TEMURIYLAR DAVRIDAGI ILMIY-ADABIY JARAYON MANBALARI
SOURCES OF THE SCIENTIFIC AND LITERARY PROCESS DURING
THE TIMURID ERA
ИСТОЧНИКИ НАУЧНО-ЛИТЕРАТУРНОГО ПРОЦЕССА ЭПОХИ
ТИМУРИДОВ
Hamroyeva Orzigul Jalolovna
ToshDO‘TAU, O‘zbek adabiyoti
tarixi va matnshunoslik kafedrasi,
filologiya fanlari doktori, professor
Tel.:+998 97-777-67-36
E-mail: arguvon87@mail.ru
Annotatsiya. Temuriylar davrida adabiyot bilan bir qatorda ilm-fan ham
yuqori pog‘onaga ko‘tarildi. Shoirlar nafaqat mahoratga ega bo‘lishlari, shu bilan
birgalikda she’r ilmi nazariyasini ham mukammal bilishlari kerakligi zarurat bo‘lib
qoldi. Temuriy hukmdor va shaxzodalarning e’tibor va adabiy ta’sir natijasida
mavjud manbalardagi poetikaga oid nazariy masalalar davr she’riyatiga hamohang
tarzda mukammallikka erishdi. Mavjud an’ana va nazariy qoliplar fors va turkiy
she’riyatga moslashtirilgan holda qayta ishlandi, kamchiliklar tuzatildi. Poetika
ilmi, ilmi bayon va ilmi maon haqidagi risolalarga sharhlar yozildi. Maqolada
temuriylar davridagi qofiya ilmiga doir risolalar tadqiq etiladi.
Kalit so‘zlar: qofiya ilmi, poetika, risola, manba, sharh, matn, qofiya
harflari, qofiya harakatlari.
Annotation. During the Timurid period, alongside literature, science also rose
to a high level. It became necessary for poets not only to possess skill, but also to
have a thorough knowledge of the theory of poetry. As a result of the attention and
literary influence of Timurid rulers and princes, theoretical issues related to poetics
in existing sources reached a high degree of perfection in harmony with the poetry
of the time. Existing traditions and theoretical frameworks were reworked and
adapted to Persian and Turkic poetry, and their shortcomings were corrected.
Commentaries were written on treatises concerning poetics, the science of
expression, and the science of meaning. This article examines treatises on the
science of rhyme from the Timurid period.
Keywords: science of rhyme, poetics, treatise, source, commentary, text,
rhyme letters, rhyme vowels.
Аннотация. В эпоху Тимуридов наряду с литературой на высокий
уровень поднялась и наука. Для поэтов стало необходимым не только
обладать мастерством, но и в совершенстве знать теорию поэзии. В
результате внимания и литературного влияния тимуридских правителей и
принцев теоретические вопросы поэтики, отражённые в существующих
источниках, достигли высокой степени совершенства в гармонии с поэзией
своего времени. Существующие традиции и теоретические модели были
переработаны и адаптированы к персидской и тюркской поэзии, а их
недостатки устранены. Были написаны комментарии к трактатам по поэтике,
науке изложения и науке значения. В статье исследуются трактаты,
посвящённые науке рифмы в эпоху Тимуридов.
Ключевые слова: наука рифмы, поэтика, трактат, источник,
комментарий, текст, буквы рифмы, огласовки рифмы.
