BO‘LAJAK O‘QITUVCHILARDA EMOTSIONAL INTELLEKTNI
RIVOJLANTIRISHNING KONSEPTUAL ASOSLARI
CONCEPTUAL BASIS OF DEVELOPING EMOTIONAL INTELLIGENCE IN
FUTURE TEACHERS
КОНЦЕПТУАЛЬНЫЕ ОСНОВЫ РАЗВИТИЯ ЭМОЦИОНАЛЬНОГО
ИНТЕЛЛЕКТА У БУДУЩИХ УЧИТЕЛЕЙ
https://zenodo.org/records/19442336
Shomurodov Jаmshid Olimboy o‘g‘li
Orientаl universiteti
Uzluksiz tа’lim pedаgogikаsi
kаfedrаsi dotsent v.b., p.f.f.d., PhD.
Tel: +99899 772-24-50
E-mail: jamshidshomurodov772@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada bo‘lajak o‘qituvchilarda emotsional intellektni
rivojlantirish muammosi zamonaviy pedagogik ta’lim tizimi talablari asosida ilmiynazariy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotning dolzarbligi ta’lim jarayonida o‘qituvchi
shaxsining emotsional kompetensiyasi, pedagogik muloqot samaradorligi hamda kasbiy
barqarorligini ta’minlash zarurati bilan asoslanadi. Tadqiqot jarayonida tahliliy-sintez,
qiyosiy taqqoslash, ilmiy adabiyotlarni tizimli o‘rganish kabi nazariy metodlardan
foydalanilgan. Maqolada emotsional intellektning mazmun-mohiyati, uning emotsional
ong, emotsional o‘zini boshqarish, empatiya va ijtimoiy-emotsional muloqot kabi tarkibiy
komponentlari aniqlashtirilgan hamda ularning o‘qituvchi kasbiy kompetensiyasidagi
o‘rni asoslab berilgan. Shuningdek, emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual
asoslari sifatida shaxsga yo‘naltirilgan, kompetensiyaviy va madaniy-aksiologik
yondashuvlarning integratsiyasi yoritilib, ularning pedagogik ta’lim jarayonidagi
ahamiyati ilmiy jihatdan asoslangan. Tadqiqot natijalari bo‘lajak o‘qituvchilarni
tayyorlash tizimida emotsional intellektni rivojlantirishga xizmat qiluvchi metodologik
asoslarni takomillashtirish imkonini beradi.
Kalit so‘zlar: Emotsional intellekt, bo‘lajak o‘qituvchi, empatiya, emotsional
muloqot, ta’lim, tarbiya, qobiliyat, model.
Abstract. This article analyzes the problem of developing emotional intelligence in
future teachers from a scientific and theoretical perspective based on the requirements of
the modern pedagogical education system. The relevance of the study is based on the need
to ensure the emotional competence of the teacher in the educational process, the
effectiveness of pedagogical communication, and professional stability. In the research
process, theoretical methods such as analysis-synthesis, comparative analysis, and
systematic study of scientific literature were used. The article clarifies the essence of
emotional intelligence, its structural components such as emotional awareness, emotional
self-management, empathy and socio-emotional communication, and justifies their role
in the professional competence of a teacher. Also, the integration of person-oriented,
competency-based and cultural-axiological approaches as conceptual foundations for the
development of emotional intelligence is highlighted, and their importance in the
pedagogical education process is scientifically substantiated. The results of the study
allow improving the methodological foundations serving the development of emotional
intelligence in the system of training future teachers.
Keywords: Emotional intelligence, future teacher, empathy, emotional
communication, education, upbringing, ability, model.
Аннотация. В этой статье анализируется проблема развития эмоционального
интеллекта у будущих учителей с научно-теоретической точки зрения, исходя из
требований современной системы педагогического образования. Актуальность
исследования обусловлена необходимостью обеспечения эмоциональной
компетентности учителя в образовательном процессе, эффективности
педагогической коммуникации и профессиональной стабильности. В процессе
исследования были использованы теоретические методы, такие как анализ-синтез,
сравнительный анализ и систематическое изучение научной литературы. В статье
разъясняется сущность эмоционального интеллекта, его структурные компоненты,
такие как эмоциональная осведомленность, эмоциональное самоконтроль, эмпатия
и социально-эмоциональная коммуникация, и обосновывается их роль в
профессиональной компетентности учителя. Также подчеркивается интеграция
личностно-ориентированного, компетентностного и культурно-аксиологического
подходов в качестве концептуальных основ развития эмоционального интеллекта
и научно обосновывается их важность в педагогическом процессе. Результаты
исследования позволяют усовершенствовать методические основы, служащие
развитию эмоционального интеллекта в системе подготовки будущих учителей.
