog‘atda

orom oladi” (Javziya I., 2007:83-84) deya davom etadi. Ko‘rinib turibdiki, Ibn

Javziya Hakim Termiziyning ixcham fikrlarini ko‘proq so‘zlar bilan

kengaytirishga harakat qilgan, ammo Termiziy chizib bergan mazmundan chetga

chiqmagan. Ibn Javziyaning kitobidagi tahorat sirlari, takbir, ruku, sajda kabi

amallarning sir va hikmatlarida ham Termiziyga ergashadi. Ibn Qayyim Javziya

“Ruh” kitobida ham Termiziydan ko‘plab katta iqtiboslar keltirgan, ammo uning

nomi va kitoblarini zikr qilmagan (Juyushiy M., 1980:235-236).

Yuqorida aytilganidek, shia olimlari ham “shariat sirlari” mavzusiga e’tibor

qaratganlar. Jumladan, Bobovayh Qummiy (vaf. 991) – ko‘zga ko‘ringan shia

ulamolaridan. Shialikda e’tirof etilgan shariatga doir to‘rtta kitobning ikkinchi

muallifi. Qummiy juda sermahsul ijodkor bo‘lib, 300dan ziyod asar muallifi,

ammo uning 20ga yaqinigina bizgacha yetib kelgan. Bobovayh Qummiy

maqosidiy shia ulamolaridan bo‘lib, “Jomi’ ilal al-haj”, “Ilal ash-sharoi’ va-l-

ahkam va-l-asbab”, “as-Sirr al-maktum ila-l-vaqt al-ma’lum” kabi shu mavzudagi

asarlari ma’lum (Zahriy X., 2003:187). U ham hukmlarning sababi, siri, hikmati

kabi mavzularni o‘z asarlarida muhokama qilgan.

Yana bir shia olimi Haydar Omuliy “Asror ash-sharia va atvor at-tariqa va

anvor al-haqiqa” degan kitob yozib, unda masalalarni shariat, tariqat va haqiqat

kesimida muhokama qiladi. Jumladan, diniy masalalarni mazkur uch kategoriya

doirasida bayon qiladi. Masalan, tahorat – shariat doirasida jismoniy poklanish,

tariqat doirasida – tana a’zolarini noto‘g‘ri ishlar qilishdan saqlash, haqiqat

doirasida – niyat va o‘y-fikrlar pokligini asrash. Xuddi shunday g‘usl, tayammum,

namoz, ro‘za, zakot, haj va jihod masalalarini shu uchlik kesimida muhokama

qiladi. Omuliy 63 yoshida “Haq taolo buyrug‘i bilan” Ibn Arabiyning “Fusus al-

hikam” asarini sharhlaganini zikr qiladi (Omuliy H., 2012:24).

Valiyulloh Dehlaviy (1703–1762)ning “Hujjatulloh al-bolig‘a” asarida

hukmlarning hikmatlarini Qur’on va hadisga tayanib bayon qiladi, zero ularda shu

hikmatlarga ishoralar bor. Shariat sirlariga bag‘ishlangan asarlarda odatda eng

muhim hukmlarning manfaatlari va hikmatlari bayon qilinsa, Dehlaviy shariatning

turli katta-kichik masalalarini keng doirada qamrab olgan (Balonpuriy S.,

2010:23). “Hujjatulloh al-bolig‘a” o‘zidan oldingi Hakim Termiziy va ibn

Arabiyning an’anasining davom ettirib, shariat ta’limoti ortidagi hikmatlarni bayon

qildi. Valiyulloh Dehlaviy uni “ilm asror ad-din” deb atadi. Bu ilmni u “eng yuqori

martabali”, “boshqa shar’iy ilmlardan avlo”, “qadri ulug‘”, “bu ilm bilan inson

shariat keltirgan narsani anglaydi” kabi iboralar bilan maqtaydi (Dehlaviy V.,

2010:36). Shuningdek, Dehlaviy bu ilm “qiyos qilaman” deb “mushokala qilib

qo‘yish”ga yo‘liqishdan saqlashini aytadi (Dehlaviy V., 2010:37). Dehlaviy bu

o‘rinda o‘zidan sakkiz asr oldin yashagan Hakim Termiziy qo‘llagani kabi

“mushokala” atamasini noto‘g‘ri qilingan qiyosga nisbatan ishlatadi.

Dehlaviy “Hujjatulloh al-bolig‘a” asarida shar’iy hukmlar hech qanday

foyda-hikmatsiz (masolih) joriy etilgan degan fikrni – “buzuq gumon” deb

baholab, uni tushuntirish uchun misol ham keltirgan: “Bu xuddiki, bir janob o‘z

quli itoatkorligini sinash uchun foydasiz bo‘lgan tosh ko‘tarish yoki daraxtni

ushlab ko‘rishni unga buyuradi. Bu yumush faqat sinov uchun, unda boshqa foyda

yo‘q. Itoati va osiyligi darajasida qul qilgan ishi uchun mukofot-jazo oladi, bu –

