TURKISTONDA JADIDLARNING DAVLAT BOSHQARUV
G‘OYALARI VA DASTLABKI SIYOSIY PARTIYALAR FAOLIYATI
IDEAS ON GOVERNANCE OF THE TURKESTAN JADIDS AND
THE ACTIVITIES OF THE FIRST POLITICAL PARTIES
ИДЕИ ТУРКЕСТАНСКИХ ДЖАДИДОВ О ГОСУДАРСТВЕННОМ
УПРАВЛЕНИИ И ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ ПЕРВЫХ ПОЛИТИЧЕСКИХ
ПАРТИЙ
https://zenodo.org/records/20667132
Rahimjonov Mirzohid Mirsaydullo o‘g‘li
Oriental universiteti Ijtimoiy-gumanitar
fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Tel:+998 97-592-89-98
Rahimjonovmirzohid98@gmail.com
Orcid: https://orcid.org/0009-0004-1763-6184
Annotatsiya. Ushbu maqolada Turkistonda jadidlarning davlat boshqaruvi
haqidagi ilg‘or g‘oyalari hamda XX asr boshlarida shakllangan dastlabki siyosiy
partiyalar faoliyati ilmiy asosda tahlil qilinadi. Jadidchilik harakati Turkiston
o‘lkasida milliy uyg‘onish, ijtimoiy-siyosiy islohotlar va zamonaviy boshqaruv
tizimini shakllantirishga qaratilgan muhim tarixiy jarayon sifatida namoyon
bo‘lgan. Shuningdek, maqolada Turkistonda siyosiy ongning shakllanishi
jarayonida vujudga kelgan dastlabki siyosiy tashkilotlar va partiyalarning faoliyati,
ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda mustamlakachilik siyosatiga qarshi
kurashdagi roli keng tahlil qilinadi. Jadidlarning siyosiy faoliyati nafaqat ma’rifiy
harakat doirasida, balki davlat boshqaruvi tizimini zamonaviylashtirishga
qaratilgan dastlabki siyosiy tajribalar sifatida ham baholanadi. Mavzuni yoritishda
ushbu sohaga oid tegishli me’yoriy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, adabiyot va davriy
matbuot materiallaridan foydalanilgan.
Kalit so‘zlar: jadidchilik, Turkiston, davlat boshqaruvi, siyosiy partiyalar,
milliy uyg‘onish, siyosiy islohotlar, ma’rifatparvarlik.
Annotation. This article provides a scholarly analysis of the progressive ideas
of the Jadids in Turkestan regarding state governance, as well as the activities of
the first political parties that emerged in the early twentieth century. The Jadid
movement represented an important historical process in Turkestan, aimed at
fostering national awakening, implementing socio-political reforms, and
establishing a modern system of administration. Furthermore, the article examines
the formation of political consciousness in Turkestan and explores the activities of
the earliest political organizations and parties, their role in societal development,
and their significance in the struggle against colonial policy. The political
engagement of the Jadids is evaluated not only within the framework of an
educational and enlightenment movement, but also as one of the first political
experiences directed toward the modernization of the state governance system. In
addressing this topic, relevant normative documents, scholarly research, academic
literature, and materials from periodical press sources have been utilized.
Keywords: Jadidism, Turkestan, state governance, political parties, national
awakening, political reforms, enlightenment.
Аннотация. В данной статье на научной основе анализируются
прогрессивные идеи джадидов Туркестана о государственном управлении, а
также деятельность первых политических партий, сформировавшихся в
начале XX века. Жадидское движение в Туркестанском крае проявилось как
важный исторический процесс, направленный на национальное
пробуждение, проведение общественно-политических реформ и
формирование современной системы управления. Кроме того, в статье
рассматривается процесс становления политического сознания в Туркестане,
анализируется деятельность первых политических организаций и партий, их
место в общественном развитии, а также роль в борьбе против колониальной
политики. Политическая активность джадидов оценивается не только в
рамках просветительского движения, но и как один из первых политических
опытов, направленных на модернизацию системы государственного
управления. При освещении темы использованы соответствующие
нормативные документы, научные исследования, литература и материалы
периодической печати.
Ключевые слова: джадидизм, Туркестан, государственное управление,
политические партии, национальное пробуждение, политические реформы,
просветительство.
