ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ali Xorazmiy va uning ilmiy merosi

Aminov Hamidulloh Abdirahimovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ALI XORAZMIY VA UNING ILMIY MEROSI

ALI AL-KHWARAZMI AND HIS SCIENTIFIC HERITAGE

АЛИ АЛЬ-ХОРЕЗМИ И ЕГО НАУЧНОЕ НАСЛЕДИЕ

https://zenodo.org/records/20667078

Aminov Hamidulloh Abdirahimovich

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi

Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi,

tarix fanlari nomzodi

Tel.: +998 94-659-54-34

E-mail: beruniy1977@mail.ru

Annotatsiya. Mazkur maqolada XVI asrda ilmiy faoliyat olib borgan

huquqshunos olim (faqih) Ali ibn Muhammad Ali Xorazmiy hayoti va ilmiy

merosi o‘rganilgan. Olimning otasi ham mazkur davrning taniqli

huquqshunoslaridan bo‘lgan. Ali Xorazmiy Buxoroda muftiy lavozimida faoliyat

olib borgan bo‘lib, Shayboniyxon va Ubaydullohxonga atab yozgan fatvolar

to‘plami bilan tanilgan. Bundan tashqari olim o‘nga yaqin asarlar muallifi

hisoblanadi. Ali Xorazmiy ilmiy adabiyotlarda kam o‘rganilgan, lekin o‘z davri

uchun muhim va mashhur shaxsiyatlardan biridir. Maqolada olimning to‘liq nomi,

Buxorodagi faoliyati to‘g‘risida ham yangi ma’lumotlar berilgan.

Maqolada olimning ilmiy merosi bo‘yicha izlanishlar olib borilgan. Uning

asarlarining qo‘lyozma nusxalari to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Asarlarining

tarkibiy tuzilishi va ma’no-mazmuni tahlil qilingan.

Kalit so‘zlar: fiqh, fatvo, qo‘lyozma, manba, muftiy, muhtasib, shayboniylar,

Shayboniyxon, Ubaydullohxon.

Annotation. This article examines the life and scientific legacy of Ali ibn

Muhammad Ali al-Khwarazmi, a jurist (faqih) who conducted scientific activities

in the 16th century. The scientist's father was also a prominent lawyer of the time.

Ali al-Khwarazmi was a scholar who worked as a mufti in Bukhara and was

known for his collection of fatwas dedicated to Shaybani Khan and Ubaydullah

Khan. In addition, the scientist is the author of about ten works. Although the

activities and scientific heritage of Ali al-Khwarazmi have been little studied by

researchers, he is one of the most important and famous figures of his time. The

article also provides new information about the scholar’s full name and his

activities in Bukhara.

The article explores the scholar’s scientific legacy. Information about

manuscript copies of his works is given. The structure and meaning of his works

are analyzed.

Keywords: fiqh, fatwa, manuscript, source, mufti, muhtasib, Shaybanids,

Shaybani Khan, Ubaydullah Khan.

Аннотация. В статье рассматривается жизнь и научное наследие Али

ибн Мухаммада Али аль-Хорезми, правоведа (факиха), занимавшегося

научной деятельностью в XVI веке. Отец учёного также был видным

юристом того времени. Али аль-Хорезми был ученым, служившим муфтием

в Бухаре и известным своим сборником фетв, посвященных Шейбани-хану и

Убайдулле-хану. Кроме того, ученый является автором около десяти работ.

Хотя Али аль-Хорезми мало изучен исследователями, он является одной из

самых важных и известных фигур своего времени. В статье также приводятся

новые сведения о полном имени ученого и его деятельности в Бухаре.

В статье исследуется научное наследие ученого. Приведены сведения о

рукописных копиях его произведений. Анализируется структурная структура

и смысл его произведений.

Ключевые слова: фикх, фетва, рукопись, источник, муфтий,

мухтасиб, Шейбаниды, Шейбани-хан, Убайдулла-хан.