buzuq gumon, u sunnatni va asrlar davomida xayrli deb ko‘rilgan ijmoni yolg‘onga

chiqaradi”. Kimki quyidagilarni bilishdan ojiz bo‘lsa: amallar – niyatlarga va ular

chiqadigan ruhiy holatlarga ko‘ra bo‘lishi; namoz – Allohning zikri va unga

munojot qilish uchun buyurilgani; zakot – baxillik razolatini daf qilish va faqirlar

ehtiyojlarini qondirish uchun joriy qilingani; ro‘za – nafsni sindirish; haj –

Allohning shiorlarini ulug‘lash; qasos – suiqasdni to‘xtatish; jazo va kafforatlar –

gunohlardan tiyish; jihod – Allohning so‘zi oliy bo‘lishi va fitnani ketkazish,

o‘zaro munosabatlar (muamalot) va nikoh hukmlari esa adolatni o‘rnatish uchun

joriy qilingan (Dehlaviy V., 2010:45-46). Dehlaviy shularni bilmagan kishini

“dengizga sho‘ng‘ib, ignachalik suv yuqtirmagan” deb tavsiflaydi, va bunday

kishining “so‘zlari inobatga olinishidan ko‘ra, uning o‘z holiga yig‘lashi haqliroq”

ekanini aytadi (Dehlaviy V., 2010:46). “Hujjatulloh al-bolig‘a”ning

muqaddimasidagi bu fikrlar xuddi Hakim Termiziyning “Isbot al-ilal” asarining

muqaddimasidagi gaplarga nechog‘lik o‘xshash. “Isbot al-ilal” asarida

“Bismillah”dan keyin shunday bayon qilinadi: “Sen buyruq va qaytariq (al-amr va-

n-nahy) illatlarining isboti bo‘yicha kishilar munozara qilgan narsalar haqida

mendan so‘rading. Odamlar illatlar yo‘q narsa ekanini aytadilar. Ammo

hukmlarning illatlari mavjud, ularni anglaganlar anglaydi, bilmaganlar bilmaydi”

(Termiziy H., 1998:67). So‘ngra muallif hukmlarning illatlari mavjudligini

isbotlash uchun avvalambor asarning kirish qismida oyat va hadislarga, so‘ngra

mantiqiy usullarga tayanadi. Mantiqiy usullarga misol: “Alloh taolo bandalariga

biror narsani buyursa yoki biror narsadan qaytarsa, behudaga qilganmi yoki hikmat

bilanmi? Agar behudaga desa, Allohning buyruqlariga beparvo va bepisand bo‘lib,

uni o‘yinga yo‘ygan bo‘ladi, Agar “amr va nahy hikmatdan chiqarilgan” desa,

unga “qani o‘sha hikmat, nima ekan u?” deyiladi” ” (Termiziy H., 1998:69).

Shundan so‘ng alloma hikmat ilmi orqaligina hukmlarning illatini aniqlash

mumkinligini aytib, hikmat ilmining afzalligini ko‘rsatadi: “Hikmat – ilmning

botini – yashirin qismi, botin – narsaning mag‘zidir, zohir – narsaning po‘stlog‘i.

Manfaat mag‘izda, po‘stloqda emas” (Termiziy H., 1998:69). Shuningdek,

Valiyulloh Dehlaviy asarda ayrim hukmlarning sabab-hikmat-sirlarini xuddi

Hakim Termiziy “Navodir al-usul”da ko‘rib chiqqan masalalar doirasida bayon

qiladi: uyg‘ongan kishi qo‘l yuvishi, nega burun qoqilishi, uyqu tahoratni

sindirishi, xonadonlarga ruxsat so‘rab kirish, mushuklar uy ichida yurishi kabi

masalalar (Dehlaviy V., 2010:47). XX asr ulamolaridan hindistonlik Ashraf Ali

Tahhonaviy (1863-1943) ham Valiyulloh Dehlaviydan ta’sirlanib, shariat sirlari

mavzusida kitob yozgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR

Yuqorida ko‘rilgan manbalar asosida “shariat sirlari” yo‘nalishining asosiy

xususiyatlarini umumlashtiramiz:

- bu mavzuda qalam yuritgan mualliflar tasavvuf vakili bo‘ladi yoki

tasavvufga moyil bo‘ladi;

- biror fiqhiy hukm haqida so‘z ketsa, uning fiqhiy illati (sababi) va maqsadi

(shariat maqsadlari) ham ko‘rsatiladi;

- bu yo‘nalishdagi asarlarda fiqhiy masalalarning axloqiy jihatlariga ko‘proq

e’tibor qaratiladi;

- bu yo‘nalishda to‘rt sunniy mazhabi olimlari va shia olimlari ham asarlar

bitganlar;