Ключевые слова: Эмоциональный интеллект, будущий учитель, эмпатия,
эмоциональная коммуникация, образование, воспитание, способности, образец для
подражания.
KIRISH
Zamonaviy ta’lim tizimida o‘qituvchi faoliyati tobora murakkablashib, unda bilim
berish bilan bir qatorda tarbiyaviy, psixologik va ijtimoiy funksiyalar ham kuchayib
bormoqda. Bugungi o‘qituvchi nafaqat o‘quv materialini yetkazuvchi mutaxassis, balki
shaxs rivojini boshqaruvchi, ijtimoiy muhitni shakllantiruvchi va psixologik qo‘llabquvvatlovchi yetakchi subyekt sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ana shu sharoitda
o‘qituvchining kasbiy muvaffaqiyati uning faqat intellektual salohiyati bilan emas, balki
emotsional intellekti bilan ham belgilanadi.
Emotsional intellekt zamonaviy psixologiya va pedagogika fanlarida shaxsning
ijtimoiy moslashuvi, kasbiy muvaffaqiyati hamda shaxslararo munosabatlar
samaradorligini belgilovchi fundamental psixik konstrukt sifatida qaraladi. XX asr
oxiridan boshlab emotsional intellekt tushunchasi an’anaviy intellekt (IQ) modelining
chegaralanganligini ko‘rsatgan holda shaxsning affektiv-kognitiv yaxlitligini ifodalovchi
yangi ilmiy paradigma sifatida shakllandi. Pedagogik nuqtayi nazardan emotsional
intellekt shaxsning o‘z-o‘zini anglash, refleksiya, empatiya, emotsional barqarorlik va
ijtimoiy mas’uliyat kabi sifatlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ta’lim jarayonining
subyekt-subyekt xarakterini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, bo‘lajak
o‘qituvchi shaxsida emotsional intellekt nafaqat individual psixologik sifat, balki kasbiy
kompetensiyaning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki o‘qituvchining
ta’lim-tarbiyaviy ta’siri asosan emotsional muloqot, ishonch va ijtimoiy o‘zaro ta’sir
mexanizmlariga tayangan holda amalga oshadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Emotsional intellektning nazariy ildizlari L. Thorndike tomonidan ilgari surilgan
“ijtimoiy intellekt” konsepsiyasi (Thorndike E.L., 1920: 227-235), H. Gardnerning ko‘p
qirrali intellekt nazariyasi hamda affektiv psixologiya yutuqlari bilan uzviy bog‘liqdir
(Gardner H., 1983). Ushbu yondashuvlar insonning faqat mantiqiy fikrlash qobiliyati
emas, balki o‘z his-tuyg‘ularini anglash, boshqarish va boshqalar emotsiyalarini idrok
etish qobiliyati ham intellektual faoliyatning ajralmas tarkibiy qismi ekanini ilmiy asoslab
berdi.
Zamonaviy ilmiy adabiyotlarda emotsional intellekt, asosan, Mayer va Salovey
tomonidan ishlab chiqilgan qobiliyatli model (Salovey P., Mayer J.D. 1990: 185-211),
Bar-On tomonidan taklif etilgan shaxsiy-kompetensiyaviy model va D.Goleman
tomonidan ishlab chiqilgan ijtimoiy-emotsional model doirasida talqin qilinadi (Goleman
D. 1995: 352). Ushbu modellar umumiy jihatdan emotsional intellektni shaxsning o‘z
emotsiyalarini anglash, ularni tartibga solish, motivatsiyani boshqarish, empatiya
ko‘rsatish va ijtimoiy munosabatlarni samarali tashkil etish qobiliyatlari majmui sifatida
e’tirof etadi. Vatanimiz olimlari tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot ishlarida
emotsional intellekt masalasi turli tamoyillar, yondashuvlar va diagnostik metodlar orqali
faol o‘rganilmoqda. Bu izlanishlar Emotsional intellektni nafaqat psixologik kategoriya,
balki pedagogik faoliyatning uzviy komponenti sifatida talqin etishga imkon beradi. B.N.
Turakulovning tadqiqotlarida emotsional intellekt fenomeni strukturaviy-psixologik
prizma orqali konseptual asoslangan bo‘lib, u his-tuyg‘ularni anglash, boshqarish,
ijtimoiy vaziyatlarni idrok etish va mos javob qaytarish qobiliyatlarini birlashtiruvchi
murakkab psixologik konstruktsiya sifatida tahlil etadi (Turakulov B.N., 2023: 112).