KIRISH

Shayboniylar davri (1500-1601) va undan keyingi uchta xonlikka bo‘linib

ketgan Markaziy Osiyoda keyingi to‘rt asr davomida ilm-fan va madaniyatning

barcha qirralari kabi islom huquqshunosligi bo‘lmish fiqhda ham so‘nish

kuzatiladi. Ulamolar yangi-yangi fatovo kitoblar yozishdan ko‘ra avvalgi

davrlardagi fatvolarga ko‘proq suyanib qoldilar. Biroq, bu vaqtda turg‘unlik

davrini boshdan kechirayotgan hanafiylik fiqhida bir necha fiqhiy kitoblar

(masalan, “Muxtasar al-Viqoya”ning bir necha sharhi), fatovolar (masalan,

“Fatovoyi Shayboniya”, “Fatovoyi aliya”, “Fatovoyi Samarqandiya”, “Fatovoyi

Naqshbandiya”, “Fatovoyi Aminiya” kabilar) yaratildi.

XVI asrda Mavlaviy Abulmakorim ibn Abdulloh ibn Muhammad (vaf. 1501),

Mavlono Fasihiddin Hiraviy (vaf. 1513), Abdu-l-Aliy ibn Muhammad ibn Husayn

al-Birjandiy (vaf. 1529), Shamsiddin Muhammad Ko‘histoniy (vaf. 1556),

Jaloliddin Mahmud ibn Abu Bakr Go‘rimiriy Samarqandiy (XVI asr), Muhammad

Amin ibn Ubaydulloh al-Mo‘minobodiy al-Buxoriy (vaf. 1570), Mavlono Sodiq

Samarqandiy (vaf. 1598) kabi faqihlar qatori Ali al-Xorazmiy ham yashab-ijod

qilgan. Lekin, maqola muallifi tomonidan dastlabki ilmiy ma’lumotlar berilganini

hisobga olmaganda, Ali Xorazmiyning hayoti va ijodi to‘g‘risida deyarli ilmiy

tadqiqotlar olib borilmagan (Aminov H., 2012: 26-29; Aminov H., 2015: 28-29).

Garchi shayboniylar davrining yetuk va ko‘zga ko‘ringan faqihi bo‘lsa-da, arab va

fors tillarida birdek ijod qilgan bo‘lsa-da, uning asarlarining birortasi nashr

etilmagan, qo‘lyozmalari esa hanuzgacha ilmiy tadqiq qilinmagan. Faqatgina

qo‘lyozmalar kataloglarida uning asarlari borligi to‘g‘risidagi qisqa ma’lumotlar

uchraydi, xolos (СВР, 1963: 459-460; СВР, 1967: 290-317; СВР, 1975: 183-184).

Shuning uchun ham, olimning hayoti va ijodini ilmiy tahlil qilish zarurati mavjud.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI

Ali Xorazmiy to‘g‘risida ma’lumotlar juda kam. U haqida O‘zR FA

Sharqshunoslik institutining “Sharq qo‘lyozmalari to‘plami” (СВР – Собрание

восточных рукописей Академии наук Узбекской ССР)da qisqa ma’lumotlar va

ba’zi asarlari tavsifi berilgan, xolos. Unda aytilishicha, dunyoning hech bir

qo‘lyozmalar ilmiy tavsifi to‘plamlarida olim va uning asarlari to‘g‘risida

ma’lumot berilmagan deyilsa-da, keyingi tadqiqotlar va qo‘lyozma asarlar

kataloglarida Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyning asarlari nusxalari xususida

ma’lumotlar berilgan (Muminov A., 2007: 142). Biroq, ularda muallif nomi va asar

nusxasining kodikologik tahlili berilgan, xolos. Bunga manbalar, tabaqot va

manoqiblar, shuningdek, bio-bibliografik asarlarda u haqida ma’lumotlar

uchramasligi sabab bo‘lgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI

Ali Xorazmiyning hayoti va ijodi to‘g‘risidagi ma’lumotlar uning asarlarida

berilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, uning asarlarining ma’no-mazmuni,

tarkibiy tuzilishi, ularda keltirilgan tarixiy ma’lumotlar izchil o‘rganilishi kerak

bo‘ladi. Buning uchun birinchi navbatda olimning hayoti va ijodi islom tarixi va

islomshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rganilishi lozim. Shu bilan birga uning

qo‘lyozma holida saqlanib kelayotgan asarlari manbashunoslik nuqtayinazaridan

tahlil qilinishi kerak. Natijada esa Markaziy Osiyoning ilm-fan va madaniyat tarixi

bo‘yicha yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritiladi.