KIRISH
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida yuzaga kelgan
ijtimoiy-siyosiy va madaniy jarayonlar - 143 - as hu - 143 - tarixida tub burilish
yasagan muhim davrlardan biri hisoblanadi. Mustamlakachilik sharoitida yashagan
Turkiston xalqlari orasida milliy uyg‘onish, ma’rifatparvarlik va zamonaviy
taraqqiyotga intilish g‘oyalari kuchayib bordi. Ana shunday murakkab tarixiy
sharoitda jadidchilik harakati shakllanib, u nafaqat ta’lim va madaniyat sohasida,
balki davlat boshqaruvi, siyosiy mustaqillik va jamiyatni modernizatsiya qilish
borasida ham ilg‘or qarashlarni ilgari surdi. Jadidlar o‘z faoliyatida xalqni
jaholatdan chiqarish, milliy ongni uyg‘otish, yetakchi mamlakatlar kabi zamonaviy
davlat boshqaruv tizimini shakllantirish va siyosiy islohotlar o‘tkazish masalalariga
alohida e’tibor qaratdilar. Ularning davlat boshqaruvi haqidagi qarashlari
konstitutsiyaviy tuzum, parlament boshqaruvi, milliy o‘zini o‘zi boshqarish
g‘oyalari bilan chambarchas bog‘liq edi. Bu g‘oyalar Turkiston jamiyatida siyosiy
tafakkurning rivojlanishiga va yangi siyosiy institutlarning vujudga kelishiga
zamin yaratdi. Bugungi kunda jadidlarning davlatchilik g‘oyalarini o‘rganish va bu
borada amalga oshirgan ishlari tadqiqotchilar nazdida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Shu bois, mazkur maqolada jadidlar tomonidan ilgari surilgan siyosiy g‘oyalar,
islohotlar dasturi haqida fikr yuritiladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
O‘zbekistonda jadidchilik harakati mavzusida ko‘plab tadqiqotchilar ilmiy
izlanishlar olib borishgan. Bunda, tadqiqotchilar ushbu harakatning turli xil
sohalariga e’tibor qaratgan bo‘lib, bu boradagi ilmiy tadqiqotlarda jadidlarning
haqiqiy tarixiy obrazini yaratishga harakat qilingan. Jadidchilik harakati bo‘yicha
Begali Qosimov (2002), Saidakbar A’zamxo‘jayev (2000), Dilorom Alimova
(2022), Rustam Sharipov (2002), Nodira Alimova (2004), Muslimbek Alijonov
(2024) kabi tadqiqotchilarning maxsus bag‘ishlangan kitob va ilmiy ish namunalar,
O‘zbekiston tarixiga oid darsliklarda ma’lumotlar olish mumkin hisoblanadi.
Yuqoridagi mualliflarning asarlarida Turkiston jadidlari hayoti va faoliyati,
jadidchilik ta’lim tizimi, xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritgan jadid
namoyandalari haqida chuqurlashgan ilmiy ma’lumotlar taqdim etilgan. Xususan,
ulardan S.A’zamxo‘jayev (2000), B.Qosimov (2002), D.Alimova (2022) va
R.Sharipov (2002) larning tadqiqotlarida jadidchilik harakatida davlat boshqaruv
g‘oyalariga ham alohida to‘xtalib o‘tgan hisoblanadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
“Turkiston jadidlarining davlat boshqaruvi g‘oyalari va dastlabki siyosiy
partiyalar faoliyati” nomli ushbu maqolaning tadqiqot metodologiyasi ilmiy
adabiyotlarni har tomonlama tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Turkistonda jadidlar
faoliyati, ularning siyosiy qarashlari, dastlab tashkil topgan siyosiy partiyalar
faoliyatiga doir ko‘plab ilmiy adabiyotlar atroflicha o‘rganildi. Mamlakatimizda
jadidlarning siyosiy faoliyati aks ettirilgan turli ilmiy maqolalar hamda ilmiy
adabiyotlar va boshqa tegishli manbalarni o‘z ichiga oluvchi materiallarga diqqat
qaratildi. Ma’lumot turli manbalardan, jumladan, ilmiy adabiyotlar, kitoblar va
ilmiy maqolalardan to‘plandi. Yig‘ilgan ma’lumotlar jadidlarning siyosiy
qarashlari, ularning amalga oshirgan ishlari, davlat boshqaruvi bilan bog‘liq asosiy
mavzular va tendensiyalarni aniqlash uchun tahlil qilindi. Jadidchilik harakati
namoyandalarini davlat boshqaruv sohasidagi qarashlari hamda Turkistonda
dastlabki siyosiy partiyalar o‘rtasidagi farqlarni o‘rganishda qiyosiy tahlil
metodidan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR.
Turkistonda jadidchilik harakati XIX asr oxirida vujudga kelgan bo‘lib, bu
harakat Turkiston hududiga ma’rifatparvar Ismoil G‘apirali orqali kirib kelgan.