Turakulov emotsional intellektni nazariy-metodologik poydevor sifatida shakllantirib,
uning komponentlarini aniqlash, o‘lchash va pedagogik jarayonga tatbiq etish metodlarini
ilmiy asos bilan taqdim etadi. Shu ravishda Turakulovning yondashuvi emotsional
intellektning nazariy konsepsiyasini tavsiflagan holda pedagogik kontekstda uning
qo‘llanish imkoniyatlari uchun platforma yaratadi.
U.A. Jabbarov o‘z tadqiqotlarida emotsional intellektning empirik-diagnostik
aspektlarini yoritadi (Jabbarov U.A., 2025: 88-92). U emotsional intellektni o‘lchash
mezonlarini aniqlash, komponentlarni operatsionalizatsiya qilish va talabalarning
emotsional intellekt darajasini metodik vositalar bilan baholashni ilgari suradi. Jabbarov
emotsional intellekt ni pedagogik muhitda statistik ko‘rsatkichlar orqali tahlil etish
mexanizmlarini ishlab chiqib, uni pedagogik ta’limning boshqaruv jarayonlariga
integratsiya qilishga yo‘naltirilgan yondashuv bilan mustahkamlaydi. Shu bilan birga,
Jabborova Feruza Majidovna o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasi kontekstida
emotsional intellektni yanada chuqur pedagogik nuqtayi nazardan talqin etadi (Jabbarova
F.M., 2024: 45-49). Uning tahlillari shuni ko‘rsatadiki, emotsional intellekt nafaqat
emotsiyalarni boshqarish qobiliyati bilan cheklanmaydi, balki pedagogik muloqot, sinf
iqlimini boshqarish, hissiy barqarorlik va pedagogik stressni kamaytirish kabi kasbiy
funksiyalar bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan kompleks kompetensiya sifatida namoyon
bo‘ladi. Jabborova sezgirlik, empatiya, ijtimoiy o‘zaro aloqalar kabi emotsional intellekt
komponentlarini o‘qituvchining kasbiy majburiyatlariga integratsiya etish orqali
pedagogik samaradorlikni oshirishni taklif etadi.
Bundan tashqari, N.Z. Iskandarovning tadqiqotlari emotsional intellekt va
motivatsiya o‘rtasidagi murakkab pedagogik bog‘liqlikni ochib beradi (Jabbarov U.A.,
2025: 88-92). U bo‘lajak pedagoglar kontekstida emotsional intellekt darajasi bilan
kasbiy motivatsiya darajasi o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya mavjudligini ko‘rsatadi. Bu
pedagogik jarayonda emotsional intellekt ni faqat o‘zini boshqarish qobiliyati sifatida
emas, balki talabaning kasbiy yo‘nalishga motivatsiyasini shakllantirish mexanizmi
sifatida ham ko‘rib chiqishni taqozo etadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqot emotsional intellektni bo‘lajak o‘qituvchilarning kasbiy
kompetensiyasi tarkibiy qismi sifatida asoslash va uni rivojlantirishning konseptual
asoslarini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, unda tadqiqot metodologiyasi shaxsga
yo‘naltirilgan, kompetensiyaviy va madaniy-aksiologik yondashuvlarga tayanadi.
Shuning bilan bir qatorda nazariy metodlar asosiy o‘rin tutdi. Jumladan, ilmiy-pedagogik
va psixologik adabiyotlarni tizimli tahlil qilish orqali emotsional intellekt
tushunchasining mazmun-mohiyati, tarkibiy komponentlari hamda uning o‘qituvchi
kasbiy faoliyatidagi o‘rni aniqlashtirildi. Qiyosiy-taqqoslash metodi yordamida xorijiy va
milliy tadqiqotlarda emotsional intellektga berilgan talqinlar solishtirildi hamda ularning
pedagogik jihatdan umumiy va farqli tomonlari belgilandi. Tahlil va sintez metodlari
emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual asoslarini tizimlashtirish imkonini
berdi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Nazariy jihatdan emotsional intellekt kognitiv, affektiv va ijtimoiy
komponentlarning integrativ tizimi sifatida qaraladi. Kognitiv komponent emotsiyalarni
anglash, baholash va talqin qilishni, affektiv komponent emotsional tajribani boshdan
kechirish va uni boshqarishni, ijtimoiy komponent esa boshqalarning his-tuyg‘ularini
sezish va ular bilan konstruktiv munosabat o‘rnatishni ifodalaydi. Ushbu
komponentlarning uyg‘unligi shaxsning emotsional ongini va emotsional xulq-atvorini
shakllantiradi.