TAHLIL VA NATIJALAR

Olimning to‘liq nomi Ali ibn Muhammad Ali ibn Ali ibn Mahmud al-

Muxtoriy al-Kubroviy al-Xorazmiy hisoblanadi. Uning XV asr oxirida Xorazmda

tug‘ilganligini va XVI asrning birinchi yarmida yashaganligini aytish mumkin.

Tug‘ilgan va vafot sanasi to‘g‘risida manbalarda ma’lumotlar uchramadi.

Nisbatidagi “al-Kubroviy” so‘zi uni Najmiddin Kubro (540-618 h./1145-1221

m.) asos solgan kubroviylik tariqatiga mansubligini, “al-Muxtoriy” esa xorazmlik

taniqli faqih Najmiddin Muxtor ibn Mahmud az-Zohidiy al-Xorazmiy (vaf. 658

h./1260 m.) avlodidan bo‘lganligini anglatadi.

Ali Xorazmiy Samarqandda tahsil olgan, Buxoroda muftiylik lavozimida

faoliyat yuritgan. Olim o‘zining “Favoid” asarida 901 h./1496 m. yili Buxoroda

muftiy bo‘lib ishlaganini yozib qoldirgan (Ali Xorazmiy, 1566: 191b). U ustozi

Samarqand qozisi Abulmahomid Xavohiyni mening ustozim, deb yozgan.

“Fatovoyi Shayboniy” asarining 960/1553-yilda Muhammad Temur nomli

kotib ko‘chirgan nusxasida muallif shu yili Toshkent hokimi Navro‘z Ahmad

(1544-1552) saroyiga borganligi qayd etiladi (СВР, 1967: 290). Demak, Ali

Xorazmiy XVI asrning 50-yillar oxirida vafot etgan bo‘lib chiqadi.

Zayniddin Mahmud Vosifiy (890-973 h./1485-1566 m.) “Badoye’ al-

vaqoye’” asarida “Shaybakxonning sadri Mavlono Xoja Ali dostoni” deb keltirgan

bo‘limdagi Mavlono Xoja Ali, shak-shubhasiz, ushbu Ali Xorazmiydir.

Toshkentda u bilan uchrashganini qayd qilar ekan, 925 h./1519 m. yili olim

Abdurahmon Jomiy (817-898 h./1414-1492 m.) tomonidan bitilgan “Jilo ur-ruh”

qasidasiga sharh yozib Ubaydullohxonga yuborgani, unda 18 ta ilmga suyanilgani

qayd qilinadi (Zayniddin Vosifiy, 1972: 179-180). Lekin Vosifiy uni va sharhini

juda qattiq tanqid qiladi: “Bu hamoqati bilan qanday qilib uzoq yillar

Shayboniyxonning sadrlik lavozimida o‘tirgan ekan?!”, deydi (Zayniddin Vosifiy,

1972: 181-182). Bu joyda diqqat tortadigan 4 ta ma’lumot mavjud:

1) Ali Xorazmiy “Badoye’ al-vaqoye’” yozilayotgan paytda – 1532-1539-

yillarda Toshkentda bo‘lgan;

2) Shayboniyxonning sadri bo‘lgan;

3) U “Jilo ur-ruh” qasidasiga sharh bitgan;

4) Asli faqih bo‘lgani bois she’riyatni teran anglash va tushunishda qoniqarsiz

bo‘lgan.