Umuman olganda jadid so‘zi arab tilida “yangi” degan ma’noni anglatib, o‘lkada
ijtimoiy ong, ta’lim tizimi kabi sohalarda islohotlarni amalga oshirish va
mustaqillikka erishish orqali ozod davlat tuzish g‘oyasiga asoslangan harakat edi.
Xususan, Turkistonda jadidchilik harakati o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q, uning
vujudga kelishi uchun ma’lum bir obyektiv sharoit va sabablar mavjud edi. XIX
asr o‘rtasi va XX asrning boshida jamiyatda yangilanish zaruriyati tug‘ildi. Bir
qator ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va ma’naviy muammolar paydo bo‘ldi. Ularni hal
etish uchun bel bog‘lagan bir guruh ziyolilar xalq orasida “jadidlar” deb tan
olingan (Шарипов Р., 2002:14).
XIX asr o‘rtalari, XX asr boshlarida Rossiya, Turkiston, Kavkaz (Ozarbayjon),
Idil-Ural va Qrimda yangilanishga intilish jarayoni ommaviy tus olganini kuzatish
mumkin. Kishilik jamiyatining ko‘p asrlik tarixida xilma-xil harakatlar, ta’limot va
siyosiy oqimlar mavjud bo‘lgan. Ularning zamirida adolatli, fuqarolarning tengligi
asosiga qurilgan, insonparvar jamiyatni yuzaga keltirish, zulm va zo‘ravonlikdan,
qullik va istibdoddan, tengsizlik va jaholatdan qutulish uchun tinimsiz izlanish
istagi yotgan. Shu asoslarga ko‘ra jadidlar ko‘plab sohalarda islohotlarni amalga
oshirish rejalarini boshlab yubordi. Dastlab ular ta’lim, matbuot va teatr
truppalarini tashkil qilish orqali xalqni ma’naviy jihatdan tayyorlashga harakat
qilishdi. Jadidchilik harakati o‘z tarixida ikki bosqichni bosib o‘tgan: birinchisi-
ma’rifat bosqichi, ikkinchisi-siyosiy bosqich Jadidlarning davlatchilik masalasiga
oid qarashlari birinchi bosqichdayoq shakllana boshlagan, ikkinchi bosqichda esa
to‘la shakllangan hisoblanadi. Ular o‘tmishga nazar solib, jamiyatdagi barcha
salbiy jihatlarni milliy davlatchilikning boy berilishi bilan bog‘lashgan. Masalan,
Mahmudxo‘ja Behbudiy fikricha, xonliklar o‘tgan 50 yil davomida dunyodan
uzilib qolgan va jahonda erishilgan yutuqlardan foydalanishdan mahrum bo‘lgan.
Bu mustamlakachilik zulmi ostida qolish sabablaridan biridir. Shuningdek,
Mahmudxo‘ja Behbudiy xalqni savodli bo‘lishiga e’tibor qaratib, savodxon
mutaxassis va huquqshunoslargina Davlat Dumasi, sudlar va Turkistondagi rus
ma’muriyati orqali harakat qilib millatiga foyda keltirishligi mumkinligini
ta’kidlaydi. Shu tariqa u 1913-yildayoq turkistonliklar orasida maorif va ta’limni
rivojlantirish zarur degan nazariyani ilgari suradi.
Jadidlar dasturining asosiy qismini Turkistondagi barcha xalqlarning
birlashish masalasi tashkil etgan, zero, ular bo‘lajak davlat qurilishini ularning
birdamligi bilan bog‘laganlar.
Jadidlarning xalqaro aloqalari juda keng qamrovli bo‘lgan. Ular Rossiya,
Turkiya, Misr va boshqa mamlakatlardagi jadidchilik harakatlarining dasturlari
bilan yaxshi tanish bo‘lganlar, sayohatlar va suhbatlar vositasida o‘zaro tajriba
almashganlar. Rossiyada 1905-1906-yillarda bo‘lib o‘tgan inqilobiy voqealar
Turkistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan (Aлимова Д., 2022:24).
Xususan, Yevropa va Rossiyaning ko‘pgina ma’rifatparvarlaridan farqli
o‘laroq jadidlar dinni rad etishmadi. Aksincha, ular islom dinini ijtimoiy
taraqqiyotga erishish uchun musulmonlarni birlashtiruvchi muhim omil, o‘lka
xalqlarini yuksak axloqiylik, vatanparvarlik, do‘stlik, birodarlik, inqirozli holatdan
chiqishdagi kurashda jipslashtiruvchi kuch sifatida saqlab qolish tarafdorlari bo‘lib
chiqishdi. Jadidlar islom dinida ma’naviy yuksalishning muhim vositasini ko‘rdilar.