Shu bois emotsional intellekt nazariy jihatdan shaxsning affektiv-kognitiv
integratsiyasi, ijtimoiy moslashuvi va kasbiy samaradorligini ta’minlovchi asosiy
kategoriyalardan biri sifatida talqin qilinadi. Bu holat emotsional intellektni bo‘lajak
o‘qituvchilar tayyorlash tizimida alohida ilmiy-pedagogik tadqiqot obyekti sifatida
qarashni metodologik jihatdan asoslaydi.
O‘qituvchining emotsional kompetensiyasi uning kasbiy faoliyatini samarali amalga
oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan integrativ shaxsiy sifatdir. U
o‘qituvchining o‘z hissiyotlarini anglash, boshqarish, boshqalarning emotsional holatini
sezish va pedagogik jarayonda ushbu hissiy axborotdan to‘g‘ri foydalanish qobiliyatini
ifodalaydi. Zamonaviy pedagogik paradigmalarda emotsional kompetensiya
o‘qituvchining nafaqat psixologik barqarorligini, balki ta’lim-tarbiyaviy ta’sir kuchini
ham belgilovchi asosiy omil sifatida qaraladi.
Emotsional kompetensiya o‘qituvchining o‘zini anglash qobiliyatida namoyon
bo‘ladi. O‘qituvchi o‘z kayfiyati, ruhiy holati, xavotiri yoki quvonchini tanib olishi va
ularning dars jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatishini tushunishi lozim. Bu qobiliyat
pedagogik refleksiyaning asosi bo‘lib, o‘qituvchiga o‘z xatti-harakatlarini ongli ravishda
boshqarish imkonini beradi.
Ikkinchi muhim jihat – emotsional o‘zini boshqarishdir. Ta’lim jarayoni ko‘pincha
stressli vaziyatlar, tushunmovchiliklar va nizolar bilan kechadi. Emotsional
kompetensiyaga ega o‘qituvchi bunday vaziyatlarda hissiyotlarga berilib ketmaydi, balki
xotirjamlikni saqlab, muammoni konstruktiv hal etadi. Bu esa sinfda sog‘lom psixologik
muhitni ta’minlaydi.
Uchinchi tarkibiy qism – empatiya, ya’ni o‘qituvchining o‘quvchi yoki talabalar
hissiyotlarini tushuna olishi va ularga hamdardlik bildira olishidir. Empatiya orqali
o‘qituvchi o‘quvchilarning ichki dunyosiga kirib boradi, ularning qiyinchiliklarini,
xavotirlarini va ehtiyojlarini sezadi. Bu esa individual yondashuvni amalga oshirish va
har bir o‘quvchining shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Emotsional kompetensiyaning yana bir muhim tomoni – ijtimoiy-emotsional
muloqot madaniyatidir. O‘qituvchi o‘z fikrini hissiy jihatdan to‘g‘ri ifodalay olishi,
o‘quvchilar bilan samimiy, hurmatga asoslangan munosabatni o‘rnata bilishi zarur. Bu
muloqot o‘quvchilarda ishonch va xavfsizlik hissini shakllantiradi, bu esa o‘qishga
bo‘lgan motivatsiyani oshiradi.
Emotsional intellekt bo‘lajak o‘qituvchining pedagogik muloqot madaniyatini
belgilovchi asosiy omillardan biridir. Ta’lim jarayoni o‘z mohiyatiga ko‘ra emotsional
jarayon bo‘lib, o‘quvchi bilan o‘qituvchi o‘rtasidagi ishonch, qiziqish, motivatsiya va
o‘zaro hurmat emotsional aloqalar orqali shakllanadi. Emotsional intellekti rivojlangan
bo‘lajak o‘qituvchi o‘quvchining ruhiy holatini sezadi, uning ichki ehtiyojlarini tushunadi
va shunga mos pedagogik yondashuvni tanlaydi. Bu esa o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan
munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartiradi, dars jarayonlarida faollikni oshirishi bilan bir
qatorda ta’lim jarayonining samaradorligini oshiradi.