“Badoye’ us-vaqoye’”da Mavlono Xoja Ali haqida yana bir muhim ma’lumot

mavjud. U 931 h./1525 m. yili Suyunch Xoja xon vafoti munosabati bilan uning

qabrtoshiga yozuv yozish munosabati bilan eslanadi. Qabrtoshga esdalik matnini

tayyorlashni Vosifiy bilan Mavlono Xoja Aliga topshiriladi va Vosifiy tayyorlagan

matn qabul qilinadi. Shu yerda: “Muhammad Shayboniyxon zamonidan beri

Samarqand shahrida dafn qilingan barcha sultonlarning maqbaralaridagi qabrtosh

matnlari Mavlono Xoja Alining inshosidir”, deyiladi. Shuningdek, “Shaybakxon

zamonida sadrlik lavozimi (masnadi sadorat)da nihoyatda azamat va hashamat

bilan o‘tirgani bois hech bir katta-yu kichik, fozil-u akobir va aholining birortasi

uning matnida aybu nuqson ko‘rsa-da, inday olmaganlar”, deyiladi (Zayniddin

Vosifiy, 1972: 174). Aftidan, Vosifiy uni yoqtirmagan bo‘lsa kerak. Bu holatga

Shayboniylar qabrtoshlaridagi bitiklarni o‘rgangan olimlar ham e’tibor bergan

bo‘lib, “Vosifiy Mavlono Xoja Ali bilan raqobat qilib, qabrtosh matnini tuzgach,

uni muhokamaga qo‘yadi. O‘z raqobatchisini, balki asossiz, keskin tanqid qiladi.

Bu bahs mobaynida u o‘zining arab tilining “nozikliklarini” hammadan yaxshi

bilishini namoyish etishga harakat qiladi”, deb yozadilar (Bobojonov B., 1997: 41).

Nima bo‘lganda ham, mazkur ma’lumotlardan Ali Xorazmiy Shayboniyxon

davrida sadr muftiy bo‘lgani, odatda o‘sha davr qabrtoshlaridagi aksari bitiklar

muallifi bo‘lgani oydinlashadi. U o‘z asarlarini arab va fors tilida yozganligidan bu

ikki tilni yaxshi bilgani o‘z-o‘zidan ma’lum, albatta.

Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyning ilmiy merosi ancha boy va barchasi

islom fiqhi sohasiga bag‘ishlangan. Uning hozirgacha ma’lum bo‘lgan asarlari

haqida quyidagi qisqacha ma’lumotlar beriladi:

1.“Fatovoyi Shayboniy” (“Shayboniy fatvolari”). Hanafiylik fiqhiga oid

ushbu fatvo asari arab tilida yozilgan bo‘lib, Shayboniyxon (1500-1510)ga

bag‘ishlab yozgan. Asar 43 ta kitobga bo‘linib, fiqhiy mas’alalar bayon etilgan.

Asarning O‘zR FA SHI qo‘lyozmalar fondida 15 ga yaqin nusxalari bor va ular

ilmiy tavsif etilgan. Ulardan ikkita nusxa avtograf ekanligi taxmin etilgan.

Ali Xoraxmiyning eng muhim va shoh asarlaridan biri “Fatovoyi

Shayboniy”dir. Mazkur fatvo to‘plami Shayboniylar davrining huquq tizimi, huquq

manbalarini, o‘sha davrda dolzarb bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy masalalarni

o‘rganishda ahamiyati juda katta. Shuningdek, mazkur fatvo to‘plami Shaybiniylar

sulolasining legitimatsiyasi masalalarini ham ochib beruvchi manba hisoblanadi.

2.“Fatovoyi Aliya” (“Alining fatvolari”). Mazkur asar fiqhiy fatvolar to‘plami

bo‘lib, u Shayboniyxonga bag‘ishlangan asaridan boshqa. Shuning uchun “Sharq

qo‘lyozmalari to‘plami”da ham alohida tavsif qilingan (СВР, 1967: 309-310).

Muallif asarni “Fatovoyi Shayboniy”ni kengaytirib, qayta ishlab,

Ubaydullohxonga bag‘ishlagan. Yuqorida aytganimizdek, mazkur fatvo to‘plami

ham Shayboniylar sulolasining legitimatsiyasi masalalarini va uning huquqiy

jihatlarini ochib beruvchi manbalardan navbatdagisi hisoblanadi.