Biroq, buning uchun dinning o‘zini o‘rta asr sxolastikasidan tozalash lozim deb
hisoblashdi (Аьзамхўжаев С., 2000:9).
Jadidchilik shunchaki madaniy-ma’rifiy harakat emas edi. Buni rus
siyosatchilari yaxshi bilar edi. Shunchaki harakat bo‘lganida ular qatag‘on
qilinmas edi. Bu haqda B.Qosimov o‘zining kitobida “A.V.Pyakovskiy yozadi:
“Shu vaqtdan (1905-1917-yillar ko‘zda tutilmoqda - B.Q) e’tiboran Turkistonda
“jadidchilik” deb tanilgan burjua-liberal, millatchilik harakati keng yoyila boshladi
va usuli jadid maktablari ochish va targ‘ib etish, madaniyatparvarlik singari
dastlabki tor doirasidan chiqib, aniq ko‘zga tashlanib turuvchi siyosiy bo‘yoq kasb
etdi” (Қосимов Б., 2002:75) deya ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Shundan ham
xulosa qilish mumkin, 1905-yilgi inqilobiy voqealardan so‘ng jadidchilikka qarshi
oshkora ta’qiblar boshlandiki, endilikda harakat yashirin faoliyat yuritish rejimiga
o‘tdi.
Turkiston jadidlarining faoliyatiga 1905-1911-yillarda Turkiya va Eronda yuz
bergan inqiloblar ham siyosiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu mamlakatlar milliy ziyolilari o‘z
oldilariga monarxiya hokimiyatini konstitutsiya bilan cheklash va milliy
burjuaziyaning iqtisodiy qudratini mustahkamlash, buning uchun tegishli shart-
sharoitlarni yaratish maqsadini qo‘ygan. Biroq ularning tajribasi Turkiston jadidlari
tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib olinmadi. Demokratik islohotlarga erishish
uchun mustamlakachilikka qarshi Sharq va Yevropadagi kurash tajribasining faqat
o‘lka sharoitida qo‘llash mumkin bo‘lgan jihatlarinigina ma’lum o‘zgarishlar bilan
tatbiq qildilar.
Rossiyadagi fevral inqilobi arafasida Turkiston jadidchilari jiddiy siyosiy
kuchga aylanib ulgurgandi. Agar Birinchi jahon urushidan so‘ng parlament
monarxiyasi uchun kurash olib borgan bo‘lsa, fevral inqilobidan keyin ularning
radikal qismi keng qamrovli talablarni ilgari surdi, bu talablar orasida o‘lkani
boshqarishda mahalliy aholi vakolatlarini kengaytirish, mahalliy aholi sonidan
kelib chiqib, Davlat Dumasidan joy ajratish, asosiy demokratik erkinliklar,
avvalambor, milliy matbuot erkinligi, monarxiya tuzumini konstitutsion tuzumga
o‘zgartirish bo‘yicha islohotlarni o‘tkazish bor edi.
1917-yil fevralda yuz bergan inqilobdan so‘ng, shu yilning bahorida
Turkiston o‘lkasining siyosiy jihatdan uyg‘otishda, avj olayotgan demokratik
jarayonlarga boshchilik qilish muddaosi bo‘lgan yangi kuchlarning siyosiy
maydonga chiqishida burilish nuqtasi bo‘ldi. Jadidlar vujudga kelayotgan milliy-
demokratik kuchlarning o‘zagi bo‘lishdi, ular bu vazifani bajarishga o‘zlarining
ilgarigi faoliyatlari davomida tayyorlarlik ko‘rgan edilar. Ular o‘lka tub
xalqlarning taraqqiyoti va mustaqilligi to‘g‘risidagi o‘z ideallarini o‘lkadagi
demokratik inqilob bilan bog‘lab, o‘zlari e’lon qilgan tartiblarni amalga oshirishga
kirishdilar. Avj olib borayotgan demokratik jarayonlarda tub xalqlar siyosiy
manfaatlarining ustuvorligini himoya qilish fevralning dastlabki kunlaridanoq
siyosiy maydonda ular faoliyatining asosiy yo‘nalishini belgilab berdi. Bu hol
mahalliy hokimiyat tuzilmalarini shakllantirish chog‘ida ancha to‘liq namoyon
bo‘ldi (M.Жўраев, Р.Нуруллин, С.Камолов, Р.Ражапова, А.Голованов,
Қ.Ражабов, А.Маврулов, Р.Абдуллаев, С.Аъзамхўжаев, Д.Алимова.