KIRISH
Temuriylar davrida yaratilgan poetikaga oid risolalarning aksariyatida uch
ilm: aruz, qofiya va badiiy san’atlar alohida qismlar asosida taqdim qilindi. Fors va
turkiy tilda parallel holda poetika ilmiga oid risolalar yaratildi. Arab, fors
qofiyashunosligi ta’sirida turkiy qofiyashunoslik shakllandi, turkiy til qonuniyatlari
asosida qayta ishlandi, takomillashtirildi. Temuriylar davridagi adabiy jarayon,
xususan, poetika va mumtoz qofiya nazariyasiga oid risolalarning yaratilishi bilan
bog‘liq jarayonni tarixiy genetik yondashuv asosida qiyosiy tahlil qilish yaxshi
samara beradi. Davr adabiy jarayoni adabiy ta’sir va genetik aloqa natijasi o‘laroq
takomillashgan. Temuriylar davridagi poetikaga oid risolalar mualliflari risola
yozish sabablarini keltirish, ilmiy-nazariy qarashlarni taqdim qilish va misra va
baytlar misolida tushuntirish asnosida mavjud manbalarga murojaat qilishgan,
ba’zi o‘rinlarda ulardagi ilmiy qarashlarga tayanishgan. Adabiy aloqalar va
ta’sirlar masalasi milliy adabiyotlar taraqqiyotini kafolatlaydigan omillardan biri
ekani isbot talab qilmaydigan haqiqatga aylangan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Maqola temuriylar davridagi poetikaga oid risolalar: Ahmad Xudoydod
Taroziyning “Funun ul-balog‘a”, Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya”,
Atoulloh Husayniyning “Risolayi qofiya”, “Badoye’ us-sanoye’”, Husayn Voiz
Koshifiyning “Badoye’ ul-afkor” tadqiqiga bag‘ishlangan. Maqola davomida
yuqoridagi manbalar tarkibiy tuzilishi va ilmiy-nazariy qonununiyatlarning
berilishi, muallif uslubining o‘ziga xos jihatlariga tayanib tadqiq etiladi. Shu bilan
birgalikda temuriylar davridagi ilmiy-adabiy jarayon borasida olib borilgan,
xususan, aynan qofiya ilmiga oid risolalar qiyosiga bag‘ishlangan tadqiqotlarga
mavzuni ilmiy asoslash maqsadida murojaat qilinadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqot ishi temuriylar davridagi poetikaga oid risolalar tadqiqiga
bag‘ishlangani bois manbalarning tarkibiy tuzilishi, davr adabiy, ilmiy
jarayonidagi ahamiyatini ko‘rsatish maqsadida qiyosiy-struktur, qiyosiy-tipologik
metodlardan foydalanildi. Risolalarning yaratilishi sababi, muallif ilmiy uslubi
borasidagi xulosalar biografik metodga tayanib keltirildi. Manbalardagi nazariy
masalalar statistik metod asosida umumlashtirildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Temuriylar davridagi turkiy qofiya tadqiqiga bag‘ishlangan muhim
manbalardan biri Ahmad Taroziyning “Funun ulbalog‘a” asari asaridir. Poetikaga
bag‘ishlangan arab, fors tilidagi asarlar ta’siri natijasida yaratilgan “Funun
ulbalog‘a” asari turkiygo‘y ijodkorlar talabi bilan yuzaga kelgan edi. Ahmad
Taroziyning “Funun ul-balog‘a” asari poetika ilmiga oid arab, fors manbalardagi
qonuniyat, munosabatlarning jamlanmasi bo‘lishi bilan birga unda bu ilmlarning
ancha mukammal, takomillashgan ko‘rinishi aks etgan. Asarda adabiy tur, janr,
badiiy san’atlar, vazn va qofiya ilmiga oid nazariy fikrlarning taraqqiy etganligini
kuzatish mumkin (Тарозий А., 1996:2016). Ahmad Taroziy ilmlar, ularning o‘ziga
xos xususiyatlari, tarkibiy qismlari, tushunchalariga izoh berar ekan, misollar,
baytlar orqali tushuntiradi. “Ilmlar uchligi” tarkibining muhim qismlaridan biri
qofiya va uning nazariyoti xususida “Funun ul-balog‘a”da keng ma’lumot berilgan.