Bo‘lajak o‘qituvchi shaxsida emotsional intellekt kasbiy refleksiya va o‘zini
boshqarish mexanizmlarining asosi bo‘lib xizmat qiladi. O‘qituvchilik faoliyati doimiy
ravishda emotsional yuklama, mas’uliyat va stress bilan bog‘liq. Turli xulqli o‘quvchilar,
ota-onalar bilan muloqot, baholashdagi mas’uliyat, tarbiyaviy muammolar o‘qituvchidan
yuqori darajada hissiy barqarorlikni talab qiladi. Emotsional intellekti yetarli bo‘lgan
bo‘lajak o‘qituvchi o‘z hissiyotlarini tanib oladi, salbiy emotsiyalarni nazorat qila oladi
va murakkab vaziyatlarda hissiy muvozanatni saqlaydi. Bu esa kasbiy kuyish, zo‘riqish
va psixologik charchashning oldini olishga xizmat qiladi.
Emotsional intellekt o‘qituvchining tarbiyaviy faoliyatidagi samaradorlikni ham
belgilaydi. Tarbiya jarayoni faqatgina qoidalar va ko‘rsatmalar orqali emas, balki
emotsional ta’sir orqali amalga oshadi. Mehr, e’tibor, adolat, samimiyat, sabr-toqat kabi
insoniy fazilatlar o‘qituvchining emotsional munosabati orqali o‘quvchi shaxsiga singadi.
Shu bois emotsional intellekt rivojlangan bo‘lajak o‘qituvchi o‘quvchilarni nafaqat
bilimli, balki ma’naviy barkamol shaxs sifatida tarbiyalash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, emotsional intellekt o‘qituvchining konfliktologik kompetensiyasining
asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Ta’lim muhitida nizolar, tushunmovchiliklar va hissiy
keskinliklar muqarrar. Emotsional intellekti rivojlangan bo‘lajak o‘qituvchi bunday
vaziyatlarni zo‘ravonlik yoki bosim orqali emas, balki empatiya, muloqot va hissiy
sezgirlik orqali hal etadi. Bu esa sinfda ijobiy psixologik iqlimni ta’minlaydi va
o‘quvchilarning shaxslararo munosabatlarini sog‘lomlashtiradi.
Shuningdek, emotsional intellekt bo‘lajak o‘qituvchining kasbiy identifikatsiyasi va
o‘ziga bo‘lgan ishonchini shakllantiradi. O‘z hissiyotlarini tushuna oladigan, o‘z kuchiga
ishonadigan va boshqalar bilan konstruktiv munosabat qura oladigan o‘qituvchi o‘z
kasbiga nisbatan barqaror ijobiy munosabatni rivojlantiradi. Bu esa uning kasbiy o‘sishi,
innovatsion faoliyatga tayyorligi va pedagogik ijodkorligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Emotsional intellekt bo‘lajak o‘qituvchi shaxsining kasbiy muvaffaqiyatini belgilovchi
markaziy psixologik-pedagogik resurs bo‘lib, u pedagogik muloqot sifati, tarbiyaviy
ta’sir kuchi, stressga chidamlilik, konfliktlarni boshqarish, kasbiy barqarorlik va shaxsiy
rivojlanishning muhim omili sifatida namoyon bo‘ladi. Shu sababli, emotsional
intellektni rivojlantirish bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash tizimining strategik ustuvor
yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi zarur.
Emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual modeli bo‘lajak o‘qituvchini
kasbiy jihatdan yetuk, ruhiy barqaror, empatik va ijtimoiy mas’uliyatli shaxs sifatida
shakllantirishga yo‘naltirilgan yaxlit ilmiy tizimni ifodalaydi. Ushbu model emotsional
intellektni tasodifiy rivojlanadigan individual xususiyat emas, balki maqsadli,
boshqariladigan va pedagogik ta’sir orqali shakllantiriladigan kasbiy sifat sifatida talqin
qiladi. Shuning uchun konseptual model ta’lim jarayonida emotsional rivojlanishni
rejalashtirish, amalga oshirish va baholash imkonini beruvchi ilmiy konstruksiya
vazifasini bajaradi.
Mazkur modelning asosida shaxsga yo‘naltirilgan, kompetensiyaviy, madaniyaksiologik va faoliyatga asoslangan yondashuvlar yotadi. Shaxsga yo‘naltirilgan
yondashuv emotsional intellektni bo‘lajak o‘qituvchining individual ehtiyojlari, ichki
tajribasi va shaxsiy rivojlanish trayektoriyasi bilan bog‘liq holda shakllantirishni nazarda
tutadi. Kompetensiyaviy yondashuv esa emotsional intellektni o‘qituvchining kasbiy
tayyorgarligi tarkibiga kiruvchi muhim kompetensiya sifatida ko‘radi.