Н.Каримов, Б.Кошанов, К.Оқилов, З.Орифхонова, Л.Тетенева, Ш.Турдиев,
2000:22, 23).
Shuningdek, fevral inqilobi jadidlarning tashkiliy faoliyatlarida ham o‘zgarish
yasadi. Oldin mavjud bo‘lgan jadid to‘garaklari ko‘p hollarda mustaqil harakat
qilmas edi, chunki ularning anchagina a’zolari “Sho‘roi Islomiya”, “Ittifoq”
(“Musulmon mehnatkashlar ittifoqi”) tashkilotlariga kirgandi.
Jadidlar dasturiy hujjatlar, amaliy harakatlar strategiyasi va taktikasini faol
ishlab chiqa boshladilar.
Shu bilan birga jadidchilik harakatida hali 1914-1915-yillarda paydo bo‘lgan
bo‘linish fevral inqilobidan so‘ng sezilarli darajada kuchaydi va 1917-yil oktabrga
kelib yaqqol ko‘zga tashlandi.
Jadidlar faollik bilan boshlagan siyosiy harakat tarixida 14-mart o‘ziga xos
kun sifatida muhim rol o‘ynaydi. Shu kuni Toshkentning Eski shahar qismida ko‘p
ming kishilik yig‘ilish o‘tkazilib, unda tatar va qozoq a’zolaridan iborat 61 kishilik
yangi siyosiy partiya tuziladi va bu partiya Munavvarqori Abdurashidxonov
tashabbusi bilan “Sho‘royi Islomiya” nomi beriladi. Partiyaning 15 kishidan iborat
boshqaruviga Abduvohidqori Abduraufqoriyev, Munavvarqori Abdurashidxonov,
Kattaxo‘ja Boboxo‘jayev, Mulla Rizo Oxund Yo‘ldoshxo‘jayev, Abdusamiqori
Xidoyatboyev, Ubaydullo Xo‘jayev va boshqalar kiradi. Ushbu partiyaga
musulmon urf-odatlari va an’analari, birinchi navbatda islom diniga e’tiqod
qo‘ygan shaxslar asos solganliklari bilinib turadi. Ishchi va soldat deputatlari
sho‘rosidan ular milliy va diniy platformaga ega ekanliklari bilan ajralishdi.
“Sho‘roi Islomiyaning” asosiy maqsadi: Turkiston musulmonlari orasida
zamon talabiga mos siyosiy, ilmiy va ijtimoiy islohot g‘oyalarini tarqatishdan;
Turkiston musulmonlarini g‘oya va maqsadlar birligi asosida birlashtirishga oid
ishlarni kuchaytirishdan; yangi hukumatning prinsiplari va maqsadlarini qo‘llab-
quvvatlash borasida xalqqa da’vatdan; xorijiy mamlakatlarda davlat
hokimiyatining shakllari to‘g‘risida ahlini xabardor qilib turishdan va Ta’sis
majlisiga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat bo‘lgan.
Xususan, “Sho‘roi Islomiya” nizomida partiyaning tashkiliy tuzilmasi,
a’zoligi, vazifasi va moliyasi batafsil ishlab chiqildi. Nizomga muvofiq
Turkistonning barcha shaharlari va qishloqlarida “Sho‘roi Islomiya” tashkilotini
tuzish zarur deb hisoblandi. Xujjatda bular “Sho‘roi Islomiya” ning kichik
bo‘limlari deb ataldi. Nizomga asosan, Toshkent “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti
markazi hisoblanib, uning qarori bo‘limlari uchun edi. Shu tariqa dastlab O‘sh,
Andijon, Farg‘ona, Turkistonda so‘ngra aprel oyining oxiriga qadar Namangan,
Qo‘qon, Samarqand va boshqa shaharlarda kichik bo‘limlarni tuzdi (Шарипов Р.,
2002:134).
“Sho‘roi Islomiya” partiyasining siyosiy dasturi kurtak yoza boshlagan bir
davrda, islom diniga mansub kuchlar ikkiga ajralib, “Sho‘roi Islomiya” dan
tashqari va unga qarshi o‘laroq, “Sho‘roi Ulamo” partiyasi tuzildi. Bu partiya
o‘zining asosiy e’tiborini “Sho‘roi Islomiya” ga qarshi qaratdi hamda
qadimchilarni o‘z atrofida birlashtirdi. O‘lkada turli siyosiy partiyalar paydo bo‘ldi.