Ma’lumki, asarda muqaddimadan tashqari 5 qism keltirilgan, bu qismlarda olim
adabiy tur va janrlar, ilmi qofiya, ilmi bade’, ilmi aruz va muammoning nazariy
masalalarini yoritib berilgan. Ahmad Taroziy “Funun ul-balog‘a”da qofiyani bir
umumiy “Al-fannus-soniy-fi-l-qofiya va-radif” sarlavha ostida tushuntiradi.
“Bilgilkim, majmui ulamo va fuzalo mazhabinda ahli tab’g‘a qofiya ilmin
bilmak muhimdir” jumlalari bilan boshlangan bu qismda olim qofiyaga yuqori
baho berib, uni “she’rning asli, asosi” sifatida baholaydi. Qofiyasiz she’r bo‘lishi
mumkin emas. Olimning aytishicha, ba’zan qofiyasiz she’r ham uchrab turadi. Bu
she’rga “harora she’r” deb nom berishgan. Qofiya munosabatida olimlar o‘rtasida
ixtiloflar mavjud bo‘lib, “Funun ul-balog‘a”da ularga birma-bir e’tibor qaratilgan.
Olim asarda qofiya nazariyasiga oid manbalar nomini keltirmaydi. Arab va ajam
olimlarining fikrlarini o‘zaro qiyosiy o‘rganadi, turkiy adabiyotdagi holatni taqdim
qiladi. Mumtoz qofiyaning turkiy adabiyotdagi o‘rnini belgilash maqsadida
“she’rning asosi” sifatida qofiyani asosiy unsur sifatida taqdim etadi.
Garchi mumtoz qofiyaga oid risola bo‘lmasa-da, Alisher Navoiy va
Z.M.Bobur poetika ilmiga oid asarlarida qofiyaga oid qarashlarini bildirib
o‘tishgan. Ayniqsa, Boburning qofiya ilmiga oid maxsus asar yaratgani va bu asar
bizgacha yetib kelmaganligi haqida adabiyotshunoslikda bir qancha qarashlar
mavjud.
Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya” asari temuriylar davri qofiya ilmi
tadqiqiga bag‘ishlangan fors tilidagi muhim manbalardan biri bo‘lib, 1465-yilda
yaratilgan. Jomiy ushbu risolasini Shamsiddin Qays Roziyning “Al-mo‘jam”
asarining “Qofiya” qismiga asoslanib yozgan (Abdurahmon Jomiy, 1967).
“Risolayi qofiya”ning bir qancha qo‘lyozma nusxalari mavjud bo‘lib, ulardan
birini fan doktori A.Erkinov Berlin Davlat kutubxonasidan keltirgan. Bu nusxa
“Aruzi Sayfiy Buxoriy” tarkibida “Risolai qofiyayi Mulla Jomiy” sarlavhasi
asosida kiritilgan. Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya” asari dastlab nemis
olimi Henri Bloshman tomonidan tadqiq etilgan bo‘lib, olim “Prosody of Persians
according to Saifi, Jami and others writers” (“Sayfi, Jomiy va boshqa
ijodkorlarning forsiy she’rshunoslikka oid qarashlari”) nomli tadqiqotida Jomiy
risolasini e’lon qilish bilan birga, tadqiqotning kirish qismida Sayfiy Buxoriyning
“Aruzi Sayfiy” hamda Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya” asari xususida
nazariy fikrlarini taqdim qiladi (Henri Blochman, 1972). Henri Bloshmanning bu
tadqiqoti talabalar uchun mumtoz poetika ilmi, qofiya va aruz nazariyasini
tushuntirishda qo‘llanma sifatida yaratilgan. Asar fors tilidagi qofiya ilmiga
bag‘ishlangan muhim risolalardan biri bo‘lib, Jomiy Hamd (Boshlanma – H.O.),
Muqaddima, Xotima qismi bilan birgalikda 8 qism (1. Bismillahi-r rohiani-r-rohim
2. Muqaddima 3. Hurufi qofiya (Qofiya harakatlari) 4. Harakoti qofiya (Qofiya
harakatlari) 5. Mutarodif-u mutavotir va mutadorik-u mutaqorib va mutakovis 6.