- Hakim Termiziy “shariat sirlari” yo‘nalishida asarlar bitgan ilk

mualliflardan hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, Termiziyning bilish nazariyasi faqatgina tasavvufiy

nazariya bo‘lib cheklanib qolmadi, u epistemologik tafakkur rivojiga xizmat qildi,

chunki u bilishni aql, matn va ruhiy-axloqiy tajriba yaxlitligi asosida qayta ko‘rib

chiqdi. Ushbu nazariya – zohir va botin, aql va vahiy, amaliyot va nazariyani

uyg‘unlashtirgan hamda muqaddas matnlarning tub mohiyatini anglash orqali

shariat maqsadlari, hikmat va sirlari, yuksak ma’naviy-axloqiy me’yorlarga

asoslangan ta’limot bo‘lib, fiqh va tasavvufni o‘zaro bog‘laydigan asoslardan biri

bo‘lib xizmat qilgan. Bu mavzuni yanada chuqurroq tadqiq etish islom

huquqshunosligida epistemologik tafakkur evolyutsiyasini kuzatish imkonini

beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Balonpuriy S. (2010). Valiyulloh Dehlaviyning “Hujjatulloh al-bolig‘a”

asarining kirish qismi. – Bayrut: Dar Ibn Kasir, T.1.

2. Dehlaviy V. (2010). Hujjatulloh al-bolig‘a / S.Balonpuriy nashri. – Bayrut:

Dar Ibn Kasir, T.1.

3. Husayniy A. (1963). Al-ma’rifa inda al-Hakim at-Termiziy. – Qohira: Dor

al-katib al-arabiy.

4. Ibn Arabiy Muhiddin (1999). Al-Futuhot al-Makkiya / A.Shamsiddin

nashri. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, T.1.

5. Javziya Ibn Qayyim (2007). Asror as-solat / Abu Ubayda Abdulg‘aniy

nashri. – Qohira: Maktaba ibn al-Islam.

6. Juyushiy Muhammad (1981). Al-Hakim at-Termiziy: dirosa li osorihi va

afkorihi. – Qohira: Dar an-Nahda al-arabiyya.

7. Omuliy H. (2012). Asror ash-sharia va atvor at-tariqa va anvor al-haqiqa /

Rizo Muhammad tahqiqi. – Bayrut: Dar al-mahajja al-baydo.

8. Radtke B. (1994). “Ijtihad and Neo-Sufism”, Asiatische Studien = Études

Asiatiques: Vol. 48: num. 3.

9. Termiziy H. (1965). As-Salot va maqosiduha / H.Zaydon nashri. – Qohira:

Dar al-kitab al-arabiy.

10. Termiziy H. (1998). Bayon al-farq / A.Soyih nashri. – Qohira: Markaz al-

kitab li-n-nashr.

11. Termiziy H. (1998). Isbot al-ilal. – Kasablanka: an-Najah al-jadida.

12. Termiziy H. (2023). Bahr at-Tafsir / J.Cho‘tmatov nashrga tayyorlagan. –

Istanbul: Dor al-kutub al-arabiyya. – B. 201.

13. Zahriy Xolid (2003). Ta’lil ash-sharia bayna-s-sunna va-sh-shia. – Bayrut:

Dar al-hadiy.

REFERENCES:

1. Balonpuriy S. (2010). Valiyulloh Dehlaviyning “Hujjatulloh al-bolig‘a”

asarining kirish qismi. – Bayrut: Dar Ibn Kasir, T.1. (In Uzbek)

2. Dehlaviy V. (2010). Hujjatulloh al-bolig‘a / S.Balonpuriy nashri. – Bayrut:

Dar Ibn Kasir, T.1. (In arabic)

3. Husayniy A. (1963). Al-ma’rifa inda al-Hakim at-Termiziy. – Qohira: Dor

al-katib al-arabiy. (In arabic)

4. Ibn Arabiy Muhiddin (1999). Al-Futuhot al-Makkiya / A.Shamsiddin nashri.

– Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, T.1. (In arabic)

5. Javziya Ibn Qayyim (2007). Asror as-solat / Abu Ubayda Abdulg‘aniy

nashri. – Qohira: Maktaba ibn al-Islam. (In arabic)

6. Juyushiy Muhammad (1981). Al-Hakim at-Termiziy: dirosa li osorihi va

afkorihi. – Qohira: Dar an-Nahda al-arabiyya. (In arabic)

7. Omuliy H. (2012). Asror ash-sharia va atvor at-tariqa va anvor al-haqiqa /

Rizo Muhammad tahqiqi. – Bayrut: Dar al-mahajja al-baydo. (In arabic)

8. Radtke B. (1994). “Ijtihad and Neo-Sufism”, Asiatische Studien = Études

Asiatiques: Vol. 48: num. 3. (In arabic)

9. Termiziy H. (1965). As-Salot va maqosiduha / H.Zaydon nashri. – Qohira:

Dar al-kitab al-arabiy. (In arabic)

10. Termiziy H. (1998). Bayon al-farq / A.Soyih nashri. – Qohira: Markaz al-

kitab li-n-nashr. (In arabic)

11. Termiziy H. (1998). Isbot al-ilal. – Kasablanka: an-Najah al-jadida. (In

arabic)

12. Termiziy H. (2023). Bahr at-Tafsir / J.Cho‘tmatov nashrga tayyorlagan. –

Istanbul: Dor al-kutub al-arabiyya. – B. 201. (In arabic)

13. Zahriy Xolid (2003). Ta’lil ash-sharia bayna-s-sunna va-sh-shia. – Bayrut:

Dar al-hadiy. (In arabic)