Masalan, Ahmad Zaki Validiy eserlar, Mustafo Cho‘qay kadetlar, Sanjar
Isfandiyorov sotsial-demokratlar, Sherali Lapin esa monarxiyachilar partiyasiga
a’zo bo‘lib kirishdi. Ularga mahalliy ziyolilar ham ergashdi. Ana shu tarzda
Turkistonning siyosiy sahnasida uch xil kuch paydo bo‘ldi. Bular quyidagilar:
1) Turkiston sho‘rolari – bular inqilobiy demokratiya xohish-irodasini
ifodalovchi yevropalik ishchi va soldatlarning organlari bo‘lib, jamiyatga ta’sir
o‘tkazish uchun real kuchga ega edi. Shu boisdan ham ular Muvaqqat hukumat
davlat muassasalari faoliyati ustidan nazorat qilish huquqiga ega bo‘lishni da’vo
qilishardi.
2) Ijroiya qo‘mitalar – sho‘rolarga nisbatan aholining anchayin keng
ijtimoiy milliy guruhlari namoyandalari bo‘lib, bular tarkibiga turli partiyalar –
mensheviklar, eserlar, sho‘rolar, jamoat tashkilotlar, shu jumladan, milliy
tashkilotlar o‘z vakillarini delegat qilib yuborgan edilar, ular barcha demokratik
tashkilotlarni birlashtiruvchilar sifatida ish va joylarda Muvaqqat hukumat
organlari rolini o‘ynashga da’vo qilishgan.
3) “Sho‘roi Islom” jamiyati – bu tashkilot tashkiliy jihatdan tarkib - 149 -as
hu - 149 - paytidayoq musulmon aholining vakolatli organlari sifatida darhol
rasmiylashib, shu aholining xohish-irodasini ifoda etdi va uning manfaatlarini
himoya qildi.
Ana shu uch guruh atrofida markazlashgan tashkilot, uyushma, jamiyat va
partiyalar 1917-yil aprelida o‘z qurultoyini o‘tkazib, Turkistonning yangi davlat
tuzumi bo‘yicha o‘z dasturlarini ishlab chiqdi. Oradan ozgina vaqt o‘tib, jiddiy
amaliy harakatlar boshlandi.
1917-yil oktabr-noyabr oylarida Toshkent va Qo‘qonda yuz bergan voqealar
Turkistonda ijtimoiy-siyosiy harakatlarning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Qo‘qon
shahrida 1917-yil 26-28-noyabr kunlari Turkiston o‘lka musulmonlarining
favqulodda IV qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Demokratik musulmon ziyolilar talabi bilan
Turkiston aholisining yevropalik qismi vakillari ham qurultoyda teng huquqli
bo‘lib ishtirok etdilar. Qurultoyning 27-noyabr kuni qabul qilingan qarorida
shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya
inqilobi da’vat etgan xalqlarning o‘z huquqlarini o‘zlari belgilash xususidagi
irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi tarkibida
hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qilinadi”.
28-noyabrda tashkil topayotgan davlatning nomi aniqlanib, “Turkiston
Muxtoriyati” deb ataladigan bo‘ldi. Butunrossiya Ta’sis syezdi chaqirilgunga qadar
hokimiyat to‘la ravishda Turkiston muvaqqat kengashi va Turkiston Xalq (Milliy)
Majlisi qo‘lida bo‘lishi haqida qaror qabul qilindi. Muvaqqat kengash a’zolari 12
kishilik hukumat tuziladigan bo‘ldi. Qurultoy jarayonida Turkiston Milliy Majlisi
32 kishidan iborat qilib saylandi.
Turkiston Muxtoriyatining e’lon qilinishi xalq orasida qizg‘in kutib olindi.
Xalq ommasining qizg‘in qo‘llab-quvvatlashidan ilhomlangan Muxtor hukumat
vakillari jadal faoliyat boshladilar. Dastlabki kunlardan boshlab Millat majlisi
tomonidan tasdiqlangan qonunlar e’lon qilinib, yangi hukumat davlat
Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. Bir nechta
hukumat gazetalari o‘zbek, qozoq va rus tillarida nashr etila boshlandi. Shuningdek,
hukumat milliy qo‘shinni tashkil etishga alohida e’tibor qaratib, harbiy vazir
Ubaydulla Xo‘jayev ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik-paradda 2000 askar qatnashdi
va bunga qo‘shimcha Qo‘qonda Ergash qo‘rboshi rahbarlik qilgan ikki mingga
yaqin mirshablar guruhi ham mavjud edi. Shuningdek, yangi hukumat iqtisodiy
sohada 30 million so‘m miqdorda ichki zayom chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Chunki
gazetalarni nashr qilish, muxtoriyat qo‘shinlari ta’minoti hamda ichki xarajatlar
uchun mablag‘ zarur edi. Bunga qo‘shimcha tarzda, yangi hukumat, Turkistonda
ochlikni tugatish maqsadida Orenburg orqali g‘alla keltirish masalasini hal qilishga
kirishdi (Эшов Б., 2012: 342).