Muqayyadi mutlaq-u mujarrad 7. Uyubi qofiya 8. Xotima asosida qofiya ilmi bilan
tanishtirgan. Risola an’anaviy hamd bilan boshlanadi. Jomiy risolaning Hamd
qismida Allohga cheksiz hamd, Rasulimizga madhu sanolar aytgan holda asarning
yozilish tarixi xususida ma’lumot berib o‘tadi. Fikrni she’riy - qit’a janri shaklida
keltiradi.
Chu gul ba xanda daroyad labi amal zi nishot,
Agar zi gulshani lutfash vazad nasimi qabul.
Ya’ni: Labingning xursandchiligiga amal qilib gul xanda qilsun, Agar
gulshanda shamol uning lutfini qabul qilsa.
Asardagi keyingi qism “Muqaddima” sarlavhasi ostida berilgan bo‘lsa-da, bu
qism asarning muqaddimasi sifatida emas, qofiya ilmining muqaddimasi vazifasini
bajargan. Jomiy bu qismda qofiya, radif, ridf so‘zlariga ta’rif beradi. Qofiya
haqidagi risolalar kabi avvalida qofiyaga, umumiy tushunchalarga e’tibor qaratib,
keyinchalik ularning qismlariga birma-bir to‘xtalib o‘tadi. Jomiy ajam shoirlari
odaticha, qofiyani baytlar oxiridagi so‘zlarning takrorlanib kelishi sifatida
baholaydi. Biroq olim buning bir sharti - talaffuzda mustaqil bo‘lmasligini alohida
ta’kidlaydi.
Jomiy o‘zigacha yaratilgan qofiya haqidagi risolalardan xabardor bo‘lgan,
risola va muallif nomlarini keltirmasa-da, “ba’zilar jumlaning oxirini qofiya desa,
ba’zilar raviy harfini qofiya deb atashadi” shaklida qofiyashunoslikdagi mavjud
qarashlarni taqdim qiladi (Hamroyeva O. 2022).
Mumtoz badiiyat ilmi nazariyasiga bag‘ishlangan risolalar orasida Husayn
Voiz Koshifiyning “Badoye’ ul-afkor fi sanoye’ ul-ash’or” asari muhim
manbalardan sanaladi. Mumtoz poetika ilmi nazariyasiga bag‘ishlangan muhim
manbalardan biri Husayn Voiz Koshifiyning “Badoye’ ul-afkor fi sanoye’ ul-
ash’or” asaridir. Koshifiyning ushbu risolasi mumtoz poetikaning tarkibiy
qismlaridan biri ilmi badi’ tadqiqiga bag‘ishlangan. Ilmi badi’ning aruz va qofiya
bilan o‘zaro bog‘liq jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan ushbu asar fors
adabiyotining muhim manbalaridan biridir. Husayn Voiz Koshifiy o‘zigacha
yaratilgan arabiy va forsiy tildagi risolalar va ilmiy manbalar bilan chuqur
tanishgan holda ushbu asarini yaratgan. XV asr Xurosondagi ilmiy muhit bu
asarning yuzaga kelishiga zamin yaratib berdi. Mumtoz poetika ilmining bilimdoni
Abdurahmon Jomiyning poetika ilmi tarkibiy qismlaridan bo‘lmish aruz hamda
qofiyaga oid “Risolayi qofiya” va “Risolayi aruz” asarlarining yaratishi, bu davr
ilmiy muhiti yuqori pog‘onada ekanligidan dalolat beradi. Alisher Navoiyning aruz
vazni nazariyasiga bag‘ishlangan “Mezon ul-avzon” asari esa turkiy tildagi ilmi
aruz bag‘ishlangan muhim manbalardan biridir. Husayn Voiz Koshifiyning
“Badoye’ ul-afkor fi sanoye’ ul-ash’or” asari ham shu davrda yaratilgan muhim
manbalardan biri bo‘lib, muallif asar so‘zboshisida o‘z risolasini Hirot shohi
Sulton Husaynga taqdim qilganini ta’kidlaydi. Sulton Husaynni adolatli hukmdor
sifatida ta’riflab, “Badoye’ ul-afkor” uning e’tibori bilan yaratilganini ma’lum
qiladi.