Madaniy-aksiologik yondashuv emotsional rivojlanishni milliy va umuminsoniy
qadriyatlar bilan uyg‘unlashtiradi, faoliyatga asoslangan yondashuv esa emotsional
ko‘nikmalarni real pedagogik vaziyatlar jarayonida shakllantirishga yo‘naltiriladi.
Konseptual modelda emotsional intellekt to‘rtta asosiy tarkibiy qism orqali
izohlanadi:
- emotsional ong;
- emotsional o‘zini-o‘zi boshqarish;
- empatiya;
- ijtimoiy-emotsional kompetensiya.
Emotsional ong bo‘lajak o‘qituvchining o‘z his-tuyg‘ularini tanib olish, ularni
nomlash va ularning sabablarini anglash qobiliyatini bildiradi. Bu komponent shaxsning
o‘z-o‘zini tushunish darajasini belgilaydi. Emotsional o‘zini boshqarish esa o‘z
hissiyotlarini tartibga solish, salbiy emotsiyalarni nazorat qilish va stressli vaziyatlarda
muvozanatni saqlash imkonini beradi. Empatiya boshqalarning hissiy holatini sezish,
tushunish va ularga nisbatan samimiy munosabat bildirish qobiliyatini ifodalaydi.
Ijtimoiy-emotsional kompetensiya esa shaxsning muloqot, hamkorlik, konfliktlarni hal
etish va ijtimoiy moslashuvdagi muvaffaqiyatini ta’minlaydi.
Mazkur komponentlarning shakllanishi bir qator ichki psixologik mexanizmlar
orqali amalga oshadi. Bular refleksiya, ya’ni shaxsning o‘z emotsiyalarini tahlil qilishi,
internalizatsiya, ya’ni tashqi tajribani ichki qadriyatga aylantirish, identifikatsiya, ya’ni
boshqalarning hissiy holatini o‘zida aks ettirish va regulyatsiya, ya’ni emotsiyalarni
boshqarish mexanizmlaridir. Ushbu mexanizmlar bo‘lajak o‘qituvchining emotsional
tajribasini chuqurlashtiradi va uni barqaror shaxsiy sifatga aylantiradi.
Konseptual model pedagogik jarayonda to‘rtta o‘zaro bog‘liq blok orqali amalga
oshadi. Maqsadli blok bo‘lajak o‘qituvchida emotsional intellektni kasbiy kompetensiya
sifatida rivojlantirishni ko‘zlaydi. Mazmuniy blok emotsiyalar, qadriyatlar, madaniy
meros, empatiya va refleksiyani o‘quv mazmuniga kiritadi. Jarayonli blok treninglar,
interfaol mashg‘ulotlar, rolli o‘yinlar, madaniy matnlar va muloqot asosidagi faoliyatlar
orqali emotsional rivojlanishni ta’minlaydi. Natijaviy blok esa emotsional intellekt
darajalarining oshishi, pedagogik barqarorlik va kasbiy tayyorgarlikning
mustahkamlanishini ifodalaydi.
Mazkur model o‘zbek xalqining madaniy merosi bilan uyg‘unlashgan holda yanada
boyiydi. Xalq og‘zaki ijodi, maqollar, dostonlar, urf-odatlar, marosimlar va jamoaviy
qadriyatlar bo‘lajak o‘qituvchida emotsional sezgirlik, mehr-oqibat, sabr-toqat va
ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantiradi. Bu esa emotsional intellektni milliy madaniyat bilan
bog‘langan holda shakllantirish imkonini beradi. Natijada konseptual model bo‘lajak
o‘qituvchini o‘z hissiyotlarini anglaydigan, ularni boshqara oladigan, boshqalarni
tushunadigan, ijtimoiy jihatdan moslashgan va kasbiy stressga chidamli pedagog sifatida
shakllantiradi. Shu tariqa emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual modeli
bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlash jarayonining ilmiy-pedagogik asosini tashkil etadi.
O‘zbek xalqining madaniy meros namunalari vositasida emotsional intellektni
rivojlantirish konsepsiyasi bo‘lajak o‘qituvchini nafaqat bilimli mutaxassis, balki
emotsional jihatdan yetuk, empatik, sabrli va ijtimoiy mas’uliyatli shaxs sifatida
shakllantirishga qaratilgan yaxlit pedagogik g‘oyani ifodalaydi. Ushbu konsepsiya
emotsional intellektni faqat psixologik xususiyat sifatida emas, balki milliy madaniyat,
qadriyatlar va tarbiyaviy an’analar bilan uyg‘unlashgan kasbiy sifat tarzida talqin qiladi.
Chunki insonning hissiy dunyosi, xulqi va munosabatlari u yashayotgan madaniyat va
jamiyatning ruhiy-axloqiy me’yorlari bilan bevosita bog‘liq.