Turkistonda tashkil etilgan Muxtoriyat hamda ular boshlab yuborgan
islohotlar bu vaqtda Rossiyada hokimiyatni qo‘lga olgan bolsheviklar hukumatiga
yoqmadi, ular Muxtoriyatni katta xavf sifatida bilib, 1918-yil 30-yanvar sanasida
Turkiston XKS Muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi.
Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning
“Dashnoqsotyun” partiyasi a’zolaridan tuzilgan beshafqat harbiy bo‘linmalarni
ham tashladi.
1918-yil 19-fevral Qo‘qon shahrida faoliyat yuritayotgan Turkiston
Muxtoriyati hukumati bolsheviklarning qonli hujumlari natijasida ag‘darib
tashlandi. Hukumat boshlig‘i Mustafo Cho‘qay shaharni tark etib, yashirinishga
majbur bo‘ldi. Hukumat vakillarining ayrimlari halok bo‘ldi, ayrimlari qo‘lga
olindi. Dahshatli hujum va talon-torojlar natijasida o‘n ming qo‘qonlik o‘ldirildi.
Shu tariqa Turkiston o‘lkasida jadidlarning orzusi hisoblangan va siyosiy
qarashlari ifodasi hisoblangan Turkiston Muxtoriyati taqdiri ayanchli yakunlandi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, uzoq yillar davomida tashqi dunyoda uzilib qolgan,
hamda shu sabab tufayli Rossiya imperiyasi tarkibiga kirib qolgan Turkiston
o‘lkasida XIX asr oxirida jadidchilik harakati vujudga keldiki, ular o‘lkani
rivojlangan dunyo mamlakatlaridan nechog‘li orqada qolib ketganligini yaxshi
anglab yetishgandi. Ular uzoq yillar davomida mavjud bo‘lgan yopiqlik siyosati
rus bosqiniga imkoniyat yaratib bergan deb hisoblar va mustaqil zamonaviy davlat
tuzish harakatini boshlab yuborishgandi. Jadidlar o‘tmishdagi xatolardan xulosa
chiqarib, boshqa o‘lkadagi ma’rifatparvarlar bilan doimiy aloqada bo‘ldi, jahon
sahnasida sodir bo‘layotgan siyosiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib borishdi.
Shuningdek, ular o‘lkani mustaqillikka erishish yo‘lida xalqni ma’rifatli qilishni
muhim deb bildi shu yo‘lda ko‘plab gazeta, jurnallar chop eta boshladi. XX asr
boshiga kelganda ziyolilar keskin siyosiy g‘oyalar bilan oldinga chiqa boshlashdi.
1917-yil fevralda Rossiyada ro‘y bergan fevral inqilobi ta’sirida Turkiston
o‘lkasida ziyolilar tomonidan bir qator siyosiy partiya va tashkilotlar tuzildi. Qulay
vaziyatdan foydalangan jadidlar o‘lkada birinchi davlat Turkiston Muxtoriyatini
tashkil etdi. Ushbu muxtoriyat bolsheviklar tomonidan ayanchli tarzda bostirildi.
Shu jumladan, jadidlar tarixda uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lgan boshqaruvga
qarama-qarshi o‘laroq demokratik boshqaruv g‘oyasini ilgari surdi hamda
birinchilardan bo‘lib davlatchilik tajribasiga ega bo‘ldi. Xulosaga qo‘shimcha
quyidagi takliflarni berish muhim hisoblanadi:
1. Jadidlar siyosiy merosini o‘rganish - Jadidlarning davlat boshqaruvi,
demokratik institutlar va milliy taraqqiyot haqidagi g‘oyalarini chuqur ilmiy tadqiq
etish hamda ularni oliy va umumta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga kiritish
zarur. Bu yosh avlodda tarixiy-siyosiy tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiladi.
2. Turkiston Muxtoriyati tajribasini qiyosiy-siyosiy tahlil asosida
o‘rganish – 1917-1918-yillardagi milliy davlatchilik tajribasini boshqa
mintaqalardagi o‘xshash jarayonlar bilan qiyoslab o‘rganish, jadidlarning davlat
qurilishi borasidagi amaliy yondashuvlarini ochib berish lozim. Shuningdek, bu
yondashuv Markaziy Osiyoda hozirgi davr siyosiy jarayonlar rivojini chuqurroq
anglash imkonini beradi.