Mumtoz poetika ilmiga bag‘ishlangan ushbu asarda mumtoz she’r nazariyasi
borasida bahs yuritiladi. Adabiy tur va janrlar, ularning o‘ziga xos xususiyati,
badiiy san’atlar tavsifi asar mohiyatini belgilab bergan. “Badoye’ ul-afkor”ning
matni olim R.Musulmonqulov tomonidan Moskvada e’lon qilingan bo‘lib, nashrga
asarning faksimel nusxasi ham ilova qilingan (Камал ад-Дин Хусайн Ва-’из
Кашифи, 1977).
Husayn Voiz Koshifiy asar so‘zboshisida “Badoye’ ulafkor”da mumtoz she’r
ilmi, nazariyasi, janrlar, she’r qismlari, badiiy san’atlar, qofiya ilmi nazariyasi
keltirilganini ta’kidlaydi. Koshifiy risolani yaratishda o‘zigacha yaratilgan barcha
ilmiy manbalar bilan tanish bo‘lgan. An’aviy tarzda ularning uslubini davom
ettirgan. Garchi asarda ularning nomlari keltirilmasa-da, san’atlar ketma-ketligi,
namunalarning berilishida bu holat ko‘zga tashlanadi. “Badoye’ ul-afkor” asari
muqaddima, ikki bob va xotimadan iborat, boblar ma’lum tartib asosida she’r
qismlari, janrlari, badiiy san’atlar haqida ma’lumot beradi. Muqaddima 4 fasldan
tarkib topgan. Koshifiy fasllarni taqdim qilishda o‘ziga xos uslubga tayangan: har
fasl so‘ngida maxsus ikki qismli “Nukta” va “Foyda” sarlavhasi ostida izoh qism
keltirgan. Dastlabki fasl “She’r ta’rifi” haqida bo‘lib, she’rning o‘ziga xos
xususiyatlari, yozilish tartibi xususida batafsil ma’lumot beriladi. Ikkinchi fasl
“She’r na’vlari” xususida, Koshifiy umumiy xususiyatga ega bo‘lgan she’r
shakllarini bir nom ostida birlashtiradi. Uchinchi faslda “Dar bayoni aqsomi she’r”
sarlavhasi bilan qofiya va shakl jihatidan bir umumiy xususiyatga ega she’r
shakllari haqida ma’lumot beriladi.
Husayn Voiz Koshifiy asarning Xotima qismida qofiyaga oid ilmiy-nazariy
qarashlarni taqdim etadi. Bu qismda g‘azal va qasida janrlari to‘liq shaklda
keltirilgan, ba’zi o‘rinlarda qasida va g‘azal baytlari bilan tanishtirish barobarida
qofiya harflari, harakatlari va qofiya ayblari xususida ma’lumot keltiriladi.
Koshifiy “Yakunlovchi qismning xulosalari” sarlavhasi ostida dastlab bir raqami
ostida VII asrning mashhur notiqi Imom Hiraviydan qasida keltiriladi.
Ayo zi bahri tafoxur myxadaroti sipehr,
Hamisha dar harami hurmate tu, karda sujud!
Sabab vujud tu bud, ar na charkh vorunkor
Nayofaridi xud Vojib-al vujud, vujud.
Undan so‘ng qofiya harakatlari nomlari aks etgan, mumtoz qofiyaga oid fors
tilidagi risolalarning deyarli barchasida keltirilgan bayt taqdim qilinadi.