O‘zbek xalqining madaniy meros namunalari asrlar davomida insoniy fazilatlarni,
jumladan, mehr-oqibat, sabr-toqat, hurmat, hamdardlik, andisha va adolatni tarbiyalashga
xizmat qilib kelgan. Bu qadriyatlar bevosita emotsional intellektning asosiy tarkibiy
qismlari bo‘lgan o‘zini anglash, o‘zini boshqarish, empatiya va ijtimoiy muloqot
qobiliyatlarini rivojlantiradi. Shuning uchun madaniy merosni ta’lim jarayoniga ongli va
tizimli kiritish bo‘lajak o‘qituvchilarda emotsional yetuklikni shakllantirishning samarali
vositasiga aylanadi.
Mazkur konsepsiyaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, bo‘lajak o‘qituvchi
emotsiyalarni faqat nazariy tushunib qolmasdan, balki ularni madaniy matnlar va ijtimoiy
tajriba orqali boshdan kechirishi kerak. Masalan, xalq maqollari, dostonlar, ertaklar va
rivoyatlar insoniy his-tuyg‘ularni, kechinmalarni, kechirimlilik, vijdon va mas’uliyatni
ifodalaydi. Bu asarlar bilan ishlash jarayonida talaba o‘z his-tuyg‘ularini tahlil qiladi,
qahramonlar holatiga hamdard bo‘ladi va shu orqali empatiya va emotsional ong
rivojlanadi.
Milliy urf-odatlar va marosimlar ham emotsional intellektni rivojlantirishda muhim
rol o‘ynaydi. Masalan, Navro‘z, hashar, to‘y, aza marosimlari kabi ijtimoiy an’analar
odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, hamjihatlik, mehr va ijtimoiy mas’uliyatni
kuchaytiradi. Bu tajribalar bo‘lajak o‘qituvchida boshqalarning hissiy holatini tushunish,
o‘zini jamoada tutish va ijtimoiy vaziyatlarga moslashish qobiliyatlarini shakllantiradi.
O‘zbek xalqining madaniy meros namunalari ham emotsional dunyoni boyitadi.
Musiqa va badiiy ifoda insonning ichki kechinmalarini ochadi, sezgirlikni oshiradi va
ruhiy muvozanatni ta’minlaydi (Shomurodov J.O., 2023: 156). Bu jarayonlar bo‘lajak
o‘qituvchining hissiy sezgirligini va emotsional barqarorligini mustahkamlaydi. Shuning
bilan bir qatorda konsepsiya doirasida emotsional intellektni rivojlantirish ta’lim
jarayonida maxsus mashg‘ulotlar, treninglar, suhbatlar, muhokamalar, rolli o‘yinlar va
refleksiya orqali amalga oshiriladi. Talabalar madaniy meros namunalarini tahlil qilish,
muayyan vaziyatlarni his qilish va ularni baholash orqali o‘z emotsiyalarini anglashni,
boshqarishni va boshqalarni tushunishni o‘rganadilar. Bu jarayon bo‘lajak o‘qituvchini
real pedagogik vaziyatlarga ruhiy va emotsional jihatdan tayyorlaydi. Natijada, O‘zbek
madaniy merosi asosida qurilgan emotsional intellektni rivojlantirish konsepsiyasi
bo‘lajak o‘qituvchida kasbiy barqarorlik, ijobiy muloqot madaniyati, tarbiyaviy ta’sir
kuchi va shaxsiy yetuklikni ta’minlaydi. Bunday o‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki
o‘quvchilar uchun ruhiy tayanch va ijobiy namuna bo‘la oladigan, jamiyat uchun
mas’uliyatli pedagog sifatida shakllanadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, bo‘lajak o‘qituvchilarda emotsional intellektni rivojlantirish
masalasi zamonaviy pedagogik ta’limning nazariy va amaliy jihatdan muhim
muammolaridan biri hisoblanadi. Emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual
asoslari shaxsga yo‘naltirilgan, kompetensiyaviy hamda madaniy-aksiologik
yondashuvlarning integratsiyasiga tayanadi. Xususan, o‘zbek madaniy merosi va milliy
qadriyatlarning emotsional-tarbiyaviy salohiyatidan maqsadli foydalanish bo‘lajak
o‘qituvchilarda empatiya, emotsional sezgirlik va ijtimoiy mas’uliyatni rivojlantirishga
xizmat qiladi. Umuman olganda, emotsional intellektni rivojlantirishning konseptual
asoslarini pedagogik ta’lim jarayoniga tizimli joriy etish bo‘lajak o‘qituvchilarni
emotsional jihatdan yetuk, kasbiy faoliyatda barqaror va tarbiyaviy jarayonda samarali
faoliyat yurita oladigan pedagoglar sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni.: O‘RQ–637-son. –
Toshkent, 23.09.2020. – URL: https://www.lex.uz
2. O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni:
O‘RQ–901-son. – Toshkent, 01.02.2024. – URL: https://www.lex.uz
1. 3. Bar-On R. (1997). The Emotional Quotient Inventory (EQ-i): A Test of
Emotional Intelligence. – Toronto: Multi-Health Systems.