3.“al-Jomi’ al-aliya fi-l-vasoyiq ash-shar’iya va-s-sijillot al-mar’iya” (“Rioya

etilgan sijilllar va shar’iy vasiqalar haqida oliy to‘plam”). O‘zR FA SHI

qo‘lyozmalar fondida 9138 tartib raqami bilan saqlanadigan ushbu asar ikki

daftardan iborat. Birinchi daftarga 25 maqola, ikkinchisiga 34 maqola kiritilgan.

Keyin xotima ham bor. Bu nusxa Xiva xoni Allohquli Bahodirxon (1825-1842)

saroyi kutubxonasiga tegishli bo‘lgan.

Mazkur kitob qozixonalar uchun muhim qo‘llanmalardan biri hisoblangan.

Unda qozixonada tuziladigan hujjatlarni rasmiylashtirish qonun-qoidalari, shablon

vazifasini o‘taydigan namunalar berilgan. Asarning muhim tomonlaridan biri,

mazkur namunalarning aksariyati muallifning o‘zi tomonidan, shuningdek, o‘z

otasi va ustozi tomonidan tuzilgan rasmiy hujjatlardan olingani hisoblanadi.

Markaziy Osiyo qozixona hujjatlarini tuzish qonun-qoidalariga bag’ishlangan

o‘ndan ortiq asarlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, afsuski, ular maxsus tadqiq

etilmay qolmoqda.

4.“Kitobi Saydiya” (“Ovnoma kitobi”). Asar muqaddima, 15 maqola va

xotimadan iborat. Ovning shar’iy va qonuniy shart-sharoitlari bayon etilgan. O‘n

birinchi maqolada xonaki, yavvoyi va suv jonzotlari haqida, ularning shar’iy va

tibbiy hukmlari borasida so‘z yuritilgan. Shuningdek, ularning foydali tomonlari,

iste’molga yaroqliligi, tibbiy jihatlari zikr etilgan, qariyb 220 ga yaqin hayvonotlar

haqida hikoyat va rivoyatlar keltirilgan.

Shayboniylar davrida ov masalalariga bag’ishlangan bir qancha asarlar

bitilgan. Buning asosiy sabablaridan biri Shayboniy sultonlarning ov va shikor

masalalariga katta ahamiyat bergani va uni Chingizxon yasosi bilan bog’liq

holdagi marosim sifatida ko‘rgani ham bo‘lishi mumkin. Chunki mo‘g‘ullarning

an’anaviy qonuni bo‘lgan yasodagi “muqaddas faoliyat darajasiga ko‘tarilgan ov

qilish faoliyati”ning Shayboniylardagi ta’siri mavjud edi (Abdulkadir Macit, 2024:

197). Shuning sababidan Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiy tomonidan

“Saydiya” asari yozilgan deyish mumkin. Asarning qachon yozilgani sanasi aniq

emas, lekin u 916/1510 yildan so‘ng yozilgani aniqroq.

5.“Favoyid” (Foydalar). Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyning

Shayboniyxonga atab yozgan “Favoyid” asari O‘zR FA SHI qo‘lyozmalar fondida

6133 tartib raqami bilan saqlanadi. Lekin “Sharq qo‘lyozmalari to‘plami”ning

bironta jildida bu asar haqida ma’lumot, ilmiy tavsif uchramaydi.

Fors tilida bitilgan “Favoyid” asarida muallif Shayboniyxonga davlatni

boshqarishda nimalarga e’tibor berish kerakligini ko‘rsatadi, davlatning obod

bo‘lishi uchun kerakli foydalar haqida batafsil to‘xtaladi. Asar oxirida muhtasiblar

(ichki ishlar nozirlari) nimalar qilishi, qanday sifatlarga ega bo‘lishi, qanday

faoliyat olib borishlari kabi mavzular ham yoritilgan. Asarda davlatning ma’naviy

yuksalishida zarur bo‘ladigan odob-axloq, milliy qadriyatlar to‘g‘risida so‘z

yuritiladi.

“Favoyid” to‘rtta majlis (bob)ga bo‘lingan. Har bir majlis qonun, zarb, matlab

kabi fasllarga ajratilgan. Davlatning amal qilishi lozim bo‘lgan ma’naviy omillar –

ajdodlarga munosabat, ota-onalar, qarindoshlar haqqi, ustodlarni hurmat qilish,

farzand tarbiyasi, oila munosabatlari, er-u-xotin muomalalari haqida so‘z yuritiladi.