3. Jadidlar nashriyot va ma’rifatparvarlik faoliyatini ommalashtirish -
Jadidlar tomonidan chop etilgan gazeta va jurnallarni to‘liq o‘rganish, ochiq
elektron bazalar yaratish hamda ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish muhim.
Bu nafaqat manbashunoslik bazasini kengaytiradi, balki jadidchilikning xalqaro
miqyosdagi ilmiy o‘rganilishiga turtki beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Алимова Д. (2022). Жадидчилик феномени. – Тошкент: Akademnashr,
– Б 274.
2. Аьзамхўжаев С. (2000). Туркистон Мухторияти миллий-демократик
давлатчилик қурилиш тажрибаси. – Тошкент: Маьнавият, – Б 176.
3. Д. Алимова, Д. Рашидова (1998). Махмудхўжа Беҳбудий и его
исторические воззрения. – Тошкент: Маънавият.
4. Эшов. Б. (2012). Ўзбекистон давлатчилиги ва бошқаруви тарихи. –
Тошкент, – Б 383.
5. Зиёев Х. (1998). Туркистонда Россия тажовузи ва ҳукмронлигига
қарши кураш. – Тошкент: Шарқ.
6. M.Жўраев, Р.Нуруллин, С.Камолов, Р.Ражапова, А.Голованов,
Қ.Ражабов, А.Маврулов, Р.Абдуллаев, С.Аъзамхўжаев, Д.Алимова.
Н.Каримов, Б.Кошанов, К.Оқилов, З.Орифхонова, Л.Тетенева, Ш.Турдиев
(2000). Ўзбекистоннинг янги тарихи II-китоб Ўзбекистон Совет
Мустамлакачилиги даврида. – Тошкент: Шарқ, – Б 688.
7. Қосимов Б. (2002). Миллий уйғониш: жасорат маьрифат фидойилик. -
Тошкент: Маьнавият, – Б 404.
8. Мустафо Чўқай ўғли (1992). Истиқлол жаллодлари (1917 йил
хотиралари). – Тошкент: Ғ. Ғулом номидаги нашриёт-матбаа бирлашмаси.
9. Тошқулов Ж. (1996). Ўзбекистон халқлари сиёсий-ҳуқуқий фикрлари
тарихидан. – Тошкент: Ўзбекистон.
10. Шарипов Р. (2002). Туркистон жадидчилик ҳаракати тарихидан. –
Тошкент: Ўқитувчи, – Б 176.
REFERENCES:
1. Alimova D. (2022). Jadidchilik fenomeni. – Toshkent: Akademnashr, – B
274. (in Uzbek)
2. A’zamxo‘jayev S. (2000). Turkiston Muxtoriyati milliy-demokratik
davlatchilik qurilish tajribasi. – Toshkent: Ma’naviyat, – B 176. (in Uzbek)
3. D. Alimova, D. Rashidova (1998). Mahmudxo‘ja Behbudiy i ego
istoricheskie vozzreniya. – Toshkent: Ma’naviyat. (in Uzbek)
4. Eshov B. (2012). O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi. –
Toshkent, – B 383. (in Uzbek)
5. Ziyoev X. (1998). Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi
kurash. – Toshkent: Sharq. (in Uzbek)
6. M. Jo‘rayev, R. Nurullin, S. Kamolov, R. Rajapova, A. Golovanov, Q.
Rajabov, A. Mavru lov, R. Abdullayev, S. A’zamxo‘jayev, D. Alimova, N.
Karimov, B. Koshanov, K. Oqilov, Z. Orifxonova, L. Tetenova, Sh. Turdiyev
(2000). O‘zbekistonning yangi tarixi II-kitob O‘zbekiston Sovet Mustamlakachiligi
davrida. – Toshkent: Sharq, – B 688. (in Uzbek)
7. Qosimov B. (2002). Milliy uyg‘onish: jasorat ma’rifat fidoiylik. – Toshkent:
Ma’naviyat, – B 404. (in Uzbek)
8. Mustafo Cho‘qay o‘g‘li (1992). Istiqlol jallodlari (1917 yil xotiralari). –
Toshkent: G‘. G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa birlashmasi. (in Uzbek)
9. Toshqulov J. (1996). O‘zbekiston xalqlari siyosiy-huquqiy fikrlari tarixidan.
– Toshkent: O‘zbekiston. (in Uzbek)
10. Sharipov R. (2002). Turkiston jadidchilik harakati tarixidan. – Toshkent:
O‘qituvchi, – B 176. (in Uzbek)