2. Gardner H. (1983). Frames of Mind: The Theory of Multiple Intelligences. – New
York: Basic Books.
3. Goleman D. (1995). Emotional Intelligence: Why It Can Matter More Than IQ. –
New York: Bantam Books.
4. Джаббаров У.А. (2025). Бўлажак ўқитувчиларда эмоционал интеллект
даражасини аниқлаш ва баҳолаш методикаси // Илмий анжуман материаллари. –
Тошкент. – Б. 88-92.
5. Джаббарова Ф.М. (2024). Ўқитувчи касбий компетенциясида эмоционал
интеллектнинг ўрни // Педагогик маҳорат. – №2. – Б. 45-49.
6. Mayer J.D., Salovey P. (1997). What is emotional intelligence? // Emotional
Development and Emotional Intelligence. – New York: Basic Books. – P. 3–31.
7. Salovey P., Mayer J.D. (1990). Emotional intelligence // Imagination, Cognition
and Personality. – Vol. 9, №3. – P. 185-211.
8. Шомуродов Ж.О. (2023). Ўқувчиларнинг бадиий-эстетик мазмундаги ўқув
материалларини когнитив қабул қилиш лаёқатини ривожлантириш механизмлари:
ped. fan. falsafa dok. (PhD) diss. – T.: 2023. – 156 б. (In Uzbek)
9. Thorndike E.L. (1920). Intelligence and its uses // Harper’s Magazine. – Vol. 140.
– P. 227-235.
10. Туракулов Б.Н. (2023). Талабалар эмоционал интеллектининг индивидуалтипик хусусиятлари: монография. – Тошкент: Фирдавс-Шоҳ. – 112 б.
REFERENCES:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni: O‘RQ–637-son. –
Toshkent, 23.09.2020. – URL: https://www.lex.uz (In Uzbek)
2. O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuni:
O‘RQ–901-son. – Toshkent, 01.02.2024. – URL: https://www.lex.uz (In Uzbek)
3. Bar-On R. (1997). The Emotional Quotient Inventory (EQ-i): A Test of Emotional
Intelligence. – Toronto: Multi-Health Systems. (In English)
4. Gardner H. (1983). Frames of Mind: The Theory of Multiple Intelligences. – New
York: Basic Books. (In English)
5. Goleman D. (1995). Emotional Intelligence: Why It Can Matter More Than IQ. –
New York: Bantam Books. (In English)
6. Jabbarov U.A. (2025). Bo‘lajak o‘qituvchilarda emotsional intellekt darajasini
aniqlash va baholash metodikasi // Ilmiy anjuman materiallari. – Toshkent. – B. 88-92.
(In Uzbek)
7. Jabbarova F.M. (2024). O‘qituvchi kasbiy kompetensiyasida emotsional
intellektning o‘rni // Pedagogik mahorat. – №2. – B. 45-49. (In Uzbek)
8. Mayer J.D., Salovey P. (1997). What is emotional intelligence? // Emotional
Development and Emotional Intelligence. – New York: Basic Books. – P. 3–31. (In
English)
9. Salovey P., Mayer J.D. (1990). Emotional intelligence // Imagination, Cognition
and Personality. – Vol. 9, №3. – P. 185-211. (In English)
10. Shomurodov J.O. (2023). O‘quvchilarning badiiy-estetik mazmundagi o‘quv
materiallarini kognitiv qabul qilish layoqatini rivojlantirish mexanizmlari: ped. fan.
falsafa dok. (PhD) diss. – T.: 2023. – 156 b. (In Uzbek)
11. Thorndike E.L. (1920). Intelligence and its uses // Harper’s Magazine. – Vol.
140. – P. 227-235. (In English)
12. Turakulov B.N. (2023). Talabalar emotsional intellektining individual-tipik
xususiyatlari: monografiya. – Toshkent: Firdavs-Shoh. – 112 b. (In Uzbek)