Shuningdek, asarda saroy amaldorlari, olim va mirzalar amal qilishi lozim bo‘lgan

ma’naviy xulqlar, dehqonlar, badavlat odamlar, hunarmandlar, tijoratchilar e’tibor

qilishi kerak bo‘lgan qadriyatlar haqida ham zikr etilgan. Keyin muhtasiblik shart-

sharoitlari, sifatlari, musulmonlar orasidagi muomala-munosabatlar, jinoyatchilarni

jazolash qonun-qoidalari to‘g‘risida batafsil so‘z yuritiladi. Islomdagi muhtasiblik

institutini tadqiq etishda “Favoid” asarining ahamiyati katta.

5.“Ravzat al-muftiyin” (“Muftiylar bog‘i”). Fiqhga oid mazkur asar ham Ali

ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyga tegishli bo‘lishi mumkin. Chunki, O‘zR FA

SHI qo‘lyozmalar fondida 10702 tartib raqami bilan saqlanayotgan

“Saydiyya”ning 04a varag‘ida muallif asarlari qatorida nomi tilga olingan qayd

mavjud. Asarning nomidan uning fiqhga tegishli ekani oydinlashadi. Biroq, hali-

hanuz ushbu asarning qo‘lyozmasi topilgan emas.

6.“Sharh al-Faroiz as-Sirojiya”. Meros huquqiga bag‘ishlangan mazkur asar

madrasalarda darslik vazifasini o‘tagan “al-Faroiz as-Sirojiya”ga sharh sifatida

yozilgan. U “Jo‘ngi Rojiy” tarkibida 20-chi asar sifatida keltirilgan “Ali Xorazmiy,

1850: 109b-123b”.

“al-Faroiz as-Sirojiya” asari meros huquqiga oid risolalardan biri bo‘lib,

Markaziy Osiyo madrasalarida qariyb 5 asr mobaynida darslik vazifasini o‘tab

kelgan. Rus sharqshunosi va josusi N.Xanikov ushbu asarni Buxoro madrasalarida

darslik sifatida o‘qitilganini yozib qoldirgan “Xanikov N., 1843: 217-220). U

orqali talabalar bevosita matematika va algebra sirlarini ham o‘rganishgan. Mazkur

asarga sarlar davomida arab, fors va turkiy tillarda sharhlar bitilgan. Shu jumladan

XVI asrda ham bir nechta sharhlar yozilgan (Marg’inoniy, 2014: 160). Faqih

bo‘lgan Ali Xorazmiy ham unga sharh yozgan bo‘lishi kerak.

Mazkur qo‘lyozma nusxasining oxiriga tushgan, nuqsonli. Avvalida muallif

o‘zini “Shayx ibn Muhammad Ali ibn Shayx al-Xorazmiy al-mushtahir bi-l-

Hinduvoniy (?)” deb bergan. Asarni G‘ijduvonda (Dor al-fath G‘ijduvon) Xoja

Abdulxoliq G‘ujduvoniy xonaqohida 926 h./1520 m. sananing shavvol oyi

avvalida yozib tugatganini qayd qilgan (Ali Xorazmiy, 1850: 110a).

Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyning asarlari o‘z davridayoq shuhrat

qozongan edi. Jumladan, XVI asr ikkinchi yarmida Samarqandda “Muftiyi kalon”

nomi bilan tanilgan Muhammad ibn Bobo kalon muftiy Samarqandiy o‘zining

“Favoid” risolasida uning nomini hurmat bilan tilga oladi va uchta asarini –

“Fatovoyi Shayboniy”, “Fatovoyi Aliya” hamda “Vasoyiqi aliya” asarlari

nomlarini qayd qilib, oxirgi asarining dastxat va muallifning muhri qo‘yilgan

nusxasi Buxoroda mavjudligini zikr qilgan. Bu yerda Ali ibn Muhammad Ali al-

Xorazmiyni Mavlono Xoja Ali al-muftiy deb, “Umdat al-fuqaho va-l-muftiyyin”

(“Faqihlar va muftiylar ustuni, tayanchi”) degan faxrli unvon bilan tilga olingan

(Samarqandiy, 1600: 317a).