Rass-u ishbo-u, hazv-u tavjih ast;
Boz majro-yu bad azust nafoz.
Ma’lumki, qofiya ilmi nazariyasiga ko‘ra qofiya harakatlari (oltita): rass,
ishboʼ, hazv, tavjih, majro, nafoz, ular qofiya harflari bilan yonma-yon joylashadi.
“Badoye’ ul-afkor”da bu harakatlar, ularning o‘rni va joylashuvi borasida batafsil
ma’lumot keltirilmaydi. Asarning keyingi qismlarida g‘azal, qasida, qit’a, ruboiy
janriga oid she’riy parchalar to‘liq holatda taqdim qilinadi. Keltirilgan adabiy
parchalarning aksariyati Kamol Xo‘jandiy qalamiga mansub bo‘lib, Koshifiy
Kamoliddin Xo‘jandiyning badiiy jihatdan mukammal g‘azal va qasidalarini tanlab
olgan. Keyingi qismlarda qofiya ayblari keltiriladi. Ayni o‘rinda Husayn Voiz
Koshifiy bu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida qofiya harf va harakatlardagi
ayblarni (ixtiloflar) arab va fors tili she’riyati asosida alohida izohlagan. Olim
o‘zigacha yaratilgan risolalardagi nazariy ma’lumotlarni qiyosiy o‘rgangan.
Qofiyadagi ixtiloflar xususida to‘xtalganda, arab va fors adabiyotidagi farqli
jihatlarni ko‘rsatadi, Shamsiddin Qays Roziyning “Al-mo‘jam” asariga murojaat
qiladi. “Badoye’ ul-afkor”dagi nazariy qarashlarning tamal toshi sifatida “Al-
mo‘’jam”dagi ma’lumotlarga tayanadi.
Mumtoz poetika ilmining bilimdoni Atoulloh Husayniyning “Badoye’ us-
sanoye’” asari badiiyat ilmi nazariyasi tadqiqiga bag‘ishlangan muhim
manbalardan biri bo‘lib, olim ilmi badi’ tarkibida qofiyaning nazariy asoslarini
taqdim qiladi.
XV asrning o‘rtalarida yashab ijod etgan shoir, olim Atoulloh Nishopuriy
Husayniyning “Badoye’ us-sanoye’” asari ilmi bade’ga oid mukammal risolalardan
biridir. “Badoye’ us-sanoye’”ning bir qancha qo‘lyozma nusxalari bo‘lib, risola
dastlab 1974-yilda Dushanbeda Rahim Musulmonqulov tomonidan nashrga
tayyorlangan. Risolaning o‘zbek tilidagi tarjimasini poetika ilmining bilimdoni
A.Rustamov amalga oshirgan (Atoulloh Husayniy, 1981: 397). Asar an’anaviy
hamd bilan boshlanadi. Atoulloh Husayniy risolaning so‘zboshisida aruz va qofiya
ilmiga oid mukammal risola yozish niyatida ekanligini ta’kidlaydi. “Badoye’ us-
sanoye’”ning “Muqaddima” qismi aruz ilmiga bag‘ishlangan, olim bu qismda
zihof va bahrlarga oid ilmiy-nazariy qarashlarini taqdim qiladi. “Muqaddima”dan
keyingi qismlar lafziy, ma’naviy va mushtarak san’atlar tavsifiga bag‘ishlanadi.
Atoulluoh Husayniyning “Risolayi dar qavoyidi ilmi qavofi” risolasi mumtoz
qofiya ilmi nazariyasiga bag‘ishlangan mukammal manbadir (Atoulloh Husayniy,
h.1393). Navoiyning “Majolis un-nafois”, Boburning “Boburnoma”,
Xondamirning “Makorim ul-axloq” asarlarida ilmiy salohiyatiga yuqori baho
berilgan Atoulloh Husayniyning “Risola dar qofiya” asari 1487-yilda Alisher
Navoiyning topshirig‘i bilan yozilgan. Ushbu risolaning “Risolayi qofiya”,
“Risolayi dar qofiya”, “Risolayi vofiy dar qavoyidi ilmi qavofiy”, “Qofiya yo
muntaxab maqta’a takmilul sanoye’”, “Risolai dar qavoyidi ilmi qavofi” nomlari
ostidagi 80 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari jahon kutubxonalarida saqlanadi.
“Badoye’ us-sanoye’” asarining kirish qismida ham bu risolaning 79 nusxasi
borligi aytiladi. Tehron va Tojikiston kutubxonalarida risolaning bir qancha
nusxalari mavjud, qo‘limizdagi hij. 1393-yildagi nashri so‘zboshisida ham asar
ikki nusxani solishtirish asnosida Fozil Abboszoda va Doktor Rajab Tavhidyon
tomonidan Tehronda nashr qilingani aytiladi. Risola an’anaviy tarzda hamd bilan
boshlanadi.
Atoulloh Husayniy risolani 9 qismga bo‘ladi. Qismlarni “Harf”atamasi ostida
keltiradi: 1-harf. Qofiya ta’rifi 2-harf. Qofiya harflarining soni. Raviydan oldin va
keyin keluvchi harflarning ifodalanishi 3-harf. Qofiya harflarining ifodalanishi
(Raviydan keyingi harflar) 4-harf. Qofiya harakatlari xususida 5-harf. Raviy va
uning o‘ziga xos xususiyatlari 6-harf. Qofiyaning taqti’ e’tiboriga ko‘ra turlari 7-
harf. Qofiya otlariga tegishli bo‘lgan ayblar xususida 8-harf. Qofiya otlariga
tegishli bo‘lmagan ayblar xususida 9-harf. Hojib va radif haqida Atoulloh
Husayniy qofiya ilmiga oid ilmiy-nazariy qarashlarni boshqa manbalarga tayangan
holda, qiyosiy o‘rgangan holda taqdim qiladi. Shamsiddin Qays Roziyning
“Almo‘jam, Nasiriddin Tusiyning “Me’yor ul-ash’or” asarlariga murojaat qilib,
ba’zi o‘rinlarda ular bilan bahsga kirishadi. Ko‘rinib turibdiki, temuriylar davrida
yaratilgan, qofiya ilmi tadqiqiga bag‘ishlangan risolalar o‘z strukturasi va uslubiga
ega.
XULOSA
Xulosa qilib aytish mumkinki, temuriylar davrida poetika ilmining nazariy
asoslari alohida uch ilm (ilmi segona) mustaqilligi asosida takomilga yetdi. Arab,
fors adabiyotshunosligi ta’sirida shakllangan turkiy adabiyotshunoslik masalalari
aruz, qofiya, badiiy ilmiga doir maxsus risolalarning yaratilishiga asos bo‘ldi.
Dastlab bu uch ilm bir butunlikda poetikaga oid risolalar uchun adabiy material
vazifasini bajargan bo‘lsa, temuriylar davriga kelib, ular alohida risolalar obyektiga
aylandi:
- “Funun ul-balog‘a” asari – turkiy qofiyashunoslik nazariyasining dastlabki
manbasi sanaladi. Ahmad Taroziy fors qofiyasini turkiy qofiya bilan qiyosiy
o‘rgangan holda turkiy qofiya qonuniyatlarini ishlab chiqqan.
- Abdurahmon Jomiyning “Risolayi qofiya” va Husayn Voiz Koshifiyning
“Badoye’ ul-afkor” asari muxtasar qo‘llanma sifatida o‘ziga xos uslubga ega.
- Atoulloh Husayniyning “Badoye’ us-sanoye’” asari qofiya va ilmi bade’
nazariyasining uyg‘un jihatlari aks etgan muhim manbadir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abdurahmon Jomiy. (2008) Risolayi qofiya. // Sharq mumtoz poetikasi.