XVI asrdan keyin Movarounnahrda yaratilgan qariyb barcha fiqhiy asarlarda

Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiyning asarlaridan manba sifatida unumli

foydalanilgan. Demak, uning asarlari fiqh tarixida muhim ahamiyat kasb qiladi va

bir necha asrlar davomida kerakli manba sifatida qadrlanib kelgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR

Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiy haqida manbalar va zamonaviy ilmiy

adabiyotlarda ma’lumotlar juda kam uchraydi. Mazkur olim Shayboniyxon

davrining eng ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lgan esa-da, biroq, u haqida

alohida tadqiqotlar olib borilmagan. XVI asrda Movarounnahr fiqh ilmi rivoji

tarixida uning munosib o‘rni borligi shubhasizdir. U XVI asrning o‘zidayoq

mashhurlikka erishgan olim bo‘lgan. Uning asarlari to XX asr boshigacha manba

vazifasini o‘tab kelgan, fatvo rivoyat hujjatlarida esa qayta-qayta tilga olingan. Bu

holat esa, uning ilmiy merosi Movarounnahr fiqh ilmi tarixida muhim o‘rin

tutganini bildiradi.

Ali Xorazmiyning asarlari to‘la ravishda ilmiy tadqiq va tahlil etilmagan,

ularning ilmiy-tanqidiy matnlari yaratilgan emas, o‘zbek tilidagi ilmiy-izohli

tarjimalari amalga oshirilmagan. Binobarin, asarlari bugungi kunda ilmiy

o‘rganilishi, ulardagi ma’lumotlar tahlil qilinib, tarixdagi o‘rni munosib

baholanishi kerak.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Abdulkadir Macit (2024). Shayboniylar davlati. Turk tilidan Iqboljon

Usmon tarjimasi. – Toshkent: “Nasim Kutub”, 2024.

2. Али ибн Мухаммад Али Хоразмий (1566). Favoid. O‘zR FA SHI-1, №

6133.

3. Али Хоразмий (1850). Sharh Faroiz as-Sirojiya // Muhammad Yusuf

Rojiy. Jo‘ngi Rojiy. O‘zR FA SHI-1, № 7502/XX.

4. Aminov H. (2012). Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiy hayoti va ijodi

xususida ilk ma’lumotlar // “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi manbashunosligi va

tarixnavisligi masalalari” Respublika IV ilmiy-nazariy konferensiyasi materiallari.

– Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.

5. Aminov H. (2015). Ali Harizmi’nin Fevaid Eseri: Hukumdarlar uchun

Dusturu’l-Amel // “Uluslararasi Orta ve Bati Asya’da Yonetim Kulturu”

Sempozyumi tesislari. – Istanbul, 21–23 Ekim 2015.

6. Бурҳониддин ал-Марғиноний (2014). Ал-Мажмуъ ал-усмоний /

Tarjimonlar, tadqiqot va izohlar mualliflari O. Қориyev va H. Aminov. –

Toshkent: Movarounnahr.

7. Муминов А., Сзуппе М., Идрисов А. (2007). Manuscrits en écriture

arabe du Musée régional de Nukus (République autonome du Karakalpakstan,

Ouzbékistan): Fonds arabe, persan, turki et karakalpak. – Roma: Instituto per

l’Oriente C.A. Nallino.

8. Мухаммад ибн Бобо калон муфтий Самарқандий (1600). Фавоиди

Мулла Калон. O‘zR FA SHI qo‘lyozmalar fondi, qo‘lyozma № 2638/VI.

9. Собрание восточных рукописей Академии наук Узбекской ССР (СВР)

(1963). Том VI. № 4845 / Под редакцией и при участии А. А. Семенова и Д. Г.

Вороновского. – Ташкент: Издательство Академии наук УзССР.

10. Собрание восточных рукописей Академии наук Узбекской ССР

(СВР) (1967). Том VIII. № 5858–5872 / Под редакцией и при участии А. А.

Семенова и Д. Г. Вороновского. – Ташкент: Издательство Академии наук

УзССР.