Hamidulla Boltaboyev talqinida. –T.: O‘zbekiston Milliy ensiklopedisi, -B. 274-
314.
2. Abdurahmon Jomiy. (1867) Risolayi qofiyayi Mulla Jomiy. Kalkutta.
3. Atoulloh Husayniy. (1981) Badoyi’ us-sanoyi’ (Forschadan A.Rustamov
tarjimasi) –T., B. 397.
4. Atoulloh Husayniy. (h.1393) Risolayi qofiya. (Doktor Yusufbek
Bobopur). Tehron.
5. Hamroyeva O.J. (2022)Temuriylar davridagi poetikaga oid risolalarda
qofiya ilmiyning qiyosiy tadqiqi. Monografiya. -T., Bookprint.
6. Hamroyeva O.J. (2022)Mumtoz qofiyaning nazariy asoslari. O‘quv
qo‘llanma. -T., Bookprint.
7. Jalolovna, HO (2022). Temuriylar davri risolalarida qofiya fanining
takomillashtirilishi. Amerika fanlararo tadqiqotlar va ishlanmalar jurnali , 10 ,
342-348.
8. Камал ад-Дин Хусайн Ва-’из Кашифи.(1977) Бадаи- ал-афка-р фи-
сана-и ‘ал-аш’ар (Новые мысли о поэтическом искусстве). Издание текста,
предисловие, примечания и указатели Р. Мусульманкулова. – Москва: Наука.
9. Мусульманкулов Р. (1989) Персидско-таджикская классическая
поэтика (X-XVвв) – Москва: Наука, –Б.240.
10. Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy.(2016) Fununu-l-balog‘a. (Nashrga
tayyorlovchilar H.Boltaboyev, J.Jo‘rayev) - T.: Mumtoz so‘z.
REFERENCES:
1. Abdurahmon Jomiy. (2008) Risolayi qofiya. // Sharq mumtoz poetikasi.
Hamidulla Boltaboyev talqinida. – T.: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, -B.
274-314. (in Uzbek)
2. Abdurahmon Jomiy. (1867) Risolayi qofiyayi Mulla Jomiy. Kalkutta. (in
Persian)
3. Atoulloh Husayniy. (1981) Badoyi’ us-sanoyi’ (Forschadan A. Rustamov
tarjimasi) – T. (in Uzbek)
4. Atoulloh Husayniy. (h.1393) Risolayi qofiya. (Doktor Yusufbek Bobopur).
Tehron. (in Persian)
5. Hamroyeva O.J. (2022) Temuriylar davridagi poetikaga oid risolalarda
qofiya ilmiyning qiyosiy tadqiqi. Monografiya. -T., Bookprint. (in Uzbek)
6. Hamroyeva O.J. (2022) Mumtoz qofiyaning nazariy asoslari. O‘quv
qo‘llanma. -T., Bookprint. (in Uzbek)
7. Jalolovna, H.O. (2022). Temuriylar davri risolalarida qofiya fanining
takomillashtirilishi. Amerika fanlararo tadqiqotlar va ishlanmalar jurnali, 10, 342-
348. (in Uzbek)
8. Kamoliddin Husayn Voiz Koshifiy. (1977) Badoyi’ ul-afkor fi sanoi’ ul-
ash’or (Yangi fikrlar she’riy san’at haqida). Matn nashri, kirish so‘zi, izohlar va
ko‘rsatkichlar R. Musulmonqulov. – Moskva: Nauka. (in Russian)
9. Musulmonqulov R. (1989) Fors-tojik klassik poetikasi (X-XV asrlar). –
Moskva: Nauka, -B. 240. (in Russian)
10. Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy. (2016) Fununu-l-balog‘a. (Nashrga
tayyorlovchilar H. Boltaboyev, J. Jo‘rayev) - T.: Mumtoz so‘z. (in Uzbek)