11. Собрание восточных рукописей Академии наук Узбекской ССР

(СВР) (1975). Том X. № 6905–6906 / Под редакцией и при участии Д. Г.

Вороновского. – Ташкент: Фан.

12. Шайбонийлар қабртошларидаги битиклар (Schaibanidische

Grabinschriften) (1997) / Nashrga tayyorlovchilar: B. Bobojonov, A. Mo‘minov,

Yu. Paul. – Висбаден: Доктор Людвиг Рейхерт нашриёти.

13. Ханыков Н. (1843). Описание Бухарского ханства. – Санкт-

Петербург: Типография Императорской Академии наук.

REFERENCES:
1. Abdulkadir Macit (2024). Shayboniylar davlati. Turk tilidan Iqboljon
Usmon tarjimasi. – Toshkent: “Nasim Kutub”. (In Uzbek)
2. Ali ibn Muhammad Ali Xorazmiy (1566). Favoid. O‘zR FA SHI-1, №
6133. (In Arabic)
3. Ali Xorazmiy (1850). Sharh Faroiz as-Sirojiya // Muhammad Yusuf
Rojiy. Jo‘ngi Rojiy. O‘zR FA SHI-1, № 7502/XX. (In Arabic)
4. Aminov H. (2012). Ali ibn Muhammad Ali al-Xorazmiy hayoti va ijodi
xususida ilk ma’lumotlar // “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi manbashunosligi va
tarixnavisligi masalalari” Respublika IV ilmiy-nazariy konferensiyasi materiallari.
– Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti. (In Uzbek)
5. Aminov H. (2015). Ali Harizmi’nin Fevaid Eseri: Hukumdarlar uchun
Dusturu’l-Amel // “Uluslararasi Orta ve Bati Asya’da Yonetim Kulturu”
Sempozyumi tesislari. – Istanbul, 21–23 Ekim 2015. (In Turkish)
6. Burhoniddin al-Marg‘inoniy (2014). Al-Majmu‘ al-usmoniy /
Tarjimonlar, tadqiqot va izohlar mualliflari O. Qoriyev va H. Aminov. – Toshkent:
Movarounnahr. (In Uzbek)
7. Muminov A., Szuppe M., Idrisov A. (2007). Manuscrits en écriture arabe
du Musée régional de Nukus (République autonome du Karakalpakstan,
Ouzbékistan): Fonds arabe, persan, turki et karakalpak. – Roma: Instituto per
l’Oriente C.A. Nallino. (In French)
8. Muhammad ibn Bobo Kalon Muftiy Samarqandiy (1600). Favoidi Mulla
Kalon. O‘zR FA SHI qo‘lyozmalar fondi, qo‘lyozma № 2638/VI. (In Arabic)
9. Sobraniye vostochnyx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR (SVR)
(1963). Tom VI. № 4845 / Pod redaksiyey i pri uchastii A. A. Semenova i D. G.
Voronovskogo. – Tashkent: Izdatelstvo Akademii nauk UzSSR. (In Russian)

10. Sobraniye vostochnyx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR (SVR)

(1967). Tom VIII. № 5858–5872 / Pod redaksiyey i pri uchastii A. A. Semenova i

D. G. Voronovskogo. – Tashkent: Izdatelstvo Akademii nauk UzSSR. (In Russian)

11. Sobraniye vostochnyx rukopisey Akademii nauk Uzbekskoy SSR (SVR)

(1975). Tom X. № 6905–6906 / Pod redaksiyey i pri uchastii D. G. Voronovskogo.

– Tashkent: Fan. (In Russian)

12. Shayboniylar qabrtoshlaridagi bitiklar (Schaibanidische Grabinschriften)

(1997) / Nashrga tayyorlovchilar: B. Bobojonov, A. Mo‘minov, Yu. Paul. –

Visbaden: Doktor Lyudvig Reyxert nashriyoti. (In Uzbek and German)

13. Xanikov N. (1843). Opisaniye Buxarskogo xanstva. – Sankt-Peterburg:

Tipografiya Imperatorskoy Akademii nauk. (In Russian)